OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Damin Jumaqul. Gapingizga qo‘shilaman (hajviya)

Tungi diskotekaga o‘xshab to‘s-to‘polon, shovqin-suronga to‘la to‘y bazmida boshlovchining ko‘zidan panaroq joy topib o‘tirdim. Kelin-kuyovni qutlash uchun bazm ishtirokchilaridan biriga so‘z berildi. So‘zga chiqqan basavlat kishi «oldingi gaplarga qo‘shilaman», deb so‘z boshlagan edi, qarshimdagi yigit xandon otib kulib yubordi. Mening ajablanib qaraganimni sezdi-da, biroz xijolat aralash gap boshladi:
— O‘zbekning o‘zi qiziq, o‘zidan so‘zi qiziq degani haq gap, aka. Ana shu iborani qiziq odatlarimizni qo‘shib yanada boyitish mumkin, masalan, ergashuvchanlik.
— Shunaqa odatimiz bor ekanmi?
— Ha-da, hozirgina aytilgan «Oldingi gaplarga qo‘shilaman», deya boshlanuvchi gap nimani bildiradi, sizningcha? 
— Bilmadim, ehtiyotkorlik yoki so‘zga chechan emaslikdir balki, kim biladi yana...
— Men bilaman, bu tabiatimizdagi tobelik-ergashuvchanlikka yorqin misol bo‘la oladi.
— Shu ikki og‘iz gap-a, ko‘proq ichib qo‘ymadingizmi, birodar?
— Yo‘q, umuman ichmayman. Fikrimni sizga tushuntirish uchun keling, yaqin kunlarda boshimdan o‘tgan bir-ikki voqeani aytib bera qolay.
Singlimga sovchi keldi. Sovchini choshgoh paytida yopiq eshik ortida qabul qilgan otam uni kuzatgach, bizga kechgacha barchamiz yig‘ilishimizni amr etdi. Yangiqishloqqa ko‘chib ketgan akalarim, tuman markazida yashaydigan opam, qo‘shni viloyatga kelin bo‘lgan singlim, shu orada chuldirashib yurgan ukalarim, singillarim... Xullas, uzoq-yaqindan hamma aka-uka, opa-singillarni yiqquncha jonim hiqildog‘imga keldi.
Shomga borib hovlimiz bolalarning qiy-chuviga to‘ldi. Supaning usti bola-baqraga torlik qilgani bois yerga joy qilindi. Kun uzog‘i chopqillashib toliqqan bolalarning ba’zilari dasturxonga osh tortilguncha, boshqalari esa oshdan keyinoq uxlab qolishdi. Hech qancha vaqt o‘tmay, shovqin-suronga to‘la hovli tinchidi-qoldi. Ayni shuni kutib turgan otam yonboshlab o‘tirgan bolishdan o‘mganini uzdi-da, tomog‘ini bir qirib olib gap boshladi:
— Norqizilning uliga Ozodani so‘rab kelishibdi. Nima deysilar, menga qolsa, berguday royim bor. Norqizil bama’ni odam, bolalarini ham esli-hushli, deb eshitaman. Ayniqsa, shunisining topish-tutishi yaxshi emish. Toshkandda savdo qiladi, deydi. Choynakdaygina bir bola ko‘k «Tiko» minib u yoq-bu yoqqa o‘tib qoladi, shu emasmi?
— Choynakdaygina bo‘lgani bilan qip-qizil tentak u. Bir o‘chakishgan odam undan o‘lib qutulmasa, qutulmaydi, — dedim. Otam e’tiroz bildirdi:
— Gapning bismillosini birovning kamchiligidan boshlamang, jahli yomon bo‘lsa, yomondir. Jahlsiz erkak erkakmi? Ana qarang, shu boladan ikki-uch barobar kelbatli yigitlarning nechovi pochtaning oldida qari otasi yo enasining nafaqasini kutib ertadan kechgacha qarta o‘ynab yotishibdi. Singlingizni shu nonxo‘rlardan biriga bersak, ko‘nglingiz to‘ladimi?
Otamning odatlari shunaqa: birovga tanbeh bermoqchi bo‘lsa, uni «sizlab» boshlaydi. Biroq gapning to‘g‘risini aytgandim. Norqizil akaning o‘sha o‘g‘lini yomon ko‘raman. Uning Toshkentda nima ish qilib yurganini ham eshitganman. «Ey, shunday qilib pul topgandan ko‘ra och yurgan yaxshi» demoqqa og‘iz juftlagan edim hamki, katta akam gap boshlab qoldi:
— Ha, endi, turmush deganlari nozik masala, shu Ozodaning o‘zidan ham bir og‘iz so‘ragan ma’qulmikan, deyman.
— Undan so‘rash shart emas, so‘rasang, o‘qishga kiraman deydi. Qishloqda diplomlilar ozmi, ko‘pi bekorchi, bitta domullo Haydar tog‘ang bo‘lsa, yoz bo‘yi odamlarning loyhandagidan chiqmaydi.
