OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Istam Hamroyev. Tazarru (qissa)

Marhum G‘afforqulning to‘rt yildan beri Toshkentda o‘qiyotgan o‘g‘li Akmal katta bir tanlovda g‘olib chiqib, Angliyada magistraturada bepul o‘qish yo‘llanmasini qo‘lga kiritibdi. O‘qishga borishi hali gumon, chunki o‘qish bepul bo‘lgani bilan uch-to‘rt kun ichida yo‘lkira va boshqa ancha-muncha xarajatlar uchun naqd besh-olti ming dollar kerak, ekan.
G‘afforqul yetti-sakkiz yil burun o‘pkasi shamollab vafot etgach, uning ro‘zg‘ori tashvishlari ham akasining bo‘yniga tushgandi. Usta Jabbor xotini Gavhar bilan birgalikda kelini va jiyanlarini qanoti ostiga oldi, hammalari bir qozondan ovqat yeyishar, qo‘llaridan kelgunicha jiyanlarini ham oyoqqa turishlari uchun harakat qilishardi. Jiyanlarining kattasi qiz, uni ikki yilcha avval o‘rab-chirmab uzatishgandi. Akmal ham to‘rt yil avval Toshkentga o‘qishga kirgandi. Mana tanlovga hujjat topshirgan ekan, chet elga yo‘llanmani qo‘lga kiritibdi. O‘zlarining bolalari ham birin-ketin bo‘ylari yetib, ularni ham o‘qitish,to‘y-imorat tashvishlaridan chiqmayotgan Jabborqul uchun jiyanini chet elga jo‘natish anchagina jiddiy muammo edi. To‘g‘ri, katta o‘g‘li Zarif qanoti ostiga kirib, o‘zi bilan yurib, yosh bo‘lsa ham elga tuzukkina usta deb tanilib qolgan, lekin baribir katta ro‘zg‘orning xarajatlari ham shunga yarasha edi.
Akmal Angliyaga bora olishiga unchalik ishonmagan bo‘lsa ham, uydagilarini shunchalik xabardor qilish uchun kelgan, lekin bora olmayman deb uzib ham kelmagan edi. Shunday bo‘lsa ham usta Jabbor Akmalni o‘qishga yuborishga qaror qildi. Otasi hayot bo‘lganda albatta yuborgan bo‘lardi, bolaning ko‘ngli o‘ksimasin, bitirib kelsa, ko‘plashib yana imorat qilarmiz, deb Gavhar bilan gapni bir joyga qo‘yib, necha yillar davomida ne-ne orzu-havaslar og‘ushida o‘z o‘g‘illari Zarifga atab qurilgan yangi hovli-joylarini sotishga kelishishdi.
Ikrom Chavandoz bu yangilikni eshitdiyu, yuragiga g‘ulg‘ula tushdi. Gavharning oldidagi gunohkorlik hissi uning bag‘rini o‘rtagandan o‘rtab borar, bu g‘ashlik undan qanday qilib xalos bo‘lish o‘yi tinchlik bermas edi. Chavandoz kechasi bilan to‘lg‘anib chiqdi, tonggacha butun umrini ko‘z oldidan bir-bir o‘tkazdi. Yodiga olgan qanchadan-qancha xato va beboshliklari uning dardini yanada oshirdi. Ayniqsa, Gavharning oldidagi gunohlarini eslaganda oltmish besh yoshlik Chavandoz ko‘z yoshlarini tiya olmadi.
Xudo ungayam loaqal bittagina tirnoqni ravo ko‘rganida, ehtimol shuncha gunohlarining o‘ndan birini, loaqal yarmini qilmagan bo‘larmidi... 
Oilada bir etak – o‘n bir farzandning ichida farzandlarning to‘rtinchisi, uch opasidan keyin o‘g‘lilarning to‘ng‘ichi bo‘lgan Ikrom yoshligidanoq juda tinib-tinchimas, sho‘x va bebosh edi. Yuzi oq-sariqqa moyil, o‘rta bo‘yi qotmagina, hamma tomondan onasiga o‘xshab ketardi. Harbiyga ketguncha u bir to‘da tengqurlarini yig‘ib olib, velosipedda uzoq qishloqlarga kino ko‘rgani yoki to‘yga borishar, aksar borgan joylaridan mushtlashib qaytishar edi. Mushtlashishdan huzur qilar, ba’zan o‘zi ko‘proq musht yeb kelsa ham xafa bo‘lmas, lekin shunga qaramasdan ko‘nglida kir saqlamas, bugun mushtlashgan bolalar bilan keyin yana apoq-chapoq bo‘lib, do‘stlashib ketaverar edi. Keyin to‘rt yil Qora dengiz flotida xizmat qildi. Odessada xizmati tugashiga bir yil qolganida o‘sha yerlik Olesya ismli bir ukrain qizini yoqtirib, unga uylanib ham oldi. Xizmati tugagach, beso‘roq-bemaslahat qilgan ishidan uydagilari, ayniqsa onasi, qishloqning “Bozorgul kelini” norozi bo‘lishidan cho‘chib, bir-ikki yil Odessada qolib ketdi. O‘rtada farzand yo‘q edi, keyin arzimagan bir sabab bilan xotinini rashk qilib, Olesyani qon qaqshatib, yig‘latib tashlab qishlog‘iga qaytib keldi. Uning bir ish qildimi, to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligidan qat’iy nazar, aytganidan qaytmaydigan odati bor edi. Olesyaning oldiga kelishiga izn so‘rab, yig‘lab-yig‘lab yozgan xatlariga javob ham bermadi. Beto‘xtov xatlardan o‘g‘lining uylanganligini bilib qolgan onasi Bozorgul o‘g‘lim mabodo o‘sha tomonda bolalik ham bo‘lib qolmaganmikan, degan xavotirli o‘yda avvaliga uni o‘z holiga qo‘ydi. Lekin biror yildan keyin uning bolasi bo‘lmaganligiga, o‘g‘li o‘sha tomonlik xotinini olib kelish niyati yo‘qligiga ishonch hosil qilgach, yana avvalgidek sho‘x-beboshligi qolmagan, haliyam yerga ursa osmonga sapchiydigan o‘g‘lini hovuridan tushirib, boshini bog‘lab jilovlash uchun uni uylantirish harakatiga tushib qoldi. Qaytib kelishiga o‘zi rozi bo‘lmagan bo‘lsa ham, Olesyaning ko‘rkam chehrasi, xushbichim qaddi-qomati, qaynoq mehr-muhabbatini unuta olmagan Ikrom onasini ikki-uch yil ovora qildi.
U kolxozning chorvachilik fermasida ishlar, tanish-bilish, qo‘ni-qo‘shni, qavmu qarindoshlar hashargami, to‘ygami yoki boshqa xizmatga aytib qolishsa bormay qolmas, har qanday og‘ir ishni beminnat, o‘zi birpasda ishtiyoq bilan uddalardi. Fermada ikki yuz-uch yuz qoramoldan tashqari saksonga yaqin ot ham bo‘lib, Ikrom otlarga ham qarardi va shu sababli otga mehr qo‘yib qoldi. Uning otga mehri shunchalikka bordiki, hatto ishga ham otda borib keladigan bo‘ldi, o‘n-o‘n besh yil o‘tib peshonasiga mashina bitganda ham mashinaga qiziqmay, uni inilariga berib qo‘ydi, qishin-yozin ot minib yurganligi uchun ismiga “Chavandoz” laqabini qo‘shib “Ikrom Chavandoz”, bora-bora esa shunchaki “ Chavandoz” deb ataydigan bo‘lishdi. Otga ishqibozligidan uloq chopadigan bo‘ldi, bir-ikki yilda manaman degan uloqchilarni ham dog‘da qoldiradigan bo‘lib, ashaddiy uloqchiga aylandi, dovrug‘i uzoq-uzoqlarga taraldi. Keyinchalik yoshi bir joylarga borganda ham shaklu shamoyilini o‘zgartirmagan chapanicha mo‘ylov qo‘yib olgan, yigirma yetti-yigirma sakkizga kirgan, elning nazarida hali bo‘ydoq Chavandoz hammaning, ayniqsa qishloq qizlarining og‘zidan tushmas edi. Xuddi ana shu kezlar u Gavharni uchratib qoldi.
Gavhar qishloqning old qizlaridan bo‘lib, darvozasining turumini ayni sovchilar buzadigan – o‘n sakkiz yoshda edi. U juda chiroyli, orasta, qo‘l-oyog‘i chaqqonligi sabab ne-ne xonadon sovchilari uning eshigiga tanda qo‘yib olishgan edi. Og‘ir-bosiq, boshqa qaqajon qizlarday ko‘p gapirmas, kulsa ham sharaqlab kulmas, bosiqqina, iboli nim kulgisi uni yanayam chiroyli ko‘rsatar edi. Otasi hech qaysi bir uyning sovchilarini hatto umidvor ham qilmasdan qaytarar, uning xaridorlarining soni esa oshgandan oshib borar edi. Chavandoz Gavharni bir kuni to‘yda yaqindan ko‘rib qoldi. Yurak yutdi. Paxta terimi mahali Gavharni kuzatib, u yolg‘iz qolgan mahal oldiga bordi:
– Horma, Gavhar, – dedi. 
Qiz o‘girilib qaradi.
– Bor bo‘ling, – dedi astagina, yana terimga chog‘lanarkan.
– Uyingga sovchi yuboraman, menga tegasanmi, Gavhar?
Qizning yuzi duv qizardi. 
– Otam sizni bebosh bola deydi, sizga bermaydi, – dedi yana paxta terishda davom etib.
Ikrom uning keskin “yo‘q” deb aytmaganligidan qizning ham o‘ziga befarq emasligini sezdi.
– Seni olib qochaman, men bilan ketasanmi?
– Aytibsiz-da, bizning zotda hali hech kim qochib ketib erga tegmagan.
– Sen birinchi bo‘lasan. 
Gavhar ishidan to‘xtab qoshini chimirib, unga yer ostidan qaradi.
– Voy, manovi kishini, qaysi gunohi uchun otamni pichoqsiz so‘yib ketaman, keyin qanday qilib elda bosh ko‘tarib yuradi. Boring, yo‘lingizdan qolmang, odamlar ikkimizni ko‘rsa nima deb o‘ylaydi. 
