OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asror Allayorov. Imkon (hikoya)

Bir necha daqiqa jimjitlik hukmronlik qilgan shahidlar xiyobonining katta yo‘l yoqasidagi piyodalar yo‘lakchasida to‘satdan qattiq g‘ichirlagan ovozning paydo bo‘lishiyu, bu yerga eng yaqin o‘rindiqda o‘tirgan ayol kishining sapchib o‘rnidan turishi va alam bilan qichqirib yuborishini bundan sanoqli soniyalar oldin kim ham xayoliga keltiribdi deysiz. 
– Voy, to‘g‘nog‘ichim qo‘limdan tushib ketdi, – dedi ayol o‘rnidan turishiga hamohang yangragan ovoz bilan. – Endi esa u yo‘q. 
Ayol keyingi gapini pichirlab aytdi. Biroq uning qarshisida xijolatomuz turgan, ko‘rinishidan qirq yoshlardagi erkak to‘g‘nog‘ichning har tomonga sochilib ketgan bo‘laklaridan birini yerdan oldi. 
– Ming bor uzr, xonim. Men buni bilmasdan bosib yubordim. Hatto o‘zimni to‘xtatib qololmadim. Iltimos, ayting, to‘g‘nog‘ichingizning narxi qancha?
U cho‘ntagidan hamyonini olarkan, darhol yetti ming so‘m sanab ayolga uzatdi. 
– Bunga yangisini sotib oling. 
Ayol hech narsa demay, joyiga o‘tirdi. Erkak bu lobar chehrada haddan ortiq qat’iylik alomat-larini ko‘rdi. 
– O’n uchinchi oy tunida ro‘y beradigan bunaqa g‘alati voqealarni ko‘pincha tasodif deyishga tiling bormaydi, – ayol ikki dona marvarid bo‘lagidek ko‘zlarini erkakka tikdi. 
– Siz yapon adabiyotini yoqtirasizmi?
– Ha. Bag‘oyat. Hatto sevishimni ham inkor etmayman. Bambukning ichidan topib olingan mitti qizaloq meni hamon hayratga solib keladi. Shunday voqea bo‘lganiga ishonasizmi?
– Keksa Taketori (bambukkesar) keyinchalik uni qiz qilib olganini eshitganman. Qizcha juda go‘zal va kichkina bo‘lgan. U savatchada yashagan ekan. 
Bobur ismli bu erkak universitetda o‘n ikki yildan buyon falsafa fanidan dars beradi. Uning tabiatiga xos bo‘lgan sinchkovlik hozir o‘zi suhbatlashib turgan ayolning bundan uch yil ilgari yangi uyga ko‘chib kelganida bir-ikki kun jihozlarni joylashtirishga yollaganini ilg‘ashga ojizlik qilayotgandi. Qarilik alomatlarining ilk belgilarini qovoqlari ostidan sezish mumkin bo‘lgan ayolning ismi esa Sadoqat edi. U kichik bir fermada sut sog‘uvchi bo‘lib ishlaydi. Ayol bugun tongda uch yildan buyon yig‘ib qo‘ygan pullariga qimmatbaho kiyimlar sotib oldi. Atir-upalarini yangisiga almashtirdi. Uning bolalarnikiga o‘xshash sodda yuz qiyofasi va ishonuvchanligi tezda har qanday kishiga ma’qul tushardi. 
Erkak soatiga qaradi. Yana o‘n daqiqa vaqti bor. U ayol bilan yaqindan tanishish uchun stulning bir chetiga o‘tirdi. Erkak ayol zotidan benihoya jirkanishiga qaramay hozir negadir notanish hamsuhbatiga yaqinroq surildi. Buni o‘zi ham tushunolmadi. 
“Axir bunaqa ziyoli ayollar shaharda ko‘p emas-ku!”, o‘ylardi u. 
“Iliq bahor havosi tanadagi qonga singib ketadi. Bunday paytda inson qalbida hali nom topilmagan yuzlab hissiyotlar borligiga hech shubhang qolmaydi”, – o‘ylardi ayol. 
– Men ma’ruzaga kech qolayapman, – erkak o‘rnidan qo‘zg‘alarkan, norozi bir ohangda dedi. – Aksiga olib hali uyga qaytmayman. Ammo bugun kechki ovqatni birgalikda, menikida tanovvul qilsak, nima deysiz? Mana uy adresim. Sizni kutaman. 
Ayol xotirjamlik bilan qog‘ozga qo‘l uzatdi. U shu qadar chiroyli jilmaydiki, bu kulguning o‘zida ham xayrlashish, ham yurakka uzoq vaqt azob beruvchi erkalik alomatlari bor edi. 
Ayol soat kechki yettiga yaqinlashganda egnidagi eski kiyimlarini yechib, shkafdan bugun sotib olinganlarini kiydi. So‘ngra oynaga qaradi. Oddiy fermaning sut sog‘uvchisi endi butunlay boshqa ayolga aylandi. U uydan chiqib ketayotganida yuzlab jo‘natilmagan maktublar solingan qutini olovga tashlashni unutmadi. 
Kechki ovqat aloqalarni yanada mustahkamladi. Erkak ayolni o‘zi tayyorlagan taomlar bilan mehmon qildi. 
«Axir men bu kunni uch yil kutdim, – o‘ylardi ayol. – Uyingga farroshlikka kelganimda meni naqadar yomon ko‘rarding. Sen butun ayol zotini yoqtirmasding. Men esa birgina e’tiboring uchun hamma narsaga tayyor edim.» 
Sadoqat uyqu aralash ko‘ylagini izlab topdi. U uyning ikkinchi qavatidagi yotoqxonada uxlayotgan erkak uchun yozilgan so‘nggi maktubni yo‘q qilishni unutgandi. Bir parcha qog‘ozning sariq halqa iskanjasida yemirilib borishini kuzatib turarkan, mayda-mayda bo‘laklarga bo‘linib yerga sochilib ketayotgan qop-qora qog‘oz parchalarida so‘nggi bor imkon qidirib o‘z uyiga otlanayotgan ayolning ma’yus qiyofasini ko‘rdi. Endi hech bir odam o‘qiy olmaydigan satrlar esa uning miyasiga muhrlanib qolgan edi: «Bugun shahidlar xiyobonida g‘oyat tahlikali umidsizlik ta’sirida jon beraman yoki meni qutqarasan!”.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.