OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Habibullo Haydar. Qor egallagan kun (hikoya)

Tong-la ayolimning hiqillashidan uyg‘onib ketdim. 
– Nima bo‘ldi? 
– ...Onam... onam bechora qor tagida qoldilar.  
Yig‘layverib ko‘zlari shishib ketibdi. 
Deraza osha tashqariga nigoh tashladim. Ishkomlar va devor usti oqarib ko‘rindi. Ikki qarg‘a yong‘oq shoxida qo‘nishib o‘tiribdi. Qaynonam omonatini topshirganiga uch oy bo‘ldi. Dafnidan keyin birinchi marta qor yog‘ishi. Ajabo, yaqin odaming¬ni qora yerga topshirish bir alam bo‘lsa, oppoq qor ostida qolishi ming alam ekan-da!
To‘rtko‘z vahimali irillab, darvoza tomon chopdi. Yelkasi qora, qorni oq, qovog‘i ustida ko‘zsimon oq qashqasi bor, uncha kelbatli bo‘lmasa-da, badjahl itimiz birov bilan hadeganda chiqishib ketavermaydi. Ammo odam tanishiga qarab, har safar yoqa ushlaymiz. Yaxshi odamni biladi... yomonni ham. Aftidan darvozani qoqayotgan kimsa – itim suymaydigan eski tanishlarimdan yo biror begona. 
Qo‘l-betimni sovuq suvda chayib, chaqirilmagan mehmonni qarshilashga oshiqdim. Yerni bir qarich chamasi qor qoplabdi. Uch-to‘rt qadam yurmasimdan kovushim qorga to‘ldi. Ayolim qor ilk uchqunlaganda yig‘i boshlagan bo‘lsa kerak, yo‘qsa bunchalar bo‘g‘riqib ketmasdi.  
Darvozaga yetgunimcha kovushim ichidagi qor eridi, oyog‘im jiqqa ho‘l bo‘ldi. Toshni surib, omonat darvozani ochdim. Ro‘paradan o‘tgan ko‘cha sadaf misol yaltillaydi. Ko‘chada, nainki odam, izdan-da nishon yo‘q edi. 
Sovuq  va musaffo qor hidini ergashtirib uyga kirdim.
– Kim ekan?
– Hech kim.
O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m...
Masjid tarafdan azon tovushi keldi. Tahorat olib, bomdodga turdim. Ayolim uy ishlariga alahsib ketdi. Birin-ketin bolalar uyg‘ondi. Nonushtadan keyin ishga otlandim. 
– Ketdim, peshin kelaman.
– Yaxshi borib keling. 
Hamxonam Murod aka bilan u yoq, bu yoqdan suhbatlashib, ish vaqtini o‘tkazdim. 
– Bo‘pti aka, men uyga ketdim.
– Yaxshi kunlarda ko‘rishaylik. 
Ko‘cha bo‘ylab yolg‘iz qaytdim. Yo‘lda zog‘ ham uchramadi. Orqa-oldimda yakkash o‘zimning izlarim. 
– Yaxshi keldingizmi? 
– Keldim. Nimang bor?
– Hozir.
Bolalar bilan ovqatlandik. 
Shu payt darvoza gursilladi. It hurdi. 
– O‘zim qarayman. 
Chiqdim. Itim yaltoqlanib dum o‘ynatdi. Unga e’tibor qilmasdan darvozani ochdim. Ko‘cha bo‘m-bo‘sh. Faqat o‘zim bosib kelgan izlar. Ularni ham qor ko‘may debdi.
– Kim taqillatibdi?         
– Hech kim. 
O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m...
Peshin azoni aytildi. Ibodatdan so‘ng deraza bo‘ylab qor uchqunlarini sanay boshladim. 
Bir...ikki...uch...to‘rt...besh...olti...etti... 
Uxlab qolibman...
Tush ko‘rdim...
