OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulnora Avezova. Kutish (hikoya)

U sarg‘aygan qog‘ozdagi bu maktubni tibbiyotga doir qadim bir kitobning ichidan topgan edi. Avval e’tiborsiz bo‘lib, u varaqdan bu varaq ichiga qo‘yib yurdi. Bir safar ozgina dam olish, chalg‘ish uchun varaqni ochib, duch kelgan bir necha jumlani o‘qidiyu, unga butunlay bog‘lanib qoldi. 

* * *

 …Men u bilan sokin kuz oqshomlaridan birida tanishgan edim. O‘sha kun kutubxonadan kechroq chiqdim. Yomg‘ir shivalab turardi. Talabalar shaharchasiga yetgunimcha o‘rindiqda mudrab qolibman. Bekatdan avtobus qo‘zg‘alayotgan paytda o‘zimga kelib orqa eshikka yugurdim. Tushayotganimda poshnam qiyshayib munkib ketdim. Agar u bilagimdan tutib qolmaganida yiqilishim tayin edi. Xullas u bilan tanishuvim shu tarzda kechdi. 
U… bolaligimdan boshlab xayolimda yaratgan… orzuim edi! U changli yo‘llarda tengqurlarim bilan quvlashmachoq o‘ynaganimda ham, Jayhunning loyqa suvlari qirg‘oqdan dagish  olishlarini kuzatganimda ham, oy yorug‘ida Eshonyopda cho‘milganimda barmoq uchlaridan nur yog‘dusi kabi sachragan tomchilar bilan o‘ynashganimda ham xayolimdan jilmasdi. Uni qanday yaratdim, o‘zim ham bilmayman… Uni avval yaratib keyin ishondimmi yoki aksincha... buni ham bilmayman…
U paytlar bahor oqshomlarida o‘zgacha bir tarovat bo‘lardi. Aniq esimda yo‘q, qaysidir o‘rtog‘imiznikidan chiqib, to‘rt-besh sinfdosh bir-birimizni uy-uyga kuzatib yurardik. Qilt etgan shamol yo‘q. Oy saxiylik bilan nur sochar, bog‘lardagi olmalar qiyg‘os gullagan, atrof shu qadar sokin ediki, tuproqli yo‘lda sekinlik bilan bosilgan qadam tovushi ham olamni buzgudek eshitilardi. Shu sukunatni buzmaslik uchunmi deyarli shivirlab gaplashardik. O‘sha oqshom sehrimi, bilmadim, birdan uni tilimga ko‘chirdi. U haqda shu qadar berilib gapiribmanki, kuzatib kelayotgan bir sinfdoshimiz yo‘l yarmida burilib ketganini ham sezmabman. Xayrlashayotganimizda qizlardan biri:
 – Abdurahmon-chi, u nima bo‘ladi? – dedi.
Yelkamni qisib qo‘ya qoldim. Axir, u bilan, xayolimning mukammal mevasi bilan uyatchangina qishloq yigitini tenglashtirib bo‘larmidi?!
Chindan u butun olamimni zabt etgandi. U, o‘sha… Talabalikning oxirigacha ham xayolimda faqat u bo‘lgani uchun hech kimga ko‘ngil qo‘ya olmadim, ular umid qilgan e’tiborni bera olmadim. Harakat qildim, ammo bo‘lmadi.
O‘sha kuz oqshomi esa… Agar qiz bola bo‘lmaganimda uning ikkala kaftiga qo‘llarimni qo‘yib: 
– Nihoyat topdim! – deya hayqirgan bo‘lardim!
Esimda, unga odob doirasida minnatdorchilik bildirdim. U javob qildi. Lekin ungacha avtobus jo‘nab bo‘lgan, men sabab u keyingisini kutishga majbur edi. Undan uzr so‘rab, yotoqxona tomonga keta boshladim. Shunda u:
– Sadoqat, – deb sekingina chaqirdi. Men keskin burildim.
– Biz tanishmizmi? 
Hayratdan ko‘zlarim kattalashib ketdi shekilli, u kuldi. 
Bilasanmi, tushlaringda yuz martalab ko‘rganing, hushingda ko‘zlaringni yumib ming bor tasavvur qilganing qarshingda turib ismingni aytsayu jilmaysa…
Ana shunday uchrashgan edik. Keyin, o‘zining tan olishicha, bu ko‘zlari ma’yus qizning ismi albatta shunday bo‘lishi kerak degan-u, tiliga ko‘chirgan ekan. Munosabatlarimiz ancha jiddiylashgach, u meni ilk bor uchrashuvga chaqirdi.O‘sha oqshom hech esimdan chiqmaydi. Kuz oxirlab, qish o‘z hukmronligini sezdirayotgan paytlar edi. Kimsasiz bog‘da, azim chinorlar guvohligida ancha sayr qildik. Keyin kichkinagina pastak kursichalar qo‘yilgan shinam oshxonada ovqatlandik. U bilan ming yillik qadrdonlardek suhbatlashish, birga bo‘lish juda yoqimli edi.
– Sen bilan xuddi bolalikdan tanish, qadrdondekman, – dedi u birdan. Ajabki, aynan mening ham xayolimdan o‘tayotgan narsalar edi bu. – Kechir, seni senlamasam xuddi uzoqlashgandek bo‘laman. Maylimi?..
