OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bashorat Omonova. Sabina (hikoya)

Yo‘l yoqasida poezd o‘tishini kutib turgan Tal’at nogahon hamrohini turtdi:
— Anavini qara!
Ikkisi shiddat bilan uchib borayotgan poezddan pastga sakragan odam qorasini ko‘rib qolishdi. 
— Ketdik.
Ular yetib borganlarida yerda ayol kishi yuztuban yotardi.
— Fonarni yoq.
Tal’at ayolning boshini ko‘tardi. Yoshgina juvon ko‘zlarini arang ochdi.
— Menga qarang, tuzukmisiz, yura olasizmi?
Ayol sekin o‘rnidan turdi va erkaklarga xo‘mrayib qaradi.
— Nega poezddan sakradingiz, esingiz joyidami o‘zi?
— Yomon odamlar bor ekan.
Ayolning shu so‘zlari allanimalarni oydinlashtirgandek bo‘ldi. Tal’at biroz xomush turib ayolga qattiqroq gapirib yubordi:
— Nima, pastda faqat yaxshi odamlar bor deb o‘ylovmidingiz?
Nosir sherigiga savolomuz boqdi: 
— Nima qilamiz? 
— Yuring, ketdik. 
Tal’at juvonning sumkasini qo‘liga oldi. Uning aniq bir qarorga kelgani shundoq bilinib turardi.
— Uyingga olib ketmoqchimisan? — hayron bo‘lib so‘radi Nosir.
— Shunday ahvolda tashlab ketmaymiz-ku, sal o‘ziga kelib olsin, keyin yo‘liga ketar.
Ular mashina to‘xtatishdi.
— Men yo‘lda tushib qolaman, og‘ayni, — norozi ohangda dedi Nosir.
— Bo‘pti, ertaga ko‘rishamiz.
Darvozadan ixchamgina hovliga kirishdi. Hammayoq jim-jit edi. Hovlidagi chiroqni yoqqan erkak juvonni bir xonaga yetaklab kirdi.
— Ana karavot, u yoqda vanna. Yuvinib olishingiz mumkin, hamma yog‘ingiz chang bo‘lib ketibdi. Hozir shu yerga choy-poy olib kelaman. Keyin dam oling, qolgan gaplarni ertaga gaplasharmiz.
Ayol yuvinib chiqqanda stol ustida qaynoq choy, yumshoq non, likopchalarda uzum, kolbasa bor edi. Ruhi tiniqlashgan ayol huzur bilan choy ichdi. So‘ng derazadan hovliga ko‘z yugurtirdi. Hammayoq jim-jit. Ayol asta borib xona eshigini ichkaridan qulflab olgach, qaytib kelib dasturxonni yig‘ishtirdi va chiroqni o‘chirib, karavotga cho‘zildi. 
Uyqusi kelmayotgan ayolning ko‘z oldida yaqinda ro‘y bergan voqealar gavdalandi.

— ...Oyijon, qoching, dadam kelyaptilar, rosa ichganlar!
Qizchasining vahm to‘la ko‘zlariga boqqan ayol iloji boricha xotirjam ohangda so‘radi:
— Ichib kelsa nima qipti? O‘tiraveramiz.
— Qoching, hozir sizni yana rosa kaltaklaydilar, esingizdan chiqib ketdimi? — endi o‘g‘ilchasi vahima bilan gapirdi. 
Ayol qimir etmay, ayvon ustuniga suyangancha qotib turardi. Bolalar esa zumda allaqaerlarga yashirinib oldilar. 
Shu payt jim-jit hovliga gandiraklagan ko‘yi er kirib keldi. Uning ust-boshi chang, ko‘zlari olaygan, allanimalar deb tinmay so‘kinardi. Er xotini yoniga kelib chaqchaydi:
— Bolalar qani?
— Sizning ichib kelishingizni bilib qaylargadir qochib ketdi bechoralar. Sizga shu kerakmidi? Ular bu ketishda hademay asab kasaliga uchrashi hech gapmas.
