OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilfuza Qo‘ziyeva. Uchinchi odam (hikoya)

Eshik ochilishi bilan tashqarida turgan Durdona qiyqirib yubordi:
— Syurpri-iz!
Ra’no hayron. Axir ostonada turgan dugonasi ikkita katta sumka ko‘tarib olgan, aftidan qayoqqadir ko‘chayapti, yo...
— Uylab-o‘ylab uyimni remont qildiradigan bo‘ldim. O‘ladigan dunyoda o‘tiramanmi endi, otam zamondan qolib ketgan sariq oboylarga termulib, dedim. Buning ustiga ilmiy ishimni ham boshlab yubordim. Ammo bitta balkonimni epaqaga keltirguncha bo‘larim bo‘ldi. Vaqtincha boshqa joyda yashab turmasam jinni bo‘lib qolishim hech gap emas. Endi o‘zimga kvartira izlasammi deb turgandim, birdan esimga sen tushib qolding. Haqiqatdan ham, Ra’nosh, senikida tinchlik, hamma sharoiting yetarli, kun bo‘yi ishdasan, uyingda kompyuter ham bor. Men kunduzi ilmiy ishimni qilaman, kechqurun esa sen bilan chaqchaqlashib yotamiz.
Ra’no labi labiga tegmay gapirgancha shosha-pisha issiq choy ho‘plab, qasir-qusir pechene yeyayotgan dugonasiga hali bir narsa deyishga ulgurmagan, faqat yaxshi qilibsan, to‘g‘ri qilibsan, deb qanchalik ta’kidlayotgan bo‘lmasin, baribir ko‘nglining bir chetida nimadir g‘imillab tinchlik bermasdi: “Bunga hali erim nima derkin?”
— Bo‘pti, dugon, — choyxo‘rlikni tugatib, mazza qilib kerishib oldi Durdona. — Endi men bir dush-push qilib chiqqunimcha chuchvara tayyorlab qo‘y, sening chuchvaralaringni rosa sog‘inganman.
Ikki dugona qiqirlashib, bidillashib chuchvaraxo‘rlikni boshlaganda Ra’noning eri ham kela qoldi..
 — O, Abish, ko‘rinishingiz zo‘r-u, — eski qadrdonlarcha (aslida ham shu-da) u bilan salomlashdi Durdona.
Abish, ya’ni Abdullaning peshanasi tirishdi. Bu qiz yarim yildan buyon qorasini ko‘rsatmay ketgandi-ku, yana qayoqdan paydo bo‘la qoldi?

* * *
Aslida Durdona bilan Ra’no birgalikda nafaqat oftobda qatiq, balki botmon-botmon tuz yalashib, dugona bo‘lganlardan. Birga qishloqdan kelishdi, birga o‘qishga kirishdi. Ijarada ham, yotoqda ham besh yil birga yashashdi. Ular ovsin bo‘lamiz deb o‘ylashardi. Yoki ikkita qalin do‘stga turmushga chiqamiz-da, har doim biri-birimiz bilan bordi-keldi qilib turamiz deyishardi. Ammo unday bo‘lmadi. Ra’noni bir uzoqroq qarindoshlarining o‘g‘liga uzatadigan bo‘lishdi.
— Uning o‘qimagan ekan-ku, — fig‘oni falakka chiqdi Durdonaning bo‘lg‘usi kuyov haqidagi barcha ma’lumotlarni ipidan ignasigacha surishtirib bilgach.
— O‘zim o‘qitib olarman, — kuldi Ra’no.
— Yoshiyam sendan kichkina ekan.
— Ammo ko‘rinishi salobatli, — yana jilmaydi Ra’no.
Durdona battar tutaqdi. Xullas, o‘shanda ular birinchi marta Abdulla, ya’ni Ra’no unashtirilgan yigit tufayli jiqillashib qolishgandi. Durdona ancha paytgacha yosh boladek qovoq-tumshuq qilib yurdi.
— Bor chiq, chaqirayapti anov Abishing, — derdi u Abdulla Ra’noni so‘rab eshik qoqib kelsa. Shunga qaramay, sekin-asta Ra’noning sa’y-harakatlari bois dugonasi Durdona bilan Abdulla ancha-muncha til topishishdi. Munosabatlari yana o‘z o‘rniga qaytdi. Ammo to‘yda kelinning dugonasi bo‘lib borgan Durdona yana aynidi.
— Birortayam pichoqqa ilinadigan kuyovjo‘ra ko‘rmadim. Essiz shuncha makiyaj, pardoz. O‘zingni qanday botqoqqa tiqib tashlading, dugon, beshta ovsin, uchta qayinsingil. Sho‘ring quridi, endi.
Ra’noning esa u aytganchalik, sho‘ri qurimadi. To‘g‘ri, boshida rosa qiynalishdi. Ra’noga ham, Abdulla ham qishloqda ish topish qiyin bo‘ldi. Bir qarorga kelishdi. Nima bo‘lsa bo‘lgani, rizqimizni shahardan izlaymiz, deyishdiyu ko‘chib chiqishdi. Keyingi yiliyoq Ra’noning eri o‘qishga kirdi. Darslardan keyin hammollik qildi. Ra’no ham pul topish uchun kechayu kunduz tinim bilmadi. Tabiiyki, avval ijara uyda yashashdi, bir yil oldin esa ikki xonalik uy sotib olishdi. Xullas, hammasi yaxshi, risoladagidek. Faqat oradan besh yil o‘tgan bo‘lsa-da ularning farzandi bo‘lmay yurgandi. Mana, xuddi rejalashtirilgandek Abdullaning diplom olish vaqtiga bo‘yida bo‘lib qoldi. Durdona-chi? U ham yomon emas. Uning ham uyi bor, ishi, ilmi, puli, husni, ammo baribir turmushga chiqmadi. Baribir oq otli shahzodasini kutib yuribdi.

