OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Alisher Fayz. Pul sanash (hikoya)

Margarita Zya pul sanashni yaxshi ko‘rardi. Bu mashg‘ulot uni ovutar va ayni paytda hayajonga solardi. Ayniqsa, qalin pul bog‘lamlarining huzuri boshqacha edi. Aslini olganda, pulning qanaqaligi ahamiyatsiz — milliy pulmi yoki xorijning pulimi, yirik yoki mayda pulmi, baribir edi. Lekin bir safar o‘gay akasining yuzdollarlik pullarni uch bor qayta sanagani tez-tez yodiga tushib turadi. Oh, shunda qanday lazzat olgan edi-ya! Bu o‘n daqiqacha davom etdi, chamasi. Margarita, bor dunyoni butkul unutib, osmonu falakka pavoz qildi.
U biror bank yoki idorada hisobchi bo‘lishni xayoliga ham keltirmasdi. O‘qituvchilik qilardi va taqdiridan nolib gapirmasdi. Biroq o‘ziniki bo‘ladimi yo begonanikimi, pul sanashga, qayta-qayta sanab ko‘rishga har doim, har joyda shay edi. Ba’zan Zya tushida pul sanar, lekin, hayratga soladigani, tushida bu mashg‘ulot har doim ham yoqimli bo‘lmasdi. Bir safar pullar qo‘liga chippa yopishib qoldi, Margarita ulardan hech qutulolmadi. U gir aylanar, qo‘llarini silkitib ularni yulqib tushirmoqchi bo‘lar, lekin pullar aksincha badtar terisiga birikib, singishib ketardi. Boshqa bir qo‘rqinchli tush ham ko‘rgan edi: qog‘oz pullarning katta to‘dasi navbatga turib, Zyaning qayta sanashini kutardi. Pullar uni sanashga rozi bo‘lishga, undab yalinishdi. «Iltimos qilamiz, bizni bir sanang!» — deb qichqirishardi ular nochor ahvolda. Margarita ortiq chidab turolmasligini yaxshi bilsa-da, ancha vaqt qarshilik qildi. Nihoyat, sanashni boshladi. Dastlab bu unga yoqdi, lekin pullar kelaverdi-kelaverdi, ularning keti ko‘rinmasdi. Oralaridagi surbetlari: «Meni sanang, meni sanang», — deya navbatga qaramay tiqilinch qilardi. Margarita pullardan qochib, qayergadir berkinishga majbur bo‘ldi, lekin ular yetib kelishib qurshab olishar, har tarafdan suqilishib, uni sanashga, qayta-qayta sanab chiqishga majbur qilishardi...
Bugungi kun ertalabdan yaxshi bo‘ldi, Londonda mayning odatdagi havosi hukm surardi. Havo toza, yomg‘ir ora-sira tomchilab o‘zini eslatib qo‘yar, biroq injiqlik qilmasdi.
Zya ishlaydigan maktab uyiga yaqin joyda edi. Margarita odatdagiday ishga piyoda ketdi. Yo‘l yashil o‘rindiqlar o‘rnatib qo‘yilgan chog‘roq bog‘ ichidan o‘tardi. O‘rindiqlardan birining yonidan shundoq o‘tayotib, Margarita tuyqusdan yerda yotgan, yelim qog‘ozga o‘rog‘liq bir dasta... pulni ko‘rib qoldi. Avvaliga ko‘zlariga ishonmadi — Londonning qoq markazidagi bog‘da buncha pul nima qilsin? Lekin, yaqinroq kelib qo‘liga olganidan so‘ng, pullarning haqiqiyligiga, ya’ni yap-yangi yuzdollarliklar ekaniga ishonch hosil qildi. Qalin bir dasta yuztaliklar!
Vaqt ertalabki sakkizu o‘ttiz edi, dars boshlanishiga yarim soat bor, lekin bolalarni ro‘yxatdan o‘tkazishgacha o‘n minut qolgan. Nima qilsin — politsiyani chaqirsinmi, yo‘lovchilarga qichqirsinmi? Balki pullarni shu oradagi, yaqinroqdagi... Biroq u bir qarorga kelolmasdi. Yo uyga eltsinmi? Yoki maktabga olib borgani ma’qulmi? Keyin bamaylixotir gazetaga e’lon berar? Balki ularni shu yerga tashlab ketar? Atrofda hech kim ko‘rinmas, onda-sonda uzoqdan yo‘lovchilarning qorasi ko‘zga chalinar, Margaritaning boshida esa fikrlar g‘ujg‘on o‘ynardi.
U ko‘zini sirli bir dasta pulga qadagancha, qoqilgan qoziqday turgan joyida qaqqayib turardi. Aftidan, besh yoki yetti daqiqacha o‘tdi, ehtimol, ko‘proqdir. Yonidan o‘tib ketgan ikki-uch odam unga e’tibor berishmadi.