Shundagina u meni senlayotganini sezib qoldim. Ikkovimiz ham kulib yubordik. Ancha keyin stoldan turayotganimizda boshim aylanib ketgandek bo‘ldi. Issiq havodan bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim. Ammo atrofga qarab ko‘pchilikning sarosimada o‘rnidan turib ketganini ko‘rdim. Hamma birdan eshikka yugurdi. Eshik og‘asi ikkala tavaqani ham ochib yubordi. O‘n beshtacha odam ur-sur bilan tashqariga chiqdi. Shunda tepadan qarsillagan tovush eshitildi. Oshxona tepasiga yastangan azim daraxtning katta bir shoxi ustimizga qulardi. Ko‘pchilik joyidan qo‘zg‘alishga ulgurmadi. Shu jumladan biz ham. Faqat u mening boshimni ko‘ksiga yashiroldi, xolos. Yeru osmon chayqalardi – bu zilzila edi.
Bir amallab yotoqxonaga borganimizda shundoq ham hilvirabgina turgan ikki qavatli binoning hamma yog‘i darz ketgan, shu bois unga kirishga ruxsat berishmayotgan ekan. Hamma har qaerga tarqab bo‘lgan, yolg‘iz qorovul – tatar momo qunishibgina o‘tirardi:
– O‘zingga tunashga joy top. Ina takror bo‘lishi mumkin ekan.
So‘ng u o‘z ijara uyiga borishim, u yerda xavotirsiz dam olishim mumkinligini aytdi. Bir oz tortishuvdan keyin rozi bo‘ldim. Boshqa ilojim ham yo‘q edi. Uncha uzoq bo‘lmagan joyda bir xonali uyda turarkan. Xonalar sarishta, ortiqcha hech narsa yo‘q edi. Bitta karavot, u-bu narsalar… Vaqt allamahal bo‘lganiga qaramasdan ancha paytgacha musiqa eshitib, gaplashib o‘tirdik. U bilan qancha birga bo‘lsam, shuncha jozibasiga asir bo‘lib borayotgandim. U bir to‘shakni olib oshxonaga chiqib ketdi. Men esa to‘shakni ochmasdan ham karavotga cho‘zildim. Chiroqni o‘chirib, musiqani pasaytirdim, uxlashga harakat qildim. Ammo ichimni nimadir kuydirar, og‘zim quruqshardi. Suv istab oshxonaga o‘tdim. U deraza oldida, qorong‘ilikda chekib turardi.
– Yonimga kel! – dedi u qayrilmasdan. Men xuddi sehrlangan kabi yoniga bordim. U sigaretasini chuqur tortdi: “Tun andisha ustiga tortilgan niqobdir” deb qaerdadir o‘qigandim. Menimcha tun yurakning kunduz kuni ko‘rinishga jur’ati yetmaydigan eng nozik qirralarini ochish uchun berilgan imkondir… – U uzun tin oldi. – Sen juda yaxshi qizsan! Chunki… chunki…
Men ortiqcha gapirishini istamay qo‘llarimni cho‘zdim.U kaftimni qo‘liga olib, barmoqlarimni o‘pa boshladi…
Tong yorishayotgan paytda u ko‘zimdagi yoshni ko‘rib sakrab o‘rnidan turib ketdi:
– Meni kechir... Endi taqdirimiz bir. Shunday ekan, ishlarimni tezroq tugatishim kerak. Chunki sening ham, mening ham baxtli bo‘lishga haqimiz bor, to‘g‘rimi? – U burnimning uchidan chimchilab qo‘yib tez-tez kiyina boshladi. Shu payt telefon jiring­ladi. Shoshib borib ko‘targan edi, hech kim indamadi shekilli, go‘shakni qo‘yib, ancha o‘ylanib turib qoldi. Menga qayrilganida, uni taniyolmay qoldim:
– Sotganmikan?! – Keyin shoshib raqam terdi. – Safar, senmisan?! Nima… mastmisan?! Sotdingmi?! Pastsan… qo‘rqoqsan… ablah! Kelib-kelib senga ishondimmi hali… Bilib qo‘y sendagi hujjatlar yagona nusxa emas! – Go‘shakni shartta qo‘yib yana menga yuzlandi. Men tosh qotgancha o‘tirardim. Shunda cho‘ntagidan bir shoda kalit chiqardi-da, bittasini ajratib kaftimga qo‘ydi:
– Yarim soatlardan keyin chiqib ket. Hech kimga hech narsa dema. O‘sha bog‘da soat beshda uchrashamiz… Qolgan gaplarni o‘shanda gaplashamiz.
Yomg‘ir shivalab turgan sahar edi. Uni derazadan ko‘chaning narigi tomoniga o‘tib, mashina to‘xtatib o‘tirib ketgunicha kuzatib turdim. O‘shanda e’tibor bermagandim, keyin xotirlay-xotirlay u uydan chiqishi bilan ergashgan biri daroz, biri past bo‘yli ikki odamni esladim. U mashinaga o‘tirishi bilan ular ham yugurgilab bekat chetida turgan moviyrang “Jiguli”ga chiqib, orqasidan haydab ketishgandi. U ketgach uyga sig‘madim. Undan-bunga yurib vaqt sanadim. Xuddi uydan chiqsam vaqt tezroq aylanib uni ko‘rardim nazarimda…
Xazonlar to‘zg‘iyotgan bog‘da qorong‘i tushguncha sarosar kutdim. Yotoqqa qaytdim. Xonaga sig‘madim. Yana ko‘chaga chiqdim. Bir payt o‘zimni uning eshigi oldida ko‘rdim. Ochib kirdim. Avval qanday ketgan bo‘lsa, shu holicha turardi, u qaytmagandi…
Ertalabgacha shu yerda qoldim. Xonadan go‘yo uning bo‘yi kelganday bo‘lar, har bir narsani ushlab-silab uni sog‘inardim. Yozuv stoli ustida tartib bilan terilgan qog‘ozlar ustida qora yon daftarcha turardi. Bir-ikki qo‘limga olmoqchi bo‘lib jur’at qilolmagandim. Saharda majburan qo‘l uzatdim va varaqlab vaziyatni bir oz anglaganday bo‘ldim…

