OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Bashorat Omonova. Surat (hikoya)

O‘smir o‘n oltiga qadam qo‘ydi. Beqaror hayot, mo‘‘jizakor tabiat boshqacha ko‘rina boshladi. O‘zini tushunadigan odamning suhbatiga intiq bo‘la boshladi. Kim bo‘lsa ham mayli... Lekin kim u? O‘nidagi odamlarmi? Ular beparvo, loqayd. Tiriklik tashvishlariga ko‘milib qolishgan. Tengqur o‘rtoqlari, sinfdoshlarimi? Yo‘q...
Kundan-kunga o‘jarlashib, odamoviga o‘xshab qoldi. Faqatgina kitoblar uning sodiq sirdoshi, ajralmas hamrohi edi. U stol ustida turgan «Fizika»ga qarab qo‘ydi. O‘ta murakkab, qora harflarga burkangan fizika qonunlari u o‘qigan ajoyib fantastika olamiga ko‘pam yaqinlashavermasdi.
Eynshteyn... «Tabiatdagi hamma narsalar nisbiydir. Borliq nisbiy...». U qachon buni sezib qolgan, qay holatda iqror bo‘lgan?
U o‘zi kashf etgan olamda tanho edi...
U stol ustiga kaftlarini tiragancha hovliga nazar tashladi. 
Bu uy to‘satdan kirib qolgan odamga sirli qasrday ko‘rinishi shubhasiz. Otasi rassom edi. Rassom bo‘lgandayam dong‘i ketgan, taniqli rassom edi. O‘g‘li otasi chizgan rangtasvirlarni yaxshi ko‘rar, otasi bilan faxrlanardi. Endi u payqagan voqealar shunday hashamatli xonadonlariniyam ko‘ziga g‘amgin va g‘arib ko‘rsatardi.
Otasi boshqa bir ayolni sevib qolgandi. O‘g‘li uning fe’lini yaxshi bilsa-da, odamovi bo‘lib qolganining sababini ana shu sevgiga bog‘ladi.
Otasining qiziq odatlari bor. O‘zi yotadigan xonani doimo qulflab yuradi. Hech kimni kiritmaydi. Gohida onasi yotoqxona changlarini artib chiqadi xolos, ukalari bo‘lsa eshik yaqiniga yo‘lashmaydi ham. 
Otasi yotadigan o‘rinning bosh tomoniga chiroyli ayolning surati ilingan. Avvaliga, bola uni shunchaki yaxshi ishlangan san’at asarlaridan biri deb qaradi. Otasining tungi yurishlari, ichib jazavaga tushganda hamma narsadan kamchilik topib onasiga o‘dag‘aylashlari, hali go‘dak ukalarini zirillatishlari, so‘ng esa o‘sha surat qarshisiga borib qadalib qolishlari, shundan keyin yuvosh tortib uxlashlarini o‘zicha kuzatgan o‘smir aniq xulosaga keldi. Otasi xuddi shu suratdagi ayolni sevib qolgandi.
— Bechora onamning aybi nimada? — deb o‘yladi u. — Gunohi o‘qimaganligimi? Kecha-yu kunduz otamning injiqliklarini ko‘tarib, keldi-ketdisiga qaraganimi? Hattoki, ayollar ham uyga kelib mashqlarini ko‘rsatib ketishadi. Onasi bechora ularniyam beta’ma, malol kelmay kutib oladi, kuzatib qo‘yadi. Bu ayol ham ikkita rasm chizib: «Iltimos, shuni qarab bering», — degan. Otasi esa u chizgan suratdan ham ko‘ra, uning chiroyiga mahliyo bo‘lib qolgan. 
— Hayvonlar suratini chizishni yaxshi ko‘raman, — degan ayol rasmlarini uzata turib, — manavi tulki bilan xo‘roz. Ikkoviyam ovga chiqqan.
— Boplabsiz, — telbalarcha tikilgan otasi, — juda chiroyli chiqibdi. Ikkoviyam yemish ilinjida yo‘lga chiqqan. Va kutilmaganda uchrashib qolishgan. Tulki xursand, xo‘roz esa... Hm..: Yaxshi...
