OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asliddin Mustafoyev. Yo‘lovchi (hikoya)

Uzoq yo‘l bosgan yigit saman otidan tushishga ham erinib, yarim kechasi bir qo‘rg‘on darvozasini taqillatdi. Ichkaridan qiz bolaning «Kim?» degan ovozi kelgach, javob qaytardi:
— Men, musofirman. Mumkin bo‘lsa, bir kechaga joy bersangizlar. Erta sahar turib yo‘lga chiqardim.
— Hozir, bobomdan so‘rayin.
Qadam tovushlari uzoqlashib, so‘ng tinib qoldi. Sokin tunni samanning har zamondagi depsinishiyu suvlig‘ining shiqirlashi buzib turdi. Qizdan uzoq vaqtgacha darak bo‘lmagani yo‘lovchini bezovta qila boshladi.
Va nihoyat, kimningdir tomoq qirgani eshitildi, keyin darvozaning bir tabaqasi sekin ochilib, soqoli oppoq nuroniy kishi ko‘rindi.
— Keling, bo‘tam, xush ko‘rdik.
Yigit qamchisini egar qoshiga ilib, chaqqonlik bilan otdan tushdi-da, otaga salom berdi.
— Assalomu alaykum.
— Vaalaykum assalom. Tinch-omonmisiz? Qani, ichkariga. Hozir qizim chiroq olib chiqadi. Sayisxona chap tomonda, otingizni o‘sha yerga bog‘lang.
— Xo‘p.
Yigit darvozadan ichkariga kirarkan, qarshi tomondan chiroq ko‘tarib kelayotgan qizga ko‘zi tushdi. Qizning kaftlari orasidagi chiroq go‘yoki uning nur yog‘ilib turgan ruxsoriga taqlidan yog‘du taratishga urinar, ammo uddasidan chiqa olmagani sabab tun bag‘riga nishonsiz singib ketayotgandek edi. Bu mo‘‘jizadan hayrat domiga tushib qolgan yigit qizning qo‘ng‘iroqdek jarangdor, ammo mayin ovozidan o‘ziga keldi.
— Assalomu alaykum. Xush kelibsiz, mehmon.
— Rahmat. Yarim tunda darvozangizni qoqib, bezovta qilganimdan xijolatdaman.
— Bu yoqqa, — qiz chiroqni bo‘yi baravar ko‘tarib, sayisxonaga yo‘l boshladi. — Otingizni ana u yakkamixga bog‘lasangiz bo‘ladi.
 — Xo‘p.
Yigit qizga bundan ortiq so‘z aytishga jur’at topa olmadi. Nazarida ko‘zlariga paridek ko‘ringan sohibjamol uni allaqachon zabonsiz qilib qo‘ygandek edi.
Ortiq so‘zlashish bo‘lmadi. Yigit yuz-qo‘lini yuvib, ayvonga chiqdi.
— Keling, — dedi keksa kishi yigit yakandozga o‘tirib, fotiha qilishgach. — Musofir ekansiz, qaerlardan so‘raylik?
— O‘zim Oytaroq degan qishloqdanman. Sarkarda Botilning so‘l qanot qo‘shiniga boshchilik qilaman. Kecha tushimda otamni ko‘rgan edim. Ko‘nglim negadir behalovat bo‘lib, kattalardan ruxsat so‘rab yo‘lga chiqdim. Hozir o‘zi qaerdaman? Qishlog‘imgacha hali ancha yo‘l bosamanmi?
Nuroniy jim turib qoldi. So‘ng:
— Unchalik uzoq emas. Bu yerlarni tanimadingiz chog‘i-a, qishloqdan chiqib ketganingizga ancha bo‘ldimi? Sarkardaning qarorgohida necha yildan berisiz, — dedi ketma-ket savol bergancha.
— Ancha yil bo‘ldi. Otam sarkarda Botilni ko‘p ta’rif qilgan, uning qanotiga kirsam kam bo‘lmasligimni aytgan edilar. Shunda yo‘lga chiqqanman. Aytganlariday yaxshi inson ekan. Astoydil mehr qo‘yganim uchun xizmatidan ketolmadim. Biroq afsuslanmayman.
Nuroniy non ushatib, mehmonga choy uzatdi. Yana ancha vaqtgacha suhbatlashib o‘tirishdi. Keyin uyquga ketishdi.
Tongda uyqudan ko‘zini ochgan yigit charchagani tufayli otiga qarash yodidan ko‘tarilganini esladi. O‘rnidan irg‘ib turib, sayisxona sari odimladi. Borsa, otning ustida birgina yopinchig‘i qolgan, egar-abzali olib qo‘yilgan, jonivor oldiga tashlangan bedadan «kurt-kurt» chaynab turardi.
— Yoshi nechchida? — dedi pichanxonadan chiqib kelgan qiz otiga tikilib qolgan yigitga.
— Yettida. Sizniki-chi?
Qiz «piq» etib kulib yubordi.
— Men sizning yoshingizni so‘ramadim-ku.
— Yigirma beshda. Mana, bilib ham oldingiz.
— Men sizdan sakkiz bahor kech tug‘ilganman.
— Boboning kimi bo‘lasiz?
— Nabirasi. Xurjuningizni ichkariga kiritib qo‘ydim. Ichiga tosh solganmisiz, juda og‘ir ekan?
— Undagi oltin-kumushlarga bir umr yashasa bo‘ladi. Hatto avlodlarimga ham yetadi. — Yigit mag‘rur kerilib qo‘ydi. — Janggu jadallarda yiqqanman.
— Hmm, — dedi qiz labini tishlab. Bu iborani shunday ohangda aytdiki, yigit mezbonning ko‘nglidagi hayratni ham, kinoyani ham, loqaydlikni ham anglayolmadi. — Yuz-qo‘lingizni yuvib oling. Uyga dasturxon qilib qo‘yganman. Bobom kutib turibdilar.
— Yo‘q, rahmat. — Yigit negadir besaranjomlanib qoldi. — Xurjunni qaerga qo‘ydim, dedingiz?
— Ana, pichanxonaga kirgan joyda.
— Yigit shoshib borib, xurjuniga qaradi. Og‘zini qanday mahkamlagan bo‘lsa, shunday turibdi ekan. Uni zo‘r-bazo‘r ko‘tarib, ayvonga olib borib qo‘yarkan, ortiga o‘girilib qaradi. Endi boyagi noaniq tushunarsiz holat qizning nigohlariga ko‘chgan edi.
Yo‘lovchi ko‘noq egalari bilan nonushta qilgach, yo‘lga otlandi.
— Uzr, — dedi keksa kishi o‘tirgan joyidan turmay. — Oyog‘imning dardi yana qo‘zg‘ab qoldi. Nabiram kuzatib qo‘yadi sizni, aybga buyurmaysiz.
Yigit darvozadan otini yetaklab chiqqach, uni kuzatayotgan qizning qo‘liga ikki dona tillo tanga tutqazdi:
— Bu tunda menga joy berganlaringiz uchun. Qaytishda yana kirib o‘taman, sizni ko‘rgani...
Bundan mamnun bo‘lish o‘rniga, ko‘nglida allaqanday begonalikni his etgan qiz tangalarni yigit ko‘zdan uzoqlashguncha kaftida siqib turdi, so‘ng aravalar g‘ildiragidan tuprog‘i ko‘pchib ketgan yo‘lga uloqtirib yubordi...

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 11-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.