— O‘v, donishmand, sen nega qochmading, yo menga aql o‘rgatishga qoldingmi? Agar bilsang, menga aql o‘rgatadigan hali onasidan tug‘ilmagan!
— Men aql o‘rgatayotganim yo‘q, borini aytyapman.
Ayol uning so‘zlaridan hech narsani tushunmagandek o‘zini xotirjam tutar, bu esa erning battar jazavasini qo‘zg‘atayotgan edi.
— Borini? — eri uni endi har galgidek turtkilay boshladi. — Baqraytirma ko‘zingni!
 — O‘zi qarashim shunday.
— Mana bo‘lmasa! 
Ayol erining ko‘tarilgan mushtini tutib qoldi va kuch bilan nari itarib yubordi. Eri chalqancha yiqildi.
Shu payt hovliga devor-darmiyon qo‘shnilari Zohid amaki kirib keldi.
— Ey, hayf senga-ey! Tur o‘rningdan, borib uxla! Essiz senga bolalar, essiz senga xotin, essiz senga erkak degan nom. Kunda ahvol shu, qachon ko‘zing ochiladi, nomard, erkalik ham evi bilan-da. O‘z oilangni o‘zgalarga sharmanda qilib nimaga erishasan, kasofat! He shu ichkilikni o‘ylab chiqarganning enasini... Bor, kelin, sen bolalaringni chaqir, kirib yotinglar, kayfi tarqaguncha bunga biz qarab turamiz endi.
Zohid amaki ortidan kelgan o‘g‘liga o‘girildi: — Shavkat, sovuq suv opke, yuziga sep bu nomardning, sal o‘ziga kelsin. Qaysi pastkash ulfatlari ichiradi buni har kuni...
Yashiringan joylaridan bo‘ynilarini egib, aybdorona kelgan bolalariga qarab ayol o‘ziga keldi.
— Bor, qizim, ukalaringni olib kirib yotqiz.
— Siz-chi, oyi?
— Men narsalarimni yig‘ishtiraman. Ketaman. 
— Keting, mayli, oyi. Bu ahvolda dadam bir kuni sizni o‘ldirib qo‘yadi. Qayoqqa bormoqchisiz?
— Bilmadim, qizim, qarindoshlarimizning ham joniga tegib ketganmiz. Hech qaysinisining bizga ko‘zi uchib turmagandir. 
Ayol narsalarini sumkaga joylab bo‘lgach, qiziga yaqinlashdi.
— Hayr, qizim, ukalaringni ehtiyot qil.
— Oyi, ketmang, — yolvordi qizi. — Yana oldingidek qarindoshlarimizni to‘playmiz, ularga yalinamiz. Balki ular dadamni...
— Yo‘q, foydasi yo‘q. Yaxshi ish topishim bilan sizlarni olib ketaman. 
— Oyijon, meni opketing, bir o‘zingiz qiynalasiz. Ukalarimga singlim qaray oladi-ku.
— Yo‘q. Uysiz-joysiz, yana ishsiz seni ko‘chada yetaklab yurish tentaklik. Endi bor, ukalaringga qara, bor deyapman. 
Ayol shunday deya yig‘lay-yig‘lay zulmatli tun bag‘riga singib ketdi.
Ayol shu alfozda katta yo‘lga chiqdi va duch kelgan mashinaga qo‘l ko‘tardi. Oq "Neksiya" uning yoniga ohista kelib to‘xtadi. Keksaroq yoshdagi haydovchi engashib so‘radi:
 — Qayoqqa borasiz, singlim?
 — Shaharga, vokzalga.
 — O‘tiring, o‘sha tomon ketayotuvdim. 
Mashina yurganidan so‘ng haydovchi savol berdi:
 — Bir o‘zingiz yo‘lga chiqibsizmi kech qorong‘usida?
 — Shunaqa bo‘p qoldi.
 — Ko‘zlaringizda yosh...
— ...
Ayolning gaplashishga hushi yo‘qligini sezgan haydovchi jim bo‘ldi. 
Mashina bir pasda vokzalga yetib keldi. 