— O‘tiring, sizning suratingizni chizaman, — degan otasi.
Omadi kelgan juvon oromkursiga yalpayib o‘tiraqolgan. Chiroyli kulib bergan. Taniqli rassom bolalariga, xotiniga mehrsiz ekanini mana shu devonavor qilig‘idanoq bilib olgan...
Bola o‘rnidan turib, karavot suyanchig‘iga tiralgancha ingrandi. Bu olifta xotin oldida o‘zlarining nechog‘li tahqirlanganini, otasining qanchalar ojizligini ko‘z oldiga keltirib beixtiyor yig‘lagisi keldi... Ehh, hammaning nazarida farovon, to‘kis tuyulgan hayotga ming la’nat. Onasi esa buncha sodda, buncha go‘l bo‘lmasa. «Hech narsani sezmaydiyam, — g‘azabi keldi, — balki, sezar... Bolalari uchungina erining xiyonatiga ko‘nib yashar».
Bu — dahshat. Bolaning ko‘zlari katta-katta ochilgancha devordagi bir nuqtaga tikilib qoldi. Otasiga nisbatan tengsiz nafrat dilini o‘rtadi. Qaniydi, maktabni tezroq tugallasa-yu, bir chog‘roqqina kulba bo‘lsayam topib, onasini, ukalarini olib bu uydan ko‘chib ketsa.
Biroq hozir o‘zining ilojsizligini, onasi singari ojiz ekanligini tan olib battar siqila boshladi. Esini taniganidan buyon otasi ular bilan bir dasturxonda ovqatlanmaydi, ochilib gaplashmaydi. Ota bo‘lib bolalarini suymaydi, erkalamaydi. Otasi hovliga kirishi bilanoq ukalari o‘yinlarini yig‘ishtirib qochib qolishadi. Yaxshi yeb-ichish, kiyinishu mol-dunyo deb onasi otasiga qarshi hech narsa deyolmasligini his etib, bola qiynaladi. 
Otasining yaqin do‘sti Yusuf amakining bir gapi esiga tushdi: «Katta o‘g‘ling onasiga o‘xshaydi, xuddi onasi-a, qo‘yib qo‘yganday, yo tavba».
— Him, — otasining yoqimsiz ovozi eshitiladi. — O‘xshamay qayoqqa borardi... Qo‘y... shuni eslatma hozir... 
Bolaning alami keldi. Karavotga g‘ujanak bo‘lib yotib oldi.
— Anvar...
Kattakon gulli tovoqda qovurdoq ko‘targan onasi kirib keldi. Ovqatni stolga qo‘yib, o‘g‘li yoniga o‘tirdi. Hozirgina suzilgan ovqatdan xonaga yoqimli hid taralardi.
— Haliyam yotibsanmi, bolam, — kaftini o‘g‘lining peshonasiga bosdi, — hech qayering og‘rimayaptimi?
— Yo‘q, hech joyim og‘rigani yo‘q.
— Hozir o‘sadigan, suyaging qotadigan payt, yaxshi ovqatlanib, o‘zingga qarash o‘rniga, kundan-kunga ozib ketayapsan...
Bola onasining qo‘llaridan tutib ko‘zlariga termuldi.
— Onajon! Siz biram yaxshi, biram yaxshisizki...
— Rostdan-a? — onaning yuzlari quvonchdan yorishib ketdi.— Biz juda baxtlimiz. Hamma narsamiz yetarli. Sog‘miz. Qornimiz to‘q. Istagan narsangni olib berishga qurbimiz yetadi. O‘g‘lim, sen hali yoshsan. Faqat yaxshi o‘qishni o‘yla. Ovqatingni yevol, sovib qoladi, — ketishga chog‘landi u. 