Doimo Burqut urug‘ining shevasida “Jo‘q, juzumdi juvib je” deb gapiradigan, tutgan joyidan kesadigan Bozorgul avlodining tozaligiga nihoyatda e’tibor berar edi. U faqat yaxshi xonadonlarga qiz berib-kelin olar, quda bo‘lmishlarining avlodlarini uzoq vaqt yaxshilab surishtirar, ayniqsa qizlariga xaridor bo‘lgan tomon didiga o‘tirmasa cho‘zib o‘tirmasdan darhol uzib yuborar edi. Yoshi ulg‘ayib, navbat nevara-evaralarga kelganda ham o‘g‘illari tugul, hatto chiqarib yuborgan qizlarining xonadonlarida ham qiz oldi-bergi ishlari faqat uning ixtiyorida bo‘lardi. Og‘ir-vazmin, kamgap, qishin-yozin mudom ketmoni yelkasida, birga kechirgan umrlari davomida o‘n bir bolaning otasi bo‘lgan, yetti o‘g‘lini ham doimo qavatiga olib, o‘zidek mehnatkash qilib o‘stirgan – eri Mardon xotinining bu ishlariga aralashmasdi. Xotinining shu fe’li uchun ularning qizlariga uncha-munchalarning xaridor bo‘lib kelishga yuragi betlamas, lekin shu bilan birga bu xonadonga quda bo‘lish ham yurtda nihoyatda sharafli, obro‘-e’tiborli hisoblanardi.
Onasi nihoyat o‘g‘lining uylanishga rozilik berganligidan, uning qishloqning eng yaxshi qiziga ishqi tushib qolganligidan xursand bo‘ldi. Gavharning otasi Ikromning sovchilarini bir necha marta rad javobini berib qaytardi. Onasi esa Gavharning ostonasiga yotib oldi. Oxir-oqibat qiz tomon ko‘ndi. Bozorgul qizni kelin qilib olib keldi.
Gavharga uylangan Ikrom uni faqatgina o‘z tabiatiga xos, alohida ehtiros bilan sevdi, xotini uning uchun yagona, go‘yoki husnu latofatda unga teng keladigan boshqa ayol dunyoda yo‘q edi. U yetti qavat osmonlarda uchib yurgandek bir necha yil huzur-halovatda, g‘am-tashvish nimaligini bilmay yashadi. Bir paytlar u Olesyani ham xuddi shunday sevgan edi. Ikromning faqat kitoblarda yoki kinolardagiga o‘xshash bunday beg‘ubor, ehtirosli sevgisini unutolmagan Olesya bejiz ikki-uch yil ko‘zda yosh bilan uning oldiga borishga izn so‘rab, iltijoli xatlar yozmagan edi. Gavharga uylangach endi u Olesyani deyarli unutib yubordi, ahyon-ahyonda Olesya esiga tushib qolganda ham uning haqidagi xotiralari Gavharni uchratgunicha bo‘lganidek yuragini entiktirmasdi. Bozorgul ena ham shu keliniga boshqacha mehr qo‘ydi, zotan Gavharning ro‘zg‘or tutishi, husni-malohati, hayo-ibosi shunga loyiq edi. Ikrom pulning ketidan quvmas, pulning o‘zi uni quvib yurar edi. Ishlab charchamasligi, doimo jo‘shib turadigan kuch-g‘ayrati tufayli u qo‘li bo‘sh bo‘ldi deguncha bir nechta sheriklari bilan paxsaga chiqar, yaxshigina bel otar, boshqalar bitta imorat tiklashguncha, uning to‘dasi ikkita-uchta imoratni qo‘ldan chiqarishardi. Buning ustiga uning og‘ilxonasida katta-kichik moli ko‘p bo‘lar, tomorqasini ham guldek qilib qo‘yar, ko‘pkarilardan ba’zida televizormi, gilammi yoki boshqa biror-bir qimmatbaho solim ham olib kelib turardi.
Gavhar erining topgan-tutganini sarishta qilib qo‘yar, qo‘lida shuncha ko‘p pul bo‘lsa ham ba’zi bir boshqa ayollarga o‘xshab latta-putta yoki tillaga o‘ch emasdi. Faqat Chavandozning onasigina yaxshi ko‘rgan keliniga o‘zi yoki Ikromga tayinlab yaxshi kiyimlikmi, tilla taqinchoqmi oldirar, Gavhar o‘sha kiyim yoki taqinchoqlarni ham to‘y-yig‘imlarga faqat qaynonasining qistovi bilangina iymanib kiyar yoki taqardi. Odatda bolalari, kelinlariga qattiqqo‘l, maqtovga hasisroq Bozorgul ena uni maqtashdan charchamas, qaerga borsa o‘zi bilan Gavharni olib yurar, hatto ba’zi bir oilaviy ishlarini ham shu kelini bilan bamaslahat qilar edi. Kelinining maslahatlari ham doimo jo‘yali bo‘lar, kamsuqumligi va o‘rinli maslahatlari bilan u o‘zi bilmasdan qaynonasining o‘ziga e’tiborini oshirar, yanada suydirar edi. Gavharning epliligi sabab, Chavandoz ikki-uch yil ichida alohida yer olib, dang‘illama uy solib ko‘chib chiqdi, avvaldan aroqni juda yaxshi ko‘radigan Chavandoz ichishni butkul tashlamasa ham, chegaradan chiqmay ichadigan bo‘ldi.
Tabiatan xushchaqchaq, davralarni yaxshi ko‘radigan va o‘zi ham el e’tiboriga tushib qolgan Chavandoz yosh xotini bilan bir necha yil qanday o‘tganini ham bilmadi. Ularning o‘rtalarida farzand bo‘lmadi, bundan Gavhar va Bozorgul ena tashvishga tushib qolishdi. Qaynona-kelin har ikkisi ham tashvishda ekanliklarini avvaliga bir-birlariga bildirishmadi, lekin keyinchalik sabri chidamagan Bozorgul ena o‘zi kelinini yetaklab ikki-uchta ayollar mutaxassislariga olib bordi. Shifokorlar Gavharni yaxshilab tekshirishgandan keyin, erini ham tekshirtirishlarini maslahat berishdi. Bozorgul ena bu gapni o‘g‘liga aytganida u onasining gaplariga parvo ham qilmadi.
– Men soppa-sog‘man, – dedi-yu, onasining hay-haylashiga ham qaramay uydan chiqib ketdi. 
Bozorgulning keyingi urinishlaridan ham naf chiqmadi, o‘g‘li yana o‘jarlik qilib gapga kirmas, haqiqatdan ham o‘zidek kuchli, sog‘lom erkakdan bola bo‘lmasligi mumkin emas deb o‘ylar edi. Shundan keyin Chavandoz xotinining unga bildirmasdan kechalari ba’zida yig‘lab chiqishini sezib qoldi, u ham qaynonasining gaplarini eriga qanday qilib aytishni bilmas, istihola qilar, bundan esa badtar qiynalar edi. Chavandoz xotinining ko‘z yoshlarini ko‘rsa ham ko‘rmaslikka oldi.
Shundan keyin u goh-gohida o‘ziga “Nima uchun o‘rtamizda farzand bo‘lmayapti?” deb savol berar, lekin yana tabiatiga xos qaysarlik bilan “ayb menda emas” degan xulosaga kelar edi. Asta-sekin ularning baxtli hayotlaridan putur keta boshladi. 
– Menga qarang, – dedi Gavhar, – o‘zimizni bir tekshirtiraylik.
– Senam enamga o‘xshab ezma bo‘p qopsan, ko‘p boshimni qotirma, – jerkib berdi Chavandoz.
– Agar bu yaqin-atrofda tekshirtirsak gap-so‘z bo‘lishidan cho‘chiyotgan bo‘lsangiz, tomoshaga borgan bo‘lib, Toshkentda tekshirtirib kelaylik, u yoqda yaxshi do‘xtirlar ko‘p emish, – dedi Gavhar erining jerkib berganiga ham qaramay. 
– Ana pul qo‘lingda, enam bilan borib tekshirtirib kelaver.
– Xudo xayringizni bersin, Toshkent katta shahar bo‘lsa, siz dunyo kezgan odamsiz, o‘zingiz oboring, ayamniyam olamiz...
Ayollarning mashmashalari, ayniqsa enasining qistovlari uni bezitdi, uydan janjal arimay qoldi, shu tariqa u bora-bora Gavhardan soviy boshladi, lekin shifokorlarga borib, o‘zini ham loaqal biror marta tekshirtirishni xayoliga ham keltirmadi. Fikr-mulohazadan ko‘ra ko‘proq ko‘nglining ko‘chasiga qarab ish qiladigan Chavandoz bora-bora avval jonidan ham ortiq ko‘rgan xotinini hatto yomon ko‘rib ham qoldi, bu ishi ham uning jo‘shqin, asov tabiatiga xos edi, turmush qurishganiga sakkiz yildan oshgach, uning o‘n yetti yoshli Oliyaga ishqi tushib qolib, Gavharning javobini berdi. 
Oliya – bir umr kolxozda suvchi bo‘lib ishlab kelgan Ochilning qizi edi. Uning xotini Muqaddam yoshligida bir necha marotaba erga tegib, uzoq-uzoqlarga ham yengiltakligi bilan nom taratgan, oxiri akalari tinib-tinchimagan singillarini jilovlab, merovroqligi sababli yoshi o‘ttizdan oshganda ham hech kim qiz bermagan shu Ochilga uzatishgandi. Yoshi ellikka yetib qolganda ham Muqaddamning qishloqda hali u, hali bu erkak bilan gapi chuvalib turardi. Ularning to‘rt qizlari bo‘lib, Halima, Salima va Olimalar turmushga chiqqan, Oliya – oilaning kenja qizi edi. Qizlarning hammasi husnda shu yoshga kirib ham yoshlik tarovatini yo‘qotmagan onasi Muqaddamga tortishgan, biri-biridan chiroyli, ayniqsa Oliya opalarining ichida judayam boshqacha edi. Yengiltaklikda onasiga tortgan Halima va Salimaning ham boshlari janjaldan chiqmas, Halimaning turmushi buzilib, ikkinchi eri bilan turardi. Faqat Olimagina onasi va opalarining ishlaridan nomus qilib yurar, ularning navbatdagi gaplari chiqqanida borib hammalarini itning oldidan o‘tkazib, urishib-so‘kib kelar, opalariga qo‘shib xotinlarini eplay olishmagan pochchalari yoki otasini ham koyib kelardi. Lekin u o‘z oilasidan hammavaqt ham ortib ulardan xabardor bo‘lolmas, shuning uchun opalari yoki onasi bir muddat tinch yurib, keyin yana o‘z bilganlaridan qolishmas, tez-tez yangi gap-so‘zga sabab bo‘lib turishardi.
