OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilshod Nurullayev. Bayramdan keyingi bayramlar (hikoya)

“Patir emas, uning orzusi ushalgandek bo‘ldi”.
“G‘org‘oyib...”dan


Xudoning bergan kuni shu: ertalab nonushtaga soat sakkizga taqab turiladi, apil-tapil nonushta: u-budan chimdib yeyilgan, uch-to‘rt ho‘plam choy ichilgan bo‘ladi, to‘qqizga yetib olishingiz kerak xizmatga, tramvayga osilasizmi yo qanot qoqib uchib kelasizmi, qizig‘i yo‘q bizga, to‘qqizmi ishda bo‘ling, bo‘lasiz, bo‘lmay qayoqqa borardingiz, xizmat: behisob qo‘ng‘iroqlar, oq varaqni qoralashlar, soat zangi 18.00ni urib qo‘yganini sezmay qolgan paytlaringiz ham bo‘ladi ora-chora, ko‘p emas, asosan ishga butun vujudingiz bilan sho‘ng‘ib ketganingizda yo... qo‘ying, xizmat, xizmat, deb kalavaning uchini chuvalashtiravermaylik, ko‘pni ko‘rgansiz, bilasiz, bilasiz-e shu xizmatda nima bo‘lishini, to‘g‘ri ba’zan ish xuddi yangi yil oldidan bo‘lganidek shunaqangi qalashib ketadiki, qay biridan boshlashni bilolmay qiynalasiz, vijdoningiz qiynaladi, yo‘-o‘-o‘q, darrov emas, keyinroq, keyin, avval nafas rostlab uch-to‘rt kun o‘tsin, yangi yildagi birinchi ish kuni kelsin, ana o‘shanda qo‘ng‘iroq asabiy jiringlaydi, go‘shakni olasiz, xo‘jayinning darg‘azab dag‘dag‘alarini tishingizni-tishingizga qo‘yib eshitasiz, ha darvoqe, xohlaysizmi, eshitmaysiz shularni, olimlar yo‘lini topishibdi, xayolingizni boshqa, umuman bo‘lak bir narsaga chalg‘itasiz, nimaga bo‘lishi mumkin, so‘nggi bor kimnikiga mehmonga borgandingiz, ertaga qoldirmay bugunoq bozor qilishingiz kerak, xotiningiz ketar chog‘ingiz qayta-qayta tayinlagandi, ko‘tarildimi yodingizdan, juda bo‘lmaganda Dostoevskiy “Jinoyat va jazo”sining bir yuz sakkizinchi bet uchinchi qatoridagi jumlani xayolingizda tiklang, mag‘zini chaqib ko‘ring, ammo go‘shakka o‘qtin-o‘qtin “xo‘p”, “xo‘-o‘p” deb turishni unutmang, ana, ana, boshliq o‘ziga kelayapti, tushayapti jahldan, aniq-aniq chiqayapti jumlalar endi, marhamat, quloq tuting-chi, bilib olasiz aybingizni, ha-ya ikkinchi darajali ishlarni bajarib, eng muhimi, eng zaruri, xo‘jayin yuqoriga uzatmoqchi bo‘lgan hujjat qo‘lingizda qolibdi-ku, attang, attang, yana yeng shimarasiz, xo‘jayindan xafa bo‘lmaysiz, gina qilishga haqqingiz ham yo‘q, axir u jig‘ibiyroni chiqib urishganida xayolingiz tamom boshqa yoqda: so‘nggi bor kimnikiga mehmonga borganingiz, xotiningiz ketar chog‘ingizda qayta-qayta tayinlagani – ertaga qoldirmay bugunoq bozor qilishingiz kerakligi, boringki, Dostoevskiy “Jinoyat va jazo”sining bir yuz sakkizinchi bet uchinchi qatoridagi jumlani xayolingizda tiklab, mag‘zini chaqib ko‘rishda bo‘lgandi, shundaymi, shunday deng-da, boyagi hujjatni yumaloq yostiq qilib tayyorlang, xo‘jayin yuqoriga uzatsin, rahmat eshitsin, xo‘jayin olgan rahmat sizniki, sizga tegadi ta’na-dashnomiyam, bilarkansiz, tezroq, tezroq, qimirlang, xayolingiz bo‘linmasin, ie, yana bozor qilishni o‘ylayapsizmi, oldin topshiriqni bajaring, u yog‘i bir gap bo‘lar, bozor hech qayoqqa qochib ketmagan, ketmaydiyam, hozirgi bozorlarning do‘kondan farqi yo‘q, chirog‘i bor, kechasiyam hammayoq yop-yorug‘, bemalol olmami, kartoshkami, piyozmi, nima kerak edi o‘zi, bir-ikki bog‘ ko‘katlardan olish esingizdan chiqmasin-a, ko‘kat miya faoliyatiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi, Ibn Sinoning o‘zi yozgan, yana bilmadim, shunday deyishadi-da, aytishlaricha, tovuq, baliqlarning miyasini yesangiz, miya faoliyati faollasharmish, ha darvoqe, tovuqmiya iborasi salbiy ma’noda ishlatiladimi, ijobiymi, buni mayli hech bir aloqasi yo‘q bizga, qani hujjat bo‘p qoldimi, xo‘jayin betoqat, ana qo‘lini go‘shakka uzatmoqchi, so‘ramoqchi sizdan, yo‘q hadeb asabiylashaversa ham bo‘lmaydi, asta-sekinlik bilan, yarim iltimos tarzida desa to‘g‘ri bo‘lar, ha, ha, so‘ramoqchi-ya sizdan, boyagi bitib qoldimi, zarur edi-ya, ko‘nglingiz iltimosdan yumshab ketadi, qurmagur ko‘ngil nozik-da, uncha-buncha gapni ko‘tarolmaydi, ko‘tarishining hojatiyam yo‘q, polvonmidiki tosh, yuk ko‘tarsa, alalxusus ko‘ngil ko‘ngilligini qilsin, yana, yana aytishadi-ku boshim kal, dilim nozik deb, boshliqqa hozir bo‘ladi, ho-o-ozir... deb qo‘yasizu yana g‘ayrat bilan ishga sho‘ng‘iysiz, nuqtasi qurimay, vo-oy, nuqta qo‘ydingizmi, axir bu uzundan-uzoq kechmishning nuqtasi bitta bo‘lishi kerak emasmidi, bo‘lgan ish bo‘pti, o‘tgan ishga salavot, boshqa nuqta qo‘ymaymiz-da endi, xullas kalom hujjatning nuqtasi qurimay, huzuriga yo‘l olasiz boshliqning, eshikni g‘iyqillatib ochasiz, nega hamma eshiklar g‘iyqillab ochilishi sizga ayon, bundan to‘rt oy burun majlisda kashf qilgandingiz bu sirni, majlisda muhim masala hal qilingandi o‘shanda, siz ham qarorga qo‘shildingiz, qo‘lingiz ko‘tarilgani bunga guvoh, aslida esa majlisda emasdi xayolingiz, u qurg‘ur shu, xuddi mana shu boshliqning hamisha g‘iyqillab ochiladigan eshigida edi, o‘shanda eshikka rahmingiz kelgandi, to‘g‘ri-da hozir majlis tugaydi, har kim kayfiyatiga qarab: kimdir ohista, kimdir tars etib yopadi eshikni, kuniga boshliq huzuriga kirib chiqadiganlar qancha, ishlari bitsa-ku xo‘p-xo‘p, bitmasa eshikning sho‘ri: tarsillatib yopishadi, noroziliklari, jahllari chiqqanini, boshliqqa nisbatan munosabatlarini shunaqasiga bildirmoqchi bo‘lishadi, aslida bu g‘iyqillash emas, yo‘q, yo‘q, aslo, bu eshikning “munojot”i, bechora eshik, jabrdiyda eshik, sening fig‘oningga beparvo o‘tib ketaveradi hamma, sen esa, sen esa, yana va yana, qayta-qayta g‘iyqillab ochilaverasan, yopilaverasan, bu bilan qayg‘ungni haydamoqchi, yupatmoqchi bo‘lasanmi o‘zingni, xullasi kalom eshik yana g‘iyqillab ochiladi: boshliqning huzuridasiz, boshliq kim bilandir gaplashmoqda, tanishi bo‘lsa kerak ochilib-sochilib gaplashyapti, iloji bo‘lsayu