OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Akbar Mirzo. So‘nggi chora (qissa)

* * *

 Kechki ovqatdan so‘ng bolalar dars tayyorlashga kirib ketishgach, Malika erining yonida uzoq qololmadi. Charchadim, deya yotog‘iga shoshildi.
Tashqaridagi chiroq nurlari ikkinchi qavatdagi xonalarga g‘ira-shira tushgani bois, yotoqxona ichi xiragina yorishib turardi.
Ko‘zlarini yumdi. Shu ko‘yi ancha yotdi. Ammo uyqu qayoqda. Ko‘zlarini qandilga tikarkan, yuragiga nechundir g‘ulg‘ula solgan, uni nogoh tashvishga qo‘ygan bugungi uchrashuv haqida o‘ylay boshladi. Aslida bu o‘y tushdan keyin uni bir zum tark etmagan, hozirgina eri bilan xontaxta atrofida yolg‘iz qolishganida ham xayolida edi. Eri nechundir bir-ikki qarab qo‘yganda beixtiyor bezovtalanib qoldi. Yana ozgina o‘tirsa xuddi ish haqida so‘z ochilib qoladiganday, bugungi kuni qanday o‘tganini so‘rab-surishtiradiganday charchaganini ro‘kach qilib o‘rnidan turdiyu dasturxonni yig‘ishtira boshladi.
Tan olmay iloji yo‘q. Bu kutilmagan uchrashuv uni ancha shoshirib qo‘ydi. Institutda birga o‘qishgan, ammo o‘n uch yildan buyon biror marta ham ko‘rinmagan Bahrom ismli yigit xuddi shu bugun – tushdan keyin to‘ppa-to‘g‘ri xonasiga kirib kelsa-ya! Yuragi «shig‘» etib, qo‘rqib ketdi, lekin buni sezdirmaslikka harakat qildi. Taajjubga tushdi, hayron ham bo‘ldi, ammo tezda o‘zini qo‘lga olarkan, sovuqqina qarshiladi. Biroq qo‘l uzatib ko‘rishayotganida barmoqlari bilinar-bilinmas titraganini sezdi, joyiga o‘tirib stoli ustidagi kichkina dumaloq ko‘zguga ko‘z qirini tashlaganda esa rangi ham bir oz oqargan ekan. Ichki qo‘rquvni yengib, eski tanishiga qararkan butunlay xijolatga tushib qoldi: chanqoqdan sillasi qurigan yo‘lovchi, nogoh bir xo‘plam suvni ko‘rib tashnaligini tezroq qondirmoq uchun unga bor vujudi bilan talpinganday, Bahrom ham joyida o‘tirolmas, tinmay yoniga kelishga intilar, ko‘zlari chaqnagan bu odam qo‘yib bersa, hech narsadan tap tort-may, uni bag‘riga bosgudek his-hayajonda edi. Buni sezgani uchun ham xavotirga tushdi. Indamay kelib shart o‘pib olganda nima bo‘lardi? Xuddi shu holatga birortasining ko‘zi tushib qolganda-chi?
Malika, balki bu narsalar haqida o‘ylamaslik kerakdir deganday, yostig‘ining ostidan kecha sotib olgan «Hazrati ayol» nomli kitobni oldi. Lekin uni o‘qish uchun chiroqni yoqish kerak edi. Turishga erindi. Narigi xonaga quloq tutdi. Bolalar yo mukkasidan ketib dars tayyorlashyapti yoki jimgina o‘tirib shohmot o‘ynashyapti. Uncha katta bo‘lmagan oshxonada esa eri hamon televizor ko‘ryapti shekilli, qandaydir futbol o‘yinining shovqini eshitilib turardi.
«Yo‘q, yaxshilab o‘ylab olishim kerak. Agar u tentak ertaga yana keladigan bo‘lsa, orani ochiq qilmasam bo‘lmaydi, – Malika eshik tomonga bir qarab qo‘ydi-da xayolidan kechayotgan fikrlarni quvib yetdi. – Bunaqada odamni sharmanda qilishi hech gapmas. Xuddi qamoqdan chiqqan kishiga o‘xshaydi-ya. Buning ustiga ertaga albatta kelaman, degani nimasi?»
Ha, Bahrom o‘ylab o‘tirmay ertaga kelaman, deb ketdi. «Axiyri seni topdim, – dedi u musht bo‘lib tugilgan qo‘llarini ko‘kragiga qayta-qayta urib. – Buni biror yerda o‘tirib, nishonlamasak bo‘lmaydi. Hecham bo‘lmaydi, Malika! Men, ertaga albatta kelaman!».
...Malika Bahromni yaxshi tanirdi. O‘zidan bir kurs yuqorida o‘qigan bu qora qosh yigit tanishganiga uzoq bo‘lmay, darhol sevgi izhor qilgan. O‘shanda Malika uchinchi kursda o‘qirdi. Hayron. U bilan na aylanishga chiqqan, na biror tadbirda yonma-yon o‘tirmagan bo‘lsa, qanday sevib qolishi mumkin? Bir-ikki yotoqxonaga birga qaytmaganini aytmasa, tuzuk-quruq tanishmagan ham. Ammo sevgi izhoridan so‘ng Bahromning tinchi yo‘qoldi shekilli, darsdan so‘ng yo yo‘lini poylardi yoki yotoqxona atrofida aylangani aylangan edi. U har ko‘rganda kinoga yoki bir oz aylanib kelishga taklif qilar, rad javobini olib hafsalasi pir bo‘lsa-da, baribir kelishni kanda qilmasdi. Ba’zida guldasta, ba’zida esa shokolod ko‘tarib kelardi. Olmasa, xonasiga tashlab ketardi. Uni tushunish qiyin edi. 
Biroq o‘qishni bitirgach, Bahrom o‘z shahriga – Yangiyo‘lga ishga ketdiyu qizning qulog‘i tinchidi. Aslida judayam tinchimagan edi. Bahrom tez-tez Toshkentga kelib turar va har gal yotoqxonaga kirib o‘tardi. Malika o‘qishdan qaytganda xonasida – o‘z tumbochkasi ustida endi odatdagidan ancha katta guldastani, undagi turfa gullarni ko‘rardiyu Bahrom kelganligini bilardi. Keyin xonadoshlari o‘rtasida pichir-pichir, hazil-huzul avj olardi.
«– Hozir qaytib kelarkan, keyin biz chiqib turamiz, xo‘pmi, qizlar».
«– Voy, qizlar, kechqurun qolmasmikin, ishqilib?»
«– Ja, unchalikka borishmas»
«Bu galgi guldastaning kattaligiga qaraganda, oshiq yigitning shashti ancha balandga o‘xshaydi. Bir kecha xoli qo‘ysak, nima bo‘pti?»
Malika qizlar atay g‘ashiga tegish uchun gapirishayotganini bilsa-da, lekin negadir jahli chiqardi. Buni ko‘rishib, qizlar battar hiringlab kulishardi.
Nafsilamrni aytganda Bahrom unchalik yomon yigitga o‘xshamasdi. Baland bo‘yli, oppoq yuzida qora qoshlari darhol ko‘zga tashlanadigan Bahrom doimo bashang kiyinib yurardi. Talaba qizlar uni goh «Olifta», goh «Oshiqu beqaror» deb atashardi. Biroq shunday yigit negadir Malikaga yoqmasdi. Yo‘q, qiz undan-da, go‘zal bo‘lgani, yigitni mensimagani uchun emas, balki: «Siz odam bilan gaplashasizu ammo xayolingiz bir joyda bo‘lmaydi, ko‘zlaringiz doimo o‘ynab turadi» deb jiddiy hisoblamagani boismi, ko‘pam xushlamas edi.
Oq xalatni yechib yelkasiga tashlab olgan Bahrom esa gapdan qolmasdi: «Qara, hamma qizlar oppoq xalatda, – derdi u ba’zan o‘qishdan qaytayotganlarida. – Ularni bir-biridan ajratish juda qiyin. To‘g‘rimi? Men esa yo‘limda uchragan qizlarni senga taqqoslab ko‘raman, xolos. Ammo hech birlari senga o‘xshamaydi. Go‘zallikda, latofatda senga teng keladigani yo‘q! Bemalol hammalarini bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yish mumkin. To‘g‘ri, men ularga qarayman, lekin birortasigayam ahamiyat bermayman, chunki diqqatimni tortmaydi. O‘lay agar, yolg‘on gapirsam!».
Malika baribir unga ro‘yxushlik bermasdi. 
Ha, bugun nogoh ishxonasiga kirib kelgan kishi – o‘sha oshiq Bahrom edi. U bir oz to‘lishgan, viqor bilan yurishini qo‘ymagan, qarashlari jiddiy tuyulsa-da, uni avvaldan yaxshi bilgan odam hamon nigohlari o‘ynab turishini payqay olardi.
– Seni topib kelganimga hayron bo‘lyapsanmi? – so‘radi Bahrom stulga yastanib o‘tirarkan.
– Yo‘q, nega hayron bo‘lishim kerak. Televizorda ko‘rib qolgansizu... Qani, bir ko‘rib kelay-chi, Toshkentda nima qilib yuribdiykan, deb kelavergansiz.
– To‘ppa-to‘g‘ri, birdan ko‘rib qoldimu yoningga chopdim. Qarasam, Yunusoboddagi bu poliklinika haqiqatan ham mashhur ekan. Ko‘chada kimdan so‘ramay, darrov ko‘rsatib berishdi. Ofarin! Malika Qo‘zieva... familiyangni to‘g‘ri aytdimmi? Uzr! Malika Qosimjonovaning ishi bo‘lsa kerak. Qoyil. Bunaqa ishlar sening qo‘lingdan keladi. Esimda. Amaliyot o‘tayotganingda ham vrachlardan qolishmaydi bu qiz, deyishardi. Haq gap ekan. – Bahrom xona ichiga nazar tashlab boshini qimirlatdi. So‘ng Malikaga ayyorona boqqanicha so‘radi: – Davlat yordam berayaptimi yoki homiylaring ko‘pmi?
– Unisiyam, bunisiyam.
– Qoyil, Malika. Bu ishlar har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Omadingni bersin.
– Rahmat.
– Yaxshi. Demak, ishlaring zo‘r! Ha, aytganday, ering qaerda ishlaydi?
– Shuni bilgani keldingizmi?
– To‘g‘risini aytsam... seni ko‘rgani keldim. Televizorda ko‘rdimu yuragimdagi cho‘g‘ hamon o‘chmaganini sezdim. O‘zi... rostdanam unutolmay yurardim.
– Endi bu gaplarning foydasi yo‘q. Undan keyin bola-chaqali odamlarga aslo yarashmaydi.
– Bolalar o‘z yo‘liga, Malika! Bilasan, men seni qattiq sevardim. O‘ylab ko‘rsam, hozir ham sevarkanman. Lekin shu paytgacha qaerda yashashingni bilolmay yurardim. Qara, niyatim xolis ekan, yana topdim. Ammo men... o‘zimga o‘zim qildim, Malika. Seni mensimaganim pand berdi. Baribir menga tegadi-da, deb o‘ylabman. O‘shanda gapinga quloq solmay, sovchi yuborishim kerak edi. Men ahmoq tayyor oshni og‘zimdan oldirib o‘tiribman. Endi shunday alam qilyaptiki, asti qo‘yaverasan. Buning uchun o‘zimni aslo kechirolmayman, kechirolmayman, Malika!
– O‘tgan ishga salavot.
– Yo‘q, hali ham kech emas, hammasini boshqatdan boshlashimiz mumkin.
– Nimalar deyapsiz? Men ko‘chada qolganim yo‘q. Xudoga shukr, boshimda erim, oldimda uch farzandim bor. Hovli bo‘lmasa-da, uch xonali kvartirada yashayman. Bunaqa gapni boshqa gapirmang. Agar... kechirasiz, men hozir yig‘ilish o‘tkazishim kerak.
– Haydayapsanmi? – jahli chiqqan Bahrom asta o‘rnidan qo‘zg‘aldi. – Nahot oldingda zarracha hurmatim yo‘q bo‘lsa?
– Hurmatingizni qilib kutib oldim. Ancha-muncha gaplashdik ham. Uzr so‘rab, majlisim borligini aytdim. Yana nima qilishim kerak? – Endi ancha o‘zini tutib olgan Malika mehmonning qizaringan ko‘zlariga dadilroq tikildi.
– Axiyri seni topdim. Buni biror yerda o‘tirib nishonlamasak bo‘lmaydi. Ayt, qay payt kelay, Malika?
– Men hech qaerga bormayman. Undan keyin bu o‘tirishimizni boshqalar ko‘rsa, nima deb o‘ylashadi?
– Sen u yog‘idan xavotir olma. Biz hech kim ko‘rmaydigan joyda o‘tiramiz.
– Rahmat. Mening vaqtim yo‘q. Ishim boshimdan oshib yotibdi. – Malika o‘rnidan turib eshik tomonga yo‘naldi.
Bahrom noiloj unga ergashdi. Ammo yo‘lakka chiqish oldidan Malikaning qo‘lidan shart ushladi.
– Endi meni haydab ketkiza olmaysan! Men ertaga albatta kelaman. Ko‘rishguncha!
U shunday dediyu ko‘zini qisib qo‘ydi va shitob bilan xonadan chiqib ketdi...
Malika shular haqida o‘ylarkan, Bahromning bu tashrifi tinch, osoyishga hayotiga rahna sola boshlaganini his qildi. Yuragi besaranjon bo‘ldi. Axir bu paytda bolajonlariga qo‘shilib dars qilayotgan yoki kundan kunga bo‘yi cho‘zilib husniga husn qo‘shilayotgan qizi Dilrabo bilan pichir-pichir suhbat qurib o‘tirgan bo‘lardi. Ba’zida ularning gaplari yarim kechagacha cho‘zilib ketardi. Ona qiziga havas bilan tikilardi. Chiroyiga ko‘z tegmasin, deb o‘zicha duo qilib qo‘yardi. Nahot, bugungi uchrashuv bularning barchasiga nuqta qo‘ysa? Endi Bahrom qachon kelib qolarkin, deb yuragini hovuchlab o‘tiradimi?
Malika yonboshiga o‘girildi. Bahrom ertaga kelsa, nima deyman, qanday javob qilaman, deb o‘ylagan sari o‘yining oxiriga yetolmasdi. Qaysar Bahromning kelishi esa – aniq. Ishqilib, qizining bo‘yi yetib turgan bir paytda gap-so‘zga qolmasaydi. Agar bu mish-mishlar erining qulog‘iga yetib borsa... Malika u yog‘ini o‘ylashga qo‘rqdi. Muzaffarning ichi qora, rashk deganda birinchilardan borganmi, sal narsaga «lov» etib yonib ketadi. «Sevgan odam o‘z yoriga ishonishi kerak, deyishadi. Ammo bu kishini hech tushunib bo‘lmaydi. Tavba, bir paytning o‘zida ham sevib, ham rashk qilishi mumkinmi?» – xayolidan o‘tkazadi tinchini yo‘qotgan ayol.
Malikaning bunday oliy tuyg‘ularni hamon tushunolmaganicha bor. Bahromni yoqtirmagani to‘g‘ri. Ammo u Muzaffarni ham sevmagan. Faqat bu yigitning sevgisi haqiqiy – chin ma’nodagi ishq-muhabbat ekanligini sezgani, yurak-yurakdan his qilgani uchun ham turmushga chiqishga rozi bo‘lgandi. Yangilishmagan ekan, Muzaffar uni butun borlig‘i bilan suyadi, yeru ko‘kka ishonmaydi.
Beshinchi kursligida uchratib qolgan Muzaffarni ham avvaliga «o‘tkinchi oshiq»lardan deb o‘yladi. Bir ko‘rishda yoqtirib qolish, degan gaplarga aslo ishonmasdi. Ammo bu narsa hayotda bor ekan. Kamgap, biroq bir ilhomi kelsa, u hali eshitmagan alaqanday kitobiy gaplarni qalashtirib tashlaydigan Muzaffar ham uni ko‘ribdiyu sevib qolibdi. Keyin tez-tez kelib turadigan bo‘ldi va har gal o‘zi yozgan she’rlar bilan qalbiga ohista kirib kelganini o‘zi ham sezmay qoldi.
Kitobni sevgan, ayniqsa, she’rlar yoza oladigan kishining yuragi ham toza bo‘ladi, deb o‘ylagan Malika jizzaxlik bu yigitning sevgisini rad etolmadi. O‘sha sevgi kuchi hamon so‘nmagan, vaqt o‘tgan sari aksincha, kuchayib, olovlanib borardiki, oxir-oqibat bir qalbdagi mehr-muhabbat ikkinchi yurakka ham ko‘chgan edi. Malika erini sevmasa-da, endi unga qattiq o‘rganib qolgan, bolalarining otasi sifatida e’zozlar, yoru birodarlarining oldida esa hurmatini joyiga qo‘yardi. Keyingi yillarda yana bir narsani his qildi: Muzaffar biror viloyatga xizmat safari bilan ketgudek bo‘lsa, bir oz jahli chiqadigan, yo‘q kunlari esa sog‘inadigan bo‘lib qoldi. Nima bu? Malika avvaliga tushunolmadi. Keyin o‘zicha xulosa qildi: erini yaxshi ko‘rib qolgan. Sog‘inyaptimi, demak, yaxshi ko‘radi. Nahot? Shuncha yildan keyin-a?
Umuman olganda Muzaffar to‘g‘ri aytgan ekan «Hechqisi yo‘q, mening sevgim ikkimizga yetadi» deb. Har holda yaxshi ko‘rish ham sevgiga yaqinroq tuyg‘u-ku. Balki yana yillar o‘tib erini haqiqatdan sevib qolar. Axir hayotda nimalar bo‘lmaydi.
To‘g‘ri, bu ko‘hna dunyoda nimalar bo‘lmaydi. Mana shu bugungi voqea ham hech kutilmaganda ro‘y berdi-ku. Bahromni yana uchrataman, deb aslo o‘ylamagandi. Biroq... «Qayoqdanam televizorga chiqdim-a?» deya o‘zini o‘zi koyiy boshladi. Ammo jurnalistlar holi-joniga qo‘yishmadi-da. «Yaxshi ishlarni targ‘ib qilish bizning vazifamiz!» deyishib, bir haftagacha vaqtini poylashdi. Oxirgi gapdan o‘zi ham xijolatga tushdi: «Hamma televizorga chiqish uchun tanish-bilish qidirsayu siz bizdan qochib yursangiz.» Qarasa, bo‘lmaydi, noiloj rozilik berdi.
Mana, endi o‘n besh daqiqalik ko‘rsatuv deb og‘rimagan boshini og‘ritib oldi. Agar shunday bo‘lishini bilganida aslo ko‘nmagan bo‘lardi. Shuncha yillar o‘tib gerdaygan Bahrom yodida qolibdimi? Allaqachon unutib yuborgan. Ishini o‘ylaydi, bolajonlarining kelajagi haqida qayg‘uradi. Boshqa narsalarni xayoliga keltirmasdi. Ayol kishining baxti oilasida! Eng muhimi, uni joni dilidan sevadigan, mehribon eri bor. Mayli, rashk qilsa, qilaversin. Sevganidan keyin rashk ham qiladi-da! Malika ana shularni o‘ylardi.
Balki shu boismi, Malika Muzaffarning biror gapini ikki qilmasdi. Asab kasalliklari shifoxonasida ishlab yuruvdi. Lekin oradan uch yildan so‘ng «Menga bu shifoxonada ishlashing to‘g‘ri kelmaydi, ayniqsa, kechasi navbatda qolishing!» deb qoldi Muzaffar birdan. Malika o‘ylab o‘tirmadi. Eri shuni xohlabdimi, demak, rayiga qarshi bormaslik kerak, dediyu shart ariza yozdi. Shundoq yonginasidagi poliklinikada shifokor bo‘lib ishlay boshladi. Keyin to‘rt yil o‘tar-o‘tmas bosh shifokor bo‘ldi-qoldi. Ko‘ngli to‘q Muzaffar esa hozir yanayam mehribon. Malika yillar o‘tib sevgi ham o‘z kuchini yo‘qotib borsa kerak, deb o‘ylardi. Yo‘q, yangilishgan ekan, Muzaffarda bu tuyg‘u aksincha, asta-sekin kuchayib barayotganday tuyulardi unga. Ha, erdan yolchidi. 
Biroq... Bugungi uchrashuv yoki Bahromning ertaga yana kelishi to‘g‘risidagi gap-so‘zlar Muzaffarning qulog‘iga yetib borsa nima bo‘ladi? Ham sevgi dardiga, ham rashk balosiga birdan mubtalo bo‘lgan eri o‘zini o‘zi yeb qo‘yishi, anavi shilqim Bahrom bilan yoqa olishishi turgan gap! Jahl ustida bir nima qilib qo‘ysa...
«Tuf-tuf, Xudo asrasin-a!» – Malika qo‘rqib ketdi. Boshini yostiqqa tashlarkan ko‘zlarini yumdi. Lekin shu payt yo‘lakda qadam tovushi eshitildi. Malika eri kelsa hamon uxlamaganini ko‘rib albatta gapga tutishidan hadiksirab shart o‘rnidan turdi. Qo‘ltig‘iga katta sochiqni qisib yuvinish xonasiga oshiqdi. Eshik oldida... eri bilan duch kelganda, yo tavba, sochiqni tushirib yubordi.
– Ha, tinchlikmi? – so‘radi Muzaffar bir oz hayajonlanayotgan Malikaning holatini sezib.
– Ustimdan muzdek suv quyib chiqmasam...
Malika erining oldidan sekingina o‘tdi-da, o‘zini yuvinish xonasiga oldi. U atay uzoq yuvindi. Zora, chiqqunimcha uxlab qolsalar, deb o‘yladi. Ha, o‘yi to‘g‘ri chiqdi. Yotgan joyida kitob o‘qigan Muzaffar allaqachon xurrak otardi...

