OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Gulruh Yormatova. Tuman ortidagi manzillar (hikoya)

Ayol hovli adog‘idagi omborga kirdi-da nima qilsamikin, degandek uzun-uzun yog‘och xodalar ustiga pala-partish taxlab tashlangan biri yarimroq, biri to‘laroq qoplarga alangladi. So‘ng qidirganini topdi shekilli, bo‘g‘ziga ola-bula ip bog‘langan qopni inqillab-sinqillab pastga tushirdi. Qop tuproq yerga gup etib tushdi-yu, hammayoq changib ketdi. Ayolning ro‘molidan chiqib turgan jingalak sochlari va siyrak kipriklariga oppoq chang qo‘ndi. Chang burniga ham kirdi shekilli, ayol qattiq aksirib yubordi. Shu payt eshikda kimdir paydo bo‘ldi-yu, shusiz ham nimqorong‘i ombor g‘ira-shira bo‘lib qoldi. Bundan norozilangan ayol burilib ortiga qaradi.
– Ha, senmiding? – dedi ostonada turgan yetti-sakkiz yoshlardagi o‘g‘lini ko‘rib. – Qoch, soya qilma, – dedi so‘ng uni jerkibroq.
– Nima qilayapsiz, aya? – dedi bola ichkariga kirib burchakka tiqilarkan.
– Bozorga opchiqaman.
Bolaning ko‘zlari yashnab ketdi. Demak, ayasi nimadir sotish uchun bozorga otlanayapti. Astoydil urinsa u ham borishi mumkin.
– Menam boray, – dedi u yalinchoq ovozda.
– Men o‘ynagani ketayapman-da, sen quruq qolasan, – dedi ayolning bir oz jahli chiqib. – Mayiz sotib senga etikcha olib kelaman.
– Menam boraman, – qaysarlik qildi bolakay.
– Yo‘q, seni olib borolmayman. Bozorda adashib qolasan. Odam tiqilinch.
Haqiqatdan ham bugun yakshanba. Odam ko‘pligidan bozorda yurib bo‘lmaydi. Bola yetaklab yurishni-ku, aytmasa ham bo‘ladi. Shu bois o‘g‘liga bildirmay darvozadan chiqib ketishni mo‘ljallagandi. Ammo bo‘lmadi. Onasi eshikka chiqsa chiqib, kirsa kirib yurgan o‘g‘li baribir sezib qoldi. Endi uni chalg‘itish dargumon. Shu bois xarxasha qilmasin, deya o‘zini qattiq jahli chiqqandek ko‘rsatishga urinib, qovoq uyub oldi. Ammo onasining ko‘ngilchanligini bilgan bolaga bu chivin chaqqanchalik ham ta’sir qilmadi.
– Ayajo-on, – dedi yig‘lamoqqa shaylanib. Ayol o‘zini eshitmaganga olib, yerdagi qopning og‘zini ochishga urindi. Ammo har qancha urinmasin, qattiq qilib tugulgan qopning og‘zi ochilay demasdi.
– Hah, momongam qirq tugun qilgan ekanda, – dedi ipni tishi bilan yechishga urinib. Nihoyat, tugun yechildi. Ayol qopning og‘zini ochib, qurt tushmabdimikin, degandek katta-katta qora mayizlarni kaftiga olib yoruqqa tutdi. So‘ng ko‘ngli to‘ldi shekilli, lattadan tikilgan ikkita setkaga qopdagi mayizdan hovuchlab-hovuchlab sola boshladi. Nimadir qilib bo‘lsa-da onasini ko‘ndirishga urinayotgan bolakay yugurib kelib, setkani ushlab turdi. Uning xatti-harakatidan ayolning kulgisi qistadi. Ha, ayyorcha, deb qo‘ydi ichida mehri tovlanib.
Ona-bola ikkita setka ko‘tarib, uydan chiqishganda ertalabdan buyon sim-sim yog‘ayotgan yomg‘ir birdan kuchayib, tunuka tomlarni taqirlata boshladi.
– Bekor ergashding-da, – dedi ayol bolasini koyib. – Yomg‘irda ivib ketasan endi.
Bola qadamini jadallatdi.
– Yuguraqol, – dedi onasi uning ust-boshi shalabbo bo‘lishidan xavotirlanib. – Astanovkaga kirib tursang, egning ho‘l bo‘lmaydi.
Bola shuni kutib turgandek, loyshang ko‘cha bo‘ylab shataloq otgancha yugurib ketdi. Yomg‘irga bo‘kkan tuproq yo‘l tizzagacha loy edi. Bolakayning orqasi yirtiq rezina etikchasidan sachrayotgan loy uning yelkalarigacha sachrab ketdi.