gaplashaversa, gapi tugamasa, qo‘l ishorasi bilan o‘tirishingizni bildiradi, o‘tirasiz, hali-beri gap tugamaydigan, boshliqning shoshirgani nima bo‘ldi-yu, mana endi nihoyat, qancha asabbuzarlik, ming bir ohanjamadan keyin manavi hujjat tayyor esa-da, hech kimga, hech kimga kerak bo‘lmay qolsa, hattoki shoshirib isi-bisiga qo‘ymagan boshliq qo‘lingdagi nimasi deb qiziqmasa, ahmoq bo‘lib shoshganingiz qoldi, nimagayam hovliqdingiz o‘zi, hovliqmay yana uch-to‘rt kunda tayyorlab bersangiz bo‘lardi-ku shu zormandani, yo‘q, bugun kerak edi shu, bugun, boshliq sizga qo‘ng‘iroq qilmadi, asabini buzib o‘tirganiyam yo‘q, asabi o‘zigayam asqotadi hali, hattoki o‘sha damda xayolingiz allaqanday mehmonga borish, bozor qilishu Dostoevskiy “Jinoyat va jazo”sining bir yuz sakkizinchi bet uchinchi qatoridagi jumlaning mag‘zini chaqishda bo‘lmagan, bo‘lolmasdi ham, axir qanaqasigayam bo‘lishi mumkin, boshliq sizni hecham bezovta qilmagan, xira pashshadir, boring chivindir, boshliq emas, qandaydir bo‘lmag‘ur hujjatni so‘rab qistash shunday baobro‘ boshliq sha’niga to‘g‘ri keladimi, bo‘lmagan ga-ap, hammasini o‘zingiz to‘qib chiqargansiz, boz ustiga boshliq huzuriga bostirib kirib muhim gapga pashshaxo‘rda bo‘lib o‘tiribsiz, uyalsangiz bo‘lardi, qizaray demaysiz-a, bekorchilik shu-da, bema’ni xayollarni keltirib chiqaradi, qo‘yib bersangiz dam Sherlok Xolms bo‘lib chigal jinoyatlarni fosh qilasiz, dam Arnold Shvartsneggerdek yovuzlarning katta guruhiga yakka o‘zingiz chiqasiz, dam... dam xuddi boyagidek boshliqni go‘shakka qarab uzalishga majbur qilasiz, boshliqqa bo‘lmag‘ur ta’na-dashnomlarni ayttirib, o‘zingizga shu hujjatni tezlatishni tayinlatasiz, keyin, keyin... u yog‘i zanjirdek ulanib ketadi, siz yeng shimarasiz, tezroq hujjatni bitirmoqchi bo‘lasiz, xayollaringiz bugun, ha, ha, aynan bugun, xotiningiz tayinlagan, bugun qilishingiz kerak bo‘lgan bozorga ketadi, birdan yana qo‘ng‘iroq jiringlaydi, boshliq tezroq bitirsangiz deya iltimos qilgan chiqadi, ko‘nglingiz yumshaydi, hozir, hozir, deysizu yig‘asiz xayollaringizni, yana g‘ayrat bilan ishga sho‘ng‘iysiz, afsus, yana bir bor afsus: nuqta qo‘yasiz hujjatga, nuqtasi qurimay bitgan hujjatni qo‘ltiqlab, boshliqning huzuriga yo‘l olasiz, eshik yana g‘iyqillaydi, bu bizning nazarimizda xolos, siz esa bu g‘iyqillash emasligini yaxshi bilasiz, bu eshikning“munojot”i, g‘iyqillab ochiladi, g‘iyqillab yopiladi, bu bilan qayg‘usini haydamoqchi, o‘zini yupatmoqchi bo‘ladi u, boshliqning huzuridan qaytar chog‘ingiz, iltimos, o‘tinib so‘raysiz bizdan, eshikni yopmang tarsillatib, sho‘rlik eshikka rahmingiz kelsin, noroziligingiz, jahlingiz chiqqani, boshliqqa munosabatingizni shunaqasiga, eshikni tarsillatib yopib, bildirmay qo‘ya qoling, deya yolvorasiz, bu haqiqatning tagiga ham qo‘qqisdan, muhim masala hal qilinayotgan, qarorga siz ham qo‘shilgan, bunga tasdiq ma’nosida ko‘tarilgan qo‘lingiz guvoh, majlisda, ha, ha, majlisda yetgandingiz, va xullasi kalom eshikni ochib, boshliqning huzurida hozir bo‘ldingiz, qo‘ltig‘ingizda siyohi qurimagan zormanda, ming bir ohanjama, tavallolar evaziga taxt bo‘lgan hujjat, boshliq, ha, xabaringiz bor-ku, tanishi bo‘lsa kerak, aniq tanishligi, shubhaning o‘rni emas, yuqo­ridagilar bilan bunchalar ochilib-sochilib, yozilib gaplashmagan bo‘lardi, bunga yuz foiz aminsiz, boshliq qo‘l ishorasi bilan o‘tiring deydi, o‘tirasiz, o‘tiraverasiz, gap hali-beri tugamaydigan, boshliqning isi-bisiga qo‘ymay shoshirganidan achchiqlanasiz, shu zormandani ahmoq bo‘lmasam, uch-to‘rt kunda bemalol tayyorlab bersam bo‘lardi-ku, deysiz o‘zingizga o‘zingiz, yana ming bir xayol o‘tadi boshingizdan, xayollaringiz tizgini to‘xtamaydi, bir-biriga zanjirdek bog‘lanib ketaveradi, agar boshliq gapiraverganida, sizga e’tibor bermaganida, qarang-ki, mo‘‘jiza yuz beradi, boshliq qisqa qiladi oxir gapni, axir qancha chidash mumkin, bardoshi tugamasin xodimining, qo‘ltig‘idagi anavi zormanda bilan ushbu keng va yorug‘ xonada qancha muddat o‘tirgani yolg‘iz parvardigori olamga ayon, ko‘rinishi faromush, charchabdiyov, ochiq havoda aylanishini maslahat solaman, xayolidan o‘tkazadi boshliq zimdan, suhbatdoshiga salomat bo‘ling, deydi-da go‘shakni shartta joyiga qo‘yadi, har bir narsa o‘z joyida tursa chiroyi bundan ham ziyoda bo‘larkan, buning yaqqol isboti mana oxir-oqibat o‘zining qadrdon o‘rniga qaytgan qadrli go‘shak janoblari, boshliqning ko‘zoynak ostidagi hissiz nigohi sizga, ha, ha, aynan yo‘nalganini ham payqamay qolasiz, boshliq xayolingiz faromushligini boyayoq sezgandi, charchadingizmi deyman, ochiq havoda biroz aylaning, to‘rt devor orasida o‘tiraversa odam siqilib ketadi, hujjat tayyor bo‘lgandir, ko‘rib chiqaman, tashlab ketaqoling, deydi, noqulay vaziyat yuzaga keladi, bilmay ayollar hojatxonasiga... obbo, bo‘lak o‘xshatish yo‘qmi-a, axir siz hozirgina boshliq bezovta qilmaganiga, hamma-hammasini o‘zingiz to‘qib chiqarganingizga iqror bo‘lib turgandingiz-ku, boshliq esa, qo‘ltig‘ingizdagi manavi hujjat, zormandani tashlab ketishingizni, o‘zi ko‘rib chiqishini aytayapti, demak boshliqning qo‘ng‘irog‘i, eshikning g‘iyqillashi, boshliqning asabiy gaplari, xayollaringiz bozor-o‘char, mehmon, Dostoevskiyning “Jinoyat va jazo”siga ketgani, bari, bari haqiqat ekan-da, shunisiga shukr, demak hujjatni tezlatganingiz ayni muddao bo‘libdi, xo‘jayin uni ko‘rib chiqib yuqoriga uzatadi, rahmat eshitadi, xo‘jayin eshitgan minnatdorchilikdan sizam xursand, binobarin hujjatdan keladigan rahmat ham, la’nat ham sizga nasiba ekanligini bilasiz, qo‘ltig‘ingizdagi hujjatni xo‘jayinning ish stoliga qo‘yar ekansiz, ko‘zingizning bir qirrasi beixtiyor nuqtaga tushadi, siyohi quribdi, demak siyohining hali qurib ulgurmagan vaqtidan siyoh qurish vaqtigacha bir