OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hamidbek Yusupov. Suyanchiq (hikoya)

— Otamizning eslari ham sal... — deya ming‘irladi Solijon, cholning yonidan chiqarkan. Xotini Matluba bo‘lsa: “Jim, birov eshitib qolmasin”, degandek labiga barmoq bosdi. Ichkaridan yana g‘ovur-g‘uvur ovoz eshitildi:
— Ota, loaqal yotganingizda tinch qo‘ying shu hassangizni... Bu Solijonning opasi Xolbeka edi.
— Senlar meni tinch qo‘ylaring! — otaning tovushi kasalnikiga o‘xshamay, balandroq chiqdi. Yana sal ming‘ir-ming‘irdan so‘ng Xolbeka ham chiqib kelib, kelinga dedi:
— Hoy Matluba, ovqatingiz tayyormi? Suzavering, otamiz baribir yemaydilar. Eski qaysarliklari tutdi yana.
Kozim otaga bolaligidanoq “qaysar” deya laqab qo‘yishgani bejiz emasdi. Ikki oy bo‘ldiki, ahvol shu: cholni qandaydir vahima bosgan, o‘zicha omonatini topshirishga hozirlik ko‘radi. Birov bilan gaplashgisi kelmaydi, ovqatni ham nomigagina yeydi. Uyqusining mazasi yo‘qolganiga-ku ancha yillar bo‘lgan. Farzandlari, nabiralari bilan suhbatlashishni istamaydi. Yoniga kirishsa jerkib tashlaydi. Gohida o‘zi bilanmi, marhuma kampiri bilanmi gaplashadi. Qo‘ni-qo‘shni uning shu fe’lini bilib, oldiga ko‘pam kiravermaydi. Solijon bolalarini vaqtincha opasinikiga olib borib qo‘ygan. Eng ajablanarlisi — Kozim qaysar hassasini yeru ko‘kka ishonmaydi. Qo‘lida olib yurgani-ku mayli-ya, o‘tirsayam, yotsayam hassasi yonida bo‘lmasa jig‘ibiyron bo‘ladi.
Mana, hozir ham yotgan joyida hassasini qo‘liga olib, o‘zicha shivirlayapti:
— Eh, baribir o‘zingdan boshqasi meni anglayolmaydi... Sen bo‘lmasang kimga ham suyanardim men g‘arib...
Hassa bir zamonlar tomorqaning chetida o‘sgan o‘rik daraxtining shoxidan yasalgandi. U paytlari Kozim qaysar ellik yoshlardagi qo‘li gul usta edi. Aslida bu hassani xotini yasattirgandi o‘shanda. Aytgan gaplari hozirgacha qulog‘idan ketmaydi: “Hoy otasi, mana shu shoxlar ham butkul o‘tin bo‘lib ketmasin. Jillaqursa bitta yo‘nib bering menga, qariganda suyanaman...” Kozim qaysar hazillashib: “Qarisang mana men borman, o‘zim suyanchiq bo‘laman”, desa, xotini: “Siz o‘lib ketsangiz deyman-da...”, — deya kulgandi.
Tomorqaning ortidagi o‘rik daraxti ular uchun qadrdon edi. bir qizu bir o‘g‘ilni shu hovlida tarbiyalab, shu o‘rik tagida katta qilishdi. Qizni uzatishdi, kelin tushirishdi. Faqat Solijonning farzandli bo‘lishini sal kutib qolishdi. Kampiri kelinni olib u tabibga bordi, bu duoxonga o‘qitdi, yana kimlarningdir gapi bilan allaqanday irim-sirimlarni qildi. Xolbeka bolalarini olib kelsa, uy yashnab ketadi. Shunday paytda Kozim ota: “Kelinning ko‘ngli o‘ksib qolmasin”, deb qizini tezroq uyiga jo‘natish payida bo‘lardi.
Kunlarning birida rais kelib: “Qishloqning qoq o‘rtasidan katta yo‘l tushayotganini aytib qoldi. Shu yo‘l Kozim otaning tomorqasidan o‘tarkan. Shuning uchun daraxtlarni kesishga to‘g‘ri kelarmish”.
— Ie, nega kesarkanmiz? — kampirning avvaliga g‘ashi keldi. Shuncha yildan beri bizni boqib, soya bergan o‘rigimni-ya? E, yo‘q, bo‘lmaydi. Yo‘lingni bizga keragi yo‘q, bolam. Nariroqdan o‘tkazaver.
Bu gapga Kozim ota o‘ylanib qoldi, rais bo‘lsa bir kulib qo‘ydi-da, buning iloji yo‘qligini tushuntira boshladi. Shu payt dasturxonga choynakni qo‘yib, ortiga o‘girilgan Matluba boshini ushlab, sekin o‘tirib qoldi. Kampir “hay-hay”laganicha uni ushladi. Rais doktor chaqirishga chopdi, Kozim ota bo‘lsa Solijonni ayttirib kelish uchun qo‘shnining o‘g‘lini dalaga yugurtirdi.
Har qalay, yaxshilikka ekan. Vrach uning farzand kutayotganini aytib, chol-kampirni xursand qildi. Rais darrov quvlik qildi:
— Ana yashang! O‘zingiz nevarali bo‘laman deb turibsiz-u, tag‘in bittagina daraxtga kuyunganingizga o‘laymi!..
