OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Azamat Suyunov. Yetti yoshli “amaldor” (hajviya)

Oilada to‘ng‘ich o‘g‘il emasmi, Xursandboyning ota-onasi do‘kondan juda chiroyli, narxiyam biroz qimmatroq kostyum-shim, oq ko‘ylak, kiyim-bosh, hatto bo‘yinbog‘igacha olib berdi. Po‘rim kiyingan bola endigina maktab ostonasiga qadam qo‘ygan kezlar. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Nurbobo Xolov (u kishini yoshu qari Nur muallim, deb hurmat qilardi) bir hafta dars o‘tar-o‘tmas kim nimaga qodirligini bilib olgach, sinf sardori va tozalik komissiyasining raisi kabi vazifalarni faol o‘quvchilarga taqsimlab berdi. 
«Amal» yaxshi narsa-da. Sinf boshlig‘i vazifasiga Hakim degan bolakay loyiq, deb topildi. Tozalik komissiyasining raisi «lavozim»i uchun Xursandboy mas’ul etib tayinlandi. Ular mas’ul vazifada uch kun ishlashdi. Negadir sinf boshlig‘i bilan tozalik komissiyasining raisi o‘rtasida tushunmovchilik paydo bo‘ldi. O‘quvchilar hali sodda emasmi, qaysi birining mavqei baland turishini bilishmasdi. Hakimboy mening amalim katta desa, Xursandboy esa meniki senikidan ham baland, deya kerilardi. 
Darsga qo‘ng‘iroq chalinish oldidan Xursandboy eshik kesakisiga suyanib, hammani qattiq tekshiruvdan o‘tkazib, sinfga kirita boshladi. Shartga ko‘ra, qo‘li sovunlab yuvilmagan, tirnog‘i o‘sgan, ust-boshi, ayniqsa, ko‘ylagining yoqasi kir, poyafzali loy bo‘lsa, sinfga umuman yo‘latilmaydi. Shu payt «Barlosguzar» mahallasidan qimmatbaho kiyingan otchilik fermasi mudirining o‘g‘li Nurmatvoy hansirab kirib keldi. Ko‘chalar yarim metrgacha loy emasmi, uning yangi tuflisiga qarab bo‘lmasdi. Xursandboy uni sinfxonaga kirgizmasdan qo‘lidan mahkam ushlagan ko‘yi «Hoy, bolalar, buning oyoq kiyimiga qaranglar, maktabga uyalmasdan shu ahvolda kelibdi», deyishi bilan sinfdagi barcha o‘quvchilar o‘rinlaridan turib, tekin tomoshaga yopirilib kela boshlashdi. 
Oriyati qattiq Nurmatvoy bir siltandi-yu, Xursandboyning qo‘lidan chiqib ura qochdi. Xursandboy ham uning orqasidan quvib ketdi. Nurmatvoy xuddi yov quvgandek shu darajada qattiq chopdiki, tuflisining orqa poshnasidan uchgan loy parchalari Xursandboyning qop-qora shimiyu kostyumidan tortib, bo‘ynigacha otilib dabdala qildi. Xursandboy loy ko‘cha bo‘ylab salkam bir chaqirim yo‘l bosib, uni uyigacha quvib bordi. Nurmatvoy ancha epchil emasmi, darvozasini ichkaridan berkitib olishga ulgurdi. 
Uni tutolmaganidan Xursandboyning turvuzi qo‘ltig‘idan tushib, sinfga qaytib kelishdan o‘zga chorasi qolmagandi. Dars allaqachon boshlanib ketgan ekan. Eshikni ochib «Mumkinmi, muallim?» deyishi bilan hamma bolalar unga hayron bo‘lib qarab qolishdi. O‘qituvchi uni partada o‘tirishga emas, doskaning yoniga chorladi. Muallim uning oyog‘idagi loy bo‘lgan bir juft tuflisiga qaradi-da, boshini ikki tomonga bir qimirlatib qo‘ydi. Bu ham mayliya, Xursandboyning kiyimlariga umuman qarab bo‘lmasdi. Qattiq yugurgani bois, shimining pochasidan tortib, bosh kiyimigacha loy parchalari yopishib qolgan ekan. O‘qituvchi Xursandboyning orqasini bolalar tomonga o‘girib ko‘rsatdi. O‘zini katta olib gerdayib yuradigan «rais»ning ahvolini ko‘rgan bolalar masxara qilib rosa kulishdi. 
Nur muallim Xursandboyga qarab: «Hozircha sen doska oldida turaver, o‘tirsang partani va yoningdagi Salomatxonning toza kiyimini iflos qilib qo‘yasan», deya mulzam qildi. 
O‘qituvchi o‘tayotgan darsini vaqtincha qoldirib, shoshilinch majlis o‘tkazdi va unda favqulodda tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Shu bugundan boshlab Xursandboy Kimsanboev tozalik komissiyasi raisi vazifasidan ozod etildi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.