muddat o‘tgan, siz ham umringizning ma’lum muddatini ortda qoldirdingiz, ammo o‘tgan umrning qadri haqida uzundan-uzoq mulohazaga hojat yo‘qki, siz ham kimningdir hojatini chiqardingiz, hojatbarorlik ila hujjat tayyorladingiz, ushbu hujjat kechayotgan besamar umringizning qog‘ozdagi aksimi yoki boshqami, farqi yo‘q, muhimi yo‘l yo‘q ortga, hozir boshliqning huzuridan chiqasiz, g‘iyqillaydi eshik, keyin boshliq aytganiday ochiq havoga chiqasiz, oromijon havodan to‘yib-to‘yib nafas olasiz, boshliq har qachongidek haq, to‘rt devor orasida o‘tiraversangiz ham yurak siqilib ketadi, tog‘larga chiqqisi, keng, bepoyon qirlarda qanot yozgisi keladi yurakning, ammo iloji yo‘q buning, hozir, yana bir necha soniya ochiq havoda rohatlanasizu o‘z kulbangiz – ishxonangizga biqinib olishga majbursiz, qog‘ozlar kutyapti sizni, ular hozircha qog‘oz, shu qog‘ozlarga nimalarnidir qoralaysiz, bosh qotirasiz, g‘ijimlaysiz, qog‘oz to‘la chelakka tashlaysiz, boshqatdan yozasiz barini, oxiri qog‘oz bo‘ysunadi amringizga, hujjat bo‘ladi, shu damdan e’tiboran hech bir ahamiyatsiz qog‘ozning obro‘si beqiyos darajada ortadi, hisoblashmasangiz ishingiz pachava, yo‘qotib qo‘ying, boshingiz qolar baloga, axir bu qandaydir hojatbop qog‘oz emas, hujjat-a, bu hujjat balki minglab insonlarning taqdirini hal qilar, balki sizga hech kutilmaganda bir sovg‘ami, biror bir buyummi ato qilar bu hujjat... hujjatning ahamiyatini bilib turib indamaysiz-a, he, xayol qursin-a, boshliqning xonasida ancha o‘tirib qolibsiz shekilli, boshliqning tilla suvi yuritilgan gardishli ko‘zoynagi ostidagi qoshi chimirilayapti, aft-angorida allaqanday tashvish alomatlari bormi-ey, darrov qo‘lingizdagini stolga qo‘yasiz, xayr-ma’zur qilib ochiq havoda aylangani tashqariga yo‘nalasiz, eshik g‘iyqillaydi, o‘ sho‘rlik eshik, yana bir bor eshikka achinasiz, bardosh tilaysiz unga, asta-sekinlik bilan yopasiz uni, hech bo‘lmasa siz, uning yagona g‘amxo‘ri, bechoraning ko‘ngliga ozor bermay dalda bo‘ling, tashqarida boshliqning huzuriga kirish uchun uch-to‘rt kishi to‘planib qolgan ekan, hammasi gurra eshikka yopishadi, to‘xtanglar, to‘xtang birodarlar, eshik sho‘rlikda nima ayb, eshikligidami aybi demoqqa og‘iz juftlaysizu ammo ishi zarur bu kimsalarga gap kor qilarmidi, orada kulguga, o‘zingizga “eshikog‘a”, “eshikparvar” laqablari tirkalgani qoladi, indamaysiz, jahlingiz chiqadi, jahl sizniki, qolganlar sizga qibla qiyo boqmay sho‘rlik eshikka, eshik ommaniki-da, yoppasiga yopishishadi, ochiq havoga chiqib to‘yib-to‘yib nafas olgingiz ham kelmay qoladi, boshliq tayinlagandi, bajarmaysiz buni, xonangizga kirasizu chiroqni o‘chirasiz, osma soatning ovozi aniq-tiniq eshitiladi: tiq-tiq-tiq-tiq... unga hamohang yuragingiz ham, tiq-tiqlab jo‘r bo‘ladi, umr o‘lchovi shu emasmi, insonga soatning keragi yo‘q, soatingiz o‘zingiz bilan – yuragingiz, yurak sizning soatingiz, yuragingiz tiqillab tursa – hayotsiz, borsiz: allaqanday hujjatni qo‘ltiqlab boshliq huzuriga chiqa olasiz, eshikning g‘iyqillab ochilib-yopilishiga guvoh bo‘la olasiz, xayollaringiz bozorgayam, mehmongayam, Dostoevskiyning kitobigayam ketaveradi, shu payt... qo‘ng‘iroq jiringlaydi, yo‘q, bu safar boshliqnikidek asabiy emas, bo‘g‘iq jiringlaydi qo‘ng‘iroq, go‘shakni ko‘tarasiz, yoqimli ovoz keladi: bozor qildingizmi, qilsangiz ko‘kat olishingiz kerakligini aytmabman, hozir yodimga tushdi, ha-ya uyga kechroq boraman, hamkasabamizning tug‘ilgan kuni ekan, siz ham uni taniysiz, Aida, Aida-chi, hov birda biznikiga mehmonga kelgan-chi, qorachadan kelgan, xushbichim ayol, hm... o‘zini ja chiroyliman deb hisoblaydi, qani endi haqiqatga yaqinroq kelsa bu... voy nimalar deb valdirayapman, buni nima ahamiyati bor gapimizga, xullas dugonalarimiz bilan Aidanikiga bormoqchimiz, sovg‘a olib qo‘ydik, moyanamning yarmi ketdi savil, hamma boramiz deb turganidan keyin yo‘q deyolmadim, bo‘lmasa unchalik oyog‘im ham tortayotgani yo‘g‘idi, qo‘shilmasa yana bo‘lmaydi, tug‘ilgan kunlarimga kelishadi, yaxshimi, yomonmi, dugonam, qatordan qolmay borib kela qolay dedim, yo‘q demaysiz-a, ha, bilaman buni, siz meni tushunmasangiz, kim ham tushunardi, aytmoqchi o‘g‘lingiz ham javob so‘ragandi, bugun o‘rtog‘inikida yig‘ilib, yangi yilni nishonlasharkan, u ham kechroq qaytadi, adangdan so‘rasang bo‘lmasmidi desam, adam yo‘q dermidilar, mayli, o‘g‘lim, borib kela qol, faqat hayallama, barvaqtroq qaytgin dedim, bor gap shu, darvoqe muzxonada ovqat bor, amallab isitib olarsiz, xo‘pmi adasi, meni shoshirishyapti, kim bo‘lardi, Aida-da, oldimda turibdi boyatdan beri, borishimizni uyidagilarga tayinlab qo‘ymoqchi, xo‘p vaqtliroq qaytishga harakat qilaman... tut...tut...tut... ovoz tanish, xotiningizning ovozi, shuncha gapiribdi-yu biror marta na ha, na yo‘q dedingiz-a, axir xotiningiz devor bilan gaplashmadi-ku, bugun xotiningiz dugonasi Aidanikiga, ha o‘sha qorachadan kelgan, hm... o‘zini chiroyliman deb xayol qiladigan, ammo bu haqiqatga zig‘ircha ham to‘g‘ri kelmaydigan Aidalarnikiga, borishmoqchi ekanligini, borishga oyog‘i tortmasa-da, savil moyanasining yarmini ketkazib, qatordan qolmay deb sovg‘a olishgan, axir Aida siznikiga mehmonga kelgan, bormasa, qo‘shilmasa yana bo‘lmaydi, yaxshimi, yomonmi, dugonasi, boz ustiga o‘g‘li ham yangi yilni nishonlashga allaqaysi o‘rtog‘inikiga borishini, xotiningiz sizning nomingizdan o‘g‘lim, bo‘pti, borib kela qol, faqat hayallama, barvaqtroq qaytgin deganidan xabaringiz bo‘ldi-ku, yo‘q deyolmaysiz, xotiningizni shoshirib, uyiga mehmonlar kelishini tayinlash niyatida odobsizlikka yo‘yilsa-da, beixtiyor emas, atay gap poylayotgan Aida guvoh, anoyilardan emas Aida, xotinim bilan gaplashmadim, uning qayoqqa borishidan, Xudo ursin, bexabarman deya xomtama bo‘lmang, hazillashmang