Onajonim... — ma’yus termulib qoldi bola. Yuragi g‘ashlangani bois beixtiyor tezroq kech tushishini, tun bo‘lishini istab qoldi. Jimlik, sukunat, qorong‘u tun va tushlar uning yolg‘iz ovunchi edi. Faqat tushlaridagina bir chiroyli, farishtamisol go‘zal nigoh uni avaylab olib yuradi, bir mehribon qo‘l silab-siypab, suyib-suyib erkalaydi. So‘ng, shirali ovozda ertaklar aytib beradi. Shunaqangi ajoyib ertaklarki!.. To esini taniganidan buyon bu sharpa uning sevimli hamrohi. Uning ertaklari tong yorishgach, uyqudan turishi bilanoq butunlay yodidan ko‘tariladi, harchand uringani bilan hech eslolmaydi. Go‘yoki quyoshning beshafqat nurlari uning jozibador mo‘‘jizakorligini ko‘mib tashlaydi. Go‘yoki ularni yolg‘onga aylantiradi. Xuddi hech qachon ular bo‘lmagandek...
To‘g‘ri, onasi tushidagi o‘sha mehribon ayoldek yaxshi ertak aytolmaydi. Shundoq bo‘lsa ham onasini juda yaxshi ko‘radi. U yozuvchi bo‘ladi. Yozganlarini esa hech kimga ko‘rsatmaydi. U faqat o‘zi uchun yozadi. Bu dunyoning ziddiyatlarini o‘zicha yechgandan so‘ng, ularni qog‘ozga tushiradi. 
Muhabbat, sevgi haqida esa hech qachon yozmaydi.
Zamon yaralgandan buyon muhabbat eng oliy tuyg‘u deb qaralgan. Uni boshidan o‘tkazgandan ko‘ra, his eta bilmagan odamlar to‘lib-toshib yotibdi dunyoda. Modomiki, sevgi telbalik, devonalik, oilasiga nisbatan befarqlikni keltirib chiqarar ekan, yaxshisi bu tuyg‘udan begona bo‘lgan ma’qul. Undan qochish kerak. Uning qahramonlari shijoatli odamlar bo‘ladi...
Ertasi kuni kutilmagan voqea yuz berdi. Otasi xona eshigini ochiq qoldirib, qo‘shnilarnikiga chiqib ketdi. Anvar yugurib ichkariga kirdi-yu, karavot tepasida ilingan ayolning suratiga qaradi. 
Juda go‘zal ayol. Ilhom bilan chizilgan. Surat yoniga esa katta kartina ilingan. Pastida yozuv «Oy. Yarim tun». Diqqat bilan tikildi. Manzara juda tabiiy chiqqan. Qarashi bilanoq, kishi o‘zini go‘yoki o‘sha joyda turganday his qiladi. G‘amgin daraxtlar. Katta-katta, shapaloqdek barglar oralab oyning yog‘dusi zo‘rg‘a yerga intiladi. Oy nurlari biram kuchsiz, biram ojiz. Bolaning yuragi uvishdi: buncha og‘ir manzara. Barglar oy yog‘dularini zamindan qizg‘anib tutib olishga harakat qilayotganday. Daraxt shoxlari esa o‘ziga itoat qilmayotgan bebosh yaproqlaridan ozorlanib, boshlarini aybdorona quyi eggandi. Ajoyib chizilgan. Uf-f... Nimadir bor... Nimadir... Nigohi beixtiyor ayol suratiga qadalarkan, xayolan gaplasha boshladi «Nimaga kulasan? Bizning ustimizdan kulayapsanmi? Yo otamni telba, devonavor qilganingdan mamnunmisan? Ayt, uni bizdan begonalashtirib nimaga erishmoqchisan?!...
Sen... Sen go‘zal emassan. Eng xunuk ayolsan dunyoda. Ming la’nat senga. Men baribir o‘ch olaman sendan, tinch qo‘ymayman, — bola qachon, qay tarzda qasos olishini o‘zi ham bilmay o‘jarona qayta-qayta takrorlardi, — baribir o‘ch olaman»...
Qadam sharpasidan xavotirga tushgan bola tezgina eshikka yo‘nalarkan, so‘nggi marta tun manzarasi chizilgan kartinaga qaradi — «Oy. Yarim tun...». Baribir bu yerda nimadir bor. Nima u?
Dahlizda ikki juft ko‘zlar sovuq to‘qnashishgach, so‘zsiz o‘tib ketishdi. O‘smir sezdi — otasi faqat onasini emas, uniyam yomon ko‘radi... Bola hali oldinda o‘zi uchun bundan ham iztirobli, noxush voqealar borligini tasavvur ham qilolmasdi. Bu to‘satdan ro‘y berdi. 