— Mana pul. Rahmat sizga, — dedi ayol.
— To‘xtang, bu pul sizga. Uzoq yo‘l ketayotgan ekansiz, o‘zingizga ishlating. Chin ko‘nglimdan aytyapman, singlim, ishoning...
Haydovchi ayolning sumkasini ko‘tarishib vokzal eshigigacha keldi.
Ayol yaqin bir dugonasi yashaydigan shaharga chipta oldi. So‘ng poezdga chiqib, ko‘rsatilgan joyga borib o‘tirdi. 
Poezd sekin qo‘zg‘aldi. Juvon ma’yus nigohlarini poezd oynalariga qaratdi. Ancha yurishgach, poezd Samarqanddan o‘tganida vagonga bir to‘da odamlar kirib kelishdi. Ularning kayfi juda taraq edi. Aksiga olib ayolning yonidagi hamrohlari yo‘l-yo‘lakay tushib qolishgandi. Yo‘lovchilarni boshlab kelgan provodnik:
— Istagan joylaringizga o‘tirib olaveringlar, — degancha to‘g‘riga o‘tib ketdi.
— Men mana bu joyga yotaman, — ellik yoshlar chamasi mo‘ylovli, qorindor odam ayol ro‘parasiga kelib oldi, so‘ng unga qarab dedi: — Yolg‘iz ekansiz, birga ketamiz, azizim, tanishamiz, u-bu tamaddi qilamiz. Har qalay sizni zeriktirmaymiz. 
— Joyingizda o‘tiring, — yo‘lovchini jerkib berdi ayol.
— Nega endi?
— Nega emish? Bunaqa gaplar sizga yarashmaydi, yoshingizga yarasha muomala qiling.
— Voy-bo‘, yoshingga qarab gapir emish! Menga nima qipti? O‘zing o‘n sakkiz yashar qizmidingki, noz qilasan! Undan ko‘ra jon de bizdek hamrohlar chiqqaniga!
— Keting oldimdan! — ayol bahona qidirishga tushdi. — Men kasalman.
— O‘zim davolayman, lyuboy doridan bor menda.Undan keyin, jonidan, mening qo‘llarim tekkan joying shubhasiz tuzaladi. Mana ko‘rasan, biotokim bor. Ishonmasang, hozir sinab ko‘ramiz.
— Qo‘yvor, piyanista! — ayol uni bor kuchi bilan itarvordi, so‘ng bezovtalanib atrofga alangladi: — Konduktorni chaqiringlar, bu piyanistani tartibga keltirsin.
Erkak esa battar suyulardi: 
— Nima desang deyaver, lekin nozing ham, achchig‘ing chiqishi ham o‘zingga juda yarasharkan. Shunaqa ayollar jon-dilim.Ular bilan olishib mazza qilib yayraysan kishi. Biroq hozir hech xomtama bo‘lma, hech kim yordamga kelmaydi, undan ko‘ra o‘zimdan qolma. Ammo-lekin omading bor ekan.
Atrofdagilar, ya’ni uning olti-etti sherigi bu tayyor tomoshadan rohatlanib kulishardi.
Ayol yo‘lini to‘sgan erkakni bor kuchi bilan itarib tashladi-da, sumkasini bag‘riga bosgancha kupedan otilib chiqib, tamburga chopdi. Keyin orqasidan chayqalib kelayotgan ikki erkakni hayratga solgancha pastga sakradi... 

Bu voqealarni juvon ertasi kuni ertalabki choy ustida o‘ziga savolomuz boqib turgan Tal’atga muxtasar tarzda hikoya qilib berdi.
— Shunaqa deng, — o‘ylanib qoldi Tal’at. — Endi nima qilmoqchisiz?
— Shu shaharda bir dugonam yashaydi, uni izlab topmoqchiman, keyin ishga kirarman.
— Adresi bormi?
— Ha.
— Qani, ko‘ray-chi.
 Ayol uzatgan parcha qog‘ozni ko‘zdan kechirarkan, Tal’at dedi:
 — Bo‘ldi, u joylarni bilaman.
