OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asror Sulaymonov. Sovg‘a (hajviya)

Yo‘ldoshboyning kayfiyati chog‘. Chunki bugun u maosh olgan. Buning ustiga xotinining tug‘ilgan kuni. Erkaklarning har yili ikki marotaba — ham ayolining tug‘ilgan kunida, ham 8 mart munosabati bilan chiqimdor bo‘lishini nazarda tutsak, Yo‘ldoshboyning bu tomondan omadi chopgan: xotini 8 mart kuni tug‘ilgan.
Ertalab uydan chiqayotganida, pul olsam xotinimni bir xursand qilay, degan niyatni ko‘ngliga tugib qo‘ydi. Mana, ancha vaqt bo‘libdiki, o‘z bilganicha biror sovg‘a olmagan. Bu gal bir qiziq bo‘lsin...
Maosh ham niyatiga yarasha bo‘ldi. Yaxshiyam ayollarimiz bor ekan. Shular bahonasida ayrim homiy tashkilotlar mukofot ham berib turadi.
Yo‘ldoshboy shularni o‘ylab, pulni oldi-yu bozorga yugurdi. Jo‘ralarining har xil piching gap-so‘zlariga parvo ham qilmadi.
Bozorga kirib tuyqusdan o‘ylanib qoldi: «Nima olsam ekan? E, ha, tunov kuni xotinim qo‘shni ayol kiyib chiqqan yangi ko‘ylakni og‘zining suvi kelib maqtagandi. O‘shandan olaman, iloji bo‘lsa, undan ham zo‘ridan».
Aylana-aylana, oxiri o‘sha matoni topdi.
— Singlim, mana shu gazmolingizdan bir kiyimlik bersangiz.
Sotuvchi matoni chaqqonlik bilan o‘lchab-qirqib bejirim qilib taxladi-da, Yo‘ldoshboyga uzatdi.
— Xo‘sh, endi, mana bunisidan ham bir kiyimlik, iloji bo‘lsa, lozimga ham yetadigan bo‘lsin.
«Mana, endi xotinim haqiqatan ham xursand bo‘ladi-da», dedi-yu yo‘lga tushdi.
Uyga kirib kelganida xotini qozon-tovoq bilan ovora ekan. Qo‘lidagi sovg‘ani bildirmay, darvozaxonaning bir chetiga qo‘ydi-da, quruq qo‘l bilan xotiniga yuzlandi.
— Nechuk, bugun erta kelib qolibsiz? Bayram bahonasida maishat qilmadingizlarmi?
— Pul bo‘lganda-ku, o‘zim bilardim-a. Mana, bor-yo‘g‘i shuning o‘zi.
Yo‘ldoshboy gazmoldan qolgan pulni xotiniga uzatib, so‘radi:
— Bugun nima tamaddi qilamiz?
— Qo‘shnimiznikidan sut olib chiqdim, shirguruch qilayapman.
— Shu ham ovqatmi?
— Ro‘zg‘orda nima bor, nima yo‘q, ishingiz bo‘lmasa. Ayol boshim bilan men nima qilay?
— Biram tilingiz zaharki, onasi. Qalampir surtib olganmisiz?
— Shunaqa, to‘g‘ri gap tuqqaninggayam yoqmaydi...
Yo‘ldoshboy qarasa, xotinining asabi qaqshayotir. Hoziroq mavzuni o‘zgartirmasa, oqibati yomon tugashi mumkin.
— Xo‘sh, bo‘pti, onajonisi, ayb bizda. Sal pastroq tushing. Bugun bayram bo‘lsa, go‘sht ham, sizga sovg‘a ham bo‘ladi...
— Olib kelgan mana shu to‘rt tangangizga ishonib aytayapsizmi bu gapni? Ko‘ramiz, qay biriga yetar ekan. Shuncha yildan beri bo‘lmagan sovg‘a endi bo‘larmidi?
Xotini supurgini qo‘lga oldi-da, ko‘cha eshik tomon yurdi. Darvozaxonaga keldiyu, bir chekkada bejirim o‘ralgan narsaga ko‘zi tushib Yo‘ldoshboyga yuzlandi:
— Hoy, dadasi, manavi nima?
— Bumi, haligi... senga... keyinroq berarman degandim.
Xotini matolarni bir-bir ko‘rdi-yu, og‘zi ochilib qoldi.
— Rostdanam mengami?
— Sizga bo‘lmay nima, mengamidi?
— Voy adajonisi-ya, juda ajoyibsiz-da. Aytgancha, buni plastikka xarid qildingizmi yoki...
—    Ha, endi, bir sovg‘a oldik-da. Naqdimi, plastikmi, sizga nima.
—    Dadasi, jahl chiqqanda aql ketadi, deyishadi. Ba’zi achchiq gaplarim uchun...
—     Shu o‘zingizmisiz? Shuning uchun ham sovg‘a olmasdim-da.
—    Nimaga?
—    Axir, siz bunchalik muloyim, samimiy, beozor bo‘lib qolsangiz, zaharomuz so‘zlaringizni sog‘inib qolaman-da.
Shu payt Yo‘ldoshboyni do‘stlari yo‘qlab kelib qolishdi. U: “Onasi, bizga ruxsatmi?”, deganday xotiniga yuzlandi. Xotini esa eriga qarab “Choyxonaga plastik karta o‘tarmikan”, dedi-da ,baqraydi-qoldi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 10-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.