OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ibrohim Choriyev. Ko'zboylag'ich (hajviya)

Nazarmat ota keyingi paytlarda hayronu lol. Qay bir avtobusga chiqmasin, dik etib o‘rnidan turib joy berguvchi yosh-yalanglar anqoning urug‘i. Hammalari go‘yo uxlab qolganday qiyshayibgina o‘tirishadi.
«Yo, piray, yo o‘zimda biror gap bormikan, balki nogoh ko‘zboylagich xususiyati zohir bo‘lib, meni ko‘rgan yosh-yalanglar sehrlanib uxlab qolishayaptimi?», —  shunday shubhali xayollar Nazarmat otani shifoxona tomon boshladi.
Mana, u shaharning eng mashhur ruhshunos shifokori qabulxonasida o‘tiribdi. Ko‘p o‘tmay, qabul qilishdi. Sochlari oppoq shifokor qo‘liga mittigina, yaltiroq bolg‘achasini oldi va u bilan Nazarmat otaning tizzalariga navbatma-navbat urdi, ko‘zi ro‘parasida u yoq-bu yoqqa o‘tkazdi, turli-tuman savollar berdi, so‘ng yoyilib iljaydi:
– Otaxon.... tekshirib ko‘rdim, sizda hech qanaqa gipnozchilik qobiliyati yo‘q. Kim aytdi o‘zi buni sizga? Yoki... hazillashayapsizmi?
Nazarmat ota bo‘lib o‘tgan voqealarni aytib berdi: 
– Jamoat transportlariga chiqsam, o‘tirgan hamma yoshlar uxlab qolishadi. Keksalarga joy berish xayollariga ham kelmaydi. Kimdir birov sizga gipnozchilik qobiliyati bor dedi. 
Shifokor qah-qah otib kulib yubordi:
– Obbo otaxon-e! Shunga ishonib o‘tiribsizmi? Qandaydir vitaminlar yetishmaydi, dedimi haydovchi? Toza bilag‘on odamni topibsiz! Vitamin emish! Bilasizmi, otaxon, ularda nima yetishmaydi?
Nazarmat ota yana ko‘zlarini pirpiratdi:
– Nima bo‘lishi mumkin... ha, balki... imtiyozli oylik yo‘l chiptalardir? – taxmin qildi u transport vositalarida ketayotgan, uni ko‘rgan zahoti uxlab qoladigan yoshlarda nima yetishmasligiga unchalik tushunmay, miyasiga kelgan fikrni aytishga shoshilib. – Yana bilmasam,  do‘xturjon....
Shifokor jiddiylashdi:
– Eh, otam, otaginam! Hamma narsa yetarli, oylik imtiyozli chiptani ham yetarli chiqarib qo‘yishibdi, turli-tuman qilishib, ularga esa – vijdon yetishmaydi, vijdon! Mana shunaqa! Bo‘pti, boshqa xizmat bo‘lmasa, boraverishingiz mumkin, bir kun kelib, miyalari “vitaminga” to‘yinib, gipnozga berilmaydigan bo‘lib qolishar... 
– Demak...  hisobda turishim... – hamon ikkilanardi Nazarmat ota.
Shifokor endi jiddiylashdi:
– Otaxon! Shunday savollarni beraversangiz, men sizni gipnozchi deb emas, boshqa narsa deb ro‘yxatga olib qo‘yaman! Tushunayapsizmi? Boring tezroq kampirning huzuriga... 
Nazarmat ota bekatga kelib to‘xtagan avtobusga yuragi po‘k-po‘k  urib, og‘riyotgan oyoqlari tortib-tortmay ko‘tarildi, salonga ko‘z tashladi va yuzi birdan yorishib ketdi, shodon iljaydi: xayriyat-e! Bo‘lar ekan-ku!
Ha, avtobus deyarli bo‘sh edi. Unda-bunda o‘tirgan yo‘lovchilar bo‘sh turgan joylarning birortasini ham band qilmayotgan cholning nimadan bunchalik xursand bo‘lib jilmayayotganini sira tushuna olmasdilar.

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.