OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Halimjon Tohirov. Bolali yo‘lovchi (hajviya)

Shaharlararo qatnovchi avtobus bir bekat yurar-yurmas o‘rtaroqdagi o‘rindiqda o‘tirgan shop mo‘ylovli yo‘lovchining qo‘lidagi ikki yoshlar chamasidagi bola asta-sekin yig‘isini boshladi. Katta yo‘lga chiqqan avtobus tezligini oshirdi. Bolaning yig‘isi ham tobora avj oldi. Uning ovozi shu qadar o‘tkir ediki, avtobus motorining gurillashi ham uning oldida holva bo‘lib qoldi. Bolali yo‘lovchining yonida ketayotgan kishining oxiri sabri chidamay, atrofni beparvo tomosha qilayotgan hamrohiga yuzlandi:
–O‘g‘lingizni u deb, bu deb yupatsangiz bo‘lardi.
–Be-e, – dedi bolali kishi, – hozirgi bolalarni osonlikcha yupatish qiyin. Go‘dakligidan beri chakagi ochiq. Bola – poshsho deydilar. Manzilga yetgunimizcha sabr qilib turasiz-da.
–Shunday-kuya, lekin manzilga yetguncha naq besh soat yo‘l yurishimiz kerak. Bu ahvolda yangi yil bayramini ham burnimizdan chiqarasiz shekilli. 
–Buyog‘idan xotirjam bo‘lsinlar. O‘g‘lim o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani qo‘liga olsa birpasda yupanib qoladi. Shoshilishda yo‘lga hech narsa ololmabman. Sizda biror-bir yegulikmi yo shunga o‘xshash narsa yo‘qmi?
Hamrohi yonidagi xaltasini titkilab bir dona olmani oldida bolaga uzatdi. Bola olmaga bir zum qarab turgach, aftini bujmaytirib, yana yig‘lashga tushdi. Otasi olmani bolaning qo‘lidan olib cho‘ntagiga tiqdi-da, xotirjamlik bilan dedi:
–Aytdim-ku sizga hozirgilar anoyimas deb. Olmani keyin yeydi shekilli. To‘rxaltangizda yana nima bor? Qizg‘anchiqlik qilmasdan olaversangiz-chi! Bolaning ko‘nglini olish savob bo‘ladi, birodar.
Bola yig‘isidan xunob bo‘layotgan yo‘lovchi zo‘rakilik bilan, noiloj iljayib mayizli bulochka, to‘rt dona qurt olib uzatdi. Ammo ular ham kor qilmadi – bolaning yig‘isi avjiga chiqdi. Yon-atrofdagi yo‘lovchilar birin-ketin quloqlarini bekitishga tushdilar. Biroq bu ahvol ko‘pga cho‘zilmadi – ularning ham toqatlari toq bo‘ldi.
–Yig‘i deganlari shunaqa ham bo‘ladimi? Vey, tinchlantirsangiz-chi! Yangi yil, bir dam olaylik deb yo‘lga chiquvdik.
–«Munojot»ga o‘xshab yurakni ezvordi-ku, a?! O‘zingizni bolangizmi, yo...
–Bay-bay-bay! Katta bo‘lsa bu bolangizdan rosa zo‘r operachi chiqadi-da!
–O‘nta bola boqib ham bunaqangi yig‘ini eshitmagandim. Ikki soatdan beri quloqni qomatga keltiryapti-ya!
–Bolaning o‘zi rostdan ham yig‘layaptimi, yo magnitafonga yozvolganmisiz!?
Ota bolasini yupatishga urinmasin baribir foydasi bo‘lmadi: yig‘i kuchaysa kuchaydiki, asti to‘xtashidan darak yo‘q edi. U yolvorgudek bo‘lib yana yo‘lovchilarga termuldi:
–U deb, bu deb ranjishinglardan naf yo‘q, – dedi uf tortgan bo‘lib. – Bir vaqtlar o‘zing-lar ham mana shunday bola bo‘lgansizlar. Ha, undan ko‘ra, yoninglarni kovlab, topgan-tutganing-larni uzatinglar-chi, ko‘rib zora tinchisa.
Avtobusda «bolani tinchlantirish hashari» boshlanib ketdi: kimdir ikkita somsa, bir hovuch mayiz, yana kimdir teshikkulcha, shokoladli vafli, allakim pechene, qand-qurs uzatdi. Oradan ko‘p o‘tmay bolaning yon-veri yoymachi tijoratchining do‘koniga o‘xshab ketdi. Ammo yig‘i tinmasdi.