* * *
“Bugun oldimga kelgan elchi va ular taklif qilgan pul hajmini eshitib naq turnaning ko‘zini mo‘ljalga olganimni angladim. Hali dalillar ularni butunlay fosh qilish uchun yetarli emas. Shularni to‘plagunimcha fursat kerak. O‘ylab ko‘rishimni aytib qaytardim”.

* * *

“Ish bunchalik kattalashadi deb o‘ylamagandim. Kelishgan joyimizga borganimda… dahshat! Uning boshi pachaqlanib yotardi. Hech narsaga qo‘l tekkizmay tezda u yerdan uzoqlashdim – menga qo‘yilgan tuzoq bo‘lishi ham mumkin. Yaxshiyam hujjatlarni qaerga qo‘yganligini aytgan ekan. Ularni topdim-u, bu yoqqa jo‘nadim… Yashirinmasam mening ham ahvolim ma’lum. Nihoyat ochiq hujumga o‘tishdi”.

* * *

 “Bir qiz bilan tanishdim. Hayotim mazmuniga aylanayotir u! Barcha narsadan voz kechib, faqat u bilan qolgim keladi… Uning ko‘zlari shu qadar qadrdonki...”

* * *

“Oxirgisi qoldi. Ana shundan keyin nafaqat bir uyushgan to‘da, balki yuqoridagi ayrimlar ham hal qiluvchi zarbani yeydi. Joyni doimiy o‘zgartirib turish, qochib yurish jonga tegdi”.
 
Mana shu bor-yo‘q ko‘rgan-bilganim. Shundan keyin ko‘nglimga oralagan gumon butun vujudimni egallay boshladi. Bundan qancha xalos bo‘lishga uringanim sari shuncha qattiq tomir otardi. Kunlarim kechqurun boqqa borish-u, keyin kimsasiz xonada xayolan uni chorlab sarosar kezish bilan o‘tardi. Bir kun musiqa qo‘ydim. Bu o‘sha tun eshitgan musiqamiz edi. Tomog‘imga bir narsa tiqildi. Botinimdan otilib kelayotgan achchiq to‘fonni bosish uchun yuzimni yostiqqa bosdim. Bo‘lmadi… musiqa shovqini ostida to‘lib ketgan yuragimni bo‘shatdim. Shu payt birdan ko‘z oldim qorong‘ilashib, ko‘nglim aynib ketdi. Bir muddat o‘zimni yo‘qotdim. Shunda… shunda ikkinchi gumonim tasdig‘ini topganini angladim. Bu uning borligining nishoni edi. Vujudimni yorug‘ bir his chulg‘adi. Ammo hali oldimda nimalar kutib turganidan xabarsiz edim…

