OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asror Allayorov. Bir yarim daqiqa (hikoya)

G’arbdan esgan shamol uyi sari kelayotgan ayol isini olib kelar, bu hid esa peshvoz chiqishga shay erkakka judayam tanish, shuningdek, uyning shundoqqina ro‘parasida loydan yasalgan o‘yinchog‘ini zavq bilan o‘ynayotgan bolakayga ham nimanidir eslatadi.
“Baribir qaytishingni bilardim”, o‘ylardi erkak.
U ayolning bu yerga qachon yetib kelishini o‘rtadagi masofani chamalab, xayolidan o‘tkazdi. 
“Yana bir yarim daqiqa ichida qarshimda paydo bo‘ladi.Tabiiyki, u mendan nafratini yashirib ham o‘tirmaydi. Men albatta sipolik bilan javob qaytaraman. Axir, hammasiga o‘zim aybdorman. O’tgan to‘rt yil kimni qanday o‘zgartirgani ham ana shunda oydinlashadi”. 
U bir qadam oldga yurdi. Erkak bu ishni beixtiyor amalga oshirdi, bor-yo‘q jur’ati shunga yetdi, xolos. Darvoqe, tobora yaqinlashib kelayotgan ayol ancha yillar ilgari uning xiyonatini kechirgan xotini edi. 
Erkakning tanasidan otilib chiqishi muqarrarday tuyulayotgan azoblar bunday paytda o‘z-o‘zidan yaraladigan nimanidir o‘zgartira olish istagini vujudga keltirayotgandi. Holbuki, u hayotida yo‘l qo‘ygan eng katta xatosidan ko‘p bor aziyat chekkan bo‘lsa-da, hech qachon hozirgidek qattiq hayajonga tushmagandi. Erkak yana bir yarim daqiqadan so‘ng bir-biri bilan ayovsiz jangga kirishadigan ko‘zlar haqida ham o‘ylardi. 
Uyiga yaqinlasha boshlagach, ayol qadamini yana-da tezlatdi. U o‘zidan ancha narida turgan erining butun iztiroblarini, garchi unga biror marta ko‘z qirini tashlamagan bo‘lsa-da, ayollarga xos sezgirlik bilan payqadi. Holbuki, u o‘tgan to‘rt yil ichida bu xislatni mukammal egallagan, to‘g‘rirog‘i, shunga majbur bo‘lgandi. 
Ayol eri yonidan tez-tez o‘tib ketdi va o‘ziga unsiz tikilib turgan o‘g‘lini bag‘riga bosdi. Bu yerdan ketganidan buyon o‘tgan har bir daqiqada xayolini butkul band etgan bu bolakayning usiz ulg‘aygani ayolga alam qildi. Ayol uyiga qaytar ekan, uzoq vaqt nom-nishonsiz g‘oyib bo‘lgan kulguning ilk shu’lalari juda ko‘p ko‘rguliklar alomati bo‘lgan ajinlar orqali bu dunyodagi haqiqiy inson qiyofasini uning yuzida chizib ko‘rsatar edi. 
 Bola loy qo‘llari bilan ayolni itara boshladi. U xotirasidan butunlay o‘chib ketgan xotinning bag‘ridan yulqinib chiqarkan, otasining yoniga yugurdi va yana beparvo o‘z o‘yinchog‘ini o‘ynashda davom etdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.