* * *

Poliklinikaga ishga o‘tibdiki, azaldan mavjud bo‘lgan bir fikr uni juda qiynardi. Avallari e’tibor bermagan ekanmi yoki o‘zi ham shunaqa deb o‘ylarmidi, ishqilib qulog‘iga chalinadigan: «Qo‘lidan ish kelmaydigan vrachlar ishlaydigan joy!» degan gaplarni eshitib eshitmaganga olib ketaverdi.
Dastlabki paytlari unchalik bilinmadi, ammo keyinroq butunlay toqat qilolmay qoldi. Bosh vrach bo‘lib ishga kirishgan birinchi kunidanoq butun o‘y-xayolini poliklinikaga bo‘lgan bu sovuq munosabatni o‘zgartirish kerak, degan qat’iy bir fikr qamrab oldi. Bu poliklinika ishini tubdan yaxshilash, malakali vrachlarni jalb etish, odamlarning tasavvuri va taassurotlarini jiddiy o‘zgartirish degani edi. 
«Bemorlar bu yerga noilojlikdan kelishmasin, bunaqada poliklinika ishini aslo yaxshilab bo‘lmaydi. O‘zimning, oiladagilarimning sog‘ligi haqida qayg‘uradigan joy, deyishmaguncha barisi bekor. Shunga erishish uchun harakat qilishim kerak!» 
 Salkam uch yil ichida bormagan tashkilotiyu uchrashmagan ustozlari qolmadi. Atrofdagi gap-so‘zlarga e’tibor qilib o‘tirmadi. Yaxshilikni, yangilikni ko‘ra olmaydiganlarga psixolog dugonasining dono maslahatlari bilan yaxshi gaplarni ayamadi. «Oilaviy poliklinika» degan gaplar chiqqandan keyin esa mahalladagilarning munosabati haqiqatan ham ancha o‘zgardi. Endi bu yerga hatto sog‘ kishilar ham kelishar, vrachlarning iliq muomalasi, ko‘yinchakligi, mahalladagilarning sog‘ligi haqida doimiy qayg‘urishlari hammaning havasini keltira boshlagan va mahalla oqsoqollari bu haqida gazetaga yozishar, televideniega telefon qilishardi. 
Bozor sharoiti, bozor munosabati degan harakatga soluvchi kuch hammani birday qimirlashga majbur etganday tinib-tinchimas Malika endi yuqori idoralarning eshigini dadil ochib kirardi. «Siz vrachmisiz yoki tadbirkormi?» degan savolga «Men tadbirkor vrachman!» deya dangal javob qaytarardi. Bora-bora u shaxsiy tashabbus bilan chiqib, ba’zi kichikroq shifoxonalar uchun bemalol tenglasha oladigan oilaviy poliklinika yarata oldi. «Bu maskan o‘z nomiga munosib bo‘lishi kerak. Davolash klinikasining yarim ishini bajarmasa, oddiy qishloq tibbiyot punktidan farqi qolmaydi-ku. Qaerga borib davolanish kerakligini bizsiz ham bemorlar yaxshi bilishadi. Men poliklinikamizni chin ma’nodagi birinchi shifo ko‘rsatadigan dargohga aylantirmoqchiman. Xo‘sh, siz bunga qarshimisiz!» Malika masalani ana shunday jiddiy qo‘yardi. 
Ishlar yurishib ketdi. Katta maqsadlarni rejalashtirayotgan bosh vrachning bugungi niyati agar qonun cheklamagan bo‘lsa, poliklinikani davlat ixtiyoridan chiqarib, xususiy davolash maskaniga aylantirish edi. Yarim yildan buyon yuristlar bilan munozara olib borayotgan Malika bir dunyo muammolarga, to‘siqlarga duch kelsa-da, kayfiyatini tushirmagan, bu qiyinchiliklarga tabiiy bir hol deb qarash kerak, deb o‘zini o‘zi ovutar edi.
Adliya vazirligidan so‘ng shahar sog‘likni saqlash boshqarmasiga o‘tgan Malika ishi bitmagach ortiga qaytdi.
«Davlat muassasasini kim sizga berib qo‘yadi?» degan savolni qayta-qayta berishdi. Malika ham bilganicha javob qaytaradi: «Agar poliklinikalar ishi yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, shifoxonalardagi bemorlar soni ikki marta kamayadi. Odamlar, ayniqsa, bizning o‘zbeklar qachon kasal bo‘lib, yotib qolgandan so‘nggina shifoxonaga borishadi. Bu, ayni haqiqat. Xo‘sh, endi birgina bemorni davolash uchun qancha dori-darmon ketadi, nechta vrach, qancha qarindosh-urug‘lar ovorai-sarson bo‘lishadi? Agar poliklinikadagi vrach o‘z uchastkasidagi odamlarni yaqindan bilsa, ularni sog‘ligida ko‘rikdan o‘tkazib tursa va biz poliklinikalarni jahon andozalariga mos keladigan asbob-uskunalar bilan jihozlay olsak, nur ustiga a’lo nur emasmi?»
«Ishlang, kim sizga to‘sqinlik qilyapti. Bizda sog‘-likni tiklash masalasi pulli emas. Davlat poliklinikasida ishlab turib ham o‘zingizni ko‘rsatishingiz mumkin! Shifoxonadagi bemorlar soni ikki marta kamayar emish-a. Xo‘sh, shuncha kasalxonadagi vrachlar ishsiz qolishsa, qaerga borishadi? Har yili institutlarni bitirib chiqayotgan minglab talabalar-chi? Nega jimsiz? Bu davlat miqyosidagi masala. Siz kimligingizni unutmang. Borib o‘z ishingiz bilan shug‘ullaning!»
Hafsalasi pir bo‘lib ishxonasiga qaytgan Malika stoli ustida bir quchoq keladigan guldastani, uning yonida turgan kattagina shokolad qutisini ko‘rdiyu... battar qoni qaynab ketdi. Ildam borib gullarni idishdan sug‘urib oldi va burchakdagi axlat chelakka qarab... otmoqchi edi, shaytonga hay berdi. Yengiltaklik qilishni o‘ziga ep ko‘rmadi. Kotibani chaqirdi.
– Nega bu yoqqa kiritding?
– Judayam qaysar odam ekanlar-da, – o‘zini oqlagan bo‘ldi kotiba nima deyishni bilmay. So‘ng astagina qo‘shib qo‘ydi – O‘zlari ikki-uch kundan so‘ng kirib o‘tarkanlar.
– Yana ma’lumoting bormi?
– Yana... telefoningizni so‘rovdilar... berdim.
Endi bu gap ortiqcha bo‘ldi. Asablari toliqqan bosh shifokor ishxonada ekanligini unutishga bir bahiya qoldi. Agar ko‘zlari jovdirab turgan kotiba qiz nigohlarini olib qochmaganida, o‘zi esa og‘ir bo‘l, degan ichki bir nidoga quloq tutmaganda anchagina achchiq gap-lar og‘zidan chiqib ketishi aniq edi.
– Agar yana bir marta shunaqangi sovg‘alar qabul qilsang yoki eshitib qolsam ham arizangni yozaver. Tushundingmi?
– Ha.
– Unda gulni ham, shokoladni ham xonamdan olib chiqib ket!
– Malika opa, – kotiba qiz ishdan haydalmaganidan sevinib ko‘zlarini pirpiratganicha bosh shifokorga yuzlandi. – Meni kechiring. Boshqa qaytarilmaydi. Faqat jahlingiz chiqmasa bir gap aytsam. Bilasiz, oldingizga juda ko‘p mehmonlar keladi. Har qalay... ancha mashhur bo‘lib qoldik. Konfetni ularning oldiga ko‘yarsiz. Axir u... pora emas-ku.
Malika joyiga o‘tirar ekan, kechagina bilim yurtini tamomlab kelgan chuvakkina qizga sinchikov nazar tashladi. Bosh vrachning bir zum jim qolganligini o‘zicha tushungan kotiba orqasiga yurishdan avval so‘radi:
– Ketaveraymi?
– Men aytgan narsalarni olib ket!
Kotiba indamay ishni bajardi. 
Malika beixtiyor o‘yga toldi. «Nahot endi tinch qo‘ymasa?.. Buning ustiga telefonimni ham bilib olibdi. Shu yetmay turuvdi. Hali uyimnikiniyam yozib olgan bo‘lsa-ya?» Kotibani chaqirib so‘ramoqchi bo‘ldi, ammo fikridan qaytdi. O‘rni kelganda bilib olarman, dedi ichida. Lekin u o‘zini har qancha xotirjam tutishga urinmasin, xayoliga bostirib kelayotgan talabalik yillaridagi o‘ylardan qochib qutulolmadi.
« – Nima qilsam menga tegasan, Malika?" – so‘radi Bahrom bir kuni uning yo‘lini to‘sib.
Biroq taqdirning taqozosini qarangki, oradan shuncha yillar o‘tib u Malikaning hayot yo‘lida yana «lop» etib paydo bo‘ldi. Bu nima, tasodifmi yoki peshonasiga shunday bo‘lish azaldan bitilganmi? Bahrom o‘shanda nega «Qaerda bo‘lsang ham izlab topaman. Qani, o‘shandayam qarshilik qilib ko‘r-chi!» degan ekan-a? Nima, baribir izlab topishini oldindan bilganmikin, yo shunga umid qilib yurganmikin? 
Nima bo‘lganda ham Malika bu uchrashuvni kutmagan edi. Turmushga chiqayotganda ham, undan keyingi yillarda ham qorasini ko‘rsatmagan Bahrom uning xayolidan ko‘tarilgan, talabalik paytlaridagi voqealarni esa yigitlarning sho‘xligiga, bilib-bilmay qilgan oshiqona haziliga yoxud nari borsa, ularning alamiga yo‘yib qo‘ygandi xolos. Lekin yolg‘on bo‘lmasin, bir marta o‘yladi. O‘ylaganda ham juda qo‘rqib ketdi. Unda asab kasalliklari shifoxonasida ishlardi. Ertalabdanoq «Sizni vazirlikdan chaqirishyapti. Darhol yetib borarkansiz!» deb qolishdi. Malika o‘zi bilmagan holda hayajonga tushdi. «Vazirlikdan kelishibdi» desa, bo‘lim boshliqlaridan tortib kasalxona bosh shifokorigacha oyog‘ini qo‘lga olib qolishardi. Shundan bilardiki, u yerda katta bilimga, salohiyatga ega bo‘lgan tajribali, shu bilan birga jahldor va qattiqqo‘l rahbarlar ishlaydi. Ular bilan nihoyatda ehtiyot bo‘lib gaplashish darkor. Yaxshisi, vazirlikdan uzoqroq yurgan ma’qul.
Bunday gaplarni ko‘p eshitgan Malikaning yuragini vahima egalladi. Vazirlikdan kim chaqirtirishi mumkin? Nima masalada? Buning ustiga nega darhol yetib borishi kerak?
– Kim ekan telefon qilgan? – nihoyat o‘zini qo‘lga olib so‘radi Malika.
– Shodiqulov, – qisqagina javob qildi bosh shifokor bir oz norozi ohangda.
– Shodiqulov deganlari kim, domla? – zo‘rg‘a botinib so‘radi Malika vujudidagi titroqni bosolmay.
– Bilmadim, yangi ishga kelganmish. Vazir yordamchisi ekan.
Bu gapni eshitgan Malika battar qo‘rqib ketdi.
– Sizga nima bo‘ldi, Qosimjonova?
Qo‘l ostidagilarni familiyasi bilan chaqirishga odatlagan bosh shifokor rangi oqargan Malikaga hayron bo‘lib tikildi.
Malika bir zum joyida turib qoldi. Bosh shifokor savolini qaytargandagina o‘ziga keldi. Uzr so‘rab, tashqariga chiqdi.
«Shodiqulov? Axir bu Bahromning familiyasi-ku!» Qaysi bir kursdoshidan eshitganday bo‘luvdi, Bahrom vazirlikka ishga kelyaptiykan, deb. Nahot, rost bo‘lsa?» Agar bu gap to‘g‘ri chiqsa, Bahromning menga kun bermasligi aniq. Ana endi, alamini olishni boshlaydi. Bir vaqtlar aytganday, tegmaganimga pushaymon qiladi. Yoki ishimdan bo‘shatib yuborarmikin? E, Xudo, bu ne ko‘rgilik, – o‘ylagandi o‘shanda Malika vazirlikka yetib borguncha, – Tinchgina ishlab turuvdim-ku. Niyatiga yetolmagan alamzada yigitni nechun yana ro‘paro‘ qilding? Ayt, gunohim ne?»
Malika Sog‘liqni saqlash vazirligiga qanday yetib kelganini bilmaydi. Muhtasham bino uning nozik va ayni paytda titrab-qaqshab turgan qalbiga battar qo‘rquv soldi. Biroz baland zinapoyadan ko‘tarilish ancha qiyin bo‘ldi, hatto endi chiqib bo‘lay deganida oyoqlari chalishib yiqilib tushishiga bir bahiya qoldi.
«Nahot, odamzod shunchalar og‘ir bo‘lsa?»
Binoga kirib chiqayotganlarning tikilib turganligini ko‘rib uyalib ketdi. Uning uchun bu yerga yetib kelish ham, zinadan chiqish ham birday tuyuldi. Ichkariga qadam bosish esa undan-da qiyin kechdi. Bir ko‘ngli qaytib ketishga undardi: «Kimga ro‘para kelayotganingni bilyapsanmi? Yana qanday lavozimdagi odamga-ya! Naq vazirning yordamchisi ekan-ku. Shoshma, yaxshisi, ortingga qayt. Seni ko‘rsa, eski dardlari yana qo‘zib, dilingni vayron qiladi. Undan ko‘ra ishingni ham yig‘ishtir-da, ariza yozib, bo‘shab ket!»
Endi ortga yurganda qandaydir kuch to‘xtatganday bo‘ldi: «Shu yerga kelganda qaytib ketasanmi? Kir, kiraver, ko‘rqma! Yordamchi vazir emas-ku».
Malika nihoyat ichkariga qadam bosdi. Navbatchidan Shodiqulovni so‘raganda esa... u na kulishini, na yig‘lashini bilolmay uzun yo‘lakning bir chetida uzoq turib qoldi.
Shodiqulov deganlari butunlay boshqa odam ekan, ya’ni o‘zidan uch yil avval o‘qishni bitirgan yigit bo‘lib, unga bir-ikki gap otgan, ammo Malika tomonidan «Bezori»degan tanbehdan so‘ng «Bor-e!» deb qaytib gapirmay qo‘ygan, lekin yaqinda kasalxonada yana nogoh uchratib, o‘zini tanishtirib qo‘yishga chaqirtirgan ekan. Malika hech narsaga tushunmadi. 
– To‘g‘risi, sizga minnatdorchilik bildirib qo‘ymoqchi bo‘ldim?
– Nega? – battar tajjublandi Malika.
– Opamlarga yaxshi qarabsiz. 
– Opangizga?
– O‘tgan oy Saidmurodova degan bemorni davoladingizmi?
– Ha.
– O‘sha ayol maning opam bo‘ladilar. Sizni tanidim, ammo kasalxonada gapirib noqulay holatga qo‘ymay dedim. Mana, endi, bemalol gaplashsak bo‘ladi.
– Aksincha, hozir noqulay vaziyatga tushib qoldim.
– Nega?
– Chunki, men kundalik ishimni bajardim xolos. Buning uchun vazirlikka chaqirtirib alohida minnatdorchilik bildirish shart emasdi.
– Tanishib qo‘ysak, yomon bo‘lmas. Ha, aytganday mendan nima yordam kerak bo‘lsa, tortinmang. Mana bu, vizitkam. Lyuboy paytda telefon qilavering.
Malika bu yerda ko‘p qololmadi, vazirlik binosidan g‘alati bo‘lib chiqdi. Zinadan tushayotganda esa qadamlari og‘irlashganini sezib «Tavba» deb qo‘ydi o‘ziga o‘zi...
Biroq, ayni paytda ham uning butun vujudiga qo‘rg‘oshin qo‘yilganga o‘xshardi. Na ishi ko‘payadi, na yurishi. Shu boismi, ko‘p narsaga yetadigan aqli, endi qanday yo‘l tutish kerakligi haqida aniq bir qarorga kelishga ojiz. Voqea chigallashmay, chuqur ildiz otmay turib eriga aytsamikin? Balki to‘g‘ri tushunar. Axir turmushga chiqishdan oldin Muzaffarga shunga o‘xshash gaplarni bemalol aytgan-ku. Agar yanglishmasa, «Mening orqamdan juda ko‘p yigitlar yurishadi. Ular ichida g‘olib bo‘lish sizga nasib etarmikin?» degandi.
– Siz albatta meniki bo‘lasiz! – doim qat’iy fikr bildirardi Muzaffar.
Malika bu gaplarni eslar ekan, miyig‘ida kulib qo‘ydi. Chunki o‘shanda ichidan birinchi marta «Shu mulohazali, og‘ir-bosiq yigitta erga tegsammikin» degan o‘y o‘tgandi. Bunday olib qaraganda shu arzimas xayol keyinchalik uning hayotini o‘zgartirib yubordi: Muzaffar haqida ko‘proq o‘ylaydigan bo‘ldi va oxir-oqibat unga turmushga chiqdi. Hozircha ikki o‘rtadagi o‘zaro ishonch uning qalbida doimiy xush kayfiyat uyg‘otardi. Ishidagi qiyinchiliklar, hecham tugamaydiganday tuyuladigan muammolar asablarini toliqtirsa-da, uydagi mehr-muhabbatga to‘la vaziyat birdan yuragini to‘lqinlantirib yuborardi. Oyijon, deya girdikapalak bo‘ladigan bolajonlari joniga oro kiradi. «Keldingmi, sog‘intirib yubording-ku» deya ehtiros bilan qulog‘iga pichirlab qo‘yadigan eri butun charchog‘ini yozib yuboradi. Ba’zida dam olish kunlari aylanishga chiqib Muzaffarni ohista qo‘ltiqlab olganda esa yanada yayrab-yashnab ketganday bo‘ladi...
Malika xayollar daryosiga g‘arq edi. U bir Bahrom bilan bo‘ladigan to‘siqlar haqida, bir esa bu gap-so‘zlar Muzaffarga yetib borgudek bo‘lsa, eriga nima vaj ko‘rsatish to‘g‘risida tinimsiz o‘ylardi. Bugungi yugur-yuguri, ishi bitmay kayfiyati buzilib qaytgani esidan chiqib ham ketdi.
 