— Ha mayli, kesaqol, — dedi kampir xursand bo‘lib.
O‘rik kesilgan kuni kelinning ko‘zi yoridi. Kampiri o‘shanda qistov bilan o‘rikning baquvvat bir shoxidan hassa yo‘ndirib qo‘ygandi. Ammo kampiriga hassaga suyanib qarish nasib etmadi. 
Kampiri o‘tganidan so‘ng chol tez qariy boshladi. Bolalari, qo‘ni-qo‘shni xabar olib turishadi, nevaralarini ko‘rganda chahrasi yorishadi, ammo baribir ko‘ngli kemtik. Issiq-sovug‘iga qarab turishibdi, yolg‘izlatib qo‘yishmaydi, lekin... baribir kampirining o‘rni bilinib turardi-da. Ikki yilda keksayib, hassani qo‘liga olganidan so‘nggina sal tinchigandek bo‘ldi. Yaxshiyamki, baxtiga shu hassa bor...
Yaqinda Kozim ota rahmatli kampirini yana tushida ko‘rdi. U qiyg‘os gullagan o‘sha o‘rikning ostida, oppoq kiyimida, yelpinib o‘tirardi. Chol unga talpinib, birdaniga uyg‘onib ketdi. Yuragi dukillab urayotganini eshitdi. Shosha-pisha hassasini axtardi. Topib bag‘riga bosganicha ko‘zlarini qattiq yumdi. Mijjalaridan yosh sizib chiqdi...
O‘shandan beri cholning qaysarligi avjiga chiqqan, hech nima yoqmaydi. Hammani xonasidan chiqarib yuborib, faqat hassasi bilan hasratlashadi. Uni ko‘rishga keluvchilar oldida farzandlari ham hijolat. Yaxshiyamki, otaning fe’lini qishloqdoshlari azaldan bilishadi. Cholning o‘zi bo‘lsa hech kimni yoniga qo‘ygisi kelmaydi. 
Oxiri Solijon doktor chaqirishga majbur bo‘ldi: otasi ko‘kragini changallaganicha ingrab qolgandi. Uni ko‘rgan shifokorlar zudlik bilan olib ketishga chog‘landilar. “Tez yordam” mashinasiga olib kirishayotgan payti cholning hushi o‘ziga keldi va qo‘li bilan timirskilanib qoldi. Qizi darhol tushunib, ukasiga buyurdi:
— Yugur tezroq, hassalarini olib chiq!
— Nima? — buni eshitgan doktorning ensasi qotdi. — Hassaning keragi yo‘q kasalxonada. Juda zarur bo‘lsa qo‘ltiqtayoq berarmiz.
— Yo‘q, otamga hassalari bo‘lmasa bo‘lmaydi, — dedi Xolbeka. 
...Kozim qaysar kasalxonadagi muolajalar tufayli ikki kunda ancha o‘ziga kelib qoldi. Infarktga chalingan ekan, shifokorlarning harakati bilan uni bir amallab saqlab qolishdi. Lekin bundan cholning o‘zi sirayam mamnun emasdi. Bir kuni qiziga nolidi: “A-axir, onang ch-chaqiryapti, borishim kerak...” Xolbeka buni odatdagi injiqlikka yo‘yib, indamay qo‘ya qoldi. 
Uchinchi kuni doktorlar Kozim otaga jiddiyroq qarab turishni navbatchi hamshiraga tayinlab, qarindoshlariga ruxsat berishdi. Otaga alohida palata ajratilgani yaxshi bo‘ldi, chunki odamni suymasdi jini. Yana hassasini qo‘ltig‘iga olib, oldingidek u bilan dardlasha boshladi. Faqat endi xayolan gaplashardi, chunki... tildan qolgandi. Ko‘zlarini yumib, mudray boshlashi bilan, tag‘in ko‘z o‘ngida kampiri namoyon bo‘ldi. U endi ancha xursand ko‘rinardi: 
— Hoy otasi, kelmaysizmi endi? Bo‘ldi-da, tashlang shu hassangizni, keling bu yoqqa. Qani, qo‘lingizni bering-chi...
Kozim qaysar bu gapdan so‘ng o‘zi ham yosharib borayotganini his qildi. Qo‘lidagi hassaga oxirgi marta bir qarab qo‘ydi-da, uni tashlab yuborib, xotinining qo‘lidan tutdi...
...Koridordan o‘tib ketayotgan navbatchi hamshira cholning palatasidagi taraqlagan tovushni eshitib qoldi. Chopib kirgach, ahvolni tushundi...
Otasini tuproqqa topshiradigan payti Solijonning esiga bir narsa tushib qoldi. Qo‘shnisining bolasiga bir nimalar deb shivirladi-da, uyiga jo‘natdi. Bola hassani olib kelgach, Solijon mayitning yoniga hassani ham qo‘shib qo‘ydi.
Buni har kim o‘zicha tushundi, lekin o‘g‘ilning ko‘ngli sal yengil tortgandek bo‘ldi. Axir, u otasining ayta olmay ketgan vasiyatini bajargandi-da...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.