OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilbar Razzoqova. Armon (hikoya)

...“Sharq” tezyurar poezdiga chiqqan yo‘lovchining joni rohatda bo‘ladi. Toza, ozoda, shinam kupelarda barcha qulayliklar muhayyo. Safarga chiqqanlar o‘zaro suhbatlashib, manziliga qanday yetib borganini ham sezmay qolishadi. 
Yonimdagi hamrohim – o‘rta yoshli, ko‘zlari ma’yus ayol avvaliga bir so‘z demay vagonning oynasidan olislarga boqqanicha xayollarga berilib ketaverdi.
Yo‘lovchilarga xizmat qiluvchi qizlarning choy va shirinliklar ulashganlari suhbatimizning boshlanishiga sabab bo‘ldi.
– Kattaroq o‘g‘illaringiz bormi, opa, mana bu qizlar juda ajoyib ekan-a! Kelin qilsangiz bormi! – deya gap boshladim men. 
– Ha-ya, – deb qo‘ydi hamrohim. 
– Ammo hozirgi yoshlarga kelin topib bo‘ladimi, opajon, o‘zlari topishishsa-ku, bir navi! Onam rahmatli aytganlaridek, bolalarning bo‘yini o‘stirarkansiz-u, ko‘nglini topolmas ekansiz...
Bu gapdan so‘ng hamrohimni nimadir bezovta qilayotganligi shundoqqina sezilib qoldi. Biroq ilk bor ko‘rgan odamingdan “Nima, biror gap bo‘ldimi?” deb so‘rash noqulay bo‘lganligi uchun indamadim. Ammo oradagi jimlik uzoqqa cho‘zilmadi. Opa to‘lib turgan ekan...
– ...Inson, uning ichki dunyosi shunchalar ham murakkab bir tilsim ekanki, bu tilsimni anglab yetdim, degan kishi xato qilarkan, – hamrohim sekingina uh tortib qo‘ydi-yu, gapini davom ettirdi: – Men turmush o‘rtog‘im bilan uch yil gaplashib yurib, so‘ng oila qurganmiz. To‘yimizga ham, mana chorak asr bo‘lay deyapti. Ammo men u kishini yaxshi bilmasligimni yaqindagina anglab yetdim.
Besh nafar farzandimiz bor: uch o‘g‘il, ikki qiz. Xudoga shukr, o‘g‘illarim katta bo‘lib qolishgan. Ikki o‘g‘lim Toshkentda tahsil olishadi. Hozir ularni ko‘rgani ketyapman. Afsuski, bu galgi borishim o‘g‘illarimni xursand qilmaydi-da. Shuning uchun ham ko‘nglim biram g‘ashki…
– Unday demang. Dunyoda ona diydoridan ham ustun nima bor o‘zi? – deya ko‘nglini ko‘tarmoqchi bo‘laman suhbatdoshimning.
– Aslida shundayku-ya, ammo... – opaning ko‘zlarida yosh yiltilladi. Na dardini aytishni, na aytmaslikni bilmay qolgandek, yana deraza tomonga tikildi. So‘ng bir ho‘plam choy ichdi-da, gapini davom ettirdi: – O‘g‘illarimni juda yaxshi ko‘raman. Ular uchun jonimni ham berishga tayyorman. Ular ham men bilan ochiqchasiga gaplashishadi. Ular bir gal Toshkentdan uyga kelishganida yaxshi ko‘rgan qizlari borligiga shama qilishdi, ammo men gapni boshqa yoqqa burib yubordim. Yana shu haqda og‘iz ochishganida “Bunday gaplarni aytishga hali yoshlik qilasizlar. Kelinlarni biz o‘zimiz topamiz. Sizlar ovora bo‘lmay qo‘yaqolinglar”, deb qo‘ya qoldim.
Ammo o‘g‘illarim yaqinda qishki ta’tilga kelganlarida masalani ko‘ndalang qo‘yishib, oxirgi kursda o‘qiyotganliklari uchun hech bo‘lmasa fotiha qilib qo‘yishimizni talab qilib qolishdi. Shundan so‘nggina ulardan topgan qizlari haqida so‘rab-surishtirishga majbur bo‘ldim. Eshitganlarimni dadasiga oqizmay-tomizmay aytib berdim. Dadasi jahl bilan:
– Xo‘sh, sen ularga nima deding? – deb qoldi.
– Nima ham derdim. Dadang bilan maslahatlashib, keyin biror fikr aytamiz, deb qutuldim, – dedim.
– Unday bo‘lsa ularga aytginki, men bunga mutlaqo qarshiman. Yo‘q, yaxshisi ularni bu yoqqa chaqir. O‘zim ularga hammasini tushuntirib qo‘yaman. Sen esa tush-likka biror narsa tayyorlayver, – dedi erim. 
Shunday qilib, o‘g‘illarim ota o‘tirgan uyga kirib ketishdi. Men esa ovqat tayyorlayapman-u, xayolim ichkarida.