Aida bilan, xotiningizning boyagi ta’rifi uchun ham qasdini sizdan oladi, dugonasi – xotiningizdan ololmaydi-ku, axir, guvohman deb turaveradi, xo‘p deng, yaxshilikcha tarqalaylik, xotinim bilan devor emas, osmon ustingizga uzilib tushsa ham, o‘zim gaplashdim deng qo‘ying, tamom vassalom, erkak degan mana bundoq bo‘pti, masalani shartta, joyida hal qiladi, xotiningiz ham, o‘g‘lingiz ham bugun kechroq kelishadi, ziyofatlari bor, siz ham muzxonadan ovqatni olib amallab isitasiz, jovonchaga terib qo‘yilgan shishalardan birini ochasiz, qadah ko‘tarasiz, bir o‘zingiz, sog‘lig‘ingiz uchun olasiz birinchisini, baxt uchun, ertaga tong otishi uchun, ota-onangizning ruhlari shod bo‘lishi uchun ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi, beshinchi qadah, bir o‘zingiz hamma uchun ko‘tarasiz, dam xotiningiz, dam o‘g‘lingiz, dam o‘zingiz uchun shisha tamom bo‘lmaguncha ko‘taraverasiz, ko‘tariladi oxir oyog‘ingiz, cho‘zilib qolasiz oromkursiga, albatta bu keyin, hammasi keyin, hozircha esa ishdasiz, o‘zingiz aytmoqchi, xizmatda, qog‘ozni hujjatga aylantirishingiz lozim, qay bir ma’noda sehrgarsiz, ko‘z boylog‘ichsiz, ha-da qog‘ozdan hujjat, hujjatdan qog‘oz yasash har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi, hatto boshlig‘ingiz ham bu borada o‘z no‘noqligini sezadi, bildirgisi kelmaydi, hamma ishda sizga tayanadi, ammo tan olish yo‘q, unda ustunligi, boshliqligi qayda qoladi, iloji yo‘q boshqa, ishongan tog‘isiz, asabiylashadi hujjat o‘z vaqtida taxt bo‘lmasa, va’z o‘qiydi bugungidek, qo‘lidan kelmaganiga jig‘ibiyroni yuz chandon oshadi, baribir, sizsiz ishi bitmasligini tushunadi, o‘zicha g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi; xuddi boyagidek: charchabsiz-a, ochiq havoda bir aylaning, to‘rt devor orasida o‘tiraversa odam siqilib ketadi, deydi, eshikka achingandan ko‘ra boshlig‘ingizni o‘ylasangiz durust edi, eshik-ku bu yog‘iga istaysizmi, yo‘qmi, g‘ijirlayveradi, bu uning “munojot”i, ayting, ayting, boshlig‘ingiz “g‘ijirlab” qolmasin, turing, tura qoling, derazadan tashqariga qarang, qorong‘i tushib qolibdi, soat ham olti, yo‘q, ikki daqiqasi kam olti, bozorga borasiz, to‘g‘ri hozir bozorlarning chirog‘i bor, qorong‘idayam olmami, kartoshkami, nima olmoqchiydingiz o‘zi, ha-ya, xotiningiz ko‘katlarni unutmang, deyayotgandi, olaverasiz nima bo‘lsayam, xonaga kira solib chiroqni o‘chirgandingiz, yoqasiz – chiq, qog‘ozlarni yig‘ishtirasiz, kitoblarni bir chetga taxlab, joyiga qo‘yasiz, paltoni kiyasiz, soatga qaraysiz: ikki soniyasi kam olti, chiroqni o‘chirasiz – chiq, xona qorong‘ilik girdobiga cho‘madi, chiroqni yoqasiz – chiq, xonaga yana bir bor nazar tashlaysiz, choy qaynatgich o‘chiq, soat bir soniyasi kam olti, chiroqni o‘chirasiz - chiq, yana qorong‘ilik, barmog‘ingiz beixtiyor yana chiroqni yoqadi – chiq, xona yorishadi yana, nimangizdir qolib ketayotgandek, oyog‘ingiz tortmaydi chiqib ketishga, shapkangiz qo‘lingizda, ha, siyohli ruchkangizni ham kostyumning chap cho‘ntagiga, nega aynan, chap – ish quroli yurakka yaqin turgani ma’qul, soldingiz, bozor qilgani olgan xaltalaringiz ham qo‘lingizda, nima qolib ketdi ekan-a, ko‘nglingizning bir cheti xijilligicha qolaveradi, qoldirgan narsangizni topolmaysiz, soat roppa-rosa olti, chiroqni o‘chirasiz – chiq, bugun ham o‘zgacha bayram: yangi yildagi birinchi ish kuni, hamma barvaqtroq uyga otlangan, sizdan bo‘lak hech kim qolmabdi soat oltigacha, kalitni qorovulga topshirasiz, chiqasiz tashqariga, “hurmat taxtasi”ga osilardingiz burungi vaqt bo‘lganida, qorovul albatta yetkazadi boshliqqa oxirgi bo‘lib ishni – ikkinchi uyingizni tark etganingizni, ammo hozir taxta taqchil, qurilishlarga yetmay turibdi o‘zi, sizga osilib turishga yo‘l bo‘lsin, bo‘sh kelmaysiz shundayam, taxta bo‘lmasa, tramvayga osilasiz, bozorga yetasiz, tushasiz, haq edik biz: bozorni kechasiyam qilsa bo‘larkan, muhimi chiroq bor, savdolashmaysiz har qachongidek, bo‘lmasa aytganiga oladigan odamlardan emasdingiz-u, yo‘liga bir osham bo‘lsa ham tushirib, savdolashib qilardingiz bozorni, bu safar dehqon og‘ziga siqqanini aytadi, qo‘lingiz cho‘ntakka suqiladi, sanaysiz, dehqon qayta sanaydi, to‘g‘ri deydi, osh bo‘lsin deydi, rahmat demaysiz, derdingiz har safar, bu gal esa indamaysiz, xaltalarni ko‘tarib, uyga chog‘lanasiz, ko‘katfurush ayol burningiz tagida shang‘illaydi: mana bularni olib keting, kechki bozor, berganingizni bering, shoshilyapman, uyga borishim kerak, bolalarim poylab qoldiyov, ovqat qilishim kerak hali, oling, olaqoling, cho‘ntagingizdan ilinganini olasiz, xotiningiz tayinlagandi ko‘kat oling deb, xaltaning ustida ko‘kat bor endi, xotiningiz aytganini bajo ayladingiz, qachon o‘zi yo‘q degansiz, hech qachon, mana bugun ham aytganini qilib ko‘katgacha oldingiz, ko‘kat miya faoliyatini yurishtirar ekan, Ibn Sino aytgan o‘z vaqtida buni, biz bo‘lsak ko‘katga har doim ham tegishli e’tiborni berolmaymiz, ko‘katfurush ayolga pulingiz ko‘p ko‘rinadi, cho‘ntagini kavlashtirishga tushib ketadi, kutmaysiz, shoshayapsiz, uyga borishingiz kerak, xuddi ko‘katfurush ayoldek siz ham qozon osasiz, ovqat isitishingiz kerak borib, ishingiz ko‘p, yana tramvayga osilasiz, qarang qanday baxt, tig‘iz payt o‘tgan ko‘rinadi, tramvayning ichi bo‘m-bo‘sh, o‘rindiqqa cho‘kasiz, xaltalar ham yuk ko‘tarib charchashgandir, o‘rindiqqa qo‘yasiz ularni, o‘rni kelganda hurmatini bajo aylaganga ne yetsin, mana tramvaydan ham ko‘rinadi uyingiz, baland qavatli bino, hamma xonadonda chiroq bor, faqat sizniki o‘chiq, sabr qiling, borarsizam, yoqarsizam o‘sha chiroqni, xaltani qo‘yarsizam, olarsizam muzxonadan o‘sha ovqatni, isitarsizam amallab, qayoqqa shoshilyapsiz, yov quvyaptimi, oldin haydovchiga yo‘lkira haqini berib oling, xaltalaringiz yayrab