* * *

– Qizim, sizning ishingizgayam, xulqingizgayam gap topolmayman. Bemorlar ham sizni hurmat qilishadi, jamoa bilan munosabatingiz yaxshi. Faqat yosh bola bilan yolg‘iz o‘zingiz… Eshitishimcha, sizni poytaxtga ham ishga taklif qilishgan ekan. Xullas, so‘ramoqchi bo‘lganim…
Men indamadim. O‘shanda elliklarni qoralagan sochlari oppoq, hamma ismi-sharifi qolib Opa deb chaqiradigan bo‘lim mudiramiz aynan shunday deganmidi yoki yo‘qmi, aniq eslolmayman. Faqat mening sukutimdan sabri to‘lgan ayol ovozini balandroq ko‘tarib:
– U kim! – deb so‘ragani esimda. Men yerga qadalgan ko‘zlarimni ko‘tardim. Agar u ayol botinimdagini o‘qiy olganida edi… “Tinch qo‘yinglar meni… xotiralarim bilan. Axir mening ham haqim bordir xohlaganimcha yashashga!” – degan nidoni tuygan bo‘lardi. 
– U… u o‘lgan!
Ayol yoshiga yarashmagan chaqqonlik bilan o‘rnidan turib oldimda paydo bo‘ldi. Yelkamga qo‘lini qo‘yib, chuqur hamdardlik bilan:
– Kechiring meni, qizim, ming bor uzr… Taqdirimiz Yaratganning qo‘lida, – dedi. Shunda o‘zimni tutolmasdan bag‘riga otildim. Bu birinchi bor uning yo‘qligini tan olishim, ko‘nglimdagi gumonni tilimga ko‘chirishim edi.
Shu voqeadan keyin Opa bilan ancha yaqinlashib qoldik. U ba’zan mening ishdan ertaroq ketishimga ruxsat berar, vaqti-vaqti bilan qizalog‘imni o‘zi nazoratdan o‘tkazib turardi. Uning barcha g‘amxo‘rliklarini tabiiy narsaday, ya’ni bir onaning boshiga ish tushgan qiziga qilayotgan yordami sifatida qabul qilardim. Bir kuni qizalog‘imni ko‘rishga kelib ancha o‘tirib qoldi. Osh-ovqatdan keyin ham ketishga shoshilmadi. Oilam haqida ko‘proq so‘rab-surishtirdi, oxirida boshini chayqay-chayqay so‘ylandi:
– Bunaqa yurishingiz menga yoqmayapti. Ishonchim komilki, boladan ota-onangiz xabarsiz… 
Men har doimgiday indamasdan boshimni egdim. Bu muqaddas mavzu haqida, nafaqat muhokama, balki gapirish ham men uchun xiyonat bilan barobar edi.
U mening qayg‘um, u mening muhabbatim axir…
 Nogoh eshik taqillab qoldi. Meni bu paytda hech kim yo‘qlamasdi. Yuzimdagi xavotirni ko‘rgan Opa: – Ochavering, menga kelishgan, – dedi.
Qarshimda, yarim qorong‘i yo‘lakda, baland bo‘yli, basavlat erkak turardi.
– Opani olib ketishga kelgandim… 
Ovozini eshitib titrab ketdim. Bu titroq ular mashinaga o‘tirib ketishganida ham bosilmadi. Tavba, ovozi ham, bo‘y-basti ham quyib qo‘yganday uning o‘zi edi. 

* * *

Ertasi kuni Opaning topshirig‘i bilan jarrohlik bo‘limiga bordim. U yerda yana uni uchratdim. U kasallik varaqasini ancha o‘rgandi. Men undan ko‘zimni ololmasdan turardim. Odam ham shu qadar bir-biriga o‘xshaydimi?! Bu qismatning menga yuborgan yana bir sinovi edimi yoki taqdir beshafqatligiga bir ishora… Nihoyatda garangsiganimdan nimani kutayotganimni ham unutib tashqariga yo‘nalibman.
– Sadoqat…
Ko‘zlarimni yumib oldim. Qayrilsam-u… uni ko‘rsam!

