OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘ofurjon Alimov. Farzand (hikoya)

— Saloti janoza!
Namoz tugagan zahoti masjid so‘fisining ovozini eshitgan namozxonlar birin-ketin hovliga chiqib, saflana boshladilar.
Behzod safning old qatorida turar ekan, qulog‘iga hech narsa kirmas, bo‘layotgan hodisalar xuddi tushida kechayotgandek edi. Bir mahal qarasa akasi Botir imomning yonida turibdi.
— Inim, — ohista gap boshladi imom, — bandalik. Olloh otangizni o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin. Endi, mabodo otangiz tiriklik chog‘ida kimdandir qarzdor bo‘lib, vaqtida pulini to‘lay olmagan bo‘lsa, u odam hujjat hamda guvohlar bilan kelsa, qarzni to‘lashni o‘z gardaningizga olasizmi?
Botir «ha» degandek boshini qimirlatdi. Shundan so‘ng unga safdan joy olishni ko‘rsatdi.
— Saflarni to‘g‘ri olinglar, birodarlar, — yig‘ilganlarning ro‘parasiga kelib turgan imom tomoq qirib oldi-da, baland ovozda so‘z boshladi:
— Alhamdu lillahi robbil olamin, val-oqibatu lil-muttaqin vas-solatu vas-salomu a’lo rasulilloh! Assalomu alaykum, muhtaram jamoat. Mana, yana bir birodarimiz bizni tark etib ketmoqda. Endi bir fikr qilib ko‘raylik. Xo‘sh, bu banda shuncha yil yashab, uy-joy qurib, bola-chaqa orttirib o‘zi bilan u dunyoga nima olib ketayapti?..
Fotihaning uchinchi kuni keluvchilar sal siyraklashgach, Behzod akasining yoniga o‘tirdi.
— Aka, sizdan bir narsani so‘ramoqchi edim, — u shunday deb jim bo‘ldi.
Behzod tabiatan shunaqa edi. Bir gapni boshlardi-yu jim bo‘lib qolar, bolaligidan qiziqqon bo‘lgan Botirning bundan fig‘oni falakka chiqardi. Hozir ham shunday bo‘ldi.
— Nima demoqchisan? Gapiraqol tezroq.
— Shu, — Behzod gap topolmay chaynaldi.
— Nima, shu? — asabiylashdi Botir.
— Adamni qo‘yganimizga ham uch kun bo‘ldi. Sizdan so‘ramoqchi bo‘lganim, bizam ehson qilib, osh beramizmi?
— Nima, osh? Menga qara, shu shartmikan?
— Bilmasam, — Behzod yelka qisdi. — Siz nima desangiz, shu aka!
— Ie, gap boshlagan o‘zing-ku, endi bilmaysanmi? — Akasi birdan tutoqib ketdi. — Sen bilmasang, men bilmasam, kim biladi unda?
— Aka, menga qolsa-chi, osh berganimiz ma’qul-ov! Adam rahmatlik «Mahallaning oshini ko‘p yeganman, ammo biror martayam dasturxon yozmadim», deb ko‘p gapirardilar. Esingizdami?
— O‘ylab gapirayapsanmi o‘zi? Ham otamizni ko‘mib, ham osh beramizmi? Yo‘-o‘q, ukaginam, osh bersang, o‘zing beraver. Meni ortiqcha pulim yo‘q.
U shunday deya o‘rnidan turib nari ketdi-da, shu zahoti qaytib keldi: — Menga qara, bu osh berishga qancha pul ketishini bilasanmi o‘zi? Topganing ro‘zg‘oringga zo‘rg‘a yetib turgan bo‘lsa, shuncha pulni qaerdan olasan? Hali uylanishing kerak, to‘g‘rimi? Yoki adamdan ancha-muncha qolgani bormi?
Behzod akasining qiziqqonligini, ortiqcha xarajatga-ku umuman tobi yo‘qligini yaxshi bilardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, nima deb javob berishni bilmay qoldi.
— Bo‘lmasa, gap bunday, nazarimda adamdan rostdan ham yaxshigina meros qolganga o‘xshaydi, — dedi akasi unga sinovchan tikilib, — Shunday ekan mahallaga osh berasanmi, sho‘rva ichirasanmi, seni ishing. Meni tinch qo‘y. Pul ham so‘rama...