keldi, haqini ham to‘lang-da, xaltalarniki ikki barobar ko‘p, o‘zingiz uchun bir osham, xaltalar uchun ikki osham, jami uch osham bo‘ladi, xaltachalik qadrim yo‘qmi desangiz, mayli besh osham tashlab keting, o‘zingizga uch osham, xaltangizga ikki osham, ammo bunda qoidani buzgan chiqasiz, qoidani buzganlar javobgarlikka tortilishi haqida gapirmaymiz, baloni o‘qidek bilasiz, ana o‘qing, chapdan o‘ngga qarab, harflariyam dona-dona: yuk uchun ikki baravar haq to‘lanadi, yaxshisi uch osham bering-da tushib ketavering, hujjatni sizdan yaxshi tushunadigan odam bormi dunyoda, o‘zingizdan qolar gap yo‘q, hujjatga amal qilish kerak, hujjat bor – hayot bor, qoidayu tartib bor – dunyo bor, bo‘lmasa hammayoq allaqachonlar ostin-ustun bo‘lib ketardi, kalovlanib qolganingizdan haydovchi pulingiz yo‘qakan-da, deb gumonsiraydimi, mayli, keyingi safar to‘lab ketarsiz, tushavering, deydi, keyingi safar bo‘larmikan, balki ertaga ishdan bo‘shab ketar haydovchi, boshqa sababi chiqar, har holda issiq jon, balki boshqa bu tramvayga oyoq qo‘ymassiz, cho‘ntagingizdan uch oshamlik pul chiqarasiz, haydovchi qutiga tashlab qo‘yadi, tushasiz, eshik yopiladi, turasiz, tramvay yuradi, uyingizga, chirog‘i o‘chiq uyingizning derazasiga bir zum tikilgancha qotib qolasiz, amaki uyingizni topolmay qoldingizmi, deydi quloqchinini tushirib olgan bir bolakay, o‘zingizga kelasiz, yo‘q, deysiz, mana zinadan ko‘tarilyapsiz, lip degani bir haftaki buzuq, zinapoyalar birma-bir ortda qolib boraveradi, shunday paytda sizni to‘qqizinchi qavatga lipsiz chiqishga majburlayotgan lip sozlovchisining no‘noqligidan achchiqlanasiz, achchiq ustida qadamlaringiz tezlashadi, oxir manzilga yetasiz, eshik qulfini buraysiz, ochiladi eshik, g‘iyqillamaydigan eshik ham bor ekan dunyoda, ichkariga kirasiz, ilgakka osiladi paltongiz, etigingizni yechasiz, xaltalarni oshxonaga olib borib bo‘shatasiz, ochasiz muzxonani, turibdi mana qo‘r to‘kib isitilishi lozim bo‘lgan ovqat, uni olasiz, tutinasiz isitishga, isiguncha yechinib olmoqchi bo‘lasiz, yo‘l-yo‘lakay oynaijahon murvatini buraysiz, oynaijahon yorishguncha uy kiyimlaringizni kiyib chiqasiz, ovqat isib qolgandir, oshxonaga borasiz, oynaijahon yolg‘iz qoladi: tantantara tantantara tantan tantantara... yangi yilni kutib olganimizga roppa rosa 44 soat bo‘ldi Parij go‘zallari esa yangi yil bilan xayr ma’zur qilishga ham ulgurishdi ular yana bir yangi kelgusi yil bo‘sag‘asiga dadil qadam qo‘yishdi lobarlik nozik did maftunkorlik joziba liboslarning ranglariga e’tibor bering qizil oq yashil qora qizil tantantara tantantara tantan tantantara... aka opa tog‘a xola ichasizmi koka kola xe ye ye ey studiyada pompom tomtomov so‘nggi xabarlar tavqi la’nat aholisining o‘ndan biri yangi yil kechasida shampondan zaharlanib o‘libdi yana o‘ndan biri kasalxonalarda o‘lar holatda yotishibdi qolgan o‘ndan sakkizi esa shampon sotgan al Kaponni qidirish bilan ovora... xabarlarimiz orasida quvonchlilari ham topiladi xususan ob-havo bilimdonlarining xabar qilishicha bu yaqin orada qor yog‘ishi kutilmaydi negaki bir oy davomida yog‘magan qor har biri mahallaning yuz kilolik osh damlanadigan qozonidek keladigan do‘l shaklida tushishi taxmin qilinmoqda biz sizlar uchun jon kuydiramiz joningizni sug‘urta qilib qo‘ying Janna d' Ark sug‘urta idorasi biz sizlar uchun jon kuydiramiz, qoqoqotoqtoqtoqu tomog‘imiz oppoqku oppoq oppoq judayam oppoqku,oppoq guruhining xonandasi toqtoq bilan mo‘‘jaz suhbat qursak men qarshi emasman so‘rang so‘rayvering nega guruhingiz oppoq deb nomlanadi nega taxallusingiz toqtoq deng darvoqe dilimdagini topdingiz sababini tushuntirib berarsiz so‘nggi paytda har xil bo‘lar bo‘lmas guruhlar yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek da da tak bodrab potrab ketvottimi bu yestestvenno tabiiy deysizmi bizzi gruppa oppoq deb nomlanadi nimaga muzqaymoq oppoq qaymoq oppoq sut oppoq paxta oppoq qog‘oz oppoq ko‘ylagimiz oppoq mashinamiz oppoq kelinchaklarning to‘y ko‘ylaklari oppoq yana o‘nlab yuzlab minglab balki millionlab narsalar sanog‘iga ham yetolmasmiz oppoqdiru bilmasmiz qo‘shiqlarimiz oq oppoq bo‘lishini xohlayapmiz tushunyapsizmi oq kema oq bulut oq yelkan taxallusim esa jarangdorligi betakrorligi bilan o‘zimga yoqadi toqtoq dunyoda hali hech kim bunday taxallusga egalik qilmagan muxlislaringizni yana qanday yangi qo‘shiqlar bilan xushnud qilmoqchisizlar oq tovuq oq tog‘ora oq choyshab qo‘shiqlarining matninni yaqinda yozib tugatdik kuy bastalasak bo‘ldi yana uch-to‘rt soatdan keyin bemalol havola qilaveramiz... qo‘shni xonada oynaijahon o‘ziga-o‘zi javrab yotibdi, javrayversin o‘ziga-o‘zi, Parij qizlari, al-Kapon, yana qozoq qo‘shningiz ko‘ka haqida bir nimalar deydimi-ey, yana nima deydi-ya jannatning arki, jannatdayam ark bo‘ladimi, hayratlanmasangizam bo‘laveradi bunga, ana oq qo‘shig‘am chiqibdi, endi rangiyam bor qo‘shiqning, qoqolayapgandi-ku Toqtoq, tomog‘i oppoq, “Oppoq” guruhining yakkaxoni, bulbuligo‘yosi, illo hech kimda yo‘q dunyoda bundayin ajib taxallus, Toqtoq, tovush zarbidanoq uchib yurgan kaklik patillab yerga tushadi, yaralandim deya xayol qiladi miltiq o‘qidan, Toqtoq, zarbidanoq tovushning suvoq ko‘chadi, ustingizga to‘kiladi uyumi, parvo qilmaysiz bunga, “Oq choyshab”ni xonish qilayotgan xonandada bo‘ladi qulog‘ingiz, qo‘lingizda qoshiq, oldingizda isitilgan ovqat, ammo negadir ishtaha yo‘q, hadeb ko‘raverishingiz shartmi, o‘zini o‘zi ham ko‘rsin-da oynaijahon, bechora oynaijahonning uzuq-yuluq gaplari qulog‘ingizga chalinadi, ishtaha ochar nima bor edi, bozordan olma oldingiz, kartoshka, yana allambalolar, e, h a, ko‘katfurush ayol ham tutqazgandi bir to‘p ko‘katni, ko‘kat miya faoliyatini yurishtiradi, buni endi yaxshi bilasiz, Ibn Sino aytganini