Onasi va Gavharning gaplaridan bezib yurgan Chavandoz bir kuni ko‘pkarida Oliyani ko‘rib qoldi. U davradan solimni olib chiqib, tomoshabinlarga yaqin kelib shu tomonga qaraganida Oliyaning ham o‘zi tomon tikilib turganini ko‘rdi, ko‘rdi-yu, qizning benihoya chiroyli chehrasidan ko‘z uzolmay qoldi. Yuragi “jiz” etib ketdi. Chavandozning unga boshqacha qarab qolganligini Oliya ham sezdi shekilli, nozli kulib qo‘ydi. Oliya buni biror-bir narsani o‘ylamasdan, yurgan yo‘llarida ham shunchaki nozlanib yurishadigan opalaridan, onasidan ko‘rib-bilib o‘rgangan tarzda qildi, lekin shu bilan o‘zi ham bilmay Chavandozni ilintirdi-qo‘ydi, uning yuragiga cho‘g‘ tashladi. Keyin esa Chavandoz ko‘cha-ko‘ydami, to‘ydami, boshqa joydami Oliyaning nigohini poylaydigan bo‘ldi, butun fikru-zikri qizda bo‘lib qoldi.
Buni sezgan Oliya ham oralarida deyarli yigirma yosh farq bo‘lishiga qaramay, oxiri nima bilan tugashini o‘ylab o‘tirmasdan, Chavandoz bilan ko‘z urishtirish o‘yinini boshlab yubordi. Gohida duch kelishganda boshqacha salom berib, bir-ikki og‘iz shunchaki gaplashib qo‘yadigan ham bo‘lishdi. Oliyaning ishvalari oxir-oqibat Chavandozning ixtiyorini butunlay olib qo‘ydi, ularning oilasi yengiltakligi bilan nom taratganligiga qaramasdan, Gavharning javobini berib Oliyaga uylanishga qaror qildi. Bir kuni Oliyani xoli topib shu haqda gaplashishdi. Chavandozning dovrug‘igami, pul topishigami, nimasiga uchdi ekan, har qalay oralarida deyarli yigirma yosh farq bo‘lishiga qaramasdan, o‘n yetti yoshli Oliya uning taklifiga rozi bo‘ldi. Ular yashirincha uchrashib, gaplashib yurishdi. 
Gavhar keyingi paytlarda erining o‘ziga rag‘bati yo‘qligidan uning xayoli buzilganligini sezib yurardi. U yana bir necha marta Chavandozga o‘zlarini tekshirtirishlarini yolvorib-yig‘lab so‘radi. Ammo u qanchalik iltijo qilmasin – Chavandoz shunchalik tezroq u bilan ajrashish harakatiga tushdi. Bir kuni ertalab sheriklari bilan uzoqroq bir qishloqqa ishga keta turib otini egarlarkan, dedi:
– Gavhar, endi sen bilan turmushimiz bo‘lmaydi. Men hafta-o‘n kunga ketayapman. Qaytib kelgunimcha uydan nima istasang barini olib otangnikiga bor, ajrashamiz. 
Gavhar ishning ajrashishlarigacha borib yetishini sezib yurar, bu uning uchun kutilmagan narsa emas edi, jiqqa yosh ko‘zlari bilan eriga yer ostidan qarab:
– Qaroringiz qat’iymi, boshqa choramiz yo‘qmi? – dedi.
– Qarorim qat’iy, qat’iy. Bo‘ldi-da endi, – dedi jerkib Chavandoz o‘zi uchun ham nihoyatda qiyin bo‘lgan bu suhbatni ortiq cho‘zishni istamay, – bor pul, tillalaringni, gilammi, boshqami, hammasini olib ketaver. Menga yotib turish uchun bir sidra ko‘rpa-to‘shak tashlab ketsang bo‘ldi.
– Menga hech narsangiz kerak emas. Shu bugunoq bu uyda meni qaytib ko‘rmaysiz.
Bir necha kun o‘tib kechqurun Chavandoz uyiga qaytib kelganida, hovlisi suv quygandek jimjit, birorta derazada chiroq ko‘rinmas edi. U ichkariga kirib, chiroqlarni yoqib hamma xonalarni ko‘zdan kechirib chiqdi. Uyda hamma jihozlar avvalgidek, saranjom-sarishta, hatto Gavharning ko‘chalik kiyimlariyu, tillalari ham joy-joyida turar, taxmon ostida sandiqda ancha pul ham tugilgancha qolgan edi, go‘yo Gavhar biror yoqqa birrov chiqqan-u, hozir qaytib keladiganday. Chavandoz pulni chamaladi, uyda shuncha puli bor deb o‘ylamagan edi, bu pulga hozirning o‘zidayoq yengil mashina olsa bo‘lar edi. Gavhar uydan hech narsa olib ketmagan, u bu uyda o‘zi uchun eng aziz, eng qadrli, hayotining mazmuni, borlig‘i, ya’ni ko‘z ochib ko‘rgan, sevib tekkan erini tashlab ketgan, Chavandozning qaroridan naqadar xafa bo‘lganligini, noroziligini ana shu tariqa izhor qilib ketgan edi. Chavandozning ko‘nglida allaqanday bir xijillik qoldi, undan ko‘ra uyni shipshiydam qilib ketganida ancha yengil tortardi. Bu xijillik goho esidan chiqqandek bo‘lar, gohida esa, Gavharning oldida naqadar katta gunoh qilganligini eslatib, sim-sim qilib yuragini o‘rtab bir necha yil uni tark etmadi.
Ammo shu topda tezroq Oliyaga yetishish istagi uning ko‘nglidagi xijillikdan vaqtincha ustun keldi. Ertasi kuni ertalab yana ishga ketaturib Gavharning tillalarini va tugunda anchagina pulni olib, inilaridan biri Nizomnikiga bordi-da, uning xotinini chaqirib:
– Kelin, mana buni enamga bergin, Gavharga berib qo‘ysin, men uning javobini berdim, u otasinikiga ketgan, – dediyu, kelinini hangu-mang qoldirib otini yo‘rttirib ketdi. 
O‘g‘lining bu qilmishidan darg‘azab bo‘lgan Bozorgul ena uni izlattirdi, lekin uzoqqa ishga chiqib ketganligidan uni topa olmadi.
 Chavandoz uchun eng muhimi hozir tezroq Oliyaga yetishish edi, u shu ishtiyoq bilan yonib yurar, Oliyani olib kelguncha onasining ko‘ziga ko‘rinishni xayoliga ham keltirmas edi. Oliyani olib kelsin, keyin nima bo‘lsa bo‘lar. Bir-ikki kundan keyin kechqurun Oliya bilan gapni bir joyga qo‘ydi-da, uning onasini chaqirib:
– Muqaddam opa, men Oliyaga uylanmoqchiman, Gavharning javobini berib yubordim. Enamning fe’lini bilasiz, u to‘y qilgani qo‘ymaydi. Xalqning ko‘zi oldida men xuddi qizingizni olib qochib ketgan bo‘lay, to‘yni keyinroq qilamiz. Hozircha mana buni olib turing, – dedi-da unga tugunchada pul berdi. Qizi bilan Chavandoz allaqachon gaplashib yurishganligidan xabardor, buning ustiga katta pulni ko‘rgan Muqaddam darrov rozilik berdi-qo‘ydi.
 Chavandoz o‘sha kuni kechasiyoq Oliyani uyiga olib keldi. Darvoza eshiklarini tambalab, ikki-uch kun uyidan chiqmadi. O‘g‘lining oxir-oqibat uyida ekanligi, Oliyani obqochib kelganligidan xabar topgan Bozorgul ena darvozasiga kelib jon-jahdi bilan taqillatdi.
– Ikrom, och darvozangni, uyda ekanligingni bilaman, tokay mendan qochib yurasan, yo devor oshaymi, – degach, Chavandoz chiqib darvozani ochdi.
Kampir ko‘zlari bilan teshib yuborgudek Chavandozga tikilib qaradi, u enasining qahrli ko‘z qarashlariga dosh berolmay nigohini yerga qadadi.
– Hov nodon bola, sen nima p... jeb juripsan, sen hali mening Gavharimdi bir bo‘lak ko‘mirga alishdingmi? Menga berib yuborgan matohlaringdi boshiga uradimi u? – shunday deb Bozorgul ena tugunlarni Chavandozning oyog‘i ostiga otib yubordi. – O‘zi-ku, uni senga olib berguncha ena sutim og‘zimga keluvdi, enam yana qaysi yuz bilan Gavharning oldiga boradi, qudalarining yuziga qanday qaraydi deb o‘ylamadingmi? U – o‘z oti bilan o‘zi Gavhar edi, bunday ayolni yurtti yuz yil piyoda kezib ham tovalmaysan. Manovi yuzsiz hashtaringning javobini berib, darrov borib kelinimdi qaytarib olib kel, keyin Toshkentga borib, o‘zingdi katta do‘xtirlarga ko‘rsat, hamma ayb o‘zingda.
– Ena, bo‘lar ish bo‘ldi, – dedi Chavandoz onasining yuziga qarolmasdan, – men Gavharni olib kelmayman, Oliyaniyam eltib qo‘ymayman. Men soppa-sog‘man, mana ko‘rasiz.
– Shu gaping – gappa?
– Gapim gap, ena. Pul bilan tillalarini Gavharga oborib bering, yo birovdan berib yuboring.
– Hov bevosh bola, bilib qo‘y, men bu zoti pastlardi urug‘ini yaxshi bilaman. Sen bilan yuz yil umr qilsa, o‘lib qolganda bir marta ko‘zingga cho‘p tashlaydi. Hali Gavharimdi uvoli tutmasa seni, qirchiningdan qirqilgur, juvonmarg, – kampir shunday deb o‘g‘lining yuziga “qars” etib shapaloq tortdiyu, keyin darvozadan chiqib ketdi. Cho‘rtkesar, ushlagan joyidan kesadigan Bozorgul ena o‘g‘lining ham o‘ziday bir so‘zli, aytgan gapidan qaytmasligini yaxshi bilar edi. Ammo ena bir ishni qilguncha, bir gapni aytguncha ming mulohaza qilsa, Chavandoz ko‘nglining hoyu-havasi bilan ish qilar, bu jihati bilan u onasiga butunlay o‘xshamas edi.