* * *

Opaning barcha harakatlari nima maqsadda ekanligini tushunganday bo‘ldim. Ko‘nglimda hayotga nisbatan qattiq bir isyonmi, norozilikmi qo‘zg‘aldi. Nega meni, o‘zim bilan o‘zimni tinch qo‘yishmaydi? Men kimga xalal berayapman? Axir, odam o‘z-o‘zi bilan yashashga haqi yo‘qmi? Shu xayollar bilan uch oylik chaqaloqni bag‘rimga bosdim-u, enaganing savollarini javobsiz qoldirib tashqariga otildim. Poytaxtga ketadigan avtobekatda bir qancha vaqt turib qoldim. Qish o‘z hukmronligini qo‘lga olayotgan kunlar edi. Avtobusning issiq saloniga o‘tirgachgina chaqaloqqa hech narsa olmaganim esimga tushdi. Shaharga yetishimizga yaqin qolganida chinqirab yig‘lab hammaning tinchini buzdi. Bir amallab yetib olganimda tun yarmidan oqqan edi. Izg‘irin havoda, katta ko‘cha bo‘yida yolg‘iz qolgach, borishim mumkin bo‘lgan joylarni esladim. Ammo meni savolga tutmaydigan hech bir manzil yodimga kelmadi. Bekatda o‘tirib ancha sovqotdim. Tobora siyraklashib borayotgan mashinalar sekinlashib, ba’zilari oshkora, ba’zilari yashirin qiziqishlarini bildira boshlashdi. Bunday o‘tirish mumkin emas edi. Bitta mashinani to‘xtatdim-u, manzilni aytdim. Qiziq, o‘shanda nimani o‘yladim, nimadan umidvor bo‘ldim... hanuz bilmayman. Ammo... ammo uning derazasida chiroq ko‘rib yuragim to‘xtab qolayozgandi. Mashinadan chopqillab tushib ikkinchi qavatga ko‘tarilguncha terga tushib ketdim. Eshikni dum-dumaloq bir juvon ochdi . 
– Bizgacha bitta yigit turgandi deyishgandi. Ammo narsalarini ham olmasdan ketib qolgan ekan. Akangizmidilar... essiz...
Shu payt chaqaloq uyg‘onib yig‘lay boshladi. Xayrlashib jo‘nadim. Juvon eshikdan boshini qayta chiqardi:
– Olisdan kelgan ko‘rinasiz. Biz ham bu shaharda musofirmiz. Kiring, bir oz dam olvoling. Chaqalog‘ingizga qarang...
O‘ylanib qoldim. U bilan o‘tgan ilk oqshomimizning guvohi – o‘sha xonaga qayta kirish... Biroq boshqa ilojim ham yo‘q edi. Xullas, tunda shu yerda qoldik. Bunda uni eslatadigan hech narsa qolmagandi. Ikkita bola xona burchagida ko‘rpaga burkangancha uxlab yotar, qarshi burchakda esa taburetka ustiga qo‘yilgan oq-qora, kichkina televizorda qandaydir film ketardi. Ayolning ko‘ngli uchun oshxonada u-bu tamaddi qilgan bo‘ldim. Shaldir-shuldirgina juvon ekan. Mening bu yurishimni eri bilan chiqisholmaganga yo‘ydi:
– Hali yaxshi bo‘lib ketadi. Bugun urishasiz, ertaga yarashasiz... Faqat eshikni qattiq yopish kerakmas. Mana meni aytdi dersiz, hali bir...
Ayolning o‘zicha shunday xulosaga kelishi menga negadir xush yoqar, etagimdagi chaqaloqni allalagancha, ba’zan boshimni egib uning gaplarini ma’qullab qo‘yardim. Eh soddadil ayol, bu devona ko‘ngilning ne tilayotganini bilsang edi... Ne tilading-u, ne topding! Imkon bo‘lsa-yu, u bilan o‘tgan damlarimiz guvohi bo‘lgan devorlar bilan sirlashsam...
Saharda orqaga qaytdim. Bunga o‘sha soddadil ayolning oddiy, ammo hayotiy xulosalari majbur qildi. Harholda hozirgacha ham bu qarorni umrim davomida qilgan yagona va to‘g‘ri, yurakni chetga surib, aql bilan qabul qilingan qaror deb hisoblayman! Tushlikdan keyin Opaning oldiga bordim. Stolni aylanib o‘tib, sertomir qo‘llariga yuzimni bosdim.
– Ertaga qishloqqa ketsam degandim...
Opa tushundi. Yuzlariga mamnunlik tabassumi yugurdi. Bolani enagaga qoldirib qishloqqa bordim. Oradan ozgina o‘tib sovchilar kelishdi. To‘y ixchamgina bo‘lib shaharda o‘tdi.
U farzandlik bo‘lmaganligi sababli oilasi bilan ajrashgan, to‘g‘rirog‘i, ayolining o‘zi rozi-rizochilik bilan ketgan ekan. Men undan minnatdor edim. Yon-atrofdagilarning munosabatlarida o‘zgarishni sezar, borgan sari ko‘nglimda unga nisbatan qarzdorlik hissi oshardi. U juda bosiq, mulohazali, iltifotli edi. Viloyatdagi eng qo‘li yengil jarroh hisoblanar, qabuliga navbatga yozilishardi. Hamma narsa yetarli, bir ayol orzu qilsa bo‘ladigan baxtga erishgan edim... Ammo bu faqat tashqaridan shunday edi. Aslida na yeyish, na ichishimda halovat bor edi. Botinimni so‘ngi yo‘q bir qayg‘u kemirar, faqat qizalog‘imni bag‘rimga olganimdagina u bir oz chekinardi. Bu nedanligi yolg‘iz o‘zimga ayon, na uni tilga ko‘chirib bo‘lardi va na unutib. Men o‘zini ko‘ra-bila turib olovga urgan odam holida edim. Hamma narsani hisobga olgan ekanman-u, biroq hamma narsaning to‘lovi borligini o‘ylamabman. Tunlar... tunlar shu qadar uzun bo‘lardiki, uzun xiyonat tunlari edi ular...