Bu yerda qancha pul bor ekan? Qaniydi bir sanab ko‘rsa. Iloji bormi? Ana o‘rindiq. Sanagani — o‘ziniki qilib oldi, degani emas-ku. Sanaganda shiqirlaydigan yuzdollarliklar, bunday yap-yangi gard yuqmagan qog‘oz pullarni hali hech qachon uning qo‘li ko‘rmagan. Sanasa, o‘ziyam, rosa jazavaga solsa kerak! Bir marta sanaydi, xolos, keyin ularni yotgan joyida qoldiradi yoki politsiya bo‘limiga olib boradi. Maktab-chi? Hechqisi yo‘q, shuncha vaqt ishlab hali biror marta ishga kech qolmagan, bugungi mayda qoidabuzarlikni amallab tushuntirsa bo‘ladi. Shu yil Zya Middleseks grafligida eng yaxshi matematika o‘qituvchisi deb tan olingan, maktab ma’muriyati ham uning qadriga yetadi.
Maragarita o‘rindiqqa o‘tirdi, yelim qog‘ozni ochib pullarni oldida, atrofga bir o‘girilib qarab, sanashga tushdi. Bu aql bovar qilmaydigan qandaydir bir g‘aroyib mashg‘ulot edi. O‘ta maroqli, hayratlanarli, Shveysariya shokoladidan yoki hatto Vivaldi musiqasidan-da shirin edi. Pullarning shitirlashi xuddi sevimli bastakorining Allegrosiday Zyaning joniga huzur bag‘ishlardi. Yuzdollarliklar 276 ta ekan, ya’ni 27600 amerika dollari! Qariyb bir yillik maoshi uning.
Nega endi 276 ta? Ehtimol, u adashgandir? Qayta sanash kerak, bu, axir, begonaning puli-ya, xatoga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. O‘quvchilar biroz kutib turishar. Qanday yupqa, naqadar nozik bu yap-yangi pullar. Xushbo‘yligi-chi, xushbo‘yligini aytmaysiz! Yangi uzilgan sarhil mevalarning, dengiz havosiyu fransuz atirlarining hidi qorishib ketgan.
Margarita 58ga kelganda, maydonchada yoshgina ayol bolasi bilan paydo bo‘ldi. Ayol bir dasta pulni qo‘lida ushlab turgan Zyaga qiziqsinib tikildi. Rohati biroz buzilgan bo‘lsa-da, Zya chalg‘imaslikka, pullarni oxirigacha sanashga qaror qildi.
Bu orada yana bir odam — keksa erkak kishi g‘ilay ko‘zlarini Zyaga tikdi va hatto nariroqda to‘xtab qarab turdi. Margarita, garchi hisobdan adashmagan bo‘lsa-da, asabiylasha boshladi. 73,74... ammo bu, baribir, juda ajoyib hissiyot, u anchadan buyon bunday holatni boshidan kechirmagandi. Go‘yo musibatlari ariganday, yaqinginada bo‘lib o‘tgan qo‘ydi-chiqdi mojarolari gurillagan tramvayday g‘izillab o‘tdi-ketdi, yolg‘izlik chekindi, moliyaviy muammolar barham topdi... 113,114... aftidan, maydonchada yana kimdir paydo bo‘lgan ko‘rinadi, yo‘q, ikki yo uch kishi, lekin chalg‘imaslik kerak, bo‘lmasa yana qayta sanashga to‘g‘ri keladi... 155,156... xo‘sh, nega endi hammasi unga ko‘z tikib qolishdi... 188,189...
Maydonchaga to‘plangan odamlar hayron bo‘lib bir-birlariga qarashardi.
«Balki xorijlikdir, lekin o‘xshamaydi», — o‘yladi bekorchilardan biri.
«Politsiyaga xabar berish kerak, bunday bir dasta naqd pulni qo‘lda ushlab turish judayam shubhali», — degan fikr o‘tdi ikkinchi yo‘lovchining xayolidan.
«Dollarlar, hali birortasining beliyam qayrilmagan, bokira! Menda bo‘lsaydi shuncha pul, darrov ishlatib yuborardim», — orzu qildi yana bir guvoh bo‘lib turgan ayol.
Kutilmaganda shu atrofda o‘ynayotgan bola itqitgan koptok Margaritaning yelkasiga tegdi. Bu endi quyushqondan chiqish bilan barobar edi. Qanaqa odamlar o‘zi, jamoat joyida bolalariga qarashmaydiyam! Bu ketishda hisobdan adashish hech gapmas... 223, 224... Zya baribir sanash maromini buzmadi, o‘zining ezgu tilagiga aylangan mashg‘ulotini bir nafasga bo‘lsin to‘xtatmadi.