— Gaplaringiz to‘ppa-to‘g‘ri, otajon, sizning aytganlaringizga yuz foiz qo‘shilaman. Yaxshi joydan joy chiqdimi, o‘rab-chirmab uzatib, qutulish kerak qiz boladan, — dedi did bilan tarvuz tilimlayotgan o‘rtancha akam qo‘lidagi pichoqni yuziga yaqinlashtirib. Shu topda ko‘zimga akamning qo‘lida ko‘tarilgan pichoq uzun bokalga o‘xshab ko‘rindi. Gaplari esa xuddi qadah so‘zining o‘zginasi. «Qoyil, to‘ylardagi boshlovchilikning nuqsi uribdi», deb qo‘ydim, gaplaridan ijirg‘anib. Keyin gapga ayollar qo‘shildi. Otam onamdan boshlab qizlari, kelinlarning ham fikrini eshitdi. Mashvarat so‘ngiga borib otamdan boshqa hamma Norqizil aka bilan quda bo‘lishga qarshi chiqdi. Tortishuv jarayonida o‘rtancha akam ham biz tarafga og‘ib ketdi.
Oilaviy majlis otamning qat’iyat bilan «Bo‘ldi, sovchilarga to‘yni olib kelaveringlar, deb aytamiz, tamom», degan jumlasi bilan yakunlandi.
Mehmonlarni kuzatayotganda katta akamga «Bu yig‘inning nima keragi bor edi, hayronman, otamning o‘zlari javobini berib yuboraversa bo‘lar ekan-ku, kimning fikri inobatga olindi?», dedim ensam qotib. Opichlab olgan o‘g‘lini mashinaning orqa o‘rindig‘iga ohista yotqizgan katta akam miyig‘ida kulib: «Bu ham bir gap-da, uka, nima sen rostdan maslahatlashamiz, deb o‘ylaganmiding? Ey, Sobirboy, o‘zingdan katta bir narsa desa, gapingizga qo‘shilaman, deb turaver, baribir sening fikring hech kimni qiziqtirmaydi», dedi.
Saylovda ham shunday bo‘ldi. Nomzodlarning biri tumandagi amaldorlardan edi. Saylovoldi uchrashuvining dastlabkisi bizning uchastkada o‘tdi. Nomzodning ishonchli vakili uni shunday sifatlar bilan ta’rifladiki, aytishicha, nafaqat tuman, balki butun viloyatda amalga oshirilgan ishlarning tashabbuskori, faol ishtirokchisi shu kishi ekan. Qarshi tarafdan bir kishi so‘zga chiqdi: «Hamma ishni bu akam bajarayotgan bo‘lsalar, boshqalar nima ish bilan mashg‘ul?», deb so‘z boshlagan edi, saylovchilar qarsak chalib uni olqishlab yuborishdi. Bundan ruhlangan notiq amaldorning avra-astarini ag‘darib tanqid qildi. Saylovchilar uni damba-dam olqishlab turdi. Buni ko‘rib «Endi uni hech kim qo‘llab-quvvatlamasa kerak», deb xayol surib turuvdim, tumandagi yirik tashkilot rahbarlaridan biri so‘zga chiqib, amaldor do‘stining noyob xislatlari, tashkilotchilik qobiliyati, qo‘l ostidagi xodimlariga mehribonligi, qabuliga kelgan odam albatta undan xursand bo‘lib ketishi haqida lof urdi, keyin hammani uning nomzodiga ovoz berishga chaqirdi. Mo‘‘jizani qarangki, ommaning fikri birdaniga o‘zgardi. Amaldorning qabuliga oylab kirolmay yurgan kishilar ham uning nomzodini qo‘llab ovoz beramizga tushib ketishdi. Shundan keyin men saylovga qadar bo‘lib o‘tadigan barcha uchrashuvlarda qatnashishga qaror qildim. Boshqa uchrashuvlar ham deyarli shu yo‘sinda o‘tdi. Saylovchilar dam u tomonga og‘ib ketadi, dam bu tomonga. Uchrashuv tugab, uylariga qaytishayotganda esa nomzoddan noroziligini bir-birlariga izhor qilishadi. Natija nima bo‘ldi? O‘sha amaldor deputatlikka saylandi.
Ishxonada kasaba uyushmasi raisiman. Bir kuni boshliq chaqirdi. Hol-ahvol so‘rashgach, maqsadga o‘tdi.
— Yangi yil bayrami oldidan birorta jonkuyar, mehnatkash xodimimizni mukofotlasak, kasaba uyushmasi raisisiz, korxona xodimlarini yaxshi bilasiz. Shuning uchun mukofotga kimni tavsiya etish masalasida siz bilan maslahatlashib olsak, degandim.
— O‘zingiz biror kishini mo‘ljallayapsizmi?
— Shu-u, kadrlar bo‘limining boshlig‘i Malikaxonni o‘ylab turibman-da, — deya ko‘zoynagi tagidan ayyorona nigohini menga tikib gap boshladi direktor,— bevosita ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etmasa ham, har holda yosh, intizomli, o‘sadigan qiz, nima deysiz?