Maktabdan ayni peshin vaqti qaytdi. Har doimgidek tayyor ovqatni yeb, ustidan sharbat ichdi-da, javondan «Sirli hodisalar antologiyasi» kitobini olib xonasiga yo‘naldi. Dadasining xonasi ochiq edi, eshikdan sekin mo‘raladi. Onasi supurib, sidirib xonani tozalayotgan ekan. Ajabo, onasi kutilmaganda ho‘l lattani polga tashladi-yu, quruq latta bilan stulga chiqdi. So‘ng, so‘ng... anavi..: ayol portreti chetlarini arta boshladi. Xuddi shunday bo‘lishi kerakdek. Anvarning ichidan bir ingroq kelib, shart ortiga burildi-yu, tashqariga otildi.
Payt poylab onasi xonadan chiqib ketishini kutib turdi. So‘ngra... Quloqlari shang‘illadi...
«Onasiga o‘xshaydi, o‘g‘ling-a, xuddi onasi...». O‘smirning ko‘zlariga alamli bir o‘kinch qalqib chiqdi. Karaxt tortgan miyasiga ana shu so‘zlar yarq etib urildiyu, shahd burilib xonaga kirdi. Suluv juvon suratiga qattiq nafrat bilan tikildi. Ko‘z oldida hozirgina bu surat chetlari changlarini beparvo, betuyg‘u artayotgan onasi ko‘rindi.
Yo‘q, u onasiga o‘xshamaydi. Umuman, o‘xshamaydi. O‘xshamasligini hozir isbot etadi. Birinchi o‘chini oladi bu ayoldan, faqat birinchisini. Oppoq choyshablar to‘shalgan karavotga ikkilanmay shippagi bilan chiqdi-yu, portretni devordan kuch bilan ajratib oldi. Mushti bilan bir urib ramkasidan chiqardi. Mana, u kulib turgan xushsurat juvonga juda ham yaqin kelib qoldi, istehzoli iljaydi.
—Mana bo‘lmasa, — lablari alamli burilib suratni uzunasiga shart ikkiga yirtdi.
So‘ng, yana, yana...
— To‘xta, yaramas... — tog‘ni titratgudek guldurak ovozdan cho‘chib tushdi. Otasining yuzlari dahshatli edi. 
— Nima qilib qo‘yding, axmoq, — polda yotgan surat parchalarini qo‘liga tutamladi, — uni nega yirtding, gapir!
Ko‘zlari ola-kula bo‘lib, o‘g‘liga tarmashdi.
— Gapir, hozir seni o‘ldiraman, o‘ldiraman...
Vahshiy hayqiriqni eshitgan ona ota-bolanining yoniga yugurib keldi:
— Voy, nima qilayapsiz?
Ayol o‘g‘lini ajratib olish uchun erining qo‘liga yopishdi. 
— Qo‘yib yuboring deyman, sizga nima bo‘ldi, eh xudoyim-ey...
— Yo‘qol! — eri tirsagi bilan shunday turtdi-ki, ayol polga gursillab tushdi. Bola ikki qo‘llab bor kuchi bilan otasining ko‘kragidan itarib onasiga otildi. Uni poldan turg‘izmoqchi bo‘ldi.
Rassomning ovozi bu safar yig‘lagudek ingranib chiqdi:
— Axir u... axir... u onangning rasmi edi-ku!!!
Bola polga cho‘k tushgancha qotib qoldi. Onasi esa:
— Baribir aytdingiz-da shuni, — dediyu yig‘lagancha tashqariga chiqib ketdi.
Rassom boshini qo‘llari bilan changallangancha stulga o‘tirdi.
