OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asror Allayorov. Chinnigul (hikoya)

O‘ng qo‘lida bir dasta chinnigul ko‘tarib olgan keksa ayol o‘zi yashaydigan ko‘cha tomon burilarkan, beixtiyor gul do‘konidan chiqqanidan buyon jilmayib kelayotganini sezib qoldi. Buni birov ko‘rib qolmadimikin deya avval to‘g‘riga, keyin ikki yoniga qaradi. Ko‘chada hech kim ko‘rinmadi. 
– Har kuni bir dasta chinnigul sotib olasiz, ularni kimga olib borasiz? – deya so‘ragan edi bir muddat avval do‘kon sotuvchisi Feruza xoladan. 
– Uyga, Bobir amakingizga, albatta. Boshqa kimga ham bo‘lardi. 
– Ilgari savatlarni u kishining o‘zi topshirib ketardi. Uch oydan beri negadir ko‘rinmayapti?
– Bobir amakingiz menga uyda ko‘maklashayapti, xolos. 
Ayol to‘g‘ri yotoqxonaga kirib keldi va qo‘lidagi gullarni qo‘shni xonaning mixlab tashlangan eshiklari oldidagi gultuvakka solib qo‘ydi. Endi bemalol savat to‘qiyversa ham bo‘ladi. Uning ixtiyorida butun boshli kun va tun bor. 
 Feruza xola ko‘zlarini xona bo‘ylab xushbuy is taratayotgan chinnigullar solingan gultuvak ostiga tikdi. 
– Hozircha to‘rt dona yetadi, – o‘ziga-o‘zi dedi u qo‘lini oldinga cho‘zib qamishlarni olarkan. – Bugun do‘kondagilar “Gullarni kimga olib ketayapsiz? Nega har kuni bir dasta gul sotib olasiz?” deb so‘rab qolishdi. Men bular Bobir amakingiz uchun, u kishi ko‘chaga chiqolmaydi. Uyda menga yordam berayapti, dedim. To‘g‘ri aytibmanmi? 
– Nega yolg‘on deysiz? Mana yordam berayapsiz-ku? 
– Bo‘lmagan gap. Men hech qachon bir kun kelib sizni yo‘qotish haqida o‘ylab ko‘rmaganman. Ko‘nglimda shunday shubha paydo bo‘lgan kezlarda o‘sha vaqtning o‘zidayoq noto‘g‘ri o‘ylayotganimga o‘zimni ishontirganman. Siz esa xandon otib kulardingiz. Agar bir kun kelib bu dunyoni tark etish lozim bo‘lsa, faqat sizdan avval shunday hodisaga duch kelishni Xudodan so‘raganman. Sizdan yashirib kelgan yagona sirim ana shu edi. Insonlar nega o‘ladi? Men buni anglagandayman. Odam omonatini topshirayotgan lahzada Allohga bo‘lgan muhabbati yo‘lida qurbon bo‘ladi. Aslida o‘lim ham hayotimizning bir qismi. Lekin sizni hech kim mendan tortib ololmaydi. 
Uch kundan keyin ertalab soat 7:30da Ulug‘bek ko‘chasida yashayotganlar bu uyga qo‘lida bir dasta chinnigul ko‘tarib olgan narigi mahalladagi do‘kon sotuvchisining kirib borayotganini ko‘rishdi. Do‘kon sotuvchisi gullarni tuvakda so‘lib qolganlarining o‘rniga solib qo‘ydi. U eshikning o‘ng tomonidagi karavot oldida deraza tomonga qaragancha tirsagiga suyanib xayol surayotgan Feruza xolani ko‘rdi. So‘ngra hol-ahvol so‘radi. Ammo javob bo‘lmadi. U derazani ochib yubordi. Xonaga toza havo kirdi. Feruza xolaning gavdasi shamolda tebranib ketdi. 
 Kechga yaqin Feruza xolani dafn etishdi. Ammo Bobir amaki uyda yo‘q edi. Qo‘shnilar uni anchadan buyon kasal yotuvdi deyishdi. Do‘kon egasi Feruza xola unga atab har kuni gul olib ketganini aytdi. Kimdir uzoq vaqtdan buyon Bobir amakini uchratmaganini gapirdi. Ertasi kuni qo‘shnilar mixlangan uyning eshigini buzib kirishdi. Bobir amakining jasadi bundan uch oy ilgari aynan shu xonaga ko‘milgan edi. 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.