* * *

Kutgandan yomoni yo‘q. Xoh do‘stmi, xoh dushmanmi, shart kelib-ketgani ma’qul. Bo‘lmasa, odamning diqqati oshib biror kasallik orttirib olishi hech gap emas. Butun o‘y-fikrlari alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib ketgan Malika haftani xavotir bilan o‘tkazdi. Xonasining eshigi ochilsa bo‘ldi, darrov u tomonga yuzlanadi. Nogoh telefon jiringlab qolsa ham cho‘chib tushadi. Lekin uning bu xatti-harakati Bahromdan qo‘rqayotganini anglatmasdi. U hamkasblarining oldida noqulay ahvolga tushib qolmay, deya xijolat tortardi, xolos. Katta bir poliklinikadagi xodimlarning deyarli barchasi xotin-qizlar. Ertalabki salom-alikdan so‘ng yaxshi-yomon xushxabarlar shunchalik tez tarqaldiki, Malika hayronu lol.
Bo‘lmasa u bosh shifokor sifatida xonama-xona gap tashib yoki mish-mish tarqatib yuradigan uchta hamshirani allaqachon ishdan bo‘shatib yuborgan. Qat’iy tartib-intizom ham o‘rnatgan. Ammo... bu ayollar qachon bir-birlari bilan gaplashishga ulguradi, u hecham bilolmasdi.
Aslida gap-so‘zlar ham mayli, bunday olib qaraganda barchasi arzimagan mayda-chuyda oilaviy mojarolar. Malikaning xavotir oladigan joyi ayollarning ziyrak o‘tkir ko‘zlari. Bu nigohlardan hech narsa qochib qutulolmaydi. Begona erkak bir marta, bor ana ikki marta kelishi mumkin, lekin uchinchi bora tashrif buyurdimi, demak, «Bir balosi bor» deyishadi.
Hamma gap ana shu «bir balosi»da. Balo o‘z nomi bilan balo. Kishining tilini qisadigan, obro‘iga putur yetkazadigan, sog‘ligidan ayirib, to‘shakka mixlaydigan, oxir-oqibat esa aql-xushidan ketkazadigan bu balo – eng xavfli dushman. Oddiy mish-mishdan boshlanadi-da, katta janjal bilan tugashi yoki qo‘ydi-chiqdiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bunday balodan Xudoning o‘zi asrasin!
Malikani tashvishga solayotgan narsa ham shunda. Bahrom bu yerda ko‘p o‘ralashmasligi kerak. Agar hadeb kelaversa, gap-so‘z tarqalishi aniq! Shuning uchun Bahrom yana kelgudek bo‘lsa, yaxshi gapirib orqasiga qaytarib yuboraman. Agar ko‘nmasa, xotiningizga aytaman, desam zora obro‘sini o‘ylab kelmay qo‘ysa, deb xayol qilgandi. Bahrom esa yaxshi gapga ko‘nadiganlardan emas edi. U qanday shitob bilan xonaga qadam qo‘ygan bo‘lsa, shunday tez Malikaning yonida paydo bo‘ldi. O‘pib ko‘rishishga chog‘landi: Malikaning yelkalaridan ushlab o‘ziga tortdi. Biroq kutilmagan zarbdan orqasiga gandiraklab ketdi.
– Voy-bo‘, namuncha qo‘rqmasang...
Bahrom keliboq Malikani xafa qilishdan cho‘chib tilini tishladi. Keyin hech narsa yuz bermaganday borib divanga o‘tirdi.
– To‘g‘risini ayt, orqangdan qancha yurdim. Ikki yilcha sarson qilding-a? Endi haydama meni. Sendan ajraladigan ahmoq yo‘q.
– Nima deganingiz bu? – joyiga o‘tirayotgan Malika Bahromning chaqchaygan ko‘zlariga bir qarab qo‘ydi.
– Bumi? Bu senga uylanmoqchiman, deganim.
– Oilangiz yo‘qmi?
– Bor! Ammo xotinimga ajrashaman, deb keldim. Uni hech qachon sevmaganman, seva olmayman ham. Men yo‘qotgan muhabbatimni qayta topdim. Tushundingmi? Qay-ta top-dim. Endi uni yo‘qotishni istamayman. Shuning uchun sen ham ajrashasan! Va biz yangi oila quramiz. 
Malika kulgudan o‘zini arang bosdi.
– Aqlingiz joyidami, ishqilib? Bu gapni qaerdan oldingiz?
– Avval joyida emas edi. Xudoga shukur, hozir joyida. Ayniqsa, seni yana ko‘rib qolganimdan buyon juda tiniqlashib ketgan.
– Boshimda erim, atrofimda uchta farzandim borligini aytganmidim. Men ularning yuziga oyoq bosadigan ayollardan emasman. Bunaqa ko‘rnamaklik qilish mening tabiatimga to‘g‘ri kelmaydi, Bahrom aka. Siz ham shaytonning gapiga kirmay, oilangizga qayting? Obro‘ingizni o‘ylang.
– Sen meni avramay qo‘ya qol. Avval edi ko‘nglingga qaraganim. Buning uchun hamon o‘zimni kechira olmayman. Noshudlik qilmaganimda balki men ham odamlarga o‘xshab baxtli hayot kechirayotgan bo‘lardim.
– Nechta farzandingiz bor?
– To‘rtta.
– To‘rtta farzandi bor ota, baxtsiz bo‘ladimi?
– Xotindan yolchimadim, baxtsizligim shunda, Malika. Aslida senga achchiq qilib shart uylanib ketuvdim. Hammasi ham ayol-ku, tug‘ishni bilsa bo‘ldi-da, deb o‘ylabman. Biroq qattiq yanglishgan ekanman. Xotinniyam sal-pal yaxshi ko‘rish kerak ekan. Yoshlikda bilinmas ekanu, ammo yoshing o‘tavergan sari... ayniqsa, atrofingda qizlar girdikapalak bo‘lsa... boshing ham aylanib qolarkan. Mana shunaqa paytda kerak bo‘lar ekan sevgi-muhabbat. Agar xotiningni sevsang, atrofdagilarga e’tibor ham qilmaysan, mabodo ko‘ngling yo‘q bo‘lsa... E, nimasini gapiray. Lekin seni Xudoning o‘zi yo‘liqtirdi menga. To‘g‘risiyam, keyingi vaqtlarda seni ko‘p o‘ylayotgan edim, qaerdan qidirsam ekan, deb boshimni qotirardim. – Bahrom bir oz tin olgach, gapida davom etdi. – Jizzaxga ketib qolgansan, deb xavotirda edim. Buni qara, Toshkentda ekansan. Seni topganimdan behad shodman. To‘g‘risi, xursandligimni cheki yo‘q. Endi, yana bir tilagim qoldi xolos.
– Nima ekan u? – ajablanib so‘radi Malika.
– Senga uylanish.
– Iltimos, kulgumni qistatmang. Bu niyatingiz hech qachon amalga oshmaydi.
– Oshadi! 
– Oshmaydi!
– Garov bog‘lamoqchimisan? – O‘rnidan turib stolga yaqinlashdi Bahrom. So‘ng ikki qo‘lini unga tirab Malikaga bir zum tikilib qoldi. «Yo‘q» degan javobni eshitgach, yana jushqin kayfiyatda gapini davom ettirdi: – Unda tortishma. Bu safar ahdim qat’iy. Men telba oshiqdan xafa bo‘lmaysan. Endi, mensimaganingga qarab o‘tirmayman.
Malika qaysar Bahrom bilan bahslashib, gapni ko‘paytirish befoyda ekanligini tushundi: tezroq xayrlashmasa, bo‘lmaydi. Nima qilsa ekan-a? Bundan ortiq yaxshi gapirish mumkinmi?
– Xo‘sh, taklifimga nima deysan? – qayta so‘radi Bahrom stulga o‘rnashibroq o‘tirarkan.
– Yaxshi, erim bilan maslahatlashib ko‘ray-chi.
– Nima, endi mayna qilishga o‘tdingmi? Kerak bo‘lsa, ering bilan o‘zim gaplashaman.
– Qo‘rqmaysizmi?
– Nega qo‘rqishim kerak! Seni yaxshi ko‘rishimni, avvaldan men bilan yurishingni, shu paytgacha uchrashib turishimizni aytay-chi, qanday ko‘yga tusharkin.
– Hali shunaqa tuhmat ham qilasizmi?
– Agar tegmasang... bundan battar bo‘lishi mumkin.
– Sizni odam deb o‘ylagandim.
– Mayli, nima desang ham. Lekin qaysarlik qilma.
– Keting bu yerdan!
– Tegmaysanmi?
– Hech qachon.
– Unda men bilan yurasan!
– Nima! – Malika sapchib o‘rnidan turib ketdi.
– Qizishma. Yaxshilab o‘ylab ko‘r, har zamonda uchrashib tursak, olam guliston. Senga qo‘limdan kelguncha yordam berib turaman, hech narsaga zoriqmaysan...
– Agar hoziroq ketmasangiz, odamlarni chaqiraman.
– Chaqir, chaqiraver. Janjallashsak, kimga foydayu kimga ziyon. Bilib qo‘y, men hech narsa yo‘qotmayman. Sen esa juda ko‘p narsalardan ayrilib qolishing mumkin. Ering, bolalaring, ishxonangdan, mahalla-ko‘ydagi obro‘-e’tiboringdan... sanaveraymi? Keyin afsus qilganingning foydasi yo‘q, Malika. Xotinimga sen bilan ajrashaman, deb kelganman. Hatto Toshkentdan ish ham topib qo‘ydim. Tanla: ikkidan biri, yo menga tegasan, yoki...
– Rostdan ham meni sevasizmi? – so‘radi birdan yumshab qolgan Malika.
– Sevmasam, shu gaplarni gapirarmidim, Malika, – Bahrom qanday qilib tik turganini o‘zi ham bilmay qoldi. – Ahmoq bo‘lib Yangiyo‘ldan kelarmidim, ishqingda adoi-tamom bo‘ldim-ku.
– Unda, sizdan birgina iltimosim bor.
– Bosh ustiga! Bittamas, mingta bo‘lsayam gapiraver!
– Meni tinch qo‘ying, shunda sizdan ko‘proq minnatdor bo‘laman. Xaqqingizga duo qilib yuraman.
– Yo‘q, bu iltimosingni bajara olmayman, – Bahrom o‘zini stulga tashladi. – Qo‘limdan kelmaydi. Endiyam noshudlik qila olmayman. Agar taklifimga rozi bo‘lmasang... eringni o‘ldirib ketishdan ham toymayman. Qamalsam, yo‘lini qilib uch-to‘rt yilda qutilib chiqaman-da, baribir oldingga kelaveraman. Endi mendan o‘lib ham qutila olmaysan! Bir marta edi, haydaganingda achchiq qilib ketib qolganim. Bas, endi ahmog‘ing yo‘q!
– Birinchidan, erimni o‘ldirish qo‘lingizdan kelmaydi, – Malika xotirjam gapirdi. – Ikkinchidan, ersiz qolganimda ham niyatingizga yetolmaysiz.
– Men bu gaplarni seni qo‘rqitish uchun aytayotganim yo‘q. Oldingda avvalgi landavur Bahrom turgani yo‘q.
– Gapirib bo‘ldingizmi?
– Nimaydi?
– Meni ishdan qo‘yyapsiz.
– Rozimisan?
– Sizdan nafratlanaman!
– Nafratlanasan?! Nima uchun?
– Mard erkak birovning ayoliga ko‘z olaytirmaydi. Undan ko‘ra o‘z xotinining ko‘ngliga yo‘l topishga harakat qiladi. Farzandlariga tarbiya beradi, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi. Odob-ahloq bobida namuna bo‘ladi.
– Falsafangni qo‘ysang-chi, Malika. Men bu yerga lektsiya eshitgani kelganim yo‘q. Bir vaqtlar qo‘ldan chiqarib yuborgan muhabbatimni qaytarib olish uchun keldim, bildingmi? Endi bu yo‘lda menga hech kim va hech narsa to‘siq bo‘lolmaydi. Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi. Bir marta!
– Agar to‘g‘ri maslahatga ko‘nmasangiz, o‘zingiz bilasiz. Biroq men endi siz bilan boshqa gaplashmayman.
– Gaplashasan. Gaplashishga majbur qilaman. Obro‘ uchun, bolalaringni kelajagi uchun shunday majbur bo‘lasanki...
– Siz haqiqatan ham nafratga loyiq odam ekansiz. Sizni tanlamay to‘g‘ri qilgan ekanman.
– Hali shunaqami? Nafratlanadilarmi? Nafrat qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman, senga! Undan ko‘ra taklifimga rozi bo‘l. Har zamonda bir uchrashib tursak, tinchgina yashayverasan. Meni boshqa...
Bahromning gapi og‘zida qoldi. Shu payt eshik ochilib o‘rta yoshlardagi juvonning xijolatomuz yuzi ko‘rindi. Malika ayolni o‘ylab o‘tirmay ichkariga tak-lif qildi. Gapi chala qolgan Bahrom nima qilarini bilmay labini tishlagancha Malikaga qattiq tikildi. So‘ng noiloj eshik tomon yurarkan, g‘aribona bir tovushda dedi:
– Sizdan iltimos, do‘xtir, dardimga shifo toping? Bo‘lmasa, telba bo‘lib qolishim hech gapmas. Men yana kelaman.
Eshikni ochgan ayol dardi og‘ir «bemor»ga yo‘l berdi. Malika qimmatbaho xalatga to‘lishib turgan, kalta sochlari xafsalasizlik bilan taralgan, yuzlari biroz so‘lg‘in, rangpar ayoldan minnatdor bo‘lsa-da, aslida u shu tobda yolg‘iz qolishni, o‘zini surbetlarcha tutgan Bahrom bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni qay tarzda kechganligini, nimalarni ayta oldiyu o‘ylab qo‘ygan qaysi gaplari ichida qolib ketganligini qayta xayolidan o‘tkazmoqchi, o‘zicha mulohaza qilib ko‘rmoqchi edi. Ko‘zlarini lo‘q qilib o‘zining shahvoniy his-tuyg‘ularini yashira olmagan, dimog‘i baland oshiqning oldida g‘ururini, nomusini saqlay oldimi yoki ranglari oqarib shalvirab qoldimi? Taklifiga nima dedi? Javob qaytara oldimi?
Malika ko‘rinishidan o‘ttiz yoshlar chamasidagi juvonni o‘tirishga taklif qildi, ammo o‘zi xayolida ketma-ket chaqmoqdek «yalt» etib paydo bo‘layotgan savollar girdobidan qutulolmadi. Bosh shifokorning o‘ychan holatini gaplarimni diqqat bilan tinglamoqchi chog‘i, deb tusmol qilgan juvon dardini shoshmasdan to‘kib socha boshladi. U qo‘lidagi kichkina ro‘molchani qayta-qayta taxlar, har zamonda gapiraveraymi, deganday shifokorga tezgina nigoh tashlab olar, ba’zan iymanib, ba’zida esa fikrini ochiqroq ifodalashga tirishar edi.
Malika ayolning uzul-yuluq gaplaridan ismi Nazokatligini, endigina yigirma uch yoshga kirganligini, befarzandlikdan alam chekaverib yurak-bag‘ri ezilganini va yaqinda poliklinika atrofidagi «Bo‘ston» mahallasiga ko‘chib kelganini anglab oldi. Lekin unda hech qachon bunday beparvo munosabat bo‘lmagan edi. Kelgan har bir bemorni iloji boricha qabul qilishga, kasalini aniqlashga, davolanishiga yordamini ayamasdi. Eng muhimi, mayin tabassumi va bir og‘iz shirin so‘zini aslo darig‘ tutmasdi. Bu safar unga nima bo‘ldi? Ie, barmoqlari nega titrayapti? Hali rangi ham oqarib, ko‘rinishi bir holatdadir?
Malika o‘rnidan turib ketganligini sezmay qoldi. Bu paytda gapini tamomlab bosh shifokorning og‘ziga qarab turgan Nazokat ham beixtiyor joyidan qo‘zg‘aldi.
– Nima maslahat berasiz, opa?
– A-a! – savol Malikani xushyor torttirdi. Noqulay vaziyatga tushib qolganini sezib darhol qo‘liga qalam oldida bir parcha qog‘ozga nimadir yozdi. So‘ng jilmayishga harakat qilib dedi: – Gapingizni tushundim, singlim. Men bir tanishim bilan gaplashib ko‘raman. Erta-indin vaqti bo‘lsa, borib uchrashasiz.
Bosh shifokorning holatiga tushuna olmagan Nazokat qayta-qayta «rahmat» aytib chiqib ketdi. Malika o‘rnidan turganda shkafning ichidagi katta oynaga o‘zini solmoqchi edi. Shu tobda bu narsa xayolidan ko‘tarildi – asta yurib kelib o‘zini divanga tashladi.
«Demak, bu safar kelishida asl qiyofasini namoyon qildi. Avvaliga sevaman, deb yaxshi gapirib ko‘rdi, bo‘lmadi. Keyin qo‘rqitishga o‘tdi, eplolmadi. Endi esa... har zamonda uchrashib tursam bo‘ldi, emish. Voy, ahmog‘-ey! O‘zini kim deb o‘ylayapti? Demak, u avvaldan ham sevmagan».
Malika xayolan o‘zi bilan o‘zi gaplasha boshladi. Biroq birdan eshik ochilib kotiba qiz ichkariga mo‘raladi.
– Nima gap?
– Agar manda zarur ishingiz bo‘lmasa... 
– Tinchlikmi?
– Tikuvchimnikiga o‘tib kelmoqchiydim. Keyingi hafta... dugonam turmushga chiqayapti.
Malika nima ham derdi. To‘yga yangi ko‘ylak kiyish kerak, albatta. Ayniqsa, kelinning yonida yuradigan bo‘lsa... Ruxsat olgan Barnoning ko‘zlari porlab ketdi. Eshik qanday ochilgan bo‘lsa, shunday ohista yopildi. Malika orqasiga suyandi. Ko‘zlarini yumdi. Biroq xayoliga kelgan ayovsiz fikrdan uning shahlo ko‘zlari charaqlab ochildi.
«Tuhmat qilsa-ya?!»
Malikaning g‘ururidan asar ham qolmadi, u tuhmat toshining zarbini yaxshi bilar, hayotida bunday baloga uchragan odamlar bilan ko‘p gaplashgan, ularning ayanch-li taqdiridan, g‘am-g‘ussaga botgan qora kunlaridan xabardor ham edi. Bu ofatdan Xudoning o‘zi asramasa, juda qiyin. Bandaning qo‘lidan ba’zan hech narsa kelmaydi. Uning qarshisida shunday nochor ahvolga tushib qoladiki, haqiqatni ro‘yobga chiqarguncha ona suti og‘ziga keladi. Gohida kurashib mag‘lub bo‘lish ham hech gapmas...