— Bu surat eng noyob nusxa edi. Uning qanchalar qimmatli ekanini bilsayding-a, nomard! — o‘ziga o‘zi gapirganday davom etdi u, — uni o‘ziga qarab chizgan edim. Xuddi mana shunday qarshimda o‘tirgan edi. O‘shanda u qanchalar baxtli edi. Biz sening tug‘ilishingni kutardik. U yetim o‘sgan edi. Qismat eng achchiq sinovlarni kichkinaligidanoq uning boshida sinab ko‘rgan edi... Yaxshi yashashga, yashagandayam juda baxtli yashashga haqqi bor edi. Uning uchun kuchimni ayamadim. Puldor odamlarning buyurtmalarini, portretlarini kechasi bilan chizib chiqardim. Shunday kunlarning birida u sekin ortimdan kelib yonimga o‘tirgan. Faqat pul uchungina jon kuydirayotgan karaxt ko‘zlarimga, charchoq vujudimga go‘yo taskin, kuch, orom bermoqchi kabi sening tug‘ilishing yaqinligini eslatgan. Keyin, keyin shunday chiroyli tabassum qildi-ki... Hamma narsani yig‘ishtirib, onangning portretini chiza boshladim.
Rassom polda g‘ujanak bo‘lib o‘tirib qolgan o‘g‘liga qattiq tikildi.
— Men endi hech qachon bunaqa surat chizolmayman. Sen mening yolg‘iz quvonchimdan judo qilding!
Yaxshisi... sen tug‘ilmasliging kerak edi... U qanchalar qobiliyatli edi. Agar hozir tirik bo‘lganda ajoyib yozuvchi bo‘lardi. Shunday hikoyalar yozardi-ki, go‘yo she’rga o‘xshardi, — rassom go‘yo alamli, o‘ta qayg‘uli judolik yillari orasida zo‘r berib, mashaqqat bilan eng yorqin damlarini terib olayotgandek to‘xtab-to‘xtab gapira boshladi:
— O‘zimni qiynagan allaqanday, nomlab bo‘lmas dardlarni, hayotning eng murakkab paytlarini o‘z-o‘zimcha tahlil etaman, ma’nosini anglagach qog‘ozga tushiraman, derdi. U yozardi, men esa chizardim, u menga ranglar tanlab berardi. Biz qanchalar baxtli edik. Go‘yo ikkimiz bir odamdek edik. Bunday bir xil tabiatli odamlarning topishishi, ozod, hech ozorsiz muhabbat dunyosini qurishi, bilasanmi, yer yuzidagi juda kam insonlargagina nasib etgan. Sen uni mendan judo qilding. Sen menga umuman kerakmassan! 
Rassom vujudiga allaqanday dahshatli kuch quyilib, ko‘zlari olayib ketdi. O‘g‘liga devonavor tikildi.
— Sen uni ikki marotaba o‘ldirding, birinchisida kechiruvdim, bu safar bu qotilligingga yarasha jazo olasan. Men seni o‘ldiraman!
U telbalarcha kela solib o‘g‘lini bo‘g‘a boshladi. Itoatkorona, hayratli ko‘zlar bilan bu dunyo allaqachon o‘zi uchun baribirga aylangan, sabr kosasi to‘lgan vahshiy nigohlar uchrashdilar. Shunda... Kutilmaganda rassomning qo‘llari shalvirab tushdi. Shart burildi-yu, to‘satdan deraza tomon intildi.
— Uv-v-v...
U endi odam emas edi. Inson qiyofasidagi sher edi. Sher bo‘lgandayam sayyod tomonidan eng nozik joyidan yaralangan sher edi. U endi bu tor xonalarga sig‘masdi... 
Allamahal, yarim tunda qaytgan rassom har doimgidan ham battar tund, o‘jar qiyofada edi. U sekin, sharpadek yurib o‘g‘lining xonasiga kirdi. Xona yorug‘ edi. Karavot tepasiga keldi. Rassom egilib uning yuzlariga tikildi. Uxlaganda ham chehrasi o‘kinchli, norozi edi. «Yig‘labdi, bolam bechora, qovoqlari shishib ketibdi».
Rassom necha yildan buyon o‘g‘li ikkalasi orasida yoqimli yaqinlikni his etdi. Bola qadrdon, aziz tuyuldi. Beixtiyor uni quchoqlagisi, sochlaridan silab, erkalagisi keldi. Lekin uyg‘otib qo‘yishdan cho‘chidi. Ko‘z-ko‘zga tushsa yana qanday holat yuz berishidan xavotirlandi.