– Bekor yugur debman, – dedi ayol uning ortidan afsus bilan bosh chayqarkan. – Bu ahvolda shaharda qanday olib yuraman?
Harsillay-harsillay bekatga chiqib borsa, u yerda ham odam gavjum ekan. Birov o‘zidek setka ko‘tarib olgan, yana birov qop orqalab turibdi. Hamma bozorga nimadir sotib, ro‘zg‘orga ul-bul olib kelish ilinjida osmondan yomg‘ir chelaklab quyayotgan bo‘lsa-da yo‘lga otlangan. Ayol u yerdagilarga eshitilar-eshitilmas salom berib, bekatning bir burchagiga o‘tdi. So‘ng bekat ustidagi qiyshiq tarnovdan sharillab oqayotgan suvga qo‘lini tutib turgan o‘g‘lini imlab chaqirdi.
– Nima deysiz? – dedi bola sevimli mashg‘ulotidan chalg‘itgani uchun onasidan norozi bo‘lib. Ayol katta-katta gulli qizil choponi cho‘ntagidan ro‘molcha oldi-da, bolaning usti boshiga sachragan loyni arta boshladi. Shu payt uzoqdan qishloqda qatnaydigan sariq avtobusning tumshug‘i ko‘rindi. Hamma gurr, etib bekatdan tashqariga chiqdi.
– Yugur, – dedi ayol shosha-pisha yerdagi setkani ko‘tararkan o‘g‘lini hovliqtirib. Bola prujinadan otilgan koptokdek bekatdan otilib chiqdi. Shu hamono avtobusning asfalt yo‘lda chiyillab to‘xtagani eshitildi. Patak sochli shofyor qattiq so‘kindi.
– Kimning bolasi bu? – dedi so‘ng shang‘illab. Ayolning dami ichiga tushib ketdi. Qishloqdoshlari oldida izza bo‘lganidan ikki yuzi qip-qizarib ketdi.
– Bola-da, bola, – deyishdi avtobusga chiqishga urinayotgan qishloqdoshlari uning ahvoliga e’tibor bermay. Ayol turtina-surtina avtobusga chiqib oldi. Oyna oldidagi o‘rindiqqa o‘tirib olgan bola esa o‘zida yo‘q shod edi. Hozirgina avtobusning tagiga kirib ketishi mumkinligini ham esidan chiqarib yuborgandi.
Avtobus liq to‘la odam bo‘lsa-da, har bekatda to‘xtab, kamida yetti-sakkizta odam urho-ur qilib unga chiqib olishardi. Kimdir shofyorni insofsizlikda, besh qo‘lini og‘ziga tiqqanlikda ayblasa, yana kimdir ko‘ra-bila turib o‘zini avtobusga urayotgan odamlarni yomonlardi.
Ertalab kun sovuqligidan qat-qat kiyinib olgan ayolning issiqdan nafasi qayta boshladi. Paxtali choponining tugmalarini yechib tashlagan bo‘lsa-da baribir havo yetishmayotgandek edi.
– Aya, isib ketdim, – dedi oynaga yopishib qolgan o‘g‘li ham arang onasiga o‘girilib.
– Birpas chidab tur, o‘g‘lim. Oz qoldi.
Avtobus bir soatdan ko‘proq homilador xotindek asta-sekin o‘rmalay-o‘rmalay shaharga yetib keldi. Ikki tomondagi eshik sharaqlab ochilishi bilan hamma xuddi qamoqdan ozod bo‘lgan mahbuslardek tapur-tupur qilib tashqariga intilishdi. Ayol ham sirg‘ana-sirg‘ana arang avtobusdan tushdi.
– Etagimdan mahkam ushlab ol. Adashib ketasan, – dedi o‘g‘liga. So‘ng ikkita setkasini ko‘targancha qiyshayib, bozor tomon yo‘l oldi. Ammo endi bozor darvozasiga yetgandi hamki, kimdir yengidan tortgandek bo‘ldi. Qo‘lidagi og‘ir yuk va bolasining etagidan tortqilashi ham og‘irlik qilayotgan ayolga bu tortqilash o‘lganning ustiga tepgandek bo‘lib, yonboshiga norozilanib qaradi. Qarasa baland bo‘yli, shopmo‘ylov bir kishi ekan.
– Ha? – dedi ayol hayron bo‘lib.
– Nima olib kelayapsiz? – shopmo‘ylov ayolning setkasiga ishora qildi.
– Mayiz, – dedi ayol nima ishingiz bor, degandek jahli chiqib.
– Qanaqa mayiz?
Ayol uning savoliga javob bermay oldinga intildi.
– To‘xtang, to‘xtasangiz-chi, – dedi shopmo‘ylov uning ortidan soyadek ergashib. – Savdomiz pishsa mayizingizni ko‘tara olaman, axir.