* * *

Ehsondan so‘ng uch-to‘rt kun o‘tar-o‘tmas, akasi Behzodni chaqirtirib qoldi. Botir gapni cho‘zmay maqsadga o‘tdi-qo‘ydi:
— Menga qara, kecha kechqurun adamning bolalikdagi o‘rtog‘i bor-ku, Toir aka, o‘sha kelibdi. O‘nida ikkita guvohi ham bor. Aytishicha, bundan olti oycha oldin adamga yuz ming so‘m bergan ekan. «Bu pul so‘rashga ham arzimaydi, kechib ham yuborar edim-ku, ammo oxiratda otangning javob berishi qiyin bo‘lmasin deb keldim-da», deydi. Yomon jahlim chiqdi. Arzimagan pul bo‘lsa, kelib so‘rashing shartmidi? Kechvormaysanmi o‘sha puldan, xasis? Hayronman, qaysi bet bilan keldi ekan? Kap-katta odam, o‘ylamaydimi, bular kechagina otasini tuproqqa qo‘ygan bo‘lsa, qanaqa qilib pul so‘rayman deb?
Akasining borgan sari asabiylashayotganini ko‘rib Behzod o‘zini noqulay seza boshladi. Nimayam derdi. O‘ylab ko‘rsa Toir aka haq. Ammo akasining ham gapida jon bordek...
Bir mahal Botir gapdan to‘xtadi-da ukasiga o‘girildi:
— Mayli, o‘tgan ishga salovat. Endi meni eshit. Boshida kennoying aytganda ishonmagandim. Ehson qilmaylik desam ko‘nmading, oshdagi dasturxonni, mendan bir tiyin so‘ramaganingni ko‘rib, rostdan ham adamdan senga ancha-muncha pul meros bo‘lib qolganini bildim. Hammasini oshga ishlatmagandirsan? To‘g‘rimi? Endi, gap bunday. Toir aka pulni olib ketishga ertaga keladi. Hozir uyga borib, o‘sha ortgan puldan yuz mingini olib kelasan.
Behzod o‘tirgan joyida qotib qoldi. Nima desin? «Adamdan pul qolmagan. Oshga onam to‘yimga deb yiqqan pulni ishlatdik», desinmi? Akasining fe’li ma’lum-ku! Deyolmadi. Andisha qildi.
U zo‘rg‘a «Xo‘p, hozir olib kelaman», dedi-da, «Behzod, qayoqqa ketayapsiz? Hozir ovqat suzaman», — deb yasama manzirat qilayotgan kennoyisiga ham qaramay chiqib ketdi.
Behzod ko‘chaga chiqqach, qaerga borishni bilmay uzoq turib qoldi. Uyda pul qolmagani bois u yerga borishdan foyda yo‘q. Qarz olsinmi? Kimdan? Kim hozir qo‘sh-qo‘llab shuncha pulni qo‘liga tutqazadi?
Shunday xayollar og‘ushida turgan Behzod to‘satdan yangragan mashina signalidan cho‘chib tushdi. Shosha-pisha o‘zini chetga olar ekan, shundoq yonida to‘xtagan «Jiguli»da kulimsiragancha o‘tirgan sinfdoshi Shavkatni ko‘rib hayron bo‘ldi.
— Ha, Bek, xayol surib ketayapsan? Ehsonni yaxshi o‘tkazib oldinglarmi? Amakimni Olloh rahmat qilsin.
— Rahmat, o‘tkazib oldik. O‘zing nima qilib yuribsan?
— Bozorga. Do‘konda mollar kamayib qolibdi. O‘rnini to‘ldirib qo‘yish kerak-ku!
— Tirikchilik degin?
— Ha endi... O‘tir mashinaga. Uyingga tashlab o‘taman.
— Qo‘yaver, o‘zim yetib olaman. Yo‘ling boshqa tomonda bo‘lsa...
— Nima qilibdi, o‘tir, — Shavkat Behzodni zo‘rlab mashinasiga o‘tqizdi.
— Menga qara, Bek, — Shavkat mashina katta yo‘lga chiqqach, Behzodga yuzlandi, — Kayfiyating yo‘q, nima bo‘ldi?
— Tinchlik.
— Qo‘ysang-chi! Nima qilasan yashirib? Seni bilmasam ekan.
— Shu-u, — Behzod gap boshladi-da, jim bo‘lib, chuqur uf tortdi.
— Gapiraver.
— Adam rahmatlikning bittasidan qarzlari bor ekan. O‘sha odam kelib, qarzni so‘rab turibdi.
— Xo‘sh, pulni berib yubordingmi?
— Yo‘q, hali.
— «Problema» nimada bo‘lmasa?
— Qo‘l kaltalik qilib turibdi-da, jo‘ra! Bo‘lmasam...
— Hm-m, — Shavkat shunday deya ko‘krak cho‘ntagidan sigaret olib labiga qistirdi, — qancha ekan?
— Yuz ming.
Oraga jimlik cho‘kdi. Shavkat mashinani Behzodlarning darvozasi oldida to‘xtatib, motorni o‘chirdi-da, o‘tirgan joyida orqa o‘rindiqdagi tsellofan paketni oldi. Ichidan ikki bog‘lam pulni olib, Behzodning qo‘liga tutqazdi.
— Nima bu?
— Pul. Yuz mingini o‘sha pulini so‘rab kelgan odamga olib borib ber. Qolganini ro‘zg‘orga ishlatib turarsan.
— Men sendan pul so‘ramadim, shekilli.
— E-e, nima farqi bor? O‘zim berayapman-ku! Olavermaysanmi! Topganingda qaytararsan...
Behzod Shavkatga rahmat aytib, mashinadan tushdi-da, o‘zini xuddi uyiga kirib ketayotgandek qilib ko‘rsatdi. Ammo mashinaning qorasi ko‘rinmay ketgan zahoti akasining uyiga yo‘l oldi...