* * *

Turmushimizning ikkinchi oyi edi shekilli. Qattiq uyqudan negadir cho‘chib uyg‘ondim. To‘lin oy nurlari deraza to‘rpardasi orasidan sizib kirib butun yotoqni ilohiy bir yog‘duga cho‘miltirardi. Shu yog‘du quchog‘ida, oppoq to‘shaklar orasida U... uxlardi. Qimir etmasdan uni kuzatdim. U... xayolim... orzuim... muhabbatim yonginamda uxlardi. Qop-qora sochlarining bir tutami peshonasiga tushib turar, nozik-nozik boshlanib oxirida yo‘lini yo‘qotib qo‘yadigan qoshlari bir oz chimirilgan, qirra burni cho‘zinchoq yuziga yanayam salobat bag‘ishlagan... Nafas olishi chuqur, zalvorli, yostig‘im ostiga cho‘zilgan qo‘llari baquvvat. Yog‘du chimildig‘ida shu qadar beg‘ubor, yosh ko‘rinardiki... Butun borlig‘im bilan unga intildim.
– Baxtiyor!.. 
Lablarimdan uning ismi butun botiniy sog‘inchim bilan tashga ko‘chdi. Ammo juda sekin ko‘chdi. Baxtiyor... Hech narsani idrok qilmasdan titrayotgan qo‘llarimni unga cho‘zdim. Barmoq uchlarim yuziga tegishi bilan u bir qimirlab qo‘ydi. Keyin ko‘zlarini ochdi. Men uning yonida cho‘kkalagancha, qo‘llarim yuzida, qotib qoldim. U kulimsiradi. Qo‘llarimni olib lablariga bosdi, turish uchun o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Shunda... shunda... evoh... Uning qiyofasi hozir ko‘rganimday emas, to‘laroq, peshonasidagi sochlariga oq oralagan... Sapchib o‘zimni chetga oldim. Tungi xalatimni olib tashqariga otildim.
– Sadoqat...
Oh uning ovozi... Qaytishga jur’atim yetmadi. Hozirgina ko‘rganim, bir lahzalik diydor ro‘yo bo‘lib chiqishini yuragim ko‘tarolmasdi...

* * *

Qizalog‘imni qop-qora ko‘zlari uchun Charos deb atagandim. U ikkovimizga qarab, endigina bo‘rtib kelayotgan tishchalarini ko‘rsatib kulganida barcha tashvishu charchoqni unutib u bilan ovora bo‘lib qolardik. Ba’zan oftobli kunlarda uni aravachaga solib shaharchani aylangani chiqardik. Ammo bunday sayr uzoq davom etmas, kasalxonadan har doim biron ish chiqib uni chaqirtirib olishardi. Men bundan og‘rinmasdim. Aksincha, yolg‘iz qolsam o‘zimni erkinroq sezar, go‘dak uyquga ketsa o‘z dunyomga sho‘ng‘ib vaqt qanday o‘tganini sezmasdim.
O‘sha kun oftobli edi. Rangi zahil, ikki chekkasidagi suyaklari bo‘rtib chiqqan, o‘rta yoshlardagi ozg‘in ayol biz o‘tirgan suyanchiqli o‘tirg‘ichga cho‘kdi. Uning butun ko‘rinishi nafas yo‘llari kasalligidan dalolat berardi. U anchagacha o‘ziga kelolmadi. Nihoyat peshonasiga qalqqan terlarini kaftlarining orqasi bilan sidirib bizga qaradi. Shu orada u tipirchilab bir joyda o‘tirishga unamayotgan qizaloqni olib anhor tomonga ketdi. Ularning orqasidan bir oz tikilib qolgan ayol:
– Siznikilarmi? – deb so‘radi va xo‘rsinib qo‘ydi. – Baxtli bo‘linglar... Yolg‘izlik qursin!
Keyin... keyin men anchadan beri ta’rif berolmayotgan yoki topolmayotgan gapni oddiygina qilib aytdi-qo‘ydi:
– Ota-bola bir-biriga quyib qo‘yganday o‘xshaydi-ya! Qiz bolaning otasiga shu qadar o‘xshashini endi ko‘rishim.
Boshimda chaqin chaqqanday bo‘ldi. Ha, ular bir-biriga ikki tomchi suvdek o‘xshardi!
 