Ayolning bir ko‘ngli to‘xtasammi, ham dedi, ammo erkakning olma-kesak terib turgan ko‘zlaridan qo‘rqdi shekilli, yana oldinga talpindi. Lekin erkak ham shilimshiqlardan ekan. Gapira-gapira ayolning ortidan ergashdi:
– Bozorga olib kirsangiz joy puli to‘laysiz – bir, taroziga pul berasiz – ikki. To maydalab sotguningizcha qorningiz ham ochadi, bolangiz ham chidamaydi. Obed qilasiz – uch. Qilgan foydangiz shu xarajatlar uchun ketadimi – ketadi.
Ayol taqqa to‘xtadi-da, qo‘lini uzib yuboray deb turgan setkasini yerga qo‘yib, chuqur nafas oldi.
– Nima qil, deysiz? – dedi so‘ng erkakka o‘girilib.
– Nima derdim, ko‘tara bering, qutilingda.
Ayolning ikkilanayotganligini ko‘rib, erkak engashgancha uning setkasini kovlashtira boshladi.
– Soyakimi? – dedi so‘ng bir hovuch mayizni kaftida ezg‘ilab, dumchasidan tozalarkan.
– Ko‘rinib turibdi-ku.
Erkak og‘zini katta ochdi-da, hovuchidagi mayizni xuddi nos otgandek og‘ziga soldi. So‘ng ta’mini bilmoqchi bo‘lgandek uzoq kavshandi. O‘zicha nimalarnidir chamaladi.
– Qancha deysiz? – dedi ayolga sinchkov nigohlarini tikib. Ayol ikkilandi.
– Bilmasam, – dedi yelkalarini qisib. – Bozorda qancha bo‘lsa shu-da.
– Bozorni qo‘ying, o‘zingizni mo‘ljalingizni ayting.
– Bu yil bozorga mayiz birinchi olib kelishim. Qanchaligini bilmasam. Shuning uchun bozorni ko‘ray devdim-da.
Shopmo‘ylovning ko‘zlari g‘alati yaltillab ketdi.
– Bozorda bu mayizingizni ming so‘mga ham olmaydi.
– Yo‘g‘-e, shuncha arzonmi?
– Hali xabaringiz yo‘q-da, bu yil mayiz juda to‘kildi.
Ayol nima qilsamikin, degandek besaranjomlanib yon-atrofga olazarak boqdi.
– Bekor olib kelibman, – dedi so‘ng eshitilar-eshitilmas. Va engashib yana setkasini ko‘tarmoqchi bo‘ldi.
– Ha, nima qildingiz? – dedi shopmo‘ylov setka bandidan tutib.
– Bozorga boray-chi.
– Iy, qo‘ying shu bozorni. Men Toshkentga yuk olib ketaman. Shuning uchun narxini kelishsak bozordan mundayroq qilib berishim mumkin. Bolangizga rahmim kelayapti. Sovuqdan ko‘karib ketibdi bechora. Ust-boshi ham abgor ekan. Shunga biror narsa olib beraman, deb kelgansiz-da.
– Ha, shunday, – ayol burilib o‘g‘liga qaradi. Rostdan ham o‘g‘lining iyagi qaltirab turar, onasining uzoq ushlanib qolganligidan toqati-toq bo‘lgan shekilli, qop-qora ko‘zlari to‘la jiqqa yosh edi.
– Ey, opa, menam yetim o‘sganman, – ayolning ikkilanayotganligidan foydalangan erkak battar suhbatga qo‘r berdi. – Shuning uchun yetimlarni rahmini yegim keladi.
Uning gapidan ayol seskanib ketdi.
– Bolam yetim emas, – dedi keskin. Ammo ichida “qaerdan bilaqoldiykin qirilgur” deya o‘yladi. To‘g‘ri, eri tashlab ketgan bo‘lsa-da, ammo o‘lgan emas. Lekin bolam baribir tirik yetim-da, deya hafsalasi pir bo‘ldi yana.
– Nima qildingiz, berasizmi? – dedi erkak boyagi gapidan mulzam bo‘lganidan gapni boshqa yoqqa burib.
– Bilmasam.
– Ey, nimani bilasiz o‘zi? Erim bor deysiz, bor bo‘lsa o‘zi kelmaydimi bozorga? Shunday ayolni ko‘chaga chiqarib qo‘yadimi? – shopmo‘ylov ayolni avrash uchun atay uning ko‘nglini yumshatadigan gaplardan gapirdi. Axiyri ayol yon berdi. Shopmo‘ylov qo‘njidan uzunchoq tarozi chiqardi-da, ikki setka mayizni shart-shurt tortib, o‘zining qopiga joylay boshladi. Ayol hayron bo‘ldi. Mayizi mo‘ljalidan ancha kam edi.