* * *

Mana uch oydirki, Behzod ishdan bo‘sh vaqtlarida kirakashlik qiladi. Bu ishda otasining eskiroq bo‘lsa-da, yaxshi tutilgan mashinasi ancha qo‘l keldi. To‘g‘ri, u bu yumushga ba’zilardek boshi bilan sho‘ng‘ib ketgani yo‘q. Erta bilan chiqib, ish paytigacha, kechqurun esa yana ikki-uch soat aylansa, yetadi. Goh unday, gohida bunday. Ro‘zg‘ori o‘tib turibdi. Ortiqchasining keragi yo‘q. Axir uyda onasi bilan o‘zi bo‘lsa. Bugungi tushum barakaliroq bo‘lgani uchun uyga ertaroq qaytarkan, darvoza oldida o‘ynab yurgan bolalarga ko‘zi tushdi.
— I-e, jiyanlarim-ku! Akam kelibdi-da, — deya chehrasi yorishdi. Otasi tirik paytlar hovlilari qanday gavjum edi-ya! Ammo akasi ko‘chib ketdi-yu, u kunlar shirin xotiraga aylandi.
Hozir ham «amaki»lab yoniga yugurib kelgan jiyanlarini erkaladi-da, mashinaning orqa eshigini ochib, ularni o‘rindiqqa o‘tqizib qo‘ydi.
U darvozaga yaqinlasharkan, ichkaridan kennoyisining shang‘illagan tovushi eshitildi. «Obbo, uyam kelganga o‘xshaydi-ku!», degan o‘y xayolidan o‘tib, yuragi g‘ashlandi. Shu ayol ularning ostonasini hatladi-yu, baraka yo‘qoldi. Tinch-totuv yashab kelayotgan oilaning halovati buzildi. Sal narsaga lov etib yonib ketadigan Mashkuraga, ba’zilar aytganidek, bir gap kam, ikkitasi ko‘p edi. Nachora, «burnim sassiq» deb kesib tashlab bo‘lmas ekan. Oxir-oqibat, uyda kunda-kunora bo‘lib turadigan bunday g‘alvalardan charchagan ota, qarz-havola qilib, shahar chetidan uch xonali kvartira oldi-da, katta o‘g‘li Botirni chiqarib yubordi.
Behzod ichkariga kirar-kirmas, akasining «Bo‘ldi opa, o‘g‘lingiz kelgandan keyin o‘zi bilan gaplashaman», degani qulog‘iga chalindi. Shu zahoti yana kennoyisining ovozi eshitildi. Behzod zo‘rg‘a ostona hatladi. Onasi bilan akasi so‘ritok ostidagi temir karovatda o‘tirishar, kennoyisi esa bir qo‘li belida, ikkinchisini paxsa qilgancha bir nimalar deb bidirlarkan, Behzodni ko‘rdi-yu jim bo‘ldi.
— Assalomu alaykum!
— Kelaqol bolam! Yaxshi keldingmi? — onasi aftidan yig‘lagan bo‘lsa kerak, qizarib ketgan ko‘zlarini yengi bilan yashirgancha, o‘rnidan yengil qo‘zg‘alib qo‘ydi. Akasi lom-mim demay, o‘tirgan joyida qo‘l uzatdi. Kennoyisi bo‘lsa, «Hm, yaxshimisiz», deb stol ustidagi choynakni oldi-da, oshxona tomonga yo‘naldi.