* * *

Kuzning izg‘irin shamoli ta’sir qildimi, xonaga kirgan Malika anchagacha plashini yechmay o‘tirdi. Ishni nimadan boshlashni o‘yladi. Aslida u ertangi bajariladigan yumushlarni qog‘ozga yozib ketishga odatlangan edi. Bunga o‘rgangani uchun ertalab reja tuzishga bosh qotirmas, kelardiyu g‘ayrat bilan ishga kirishib ketardi. Mana uch kundirki, stoli ustidagi qog‘oz oppoq. Unda na biror belgi, na biror so‘z yo‘q.
Nogoh eshik taqilladi. Malika boshini ko‘tardi.
– Redaktsiyadan kelishibdi, Malika opa. – dedi kotiba qiz ichkariga kirgach negadir mamnun qiyofada, – Xotin-qizlar jurnalidan ekan.
– Shuning uchun xursandmisan?
– Axir biz to‘g‘rimizda yozishsa, yomonmi?
Malikaning qoshlari tutashdi. Uning muxbirlar bilan uchrashishga, gazeta yoki televideniyaga intervyu berishga umuman xohishi yo‘q edi. Hayotida bir marta televizorda ko‘rindiyu boshiga bir dunyo tashvish orttirib oldi. Endi undan qutulolmay yurganda, yana nimasi bu?
«Shu yetmay turuvdi, – o‘yladi Malika noiloj o‘rnidan turib plashini yecharkan. – Jurnaldan kelishgan bo‘lsa, hoynahoy rasm ham so‘rashadi. Agar suratim Bahromning qo‘liga tushib qolsa... yana kelishini davom ettiraveradi. Ey, yo‘q, menga hech qanaqa maqtov kerak emas!».
– Kirsinlarmi?
Joyiga kelib o‘tirgan Malika bir muddat o‘ylanib qoldi. So‘ng chuqur «uh» tortdi-da, kotibaga yuzlandi.
– Mayli, kirsin-chi.
Malika to‘g‘ri o‘ylagan ekan. Jurnalda bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlaydigan o‘rta yoshlardagi ayol atay o‘zi kelibdi, ocherk yozarmish, tadbirkor ayol, tajribali shifokor, mehribon ona sifatida ta’riflab kattagina suratni ham bosib chiqararmish. O‘zini Sojida Bonu deb tanishtirgan muxbir ayol bir zumda yozilajak ocherkning mazmunini aytib, qahramonimni qiziqtira oldim, deb o‘yladi. Biroq, bosh shifokorning o‘ychan qiyofasi uni lol qoldirdi. Ko‘pni ko‘rgan muxbir aslida ocherk qahramonini biroz uyalishini (nomiga bo‘lsa-da), jurnalning muqovasida katta rangli surati berilishini eshitib ko‘zlari sevinchdan porlashini, poliklinikadagi yaxshi ishlarni ko‘rsatishga shoshib qolishini kutgandi.
Lekin Malika xotirjam edi. Go‘yo yoniga hech qanaqa muxbir kelmagan, aksincha, qandaydir bemor tashrif buyurib o‘z dardlarini shosha-pisha aytmoqdayu shifokor uning so‘zlarini jimgina, sipolik bilan eshitib o‘tiribdi.
– Xo‘sh, nima deysiz. Rejam sizga ma’qulmi? – Nihoyat hamrohining fikrini bilishga qiziqdi muxbir.
– Ocherk deganlarida maqtov ko‘proq bo‘ladi-da. – Malika muxbir ayolga sinchkov nazar tashladi.
– Nima, bu yomonmi?
– Yo‘q, yomon emas albatta. Lekin men sizning muammoli maqola yozishingizni istardim. Ya’ni...
Shu payt kotiba qiz choy ko‘tarib kirdi. Malika gapni nimadan boshlashni o‘ylaguncha yana chiqib kelgan Barno qo‘lidagi shokolad qutini divan oldidagi mo‘‘jazgina ishlangan xontaxta ustiga qo‘ydi, choynakdagi issiq choyni ikki marta qaytardi. Keyin mayin tabassum ila bosh shifokorga yuzlandi.
– Malika opa, divanga o‘tib bemalol suhbatlashinglar. Qani, mehmon, marhamat!
Malikaning yuziga nim tabassum yugurdi. O‘rnidan turarkan, muxbir ayolni divanga taklif qildi. Kotiba avval mehmonga, so‘ng mezbonga xuddi kelinlardek chiroyli qilib choy uzatdi. Bosh shifokor yaxshilab yuvilgan, erimay artib-tozalangan choynak-piyolaga razm solib qo‘ygach, asta gap boshladi.
– Ocherkni men to‘g‘rimda emas, aksincha, meni qiynayotgan masalalar, oldimda turgan muammolar haqida yozsangiz. Yoki bir tekshiruv o‘tkazsangiz, buni sizlarda jurnalist tadqiqoti yoki jurnalist tekshiruvi deb atashadi. Ya’ni shu keyingi ikki yil ichida poliklinikamizga qarashli mahallalardan shahar shifoxonalariga nechta bemor murojaat qiladiyu ularning qanchasi yotib davolandi. Agar ilojini qilolsangiz, o‘sha bemorlarning yotgan kunlarini, davolanishga qilingan sarf-xarajatlarini ham o‘rgansangiz. Keyin ularni avvalgi yillarga taqqoslardik. Menimcha, shunda masala oydinlashadi-qo‘yadi. Biz yaxshi ishlayotgan bo‘lsak, demak, hududimizdan kamroq bemorlar borgan, agar ishimiz qoniqarsiz bo‘lsa, shifoxonalarda yotganlar soni ko‘p. Bu tadqiqot men uchun juda zarur, Sojidaxon.
Malikaning holatida o‘zgarish bo‘ldi. Har zamonda choydan xo‘plab qo‘yarkan, yuragining tubiga cho‘kkan shijoati, g‘ayrati asta yuzaga chiqa boshladi.
– Tunov kuni vazirlikka borgandim. Katta amaldorlardan biri, biz poliklinikalarni qisqartish ustida ish olib borayapmiz. Ma’lumingizkim, bozor iqtisodiyoti sharoitida iloji boricha vositachilardan voz kechishga harakat qilinadi. Demak, biz ham o‘z sohamizda vositachilik vazifasini o‘tayotgan poliklinikalar xizmatini keskin ravishda qisqartirishimiz kerak. Bu yangi davr talabi. Bemor kasalini tekshirishi uchun poliklinikaga qatnashi, navbat kutib vaqtini bekorga sarf qilishi shart emas. Endilikda ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri kasalxonalarga borib bemalol murojaat qilaverishlari mumkin. Agar shunga erisholsak, bilasizmi, qancha shtatlarni qisqartirishimiz, davlatning millionlab mablag‘larini tejashimiz mumkin, deb qoldilar.
Lekin men boshqacha fikrdaman. To‘g‘ri, yomon ishlayotgan poliklinikalar yo‘q emas. Ularda tepsa tebranmas, quruq yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdan boshqasiga yaramaydigan vrachlar ham bor. Biroq bu barcha poliklinikalarni qisqartirish, butunlay yo‘q qilish degani emas-ku. Balki ularning ishini qayta ko‘rib chiqish kerakdir, uchastka shifokorlarining mas’uliyatini oshirish lozimdir. Zarur bo‘lsa, attestatsiya o‘tkazishsin, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratib borishsin. Axir bu kabi ishlar vazirlikda o‘tirgan o‘sha amaldorlarning birinchi galdagi vazifasi-ku!
Siz balki ishonmassiz, biz atrofdagi mahallalarda yashaydigan odamlarning poliklinikaga bo‘lgan munosabatini o‘zgartira oldik, deb o‘ylayman. Hozir poliklinikamizni oilaviy poliklinika desa ham bo‘ladi. 
Ammo yuqoridagilarning poliklinikalarga vositachi deb munosabat bildirilayotganiga hayron bo‘laman. Nima deysiz, shu muammolarni ko‘tarib chiqsangiz bo‘ladimi? Bu yerda bizni maqtashning hecham keragi yo‘q. Aslida vazifamizni sidqidildan bajaryapmiz xolos. Maqsadimiz odamlarga birinchi tibbiy yordam berish. Siz buni balandparvoz gaplar, deb aslo o‘ylamang. Ish tajribasidan kelib chiqib tibbiyot tizimini butunlay kengroq ma’noda tushuna boshlayapman xolos. Men uning asl mohiyatini endi-endi anglayapman. Ya’ni men odamlarni davolash emas, balki kasallikning oldini olish tarafdoriman. Biz katta-katta shifoxonalarimiz, ularning soni, birato‘la yuzlab bemorlarni birdaniga qabul qilishlariyu kasalni davolashga ketgan sarf-xarajatlarning ulkanligi bilan maqtanmasligimiz kerak. Buni sog‘liqni saqlashga berilayotgan katta e’tibor emas, aksincha loqaydlik deb ta’riflagan bo‘lardim. Qani, o‘zingiz ayting, Sojidaxon, yong‘inni oldini olib, hududida biror marta o‘t balosi chiqishiga yo‘l qo‘ymagannimi yoki olov ichida qolgan uyni qancha kuch va texnika sarflab yong‘inni mahorat bilan o‘chirgan xodimni maqtash kerakmi?
Siz jurnalist bo‘lsangiz, shular haqida yozing. Axir poliklinikalar ishi ham xuddi shunga o‘xshab ketadi. Biz mahalladagi har bir xonadonga kirib, uy egalarining sog‘lig‘ini nazorat qilib tursak, boshlanadigan kasallikni oldini olsak, o‘ylaymanki, shifoxonalarga og‘ir ahvoldagi bemorlarning borishi keskin kamayadi. Soatlab operatsiya qilishga, o‘lim bilan olishishga ko‘pam hojat qolmaydi. Menimcha, tibbiyotning asl maqsadi shunaqa bo‘lishi zarur.
Malika so‘zini tamomlab muxbir ayolga ko‘z qirini tashlb qo‘ydi. Oradagi sukut uzoq cho‘zilmasligi uchun yana o‘zi gap boshladi.
– Bu gaplar ocherkka mavzu bo‘larmikin?
– Nima ham derdim, maqsadingizni tushundim, muammolarni yoritishga harakat qilaman. Lekin sizdan ancha narsani o‘rgansa bo‘larkan.
– Ko‘p gapirib boshingizni og‘ritib qo‘ymadimmi, axir. – Birdan hushyor tortdi bosh shifokor. – Uzr, agar zeriktirib qo‘ygan bo‘lsam.
– Nega unaqa deysiz, Malikaxon. Shunday ehtiros bilan gapirdingizki, men ham to‘lqinlanib ketdim. Bir tomondan esa shunday mavzularni yoritmaganimdan xijolat tortdim. Ko‘rdingizmi, xonadan chiqqandim, sizday ajoyib shifokorni uchratdim. 
– Men Muzaffar akamga doim gapiraman. Jurnalistlar ham biror kasbga jiddiy ixtisoslashishi kerak, deb.
– Kechirasiz, u kishi kim?
– Muzaffar Qosimjonov. Eshitganmisiz?
– Yoshlar jurnali bosh muharririni nazarda tutayapsizmi? Hm, u kishi sizning turmush o‘rtog‘ingizmi? Juda ajoyib uchrashuv bo‘ldi-da, Malikaxon. Tanishganimdan behad xursandman. Buni qarang, hech o‘ylamagandim. Unda... rasmingizni muqovaning birinchi betiga bersak ham bo‘larkan.
Ayollarning samimiy kulgisi yangradi. Eshik ochilib kotiba qiz ko‘rindi.
– Choyni yangilab kelaymi, Malika opa?
– Yo‘q, rahmat. – Muxbir o‘rnidan qo‘zg‘alarkan, minnatdorchilik bildirdi. – Qizg‘in suhbatingiz uchun sizga ham katta rahmat, endi poliklinika bilan tanishtirsangiz degandim.
– Bajonidil.
 Malika yo‘l boshladi.

* * *

Kotiba eshikni ochdi...
– Sizni so‘rashyapti, Malika opa.
– Kim?
– Tanimadim. Qandaydir... erkak kishi.
Malika go‘shakni ko‘tardi. Kotibaning eshitmayotganiga ishonch hosil qilgach, ovoz berdi. Ammo... keyin afsuslandi, tutoqib ketdi.
– Yana nima deysiz? Tinch qo‘yasizmi-yo‘qmi?
– Tinchlik istasang, yaxshilab gaplashib olishimiz kerak, – ovoz keldi go‘shakdan.
– Men siz bilan gaplashishni istamayman!
– Shoshma, shoshma, Malika. Birinchidan, avval gapimga quloq sol. Ikkinchidan, muhim bir narsani hal qilib olishimiz zarur. Qo‘rqma, begona joyga taklif qilmayman. Avval eshitsang-chi! Muhim bo‘lmasa, telefon qilarmidim. Ha, aytganday, ertaga boshqarmada yig‘ilish bor-a. Bilaman, taklif etilgansan. Borishing shart. Majlis uch soatlar davom etsa, rosa birlarda tugaydi. Demak, seni bir yarimda O‘rdadagi Anhor kafesida kutaman. Agar ishxonangga borib to‘polon qilishimni istamasang, albatta kelasan. Bu safar ko‘p vaqtingni olmayman. Xo‘p, ko‘rishguncha! Kutaman!
Aloqa uzildi. Bahrom Malikaning javobini ham kutmay atay gapni qisqa qildi. Rad javobini eshitishdan qo‘rqqanligi aniq. Buni Malika ham tushundi. Biroq u ayni paytda juda taajjubda edi. Boshqarmaga taklif etilganligini, yig‘ilish qachon boshlanishiyu soat nechada tugashini qayoqdan bildiykin?
«Nahot Barnodan hamma gapni bilib turgan bo‘lsa? Arzimaydigan sovg‘a-salomga sotildimikin-a?» Malika bu gaplarni ko‘nglidan o‘tkazar ekan, achchig‘landi. Hoziroq kotibani chaqirib urishmoqchi bo‘ldi. Lekin... u yana Rahmonning gapiga quloq tutdi. Podadan avval chang chiqarish ma’qul emasligini o‘ylab fikridan qaytdi.
U endigina deraza yoniga kelganda, xo‘jalik mudiri Karim aka ruxsat so‘rab ichkariga kirdi. Qo‘lidagi qog‘ozlarga qo‘l qo‘ydirgach, muloyimlik bilan «Sog‘ bo‘lsinlar», dedi-da xonani tark etdi.
 Malika kundalik yumushlarini davom ettirmoqchi bo‘ldi. Ammo qayoqda. Bahromning nogoh qo‘ng‘irog‘i, kun rejalaridan xabardorligi uni yana o‘ylashga majbur etdi.
«Endi, osonlikcha undan qutula olmayman, shekilli. Nima qilsam ekan-a? Muzaffar akamga aytsammikin?... Biroq gapimni to‘g‘ri tushunarmikinlar? Yoki biroz shoshmay turaymi? Uf, bu xira pashshadan qanday qilib qutulaman endi?»
Xayollar girdobida qolgan Malika ertangi uchrashuvning natijasini kutishni ma’qul topdi. Qani, Bahrom bu gal nima derkin?...