– Menimcha noto‘g‘ri tortdingiz-ov, – dedi bir oz ikkilanib.
– Nega? – hayron bo‘ldi erkak.
– Uyda palla taroziga tortganimda buncha emasdi-da.
– Palla tarozingiz anavi sayuz davridagi tarozidanmi?
– Ha, o‘sha-o‘sha, – dedi ayol hovliqib.
Erkakning yuzi yorishib ketdi.
– Ey, u yolg‘on tarozi-ku.
– Axir rossiyskiy tarozi aldamaydi deyishadi-ku.
– O‘sha aldasin-da, opa. Rossiya bizni yetmish yil aldadi-ku, tarozisi aldamaydimi?
– Ha, shundaymi? – dedi ayol dami chiqqan koptokdek shalvirab. Ammo dili qattiq xijil bo‘la boshladi. U to o‘ylayman deguncha erkak arzimagan pulni qo‘liga tutqazdi-da, qopini orqalab ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ayol pulni sanab ko‘rdi. Changalidagi pul hech narsaga arzimasligidan yuragi zil ketdi. O‘g‘liga qaradi. O‘ziga umidvor termilib turgan bolasining nigohlariga dosh berolmadi. Shuginaga etikcha olib beramanmi, devdim dedi yuragi sitilib. Negadir bolasining oldida o‘zini gunohkor sezdi.
– Yur, ketdik, – dedi unga titroq qo‘llarini cho‘zib.
O‘g‘lining muzdek kaftchasi diliga quvvat bag‘ishlagandek bo‘ldi.
– Aya, shashlik oberasiz-a? – dedi bolakay irg‘ishlab.
– Mayli, o‘g‘lim.
– Shaharam aylantirasiz-a?
– Ha.
Bozor darvozasidan kirisharkan bir-ikki kishi ona-bolaga boshdan-oyoq g‘alati qarab qo‘ygandek bo‘lishdi. Shundagina ayol ust-boshiga e’tibor berdi. Bolasiniyam, o‘ziniyam oyog‘i to‘pig‘igacha loy edi. Ayol shosha-pisha bolasini sudrab bo‘tana suv oqayotgan ariqcha oldiga olib bordi. So‘ng engashgancha kalishini va bolasining etikchasini hafsala bilan yuvdi. Sovuqdan barmoqlari qizarib ketdi. Kuf-kuflab qo‘lini isitgach yana yo‘lga tushishdi.
Ayol bolasining ko‘ngli uchun do‘konlarni aylandi, unga bo‘ladigan etikchalarning narxini so‘radi. Qaysi etikchani ushlamasin, o‘g‘li aya shu bo‘ladi, shuni obberaqoling, derdi ko‘zlari charaqlab. Ammo ayolning qo‘lidagi pulga bunday etikchalarning bir poyini ham bermasdi.
– Ha, qo‘shni? – dedi kimdir navbatdagi do‘kondan chiqib ketishayotganda yengidan tortib. Ayol ortiga burilib qo‘shnisi Xadichani ko‘rdi. Yuzi yorishib u bilan ko‘rishdi.
– Bozorga keluvdingizmi? – dedi qo‘shnisi.
– Ha, mayiz olib keluvdim.
– Necha puldan sotdingiz?
– Ming so‘mdan.
– Iya, nega? Qanaqa mayiz opkeluvdingiz?
– Soyaki.
– Nega arzon sotdingiz? Bozorda soyaki mayizlar besh-olti mingdan-ku.
Ayolning yuragi shuv etdi.
– Yo‘g‘-e, – dedi arang shivirlab.
– Qaerda sotdingiz o‘zi?
– Bozor tashqarisida.
– Boplabsiz unda. Shuncha mehnatingizni ko‘kka sovuribsiz.
Qo‘shnisi yana nimalar dedi, kimlarni qarg‘adi – ayol bilmaydi. Quloqlari ostida faqat boyagi erkakning men ham yetim o‘sganman, yetimlarning rahmini yeb yuraman, degan so‘zlari tinmay jaranglardi.
– Yetimlarning rahmini emas, haqini yeb o‘rgangan ekan, – dedi ayolning lablari arang qimirlab.
– A? Bir nima dedingizmi? – dedi qo‘shnisi hayron bo‘lib. Ayol unga bir muddat tikilib turdi-da, so‘ng o‘g‘lining qo‘lidan changallagancha shitob bilan yurib ketdi. Yo‘lma-yo‘l ketarkan, yelkalari silkinib, ko‘z yoshlari yuzini yuvib bordi. Uning yonida chopqillab ketayotgan bola esa onasining nega yig‘layotganligini tushunmasdi.

«Yoshlik» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.