Endi e’tibor qildi, bola surat parchalarini shunday yopishtirib chiqibdiki, uzoqdan qaralsa hecham bilinmaydi. Yoniga borib sinchiklagan kishigina sezishi mumkin, g‘ijimlariniyam tekislabdi!
Kulimsiradi. Chetlariga yaltiroq qog‘oz qilib, devorga osib qo‘ydi. So‘ng, o‘g‘lining yostig‘i tagidan uchi chiqib qolgan qog‘ozni qiziqsinib tortib ko‘rdi. Xuddi shunday qiyofa chizishga harakat qilibdi. Alammi, o‘kinchmi, allanimadir xalaqit qilgan. Yo‘qsa, o‘xshatardi. Rassom bu ishni o‘g‘li eplay olishiga astoydil ishondi. Chiroqni o‘chirib, tunchiroqni yoqdi. Stulni o‘g‘lining karavotiga yaqinlashtirib o‘tirarkan, miyasiga xotiralar quyila boshladi...
Esladi. Oppoq palata. Yolg‘iz karavot. Xotinining so‘nggi kunlari... Oldiniga ko‘p gaplashishga ruxsat etishmadi. So‘ng, sochlariga oq oralagan o‘rta yoshli do‘xtir:
— Mayli, qancha mumkin bo‘lsa shuncha gaplashavering, — deb shart burilib jo‘nab qoldi. Rassom sezdi. Uning ko‘zlarida yosh bor edi. Otilib kirib, xotinini bag‘riga bosdi. 
— Keldingizmi? Xudoga shukur, — xotini dardli pichirladi. 
So‘ng u negadir ravon gapira boshladi:
Tuzalishim qiyin...
— Unday dema. O‘tinaman, yolvoraman, unaqa demagin...
— O‘lsam ko‘p yig‘lamang, so‘z bering menga, kasal bo‘p qolasiz. Keyin... Siz uylaning, xo‘pmi?
— Gapirma... kerakmas, — ingradi eri, — agar senga biron nima bo‘lsa, men ham yashay olmayman.
— Yo‘q, gapimni bo‘lmang. Do‘stu dushmanlaringiz oldida xor bo‘lishingizni, hovlimizda faqat sukunat bilan g‘am yashashini xohlamayman. Bolalaringizning qiyqirib kulishlarini istayman...
U og‘ir-og‘ir nafas ola boshladi. Gapirish qiyin bo‘layotgandi. Keyin to‘satdan esiga tushib:
—O‘g‘limni ko‘rgim kelyapti. Uni avaylang, ismini Anvar qo‘ying. Nur degani. Ma’yus otlarni yomon ko‘raman... men endi boray... 
Qo‘llari shalvirab tushdi...
— Yo‘q, — rassom o‘kirgancha unga tashlandi, — ketma!
Shundan so‘ng, u uch yil uydan tashqariga chiqmadi. Uy ishxonaga aylandi. Qog‘oz, qalam, bo‘yoq, ranglar uning dardlarga, iztiroblarga to‘lgan hayotining ovunchi bo‘ldi.
Chaqaloqni katta opasi o‘rab-chirmab yetti bolasi ustiga olib ketdi. Shu kunlarda opasidan yaqin suyanchig‘i, sirdoshi, ko‘makchisi yo‘q edi. Bor topgan-tutganini uning uyiga tashidi. Mashinasiniyam yangligicha pochchasiga berib qo‘ydi. Qayerga bormasin jomadonini kiyim-kechaklarga to‘lg‘azib kelardi. 
Bola to‘rt yoshgacha otasidan begonasirab yurdi. Gap uqadigan bo‘lgach, har qalay ammasi ta’sirida bo‘lsa kerak, otasini kutadigan, sog‘inadigan odat chiqardi. Bola tabiatan tund, indamas otasidan o‘zi qiziqtirgan barcha savollariga javob berishini talab qilardi, javobidan qoniqmaguncha holi-joniga qo‘ymasdi. Gap orasida esa tinmasdan onasini so‘rar, yarasini battar yangilardi. Ammasi bola ko‘ngli uchun uning onasi uzoqda, faqat samolyot bilan boradigan joyda, do‘xtirda yotganligini, tuzalsa hademay kelib qolishini aytgan, yosh go‘dak yuragida yoqimli bir umid uyg‘otgan, shunga ishontirgan edi. Bir kuni ichib kelganida, o‘g‘ilchasi xarxasha qilib qoldi.
