OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asror Allayorov. Qizil tosh (hikoya)

Shirinlik olib kelishga ketayotgan ota, qizil tosh va baxtli odamlar. O’n olti yoshli qizning qo‘lida gir aylanayotgan dumaloq tosh unga uzoq vaqtdan buyon tikilib turgan ko‘zlar ana shu azaliy ma’noni qayta-qayta idrok etishiga imkon tug‘dirardi. Nuriyaning mahzun va tantanavor kulgusi qizil toshning bejirim qirralariga urilgancha qotib qoldi. U otasi bilan ilk bor bu yerga kelganini yaxshi eslaydi. O’shanda to‘qqiz yoshda edi. 
– Sen shu yerda o‘tirib tur, men senga shirinlik olib kelaman, – degandi otasi. 
Shundan so‘ng hovlidagi bolalarni tartibga chaqirayotgan peshonasi bo‘rtib chiqqan allaqanday ayol bilan otasi uzoq gaplashganini kuzatib turdi. Qizaloq kun botguncha kutdi. Keyin hammasini tushundi. 
Nuriya mehribonlik uyining hovlisida Stendalning qalin jildli kitoblaridan birini o‘qirkan, beixtiyor qo‘lidagi tosh uning ichiga yumalab tushib ketdi. Qizaloq hozirgina o‘zini hayratga solgan yorqin bir fikrni tahlil etish maqsadida biroz tin olishga qaror qildiyu toshni kaftiga qo‘ydi. Gir aylanayotgan tosh eng kichik barmog‘ining boshlanish yeriga kelib to‘xtadi. U kaftidagi chiziqlarni diqqat bilan kuzatar ekan, Stendal qahramoni tomonidan aytilgan g‘oyat qiziqarli fikrni esdan chiqardi. Nogoh toshning kaftdagi oxirgi chiziqqa tutashgan nuqtasida sirli alanga uchqunlarini ko‘rdi. Qizaloq umri bino bo‘lib bunaqa kuchli alangaga duch kelmagandi. U miyasiga urilgan dastlabki fikrdan seskanib ketdi. Uning nazdida bu chinakamiga dahshat edi. 
Nuriya darvozadan tashqariga chiqdi va to‘g‘ri ko‘cha bo‘ylab keta boshladi. Ko‘cha tugar-tugamasdan u chap tomonga ketgan bir kichik yo‘lni ko‘rdi. Kaftiga qaradi va xuddi shunday kichik chiziqni ko‘rdi. U birinchi chiziqqa kelib tutashgandi. Bu yo‘l boshqa bir ko‘chaga olib o‘tishi lozim edi. Shunday bo‘ldi ham. Keyin u to‘g‘riga yurdi. Biroq ko‘p o‘tmay ushbu ko‘chaga tutashgan butunlay boshqa bir yirik ko‘chaga duch keldi. U yana kaftiga qaradi. Hammasi chizilganidek davom etardi. Nuriya o‘ylab o‘tirmasdan tutash ko‘cha bo‘ylab keta boshladi. Uning ko‘nglida paydo bo‘lgan ishonch hozir sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan allaqanday buyuk o‘zgarishni oldindan bashorat qilardi. Bunday bashoratlar odatda to‘g‘ri chiqadi va inson hayotida kutilmagan yangiliklarni vujudga keltiradi. Nuriya ko‘chaning oxiriga yetib kelganida yana ikki tomonga ketgan yo‘lni ko‘rdi. Shu yerda to‘xtadi. Uning qalbi faqat to‘g‘riga yurishni amr etayotgandi. 
“Shoshilish kerak, – xayolidan o‘tkazardi u. – Bunday g‘aroyib onlarni sezmay, his etmay yashayotganlar qancha...” Bu yo‘lning eng so‘nggi nuqtasida ulkan bir bino joylashgan ekan. Ko‘cha shu yerda tugardi. Ajabo. Hech narsa o‘zgarmadi. Hammasi xomxayol ekan. Nuriya laqmaligi uchun o‘zidan nafratlana boshladi. Binobarin bu uning hayotidagi ilk yanglishishi emasdi. Nuriya endi ortiga qaytaman deb turganida shundoqqina ko‘chaning o‘ng yonida suhbatlashib turgan kishilardan biri unga qaradi. U bu odamlarga umuman e’tibor bermagandi. Qiz hayajonga tusha boshladi. Unga tikilib turgan odam otasi edi. Nuriyaning ko‘zlari aldamayotgandi.U bexosdan qo‘lidagi dastro‘molni tushirib yubordi. Qizaloq nima qilishni bilmay joyida qotib turardi. U o‘tgan soniyalar ichida fikrlashga, aniq bir qarorga kelishga ulgurdi. 
«Otam meni tanidi. Ammo u mendan voz kechganiga yetti yildan oshdi». 
Qizaloq o‘gay onasi haqida ham o‘ylardi. U o‘tgan yillar ichida yolg‘iz inson ilojsizlikdan o‘z istaklarini xayolan bajarishi mumkinligini o‘rgangan edi. Hozir ham shunday qildi. Otasini bag‘riga bosib, to‘yib-to‘yib hidladi. Unga aytmoqchi bo‘lib yurgan hamma gaplarini aytdi. «Men sizdan xafa emasman», – dedi oxirida. Hech qanday javob eshitilmadi. Nuriya har doimgidek fikrlarini bir joyga jamladi. Otasi uzoqdan hamon unga tikilib turardi. 
 «Ehtimol bu bir umr izlab yashagan, o‘zim uchun muhim bo‘lgan o‘sha lahzadir, – xayol surardi qiz. – Ammo men kutganimday bo‘lib chiqmadi.» 
Nuriya shiddat bilan ortiga burildi. U tezda o‘zini qo‘lga oldi va kelgan yo‘li bo‘ylab yugura boshladi. Ayni paytda qizning kallasidagi fikrlarning hech biri otasining yoniga borishga undamayotgandi. Aniqrog‘i, uning vujudida isyon ko‘tarayotgan g‘azab va hayajon bunga imkon bermasdi. U qanchalik tez yugurgani sayin o‘zini shuncha yengil his qilardi.
Qizning oyog‘i bir toshga urilib yiqildi. Kimdir qo‘lidan tortib o‘rnidan turg‘izdi. Bu uning otasi edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.