Behzod ularning yonidan joy oldi. Qisqagina hol-ahvol so‘rashgandan keyin o‘rtaga sukunat cho‘kdi. Na onasi, na akasidan sado chiqmadi. Nihoyat kennoyisi eriga yer ostidan qarab, «gapirmaysizmi» degandek imo qildi. Botir bir xotiniga, bir onasiga qaradi-da:
— Menga qara, Behzod, — dedi odatdagi to‘ng ovozda, — kelganing yaxshi bo‘ldi. Oyim bilan bir narsani maslahat qilib o‘tiruvdik...
— Nimasini maslahat qilasiz-a? Nimasini? Hamma narsa hal bo‘lgan bo‘lsa! Eng «glavniy»si oyim rozi bo‘ldilarmi, bo‘ldi-de! Tavba...
Xotinining to‘satdan gapga qo‘shilishidan Botir tutoqib ketdi:
— O‘chir ovozingni! Birov sendan gap so‘rayaptimi?
— Nimaga o‘chirar ekanman? A? Nimaga? Bu uyning-chi, huv anavi ikki xonasi mening mahrimga tushgan, bildingizmi? Yo esingizdan chiqdimi? Nimaga shundoq hovli-joy bo‘la turib, uch xonalik domga tiqilib o‘tirishim kerak. Bolalaringiz katta bo‘layapti, axir! Buyog‘ini o‘ylaysizmi? Bir gap bo‘lsa, «ovozingni o‘chir, ovozingni o‘chir!». Menam-chi, shu oilaning teng huquqli a’zosiman! Bilmasangiz bilib qo‘ying.
Mashkura oxirgi gaplarini yig‘i aralash aytarkan, xotinining fe’lini yaxshi bilgan Botir ensasi qotganini yashirmadi. O‘zi bu xotinga tegish kerag-u qochish kerak! Ming‘illashni boshlasa, chakagi tinmaydi.
— Xullas, gap bunday, Behzod, — gap boshladi Botir. — Kennoyingni gaplarini eshitib, «maslahat» nima haqdaligini tushungandirsan. Esingda bo‘lsa kerak, adam oxirgi paytda Mashkura bilan chiqisha olmay qolgani uchun domga chiqib ketgan edik. Anuv kuni kennoying bitta gap aytib qoldi. O‘ylab ko‘rsam, gapi to‘g‘ri. Bilasan, uchta bola bilan ancha tiqilib qoldik. Bu yerda bo‘lsa faqatgina oyim bilan sen. Uch xona uy bemalol yetadi. Shuning uchun sizlar domga chiqsanglar, biz esa buyoqqa kelardik.
Behzod sekingina onasiga qaradi.
— Oyim rozilar. Faqat sizniyam oldingizdan o‘tmoqchi bo‘lib turgan edilar. To‘g‘rimi, oyi? — Mashkura hali qaynonasi tasdiq ishorasini qilmasidanoq, gapida davom etdi:
— Ana ko‘rdingizmi, u kishi rozilar. Siz oyimning gaplaridan chiqmasangiz kerak? Xo‘sh-sh, — u shunday deb, biroz o‘ylanib turdi-da, bu yog‘iga buyruq ohangida davom etdi:
— Ertaga shanba. Men kecha uydagi narsalarni tugib, tayyorlab qo‘ygandim. Bugun sizlarga yordam bergani keldik. Indinga ertalab mashina keladi. Siz ham narsalaringizni tayyorlab qo‘yavering!
Onasi boyaqish indamagandan keyin Behzod nima ham qila olardi? Ikki-uch kunda akasi oilasi bilan hovliga ko‘chib keldi. Behzod onasi bilan «dom»ga chiqib ketdi.