Gavhar otasining uyida necha-necha xaridorlarning javobini berib ikki yil yurdi, Bozorgul baribir shungacha Ikromni Oliyaning javobini berib, Gavharni qaytarib olib kelishga ko‘ndirmoqchi bo‘lib ko‘p urindi. Ikki yildan keyin u xotini o‘lib, ikki yosh bolasi bilan beva qolgan qishloqning ustasi – Jabborqulga tegib ketgandan keyingina o‘g‘lini tinch qo‘ydi. Bozorgul ena naqadar diydasi qattiq, badjahl ayol ko‘rinmasin, bolalarining hammasini ham o‘zlariga bildirmasdan sevar, lekin o‘g‘illarining to‘ng‘ichi bo‘lgan Ikromga mehri bo‘lakcha edi, bu og‘ir gunohi uchun u o‘g‘lidan butunlay voz kechib-ku ketolmadi, ammo unga bo‘lgan munosabatini butunlay o‘zgartirdi. Qaytib Chavandozning uyiga qadamini bosmadi, unga bemuruvvat bo‘ldi, oilaviy yig‘inlarda ham opa-inilari, kelinlari, kuyovlarining oldida unga qo‘rs muomalada bo‘lar, ko‘pincha “hamma gapirsa ham sen jim o‘tir” deb uni cho‘qib turardi. Oliyani esa kelini sifatida mutlaqo qabul qilmadi. Uning qo‘lidan bir piyola choy ichish tugul, hatto birovlarning to‘y-ma’rakalarida ham o‘zi o‘tirgan dasturxonlarga yo‘latmadi, kelinlari, qizlariga ham Oliyani uylariga chorlashlarini butunlay taqiqladi. Faqat besh-olti yil o‘tibgina bolalari Chavandozning yuzidan o‘tolmay Oliyani kampirdan yashirincha chaqira boshlashganligini bilib, o‘zini bilmaganlikka oldi. Ba’zida u kamdan-kam bo‘lsa-da Chavandozning uyiga zarurat yuzasidan borar, shunda ham darvozadan kirmasdan gapini aytib qaytar, o‘g‘li uyida bo‘lmasa gapini Oliyaga “hov, Ikromga aytib qo‘y, unday qilsin” kabilida topshirar, biror marta bo‘lsin, Oliya yoki “kelin” deb aytmas edi. Holbuki Gavhardan boshqa hamma kelinlarini ismi bilan, faqat Gavharnigina “kelin” yoki “Gavhar kelin” deb chaqirar edi.
 Chavandoz Oliya bilan ham huv bir paytlar Gavharga uylangan paytlaridek yana rohat-farog‘atga sho‘ng‘ib ketdi. Oliya ayniqsa kelinlik libosida o‘n kelinga tatir edi, u Chavandozning ko‘ziga naq o‘t-olov bo‘lib ko‘rinar, Gavhardan farqli o‘laroq his-tuyg‘ularini ko‘p yashirib ham o‘tirmas, “qush uyasida ko‘rganini qiladi” deganlaridek, onasi, ikki katta opasidan erkak zotini sehrlab, ixtiyorini qo‘ldan olish san’atini yaxshi egallagan, shuning uchun Chavandoz uning noz-g‘amzasini, navozishlarini darrov sog‘inib qolar, sheriklari bilan uzoqroq joyga ishga chiqib ketsa ham ishlagan joyida yotib qolmas, nari borsa ikki kun o‘tmasdan kechasi uyiga kelib ketar edi. 
Uning halovatiga faqatgina uch-to‘rt yil o‘tib, ya’ni Gavhar farzandlik bo‘lganligini eshitgachgina putur yetdi.
Ko‘z ochib ko‘rgan eri bilan turmushi buzilganligidan qattiq iztirobda yurgan, tirnoqqa zor bo‘lib, tushlarida necha martalab beshik tebratib bola allalab chiqqan, tabiat har bir ayolga ato etadigan onalik mehridan hali bir misqoli ham sarflanmagan Gavhar Jabborqulning sakkiz yoshlik maktabga boradigan qizchasini, besh yoshlik o‘g‘lini xuddi o‘z bolalaridek ko‘rdi, ularni oq yuvib, oq tarab, bolalarining ham, Jabborqulning ham mehrini qozondi, elning og‘ziga tushdi. Evaziga taqdir uni ham siylab biror yilda o‘zi ham farzandli bo‘ldi, orqa-oldi bola bilan to‘lib, ayollik baxtiga to‘kis yetishdi.
 Chavandoz Gavharning farzandlik bo‘lganligini eshitib, gangib qoldi, ichidan go‘yo bir nima uzilib ketgandek bo‘ldi. Yo‘q, bu Gavharga nisbatan hasad emasdi, balki shu paytgacha yuragining to‘rida g‘imirlab yurgan, u ehtimolki soxta mag‘rurlik bilan tan olgisi kelmay “balkim ayb o‘zimdadir” degan fikrning endi baralla portlab xayoliga kelganligi edi. Shunda u Olesya bilan ham o‘rtalarida farzand bo‘lmaganligini, Olesya homilador bo‘lish ilinjida oilasini mustahkamlashga qanchalik uringanligini, homilador bo‘lavermagach, naqadar tashvishga tushib qolganligini esladi. Agar o‘shanda arzimagan bahona bilan Olesyani tashlab kelmaganida u ham Ikromga “o‘zimizni tekshirtiraylik” degan gapni aniq aytgan bo‘lardi. 
 Chavandoz umrida birinchi marta chinakamiga sarosimaga tushib qoldi. U avval Oliyaga ayollar shifokoriga borib o‘zini tekshirtirishini aytdi. Oliya tekshirishlardan o‘tib, o‘zida nuqson topilmaganligini aytgach, yaqin atrofdagi shifokorlarga borsa gap-so‘z tarqalib ketishidan cho‘chib, o‘ynab kelish bahonasida Toshkentga borib o‘zini tekshirtirdi. Tekshirish natijalari esa xuddi o‘zi xavotir olib yurganidek, ya’ni ayb Chavandozning o‘zida bo‘lib chiqdi, eng yomoni, shifokor unga “besh-olti yil avval kelganingizda jarrohlik amaliyoti bilan dardingizni tuzatar edik, endi kech qolibsiz” degani bo‘ldi. Yoshi qirqdan oshgunicha o‘ylov, dardu alam nimaligini bilmagan Chavandoz uchun bu qismatga ko‘nikish og‘ir edi, u iztirob ichida qoldi. Har safar Gavharning yana farzand ko‘rganligini eshitganida ichidan zil ketar, uning dardiga davo yo‘q, chorasizligidan nafaqat shuurini, balki vujudini ham o‘rtagan alamini ichkilikdan olar edi. Ammo-lekin tillaga ko‘milib, eng so‘nggi urf bo‘lgan yaltiroq liboslar kiyib, davralarda bir gapirib-o‘n kulib, hammani o‘ziga qaratib yurgan tannoz Oliyani esa o‘rtalarida farzand yo‘qligi zarracha ham tashvishga solmasdi. U biror to‘y-hashamdan qolmas, Chavandoz obqochib kelgan o‘sha paytlardagidek o‘yin-kulgudan, xotinlarning yig‘inlaridan bo‘shamas edi. 
O‘zi tengilar qiz chiqarib, o‘g‘il uylantirib, nevara ko‘ra boshlagach, Chavandoz jiyanlaridan birortasini o‘z uyiga olib kelish payiga tushib qoldi, lekin buning uchun avval onasining roziligini olishi lozim edi. U ming bir o‘ylov ichida boshini egib onasining oldiga bordi, cho‘rtkesar kampir uning gapini eshitishni ham xohlamadi. Uning oldidan Chavandozning lattasi suvga tushib qaytdi.
– O‘zing pishirgan osh, qanday jesang jeyver, mening u hashtariga berib qo‘yadigan bolam yo‘q, – dedi momo. – Menga qolsa u zoti pastga eshigimdagi itimning yalog‘iga bir kosa yuvindi ham soldirmas edim, bir senga qolganda dar qoldim-da. U yuzsizingning o‘zi kim-u, uning qo‘lida tarbiya topgan bola nima bo‘lardi. Bor, bu narsani xayolingga ham keltirma, bu masalada mening oldimga qaytib qadamingni bosma...
Enasining oldidan dili og‘rib qaytgan Chavandozning endi Oliyaning jiyanlaridan birortasini olib kelishdan boshqa chorasi yo‘q edi. Oliya bunga rozi bo‘ldi, hatto xursand ham bo‘ldi, Salima opasining to‘rt-besh yashar bir qizchasini olib kelishdi. Avvaliga Oliya uni erkalab qo‘g‘irchoqdek kiyintirib o‘zi bilan birga olib yurdi. Biroq go‘dak bola qo‘g‘irchoq emas, uni zerikkanda tokchaga olib qo‘yib bo‘lmas edi. Qizcha gohida shamollab betob bo‘lib qolar, bunday paytlarda shirin uyqudan kechib uni parvarish qilish kerak, bolaga doimo e’tibor darkor edi, bu esa xotin-xalaj davralarining guli bo‘lib yurgan satang, Oliyaning tabiatiga to‘g‘ri kelmasdi. “Ko‘nikolmadi” degan bahona bilan jiyanini yana opasinikiga qaytarib eltib qo‘ydi. To‘g‘ri, u shundan keyin ham jiyanini tez-tez olib kelib, o‘zi bilan yana u yer-bu yerga olib borib yurdi, lekin uni farzandlikka qabul qilmadi. Chavandozning xotinidan zehni koyidi. Ha, hamma bola tug‘magan ayol ham Gavhardek bo‘lolmas ekan-da, yana uning oldidagi gunohkorlik hissi bag‘rini o‘rtagandan-o‘rtadi. Jiyanini Oliyaning o‘zi qabul qilishni xohlamadimi, uni bunga majbur qilish befoyda edi. Chavandoz oxiri bungayam ko‘nikishdan boshqa iloji qolmadi. 
Ammo bu hali bir-ikki marta turmushi buzilgan, befarzandlik dardi bag‘rini kemirib yurgan Chavandozning peshonasiga bitilgan ko‘rgiliklarning hammasi emas edi. 
Qishloqda uloqchilar ko‘p bo‘lib, ulardan biri Egamberdi edi. Egamberdi Chavandozdan yigirma yoshlar chamasi yosh bo‘lib, o‘ttiz besh-o‘ttiz olti yoshlarda, baquvvat gavdali, chapdast uloqchilardan hisoblanar, asta-sekin uning ham dovrug‘i ko‘pkari ishqibozlari o‘rtasida keng tarqalib borayotgan edi. Egamberdi nafaqat chapdast uloqchi, balki mastu-bemast to‘ylarda bir-ikki kishini urib og‘zi-burnini qon qilgan, bundan tashqari shilqimlik qilib ayrim xotin-qizlarni yo‘ldan urgan, shu qiliqlari tufayli bir-ikki ro‘zg‘orni buzganligi bilan ham nom chiqargan edi.
Bir kuni qishloqdagi bir to‘yda Chavandoz shirakayf Egamberdining davradan chiqib keta-keta, bazmxonaning ayollar o‘tirgan tomoniga qarab tirjayib borayotganligini ko‘rdiyu, u kim bilan ko‘z o‘yini qilayotgan ekan, degan qiziqish bilan o‘sha tomonga qaradi. Qaradiyu, laqqa cho‘g‘ni yutgandek ichini bir nima kuydirib ketdi: Egamberdiga kishi bilmas qarab, noz-karashma qilib ko‘z suzayotgan ayol – Oliya edi! Chavandozning g‘azabdan ikki chakka tomirlari lo‘qillab, ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi. “Hali senlarmi Ikrom Chavandozni laqillatmoqchi bo‘lgan ifloslar”, deb o‘yladi g‘azabini atrofdagilarga sezdirmasdan qo‘llarini musht qilib.
