OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asror Sulaymonov. Bir tup o‘rik (qatra)

Kuz oxirlab qolgan kezlar edi. Tonggi shabada hovlidagi daraxt xazonlarini tillo tangalarni shopirgandek uyoqdan-buyoqqa uchirib o‘ynaydi.
— Dadasi, bugun uydasiz. Hovli-joy yumushlariga qarashib yuborsangiz bo‘lardi, — dedi xotinim muloyim ohangda. — Daraxtlarning shoxlarini butab, qaychi urmasangiz o‘rmon bo‘lib ketdi. Keyin anavi o‘rikni tag-tugi bilan olib tashlash kerakmi? Kuz keldi degandan xazon supurib kelinlarning tinkasi quriydi. Ularga hadeb yomon ko‘ringim kelmaydi.
— Shuncha yildan beri qizimiz churq etmasdan xazonlarni tozalab supurishdan erinmasdi. Endi kelinlarga malol keladigan bo‘ldimi? — dedim hazil ohangida.
— Ha, endi ular birovning bolasi, hadeb ish buyurolmayman, shundoq ham hovlidagi yumushlar yetib ortadi.
— Mayli, siz nima desangiz shu, onasi. Bajarish bizdan-da.
Shunday dedimu, qo‘limga arra, bolta olib daraxtlardagi ortiqcha shoxlarni olib, butashga kirishdim. Aslida hovlida yashagan odam uchun ortiqcha narsaning o‘zi yo‘q. Shox-shabbalar ham kerak. Tandirga qalasangiz non, o‘choqqa tashlasangiz osh pishadi. Peshinlarga borib navbat ayolim aytgan o‘rikka keldi. Ilgari e’tibor bermagan ekanman. O‘rik rostdan ham tarvaqaylab ketgan ekan.
Avval bolta, so‘ngra arra bilan uni ag‘darishga kirishdim. Bo‘lmadi. O‘rik tagiga qo‘yilgan so‘riga o‘tirdim. Daraxtga zimdan qaradim. O‘tgan kunlar bir-bir yodimga keldi. O‘sha paytda uy-joy qurish uchun yer maydoni berilayotgan edi. Bir kuni otam rahmatli uyga ochilib kirib keldi.
— Onasi, mana bizga ham tomorqaga yer ajratishdi. Bir chekkasiga yangi uy quramiz, o‘g‘ilni uylantiramiz. Harakatingni boshlayver.
O‘sha yili erta bahorda otam to‘rt tup xurmo va bir tup o‘rik ko‘chati olib keldi. Nihollarni menga uzatib:
— Hovlining bir chetiga ekib qo‘y. Hademay hosilga kirsa, og‘zingdan bol arimaydi, — dedi.
Asta o‘rnimdan turdim. Qo‘limdagi bolta bilan o‘rik tanasiga bir-ikki urdim. Bo‘lmadi. Arra soldim. Kuchim yetmadi. Aslida ham shundaymi? Yo‘q. o‘rik daraxtini olib tashlagim kelmasdi. Lekin unga yaqin ekilgan uzum novdalarining avji yaxshi emas.
— Hoy, dadasi, charchadingiz chog‘i. Biror piyola choy ichib oling. Bugun bo‘lmasa erta bor. O‘g‘illaringiz kelib qolsa qarashib yuborar.
Sekin choyga qo‘l cho‘zaman.
— Onasi rostdan ham o‘rik juda yayrab-yoyilib ketgan ekan-da. Shu qulatib o‘tirmay, butab qo‘yaqolsammi, deyman. Har holda mag‘izi shirin o‘rik-da, nima deysan?
— O‘g‘lingiz yo‘lakni kengaytirib chiroyli bir nimalar yotqizaman, hovliga havo kirsin deydi. Shuni mevasini yemasak yemabmiz. Olib tashlayvering.
Gapirish oson-da. O‘rik, hali aytganimdek, biz yangi hovliga ko‘chib kirmasimizdan ilgari ekilgan. Mevasidan bir biz emas, qo‘ni-qo‘shni, opa-singil, ammayu-xolalar ham bahramand bo‘lishgan. Bir niholni o‘stirish, uning hosilidan bahramand bo‘lish uchun necha yillar kerak. Ammo bolalar hovli-joyga qarayman, o‘zgartiraman debdimi, mayli bu joylar endi ularniki. Ular nima desa, shu-da.
Nihoyat qo‘limga boltani oldim. Yana bir-ikki hamla qildim. Kunbotarga yaqin daraxt na’ra tortgan sher misol yerga quladi. Shu payt ichimdan bir nima uzilganday bo‘ldi. Buni ifoda etishga til ojiz. Ko‘zlarim yoshga to‘ldi. Sekin yerda tarvaqaylab yotgan o‘rik daraxtiga o‘tirdim. Endi ko‘zlarimdagi yoshni tiyib tura olmadim. Shu payt xotinim keldi.
—    Ha, dadasi biror nima bo‘ldimi?
—    Xavotir olma, onasi. Hammasi yaxshi. Faqat otam yodimga tushib ketdi. —     Esingda bo‘lsa, bu nihollarni otam olib kelgan edi.
—    Ha, hammasi esimda. Lekin nachora. Hovlining chetrog‘ida bo‘lganda-ku turaverar edi.
O‘tirgancha o‘y surdim. O‘shanda endigina ota-ona bag‘rida yashab ro‘zg‘or degan zalvorli yukni yelkaga olgandik. Bolalar hali yosh, biri maktabga, yana biri -bog‘chaga qatnardi. Hovlimizda bir necha shaftoli daraxti ham bo‘lardi. Bir kuni qaynonam kelib qoldi. Ro‘zg‘ordagi bir oz yetishmovchilikdan xabar topganlar, chog‘i.
— Shaftolini, o‘rikni terib beringlar. Sotib kelaman. Ro‘zg‘orga ul-bul olib kelasizlar.
Birgalashib mevalarni terib bozorga olib borib berdik. Otam aytganlaridek, kunimizga ham yaradi. Buyog‘ini aytsam, shu bir tup o‘rik necha yillar ham quvonchli, ham qayg‘uli kunlarimizga guvoh bo‘lgan. Yozning saratoni, qishning izg‘irinidan bizni himoya qilgan. Endi-chi, endi...
Shu payt qulagan daraxt shoxlari orasida dildirab turgan niholga ko‘zim tushdi. Dast o‘rnimdan turdimu uni avaylab ko‘chirib oldim. Danagidan chiqqan bo‘lsa kerak. Shu asno yugurgilab nabiram keldi.
— Doda, nega o‘rikni kesib tashladingiz? Endi o‘rik yemaymizmi?
— Nega unday deysan, o‘rik yeymiz, albatta, yeymiz. Mana bu undan ham shirin o‘rik bo‘ladi. Mag‘izidan danagi shirin deyishadi-ku!
Nabiram bilan niholni avaylab ko‘chirib olib, hovlining chetrog‘iga o‘tqazib qo‘ydim. Ko‘nglimni behuzur qilgan fikrlar bir zumda tarqadi. Zero, men ekkan nihol erta bir kun bo‘y cho‘zib hosilga kiradi. Mevasidan farzandlarim, nabiralarim bahramand bo‘ladi. Men shunda hech narsa hech qachon beiz ketmasligini yana bir karra his qildim.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 51-sonidan olindi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.