* * *
Mehmoning izzati uch kunda bitishi tayin. Ammo Durdona shu. Uyga ko‘chib kelganiga bor yo‘g‘i o‘n kun o‘tgan bo‘lsa-da, Ra’noning bo‘lari bo‘ldi. Dugonangni kirini yuv, idishlarini chay, yarim kechagacha u bilan laqillashib o‘tir. Axir, Durdona har tugul qiz bola-ku, Ra’no uning oldida avval oqshomdan yotog‘iga kirib ketolmasa... Bir kuni Abdulla Ra’noni to‘g‘ri ishxonasidan olib, bir o‘rtog‘ining tug‘ilgan kuniga olib ketdi. Ra’no shosha-pisha uyda ilm bilan band dugonasiga telefon qilib, muzlatkichdan u-bu olib, o‘zi ovqat-povqat qilib yeb olishni tayinladi. Ammo kechqurun... og‘iroyoqligi uchunmi nimagadir xursandchiligu ziyofat ham yoqmay qolgan Ra’no nihoyatda charchagan edi. Avvaliga Durdonaning qovoq solib o‘tirganiga ahamiyat bermadi. Kiyimlarini almashtirib, zo‘rg‘a sudralgancha mehmonxonaga, ya’ni Durdonaning “ish kabineti”ga kirib, “qalaysan, ovqatlandingmi”, deb so‘raganini biladi, Durdona tutoqib ketdi:
— Bilaman, joningga tegib ketganimni. Shunga izzat-nafsimga tegib, xizmatkorlik qildirmoqchimisan? Bir boshim bilan bir uyingga sig‘may qoldimmi? Yordamingga sal muhtoj bo‘lganimda darrov to‘ningni teskari kiyishing shartmidi? Endi sen balandda, men pastda-da...
Ra’noning rangi-quti o‘chdi. Lipillab borib dugonasini quchoqlab, ovutmoqchi bo‘lgandi, piqillab yig‘lashga tushgan Durdona tantiq boladay uni shunday bir siltab tashladiki, Ra’no muvozanatini tutolmay gursillab orqaga ag‘darildi. Yiqilayotib esa peshanasini stul qirrasiga ham urib oldi. Shovqinga yotoqxonadan Abdulla otilib chiqdi. Xotinining polda, buning ustiga peshonasidan qon tirqirab yotganini ko‘rib, esxonasi chiqib ketdi.
— Nima qilding uni? — Durdonaga o‘shqira ketdi yigit. —Homiladorligini bila turib shu ahvolga soldingmi?
— Men nima qipman? O‘zi yiqildi-ku, — Durdonaning ovozida zig‘ircha afsus yo‘q edi.
Ra’no dugonasining nimalar deyotganini eshitmas, nuqul ingrangancha “o‘zim, o‘zim” derdi. Abdulla uni ko‘tarib oldi-da, tishlarini g‘ijirlatib dedi:
— Agar xotinimga bir gap bo‘lsa, o‘zingdan ko‘r.