Daraxtlari osmonni to‘sgan charog‘on bir bog‘. Bir shoxda men avval ko‘rmagan go‘zal qush g‘aroyib tovushda sayrayapti. Shu lahzada xayolimdan  jannat degan o‘y o‘tdi. Quvonib ketdim. Bir vaqt haligi qush oppoq libosga o‘rangan qizga aylandi. Qiz menga ta’zim qildi, so‘ng bog‘ oralab yo‘l boshladi. Unga ergashdim. Yam-yashil bir o‘tloqqa chiqdik va gul yaproqlari bilan o‘ralgan bir chaylaga duch keldik. Ichkari kirdik. Oyoq ostiga to‘shalgan, ko‘m-ko‘k  maysada o‘zimga o‘xshaydigan, ammo yoshi ulug‘roq, soqol-mo‘ylovli, boshiga oq do‘ppi, egniga uzun oq ko‘ylak kiygan nuroniy kishi o‘tiribdi. Salom berdim. U alik oldi va menga: “Qoraxo‘ja eshonbobo keldilar. Endi sen Nurxo‘ja eshonboboni olib kelishing kerak.?”– dedi. Ma’qul ma’nosida bosh irg‘ab yo‘lga tushdim. O‘tloq oralab ancha yurib, zilol suvli  daryoga yo‘liqdim. Qirg‘og‘ida bir qayiq bog‘langan. Qayiqqa chiqib, eshkak esha boshlovdimki, ortimdan ovoz eshitildi. O‘girilib qaradim-u, boyagi qizni   ko‘rdim. Tez chopganidan boshidagi ro‘moli sidirilib tushibdi. Qiyofasi tanishga o‘xshadi. Ha, ha, o‘sha – qiz... Hayron bo‘ldim. Yuragimda titroq turdi. Qiz esa hamon oshiqadi. Yugura-yugura: “Men bu yerda qolmayman, bu yerda qolmayman, Ibrohim payg‘ambarimizga o‘xshagan yigit bilan ketaman”, deb yig‘laydi... Ortga qaytmadim. Oqim bo‘ylab eshkak eshdim...
– Turing, it huryapti. Birov kelganga o‘xshaydi.      
Ayolim ovozidan uyg‘onib ketdim. Darvoza gursillar, unga jo‘r bo‘lib it irillardi. Yo‘lakdagi izlarimdan nishon ham qolmabdi. Qor esa hamon elashda davom etyapti. Bora-bora musaffo qordan hovuchlab oldim-da, qo‘l-betimni yuvdim. Darvozada birov yo‘qligiga amin bo‘lgach, uyga qaytdim.   
– Kim kelibdi? 
– Hech kim.
O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m...
Asr azoni aytildi...
Kichik o‘g‘lim savol berishni yaxshi ko‘radi.
– Ota, qor qaerdan keladi?
– Yerdan-da, o‘g‘lim.
– Bo‘lmasa, osmonga qanday chiqdi?
– Bug‘ bo‘lib.
– Qanday bug‘ bo‘ladi?
– Aytgan so‘zlarimizdan.
– So‘z bug‘mi, ota ?
– Yolg‘on qo‘shsang bug‘-da.
– Yolg‘on so‘zimni bug‘latadimi?
– ...
– Ota, nimaga yuzingizdan tikan o‘sib chiqqan?
– Qilgan gunohlarim uchun.
– Gunoh qanday qilinadi?
– ...
– Gunoh nima, ota?
– ...
– Ota!!!
– ...
Qizcham ukasiga jo‘r bo‘ladi. Indamayman. Ko‘rgan tushim ta’birini o‘ylayman. Yuragim to‘rida bir nima g‘imirlaydi.
“O‘tkan kunlar”ni o‘qishga tushdim... Darvoza gursilladi. It hurdi. Tag‘in kimsasiz ko‘cha bilan yuzlashib qaytdim. 
– Chaqirgan kim ekan?
– Hech kim.
O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m...
“Atrofdan shom azoni eshitiladir...” Asr tahorati bilan shomga yuzlandim.
Televizorda Yevropa shaharlarini ko‘rsatishdi. Bir shaharda yigirma tonnali mashinani shamol ko‘tarib ketibdi. Qisqa va lo‘nda axborot. Qadimda tuyani shamol uchirsa, echkini osmonda ko‘r deyishardi. Bir shaharni uch metr qor qoplabdi. Odamlari qing‘ir-qiyshiq yo‘lakchalar ochib ishga qatnashayotgan ekan. Yana o‘g‘limning savol xaltasi ochildi. 
– Ota, ular yolg‘onchimi?
– ...
Yana darvoza gursilladi. It hurdi. Bu safar  ayolim shitob o‘rnidan turdi.
– Men chiqa qolay.
– Qo‘rqmaysanmi? Bolalardan birovini olib chiq.
Bir ozdan so‘ng kim bilandir so‘rashib kirib kelayotgan ayolimning oyoq tovushi eshitildi. Ovoz qo‘yib so‘radim:
– Kim ekan?
– Qishloqdan kelishibdi. 
– Kim kelibdi, nima gap?
– Opangiz...Opangiz o‘tib qolibdilar...
O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m... O-o-o-o-o-o-o-v-m...
So‘fi xufton azonini aytdi... 

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.