Endi maydonchada it paydo bo‘ldi. Itga, aftidan, yangi yuz dollarlik qog‘ozlarning hidi yoqib qoldi shekilli, uzun tumshug‘ini cho‘zib pulga yaqinlasha boshladi. Margarita jonivorlarni yaxshi ko‘rardi, u hatto itlar huquqini himoya qilish jamiyatining faollaridan edi. Lekin bu ko‘ppakning o‘zini tutishi g‘irt bema’ni, yovvoyilarga xos. Egasi qayerda buning, qayoqqa qarayapti? Bizda faqat itlarga haq-huquq berilmagan-ku. Ket... 258, 259... qani ket bu yerdan, iltimos... 265, 266...
Ozgina qoldi, mana hozir oxiriga yetadi — Margarita sanashni yakunlaydi va ... bir necha soniya ko‘zlarini chirt yumadi, lazzatli lahzalarni imkon qadar cho‘zadi. Ana shu hisni yodda saqlab qolish kerak, bu bir umrga tatiydi.
— Kechirasiz, sizga buning bari g‘alati tuyulmayaptimi? — Zyaga murojat qildi shlyapali qariya. Sirli hisobchining javobini kutib atrofdagilar jonlanishdi.
Margaritaning cholga qayrilib qarashga ham imkoni yo‘q edi, u shunday maroqli mashg‘ulotning yakuniga yetay deb turibdi! 276, 277... Nega bunaqa? Oldin sanaganida 276ta edi, hozir bitta qog‘oz pulga ko‘p chiqdi? Bunday bo‘lishi mumkin emas! Bu odamlarga o‘zi nima kerak, surbetlar, hammasini chalkashtirib yuborishdi. O‘zlarining ishi bilan shug‘ullanishsa-chi! Margarita, zo‘r huzur-halovat tuygan bo‘lsa-da, baribir qattiq xafa edi.
Nima qilish kerak? Pullarni shu yerga tashlab ketaversinmi yoki har holda, politsiya mahkamasiga olib borgani ma’qulmi? E, yo‘q! Ikki bor qayta sanaganda ikki xil chiqib turibdi-yu, qanday qilib olib boradi? Qolaversa, bu g‘aroyib qog‘ozchalarni yana bir marta mazza qilib sanagisi kelayotir.
Margarita 233ga yetganda, bekorchilardan birining chaqirig‘iga binoan politsiyachi yetib keldi. 247ga kelganda esa u ishlayotgan maktab direktori ham paydo bo‘ldi. Sotqinlar! Darrov yetkazishibdi-da! Hammasi bo‘lib uning atrofida 15tacha odam to‘plandi.
278! E, bu nimasi, yana xato sanadimi? Margaritaning ta’bi juda xira bo‘ldi. Hayotida bunaqasi hali bo‘lmagandi. E, jin ursin bu odamlarni, qurib ketsin maktabiyam! Dollarlar, yap-yangi, yupqa, mo‘rtgina dollarlar o‘zlarini qayta sanashni o‘tinib so‘rashardi. Zya ham aynan shuni xohlardi. Rad etib bo‘larmidi? 1, 2... Ketinglar, tegmanglar menga... 28, 29... Politsiya! Odamlar! Meni tinch qo‘yinglar... 65, 66... Mendan nima istaysizlar? Bu mening pullarim, yo‘q bu sizning pulingiz emas... 133, 134... Kasal emasman, menga shifokorlarning keragi yo‘q, bog‘lamanglar meni, men hozir maktabga borib, bolalarga dars beraman, men okrugdagi eng yaxshi matematika o‘qituvchisiman... 168, 169... Men advokat talab qilaman, qadrimni, erkimni, haq-huquqlarimning himoyasini talab qilaman... Qo‘lingizni torting mendan... 201... Bermayman, yo‘q!.. 246, 247... Qo‘yib yuboringlar, bo‘g‘manglar meni, nafas ololmayapman... 262... Men o‘layapman, e xudo, hushdan ketayapman... xayr... 278, 279... E, yo‘q, bu safar ham boshqacha chiqdi, yana to‘g‘ri kelmadi...Qayta sanash kerak, hoziroq... 1, 2... oh, bu qanday huzur...
Kunduzi bog‘da biror kimsa ko‘rinmadi. Odamlar allaqachon o‘z ishlariga tarqab ketishgandi. Biroq shu atrofda bezovtalanib yurgan it bir nimaning hidini oldi, keyin ikkita yuzdollarlik pulni topdi, nimalarnidir eslay boshladi va... sanashga tushdi... 1, 2... yo‘q... 2, 1... yo‘q...

Rus tilidan Alisher Otaboyev tarjimasi

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.