takrorlab o‘tirmaymiz, jovonni ochasiz, har holda bugun ham bayram: yangi yildagi birinchi ish kuni, yuvish kerak buni aroq... konyak... yangi yil kechasi bulardan yetarlicha bahramand bo‘lgansiz, “Al-Kapon – shampon” deb tamg‘a urilgan shisha ko‘zingizga boshqacha ko‘rinadi, boya oynaijahonda ham bir nimalar deyishayotgandi-ya al-Kaponlab, chalingani esingizda uzuq-yuluq ovozning, lekin bilolmay qoldingiz ne deb maqtashdi, chet el matohi – al-Kaponni, maqtashganiga shubhangiz yo‘q, qaydadir, ha-ya yodingizga tushayapti, qay bir kitobda qahramon edi al-Kapon degani, shamponiyam chiqibdi mana olasiz, yozuvini hijjalab yana bir bor o‘qiysiz: al - Ka - pon sham - pon, ochasiz, qopqog‘i otiladi qo‘qqis, toshib ketayotgan shamponni bir emas uch qadahga to‘ldirib quyasiz, bir o‘zingiz hamma uchun ko‘tarasiz, hamma uchun bir o‘zingiz ko‘tarasiz, birinchisi – baxt, ikkinchisi – sog‘liq, uchinchisi – ertaga tong otmog‘i, keyingisi – ota-onangizning ruhlari shod bo‘lishi uchun, bu sabab bilan odatda qadah ko‘tarilarmidi, yo‘qmi, ayni paytda sizga baribir, siz ko‘tarasiz, istayapsiz shuni, sabab bo‘lsa bo‘ldi, yana bir necha sabablarga ko‘ra qadah ko‘tarasiz, oxir shisha bo‘shaydi, bo‘sh shisha sizga qarab tirjayadi, sizga shunday tuyulgandir-da, hech vaqt shisha ham tirjayadimi, telefon jiringlaganini uzuq-yuluq eshitgandek bo‘lasiz, gandiraklab borasiz oldiga, go‘shakni ko‘tarasizu yuztuban qulaysiz oromkursiga, go‘shakdan yana o‘sha, hech narsadan bexabar, o‘zida yo‘q shod xotiningizning ovozi keladi, adasi ovqatni isitib oldingizmi, biz yaxshi o‘tiribmiz, mehmondorchilikni juda o‘rniga qo‘yisharkan, Aidadan buni kutmagandim, hamma xursand, buni qarangki, Aidaning xo‘jayini bugun xizmatdaman, hammangiz bemalol o‘tiraveringlar, o‘tirishdan keyin hammani uyiga birma-bir olib borib qo‘yaman dedi, “Xonda”si bor edi Aidalarning, “Mersedes”ga alishtirishibdi, qushdek uchadi deyishadi, ko‘radigan bo‘ldik, ha televizorni yoqqanmisiz, u yerda o‘g‘lingiz yoqtiradigan qo‘shiqchi-chi, anavi, ha, ha, Toqtoq bilan suhbatni berishdi, “Oppoq” guruhidan, anavi Parij go‘zallarini ko‘rdingizmi, qizil – oq, oq – yashil, qora – qizil liboslar, lobarlik, nozik did, maftunkorlik, joziba emish, xo‘p deng adasi, mart bayramiga shunaqasidan olib berasiz, o‘zingiz yaxshisiz-ku, olib beraman deyapsizmi, qachon yo‘q degansiz o‘zi, bilaman yo‘q demaysiz, mana yana turqisovuq Pompom Tomtomov chiqdi, jinim suymay qolibdi shu muxbirni, gaplari biram sovuq, aft-angori undanam o‘tib tushadi, oynaijahonda ishlaydiganlarning ko‘zi qayoqda o‘zi, kelib-kelib studiyani shu maymunga topshirib qo‘yishganiga o‘laymi, yangi yil kechasi qaysidir mamlakat aholisining o‘ndan bir qismi shampondan zaharlanib o‘libdi, yana shunchasi kasalxonada emish, ha nafasingni yel olgur-a, qor o‘rniga xursand bo‘ling, qozondek-qozondek do‘l yog‘adi deydi-ya, ha o‘sha do‘lning tagida qolib lochira bo‘lgur Pompom-ey, adasi, mayli, hozir borib qolaman, zerikmay o‘tiring-a, dugonalarim ham turamiz deyishyapti, xo‘p... tut... tut... tut... ko‘zingizni ochishga urinasiz, boshingiz gir-gir aylanadi, aylanaveradi, ko‘nglingiz behuzur, tomoqqa bir nima tiqiladi, tiqilayotgan nima o‘zi, halqum emasmi, boyadan beri tututlab yotgan go‘shakni joyiga qo‘ymoqchi bo‘lasiz, holingiz kelmaydi, tut-tut-tut, yuragingiz endi tiqillamaydi soat singari, go‘shakka hamohang tutilayveradi, yuragingiz soat edi-ku tiqillardi, nima bo‘ldi tutillab qolibdi, hali zamon xotiningiz keladi, barvaqtroq, hayallamay kelib qolar o‘g‘lingiz ham, hayron bo‘lishadi uzala tushib yotganingizga, go‘shak joyida emas, osilgancha yotaveradi go‘shak, siz ham yotaverasiz miq etmay, qimirlamaysiz, betiga “al-Kapon” deb yozilgan shampon shishasi ham sizga qarab tirjaymaydi boshqa, boshqa boshlig‘ingiz ham hujjatni tezlating deb do‘q urolmaydi, do‘q ursa uraversin, go‘shakni olmaysiz, qo‘ng‘iroq battar asabiylashib jiringlayveradi, jiring­layveradi, go‘shakni olmay turaverasiz, hammadan yomoni, dahshati ham shu, boshliqning eshigi mung‘ayib qoladi, uning boshqa g‘amxo‘ri yo‘q endi, dodini kim eshitardi, xotiningiz ham endi har kuni tug‘ilgan kunga boradi, ming istihola bilan sizdan ruxsat so‘rab o‘tirishning hech bir hojati yo‘q, o‘g‘lingizga o‘zi javob beradi o‘tirishga borgisi kelsa, Aidaning xo‘jayini “Xonda”sini “Mersedes”ga almashtirgan, xotin almashtirolmaydimi, har kecha ziyofatlardan so‘ng uni dugonalari bilan uyiga eltib qo‘yadi, dunyoda yaxshilar ham bor, hammayam sizdek bevafo emas, “al-Kapon”ni ichib hayyo-huv deb ketvoradigan, albatta, biroz keyinroq o‘ynaladi bu sahna, avval xotiningiz kelsin, kelsin o‘g‘lingiz, hozircha esa oynaijahonda suxandon ko‘rinadi, ko‘zlari qizarib ketibdi bechoraning, u ham odam, issiq jon, dam olishi kerak, yarim kecha, o‘o‘-o‘o‘ hali uyiga yetib borishiyam bor, ertangi ko‘rsatuvlar tartibini dona-dona qilib e’lon qiladi, xayrlashadi, bilmaydiki... ertaga boshliq hujjatsiz qoladi, haydovchi uch osham kam pul ishlaydi, og‘ir musibat azobiga dosh berolmagan eshikning oshiq-moshig‘i osilib qoladi, o‘z holiga uni qaytarolmay duradgorlar uymalanishadi eshik oldida, xotini-chi, o‘g‘li-chi, ular nima qilishadi, bu yog‘i muhim emas, suxandonga javob beraylik, uniyam poylab qolishdi uyida, suxandon o‘rnidan turadi, tasvir yo‘qoladi, ko‘p o‘tmay qizil yozuv paydo bo‘ladi, tut-tut-tutlab ogohlantiradi yozuv: televizorni o‘chirishni unutmang, xudoning bergan kuni shu... takrorlanadi, takrorlanaveradi: televizorni o‘chirishni unutmang... alalxusus bu kechmishning oxiri nuqta bilan tugamaydi, ushbu kechmishdagi yagona nuqta qolib ketgandi boshliq huzurida, zohir bo‘lgandi o‘sha zormanda hujjatda, boshliqning huzuriga chiqayotganda siyog‘i ham qurimagandi nuqtaning...