 — Sizdan kanchalar minnatdor ekanligimni bilsaydingiz! Xudoning o‘zi yetkazdi menga sizni.
 — Bu oddiy odamgarchilik-ku. Nima qilib yashab yuribmiz odam bo‘lib bir-birimizning kunimizga yaramasak. Hali ishingiz yurishib ketadi, ko‘nglim sezib turibdi. 
* * *
Ular ertasi aytilgan manzilni izlab topdilar. Biroq eshikni ochgan xotin to‘ng‘illadi:
— Gullolami? Ha, taniyman, biroq ikki xafta bo‘ldi, uyni sotib ko‘chib ketdi.
— Ko‘chib ketishdi? — birdan behollanib so‘radi juvon. — Qayoqqa?
— Afsuski, bilmayman.
Tal’at bu xabardan butunlay karaxt ahvolga tushgan Sabina yoniga yaqinlashib, uning qo‘lidan tugunni oldi.
— Yuring. Xafa bo‘lmang. Biron-bir yaxshi ijara uy topguncha menikida yashab turaverasiz.
Ular yana birgalikda uyga qaytishdi. 
 
* * * 
...Sabina ish izlay-izlay charchab-horib qaytganida Tal’at odatdagidek papirosni burqsitganicha darvoza yonidagi taxtadan qilingan karavotda o‘tirardi. Umrining deyarli o‘n yilini ana shu hovlida tanholikda o‘tkazayotgan bu odamni hech kim tushunolmasdi. Ayniqsa xotini o‘limidan so‘ng Tal’at butunlay o‘z qobig‘iga o‘ralib olgan.
— Keldingizmi, Sabina. Oshxonada u-bu narsa bor, yeb oling.
— Rahmat. Xudo xohlasa, hademay ishga kirsam, oylik olaman, keyin...
— Albatta, — dedi Tal’at papirosni oyoqlari bilan ezg‘ilagancha. — Bilasizmi, mening yon qo‘shnilarim er-xotin shoirlar, juda ko‘p she’rlar yozishgan, televizordayam ko‘rsatishdi. Bugun bir osh bahona she’rxonlik qilamiz, maylimi? 
— Rostdanmi? — Sabinaning ko‘zlari porlab ketdi. Katta shoirlar bilan u hech qachon bir dasturxon atrofida o‘tirmagandi.
— Unda men bir bozor qilib kelay. 
Kechqurun Sabina chiroyli qilib dasturxon bezadi.
Kecha, darhaqiqat, juda ko‘ngilli o‘tdi. Er-xotin shoirlar ochiqqina odamlar ekan. She’rxonlik va oddiy odamlarning beg‘araz hazillaridan butkul ko‘ngli yorishgan Sabina behad xursand edi. 
 
Mehmonlarni kuzatib qaytgach, Tal’at og‘ir qadamlar bilan o‘z xonasi tomon yurdi. Ko‘pincha eshigi qulflog‘liq bu xonada xotiniga tegishli narsalar turardi. Xona devorida esa uning portreti. Suratga alam bilan tikilarkan, Tal’at iztirob va armon bilan xotinini esladi. O‘shanda shoshib onasinikiga ketayotgan xotinini tez kelayotgan mashina urib yuborgan... Kechagidek xotirasida qolgan bu voqea yodiga tushib ingrab yuborgan Tal’at quruq polga g‘ujanak bo‘lib yotib qoldi.

* * * 
— Qayoqqa?
— Ish izlayapman-ku.
— Omadingizni bersin. Ammo aytib qo‘yay, huda-behudaga sang‘ib yurmang. Bu yerni shahar deb qo‘yibdilar. Bilasizmi, Nitsshe nima degan: "Pastga tushish bu hali fojia emas". Yorug‘ kunlarga ishoning.
Itoatkorona bosh silkigan Sabina ko‘chaga chiqdi. 