* * *
Ra’no homilasini asrab qolish uchun bir oy kasalxonada yotdi. Keyin ta’tilga chiqdi. Durdona o‘sha kuniyoq ularnikidan chiqib ketibdi. Ra’no kasalxonada bo‘lsa ham dugonasiga ko‘p qo‘ng‘iroq qildi. Abdullaning qo‘polligi uchun undan uzr so‘ramoqchi bo‘ldi. Ammo Durdona go‘shakni ko‘tarmasdi. Oradan ikki oy o‘tgach, eshik yana jingilladi. Ostonada Durdona. Salomsiz-aliksiz ho‘ngrab yubordi.
— Uyim kuydi. Yaramas ustalar uyimning eshigi kalitidan nusxa olishgan ekan. Bor narsamni o‘marib ketishdi.
Ra’no Durdona shu arzimagan oyligi bilan o‘g‘rilarga o‘lja bo‘ladigan nimalar yig‘ishi mumkinligini tasavvur etolmayotgan bo‘lsa-da, unga ichi achidi.
— Bundan ham battari, uy akamniki bo‘lsayam, itday shu joyga mehrimni beribman. Remontlar qildiribman. Endi bo‘lsa anuv zahar yangam shu uyga o‘g‘li bilan kelinini ko‘chiraman deb turib olgan. Qishloqqa borib hammasi bilan urishib keldim. Uylaring boshingdan qolsin, dedim. Keyin ijaraga uy izladim. Huv talabalik paytlarimiz, esingdami, mahallama-mahalla izg‘iganlarimiz, itlar quvgani. Xullas, ham arzirli, ham arzon, ham qulay biror uy topilguncha, kel, dedim, Ra’no bor-ku deb...
Ammo shu payt xonaga Durdona tashrif buyurgandan buyon hatto salomlashgani ham chiqmay o‘tirgan Abdulla kirib keldi.
— Durdona opa, — dedi u atay “opa” so‘ziga urg‘u berib, — uyga kelganni it qopmaydi, ammo men itdanam battarman. Xullas, siz biznikida turishni xayolingizga ham keltirmang. Menga xotininmning, bolamning sog‘lig‘i kerak.
Erining kutilmaganda bunchalik ters gapirishidan lovullab ketgan Ra’no oraga tushgandi, Durdona birdan shang‘illay ketdi:
— Voy, voy, voy... Kal berdiyu, ko‘r noz qipti-da. Men sening emas, Ra’noning oldiga kelganman, bor qo‘lingdan kelganini qil.
— O‘v, opa. Siz balki rostdan ham ba’zi narsalarni tushunmassiz, ammo Ra’no ikkovimiz bitta odammiz. Ikkita bo‘lgan taqdirimizda ham bizga uchinchi odamning keragi yo‘q.
Durdona eshikni taraqlatgancha yopib ketdi. Uning bunchalik tez shashtidan qaytishini ko‘rib Ra’noning unga ichi achib ketdi. Har nima bo‘lganda ham dugonasi. Oradan bir necha oy o‘tgach, go‘shakdan Durdonaning “Ra’nosh, qalaysan?” degan ovozini eshitib, shunday suyunib ketdiki...
— Durdon, nimaga yo‘qolib ketding? Qaerdayding? Tinchmisan?
— A, men yaxshiman. Zashitamni qildim, banketimni o‘tkazdim. Akamni bir burovga olgandim, uyni butunlay mening nomimga o‘tkazib berdi. E, Ra’no shuncha yildan buyon dugonaga o‘xshab bir martayam kelib uyimni bir ko‘rmabsan-a. Voy, og‘zing ochilib qoladi. Ammo senga boshqa masalada telefon qilayotgandim. Do‘stimsan, to‘g‘risini aytmasam bo‘lmaydi. Anov Abish ering boshqasi bilan yuribdi. O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. O‘sha bitliqingni bir yumma talay dedim-u...
Ra’no u yog‘ini eshitib o‘tirmadi. Shartta go‘shakni joyiga qo‘ydi. So‘ng xoxolab kulib yubordi. E Durdona-ey, haliyam o‘sha-o‘sha: na dugona, na begona. So‘ng erining gapini esladi. “Bizga uchinchi odamning keragi yo‘q”.
— Nega endi, — o‘yladi Ra’no o‘g‘ilchasini bag‘riga bosib, uning mitti quloqchalaridan hidlab-hidlab o‘parkan. — Kerak, juda kerak. Ayniqsa manavinday shiringinasi...

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 10-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.