 Chavandoz yoshlikdagi kuchi-shijoatini hech bir kamaytirmay saqlab qolganligi bilan, avvalgi o‘ta qiziqqonliklarini yenggan, hatto eng katta ko‘pkarilarda ham hamma sovrinlarni o‘zi olishiga ko‘zi yetsa ham, boshqalarga ham dovni berar, qo‘rda yolg‘ondakam aylanib yoki o‘zini uloqni olmaganga solib, chekkaga chiqib ketar, bu ishni faqat davrani qizdirish uchun qilar, u ochko‘z emasdi. U davraga uloqni olish uchun emas, tortishish, zavq-shavq, huzur bag‘ishlash uchun tushar edi. Oxirgi bir-ikki ko‘pkarilarda Egamberdiga ham bir-ikki marta uloqni yolg‘ondakam tortishib, berib yuborgan edi. Keyinchalik bir-ikki davrada Egamberdining uning ortidan “Chavandozni – Chavandoz qilgan asli Sodiq cho‘ponning bo‘z oti edi, endi har ikkisi ham qarib, qirchang‘i bo‘p qolgan” deb kulgi qilganligi ham qulog‘iga chalingan, bu gaplar andak uning hamiyatiga tekkan bo‘lsa ham, keyinchalik Egamberdi bilan teng bo‘lib yurmasdan, e’tibor qilmay ketgan edi. Shuning uchun ekan-da, bu o‘ziga bino qo‘ygan axmoq Chavandozni qariganga chiqarib, o‘zini tengi yo‘q uloqchi tarashlab uning dovrug‘iga egalik qilmoqchi, endi esa hatto xotiniga ham ko‘z olaytirishgacha borib yetipti-da, ablah...
Ularning bu ko‘z urishtirish o‘yinlari Egamberdining davrani aylanib chiqib ketgunicha bir necha daqiqa davom etdi va Chavandoz uning o‘zidan mamnun holda, shirin xayollar og‘ushida miyig‘ida kulib chiqib ketganligini ko‘rdi. Chavandoz Oliya tomonga qaradi, uning yuz-ko‘zida ham xuddi shunday mastona xushnudlikni ko‘rdi. Uning bu qilig‘i – shubhasiz, borib turgan to‘qlikka sho‘xlikning o‘zginasi edi, chunki Chavandoz hali o‘zida zarracha qarilik alomatlarini sezgan emas, o‘zining ehtiroslari Oliyaning ehtiyojlarini ortig‘i bilan qondirishini aniq bilar, ellik besh-ellik olti yoshga kirib ham hali boqilgan ho‘kizdek baquvvat, uncha-muncha yigitlar havas qilgudek kuch-shijoatga ega edi.
Shu kunlarda Chavandoz sheriklari bilan bir katta imoratni ko‘tarish uchun kelishib olishgan, o‘n besh-yigirma kunga uzoqroq joyga ketishi kerak edi. Endi u bunday qilolmas, xotinini qo‘riqlash lozim edi, chunki bu ko‘z urishtirishlardan keyin o‘zining iflos niyatini amalga oshirish yo‘lida Egamberdi eng birinchi imkoniyatini qo‘ldan chiqarmasligi aniq. Chavandozning ishga yotoq bilan chiqib ketishi esa uning uchun ayni muddao bo‘lar edi. Chavandoz keyingi kunlarda Oliya u bilan to‘shakda birga yotsa ham, xayoli boshqa yoqda ekanday ko‘ringanligini esladi, ularning bu o‘yinlari chamasi faqat endigina boshlangan, oralarida hali boshqa hech narsa bo‘lmagan edi.
 “Huv qanjiq, qazisan, qartasan, asli zotingga tortasan, onang jalab edi, sen ham o‘shaning bolasisan-da” degan xayol o‘tdi ko‘nglidan. Avvaliga u ishga ketgan kishi bo‘lib, kechasi ularni poylab qo‘lga tushirib, har ikkisini chavaqlab tashlamoqchi bo‘ldi. Biroq shu yoshga kirib orttirgan endigi hayotiy tajribasi unga yoshlik paytlaridek achchiq ustida bir ish qilmaslikka, birpas sabr qilib, keyin fikr-mulohaza bilan ish ko‘rishga o‘rgatgan edi. Chavandoz to‘ydan sir boy bermasdan xotini bilan qaytdi-da, bu ikkalasining qanday qilib ta’zirini berish ustida bosh qotira boshladi... 
Qishloqdagi qariyalar ichida eng yoshi ulug‘i – Pirnazar cho‘ponning to‘rt o‘g‘li, o‘nga yaqin o‘zini tutib olgan nevaralari qariyaning sakkiz muchali, ya’ni to‘qson olti yoshiga ikki-uch mol so‘yib, yurtga avval nahorga halisa, keyin esa katta ko‘pkari bermoqchi bo‘lishdi. Ko‘pkariga gilam, televizor, mayda-katta moldan tashqari bir “Jiguli” yengil mashinasi ham atashipti.
Ikrom ertalab otiga mindi-da, yoshlikdagi do‘sti Sodiq cho‘ponning oldiga bordi. Sodiq o‘g‘illari bilan dashtdagi yerda dehqonchilik qilar, ikki yuzdan oshiq qo‘yi, o‘ttiz-qirq bosh moli va to‘rt-beshta oti bor edi.
– Ha, Chavandoz, bu tomonlarga sira kelmas eding, biror bir darding bormi deyman-da, – deb kulib qarshi oldi do‘stini Sodiq. 
– Go‘zal qaerda, Sodiq? 
Go‘zal o‘sha Egamberdi aytgan, Sodiqning bir paytlarda dong taratgan uloqchi bo‘z oti bo‘lib, biror yildan beri Sodiq yaxshi ko‘rgan otini ayab, endi qaridi deb, ko‘pkarilarga olib chiqmas, shuning uchun uni xalq orasida ko‘pkariga butkul yaramaydigan qari qirchang‘iga chiqarib qo‘yishgan edi. Chavandoz do‘stining bu otida ham ko‘p martalar solimlar olib o‘zining ham, Go‘zalning ham dovrug‘iga dovruq qo‘shgan edi.
– Ha, Pirnazar buvaning to‘yigami, o‘zingning oting undan o‘n chandon yaxshi-ku, bu bir qari ot bo‘lsa, – dedi Sodiq.
Ular bo‘z otning oldiga kelishdi, Chavandoz otni yaxshilab ko‘zdan kechirdi. Ot o‘t chaynashdan to‘xtadi, ko‘kragini kerib qulog‘ini chimirdi va tek qotdi, u Chavandozni tanigan edi.
– Bekor aytibsan, o‘zing qarib qopsan, – dedi Chavandoz otning tetik, hali ko‘pkari chopishga ishtiyoqi borligidan mamnun bo‘lib. Chavandozning doimo cho‘ntagida ot uchun bir hovuch oqqand olib yuradigan odati bor edi, uch-to‘rt chaqmoq qand olib otga tutdi, – Abdullani chaqir.
Abdulla Sodiqning kenjasi bo‘lib, yoshi o‘n yettilarda, hamma o‘g‘illarining ichida otga, ko‘pkariga havasi boshqacha, o‘zining ham uloqchi bo‘lish istagi kuchli edi. Chavandoz esa uning nazarida go‘yoki dostonlardagi qahramonlarning biri, u astoydil ixlos qilgan kishilardan edi, kelib iljayib, yuzida ehtirom ifodasi bilan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib Chavandozga salom berdi.
– Qani, otga min-chi buvasi, – dedi Chavandoz uning salomiga alik olib, – yo‘rttirib huv anov tepani bir aylanib kel.
 Chavandoz ko‘rsatgan masofa anchagina edi. Abdulla aytilgan joydan otni aylantirib kelganda, do‘stlar ikki otimdan nos chekib ulgurishgan edi. Chavandoz otning bo‘yni, sag‘risini ushlab ko‘rdi, ot terlamagan, faqat badani endi qizigan edi.
– Gap bunday, Abdulla, – dedi Chavandoz yonidan bir dasta pul chiqarib, – mana buning hammasiga arpa bilan quruq beda olasan. Ertalab bir shokosada, kechqurun yana bittada arpa berasan. Otni har kuni ertalab hozirgiga to‘rt yuz-besh yuz qadam qo‘shib, yo‘rttirib bir aylantirib kelasan, har kuni bir siqimdan arpani ham ko‘paytirib borasan. O‘n kunlardan keyin ho‘l o‘t bermasdan, istaganicha faqatgina quruq bedaga tutasan, bu paytda arpani yetti-sakkiz kosaga yetkazasan. Lekin aylantirib kelganingdan darrov suv tutma, badani sovisin, boshqa mahal suv doimo oldida tursin. Ikki-uchta shaharlik oyimtillalar cho‘milganda ishlatadigan katta idishdagi shampundan olib kelib, otni cho‘miltirib tur, pulni ayama, buvasi. Men o‘n kundan keyin xabar olaman.
– Chavandoz, pulingni olib qo‘y, – dedi Sodiq, – har qalay ot meniki-ku, arpayam, bedayam dehqonchilik...
– Hali sen ham ko‘rasan, ayagan qari otingning nimalarga qodirligini, pulni ol dedimmi, ol.
 Chavandoz aytilgan kuni kelib otni ko‘rdi-yu, ishonchi yanada ortdi. Ot go‘yoki to‘rt-besh yoshga yasharganday yurishlari yengil, charchamas-terlamas, badani oftobda chinniday yaltirar, sag‘risi va o‘mrovlari et olib, picha ko‘pchigan edi. Endi uni ana shu holatda ushlab turilsa bo‘ldi edi. 
– Endi arpani to‘rt kosadan oshirma, – dedi Abdullaga, – suv, quruq beda oldida tursin, o‘sha aytgan masofadan har kuni bir aylantirib kelasan. Ko‘pkari kuni uni o‘zing minib borasan. Tamom. 
Solimning kattasi yengil mashina ekanligini eshitib, ko‘pkariga uzoq-yaqindan uloqchilarning “manaman” deganlari yig‘ilishdi.
Mashina ilinjida tashrif buyurishgan ko‘pchilik kuchli uloqchilar qatori Egamberdi ham ko‘pkarining oxirini, ya’ni dovga mashina tikilishini kutib turdi. Chavandoz bir-ikki marta davra ichiga kirib, Go‘zalning badanini salgina qizdirib, uni kurashga tayyorlab turdi. Oxirida mashina uchun alohida uloq tashlandi, uloq ham sovringa yarasha, ya’ni uloq emas, ikki yashar serkaning bir yarim pud keladigan tanasi edi.