* * * 
Sabina kechga yaqin uyga qaytganida Tal’at sigaret chekkancha televizor ko‘rib o‘tirardi
— Kech qoldingiz, sizga tushuntirgandim-ku, bu yer qishlog‘ingiz emas istagancha ko‘chada yurgani.
— Ish topish qiyin bo‘layapti, — aybdorona ohangda izoh berdi Sabina. — Bir joyda hujjatimga qarashadi, boshqa joyda, ayniqsa ayol rahbar bo‘lsa ust-boshimga... 
— Rostdan-a? Kiyimingizga qarab munosabat bildirishlari bu yomon, juda yomon... 
Tal’at ko‘pincha qulf bo‘ladigan xona eshigini ochib kirib ketdi va birozdan so‘ng ikkita ko‘ylak ko‘targancha chiqib keldi. Yap-yangi, ohori to‘kilmagan, kechagina tikdirilganga o‘xshab turgan bu kiyimlar uning xotininiki ekanligini tushungan Sabina dovdirab qoldi. So‘ng bir amallab o‘zini qo‘lga oldi:
— Buncha chiroyli, tekis turishini-chi.
— Yoqdimi?
— Judayam. Bunaqa kiyimlarni bizning qishlog‘imizda hech kimda ko‘rmaganman.
— Qani, kiyib ko‘ring-chi.
— Yo‘g‘-e...
Sabina beixtiyor bir qadam ortga chekindi. Ammo Tal’at qo‘ymay turib oldi. 
Noiloj qolgan Sabina o‘z xonasiga o‘tib, yangi atlas ko‘ylakni kiydi, so‘ng yangi libosga mos ravishda yuziga ozroq upa surdi, qoshiga qalam tekizdi, labini bo‘yadi. 
Sabina xonadan chiqib kelganida unga ko‘zi tushgan Tal’at joyida lol turib qoldi. Uning nazarida xotini tirilib kelganday edi...
— Yarashibdi, — dedi u titroq ovozda. — Kiyavering, buyursin. Yuring, endi choy ichamiz.
— Tal’at aka, — dedi Sabina jur’atsiz tarzda. —Shamsiya opa degan ayolning uyiga ko‘chsammi deb turibman. Kecha tanishib qolgandim. Bozorda semichka, qurt sotarkan. Yolg‘iz yasharkan. Bu yerda sizgayam tashvish orttirib...
Tal’at joyida o‘ylanib turib qoldi.
— Nima deyishgayam hayronman... U qanday ayol o‘zi... 
— Tez-tez kelib turaman.
— Avval ish-pishga kirib olavering-chi, keyin... ko‘rarmiz... Yuring, choy sovib qoldi... O‘zi to‘rtinchi marta damlashim...

* * * 
Bir haftadan beri Tal’atning uyida qandaydir begona ayol paydo bo‘lib qolganini ko‘rgan mahalla faollari u bilan jiddiy gaplashib qo‘ymoqchi bo‘ldilar. 
Faollar Tal’atning uyiga namozshom mahal kirib kelishdi.
— Tal’at, — deb chaqirdi oqsoqol.
Papirosni burqsitib o‘tirgan Tal’at chaqirilmagan mehmonlarni ko‘rib yuragi allanarsalarni sezdi shekilli, avzoyi buzilib, qovog‘ini solgancha to‘ng‘illadi:
— Tinchlikmi?
— Endi, inim, — oqsoqol ortiqcha iltifot va takalluf kutmayoq o‘z mavqei, lavozimiga mos do‘rildoq ovozda gap boshladi: — bu yurish-turishingiz bizni biroz tashvishlantirib turibdi. Ukajon, har xil xotinlarni yetaklab kelaversangiz, endi buni nima deyish mumkin...
— Qanaqa xotinlarni?
— Ol-a, — istehzoli kuldi oqsoqol. — Tan ham olmaysiz shekilli hali? Endi, uka, bu o‘zbekchiligimizga to‘g‘ri kelmaydi. Bittasiga uylanib bola-chaqa qilib yashaganingizga nima yetsin. Ish bunaqada ketaversa o‘z umringizni ham behuda sovurasiz, atrofdagilargayam tarbiyasiga yomon ta’sir qilasiz. Bunday axloq bizga butunlay yot bo‘lishi kerak.