* * *

 Tushlik vaqti bo‘lgani uchunmi, kafeda odamlar ko‘p edi. Malika atrofga sinchkov nigoh tashlarkan, xayajonlanayotganini, kimdandir qo‘rqayotganligini sezdirmaslikka harakat qildi. U zinadan tushgandayoq o‘rnidan turib olgan Bahromni ko‘rgandi, biroq atay ko‘rmaganga oldi. Erim uchrab qolsa-ya, degan o‘yda shundoq kiraverishda biroz turib qoldi. Tanish chehraga ko‘zi tushmagach, havotiri ortga chekindi. U endi asta bir chetdagi stolga – Bahrom oldiga yaqinlashdi. Istamaygina bosh irg‘ab salomlashdi.
– Qani, marhamat, o‘tirsinlar, – iltifot ko‘rsatdi Bahrom jilmaygancha.
– Ko‘p o‘tirishga vaqtim yo‘q, nima gapingiz bor? – Malika kursidan joy olarkan, stol ustidagi narsalarga tezgina nigoh tashladi. Bu yerga aziz bir mehmon keladiganday tayyorgarlik ko‘rilgan edi.
– Avvalo kelganing uchun ming bor tashakkur. Sen go‘zal va latofatli bo‘lish bilan birga aqlli ayol hamsan. Mendan qanchalar jahling chiqmasin, baribir mulohaza qilib ish yuritishingga ishonardim. Qani, mana bulardan ol-chi, – Bahrom gap orasida Malikani tamaddi qilishga chorlar, goh yaxna sharbatdan, goh choydan quyib uzatar, ikki ko‘zini qimtinibgina o‘tirgan ayoldan uzolmas edi. – Endi senga rostini aytay, bir dargohda o‘qiganimiz, o‘tmishga aylangan bo‘lsa-da chinakamiga yaxshi ko‘rganim hurmati, senga aslo yomonlik istamayman. Tunov kungi ahmoqona gaplarimni unut. Oldingga qanday borib qolganimni, nimalar deb aljiraganimni o‘zim ham bilmayman. To‘g‘risi... o‘sha kunlari xotinim bilan it-mushuk bo‘lib yuruvdim. Alamimni kimdan olishni bilmay turganimda nogoh televizorda seni ko‘rib qoldim. Hayotimda menga shunday badbaxt xotin uchraganiga, turmushim zahar-zaqqumga aylanganiga, umrim shu shallaqi ayol bilan o‘tayotganiga seni aybdor deb o‘yladim-da, uydagi bor narsalarni ostin-ustun qilib yubordim. Aslida esa... bunga o‘zimning noshudligim, sen uchun kurashmaganim sabab edi. Ha, ayb o‘zimda. Ammo bu haqiqatni tan olish juda og‘ir kechdi, Malika.
Bahrom bir zum tin oldi. Bo‘sh qadahlarni aroqqa to‘ldirgach, birini Malikaga uzatdi. Ayol aftini burishtirdi. Bahrom majbur qilmadi. Qo‘liga qadahni olib, unga tikilib turdi-da qaytib joyiga qo‘ydi. Yana Malikaga tikilarkan, bir yutinib qo‘yib gap boshladi. 
– Keyin... keyin ko‘zimga hech narsa ko‘rinmay qoldi. Shaharda qolganingni, qaerda ishlashingni bildim-u to‘g‘ri oldingga keldim. O‘shanda shaytoniy xayollar aqlimni o‘g‘irladi. Sen haqingda turli bo‘lmag‘ur o‘ylarga bordim. Kimga turmushga chiqdiykin? Eri qanaqa odamiykin? Axir u hech kimni sevmasdi-ku, eri bilan allaqachon urishib qolgandir, balki ajrashgandir yoki birortasi bilan... e, nimasini aytay senga. Boshim aylanib, aqlimni yo‘qotdim. Shuning uchun avvaliga yaxshi gapirdim, keyin yuragingga qo‘rquv soldim. Vahima qilsam, taklifimga rozi bo‘larsan, deb o‘ylabman-da. O‘sha paytdagi birdan-bir maqsadim seni bag‘rimga bosish, nima qilib bo‘lsa ham senga yetishish edi. Ahmoqlik ham shunaqa bo‘ladimi? Bularni aytishga... ha, mayli, o‘tgan gaplarni unut, Malika. Bu yerga taklif qilganimning sababi bitta, u ham bo‘lsa – sendan kechirim so‘rash. Ha, o‘sha kuni to‘g‘ri aytding, sevgan odam bunaqa qilmaydi, deb. Haqiqatan ham shaytonning gapiga kirib tinchingni buzdim, yuragingga ozor yetkazdim. Endi o‘ylab qarasam, katta xatoga yo‘l qo‘ygan ekanman. Men sevgan odamning emas, alamzada erkakning ishini qilibman. Iltimos, mendan jahling chiqmasin. Agar kechirolsang o‘zimni baxtli hisoblardim. Negaki, senga do‘st tutinaman deb naf-ratingga uchrab o‘tiribman. Men ahmoqligimni endi bildim.
Sen... hamon o‘sha men bilgan go‘zal va vafodor Malikaligingcha qolibsan. Senga baxt tilayman, Malika, haqiqiy baxt. Endi senga yana yetisholmagach, xotinim bilan yarashishga, o‘sha shallaqi bilan yana murosa qilishga to‘g‘ri keladi. Sen haq gapni aytding, to‘rtta bolada nima gunoh. Yana ularning uvoliga qolmay. Ha, aytganday, xotinga mana bu sovg‘ani oluvdim. Bir ko‘r-chi, soxta emasmikin?
Malika sekin oqayotgan anhordan ko‘z uzib Bahromga qaradi. Bu o‘sha kungi qo‘pol, shiddatkor, niyati buzuq Bahrommi yoki... Nahot bir haftaning ichida shunchalar o‘zgargan bo‘lsa? Balki rostdan ham uni sinab ko‘rish uchun har xil gaplarni aytgandir. Axir bir gal suhbatda eri ham xuddi shunday gap qilgandi: «Erkakning tabiati shunaqami, go‘zal xonimlarni ko‘rganda atay gap tashlab ko‘radi. Qanday ayolligini bilishga qiziqsa kerak-da». Demak, Bahrom shunday yo‘l tutdimikin? Endi qo‘lga kiritolmasligiga aqli yetib «kechirim» so‘rayotganmikin?.
Biroq uning ko‘zlari bu safar ham aldamayaptimikin? Bir tekisda, xuddi yodlab olganday mayin va ta’sirchan so‘zlari yurakdanmi yoki bu chekinishning ortida qandaydir sir bormikan? Bahromning uzr so‘rashini o‘ziga mulohaza qilib ko‘rayotgan Malikaning xayolida turli o‘y-fikrlar charx urardi.
U ayni paytda o‘zini or-nomusi toptalgan, nohaq xo‘rlangan odamday his qilar, muz qotgan yuragi g‘azab va nafratga to‘la edi. Bu jajji yurakdagi muz qatlami shu qadar ulkan, shu qadar cheksiz ediki, uning atigi bir chetini, bir bo‘lagini ilitmoq juda mushkul edi.
– Men bunaqa narsalarni tushunmayman.
– Har qalay ayol kishisan-ku, bir ko‘r-chi? Qo‘rqma, senga berayotganim yo‘q-ku.
Bahrom tilla zanjirni osiltirib turaverdi. Malika noiloj qo‘lini cho‘zdi. Keyin bir zumgina ko‘rgan bo‘ldiyu darrov egasiga qaytardi.
– Haqiqiymi?
– Shunaqa bo‘lsa kerak.
– Rahmat senga.
Bahrom bir zumga gapidan to‘xtadi. Ofitsiant ayol ikki kosada yarimlatib quyilgan issiq ovqat keltirib qo‘yib ketdi. Malika nazarini solib ham qo‘ymadi. Tobora to‘lqinlanib borayotgan Bahrom gapi uzilganidan jahli chiqdi, lekin «yoqimli ishtaha» tilagan fartukli ayolga indolmadi. Malikani ovqatdan ichishga undadi. Keyin yana gapini davom ettirdi.
– Agar xafa bo‘lmasang, bir narsani so‘rasam. Avvalo, bunday bo‘lishini aslo xohlamayman. Lekin mobodo, ering senga xiyonat qilganini bilib qolsang...
– Muzaffar akam siz o‘ylagan erkaklardan emas!
– Buning uchun ming rahmat unga. Men faqat mabodo deb so‘radim, xolos.
– Ajrasharmiding yoki senam yurib ketasanmi, degan savollaringiz ham bordir?
– Umuman...
– Bunaqa narsalarning tashvishini qilmay qo‘yaqoling. Har qanday sharoitda ham sizga ishim tushmaydi.
– Hozir gapirish oson, Malika. Chunki bunaqa voqea boshingga tushmagan. Undan keyin eringni begona ayollar bilan don olishib yurganini bilmaysan. Agar eshitsang, o‘zingni qaerga qo‘yishni bilmay qolasan. Dunyo ko‘zingga qorong‘u ko‘rinib ketadi. Yurish-turishingda halovat yo‘qoladi, yeb-ichishingda esa maza-matra bo‘lmaydi. Hatto bolalaring ham senga yupanch bo‘lisholmaydi. Shunday ruhan tushib ketasanki, nihoyat, o‘zingni o‘zing o‘ldirishga qasd qilasan. Biroq... o‘ldira olmaysan. Oxirating kuyib ketishidan qo‘rqasan. Bu yomon narsa, Malika. Avvalo boshingga tushmasin. Tushsa, sen mehr qo‘ygan, pokdamon er deb yurgan aziz kishi yuzingga nohaq tarsaki tushirganday yoki boplab tuflab yuborganday bo‘ladi. Keyin esa... bu dunyoda yolg‘iz qolgan yetim qo‘zidek boshingga ne tashvish-u malomatlar, ne-ne ko‘rguligu jabr-jafolar tushishini bilmay sarson-sargardon kezasan.
– Shifokorlik kasbini tashlab, falsafadan dars bermayapsizmi mabodo?
– Sen kulma, Malika. Bu shafqatsiz dunyoda nimalar bo‘lmaydi, deysan. Kutilmagan voqealar, nohaqligu baxtsizliklar oldida bosh egib qolishing mumkin. Bilmadim, o‘shanda ham kularmikansan yoki...
– Nimaga shama qilyapsiz? – Malika oldiga qo‘yilgan kosadagi ovqatni nariga olib qo‘ydi.
– Ozgina ichsang-chi! Qo‘rqma, kuf-suf qilinmagan.
– Xuddi biror narsani biladiganday bemalol gapirganingizga hayron bo‘lyapman-da.
– Hayron bo‘lma, shunchaki so‘radim-qo‘ydim. Eringga ishonganing yaxshi, albatta. Faqat... juda qattiq ishonaverma, demoqchiman, xolos. Ha, aytganday, sendan yana bir narsani so‘ramoqchi edim.
– Yo‘q, rahmat, endi men turaman.
– Hozir, bir daqiqa. So‘ng ikkimiz birga turamiz. Men seni kuzatib qo‘yaman.
– Kerak emas! Men o‘zim ketaman.
– Ha, yaxshi. 

 * * *

Malika yolg‘iz qoldi deguncha o‘zi bilan o‘zi gaplashadigan bo‘lib qoldi.
«Nahot Muzaffar akam menga xiyonat qilayotgan bo‘lsa?» O‘yida tinimsiz charx urayotgan bu gumondan qutulishning chorasi yo‘q.
Kechalari uyquning o‘rniga shu shubha paydo bo‘lardi.
– «Oila va jamiyat» gazetasida «Endi nima qilay?» degan maqolani o‘qidingizmi? – so‘radi Malika dam olish kuni eridan gap olish maqsadida.
Tushlikdan so‘ng endi divanga yonboshlagan Muzaffar erinibgina xotiniga joy bo‘shatdi. Malika erining yoniga o‘tirarkan, qo‘lidagi gazetaga termuldi. Er-xotin bunday maqolalar yuzasidan tez-tez fikrlashib turishlari bois, bu aslida odatdagi savol edi. Ammo shu safar Muzaffar peshonasini tirishtirdi. So‘ng qo‘lini Malikaning yelkasiga asta tashlarkan, norozi qiyofada dedi:
– Ke, qo‘y, birovlarning muammosini. Ishdan ham gap ochmasang, juda yaxshi bo‘lardi.
– Nega endi? – ajablandi Malika erining qo‘lini yelkasidan olarkan. – Yoki o‘zingiz hayotiy biror voqea-ni gapirib berasizmi?
– Qanaqa voqeani?
– Deylik, sizni bir ayol yoqtirib qoldi. Uylanganingizni, hatto farzandlaringiz borligini ham biladi. Ammo shularga qaramay yoqib qoldingiz. Bu haqda noqulay bo‘lsa-da u sizga gapirdi. Xo‘sh, nima qilgan bo‘lardingiz?
– Yoqtirishini davom ettirishini so‘rardim.
– Nima uchun?
– Bu uning shaxsiy ishi. Istaganicha yoqtiraversin.
– Hazil qilmay gapirsangiz-chi!
– Hazili yo‘q, – jiddiy ohangda javob qildi Muzaffar. – Meniyam ayollar yoqtirsa, bu yaxshi gap-ku?
– Yoqib ketdimi, deyman. Balki, siz ham birortasini yoqtirib qolgandirsiz?
– Nega endi birortasini, masalan, menga ko‘p ayollar yoqadi.
– Rostdanmi? Demak, menga xiyonat qilayotgan ekansiz-da...
– Yoqtirish bilan xiyonat o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor, – Malikaning gapini cho‘rt kesdi Muzaffar.
– Kechirasiz, menimcha, orasi bir qadam, xalos.
– Nahot?
– Ha, shunaqa.
– Lekin sen bu gal bahslashmoqchi bo‘lgan raqibga o‘xshamayapsan qandaydir... O‘zingni g‘alatiroq tutyapsan-da. – Muzaffar oyoqlarini yig‘ib butun vujudi bilan xotini tarafga qarab o‘tirdi.
– Sizga ko‘p ayollar yoqishini bilmagan ekanman.
– Rashk qilayapsanmi?
– Nega endi?
– Ayol kishi o‘zining chiroyli odobi, muomalasi, yurish-turishi bilan o‘zga erkakning hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘lishi mumkin. Bu munosabatlarning sevgi yoki xiyonatga umuman aloqasi yo‘q.
– Qaysi bir kitobda: mutloq vafoli erkaklarni «Qizil kitob»dan qidirish kerak, deb yozishgan ekan.
– Balki bu gapni ishxonangdagi g‘iybatchi ayollardan eshitgandirsan?
Malika eriga tezgina qarab olarkan, kitobdan o‘qiganini ta’kidladi. Muzaffar xotiniga yaqinroq surildi.
– Shu bugun tinchgina dam olsak bo‘lmaydimi?
– Bo‘lmaydi. 

* * *

Kuzning goh iliq, goh izg‘irinli kunlari qizg‘in ish bilan o‘tib borardi.
...Qish boshlangan kunlarning birida endigina tushlikdan qaytgan Malika stoli ustida daftar hajmicha keladigan och jigarrang konvertni ko‘rib taajjubga tushdi. Bir ko‘ngli Barnoni chaqirib so‘ramoqchi bo‘ldi, ammo tezda fikridan qaytdi. Asta joyiga o‘tirarkan, qo‘liga qaychi oldi.
– Rasmlarmi?
Malika konvertni yonidan ochib uning ichidan anchagina suratlarni oldi. Keyin ularga qo‘rqibgina nigoh yugurtirarkan, birdan bo‘shashib ketdi: go‘yo ustiga kimdir muzdek suv quyib yubordi. Biroz o‘ziga kelgach rasmlarni bittalab ko‘ra boshladi. Ammo endi uning ko‘zlari kattalashib, yupqa lablari titrashga tushdi. So‘ng ichida nimadir olovlandi, harorat butun vujudini qizdira boshladi. Shart o‘rnidan turib ketdi. Rasmlarni stol ustiga yoyib tashladi. Nigohi suratdan-suratga o‘tarkan qanday qilib baqirib yuborganligini o‘zi ham sezmay qoldi:
– Voy, iflos-ey!
Malika ichidan toshib kelayotgan g‘azab va nafratni bosa olmadi: stoli ustini sidirib yuborgandi, rasmlarga qo‘shilib turli qog‘ozlar ham polga yoyildi. Nogoh orqasiga yurgandi, kursi ag‘darildi. Gursillagan ovozdan xavotirlandimi, eshikda kotiba qiz ko‘rindi.
– Yop eshikni!
Eshik qanday shoshib ochilgan bo‘lsa, shunday tez yopildi. Fig‘oni falakka ko‘tarilgan Malika bir zum nima qilarini bilmay qoldi. So‘ng bilinar-bilinmas titrayotgan qo‘llari bilan stolga tayandi. Ammo bu holatda ko‘p turish mumkin emasdi. Istagan paytda xonaga kimdir kirib qolishi... Xudo ko‘rsatmasin, mabodo rasmlarga ko‘zi tushsa... Malika aqlini yig‘di, tishini-tishiga bosganicha suratlarni to‘plab, yana konvertga joyladi. Ish joyini biroz tartibga keltirgan bo‘ldi, keyin asta divanga kelib o‘tirdi.
«Voy o‘lay, endi nima qilaman!». Malika ichida boshlangan g‘alayonni bosish uchun ko‘zlarini yumdi, boshini divanga qo‘ydi. Yo‘q, u xayollar girdobidan qutulolmadi.
... Shahd bilan yotoqxonaga kirgan Malika yanglishmagandi. Ishdan kelgan Muzaffar kiyimlarini almashtirgach, odatdagiday bir zum dam olish uchun o‘rniga cho‘zilgan edi. Malika eshikni zichlab yopgach, qo‘lidagini eriga otdi. Muzaffar epchillik qilib ilib olmaganda, yarim kilocha keladigan konvert «shap» etib yuziga tushishi aniq edi.
– Nima bu? – xotinining kutilmagan zardasidan jahli chiqsa-da er o‘zini qo‘lga oldi. To‘g‘risi, rangi oqarib titrab-qaqshab turgan Malikaning tajovuzkor holati achchiqlanishiga yo‘l qo‘ymadi.
– Siz, siz munofiq, ekansiz. Bildingizmi?
– Munofiq!
– Ha, undan ham battarsiz. Sizdan nafratlanaman! Uyatsiz! Xotinboz! Xo‘sh, kim u? Qaysi o‘ynashingiz?!
– Qaerdan olding bularni? – nihoyat tilga kirdi Muzaffar. U o‘sal bo‘lganidan shunchalar qizarib-bo‘zarib ketgandiki, umrida hech qachon bunaqangi ayanch-li ahvolga tushmagan edi.
– Nima ishingiz bor? Nima, xotinim menga ishonadi, orqamdan poylab yurmaydi, istagan paytimda maishat qilaveraman, deb o‘ylaganmidingiz! Odamlar gapirishganda ishonmagandim, endi o‘z ko‘zim bilan ko‘rib turibman. Kech bo‘lsayam, ko‘zimni moshdek ochib qo‘yishdi. Afsus, shuncha umrim bekor ketdi. Tanlab-tanlab xotinboz bir shoirga erga tegibman-a!
– Bo‘ldi, bir pas shoshmay tursang-chi!
– E-e, yo‘q, endi, siz shoshmay turing. Meni shu paytgacha laqillatib yurganingiz yetar. Nahot, umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan, buning ustiga sevib uylangan er fohisha bir ayol bilan ko‘cha-ko‘yda quchoqlashib, o‘pishib yursa? Hali, boshqa holatdagi suratlaringiz ham bordir? Ularni qachon olaman!
– Nimalar deyapsan, Malika! – Muzaffar rasmlarni otib yubordi – Bular g‘irt tuhmat-ku! Men umuman begona ayol bilan bo‘lmaganman!
Bu gapni eshitib Malika battar tutoqib ketdi. Rasmlar ichidan birini qo‘liga oldi-da barmog‘i bilan niqtab dedi:
– Unda, mana bu qaysidir ko‘l bo‘yida yalang‘och ayolning ustida yotganingiz ham yolg‘onmi? Ana shu fohisha bilan mashinada o‘pishib turganingiz-chi?
– Hozir senga hammasini tushuntirib beraman. O‘tir, – Muzaffar o‘rnidan turib Malikaning qo‘lidan ushlab o‘tqazmoqchi bo‘ldi.
Malika shart qo‘lini tortib oldi.
– Keragi yo‘q, shundoq ham hammasi oydek ravshan! Endi siz bilan yashashga or qilaman. Marhamat, mard bo‘lsangiz, uyni bo‘shatib qo‘ying. Bo‘lmasa, men ketaman. Bolalarimni olamanu, boshim oqqan tomonga jo‘nayman! 
– Malika, Malika, – xotinini tinchlantirishga urindi Muzaffar.
– Siz bilan boshqa gaplashmayman. Urush-janjal ham qilmayman. Yaxshilikcha ajrashaman-qo‘yaman.
– Gapimga quloq solmaysanmi?
– Yo‘q.
– Avval eshitsang-chi? – astoydil jahli chiqdi Muzaffarning.
– Agar men nomusimni saqlay olmaganimda, qo‘lingizga begona erkak bilan o‘pishib turgan rasmlarimni berib ketishganda siz nima qilgan bo‘lardingiz? Meni kechirarmidingiz? Gapiring!.. Yana shunaqa, pichoqni avval o‘zingga ur, og‘rimasa birovga! Gap tamom! – Bevafo erning keragi yo‘q, menga.
– Shunaqami? Tushunishni istamaydilarmi? Yaxshi, keyin afsus qilmaydilarmi?
– Afsus qilsam, ersiz o‘tarman.
– Nimayam derdim, – bir oz o‘ylanib turgan Muzaffar eshik tomonga yo‘naldi. – Ammo ketish oldidan bir gapni aytib qo‘yay. Men bu ayol bilan umuman birga bo‘lmaganman. Xohla ishon, xohla ishonma. Biroq atay uyushtirilgan qandaydir bo‘lmag‘ur rasmlarni deb ajralib ketishimiz bu g‘irt ahmoqlik. Qo‘yayotgan sharting ahmoqlikdan boshqa narsa emas. Kimdir bizni urushtirib qo‘ymoqchi. Ajrab ketishimizni xohlayapti. Mana bu rasmlarga qarab shunday xulosaga keldim. Sen esa qaysidir g‘alamisning bo‘htonlariga darrov ishonyapsan, o‘ylamay-netmay laqqa tushyapsan.
– Suratlar tuhmat emas. Sizning jirkanch basharangizni fosh qiluvchi haqiqat ular! O‘zingizni oqlamay qo‘ya qoling. Siz bilan bir daqiqa ham yashay olmayman.
– Bolalarni tirik yetim bo‘lishini istaysanmi?
– Ularga ham xotinboz ota kerak emas. Agarda mana bu rasmlarni ko‘rishsa bormi, bir umr aftingizga qarashmaydi. 
– Jinni bo‘ldingmi?
– Unda tinchgina keta qoling.
– Demak, oxirgi gaping shu!
– Ha!
Muzaffar noiloj kostyumini yelkasiga tashladi. Malika nimadir demoqchi bo‘lgan iltijoli nigohlardan ko‘zini olib qochdi.
Eshik «Qars» etib yopildi.
Biroq xiyol o‘tmay eshik qayta ochilganday bo‘ldi. Malika «Uf» tortib yo‘lakka chiqarkan «Yana nega qaytdingiz?» deb eriga jahl qilmoqchi edi, biroq... tili gapga aylanmadi: lang ochilgan eshik oldida tirjaygancha Bahrom turardi.
Malika turgan joyida qotib qoldi. Qo‘rqib ketganidan ranglari oqardi. O‘ziga kelib eshikni yopmoqchi bo‘lgandi, nimagadir qoqilib yiqilib tushay dedi. Shunda u seskanib ketdiyu...
Xayolini yig‘ib oldi.
Ichiga tuflab qo‘ygach, asta o‘rnidan turdi. Xonadan chiqar ekan, o‘yladi: «Nahot, bu rasmlar rost bo‘lsa? Bahromning yoz bo‘yi qilgan ishi shumikin hali?. Nima qilsam ekan-a? Avval tekshirib ko‘rsammikin? Ha, aytganday, avval Baxtigul bilan maslahatlashsammikin?»
Malika uyga yetib kelguncha tuzgan rejasini hozircha sir tutishga qaror qildi.