Kurash boshlandi.
Bu davra uzoq davom etdi, asta-sekin kuchlilarning ham kuchlilari saralanib, mashina ishtiyoqmandlarining yarmi chekkaga chiqib ketdi, shunday bo‘lsa ham oradan yarim soat o‘tsa hamki, davrada saksonga yaqin ot bor edi. Otlar gir aylanib, davra ko‘chib yurar, tuyoqlar ostidan chiqqan chang ko‘kka o‘rlagan, tomoshabinlar ba’zan to‘zonda uloqchilarni taniyolmasdan ham qolishardi. Yiqilgan kim, qo‘l-oyog‘i ezilganu, qosh-qovog‘i yorilgan kim, kurash ayovsiz borar, davrada borgan sari eng kuchlilar qolayotgan edi.
Egamberdi davrani yorib, uloqqacha yetib borganda Chavandoz ham davrada, uning uloqni qo‘lga kiritishini kutib turardi. U Egamberdini ko‘zdan qochirmas, uning har bir harakatini kuzatar, uning usullarini yaxshi bilsa ham, yana zaif tomonlarini ilg‘ashga harakat qilar edi. Shu bilan birga Chavandoz uning yirik gavdasiga yarasha jismonan baquvvatliliga, mahoratiga ham amin bo‘ldi, lekin bu Chavandozni cho‘chitmas, har qalay o‘zidagichalik tajriba Egamberdida hali yo‘qligiga uning ishonchi komil edi.
Egamberdi mo‘g‘ulbashara bir uloqchi bilan uzoq tortishdi, Chavandoz mo‘g‘ulbasharani tanimadi, u chamasi uzoqroqdan kelgan, pixini yorgan uloqchilardan ekanligi uning har bir xatti-harakatidan ko‘rinib turardi, raqibining uzoq yo‘l yurib kelgan otida charchoq alomatlarini sezgan Egamberdi uni rosa aylantirib holdan toydirdi, nihoyat mo‘g‘ulbasharaning oti pand berdi, olomonning hayqirig‘i ostida Egamberdi undan uloqni tortib oldi. 
Endi Chavandozning gali kelgan edi. Chavandoz Egamberdi ham, oti ham haliveri charchamasligini ko‘rib turar, endi nafaqat kuch, balki mahorat va tajriba kimda bo‘lsa – o‘sha g‘olib bo‘lar edi. U bir qadar uzoqda bo‘lsa ham Egamberdining oldiga yetib oldi-da, uloqni mahkam ushlab oldi. Egamberdi oldida Chavandozni ko‘rdi-yu, miyig‘ida kulib qarshi oldi, bu uning uchun ham ayni muddao edi. Hozirgina mo‘g‘ulbasharadan uloqni tortib olganligi uni mamnun qilgan, o‘ziga ishonchini yanada oshirgan edi, u Chavandozga masxaraomuz, bepisandlik bilan boqdi, paytdan foydalanib raqibini to‘rt-besh ming kishilik xalqning ko‘z o‘ngida sindirib, uning dovrug‘iga hoziroq bus-butun ega chiqmoqchi bo‘ldi. 
Xuddi ana shu narsa, ya’ni – raqibini pisand qilmaganligi unga pand berdi. U Chavandozdan osonlikcha qutulib ketaman deb o‘ylagan edi. Chavandoz uloqni omburdek qo‘llari bilan mahkam ushlab olgan, Egamberdi bor kuchini ishga solib, jon-jahdi bilan harakat qilsa ham naf bermas edi. Buning ustiga Chavandoz o‘rtalariga boshqalarni yaqinlashtirmaslik uchun otini shunday aylantirar ediki, hech kim ularga yaqinlasha olmas, Egamberdi ham unga qo‘shilib aylanishga majbur edi. U Chavandoz bunday baquvvat otni qaerdan oldi ekan degan xayol bilan razm tashlab, o‘zi allaqachon qari qirchang‘iga chiqarib qo‘ygan bo‘z ot, Go‘zalni tanib qoldi, bu uni tang qoldirdi, Chavandoz uning bor-yo‘qligiga ham e’tibor qilmay, uloqni mahkam ushlagan ko‘yi, tortib olishga ham harakat qilmasdan, asabiga tega boshladi. Faqat shundagina Chavandoz uning jig‘iga tegayotganligini, ko‘p ming kishilik tomoshabinlar oldida uni yosh boladek o‘ynatayotganini sezib qoldi. Davra tomoshabinlarga yaqin kelib qolgan, tomoshabinlar tomonidan, mikrofondan “ha Chavandoz, bo‘sh kelmang”, “Yashang Chavandoz” degan olqishlar eshitilar, avval bunga e’tibor bermagan Egamberdi, bora-bora bundan g‘azablanib, sarosimaga tushib, o‘zini idora qilolmay, o‘rinli-o‘rinsiz harakatlar qila boshladi. Ana endi Egamberdini davradan olib chiqish fursati yetgandi. Chavandoz otini aylantira-aylantira, egarga teskari o‘tirib olganicha Egamberdini davradan sudraklab olib chiqdi, keyin har ikki uloqchi bir-birlariga jips yopishgancha qir tomonga qarab yeldek uchib ketishdi. O‘ziga ortiqcha bino qo‘ygan Egamberdining Chavandozga yetishiga yo‘l bo‘lsin. To‘dadan yetarli darajada uzoqlashishgach, Chavandoz bir-ikki aldamchi harakatlar qilib, uloqni undan shunday tortib oldiki, katta tezlikda ketayotgan Egamberdi otdan uchib ketdi, bir oyog‘ini uzangi ilib qolib ot surgab ketdi. Chavandoz uning otini jilovidan ushlab olib to‘xtatdi, oyog‘i biroz shikast yedimi yoki gavdasi og‘irlik qildimi, Egamberdi hadeganda oyog‘ini uzangidan chiqarib o‘zini o‘ngara olmadi. Nihoyat u oyog‘ini chiqarib olganda Chavandoz egilib uning yoqasidan ikki qo‘llab tutib yuz o‘n kilolik gavdasini dast ko‘tardi.
– Chavandozdan uloqni oladigan mard topilsa topilar, lekin uning orini sindiradigan nomardni enasi hali tuqqanicha yo‘q. Qadamingni bilib bos so‘tak, agar yana biror bejo harakatingni sezib qolsam, naq ostingdagi ikki bezingni uzib olaman, ho‘v it emgan, – dedi-da eski po‘stakni uloqtirgandek otib yubordi. 
Xaloyiqning olqishidan yeru-osmon guldurab ketdi, ko‘pkari o‘tkazilayotgan qir larzaga keldi.
Egamberdi alamidan titrab-qaqshab, ikki qo‘li bilan yerni mushtlab, ko‘kragini yerga berganicha, boshini ko‘tarolmay qoldi.
 Chavandoz uloq bilan tomoshabinlar oldiga yaqinlashganda xaloyiqning orasidan ko‘zi bilan Oliyani izlab topdi, Egamberdi bilan Chavandozning o‘rtasidagi tortishuvni hayajon bilan kuzatib turgan, xayolan bu bahsda eridan ancha yoshligi uchun Egamberdini allaqachon g‘olibga chiqarib qo‘ygan Oliyaning ko‘zi eri bilan to‘qnashdi.
 Chavandoz shu kuni xaloyiqni ketma-ket bir necha ishi bilan qoyil qoldirdi. Qari otda Egamberdining ta’zirini berdi. Asosiy sovrin – mashinani yutib oldi. Ammo Pirnazar bobo o‘z qo‘li bilan mashinaning kalitini Chavandozga topshirgach, u mikrofondan Sodiqni chaqirib oldi, Sodiq oqsoqollarning oldiga kelganida Chavandoz kalitni uning qo‘liga tutdi.
– Sodiq, ma do‘stim, ot seniki edi, solim ham seniki. – Xaloyiq yana gulduros qarsak va hayqiriqlar bilan Chavandozni olqishladi.
“Bunday mardlikni faqat Chavandoz qila oladi!”. 
“Balli Chavandoz, yashang!” Olqishlar ostida u davradan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, Sodiqni hangu mang qoldirib chiqib ketdi. 
Oliya Chavandozning o‘ziga tushgan qahrli nigohidan uning hamma gapdan xabardor ekanligini, endi navbat o‘ziga kelganligini tushundi, tushundiyu dahshatdan yuragi orqasiga tortib ketdi. Darhol uyiga keldi-yu, o‘zini qo‘yarga joy topolmay, dir-dir titrab-qaltirab, erining kirib kelib ta’zirini berib qo‘yishini, keyin esa, sharmanda qilib haydab yuborishini kuta boshladi.
Lekin Chavandozdan darak bo‘lmadi. U kechqurun allamahal kelganida Oliya yuragi hapriqib televizor ko‘rib o‘tirar, ko‘zi televizorda bo‘lsa ham nima ko‘rayotganligini anglamas, xayoli Chavandoz bilan bo‘ladigan uchrashuvning oqibati nima bilan tugashi mumkinligini o‘ylab o‘yiga yetolmas edi. Oliya erini tik turgan ko‘yi, qo‘rquv ichida jimgina kutib oldi, Chavandoz yechindi, xonani aroq hidi tutib ketdi.
– Chiroqni o‘chir, – dedi u ko‘rpaga kirarkan. 
Oliya Chavandoz urmay-so‘kmay ertalabgacha go‘yo uning tanidan jonini sug‘urib oldi. Erining avvallari huzurbaxsh bo‘lgan temirdek og‘ushida Oliya qafasga tushgan qush holiga tushdi, ertalabgacha azob ichida to‘lg‘anib, uning qahrli extiroslaridan suyak-suyaklarigacha tegirmonga tushgan donday ezilib ketdi, Chavandozning xurujlarini oxiri ko‘rinmasdi. Oliya bir kechaning o‘zida ming bor o‘lib, ming bor tirildi. Odatda Chavandoz tong qorong‘usida turib chiqib ketguvchi edi. Bu gal bor alami va g‘azabini to‘kib xumordan chiqqandan keyingina turib ketganida oftob ko‘tarilib qolgan edi. 
 Chavandoz ertalab uydan otini minib chiqib ketgan ko‘yi kuni bilan o‘ylovda yurdi: Egamberdining-ku uzil-kesil qaytib boshini ko‘tarolmaydigan qilib belini sindirdi, endi Oliyani nima qilsa ekan? Javobini bersamikan? Unda xaloyiq nima deb o‘ylaydi, uning xotinini yaxshi ko‘rishini hamma biladi-ku. Ayniqsa, katta ko‘pkaridan keyin Chavandoz nima uchun bunday qildi, bunga uncha-muncha chiroyli qiz-juvonlarni yo‘ldan urib yuruvchi Egamberdining aloqasi yo‘qmikan degan savollar tug‘ilmaydimi, gap-so‘z ko‘paymaydimi? Bu esa Chavandozning sha’niga to‘g‘ri kelmasdi. Javobini bermasa, uning endi xotiniga avvalgi rag‘bati, ishtiyoqi singan, uning o‘rniga nafrat egallagan, hatto uning qo‘lidan qanday qilib choy-taom yeyishini, bundan keyin qanday qilib umr qilishini ham ko‘z oldiga keltira olmasdi. 