* * *

Turmush qurganimizga ancha bo‘lganiga qaramay uning qishlog‘iga borishga hech imkon topilmagandi. Navro‘z arafasida singlisining to‘yi xabari keldi. To‘ydan bir kun oldin zo‘r-bazo‘r ishdan bo‘shab yo‘lga chiqdik. Tog‘li chegara tumanda turishar ekan. Ayni bahor bo‘lgani uchun atrof harir libosga burkangan, go‘yo ikki dunyo jannati shu yerlarga ko‘chganday edi. Tepada to‘xtab bu manzarani ancha tomosha qildik. Shu ko‘yi faqat kechga yaqin qishloqqa kirib bordik. Choy-nondan keyin etagimda uxlab qolgan go‘dakni yotqizish uchun qaynonam ko‘rsatgan xonaga o‘tdim. Xona ichma-tashli ikki bo‘lmadan iborat edi. Zamonaviy usulda ta’mirlangan, jihozlar ham yangi, xuddi yangi kelin tushirish uchun mo‘ljallab yasatilganday... Ammo odam yashamayotgani ko‘rinib turar, qandaydir sovuq edi. Go‘dak ustini yopish uchun biron nima izlab, ikkinchi bo‘lma eshigiga bordim. Shunday pardani ko‘tarishimni bilaman... Yuragim urishdan to‘xtab qolayozdi! Qarshimda butun bo‘yi-basti bilan U turardi!!! Xuddi o‘shandagiday, kiyimlari ham o‘sha-o‘sha... baland bo‘y, qop-qora, bir oz jingalak sochlar, qarashlari o‘tkir, mag‘rur va go‘zal! 
Qancha vaqt o‘tganini bilmayman, qandaydir ovozdan o‘zimga keldim.
– Ukam u, Baxtiyor! – ko‘zlarini rasmdan uzmasdan izoh bera boshladi u. – Ikki yil oldin bedarak ketdi. U huquqshunos edi, jinoyat qidiruv bo‘limida ishlardi. Oxirgi uchrashganimizda afyun bilan bog‘liq bir ishning iziga tushganligiga shama qilgandi. Shu ish uni bizdan ayirdi chamasi... Onamiz hali ham daragi chiqishidan umidvor.
U qo‘lidagi sumkalarni divan chetiga qo‘ydi. Unda har xil sovg‘a-salomlar, qizaloqning kiyimlari bor edi.
– Bu xonalar ketgunimizcha bizning ixtiyorimizda. Ukam tirik bo‘lganida... siz allaqachon ovsinli bo‘lgan bo‘lardingiz!
 
* * *

Yarim tunda uning xonasida suratga bag‘rimni berdim. Surat xonaning deyarli yarmini egallagan, orqasida qishloq manzarasi, olisda tog‘lar... Bu bag‘ri qon bo‘lgan onaning oxirgi tasallisi ekanligini angladim. Moybo‘yoqlar ustidan yuzlarini siladim... oh onajon! Qanchalar baxtli ekanligingizni o‘zingiz bilmaysiz-da! Nega deysizmi? Shu surat qarshisida turib yo‘qolgan yuragingizni yo‘qlab baralla yig‘lay olish imkoni... Sog‘inib yuragingiz qonga to‘lganida shu suratga qarab ko‘zlaringiz mo‘ltiragani... Bag‘ringizni har doim kuydirib turadigan olovni sovuq qabr tuprog‘iga bosib bir lahza bo‘lsin sovutish... Bular menga nasib etmagan! Menda hatto uning birorta kichik rasmi ham yo‘q. Bu imkonlar menda yo‘q! Endi uning mana shu suratini ko‘zlarimga muhrlab ketaman, xolos! Shugina...
 