XOTIMA


yoki marhum, “al-Kapon”ni ichib hayyo-huv deb ketvorgan bevafo kimsa ruhining arshi a’loga ravona bo‘lmoq oldidan «Bayramdan keyingi bayramlar»da bitilgan o‘z kechmishiga nuqta o‘rnida hikoyanavisga bildirmoq ilinjida bo‘lgan ayrim tafsilotlarning haqchil bayoni:

Menkim, o‘sha marhum, “al-Kapon”ni ichib, narigi dunyoga xayr-xo‘shni nasiyaga qoldirgancha ketvorgan, faqat bevafo demang, bevafo emasman... hay, bu haqda o‘z vaqti bilan degandek, ana yana qo‘ng‘iroq jiringlayapti, olmang, jiringlayversin, ruhimni ham tinch qo‘ymaydi bular, nima derdi bevafosiz, be-va-fo, deydi-da cho‘zib-cho‘zib, menga ta’na qilgandek xotinim, bevafomanmi, ayting o‘zingiz, hikoyanavis do‘stim, yo‘q demasangiz, hikoyaga ba’zi bir aniqliklar kiritmoqchi edim, indamayapsiz, sukut alomati rizo, bo‘lmasa kirishaveraymi, yaxshi boshlangan hikoya, birinchi jumla muvaffaqiyatli chiqqan, menimcha, shu jumla topilmaganda kechmishim minglab, millionlab boshqa kechmishlar kabi qog‘ozga muhrlanib qolmasdi, darhaqiqat xudoning bergan kuni shu, aytganingizdek, nonushtaga soat sakkizga taqab turaman, nega vaqtliroq turib boshqalardek badantarbiya bilan shug‘ullansam, u-bu mayda-chuydaga chalg‘isam bo‘lmasmidi, yo‘q, erinaman, uyqu shirin, kelmaydi turgim, deb ming bir bahona qidirmayman hozir, lof bo‘ladi hammasi, ayni damda buning keragi ham yo‘q, bularni o‘zimni oqlash yo ayblash uchun aytmayapman, niyatim hikoyangizga ba’zi bir tafsilotlarni kiritishdan iborat, xolos, kech turishimning boisi oddiy, bor-yo‘g‘i shumi deb ajablangan chiqarsiz, ko‘nikib qolganman shunga, odat bo‘lib qolgan soat sakkizga taqab turish, bo‘lmasa ungachayam bir necha bor uyg‘onaman, uyquga to‘yganam bo‘laman, soatga qaraymanu hali erta, soat sakkizgacha yotay-chi deb uzala tushgancha yotaveraman, apil-tapil nonushta qilishim ham, u-budan chimdib yeb, uch-to‘rt ho‘plam choy ichishim ham rost, ertalablari ishtaha yo‘q-da, ish ishtaha ochadi, o‘rnimdan turaman-u yuvinaman, ertalabki bor ishim shu, ertalablari tosh ko‘taradigan qo‘shnilarim bor, toshiyam o‘zidan og‘ir, ana ularda bo‘lsin-da ishtaha, keyin bir tomoni qorin ishga ketar chog‘ingiz tramvayga chiqishda qiynaydi, unisi turtadi, bunisi turtadi, tiqilinchda qorin ham kamida bir oshamlik joyga da’vogar chiqadi-da, shularniyam o‘ylayman-da ertalablari choy ichmayman, buyog‘i lof, hazillashdim, bor gap ishtahamning yo‘qligida, darvoqe nega hikoyaning biron bir joyida ko‘rinishim tasvirlanmagan, yoshim nechada, ismim ham yo‘q, bir tomondan yaxshi bo‘pti, axir ko‘rinishimning boshqalarnikidan nima farqi bor, o‘sha ko‘z, o‘sha burun, o‘sha quloq, ushbu hikoyani o‘qiyotgan kimsa o‘zini ko‘zguga tutsa bas, ko‘zgudan assalomu alaykum deb mulozamat qilib turgan bo‘laman, ismimni-ku darrov eslaysiz, yoningizdagi hujjatlardan birini oching, qanday ism-sharif bitilgan u yerda, o‘qidingizmi, qarang-a, shunchalik o‘xshashlik bo‘ladimi, ism-sharifimiz ham bir ekan-ku adash, hikoyanavis do‘stim sizga aytib qo‘yay esimdaligida, Ibn Sinoni o‘qimagan ekansiz, ko‘kat miya faoliyatiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi deb, kitobxonni chalg‘itibsiz, ko‘kat miya faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmaydi, aloqasi yo‘q uning miyaga, tovuq, baliqlarning miyasini yeb miyasi zo‘rayib ketganlarni ham bilmayman, ko‘proq kitob o‘qing, Ibn Sino miya haqida nima deganlari ayon bo‘ladi, miya haqida qayta-qayta to‘xtalib nima demoqchi edingiz o‘zi, voy xudoyim-ey, qo‘ng‘iroq jiringlayverib bezor qildi-ku, oling, olavering, bevafo demasa bo‘lgani, bu xotinim, qo‘ng‘iroqninng jiringlashidan tayin, xizmatga buyurmaysiz endi, shu go‘shakni mana bunday qilib qulog‘imga yaqinroq tutib turasiz, voy adasi, voy adasi, nimalar qilib qo‘ydingiz, kimlarga tashlab ketdingiz bizlarni, Aidanikiga bormay o‘lay adasi, xafa bo‘lgan ekansiz-da mendan, xafa bo‘lgansiz, o‘zimam ichimda o‘ylagandim-a, hoynahoy xafa bo‘lgandirlar deb, shunga na ha, na yo‘q demadilar deb ich-etimni qora mushuk tirnayotgandi-ya, aybdorman, boshimni devorga uraymi endi, bozorni o‘zim qilib, ovqatni o‘zim isitsam, shu yurishdan bir kun qolaqolsam bo‘lmasmidi-ya, bo‘lmasmidi adasi, yo‘q, moyanamning yarmini ketkazib sovg‘a olishga qo‘shilishim, unchalik jinim suymaydigan dugonamnikiga borishim kerak edi, ahmoqman, o‘zim ahmoqman, bir safar yo‘q desam olam guliston edi, ovqatni o‘zim isitardim, anavi “al-Kapon” haqidagi Pompomning o‘zidek sovuq xabarini eshitgach ochtirgan bo‘larmidim shishani, kelgan balo-qazo shunga ursin deb axlat chelakka, yo‘q, yo‘q, baland qavatli uyimizning derazasidan pastga uloqtirardim-a, jin o‘lgur vizillab pastga sho‘ng‘irdi, chilparchin bo‘lib sinardi, o‘shanda shamponning ko‘piklanishini tepadan, yuqoridan, baland qavatli uyimizning derazasidan xo‘p tomosha qilgan bo‘lardik ikkovimiz, sizsiz, sizsiz endi nima qilaman adasi, u-hu,-o‘h-hu, u-u-u-u... go‘shakni qo‘ying, tamom, yuragim ezilib ketadi, ayol kishi ko‘z yosh qilsa chidolmayman, ko‘nglim bo‘sh, ko‘nglimning bo‘shligi ko‘p bor pand bergan hayotimda, hech kimga yo‘q deyolmayman, birovning dilini og‘ritib qo‘yishdan qo‘rqaman, o‘sha kuni boshliqqa bir og‘iz e’tiroz bildirsam bo‘lardi, hujjatning muhimligi, tezroq tayyorlash zarurligini aytmagandi u, ayb o‘zidan o‘tgan, ammo boshliq hech qachon aybdor bo‘lolmaydi, uning aybi xodimiga o‘tadi, buni yaxshi bilishimdan boshliqning xabari yo‘qmi, bo‘lganda qandoq, doimo ochiq bo‘lmasa-da, shunga ishora qiladi, xonasiga tayyor hujjat bilan kirganimda ham atay menga e’tibor bermaslikka urindi, o‘zining boshliq ekanligini, men uning oddiy xodimlaridan biri ekanligimni uqtirmoqchi, hujjat kechikib ketdi deya ta’na qilayotgandek edi u, ana, ana, qulog‘i qizidi shekilli boshliqning, qo‘ng‘iroq asabiy jiringlayapti, bechora ro‘znomani o‘qir edi shu payt, oromkursisi bor, o‘shanga joylashvo-olib dunyoda nima gap ekan, deb ochganu o‘z xodimi, mening suratimga tushgan bo‘lsa ehtimol ko‘zi, “Al-Kapon” va navbatdagi qurbon» maqolasi e’tiborini tortadi, qarang qurbonning ishlayotgan idorasi ham tilga olinibdi, eslab ko‘radi, ha, shu idoraga o‘zi boshchilik qiladi, shunga asabiy, shunga jahli chiqqan, axir beruxsat, aylangani boshliq aytgandek ochiq havoga emas, ochiq go‘rga, narigi dunyoga, bejavob ketib qoldim-da, do‘stim, yana xizmat sizga, portlab