O‘ylab-o‘ylab, u ixtiyorni Oliyaning o‘ziga qo‘yib berish fikriga keldi. Harqalay, u Chavandoz bilan o‘rtada farzand bo‘lmasa ham yigirma yil eng shirin damlarini birga o‘tkazdi, ayb erining o‘zida ekanligini aniq bilsa ham ajrashmasdan, unga biror marta ta’na qilmasdan, shuncha yillik umrini Chavandozga baxsh etganligi haqi shunday qarorga keldi. Qolaversa u eriga faqat xayolida xiyonat qilgan, jismi bilan esa hali xiyonat qilib ulgurmagan edi.
 Chavandoz Gavharning javobini berib, Oliyani olib qochib kelganida onasining aytgan gaplarini esladi: “Men bu zoti pastlarning urug‘ini yaxshi bilaman, yuz yil sen bilan umr qilsa o‘lib qolganda bir marta ko‘zingga cho‘p tashlaydi, haliyam bo‘lsa bu yuzsiz hashtarining javobini berib, Gavharginamdi qaytarib olib kel, nodon bola…” Chavandozning onasi qanchalik haq ekanligiga ishonch hosil qilishi uchun yuz yil emas, bor-yo‘g‘i yigirma yil kifoya qildi. Haqiqatdan ham nodon ekan, o‘shanda bu gaplarni u o‘g‘lining qilmishidan noroziligi sababli “enam jahl ustida shunchaki javradi-da” deb o‘ylagan edi.
 Chavandoz turib ketganidan keyin Oliya to‘shakda kuchuk chaynab tashlagan bir uyum uvada teriday chalajon bo‘lib yotib qoldi, a’zoyi-badanining og‘rimagan joyi qolmagan, bosh ko‘tarish, yengil yo‘talish u yokda tursin, chuqurroq nafas olsa qattiq og‘riq jonu-jahonini o‘rtab yuborar edi. Shunday bo‘lsa ham u it azobida kiyimlarini paypaslab topib, bir amallab egniga ildi-yu, chalg‘i bilan o‘rilgan o‘tday yana to‘shakka quladi. Lekin u Chavandoz hali o‘zining oxirgi so‘zini aytmaganligini yaxshi bilar edi. Oliya karaxt holida shu ko‘yi qancha yotganligini bilmadi, faqat kimdir chaqirayotgani arang qulog‘iga chalindi, birpas diqqatini yig‘ib, keyin qo‘shnisi Fotimaning ovozini tanidi. Fotima bir necha marta:
– Oliya huv Oliya, – deb chaqirgandan keyin o‘rnidan turishga yoki ovoz berishga ham qurbi kelmay, qaerdaligi bildirish uchun qo‘lini uzatib, zo‘rg‘a derazani ochib yubordi. Fotima deraza oldiga keldi-yu, er-xotinning yig‘ishtirilmagan o‘rniga ko‘zi tushib, iymanib ortiga chekindi, lekin Oliyaning zaif, siniq ovoz bilan o‘zini chaqirayotganligini eshitib, yana derazaga qaytib yuzlandi.
– Fotima opa, o‘rgilay sizdan, – dedi Oliya deyarli pichirlagan ovozda entikib-entikib, – bolalaringizni Olimanikiga yuboring, bir kelib ketsin, mening mazam hech bo‘lmayapti. 
Olima kelib uni karavotga olib yotqizdi, achchiq mastava qilib singlisini majbur qilib ozgina ichirdi, Oliyaning gapi bilan pochchasiga ham boshqa ovqat tayyorladi. Uning nima gapligini so‘rab bergan savollariga Oliya bosh chayqab, shunchaki tobim yo‘q dedi, lekin Olima nimadir bo‘lganligini fahmladi, shunday bo‘lsa ham uni boshqa savolga tutmay ertaga yana kelishini aytib uyiga ketdi. 
 Chavandoz tushlikka ham, kechki ovqatga ham kelmadi. Allamahal kelib, og‘ilxona tomonga o‘tib mollariga qaradi-da, Oliyadan xabar ham olmasdan, mehmonxona uyga uxlagani kirib ketdi.
Ertalab Chavandoz har doimgidek tong qorong‘usida turib, mollarini sarishta qilib bo‘lganida Oliya ham bir amallab turib olgan, ertalabki choyga dasturxon tuzab qo‘ygan edi. Ammo Chavandoz ishlarini qilib bo‘lib, choyga kelmasdan otini egarladi, ishga chiqib ketganda olib yuradigan, ichiga ehtiyot ichkiyim, ro‘molchayu paypoq, oqqand, soqol oladigan anjomlari, sochiq va kapchalarini soladigan safar xaltasini egarning qoshiga ildi, otini darvoza oldiga yetaklab kelib, bir paytlar Gavharning javobini berib yuborgandagidek Oliyani chaqirdi.
– Men o‘n kunlarda qaytaman. Agar ketmoqchi bo‘lsang, uydan to‘rt devordan boshqa istagan narsangni olib ketishing mumkin, – deb ta’kidladi, u – hamma narsani, yo‘ling ochiq. Lekin ketish niyating bo‘lmasa bilib qo‘y, bundan keyin yana biror marta shunaqa o‘yin qilsang, kim bilan bo‘lsa o‘sha bilan qo‘shib, chavaqlab tashlayman. Qolish – qolmaslikni o‘zing hal qil. 
Otini yetaklab chiqdi-da , egarga o‘tirib yo‘rttirib ketdi. 
Oliya ketmadi, ketolmadi. Qolsa – uning uchun Chavandoznikida qolish mislsiz azob bo‘lishini u tushunib turar, lekin ketish esa undan-da qiyin, chunki erining ardog‘ida shuncha yillik azza-bazza bo‘lib yurganidan ketsa, bundan keyin elda qanday bosh ko‘tarib yurishini bilolmas edi.
 Chavandoz oldiga qo‘ygan maqsadiga erishgan, uloqda uning uchun eng katta mukofot shuncha xalqning oldida Egamberdining burnini yerga ishqab qo‘yganligi edi. Lekin endi Chavandozning hayotdan butunlay hafsalasi pir bo‘ldi, Xudo unga farzand ato etmagani yetmaganday, xotini ham uning ixlos-ishtiyoqini sindirdi, endigi qilig‘i butunlay oshib tushdi. Shunday bo‘lsa ham jismiga ato etilgan bitmas kuch-g‘ayrati uni o‘z holiga qo‘ymas, bor alamini ishdan olar, o‘zi istab-istamay hamon ko‘p pul topar edi. Faqat endi u pullarini xotiniga keltirib bermas, bolalari birin- ketin voyaga yetib, tashvishlari ko‘payib qolgan inilari, opa-singillarining to‘yimi, qurilishimi, shunga o‘xshash ishlariga katta-katta pul berar, Toshkentdami, boshqa joydami o‘qiyotgan jiyanlariga qarashar edi. Oliyaning haliyam kelinchaklarnikidek qaddi-qomati, husnu jamoli uni endi o‘t-olovdek o‘ziga chorlamas, uning og‘ushi Chavandoz uchun avvalgi sehru jozibasini yo‘qotgan edi. U yotog‘ini xotinidan bo‘lak qilib, ko‘rpa-to‘shagini mehmonxona uyga olib o‘tdi. Shunday bo‘lsa ham g‘alayon qilgan nafsining hovurini bosish uchun Oliyaning oldiga kirib turar, xotini bilan hissiz, sovuqqina qo‘shilar edi. Lekin hushi kelmasa uning yotog‘i ostonasidan o‘n besh kun-bir oylab ham hatlab o‘tmas, bunday paytlarda tez-tez kechasi uyda tunamasdan, tong qorong‘usida kirib keladigan odat chiqardi, ko‘p ichadigan bo‘lib qoldi.
Oliya erining oldida avvalgi e’tiborini butunlay yo‘qotganini bilib turar, erinig kechalari qaerda va kimnikida tunab kelishini ham faqat tusmol qilardi xolos. U endi ilgarigidek to‘y-yig‘inlarga ko‘p bormas, borsa ham hammani o‘ziga qaratishga harakat qilmas, shu hozirgi mavqeiga ham rozi edi. U uyda sharpadek yurar, erining har bir xohish-istagini avvaldan bilib, o‘rinlatishga harakat qilar edi. 
Avvallari ham xalqni bir necha bor qoyil qoldirgan Chavandozning o‘sha ko‘pkaridan keyin shusiz ham mislsiz dovrug‘i yanada oshdi, uning bu ko‘pkaridagi ko‘rsatgan mardliklari elda necha yillab og‘izdan tushmadi. Egamberdi esa shu-shu qaytib ko‘pkariga tushmay qo‘ydi, Chavandoz bor davralarga yaqinlashmadi. Uning xotin-qizlarga boshqa tegajog‘lik qilganligini ham hech kim ko‘rmadi-eshitmadi. Xalq – Chavandoz Egamberdining tanobini kekkayib ketganligi uchun tortib qo‘ydi deb o‘ylaganda qisman haq edi, ammo ularning o‘rtasidagi bu tortishuvning asl sababini faqatgina Chavandoz, Oliya va Egamberdigina bilishardi xolos, boshqa hech kim bilmas edi.
 Chavandoz yuragining tubida avvaliga nimaligini o‘zi ham anglab yetmagan qandaydir bir tugun bezovta qila boshladi, biroq vaqt o‘tishi bilan u buning nimaligini yana tushunib yetdi, tushunib yetdi-yu, bezovtaligi yanada ortdi. Bu oradan shuncha yil o‘tib, qayta o‘yg‘ongan – Gavharning oldidagi gunohkorlik hissi edi, bu his bir necha yil o‘tib ham kuchaysa-kuchaydiki, uni tark etmadi. 