* * *

U ishdan shunchalar horib qaytdiki, na kechki ovqatni yeyishga, na bolalar bilan gaplashishga kayfiyati bo‘lmadi. O‘zini qo‘lga olishga qaror qilgani rost, biroq ichki bir iztirob, darz ketgan yurak tug‘yoni yetilib kelayotgan vulqonni eslatardi. 
Soat o‘n birga yaqinlashganda eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Bolalari uxlab qolgan shekilli, qo‘ng‘iroq qayta ovoz berdi. Malika noiloj o‘rnidan turdi. Qovoqlari osilgan, ovzoi buzuq eriga ko‘zi tushib hayron bo‘ldi va istar-istamas salom berdi-da oshxona tomonga o‘tib ketdi.
Tishini tishiga qo‘yib choy qo‘ydi, qizi tayyorlagan ovqatini isitdi. Biroq Muzaffar hadeganda yotoqdan chiqavermadi. Odatda u ishdan kech kelishiga qaramay, uyga quvnoq kayfiyatda qadam ranjida qilardi. Kiyimlarini tez almashtirardi-da «Xo‘sh, jonim, bugun qo‘llaridan qanday taom yeymiz?» deya oshxonaga kirib kelar, sevimli yorini yelkalaridan quchib (agar bolalar bo‘lmasa), bo‘ynidan asta o‘pib qo‘yardi. Bunga o‘rganib qolgan Malika shu tobda achchiqlangan holatda bo‘lishiga qaramay biroz xavotirlandi. Keyin o‘yladi: «Rasmlarni ko‘rdimikin? Balki shuning uchun kayfiyati yo‘qdir?».
Malika dasturxon yozishdan avval, nimadir bahona qilib xonalariga kirdi. Kirdiyu ishdan qanday kiyimda kelgan bo‘lsa, shundayicha o‘ringa tashlagan erini ko‘rib battar taajjublandi. Dim tushgancha yotgan Muzaffar oyoq tovushini eshitsa-da o‘girilib ham qo‘ymadi.
– Nima yotish bu, Mu..., – nihoyat tilga kirib so‘radi zardasi toshgan Malika, biroq u erining ismini aytib chaqirishdan o‘zini tiydi.
– Nima gap? – Birozdan so‘ng yana qaytardi Malika.
– Ishdan bo‘shatishdi, – dedi Muzaffar boshini salgina ko‘tarib, lekin uning ovozi juda zaif eshitildi.
– A-a...
Malika tilini tishladi: sal bo‘lmasa «Ajab bo‘pti!» deb yuborayozdi.
– Nega bo‘shatishdi? – o‘zini xotirjam tutishga uringan Malika beixtiyor deraza raxiga suyandi.
Muzaffar istamaygina yonboshiga ag‘darildi. So‘ng xotiniga ko‘z qirini tashlarkan, g‘ijinib gap boshladi.
– Bir firibgar ayol meni toza bopladi. Biz uni tuppa-tuzuk shoira deb yursak, uchiga chiqqan g‘irt ko‘chirmachi ekan. Zulfiyaning she’rlarini faqat sarlavhasini o‘zgartirib olib kelsa, qaramasdan bosib yuboribmiz. Mana, – Muzaffar yon cho‘ntagidan ikki bukilgan jurnalni olib oyoq tomoniga tashladi. – Padaringga ming la’nat.
Malika jurnalni varaqlar ekan, uning o‘rta sahifasida jilmayib turgan ayolga nigohi tushdi-yu... birdan quti uchib ko‘zlari qinidan chiqib ketayozdi.
– Axir bu, bu... – nafrat tuyg‘usi shunchalar kuchli ediki, u birdaniga portlagani tufayli Malikaning bo‘g‘ziga tiqildi.
Muzaffar yalt etib xotiniga qaradi. Malika rasmlarni o‘zi bilan olib kelmaganiga juda afsuslandi. Agar yonida bo‘lganda rosa mavrudi kelgan ekan-da: suratlarni bitta-bitta erining basharasiga otardi. «Manavi o‘ynashingiz-ku bu ayol!» deb sharmandasini chiqarardi. 
Malika jurnalni beixtiyor g‘ijimlay boshladi. Muzaffar uning bu qilig‘ini tushunmay angrayib qoldi. Vujudini nafrat tuyg‘usi egallay boshlagan ayolning xayolidan ayni paytda. «Aldagan bo‘lsa, juda boplabdi. Sizga o‘xshagan xotinbozlarni xuddi shunaqa qilib ta’zirini berish kerak. Tavbasiga tayantirish zarur!» degan fikr kechdi.
– Senga nima bo‘ldi, Malika? – o‘rnidan turib ketgan Muzaffar xotiniga yaqinlashdi.
– Qaytar dunyo deb shuni aytsalar kerak-da. Birovni aldamoqchi bo‘lasan-u, ammo o‘zingni o‘zing aldayotganingni bilmaysan. Qilgan gunohimni hech kim ko‘rmayapti, deb o‘ylaysan. Ammo bir kun kelib shunday sharmandai sharmisor bo‘lasanki...
– Nima deganing bu?
– Tushunmadingizmi?
– Yo‘q.
– Qiziq... shu narsani deb ishdan bo‘shatishdimi?
– Ha.
– Avval tanimasmidingiz bu ayolni?
– Bir-ikki ko‘rganman, – dedi Muzaffar ancha siniq ovozda. Biroq sal o‘tmay qiyofasiga jiddiy tus berdi. – Mening o‘rnim kimgadir kerak bo‘lgan. Bo‘lmasa, bunaqa materiallarni nazm bo‘limi tayyorlaydi. She’rlarni tekshirish ham ularning vazifasi. Ammo... kaltak negadir mening boshimda sindi. Ha, mayli, bu kunlar ham o‘tib ketar.
Muzaffar xotinining qo‘lidagi jurnalga qo‘l cho‘zar ekan, hamon hayratda edi. Ko‘zlarida g‘azab uchquni sachrayotgan Malikaning ayni paytdagi holati vahimali edi. Uning nimadir demoqchi bo‘lib turganligini Muzaffar ichki bir tuyg‘ulari ila sezib turardi. G‘ijimlab tashlangan jurnal, goh qimtilgan, goh bilinar-bilinmas titragan nozik lablari, ba’zida ma’yus, ba’zida esa chaqnab turgan shahlo ko‘zlari Muzaffarni taajjubga solar, go‘yo u qandaydir sirdan voqif, nimanidir biladiyu, ammo aytishga qiynalayotganday tutardi o‘zini.
– Jurnal menda turadi.
– Nega? – battar hayratlandi Muzaffar.
– Sizni ishdan olishgan kundan esdalik uchun. Undan keyin mana bu ayol menga yoqib qoldi. Ba’zida suratini ko‘rib turaman.
– Ustimdan kulyapsanmi? – dedi Muzaffar biroz sarosimaga tushib.
– Nega endi? Mening erimni sharmanda qilib obro‘sini tushirgan, jonajon ishidan ketishga majbur qilgan soxta shoira bilan bir uchrashmoqchiman.
– Nima? E, qo‘ysang-chi bo‘lmag‘ur gapni. Men o‘zim...
– Tilingiz qisiq joyi yo‘qmi, ishqilib? – Malika xonadan chiqarkan, erining gapini bo‘ldi.
– Yo‘o‘q, – dedi Muzaffar bo‘g‘iq ovozda.
Malika erining yonidan o‘tarkan, ko‘zlariga razm tashladi. Muzaffar doska oldida savolga javob bera olmagan o‘quvchiday birdan qizarib ketdi, so‘ng negadir yutinib qo‘ydi.
Malika boshqa indamadi.
Xonadan chiqib ketishi bilan Muzaffar o‘zini yana o‘ringa tashladi.
 
* * *

Keyingi kunlarda Malikaning qo‘li ishga bormay qoldi. Go‘yo kimdir uning orzu-umdlarini chilparchin qilgan-u endi kelajakdan najot yo‘q. Rahbarning g‘ayrat-shijoati so‘nganini xodimlar allaqachon payqashgan, ishdan ketgan eri to‘g‘risidagi mish-mishlarni ham eshitib ulgurishgan. Ammo bular haqida hech kim go‘yo gaplashmaydi. Bir qarashda har kim o‘z vazifasini bajarish bilan band: ortiqcha gap-so‘z eshitilmaydi, bekorchi yugur-yugur ko‘zga tashlanmaydi.
Malika hamkasblarining samimiy munosabatlarini sezib tursa-da, lekin nazarida ular sal boshqacharoq bo‘lib qolganday tuyulardi. Aslida u o‘zini qiynar, ichidan zil ketar, mehr qo‘ygan eri xiyonat qilganiga sira chiday olmayotgan edi. Fig‘oni ko‘kka ko‘tarilgan paytlarda «hozircha jim turish kerak» degan qarorni buzib, eri bilan orani ochiq qilib olgisi kelardi. Shunda sal hovuridan tusharmidi, alami bosilarmidi.
Shubha-gumon ayolning ichini kemirib borardi. O‘ylagan sari o‘yining adog‘iga yetolmasdi. Tunov kungi suhbatdan keyin eridan butunlay ko‘ngli qoldi. Demak, o‘zini shoira deb tanishtirgan anavi ayolni avvaldan yaxshi bilgan. Pinhona uchrashib turgan, shuning uchun she’rlarini jurnalda chiqargan. Voy pismig‘-ey, yana tilim qisiqlik joyi yo‘q, deydi-ya? Eridan nafratlana boshlagan sari, qandaydir kuch uning qulog‘iga shivirlay boshladi.
«Eringga bo‘sh kelma, shart borib yoqasidan ol. Rasmlarni ko‘rsatib, sharmandasini chiqar. Nimani kutyapsan? Seni mensimay, oyoqosti qilgan bevafo erkakni nega ayab o‘tiribsan? Xiyonatini fosh etmaysanmi? Gaplariga ishonib o‘tiribsanmi? Topgan bahonasini qara, bo‘limdagilar aybdor emish. Axir rasmlardan ko‘rinib turibdi-ku bu ayolning kimligi. Tili qisiq bo‘lgani uchun ham o‘zi ko‘rsatma bergan, hatto ko‘rib, tekshirib chiqishlarigayam vaqt qoldirmagan. Boshliqning dag‘-dag‘asidan qo‘rqqan-da u bechora xodimlar ham. Ha, bu yerda ering aybdor. Buni o‘zing ham bilib turibsan. Shunday ekan, uni ayab o‘tirma! Xiyonat qilish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘y. Nima, sening orqangdan yurganlar yo‘qmi? Butun boyligini oyog‘ining ostiga tashlayman deganlar qancha. Hamon gul ko‘tarib kelib turganlar ham bor. Sen bo‘lsa, o‘zingni faqat eringga bag‘ishlab yuribsan-a... Qadringga yetmagan odamning boridan yo‘g‘i yaxshi. U ham xor-zor bo‘lishi kerak. Qo‘rqma, ersiz o‘lib qolmaysan. Qani, tur, o‘ylanma!»
Malika bunday noxush o‘ylardan bazo‘r qutulardi. Ba’zida yuragi ezilib, ko‘zlaridan shuv etib yosh oqardi. Keyin birortasi ko‘rib qolmasin, deb shosha-pisha artishga tushardi. O‘zini qo‘lga olganda esa yana bir qandaydir kuch uni yovuz fikrlardan voz kechishga undardi.
«Sabr qil. Shaytonning gapiga quloq solma. Sen hali qaerdan bilasan, balki bularning barini haqiqatdan ham kimdir atay uyushtirgandir? Hamma rasmlarda, hatto jurnaldagi suratda ham o‘sha ayol ekan, bu bir kishining dushmanlik ishi ekanligiga nahot aqling yetmayapti? Eringni ishdan bo‘shatish, sening mustahkam irodangni sindirish, nomusingni bulg‘ash uchun ataylab qilingan bo‘lsa-chi. Yaxshilab o‘yla, Malika. Bir tomonda farzandlaringning bo‘yi yetib turibdi. Oldinda qator-qator to‘ylar bor. Agar ajrashsang kuning kimga qoladi? Niyati buzuq Bahromgami? Bu ko‘ngilsiz voqealarni u sodir qilayotganini nahot payqamayotgan bo‘lsang? Agar yodingda bo‘lsa, «Isbotlab beraman» degandi. Mana qandaydir yo‘llar bilan isbotladi ham. Xo‘sh, endi uning gapiga, u olib kelgan behayo rasmlariga ishonishing kerakmi? Sen aqlli ayolsan. Yetti o‘lchab bir kesishing zarur. Keyin afsus-nadomat qilganingni foydasi yo‘q. Oila muqaddas narsa. Uni asrab-avaylash ko‘proq sen kabi oqila ayollar qo‘lida. Dushmanning sinov uchun bergan yolg‘on zarbidan darrov o‘zingni yo‘qotib qo‘yma. Aql bilan ish tut. Sabr tagi oltin, deb bekorga aytishmagan. Sabr-qanoatli bo‘l, Malika!»
Sho‘rlik Malika ikki o‘t orasida qolgandi. Nima qilish kerakligini bilolmay, hayron. Sabr qilay desa, erini ko‘rgan sari yonib ketardi. Yoqasidan olay desa, sal narida tirjayib turgan Bahrom ko‘ziga ko‘rinardi...
Allamahalgacha qizining yonida yotgan Malika beixtiyor marhuma onasini esladi. Rahmatli bir gapni ko‘p takrorlardi. «Eshit, – derdi qizini yoniga o‘tkazib olib.
– Insonning ikki yelkasida bittadan farishta o‘tiradi. Chap yelkasidagi farishta gunoh ishlarini, o‘ng tomondagisi esa qilgan savobu yaxshiliklarini yozib turadi. Yaratgan egam o‘z bandalariga mehribon zot. Buni qara, agar bandalarim savob ish qilsa, darhol yozinglar, deb o‘ng yelkada o‘tiradigan farishtaga ko‘rsatma bergan ekan. Mabodo gunoh qilib qo‘ysa, chap yelkadagi farishtaga sabr qilishni uqtirgan ekan. Ya’ni «Ertalab gunoh ish qilsa peshingacha, agarda kunduzi sodir etsa, kechqurungacha yozmagin, balki bandam o‘z gunohiga dildan iqror bo‘lib, astoydil tavba qilsa, men uni mag‘firat qiluvchiman», deb amr qilgan ekan. Bu gaplarda hikmat ko‘p, qizim. Odamzot shaytonning emas, rahmonning gapiga quloq solishi zarur. Shundagina qilgan ishlaridan pushaymon bo‘lmaydi. Doimo sabrli bo‘l, ona qizim!»
Malika marhuma onasi bilan xayolan gaplashganicha tunlarni bedor o‘tkazardi. Faqat tongga yaqingina ko‘zi ilinib bir zumgina orom olardi. Biroq u uyqusida ham tinch yotmasdi, tushida kimlar bilandir urushib chiqardi, ertalab turganda butun vujudi zirqirab og‘rir, battar toliqqan, battar ezilganday his etardi o‘zini. Na kechasi, na kunduzi tinchlik yo‘q edi bechora Malikaga.
Ba’zida kechalari bo‘ladigan ayoz go‘yo qattiq qishdan darak berardi...