 “Ishqilib dadasi ularni qattiq ranjitmasin-da. Hozirgi yoshlar biram o‘t-olovki, biror maslahat berishga ham qo‘rqasan kishi”, deb o‘ylardim o‘zimcha.
Ovqatga kerakli masalliqlarni olish uchun balkonga chiqishga to‘g‘ri keldi. Zal yonidan o‘tayotganim mahal qiya ochiq eshikdan dadasining o‘g‘illarimga aytayotgan zardali gaplari qulog‘imga chalinib qoldi:
– O‘zing o‘ylab ko‘r, axir sen topgan qizning otasi yo‘q bo‘lsa. Oilasi katta, uning ustiga onasi ham nogiron bo‘lsa. Seniki esa oddiy o‘qituvchining qizi ekan. Bir bundoq o‘ylab ko‘ringlar! Ertaga senlarni kim himoya qiladi. Kim senlarni qo‘llab-quvvatlaydi?!
– Axir o‘zingiz ham ko‘p bolali, oddiy ishchining qizi bo‘lgan onamga uylangansiz-ku. Nima, siz baxtli emasmisiz? – hech qachon otasining yuziga tik boqmagan to‘ng‘ichim juda ham asabiylashganidanmi, shunday deb qoldi.
Buni kutmagan otasi zardali ohangda o‘shqirib berdi:
– E-ha, senlarni qaranglar-a. Hali sizlar menga gap qaytaradigan bo‘lib qoldinglarmi. Shuncha katta bo‘lib qolibsizlar-u, sezmay ham qolibman-a. Bilmasangiz bilib qo‘yinglar. Mening bugungi holatga tushib, ishdan bo‘shab, uyda o‘tirib qolishimga aynan onangizga uylanib, xato qilganligim sabab bo‘lgan, desam ishonmaysizlar-a, to‘g‘rimi? Aslida esa xuddi shunday. Nega, deb so‘rasang ham kerak. Shundaymi?! – Erim borgan sari asabiylashib borardi. – Mana, masalan, men bilan birga o‘qigan kursdoshlarim mansabdor, qo‘lini qayoqqa uzatsa yetadigan kishilarning qiziga uylanganliklari uchun ham bugungi kunda yuqori lavozimlarda, boy-badavlat hayot kechirishmoqda. Meni esa hatto oddiy ishimdan ham chetlashtirishdi tirgovuchim yo‘qligi uchun! Agar mening ham qaynotam biror mansabdor kishi bo‘lganida bormi, men hozir…
Eshitganlarim shu bo‘ldi. Birdan boshim gangib, ko‘zim tinib ketayotganini sezdim...
O‘sha kundan buyon sira-sira o‘zimga kelolmayman. Nahotki menga uylanganligi tufayli turmush o‘rtog‘im bir umr armon bilan yashab kelayotgan bo‘lsa? Nahotki hayot faqatgina mansabu boylikdan iborat bo‘lib qolgan bo‘lsa?!
– Ha, – dedim men beixtiyor. – Bundan ortiq azob bormi, dunyoda. Sen bilan hamdardu hamqadam yashab kelayotgan insoning sen tufayli pushaymonlik olovida yonib yashab kelayotgan bo‘lsa-yu, sen esa buni bilmasang...
– Shuning uchun ham kuyaman-da, aylanay, – dedi hamrohim namlangan ko‘zlarini olib qochar ekan.
Qarasam, opaxonning ko‘zlaridan dumalayotgan yosh yuzlarini allaqachon yuvib bo‘lgan. Qanday bo‘lmasin, hamrohimni yana gap bilan chalg‘itishim kerakligini angladim. Shunda uning suhbatimiz boshida aytganlarini esladim:
– Bu galgi borishim o‘g‘illarimni xursand qilmaydi, deganday bo‘ldingizmi? 
– Ha, gap shundaki, o‘g‘illarim ta’tilni tugatib, o‘qishga ketishdi, biroq dadasi o‘z fikrini sira o‘zgartirmadi. O‘g‘illarimga bu gaplarni telefon orqali aytishni lozim ko‘rmadim. Borgach dadasining ularga kelgusida “tirgovuch” bo‘la oladigan mansabdor tanishlari bilan quda bo‘lishga kelishib qo‘yganligini aytishim kerak. Shuning uchun endi ular gaplashib yurgan qizlari bilan munosabatlarini uzishlari kerak... 
– Meni qiynayotgan bunday holatdan endi qanday qutulay, ayting, – deya yana kuyib-pishib gapida davom etdi opaxon. – Turmush o‘rtog‘imning “armon”larini qanday qilib xayolimdan o‘chirib tashlay?! Men o‘g‘illarimning mard, oriyatli va or-nomusli yigitlar bo‘lishini istayman. Axir, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring. O‘sha sizdan bir necha barobar yuqori mansabli, boy-badavlat xonadonning tantiq qizi o‘rtahol oilada qanday yashab keta oladi? O‘g‘illarim bir umrga qaynota-qaynonasi oldida boshini egib yashashiga qanday chidayman? 
Hamrohimning yelkalari silkina boshladi. Men uni yupatishga ojiz edim...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.