— Oyimni qachon olib kelasiz?..
Bunaqa savollariga biron nima vaj qiladigan ota ortiq dosh berolmasligini bilib, baqirib yubordi. Qachongacha chidash mumkin. Endi uning gap anglaydigan yoshi. Mayli bilsin. Qaytangga yolg‘onlarga chek qo‘yiladi. Umidi uzilib, hamma qiynoqlar barham topadi.
— Onang o‘lgan, tushundingmi? Seni tuqqan payt o‘lgan. Evaziga sen dunyoga kelgansan. Men uni o‘z qo‘llarim bilan ko‘mganman, eshitdingmi? Qaro yerga mana shu qo‘llarim bilan o‘zim ko‘mganman. Endi bilgandirsan uning qayerdaligini... — alam bilan stol ustidagi chiroyli vazani polga uloqtirdi.
— A-a-a!.. — bolaning ko‘zlari katta-katta ochilgancha g‘ujanak bo‘lib oldi, so‘ng tirishib, qaltiray boshladi.
Otasi kayfi uchib telefonga chopdi, qo‘shnilariga yugurdi... 
O‘g‘li bir oy kasalxonada yotdi. Yuragida jiddiy o‘zgarish bor, tutqanoq bo‘lish xavfi yaqin, qattiq qo‘rqqan deyishdi. Opasi to‘qigan yolg‘onda erkak kishi his etolmaydigan allaqanday nozik sir yashiringanini tan oldi:
— Kechir, bolajon, men seni aldadim. Aroq ichgan edim, mast edim. Onang uzoqda davolanayapti. Bilasan-ku, axir, men har doim uni ko‘rgani boraman.
Bolaning ko‘zlari charaqlab ketdi. Baxt ufurdi. Ishonch g‘olib keldi. Go‘dak tez orada bu ko‘ngilsiz voqeani unutdi. Beg‘ubor tasavvurlari bilan yana topishdi. U endi hech qachon otasidan ona haqida so‘ramasdi. Noxush gaplar eshitishidan, otasining fe’li yomonligidan, aldamchiligidan zada bo‘lib qolgan edi.
Faqat so‘zsiz, sadosiz ma’yusgina ko‘zlari bilan so‘raydi. Otasining nigohlari esa bema’no.
Rassom uylandi... Har qalay, o‘g‘li tuzalib ketgan bo‘lsa-da, uni tez-tez do‘xtirlar ko‘rigidan o‘tkazib turdi. Sog‘lig‘i haqida qayg‘urdi. Vafot etgan xotinini yana tushida ko‘ra boshladi. Allazamondan buyon tushlariga kirmay qo‘ygandi. Bolasiga ozor yetganini sezdimikan? 
Bolasi kamdan-kam odamlargagina nasib etadigan mo‘‘jizaviy, muhabbatdan yaralgan edi-ku. Uni nohaq xafa qildi. Oldingiday kasal bo‘p qolsa-ya! 
Endi nima qilish kerak?.. Rassom o‘rnidan turib ayvonga chiqdi. Tamakini burqsitib ichiga tortarkan, yon tomondagi xonaga sovuq, beparvo nigoh tashladi...
U yerda qismatning eng azobli damlariga giriftor bo‘lgan mehribon, munis bir AO‘L, jafo bilan limmo-lim qadahlarni har kuni simirayotgan sabr-toqatli AO‘L uch go‘dagi bilan qushday uxlab yotardi. Goh sovuqda bolalari usti ochilib qolishidan qo‘rqib, goh...
Rassom derazadan oqib kirayotgan tunga najot bilan bir pas termulib turdi-da, so‘ng o‘g‘lining yoniga qaytdi. Egilib sochlaridan o‘pib qo‘ydi. Derazadan esa qop-qora tun ichra bir nigoh ularga juda ma’yus, juda g‘amgin boqib turganday edi...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.