* * *

Ikki haftadirki, onasining tobi qochib, Behzodning yurish-turishida halovat yo‘qolgan. Yurak bilan o‘ynashib bo‘lmas ekan. Qaysi vrachga uchrashmasin, operatsiya qilish kerak, deydi. Otasining vafotidan keyin ancha yurak oldirib qo‘ygan Behzod qancha ketsa ham, onasini davolatishga ahd qildi. So‘rab-surishtirib, ko‘pchilik qo‘li yengil deb maqtagan vrachga uchrashdi. Onasini tekshirib ko‘rgan vrach, operatsiya qilish kerakligini, bunga esa bir yarim million so‘m ketishini aytdi. Bu gaplardan Rahima xolaning xabari yo‘q edi. Agar eshitganidami, operatsiyaga o‘laqolsa rozi bo‘lmas, o‘g‘lini shuncha pulga aslo tushirmasdi.
Qaerdan pul topishni bilmay miyasi qotgan Behzod, o‘ylay-o‘ylay mashinani sotmoqchi bo‘ldi. Buni onasidan yashirdi. Ammo otasidan qolgan yodgorlikdan ajralishga ko‘zi qiymasdi. Nachora! Endi hovlisi yo‘q, mashina kechasi ko‘chada qarovsiz qoladi.
Shanbada kun bo‘yi mashina bilan andarmon bo‘ldi. Hammayog‘ini yuvib-tozalab, bozorga tayyorladi. Kechki payt eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Chiqsa, akasi ekan.
Aka-uka zalga kirishlari bilan Botir gap boshladi:
— Menga qara Behzod, nima ishlar qilib yuribsan, o‘zi?
Behzod hayron bo‘lib qoldi.
— Mashinani sotmoqchi emishsan! Shunaqami?
— A, umi? Ha, shunaqa bo‘lib qoldi.
— Nimaga?
— Oyimlaning yuraklarini operatsiya qilish kerak ekan! Do‘xtirlar taxminan bir yarim million bo‘ladi, deyishayapti.
Botir indamay yonidan sigaret olib tutatdi. «Choy qo‘yaman», degan ukasini imo bilan to‘xtatdi:
— Behzod, mashina kimniki?
— Kimniki bo‘lardi, bizniki! Adamdan qolgan yodgorlik.
— To‘g‘ri aytasan, adamdan qolgan. Mashinani ertaga bozorga olib chiqmoqchimiding? Olib chiqaver. Narxini ko‘r. Ammo sota ko‘rma, tushundingmi? Narxini aniqlasang bo‘ldi. Soqqasi bor, tayin xaridor bo‘lsa, manzilini olib qol. Qolganini keyin gaplashamiz...