Bolali kishi kelib tushgan narsalarni yonidagi xaltaga, cho‘ntaklariga shoshilmay joylar ekan, qo‘shimchalagan bo‘ldi:
–Qadrli yo‘lovchilar, himmatinglar uchun rahmat! Hammanglar bolani yaxshi ko‘rasizlar ekan. Bilasizlarmi, o‘g‘lim gohida pulni ko‘rsa yig‘idan to‘xtab qolardi. Agar sizlarga malol kelmasa...
U gapini tugatmayoq chor-atrofdan mayda-chuyda pullar qo‘lma-qo‘l uzatila boshladi: «Ishqilib bola tinchisa bo‘ldi!»
Ammo bolasi tushmagurga yig‘idan ham, ovozdan ham bergan ekan – manzil yarim bo‘ldi hamki tin olay demasdi. Yo‘l-yo‘lakay radio tinglab, mashina boshqarishni xush ko‘radigan haydovchining ham qovoq-tumshug‘i allaqachon osilib ketgandi. Muzika eshitay desa bu yoqdagi g‘alva odamlarga yetarli bo‘lib turibdi. Eshitmay desa yurak qur-g‘ur yozilay demaydi. Uning ham sabri chidamay bolali yo‘lovchi tomonga boshini keskin burib gap qotdi:
–Ho‘vv akaxon, bu «ashulachi»ngiz bilan qayoqqacha borasiz?» Obbo‘, oxirgi bekatgachami?! Yana to‘rt soat chidashimiz kerakmi?
U xunob bo‘lib avtobusning tezligini oshirdi. Sendan ortda qolamanmi, degandek bolaning yig‘isi ham kuchaydi. Avtobus go‘yo tug‘ruq uyiga o‘xshab ketdi: big‘-big‘-big‘...
Haydovchi baribir sabr-toqat qilolmadi. Avtobusni shartta to‘xtatdi-da bolali yo‘lovchiga yalinishga tushdi:
Jon aka, hali manzil uzoq. Bu ahvolda o‘zin-gizni ham, bolangizni ham qiynab qo‘yasiz. Men yo‘ldan bironta yengil mashina to‘xtatib bersam qalay bo‘ladi? Har holda manzilingizga bizdan tezroq yetib olardingiz.
Yo‘lovchilar orasidan «Juda to‘g‘ri!», «Yaxshi bo‘lardi!», «Bizga ham rahmingiz kelsin!», «E, hayriyat-e!» qabilidagi quvonchli xitoblar eshitildi.
–Yaxshi-kuya, – dedi bolali odam biroz o‘ylanib, – lekin yo‘lkira chatoq-da! Pulim bo‘lganda allaqachon «Neksiya», yo «Tiko»da ketgan bo‘lardim.
Uning gapini eshitib haydovchi suyunib ketdi.
–Yo‘lkirani o‘zim to‘layman. Mana, oling!
U shunday deb yo‘lovchining oldiga keldi-da bir dasta pul uzatdi. Pulni ko‘rib yo‘lovchi boshini chayqadi:
–Bu o‘zimga yetadi, xolos. Biz ikki kishi, yo‘g‘-e uch kishimiz.
–Uchinchinglar kim? – hayron bo‘ldi haydovchi.
–Ana, orqamda o‘tiribdi! – yo‘lovchi shunday deb boshiga ro‘mol tashlab olgan ayolni ko‘rsatdi. –Bolamning onasi bo‘ladi.
Haydovchi ko‘zlarini chaqchaytirib cho‘ntagiga yana qo‘lini tiqdi.
Yo‘ldagi bekatda tushib qolishgach, er xotiniga bolani uzatar ekan asta shipshidi:
–Menimcha o‘g‘limizning bugungi «biznesi» ham chakki bo‘lmadi. Endi biroz emizdirib qo‘y. O‘n minutdan keyin Qo‘qondan avtobus keladi. Yana ortimizga qaytamiz. Ishqilib avtobusda odam ko‘proq bo‘lsin-da.
–Dadasi, bolani hadeb chimchilayvermang. Meni ko‘rmasa o‘zi yig‘layveradi.
–Yig‘isining avji pasayganda chimchilamasam bo‘lmayapti-da! Iy-ye, ana avtobus ko‘rindi. Bolani tezroq menga ber!
... Avtobusda mudroq bosib kelayotgan yo‘lovchilar cho‘ziq yig‘ini eshitishib, bolali kishi tomon bo‘ynilarini cho‘zib qaray boshlashdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.