ketmasin, uvoliga qolmaylik shu go‘shakning, oling, boshliq degan nomi bor, sobiq bo‘lsayam, hurmatiyam bo‘lakcha, eshitmasak ayb, muhtaram boshliq, kamtarin qulingizning qulog‘i sizda, eshitadi, ha-ya, gaplarimni baribir eshitolmaysiz, ruhman-ku axir, mayli hozircha sizni tinglaylik, bo‘lmaylik gapingizni, marhamat... qayoqlarga gum bo‘ldingiz-a, to‘g‘ri charchadingizmi deb so‘radim, yodimda bor, biroz aylaning ochiq havoda, to‘rt devor orasida o‘tiraversa, o‘tiraversa, odam siqilib ketadi, deganimam yodimda, yana nima degandim, e-ha hujjat tayyor bo‘lgandir, ko‘rib chiqaman, tashlab ketaqoling devdim, bugun ish ko‘payib ketdi, ko‘rolmadim hujjatni, tepadan unchalik qistalang ham qilishmadi, o‘zi odatda shunaqa bo‘ladi, kerak, tezroq tayyorlang, deyishadi-ku, ke­yin yodlaridan ko‘tariladi, nimaligini eslolmay qolishadi ba’zan, so‘rab qolishsa anavi tayyor bo‘ldimi deyishadi, xunobim oshadi shunda, anavisi nimasi, nimani, qaysi hujjatni nazarda tutishyapti, qani endi o‘zlari ham bilishsa, bilishmaydi, lekin nimadir olishlari kerakligini fahmlab turishadi, anavi tayyor bo‘ldimi deb dag‘dag‘a ustiga dag‘dag‘a qilaverishadi o‘sha “anavi”ni berib qutulmaguningizcha, xo‘p bular o‘z yo‘liga, lekin sizni tushunolmay qoldim-ku, hammaga maqtar edim, ishchan, tashabbuskor xodim bu, undan o‘rnak olinglar derdim hammaga, buni o‘zingizam yaxshi bilasiz, qorovul o‘smoqchilagandek bo‘luvdi bugun, o‘sha kuniyam hammadan kech qaytibsiz ishdan, ishga vijdonan yondoshishingizdan darak bu, ammo mana bu ro‘znoma xabari... meni, meni umuman gangitib qo‘ydi-ku, bugun ishga kelmaganingizni men ham, boshqa xodimlar ham payqashmabdi-ya, bilganlarida bexabar qolmasdim, o‘z vaqtida ishga kelasiz, o‘z vaqtida ishdan qaytasiz, ishga kelmay qolishingiz hech kimning aqliga sig‘magan, ha xonasida ishlayotgandir-da degan xayolga borishgandir, necha bor aytganman, ketarkansizlar javob olinglar deb, so‘raganingizda biror marta yo‘q devdimmi, onangizni janazasi kuni yarim soatga ruxsat bergan kim, hov birda yuragim siqilyapti, do‘xtirga ko‘rsatmasam bo‘lmaydi, deganingizda yo‘q demovdim, navbat kutib qolib ketdim, degan vaj-korsonlarni pesh qilib, naq uch soatdan keyin kelgandingiz ishga, shunaqa yaxshilikni bilmaysizlar, yaxshilikka yomonlik deb shunga aytishadi-da, nafaqat meni, balki idoramiz sha’niga ham yaxshi gap bo‘lmabdi, qora moy bilan bulg‘agandek bo‘psiz-da, bu idoradagilar piyonista ekan degan gap chiqmaydimi shaharda, icharkansiz, “al-Kapon”dan boshqa tuzukrog‘i topilmadimi, ertagayoq majlis chaqiraman, shaxsiy masalangizni kun tartibiga qo‘yaman, sizdaqa xodimlarga bizning mo‘‘tabar idorada joy yo‘q, yaxshisi o‘z arizangizga ko‘ra ishdan bo‘shang, boshqa biron bir bo‘lmag‘ur bo‘lsayam harna ishga ilinib olish imkoniyati tug‘iladi, bu imkoniyatni boy bermang, arizani kotibaga berib qo‘ying, sizni ko‘rishga ko‘zim, aytishga so‘zim, otishga o‘qim yo‘q, sharmandai sharmisor qildingiz meniyu, idoraniyu butun boshli, hammani, ertaga hali yuqoridan gap eshitmasam bo‘lgani, voy, vo-oy yuragim... ana oh yurag-a, voh yurak, endi men o‘lsam kerak deyapti boshliq, boshliqning ahvoli shu, jahli chiqsa yuragimlab qoladi, asabiylashishi sog‘lig‘iga zararligini bilsayam asabiylashaveradi, asabiylashmagan boshliq boshliq emas degan sarqit bir tushuncha miyasining bir kavagida o‘rnashib qolgan, shunisi hech tinch qo‘ymaydi, asabiylashayotgani qo‘ng‘iroqqayam o‘tadi, asabiy jiringlaydi qo‘ng‘iroq qilsa boshliq, shunisidan taniyman, mana boshliqning o‘zlari yo‘qlayaptilar deb go‘shakni olgancha kutaman: navbatdagi ta’na-dashnomni, kutaman debman, kutardim desam aniqroq bo‘lar, yana oz qoldi, ruhim arshi a’loga ko‘tarilsa boshqa eshitmasam kerak bularni, yuragi bekorga yomon bo‘ldimi boshliqning, ishongan tog‘i edim, mensiz ishi bitmasligini tushunardi, ammo tan olgisi kelmasdi, mana endi boshini changallab o‘tiribdi nima qilarini bilmay mensiz, arizam kerak bo‘lib qolganmish, yuqoridan gap tekkudek bo‘lsami, aytadi-da biz uni yangi yil oldidan ishdan bo‘shatvorganmiz, o‘z arizasiga ko‘ra bo‘shatilgan, shunga binoan yangi yilning birinchi ish kunida ishda bo‘lmagan, hech qanday hujjat ham tayyorlamagan, huzurimda bo‘lmagan o‘sha kuni, axir bo‘shagan odam qanday bo‘lishi mumkin edi ishda, bunga idoramizning barcha xodimlari qatori men ham guvohlik berolaman, derdi-da, osongina qutulardi, har xil gaplarga qolmasdi o‘rin, boshliqqa dakki berib qo‘ymoqni o‘z farzi deb bilgan yuqoridagi odam tortardi mulzam, o‘zini tutib olardi biroz vaqt o‘tib, yaxshi qipsiz bu piyonistaning oyog‘ini quritib bu dargohdan, yo‘qsa, sizni ham, meni ham boshimiz qolardi malomatga, gap orasida bildiradi minnatdorchilik, xizmat chog‘lari yodga tushadi bexos boshliqning, qo‘li chakkasiga qo‘yiladi, Vatanimga xizmat qilaman, o‘ xomxayol, chalg‘ib ketdim yana, xullas al-Kaponni ichganim tasodifmi, ba’zan shu haqda o‘ylanib qolaman, o‘sha kungi voqealarni birma-bir ipga tizib mushohada yuritsak, hayotdan to‘yib ketgan, bilib turib o‘zimni-o‘zim zaharlagan, al-Kapon bunga shunchaki turtkidek tuyuladi, bu bir qarashda albatta, aslida-chi, aslida bu hayotga ko‘nikib qolgandim, bordi-yu biror tasodif uchrasa, favqulodda hodisa hisoblardim, ortiqcha tashvish keltirardi bu, kuniga biror voqea, hodisa yuz beraversa, yo‘q, yo‘q, bunday hayot men uchun emas, yasholmasdim, menga ma’quli: har kungidek ertalabki sakkizga taqab turish, apil-tapil nonushta, xizmat, mayli so‘ksin boshliq, talab qilsin ishni, buning nimasi yomon, xizmat xizmat-da, uyga qaytish, kechki ovqat, oynaijahon, uyqu, qarabsizki, yana tong otib turibdi, yangi tong, yangi kun, ammo hayotingiz yana o‘sha eski maromda, qayta-qayta, hech bir o‘zgarishsiz, xuddi kechagidek, oldingi kun, undan avvalgi kunlardagidek bir xil tarzda, davom etaveradi, shunga ko‘nikasiz, taqdirning izmiga bo‘ysunmoqlikdan o‘zga chorangiz yo‘q, taqdirning hazilini qarang, arshi a’lodan chaqirishyapti meni, chorlashyapti huzurlariga, izmim endi ularda, hayotni sevaman, yashasam, yana ming yil, yo‘q million yil shunday yashasam derdim, ammo... chorlashyapti... mendaqalarga bu hayotda joy yo‘q, boshliq bunda haq, bizdaqa xodimlarga mo‘‘tabar idora – dumaloq Yer demoqchimasmidi boshliq – joy yo‘q, yaxshisi o‘z arizamga ko‘ra...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.