* * *

Mashina bozori odatdagidek gavjum. Oluvchidan sotuvchi, sotuvchidan tomoshabin ko‘p. Behzodning mashinasi nisbatan eski bo‘lgani bilan kamroq haydalgani uchun yaxshigina saqlangan edi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, atrofini zumda o‘rab olishdi. Biri olib, biri qo‘yayotgan xaridorlarning savollaridan Behzod avvaliga shoshib qoldi. Yaxshiyamki bunaqa bozorlarga chiqaverib, ko‘zi pishib ketgan og‘aynisi Shavkat birga kelgan ekan. Akasining gapidan u ham xabardor edi, bo‘lmasam, Behzod allaqachon mashinani berib, pulini sanab olarmidi? Ancha tortishuvlardan keyin mashinani uch millionga baholashdi. Behzod xaridorga «akasi bilan maslahatlashishi kerakligini» aytib, uning manzilini yozib oldi.
Kechqurun Behzod akasinikiga borsa, Botir ko‘cha eshik oldida qo‘shnilar bilan gaplashib turgan ekan. Ukasini ko‘rib, darrov chetga chiqdi. Uyga taklif ham qilmay nima bo‘lganini so‘radi. Behzod chiqarilgan narxni aytgach, miyig‘ida kulib, «Yaxshi», deb qo‘ydi-da, «Buyoqqa yur-chi» deb uyga boshladi. Hovliga kirishgach, shundoqqina darvozaning yonida to‘xtab, ukasiga o‘girildi:
— Uch million narx qo‘yishdi, degin? Yaxshi! Xaridor naqdmi ishqilib? Manzilini yozib oldingmi? Buyam yaxshi bo‘libdi. Endi, kechagi gapim esingdami? Ha, mashinada mening ham haqqim bor, deganim! Esingda bo‘lsa, endi gapimni eshit, demak mashinaning teng yarmi meniki hisoblanadi. Shunaqa ekan, uch millionning yarmini menga bersang, ora ochiq bo‘ladi.
Kechadan buyon akasining mashina to‘g‘risidagi jumboqli gaplarining ma’nosiga endi yetgan Behzod titrab ketdi. Kim-kim, ammo akasidan bunday gapni kutmagani uchun, alamdan nafas ololmay ham qoldi. O‘zini zo‘rg‘a bosib, tishini tishiga qo‘ygancha, zo‘rg‘a:
— Mayli, — deyoldi, xolos.
— Ana ko‘rdingmi, voy «maladets!». Meni to‘g‘ri tushunishingni bilardim. Kennoying bo‘lsa, «o‘sha ukangiz bo‘lsa, hech narsani tushunmaydi», deb o‘tiribdi. Hozir eshitsa, senga besh ketib, og‘zi ochilib qolsa kerak! Xo‘sh, kelishdikmi?
Behzod nima ham deya olardi? Ichidan zil ketsa-da, sezdirmay rozilik bildirdi. Ertasiga Botir pulni olib ketdi. Mashinani zumda rasmiylashtirishdi. Haftaning oxirida esa Behzod onasini kasalxonaga yotqizdi. Ikki kundan keyin operatsiya qilishdi. Vrachlar har qancha harakat qilishmasin, Rahima xolaning kuni bitgan ekan, shekilli, operatsiyadan yaxshi chiqsa-da, ertasiga joni uzildi...

* * *

Bozordan qaytayotgan Behzod mahallaning oqsoqollaridan biri bo‘lmish G‘ani amakini uchratib qoldi.
— Bandalik bolam. Bir yilda ham otadan, ham onadan judo bo‘lishning o‘zi bo‘lmaydi. Ishqilib, o‘zi rahmatiga olgan bo‘lsin! Sizlarga sabr bersin, bolam. Aytmoqchi, kecha akang Botirni ko‘ruvdim. Biroz suhbatlashdik. Ammo-chi, tilla akang bor-da! «Amaki, onamning barcha xayru-xudoyisini ham xuddi otamnikidek qilib o‘tkazaman», deydi. Umridan baraka topsin, ishqilib. Bola-chaqasini rohatini ko‘rsin. Qani endi hammaning ham farzandi akangga o‘xshagan tanti bo‘lsa...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.