* * *

To‘y g‘ala-g‘ovuri bilan bo‘lib menga hech kim e’tibor bermadi. Goh hush, goh behush yurib to‘yni ham o‘tkazdim. Qizni uzatishib bora olmadim. Qarindosh-urug‘ nazarimda yayrab-yashnab yurmaganim uchun xafa bo‘lganday tuyuldi. Men esa tashvishlar tezroq tugashini sabrsizlik bilan kutardim. Hammasini o‘ylab olishim, hech tasavvurimga sig‘dira olmayotgan taqdirning bu o‘yiniga biron tashbeh topishim zarur edi.
Katta yo‘lga chiqqach mashina tezligini oshirdi. Uni shoshirganim uchun oldinga intilib uzr so‘rashga chog‘landim. Shunda oldingi ko‘zgu orqali uning qarashini ilg‘adim. Vujudimni qaltiroq bosdi. Bu uning o‘sha kun telefonda gaplashib bo‘lib menga o‘girilgandagi g‘azabli qiyofa edi.
Fikrimdan qaytib boshimni o‘rindiq suyanchig‘iga tashladim. Yuragimni so‘ngsiz bir xo‘rlik egalladi. Biron tirik jonga bu haqda og‘iz ochib bo‘lsaydi... O‘kirib yubordim. U birdan mashinani chetga olib to‘xtatdi. Oldimdagi qizaloq chinqirib yig‘lay boshladi. U hech nima so‘ramay, rul chambaragiga suyanib o‘tiraverdi. Bu sukut, bu qarash, bu bosiqlik... naqadar o‘xshash! Jazomi bu yo tuhfa?!...
Bir ozdan keyin cho‘ntagidan dori chiqarib uzatdi:
– Bu bordi-keldilar siz uchun emas...
 Buni u shunchaki ko‘ngil uchun aytganligini, xayoli umuman boshqa yoqda ekanligini titrayotgan qo‘llaridan sezib qoldim.
 
* * *

Shu kunlarda kuch-quvvatim tugayotganini his qilayapman. Uni yo‘qotgach ich-ichimda nuray boshlagan nimadir oxirgi nuqtasiga yetayotir. Tibbiyotda bir necha xil nom bilan ataladigan bu dardning haqiqiy nomini bir o‘zim bilaman, bir O‘ZIM... 
Oxirgi kunlarda o‘tgan umrimni sarhisob qilishga urinib ko‘rdim. Ammo... ammo hech nima topa olmadim. Xotiramda mixlangani... u bilan tanishib – yo‘qotgunimgacha bo‘lgan ikki oy... yorug‘, yog‘duli kunlar, xolos. Qolgani kutish... Qop-qora zulmat qo‘ynida yuragingni bag‘ringga bosgancha kutish... Borliq ham, yo‘qlik ham shunga mixlangan – KUTISH...
Ba’zan uyqu va uyg‘oqlik orasida bolaligimga qaytaman. Eshonyopning loyqa suvlarida sochlari jamalak qizaloqlar bilan cho‘milayotgan bo‘laman... Goho opamning tandirdan endigina chiqargan cho‘raklarining hidi dimog‘imni qitiqlaydi... Ko‘zim ilinganida otam hassasining tovushidan uyg‘onib ketaman va... azobimga yakun, sog‘inchimga diydor yaqinligini his qilaman.
Tongda uni tush ko‘rib uyg‘ondim.
O‘sha ilk bor uchrashgan bog‘imizda meni kutayotganmish. Oyoq ostida tillarang barglar shitirlaydi. Quloch yetmas daraxtning narigi tomonida undan-bunga yurib betoqatlanadi. Labining burchidagi sigaretasini besabr tortib-tortib qo‘yadi. Ustida o‘sha qorarang charm plash. O‘zi ham o‘sha-o‘sha... yosh, navqiron, go‘zal... Bir payt daraxt yoniga yaqinlashib, unga suyandi. Uzun uh tortdi. Shunda... shunda dimog‘imga sigaret tutuni aralash nafasi urildi...
Men esa... daraxt tanasi bilan bir bo‘lib ketguday unga qapishib, uning meni ko‘rib qolmasligini Allohdan iltijo qildim. Yuragim qinidan chiqib ketguday tipirchilardi. Axir men tushimda ham shu holimcha – yuzlarimni ajin qoplagan, sochlarimda oq... evoh!!! 
 
* * *

U avval bu uzuq-yuluq jumlalardan hech narsa anglamadi. Bir ozdan keyin esa yuragining bir cheti simillay boshladi. Satrlar orasidan sizib chiqayotgan bu ilohiy sog‘inch butun atrofni tutib ketguday edi. Undan esa bir qadrdon siymo isi kelardi... 

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.