* * *

Yo‘q, endi bunday yashay olmaydi. Qachongacha qo‘l qovushtirib o‘tiradi. Yuragini ezib, o‘ziga o‘zi azob bergani yetar. Turmushi qanday osuda edi-ya. Tinch hayot yo‘lida bezori Bahrom paydo bo‘ldiyu hamma narsa ostin-ustun bo‘lib ketdi. Endi ishining qizig‘i ham, yelib-yugurishining ma’nosi ham yo‘qolganday. Eridan-ku butunlay ko‘ngli qoldi. Rasmlar ming uyushtirilgan bo‘lsa-da o‘sha benomus ayolni suvdan ko‘tarib chiqqani, qirg‘oqqa yotqazib o‘pgani rost emasmi? Axir hammasi aniq-tiniq ko‘rinib turibdi-ku. Yana qanaqa isbot kerak?
Erining behayo qiliqlari muhrlangan suratlarni o‘ylar ekan. Malika tutoqib ketardi. Shunday paytlarda yuragi zardobga to‘lib ketgan ayol shart o‘rnidan turib raqibi bilan kurashga otlanganini o‘zi ham sezmay qoladi. Ha, hech narsani kutmaydi, ortiqcha sabr ham qilmaydi. Endi uning yo‘qotadigan narsasi yo‘q, hoziroq borib Bahromning yoqasidan oladi.
Endi eshik tutqichini ushlagan paytda qandaydir kuch uni yana to‘xtatdi. Sabr qilishga undadi. «Sabr! Axir qachongacha! Undan keyin nimani kutaman? Erim, otasi qarib qolganligini bahona qilib Jizzaxga ketib qolgan bo‘lsa, Bahromning kelishini, yuragimni tig‘lab ketishini kutaymi? Axir bardoshim tugab boryapti-ku. Dardimni kimga aytay? Kimdan yordam so‘ray?»
Malika ko‘z yoshlarini tiyolmay, yig‘lab yubordi. Noiloj ortiga qaytdi. O‘tirsa, beayov o‘y, shafqatsiz xayollar yana fikru zikrini yana o‘g‘irlashini bilib, derazadan tashqariga – kecha nogoh yog‘ib o‘tgan birinchi qorga termuldi.
Maktabdan qaytayotgan bolalarning shodon qiy-chuvi olamni buzardi. O‘g‘il bolalar qor bahona qizlarning ortidan yugurishadi. Goh uzoqdan qor otishadi, goh yaqin kelib yuziga muzdek qorni ishqab ketishadi. Go‘yo shu bilan o‘zlarining borligini ma’lum qilganday, qandaydir eski alamlaridan: balki yozgan xatlarini o‘qimay yirtib yuborganmi yoxud bergan gullarini olmaganmi, ishqilib ham jahl, ham mehr aralash ayab-ayamay xumoridan chiqib olishayotganday. Lekin qizlar ham anoyi emas chog‘i, o‘chini olish uchun haddidan oshgan bolalarni quvlab ketishadi.
Beg‘ubor yoshlik, mehr-muhabbat to‘la nodonlik. Hazil-huzil ila o‘tayotgan betakror damlar. Malika bu quvnoq manzaraga tikilarkan, miyig‘ida kulib qo‘ydi.
Biroq uning xayoli tiniqlangan damlar uzoqqa cho‘zilmadi. Eshik ochilib hech kutilmaganda ostonada Bahrom paydo bo‘ldi. U sipo kiyingan, yurish-turishlari avvalgiday shiddatkor emas, o‘zini bosiq tutishidan ancha quyilib qolganga o‘xshaydi.
– Niyatingizga yetdingizmi? – dedi Malika salomga alik olish o‘rniga.
– Qanaqa niyatimga? – allaqachon divanga borib o‘tirib olgan Bahrom peshonasini tirishtirdi.
– Rasmlarni kim jo‘natdi menga? Bu sizning ishingiz! Odam degani ham shunaqa pastkash bo‘ladimi?
Hamon deraza yonida turgan Malika kesib-kesib gapirdi. Bahrom o‘zini hech narsadan xabari yo‘qday tuta boshladi.
– Rasmlar? Nimalar deyapsan, Malika.
– Siz nima qilgan bo‘lsangiz, shuni gapiryapman! Lekin bu nomardning ishi, bilib qo‘ying! Yana sevaman deb og‘iz ko‘pirtirasiz-a? – dedi jahl bilan Malika.
– Sevishim rost. Faqat...
– Bas qiling! Chiqing, xonamdan!
– Xafa bo‘ldingmi? Sen mendan emas, jonajon eringdan xafa bo‘lishing kerak. Agar bilsang, menga rahmat aytishing lozim. Ko‘zingni moshdek ochib qo‘ydim, qanday ablah odam bilan yashayotganingdan ogoh etdim. Muzaffarni xiyonatkor, razil odam ekanligini, senga bevafolik qilib yurganini isbotlab berdim. Xo‘sh, gapimga endi ishondingmi? Kuppa-kunduzi begona ayol bilan quchoqlashib, o‘pishib yurish sevgan odamning ishimi? Mana, yana bir marta ko‘rib qo‘y. – Qizishib ketgan Bahrom kostyumining cho‘ntagidan bir dasta suratlar chiqarib Malikaga uzatdi, – Ma, ol! Xo‘sh, gapir. Seni biror marta cho‘milishga olib borganmi? Mana bu ayolga o‘xshab, mehr bilan ikki qo‘llab ko‘targanmi? Yoki «Moviy gumboz»ga olib borib qo‘llaringdan ushlab shirin suhbat qurganmi?
Malika tomog‘iga tiqilgan taxir narsani arang yutdi. Bahromning qo‘lidagi rasmlarga qaragisi, erining yangi sarguzashtlari bo‘lsa, tomosha qilgisi keldi. Biroq... 
– Shunaqa pastkashlik qilishdan uyalmaysizmi?
– Bu pastkashlik emas. Agar bilsang, bu – bir vaqtlar mehri tushgan va sevib qolgan, ammo unga yetisholmagan ayolni bevafo eridan himoya qilish deyiladi. Ke, qo‘y, Malika, Muzaffar o‘zi senga munosib emasdi. Faqat chiroyli gaplari, sevdim-kuydim degan she’rlari bilan boshingni aylantirgandi xolos. Shirin so‘zlarga mahliyo bo‘lib qanday turmushga chiqqaningni o‘zing ham bilmasang kerak. Mendek g‘ururi baland, to‘g‘ri so‘z, haqiqiy sevgan yigitlar esa past ketmaganmiz. Xo‘sh, mendan ustun qo‘ygan ering, shumi?
– Sizning ishingiz bo‘lmasin, bildingizmi? Marhamat qilib, xonani bo‘shatib qo‘ying.
– Haydamasang ham ketaman. Lekin mendan bekorga ranjiyapsan. O‘shanda gapimga ishonmaganding, men faqat uni isbotlab qo‘ydim xolos. Mana, eringni kimligini bilib ham olding. Nima, yomonmi? Axir u seni bir umr aldab yurishi mumkin edi-ku. Quda-andali bo‘lganda bilib qolsang, nima bo‘lardi? Bunday sharmandalikka chiday olarmiding? Bilsang, men seni botqoqdan chiqarib qo‘ydim. Ko‘rnamak eringni kimligini vaqtida bilib olding. Endi nima qilish kerakligini o‘zing bilasan. Ha, aytganday, Muzaffar bilan ajrashmadingmi?
– Ajrashgandir, deb o‘yladingizmi? Bechora Malika ersiz qolgan bo‘lsa, boraqolay deb kelibsiz-da.
– Birga yashayapsanmi?
– Ha.
– Yolg‘on gapirma. Men hammasini bilaman. ZAGS ga ham borib keldim. Ajrashdi, deyishdi. Kechaginda uyingga telefon qilib o‘g‘lingdan so‘rab olganman. Ering allaqachon ketib qolibdi-ku, kimni aldayapsan?
Malikaning yuziga nim kulgu yugurdi. Shkaf tomonga qarab asta qadam tashlarkan, rejasi to‘g‘ri chiqqanligidan ichida xursand bo‘ldi. Demak, «Nikoh uyi»ga borib to‘g‘ri qilgan ekan. Yaxshiyam har ehtimolga qarshi deb u yerdagilarni ogohlantirib qo‘ygani. O‘g‘li ham uqtirgan gaplarni aytibdiki, boplabdi. Malika psixolog dugonasidan yana bir bor minnatdor bo‘ldi. To‘g‘ri aytgan ekan. Nahot shunday ish bo‘lishini oldindan sezgan bo‘lsa?
Shkafni ochgan Malika u yerdan konvertni oldi-da kelib Bahromning oldiga tashladi.
– Olib keting! Endi hammasi kunday ravshan.
– Mendan xafa emasmisan?
– Yo‘q, rahmat sizga. Ko‘nglingiz joyiga tushgan bo‘lsa, marhamat, keting endi.
– Mening maqsadim bunaqa emasdi, Malika. Senga do‘stlikni taklif qilgandim. 
– Hayotimni zaharlagan odamni ko‘rarga ko‘zim yo‘q.
– Hayoting hali oldinda, Malika, – Bahrom rasmlarni konvertga joylagach, o‘rnidan turib stulga kelib o‘tirdi. – Faqat meni yoningdan haydamasang, bas. Sen uchun jonimni berishga tayyorman.
– Keting!
– Bir marta bag‘rimga bosmagunimcha tinchimayman. 
– Ketasizmi-yo‘qmi?
– Sen yana jahlimni chiqaryapsan, – Bahrom birdan yumshadi. Qo‘lidagi konvertni stol ustiga tashlab ichidan rasmlarni qayta chiqardi. Shoshmasdan ko‘rarkan, ham achinish, ham piching, ham g‘araz aralash gapida davom etdi. – Aslida ering bilan ajrashganing chakki bo‘libdi. Sal shoshibsan. Bu noxush manzaralarni atay suratga olganimni sezmadingmi? Sezgansan, biroq Muzaffarni kechirmagansan. Lekin mana bu ayol «Shoira qiz» rolini toza boplab ijro etdi-da. Suv tegsa borligi bilinmaydigan cho‘milish kiyimlari bilan seni dog‘da qoldirdi. Atay o‘zini cho‘kkanga solsa, ering bechora uni ikki qo‘llab qutqarib yuribdi. Qirg‘oqqa chiqqach soddalik qilib nafas olishini tekshirsa, shoira qizimiz uni shart o‘pib oladi. So‘ng bag‘riga tortadi. Qanday ajoyib ko‘rinish. Mana, bu-chi? Mashinada ham stsenariy bo‘yicha bo‘yniga osilgan va o‘pib olgan. Xullas...
– Gapingizni g‘irromlik bilan isbotlabsiz-da.
– Agar xohlasang hammasini yondirib tashlayman. Hali sendan boshqa hech kim bilmaydi. Istasang, kechirim so‘rayman. Tiz cho‘kishga ham tayyorman, Malika. Qilgan gunohimni oqlay, xo‘p, de. Men ahmoq qaysarligingni bilardim, ammo irodang sinsa, qiynalsang, taklifimga rozi bo‘larsan, deb o‘ylagandim.
– Hech qachon!
– Eringni ishiga qayta tiklab qo‘ysam-chi?
– Kerak emas!
– Yaxshilab o‘ylab ko‘r, Malika.
– Juda yaxshilab o‘ylaganman. Endi o‘ch olish navbati menga keldi. Sizni ham shunday sharmanda qilayki, birovning shirin oilasini ikkinchi buzmaydigan bo‘lasiz. Men bu ishga hech kimni aralashtirmagan edim. Endi kerakli odamlarni ishga solaman. Yalang‘och holatda darvozangiz tepasiga osib ketishadi sizni! Bola-chaqangiz, qo‘ni-qo‘shnilar bir tomosha qilishsin. Bo‘yningizga shunday xat yozib ilib qo‘yayki, o‘qiganlar aftingizga tuflab o‘tishsin. Shunaqa, endi orqaga qaytish yo‘q. Mard bo‘lib maydonga chiqdingizmi, bu yog‘iga ham chidaysiz!
Malika Bahromning rangi o‘zgara boshlaganini ko‘rib gapini tugatdi va hech nimaga qaramay shart xonadan chiqib ketdi.
Bunday gaplarni kutmagan Bahrom xiyol vaqtgacha o‘rnidan qo‘zg‘ala olmadi. So‘ng hozir qo‘lga tushib qoladigan o‘g‘riday sekingina poliklinikani tark etdi. Oradan hech qancha o‘tmay Toshkent halqa yo‘lida paydo bo‘lgan «Mersedes» rusumli mashina Yangiyo‘l shahri tomon shiddat bilan burildi...

* * *

Oradan uch-to‘rt kun o‘tib qabulxonada yana telefon ketma-ket jiringladi. Beixtiyor trubkani qulog‘iga tutgan Malikaning qovog‘i uyulib, peshonasi tirishdi.
– Yaxshimisan, Malika... Bahromning tanish tovushi eshitildi go‘shakdan. – Nima ishim bo‘lardi. Sog‘-ligingni, tinch yurganingni bilmoqchiydim... yaxshi bo‘lsa, xursandman... Yo‘q, shoshmay tur. Senda zarur ishim bor. Telefonda aytib bo‘lmaydi. Ko‘rishim kerak. Qachon boray?... Yo‘q dema, bo‘lmasa, ogohlantirmay kirib boraveraman. Nima, ishxonangda janjal ko‘tarishimni xohlayapsanmi? Ko‘rarga ko‘zing yo‘q bo‘lsa-da, ko‘rasan! Gaplarimni eshitasan! Ertaga albatta boraman. Allo, nega indamaysan? Allo, gapirsang-chi?
– Yana nima istaysiz mendan?
– Yaxshilab gaplashib olishimiz kerak.
– Istamayman!
– Unda, ertalabdan borib olaman-da, «Malika, menga turmushga chiq!» deb baqira boshlayman.
– Bu hafta ishlarim juda ko‘p.
– Unda keyingi xafta boraman. Xo‘sh, dushanba og‘ir kun, seshanba... seshanba bemalol. Allo, eshityapsanmi? Seshanba kuni albatta boraman, kelishdikmi? Nega endi, kechga yaqin? Menga farqi yo‘q! Bo‘ldi, bo‘ldi, kelishdik. 
Bahrom go‘shakning peshonasidan o‘pib, asta joyiga qo‘ydi. Og‘zining tanobi qochdi. Nahot, Malika o‘zgarib qolgan bo‘lsa? Undan osonlikcha qochib qutulolmasligini bildimikin? Yoki eriga achchiq qilib... qiziq? Lekin u darrov taslim bo‘ladigan ayollardan emasdi-ku? Nima jin urdiykin? 
Aylanma kursida huzur qilib o‘tirgan Bahrom goh taajjubga tushsa, goh shirin xayollarga berildi. Ishni o‘ylamaslik uchun kotibani chaqirib, biror soat bezovta qilmasligini tayinladi.
«Malika, Malika. Nahot taklifimga rozi bo‘lsang? Axir sen or-nomusni har qanday narsadan yuqori qo‘yarding-ku? Nima bo‘ldi senga? Yolg‘iz qiynaldingmi yoki pulga zoriqdingmi? Ish tugashiga keling, deyishingni tushunolmay qoldim. Rostdan ham men bilan gap-lashging kelyaptimi yoki atay shunday dedingmi? Balki o‘ylab ko‘rib hamon yaxshi ko‘rishimni tushungandirsan-da. Lekin seni og‘ir tashvishga qo‘ydim. Tinchgina turmushingni buzib, yuragingni tilka-pora qildim. Sen meni aslo kechirmaslikka haqqing bor edi. Hatto ismimni eshitishga toqat qilolmasding-ku, Malika? Nima bo‘ldi senga?
Men esa sendan aslo xafa emasman. Xira pashshadek atrofingda aylanaversam-da, aslida sening harakatlaringni to‘g‘ri deb baholayman. Ichimda, haqiqiy pok ayol shunday bo‘lishi kerak, deb tan beraman. Eringga bo‘lgan sadoqatingga, mehr-muhabbatingga lol qolaman. Seni o‘ylasam, ishxonamdagi ko‘z suzib ishva qilayotgan ba’zi juvonlardan nafratlana boshlayman. Ularni ezib tashlagim keladi. Bachkana qiliqlarini ko‘rib ensam qotadi. Bir og‘iz gapimga «yo‘q» demay, «O‘ylab ko‘rish kerak» deb nozlanishini ko‘rib, yoqamni ushlayman. Keyin menga nima, deb qo‘l siltayman-da, ularni mayna qilaman, ustidan kulaman, bu kuningdan battar bo‘l, deb xo‘rlayman. Sen esa... butunlay bo‘lakchasan, Malika. O‘z qadringni bilasan. Uni xor qilmaysan, birovga ham xor qildirib qo‘ymaysan. Shundanmi, oldingga intilaveraman. Sen bilan dildan suhbatlashgim, qilbimdagi dardlarimni, ichimni kemirayotgan iztiroblarimni to‘kib sochgim keldi. Go‘yo faqat sengina ularni tushunadiganday.
Xotinimni sevmasligim rost. Uylan, deyishdi, uylanganman. Biroq ko‘nglimdagi ayol bo‘lib chiqmadi, shundanmi, hamon befarqman. Negaki, dilgir emas, pokiza emas. Erkak kishi bora-bora xotinning turush-turmushiga, tabiatiga ko‘nikib ketarkan. Menday yigitga nega shunaqa anqov xotin uchraydi, deb ba’zida yonib ketaman. Uni senga taqqoslaymanu hayotimdan noliy boshlayman... Sen latofatli ayolsan, Malika. Senga uylanganimda albatta baxtli bo‘lardim. Armonsiz yashardim. Ne qilayki, taqdirimiz boshqa-boshqa ekan. 
Biroq men seni yana uchratdimu qaytadan darvesh bo‘lib qoldim. Bilmadim, bu sevgidanmi yoki hirsdanmi, ajratolmay halakman, Malika. Qaysarliging, cho‘rtkesarliging, menga bo‘lgan nafrating, oilangga cheksiz sadoqating va oyday husnu jamoling, hamma-hammasini qo‘shganda ham seni unutolmayapman. Nechun? Buni o‘zim ham tushuna olmayman! Qalbimdagi shu g‘ala-g‘ovur fikrlarni senga aytgim keladi. Ammo... endi aytolmasligimga ko‘zim yetib turibdi. Yomon ko‘rib qolding. Meni ko‘rishni ham, eshitishni ham xohlamaysan. 
Aslida... senga yomonlik qilmay, boshidanoq do‘st tutinsam bo‘larkan? Shunda sening nafratingga emas, hurmatingga sazovor bo‘larmidim.»

Bahrom kunni shu tarzda kech qildi. Allamahalgacha uxlolmadi. Xotini Malohatning «Hm, nega, uxlamayapsiz?» deb bir-ikki turtib qo‘yganiga deyarli ahamiyat qilmadi. Vaqt esa shunday imillab o‘tardiki, yo tavba o‘n birmi, endi, o‘n ikkimi?..
 