— Malika yomon xodim emas-ku, menga qolsa, mukofotni Abduvali akaga bergan ma’qul. Korxonamizga ko‘p mehnati singgan qo‘li gul usta. Qolaversa, hozirgi kunda u nafaqat korxonamizda, viloyat bo‘yicha birinchi raqamli payvandchi hisoblanadi.
— Ha-a, fikringiz yomon emas, tushlikdan keyin hisobchi bilan kiring, uchalamiz yana maslahatlashamiz, xo‘pmi?
Peshinda uchalamiz boshliqning xonasida yig‘ildik.
— Halimaxon, bayram oldidan birorta xodimimizni xursand qilaylik, deb maslahatlashuvdik. Mukofotga men Malikaxonni, «profsoyuz» Abduvali akani tavsiya etayapti, sizda ham birorta nomzod bormi? Balki hammamizga ma’qul sovrindorni siz toparsiz, — deya hisobchiga ma’noli qarash qildi boshliq.
— Voy, men nima derdim, Sunnat Vohidovich, siz Malikaxonni aytgan bo‘lsangiz, qo‘shilaman, Malika har kuni keladi ishga, — deb nozlandi Halimaxon. Bosh hisobchining bunchalar uquvsizlik bilan xol qo‘yganidan boshliq nafratlanib ketdi. Ammo ovoz yig‘ish borasida ustunlikka erishdi.
Keyin bu savobli ishni qonuniy kuchga kiritish uchun majlis chaqirilib, bayonnoma tuzildi. Majlisda hamma sehrlangandek, Malikani maqtay ketdi. Ularning gaplariga quloq solib o‘tirib, «Yaxshiyam, Malikaxon bor ekan, bo‘lmasa, korxonamiz allaqachon yopilib ketarmidi», — deb kesatdim. Ammo kinoyam havoda qoldi, hech kim e’tibor qilmadi.
Yangi yil — oilaviy bayram. Shu bois sinfdoshlar kunduzi yig‘ilishdik. Uzun-qisqa, oriq-semiz, to‘rtburchak-uchburchak shishalar oldin-keyin ochilib, ketma-ket qadah so‘zlari aytildi. Sinfdoshlarimning poyma-poy, bir bog‘dan, bir tog‘dan kelib aytayotgan qadah so‘zlarini tinglar ekanman, bot-bot ularning «Oldingi gaplarga qo‘shilaman», deganlari qulog‘imga chalinar edi. Shunda o‘zimcha o‘yladim. Bu nima degani? Nahotki, shu davrada yig‘ilganlarning aksariyati o‘z so‘ziga ega bo‘lmasa. Tengdoshlarim hech qanday qaror qabul qilmaydigan quvnoq davrada nega bunchalar ehtiyotkorlik qilishayapti. Bu bechoralar jiddiyroq yig‘inlarda nima qilishar ekan? Yo shularning bilgani to‘g‘rimikan? To‘g‘rida, sen o‘z ovozingga ega bo‘lib qayerda, nimaga erishding, deya o‘ylab qoldim. So‘z navbati menga kelganda o‘rnimdan turib may to‘la qadahni qo‘limga oldim-da:
— Hurmatli sinfdoshlarim, mendan oldin aytilgan va keyin aytiladigan yaxshi gaplarning barchasiga qo‘shilaman, — deb gapimni yakunladim. Biroz kutib turdim, qarasam, hech kim yangi gap kutmayapti, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. Demak, so‘z aytishning, yashashning eng yaxshi yo‘li shu ekan, endi har doim «Qo‘shilaman» shioriga amal qilaman, deb o‘zimga o‘zim so‘z berdim.
Hozir qadah so‘zi aytgan kishi mo‘‘jazgina tashkilot rahbari. Uni yaqindan bilaman, bizning tizimda ishlaydi. Rahbarlikka ham xuddi qadah so‘zidagidek, «Hurmatli akaxonimiz falonchi pistonchiyevichning gaplariga qo‘shilamiz», deb so‘zga chiqaverib erishdi. Keyin nima bo‘ldi, bilasizmi? Keyin u qo‘l ostidagi xodimlaridan o‘zining gapiga qo‘shilishni talab qildi. Ularning orasida ham menga o‘xshagan sodda qaysarlar bor ekan, chog‘i. Bir nechtasi uning gapiga qo‘shilmay ishdan bo‘shab ketdi. U bechoralarning soddaligi shundaki, «har bir inson o‘z fikriga ega bo‘lishi kerak», deb o‘ylashadi. Marhamat, o‘z fikringga ega bo‘laver, lekin o‘zingdan katta bir narsa deganda gapiga qo‘shilib qo‘y. Axir qo‘shilish-ergashish milliy taomilimiz.
Uning gaplarini maroq bilan tinglayotgan edim, boshlovchiga qo‘li bilan meni ko‘rsatib nimadir deyayotgan to‘y egasiga ko‘zim tushib qoldi. Suhbatdoshimga «Men hozir kelaman», dedim-u astagina sirg‘alib chiqib to‘yxonani tark etdim. Chunki mening ham oldingi gaplarga qo‘shiladigan odatim bor.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.