— Nima, — endi chidab turolmadi Tal’at, — nima bizga to‘g‘ri keladi: qorong‘u ko‘chalarda joysiz javdirab turgan, musofir, ilojsiz ayolga joy bermaslikmi? 
— Hoy-hoy, — tepasiga kelayotgan Tal’atning vajohatidan cho‘chigan oqosoqol yasama do‘q qildi: — Og‘zingizga qarab gapiring... siz... siz... Siz bilan hali boshqa joyda gaplashmiz! 
Shundan keyin oqsoqol shartta ortiga burildi va hovlidan chiqib ketdi. Boshqalar ham unga ergashishdi. 
Tal’at jahl bilan xonaga qaytib kirarkan, o‘z xonasi eshigi yonida turgan Sabinani ko‘rdi... Ayol barini eshitgan edi...
Ammo Sabina bu safar uning aytganini qilmadi. Juvon sekin hovliga chiqib, undan darvoza tomon yura boshladi. 
Bunday bo‘lishini kutmagan Tal’at ikki hatlashda ayolga yetib olib, uning yo‘lini to‘sdi:
— Qayoqqa? Tentak bo‘lmang, Sabina, qayting deyapman, uyga kiring, kirsangiz-chi uyga, — yolvordi erkak. 
Ammo Sabinaning allanimaga ahd qilganday yo‘lidan qaytmayotganini ko‘rgan Tal’at kuch bilan uning qo‘llaridan sudrab uyga olib kirdi, divanga o‘tqazib, xuddi yosh boladek tushuntira boshladi:
— Unday qilmang, Sabina. Siz ketganingiz bilan anavilarning fikri menga nisbatan yaxshilikka o‘zgarib qolmaydi. Ularning gapiga parvo qilmang. Bir hisobda ulardayam ayb yo‘q, ular odamlarni tartibga chaqirishni xizmat vakolati deb tushunishadi. Bunaqa gumrohlardan xafa bo‘lish esa aqlli kishining ishi emas. Men yomon odam emasman, ko‘rib turibsiz. Ko‘zlarimga qarang... Men sizni juda yaxshi ko‘raman. Chunki siz halol, farishtadek begunoh ayolsiz. Faqat ketmang...
Ayolning ko‘zlariga yosh indi, o‘z xonasiga imo qilib, bu xonada qolmasligini tushuntirmoqchi bo‘ldi. Tal’at azbaroyi uning uydan bosh olib ketishidan qo‘rqar, bir vaqtlari xotini bilan sodir bo‘lgan fojia takrorlanishidan juda qo‘rqardi. Shuning uchun unga ishonmasdi.
— Yo‘q, shu yerda qolasiz.
Sabina itoatkorona tarzda divanga yonboshlarkan, o‘zi uchun qadrli va aziz kishiga aylangan bu odamga qarab arang kulimsirab qo‘ydi. Tal’at yon xonaga chiqdi va asabini tinchlantirish uchun uyqu dori ichdi, so‘ng qaytib kirdi va shundoqqina polga to‘shalgan palosga cho‘zildi. 
...Tal’at yarim tunda uyg‘onib ketdi. Divanda Sabina yo‘q edi. Tal’at sapchib o‘rnidan turdi-yu, eshikka otildi. 
Oysiz, zulmatli tun. Yoqimsiz guvillagan shamol odam ko‘nglida battar vahima uyg‘otardi.
Tal’at hech qachon tundan bunchalik qo‘rqmagandi, qaytangga tunni yaxshi ko‘rar va unga intilar, ana shu zulmatlarda hech kimga ko‘rinmay yolg‘iz yurishni yaxshi ko‘rardi. Xuddi ana shu zimiston tun Sabinani yutib yuborgandek tuyulib, ko‘ziga yomon ko‘rindi. Beixtiyor oldinga intildi. U yo‘l-yo‘lakay chor-tevarakka, past-baland joylarga zo‘r berib tikilgancha ayolni axtarar edi.