* * *

– Salom, salom. Nahot, meni kutayotgan bo‘lsang? – ichkariga oshiqqan Bahrom Malikaga qo‘l uzatdi.
– Men siz bilan so‘rashmayman. 
– Shundaymi? Nailoj.
Bahrom shunday bo‘lishini avvaldan bilgani uchunmi, zarracha xijolat tortmadi. Borib divanga o‘tirarkan, aksincha, quvnoqlik bilan gap boshladi.
– Shunday qilib ko‘zlarimga ishonmay turibman. Qarshimdagi g‘ururi baland Malikami yoki taqdirga tan bergan ojizami?
– Siz bilan oxirgi marta yaxshilab gaplashib olmoqchiman, – sovuqqina javob qildi Malika o‘z o‘rniga o‘tirarkan.
– Nega endi oxirgi marta? – Bahromning jilma-yib turgan yuzi birdan jiddiy tus oldi. Malikaning ko‘zlariga sinchkov nazar tashlarkan, ikki yonga tashlab olgan qo‘llarini yig‘ishtirib, oldinga bir oz egildi va yana qayta so‘radi:
– Nechun oxirgi marta?
– Yetar, shuncha azob-uqubat yetkazganingiz. Hayotdan to‘yib ham ketdim. Boshimni qayoqqa urishni bilmayman. Bu bevafo dunyoda kimga ishonishim kerak o‘zi? Umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan ering bildirmay senga xiyonat qilsa. Ish bilan ovunay desang, oldinga yurishga yo‘l berishmasa, kimdir esa paytdan foydalanib, o‘ynash bo‘lishga undasa!
– Men seni o‘ynash bo‘lishga undagan emasman!
Halitdan buyon jim o‘tirgan Bahrom gap shu yerga kelganda negadir o‘rnidan dast turib ketdi.
– Nima, yodingdan chiqdimi, eringdan ajrashgin, senga uylanaman, deganim. Unamading, to‘g‘rimi? Ayb o‘zingda. Rost, senga yomonlik qildim, lekin bularning barchasiga jahl ustida, o‘zimni bilmagan holda qo‘l urdim. E, nimasini aytay. Qani endi meni kechirsangu, o‘lguncha birga bo‘lsang.
– To‘rtta bolani tashlab, xotiningiz bilan ajrasharmidingiz?
– Bo‘lmasam-chi! Uni sevolmadim, Malika, sevolmadim! Hech qachon sevolmayman ham. Tushunayapsanmi, ko‘nglim yo‘q unda. Ayniqsa, hozir shunday ko‘nglim soviganki...
– Shu gaplarni xotiningiz eshitib qolsa, nima bo‘ladi?
– Eshitsa nima? Qo‘rqadigan joyim yo‘q. Ketsa, yana yaxshi, – dedi Bahrom qo‘l siltab.
– Ajrashdim. Toshkentdan ish ham topib qo‘ydim degandingiz-ku?
– Lekin sen menga tegishga rozi bo‘lmayapsan-ku!
– Gapingiz yolg‘on ekanligi oshkor bo‘ldimi?
– Bu men uchun muammo emas, Malika. – Bahrom stolni aylanib o‘tib Malikaning oldiga keldi.
– Yaqinlashmang.
Bahrom bir oz ortga chekinish o‘rniga Malikaning stuli orqasiga o‘tib uni yelkalaridan quchmoqchi bo‘ldi. Malika siltanib o‘rnidan turib ketdi.
– Torting qo‘lingizni. Sizda ozgina bo‘lsa-da insof bormi? Oilamni buzdingiz, erimni ishdan oldirdingiz! Yana nima istaysiz?
– Meniki bo‘lishingni!
– Hech qachon!
– Seni tinch qo‘yishimni xohlaysanmi-yo‘qmi? – Bahrom o‘ylab o‘tirmay Malikaning o‘rniga o‘tirib oldi. – Gapir, xohlaysanmi?
– Xohlayman.
– Unda ikki taklifimning biriga ko‘nishing kerak.
– Qaysi taklifingizga?
– Nima, yodingdan chiqdimi? Yo menga tegasan yoki har zamonda uchrashib turamiz.
– Hech qachon!
– Unda, oxirgi shartimni eshit. Agar shunga ham rozi bo‘lmasang, o‘zingdan ko‘r.
– Yana qo‘rqitmoqchimisiz yo... pastkash ishlaringizning davomi bormi? – dedi Malika g‘azab bilan.
– Nima deb o‘ylasang, o‘ylayver. Maqsadim senga uylanish! Agar bunga ko‘nmasang, men bilan bir marta birga bo‘lasan. Boshqa seni bezovta qilmayman. Erkak-lik gapim shu! Oxirgi shartim ham shu! Faqat bir marta!
– Meni zo‘rlamoqchimisiz?
– Kerak bo‘lsa zo‘rlayman ham. Yaxshisi, o‘zing rozi bo‘l, Malika, – dedi Bahrom bezrayib turib.
– Ozgina uyalsangiz bo‘lardi.
– Vrachda uyat nima qiladi.
– Inson sifati-chi? Yoki odamiylik qiyofangizni ham yo‘qotganmisiz? – so‘radi Malika ovozi titrab. 
– Oxirgi shartimni aytdim senga.
Malika bir zum o‘yga toldi. Keyin deraza yoniga bordi. O‘girilib Bahromning ko‘zlariga tikildi.
– Niyatingizdan qayting, Bahrom aka.
Ismini eshitgan Bahrom g‘alati bo‘lib ketdi.
– Qaytolmayman, Malika, – deb yubordi sust ketib.– Sen bilan bir martagina birga bo‘lsam, bo‘ldi, bu dunyodan armonsiz o‘taman. 
– Shu yerdami?
– Xohlagan yeringda!
– Hazillashmayapsizmi?
– Yangiyo‘ldan hazil uchun kelganim yo‘q!
Malika Bahromdan ko‘zlarini olib qochdi. Buni o‘zicha tushungan Bahrom asta u tomon kela boshladi. Malika «na chora» deganday yelkasini qisib qo‘ydi-da, stoli ustidan kalitni olib qarshisida ko‘zlari yonib turgan Bahromga uzatdi.
– Sizga shu narsa kerakmi?
Bahrom bir zum angrayib qoldi. Tili gapirishga aylanmadi. Qarshisida mayuslanib turgan ayolga tikilarkan, nima qilishni bilmay, qo‘llari bilinar-bilinmas titray boshladi. U kecha Malikaning uchrashuvga rozilik berganiga taajjubga tushgan bo‘lgandi, hozirgi ishidan esa tamomila lol bo‘ldi. 
«Nima bo‘ldi bu qaysar Malikaga? Nahot taqdirga tan bergan bo‘lsa? Yoki keyingi tinchi uchun noiloj rozi bo‘lyaptimikin?» Bahrom hamon o‘ylarini yig‘ib ololmayotgan edi.
– Xo‘sh, turaveramizmi shunaqa qilib?
Bahromning ori keldi. Malikaning qo‘lidan shart kalitni oldi. Ammo eshikni berkitishdan avval yo‘lakka chiqdi, atrofga o‘g‘rincha nazar tashladi. hayajonlanayotgan bo‘lsa-da, ko‘ngli bir oz joyiga tushdi chog‘i, eshikni ichkaridan qulfladi. 
– Boshqa bezovta qilmaysizmi?
– Yo‘q! Qilmayman. Faqat bir marta... bir marta... Bo‘laqol, yechinsang-chi? Yoki o‘zim...
– Namuncha hayajonlanyapsiz?
– Birdan... hech kutilmaganda...
– Bo‘pti, unda, hech narsa bo‘lmaydi.
– Ie, nimalar deyapsan? Shu narsani bir umr kutib yashayapman-ku. Nahot, sening oyday jamolingga bugun yetishsam? Faqat... bunaqa vaziyatda... Sen bilan... Ha, mayli, nima bo‘lsa, bo‘ldi.
Bir zumda Bahrom tursikchan qoldi. So‘ng qizarib-bo‘zarib chiroqqa ishora qildi. 
– Menga baribir. 
Bahrom ichidan toshib kelayotgan qaltiroqni qanday bosishni bilolmay beixtiyor chiroqni o‘chirdi. «Shunisi ma’qul. Yorug‘da unga yaqinlasholmayman. Yuragim dov bermaydi. Ko‘zlariga tik qarasam... sharmanda bo‘lishim aniq! Keyin ustimdan... E, Xudo, o‘zing kuch-quvvat ber. Meni sharmanda qilma!». Bahrom shu bilan ko‘ngliga taskin berganday bo‘ldi va Malikaga asta yaqinlasharkan, ovozi titrashiga qaramay, so‘z aytishga o‘zida kuch topa oldi:
– Yechinmaysanmi, nega turibsan? Sening navbating.
– Yo‘q, endi mening navbatim! – Derazaga tutilgan qalin parda bir tomonga «sharaq» etib tortildiyu...
Bahrom turgan joyida haykaldek qotib qoldi. Yuziga «tars» etib tushgan shapaloqdan o‘ziga keldi. Biroq dami ichiga tushib ketganidan tili aylanmadi, oyoqlari qaltirab o‘tirishga joy qidirdi.
Malohat borib chiroqni yoqdi.
Rangi bo‘zday oqarib ketgan Bahrom Malikaga yeb qo‘ygudek bo‘lib xo‘mraydi. U xotinining oldida bunchalar sharmanda bo‘lishini aslo xayoliga keltirmagan edi.
Malohat stul ustiga yechilgan kiyimlarni oldi-da, erining basharasiga qarab otdi. Bahrom kiyina boshladi. 
– Sen xotinboz necha marta qasam ichasan! Yangiyo‘l qolib, endi Toshkentga o‘tdingmi? Bu yerda xotinim bilmaydi deb o‘yladingmi? Erkakmisan o‘zi, erkakmisan! – Malohat jon holatda erining yoqasidan tutib siltadi. Endigina taqilgan ko‘ylak tugmalari tirs-tirs uzildi.
– Qasamxo‘r. Xotinim yana kechiraveradi, deb o‘yladingmi? Bu kuningdan o‘lganing yaxshi emasmi? Gulday umrimni hazon qilding-ku, kasofating o‘zingga urgur!
Malika bu gaplarni kutmagan edi. Demak, Bahrom avval ham qo‘lga tushgan ekan-da? Nega bu haqda kecha indamadi, Malohat? «O‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiman. Nima desa «xo‘p» deng» deb yalingani bejiz emas ekan-da.
– Qani oldimga tush. Men endi buni shunday qoldirmayman. Mahalla-ko‘y oldida, ota-onang oldida sharmandangni chiqaraman!
Bahrom «Qo‘yvor!» deb siltandi. Aftidan u o‘zini ho‘kizday yetaklab olib ketishlarini istamadi.
– Yo‘q, men bilan birga ketasan!
– Malikada bir og‘iz gapim bor.
– Gapir!
– Tashqariga chiqib tur.
– Mening oldimda gapirasan!
– Chiqib tur! – o‘shqirdi Bahrom.
Ranglari ko‘karib, titrab-qaqshab ketgan Bahromning ko‘rinishi na faqat Malikani, balki Malohatni ham biroz qo‘rquvga soldi.
– Chiq, dedim senga!
Malohat noiloj eshikni ochib, tashqariga chiqdi.
– Uyga boribsan-da.
– Bordim. – Ovozi titrab chiqqan Malika asta stolga yaqinlasharkan, ko‘zi qirini qaychiga tashlab qo‘ydi.
– O‘ch olmoqchi bo‘ldingmi?
– Yaxshi gapga ko‘nmadingiz.
– Meni bopladim, deb o‘ylayapsanmi? Shunday qilsam, Bahromdan qutulaman deb, xomtama bo‘ldingmi? E, yo‘q, mendan osonlikcha qutulolmaysan. Sharmanda qilish qanaqaligini endi senga ko‘rsatib qo‘yaman. Ha, aytganday, ering bilan yarashib olibsanmi? Ajrashmagan ekansan-da. Laqillatmoqchi bo‘lganmiding? Ha, yaxshi, mana buni tabrik uchun olib qo‘y. Eringga o‘zim alohida yuboraman. Omon bo‘l!
Bahrom shart orqasiga burildi. Eshik «qars» etib yopildi. Oyoqlaridan mador ketib o‘zini zurg‘a tutib turgan Malika kursiga o‘tirib qoldi. Stol ustiga tashlangan oddiy konvertga qo‘rqibgina qarab qo‘ydi. Keyin yuragiga g‘ulg‘ula tushdi.
«Nima bo‘lishi mumkin ichida?» Chaqmoqdek yalt etib fikridan konvert ko‘ziga kattalashgandek ko‘rinib ketdi. Bundan yuragini battar vahima egalladi. Vahima borgan sari butun vujudini qamrab oldi. Yo‘q, Malika joyida o‘tira olmadi. O‘rnidan otilib turdi, hoziroq borib konvertni ushlab qolmasa, go‘yo uning ichidan qandaydir qo‘rqinchli mahluq chiqib qoladiganday peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi va shart konvertga yopishdi. Qo‘llari titraganicha bir amallab uni ochdiyu bir qancha suratlarga ko‘zi tushdi.
Malikaning tomog‘iga nimadir tiqilganday bo‘ldi. Bazo‘r yutinarkan, suratlarga tez-tez nigoh tashladi: ularning birida Bahrom Malikaning qo‘li ustiga qo‘lini qo‘yib turibdi. Boshqasida Bahrom unga qandaydir tilla zanjir uzatyapti. Keyingisida Malika taqinchoqni qo‘liga olib ko‘ryapti. Undan so‘ng... Birdan Malikaning ko‘zi oldi qorong‘ulashib ketdi. Oyoqlari qaltirab arang divanga yetib bordi.
– Voy, iflos-ey, bularni qanday o‘xshatdi ekan? G‘ijimlagan suratda go‘yo Malika Bahromning bo‘yniga osilib olgan, Bahrom esa uni mahkam quchib turibdi. Boshqa bittasida ularning o‘pishayotgani aks etgan.
Malika qo‘lidagi rasmlarni nima qilishini bilmay qoldi. Ularni qancha ushlab turgan sari yuragini shuncha vahima bosar, ichida birdan paydo bo‘lgan olov butun vujudini tobora kuydirib, qovjiratib borardi.
Bu rasmlar Muzaffarning qo‘liga tushib qolsa, nima bo‘ladi? Bunaqa paytda erkak kishi mulohaza qilib o‘tirarmidi? Hamma narsani ostin-ustinini chiqarib tashlaydi-da, keyin o‘ylab ko‘radi. Malika erini bilmasa ekan. Balki Bahrom allaqachon eriga ham uni badnom qiluvchi bu suratlarni yetkazgan bo‘lsa-chi? Yoki hozir yo‘l-yo‘lakay tashlab o‘tsa-chi? Muzaffar qanday ko‘yga tushdiykin? Tishini qayrab eshik oldida kutib turgandir?
«– Meni Jizaxga jo‘natib yuborib, nima ishlar qilib yuribsan?! – Malika yuziga tarsaki tushganday seskanib ketdi. – Xo‘sh, endi sen bu suratlarga nima deysan? Shu yo‘l bilan mendan qasos olmoqchi bo‘ldingmi? Sadoqat, ahdu vafo haqidagi gaplaring cho‘pchak bo‘lib chiqdimi?
– Men... men bu odamdan zanjir olmaganman.
– Unda, o‘pishganing-chi, u ham yolg‘onmi? 
– Yolg‘on! Hammasi yolg‘on!
– Meni laqillatolmaysan! Yo‘qol, ko‘zimdan!»
Malika tamomila o‘zini yo‘qotib qo‘ydi va beixtiyor «Ey, Xudoyim, tuhmatdan o‘zing asra!» deb yubordi. Keyin nafasi siqilayotganday bo‘g‘ila boshladi. Bir zumda rasmlar xiralashib, ayqash-uyqash bo‘lib ketdi. Yuragini changalladi. Nimadir demoqchi, kimnidir chaqirmoqchi bo‘ldi, biroq ovozi xirillab chiqdi. Og‘riqqa chidolmay oldinga engashdi. «Yo‘q, bu xavfli». Bunday fikr uning xayolidan kechdimi yoki kimdir qulog‘iga shivirladimi – bilolmadi. Malika amallab qaddini tutdi. Endi unga yana ozgina kuch, salgina quvvat kerak edi: Malika so‘nggi kuchlarini yig‘a boshladi: barmoqlari orasida qolgan rasmlar asta g‘ijimlandi, ko‘zlari qisilib, peshonasi ajinga to‘ldi, quruqshagan lablari ohista pichirladi:
– Iflos, tuhmating boshingni... yesin!
Malika o‘rnidan tura olmadi. Yuragini ushlaganicha divanga yonboshlab yiqildi. Qo‘lidagi suratlar polga tushdi. Xuddi shu payt xona eshigi ochilib, ostonada farrosh ayol ko‘rindi. Malikaning barmoqlari suratlarni bir amallab divan ostiga sura oldi...

* * *

Qissaning ushbu bobini yozmoqchi bo‘lmaganimni endi anglagandirsiz, Bahromni begunoh bir ayolga qilgan yomonliklari o‘zi uchun fojiaga aylanishini sira kutmagandim. U Malikaning so‘nggi ogohlantirishidan to‘g‘ri xulosa chiqarib oldi, deb o‘ylagandim. Biroq, Bahrom yana shaytonning vasvasiga uchdi. Malikaning yoniga qaytib borganida... ming afsuski, uni ajal quvib kelgan ekan. Xotini poylab kelganidan jahli chiqqan, ayollar ichida sharmandai sharmisor bo‘lganidan fig‘oni falakka ko‘tarilgan Bahrom mashinaning mingga qo‘yib uchirib ketdi. Qorong‘u tushib qolganiga, Malohatning «hay-hayi»ga e’tibor ham bermadi: «Senmi meni poylaydigan! Senmi hali meni sharmanda qiladigan!» deya baqirdi, o‘shqirdi, yelkasidan itarib-itarib yubordi. Na svetoforning qizil chirog‘iga, na qarshisidan kelayotgan mashinalarning «chetroq yur» deganday qilgan signaliga, chirog‘ini yoqib-o‘chishiga parvo qilmadi. Oqibatda esa... Yangiyo‘lga kiraverishdagi svetoforning qizil chirog‘ida birdan to‘xtagan «Kamaz» mashinasini payqamay qoldi.
Malohatning «Ko‘zingga qara!» deb qichqirig‘idan o‘ziga kelganda esa... kech bo‘ldi.
Malohat bolalarining baxtiga tirik qoldi. Oxirgi soniyada boshini saqlash uchun o‘zini yon tomonga tashlagani jonini omon qoldirdi – Allohning unga rahmi keldi. Bahrom esa mashina rulini changallaganicha jon taslim qildi. Uning chaqchaygan ko‘zlari ochiq qoldi.
Tongga yaqin Toshkentdagi shifoxonalarning birida Malika o‘ziga kelgan bo‘lsa, Yangiyo‘ldagi shifoxonada Malohat hushiga kelib ko‘zlarini ochdi.
Fojeadan bexabar bo‘lgan Malika darhol Malohat haqida o‘yladi: uyiga tinchgina yetib oldimikin? Sharmanda bo‘lgan Bahrom yo‘lda urib-netmadimikin? 
Hushi o‘ziga kelgan Malohat shu ondayoq Malika to‘g‘risida o‘yladi: o‘z nomiga, ayollik sha’niga, muqaddas oilasiga dog‘ tushirmagan ayollar bor ekan, hali ularning iymoniga putur yetmagan ekan, dunyo davom etadi, etaveradi! Qiyomat bo‘lmaydi.

Biroq... Qiyomat haq gap.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.