— Sabina!..
Tal’at shu alfozda ancha yurdi. Nogoh katta yo‘ldan ancha olisda joylashgan bir pastak, nurayman deb turgan eski uyga duch keldi. 
Tal’at shoshilib borib eski eshikni tortdi. Eshik anchadan buyon ochilmay yotganidan zang bosib ketgan ekan, g‘ichirlab ketdi. Katalakday xonada sham yonib turardi. Eski xontaxta yonida esa Sabina o‘tirgancha qog‘ozga allanarsalar yozar edi. U kiraverishga ters o‘tirgani uchunmi, hech narsani payqamas edi. "Unga bu joy nima uchun kerak bo‘ldiykan?" Tal’at Sabinani cho‘chitmaslik uchun bir pas jim turdi. Shu payt yon tomondan dahshatli tezlikda yaqinlashib kelayotgan ulkan mashinaning o‘tkir chiroqlari ko‘rindi. Va bir soniyadan so‘ng mashina uchib kelib uyga urildi...
Tal’at cho‘chib uyg‘onib ketdi. Tal’at qo‘rqa-pisa yoniga o‘girildi va Sabinaning divanda uxlab yotganini ko‘rdi-yu bu tushi ekanligini bilib xursand bo‘lib ketdi.
Shundan keyin tong sahargacha mijja qoqma    y chiqqan Tal’at ishga otlanarkan, hamon qotib uxlab yotgan Sabinaning ustiga adyolni yaxshilab yopib qo‘ydi.
 
Oradan yarim soatlar chamasi o‘tgandan keyin Sabina ham uyg‘ondi. U yuzini yuvayotib, kechagi noxush voqeani ko‘z oldiga keltirdi, bu yerda turishi yaxshi emasligini, gunohsiz odamni ortiqcha gap-so‘zga qoldirayotganini tushundi. Shundan keyin bir parcha qog‘oz olib, xat yozdi: "Men uyimga ketdim. Bu yerda ortiq qolishni va sizga ozor yetkazishni istamayman. Hammasi uchun rahmat".
Sabina sumkasini olgancha ko‘chaga chikdi. 
Sabina shaharga yetib olganidan keyin ancha yurdi. Axiyri ko‘ngli behuzur bo‘lib, ko‘zlari tinib ketayotganligiga chidolmay xilvatroq joydagi o‘rindiqqa o‘tirdi.
Kutilmaganda kimdir unga gapirganday bo‘ldi. Sabina boshini ko‘tardi. 
O‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlardagi qiz unga achinib qarab turardi:
— Mazangiz bo‘lmayaptimi, opa? Kasalxonaga olib borib qo‘yaymi?
Sabina o‘zini majburlab jilmaydi:
— Rahmat, singlim. Shunchaki charchadim shekilli. 
Qiz indamay nari ketdi. 
Sabina esa joyida to‘rt soatga yaqin o‘tirib qoldi. U endi qanday yo‘l tutishni bilmayotgandi. Bir tomondan farzandlar sog‘inchi. Ikkinchi tomondan ish ham, joy ham topolmadi. Boshini egib borsa alkash eriga Xudo berib qolishi aniq. Keyin ta’na qilaverib ko‘zini ochirmaydi...
Ammo boshqa nima iloj bor?
Sabina og‘ir xo‘rsindi. 
Qorong‘ulik tushib kelmoqda edi. 
Juvon asta o‘rnidan turdi. 
Qayoqqa boradi, qayoqqa?
Xuddi shu mahal...
— Sabina!.. — degan chorlov eshitilganday bo‘ldi.
Ovoz juda-juda tanishday edi. 
Sabina ajablanib ovoz kelgan tomonga qaradi. 
Xiyobon tomondan shu tomonga qarab Tal’at chopib kelmoqda edi. 
— Sabina! Sabina! — deya hayqirardi u. 
Juvonning tomog‘iga nimadir tiqilganday bo‘ldi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.