Navbahor tumanida Navruz bayramiga katta ko‘pkari berildi. Tumanning dehqon fermerlaridan bir nechtasi solimga o‘zlarining ataganlarini olib kelishdi. Kim muzlatgich, kim televizor, kimdir yana nimadir atagan edi. Solimning eng yirigi – uch yashar yirik buqa edi. Eng qattiq tortishuv ana shu buqaning ustida bo‘ldi. Havaskor, boshlovchi yoki o‘rtamiyona uloqchilar boshqa solimlar ilinjida tushib, birin-ketin solimlar egasini topdi. Kuchli uloqchilardan bir nechtasi esa asosiy sovrin uchun olishish niyatida o‘zlari va otlarini charchatmasdan shunchaki aylanib turishar edi. Buqaga gal kelganda o‘rtaga ko‘pchilik tushdi, lekin keyinchalik yetmishtacha eng chapdast uloqchilar uzoq tortishishdi. Oxirida Chavandoz hamma uloqchilarni ayirib tashlab, o‘ttiz besh-qirq yoshlarga borib kolgan baland bo‘yli, keng, to‘g‘ri yelkali, suyagi buzuq bir yigit bilan tortishdi. U bu yigitni ilgari ko‘rmagan edi. Bug‘doy rang, ochiq chehrali bu yigit Chavandozning oyog‘i ostiga qisib olgan uloqni ushlab olganicha qo‘yib yubormas, o‘zi ham, oti ham nihoyatda baquvvat edi, oldida tajribali, kuchli raqib turganligini bilib u bilan astoydil olishardi. 
“Qarshi tomonlardan bo‘lsa kerak”, – deb o‘yladi Chavandoz. Yigit ba’zida kulimsib Chavandozning ko‘ziga boqib qo‘yar, keyin yana har ikkala tomon halol olishayotganligidan zavqi kelib, yana yangi usullar qo‘llab ko‘rardi. Chavandoz uning nigohida kuchli uloqchining xuddi shunday uloqchiga hurmatini tuyar, shu topda ehtimolki, o‘zidan-da kuchli raqibga duch kelganligini ham sezib turardi. Xaloyiqning qiyqiriqlari ostida uzoq tortishganlaridan keyin u Chavandozdan uloqni shunday kuch bilan tortib oldiki, Chavandoz ham, oti ham bir qilqib ketdi. Chavandoz raqibiga tan berdi va boshqa ta’qib qilmasdan orqada qoldi. Yigit davrani yorib chiqib marraga otini choptirib ketayotganda shu atroflik yoshroq to‘rt-besh uloqchi uni quvib ketishdi. Ancha nariga borishgandan keyin Chavandoz ularning yigitni o‘rab olib, qamchilab, otdan yiqitib uloqni tortib olishganliklarini ko‘rdi. Bu endi ochiqchasiga g‘irromlik, Chavandoz esa bunaqa ishlarga sira toqat qilolmas edi. U to‘daga yetib olib, uloqni tortib olib ketayotgan uloqchining yelkasiga ikki qamchi tortdi, u o‘girilib Chavandozni ko‘rib sarosimaga tushib qoldi. Chavandoz undan uloqni tortib oldi, sheriklari ham yetib kelishdi.
– Chavandoz, bu nima qilganingiz, – dedi ulardan biri Chavandozga hamla qilishga botinolmay norozi ohangda, – u begona ekan, ho‘kiz o‘zimizga qolardi.
– Qolganlaringniyam tortaymi hozir, – dedi Chavandoz qamchisi bilan po‘pisa qilib, senlar ham shu turishingda o‘zlaringni erkak sanab yuribsanlarmi? Bor, baring ayollarning kiyimini kiyib ol. – Yigitlar xijolat chekib yerga qarashdi. – Tozilar sherlikni da’vo qilishipti-da. Ikrom Chavandozdan uloqni tortib olgan uloqchidan uloqni olish senlarning qo‘llaringdan keladigan ishmi? Yana shunday qilsalaring belingni sindiraman hammangni!
Qarshilik yigit o‘rnidan turib, qovog‘i osilgancha goh-goh qamchi tushgan yelkasi aralash ko‘kragini silab qo‘yib, otining egar-ayilini tuzatar edi. Chavandoz uning oldiga kelib uloqni uning oyog‘i ostiga tashladi.
– Ulog‘ingni ol, uka, endi uzr, bir-ikkita tirriq hamma joyda bo‘ladi-da. Men o‘zim ular bilan gaplashib qo‘ydim. Ahvoling yaxshimi?
– Tuzukman, – yigitning chiroyi ochilib, otiga mindi, uloqni oldiga o‘ngardi. – Rahmat aka, mard odam ekansiz.
– Maqtoving o‘zingga siylov, uka, men shunchaki g‘irromlikka chiday olmayman. Qarshi tomonlardanmisan?
– Kasbidanman.
– Oting nima?
– Jovli.
– Bo‘pti, Jovliboy, uloqni marradan aylantirib oborib, sovriningni ol, uloq sening haqqi-haloling edi...
Bu voqea Chavandozning esidan ham chiqib ketgan edi. May oyi kirib old pishiqchilik ham boshlandi. Paxsachilarning ham mavsumi boshlanib, ishi ko‘payib qoldi. Chavandoz sheriklari bilan qishloq chekkasidagi yangi hovli joylar berilgan ko‘chada paxsa urardi. Yangi tuproq ko‘chaga bir to‘da to‘qqiz-o‘n yoshlardagi bolalar ikki-uchtadan bo‘lib, velosipedlarga mingashib olib bolalarga xos sho‘xlik, qiy-chuv bilan Chavandoz ishlayotgan imoratning oldiga kelishdi.
– Bova, hov, Chavandoz bova, – dedi bolalardan biri.
– Hov, buvasi, – ikki paxsa bo‘lgan imoratning deraza o‘rnidan Chavandozning boshi ko‘rindi, – Azamatmisan? 
Bola ukalaridan birining nevarasi edi.
– Uyingizga mehmon keldi, boraykansiz, – dedi bola Chavandozga ham qaramasdan qishloq bolalariga xos qiliq bilan, imoratni tomosha qilib.
– Kim ekan mehmonlar? 
– Tanimadik. 
– Mehmonlar necha kishi ekan, buvasi? 
– Uchovmi-ey.
– Fozil amakingga ayt, mehmonlarni uyga olib kirsin, o‘zida bo‘lsa bir qo‘chqor, bo‘lmasa shishakmi, to‘qlimi, biror nima so‘ydirib tursin, mening ikki peshvoy loyim qoldi, yarim soatda yetib boraman
– Pozil buvam uyida yo‘q, Amriddin amakimga aytaman, – dedi bola yana o‘shanday Chavandozga qaramasdan.
– Amriddin amakingga ayt, bor, buvasi bo‘yidan.
 Chavandoz bel otaturib mehmonlar kim bo‘ldi ekan deb, tusmol qilib ham o‘ylab topa olmadi. Mo‘ljaldagi qolgan ozgina loyni sheriklarining o‘ziga qoldirib uyiga ketdi. Uyiga yaqinlasha turib uzoqdan bir yengil mashinani va bir usti yopiq qutilik yuk mashinasini ko‘rdi. Darvoza oldida turgan to‘rt kishidan biri tanish ko‘rindi, u Jovli edi, ularni ukasining o‘g‘li Amriddin ichkariga chorlayotgan edi, mehmonlar Chavandozni ko‘rib to‘xtashdi.
– Chavandoz aka, mehmon olasizmi? – deb o‘ziga xos ochiq chehrasi bilan kulib quchog‘ini ochib keldi Jovli.
– E, Jovliboy, kel uka, mehmon atoyi Xudo deydilar, xush kepsilar.
Quchoqlashib ko‘rishishdi.
– Bular otam, bu Eshpo‘lat akam, asli amakim, aka deb ketganmiz, huv kelganda ko‘rgandirsiz, birga kelgan edik. Bu do‘stim, Norpo‘lat. 
Avval qariya, keyin Eshpo‘lat ko‘rishdi, ellik yoshlardagi bu odamni Chavandoz esladi. Jovlining otasi – uzun soqolli, barvasta, baland bo‘yli qariya yetmish besh-etmish oltilarda bo‘lsa ham hali tetik edi.
– Karmananing mard ko‘pkarichisig‘a biz ham bir mardchiliq qig‘ani keldik, Chavandoz, – dedi u ham quchog‘ini ochganicha, – dovrug‘ingizdi ko‘p eshitib edim.
– Qulluq, qulluq, buva, – deb ko‘rishdi Chavandoz.
– Qani, Jovliboy, Chavandoz akangga ataganingdi opkel-chi.
Jovli bilan Norpo‘lat ko‘tarma tuproqqa orqasi bilan taqab qo‘yilgan usti yopiq yuk mashinasining orqa eshigini ochib, qop-qora tusli bir toyni tushirishdi. Toy yerga tushib atrofga olazarak bo‘lib, qulog‘ining chimirdi, keyin bo‘yni va tumshug‘ini cho‘zib havoni hidladi, begona hidlarni tuyib bezovtalandi va bu yoshdagi bo‘yniga endi arqon tushgan hamma toylar singari qaysarlik qilib, bo‘ynidan ipni chiqarmoqchi bo‘lib orqaga tislandi, keyin Jovlining atrofidan jon-jahdi bilan aylanib yugurdi. Jovli ipni kalta ushlab Chavandozning toyni yaqindan ko‘rishiga imkon berdi, yo‘lda charchab-toliqib qolgan toy birpas tek turdi.
 Chavandoz bir qarashdayoq toyning xushbichim qomati, ingichka bo‘yni va tumshug‘iga qarab, u asl zotli otlardan ekanligini payqadi. Uning qo‘lidan shu paytgacha ancha-muncha yaxshi otlar o‘tgan bo‘lsa ham, bunaqasi hali tushmagan edi, uning ichiga hayajonga o‘xshash iliq bir nimadir kirdi, ko‘zlariga ishonmadi. Toy bir yosh- bir yarim yosh o‘rtalarida bo‘lib, ko‘zlari ohuning ko‘zini eslatar, mijjalari uzun-uzun, qomati chiroyliligi uchunmi, Chavandozning ko‘ziga uning har bir harakati chiroyli bo‘lib ko‘rinar edi. Qariya avval Chavandozning harakatini jim kuzatdi, keyin u toyning u yer-bu yerini ushlab ko‘rib, zotli otlardan ekanligini tushunganligini Chavandozning yuz ifodasi va ko‘z qarashlaridan bilgach, mamnun bo‘lib gapirdi:
– Ko‘rib turibman, otni tanir ekansiz-a, Chavandoz. Bu otning bobokalonlari bilan Tojikistongacha, Afg‘ongacha borib, solimlar olib kelganman, o‘shanda Jovliday qirq yoshlarda edim...
Mehmonlar bir kecha qo‘noq bo‘lib ertalab ketishdi. 
Shu-shu Jovli bilan qadrdon aka-uka kirishib qolishdi. Jovli tortiq qilgan toy Chavandozning shuncha yillik ko‘pkarichiligida qo‘lga kiritgan hamma solimlaridan ham qimmatliroq sovg‘a edi. Jovlining otasi Eshmamat buva uning mardligini ana shunday taqdirlagan, o‘z so‘zi bilan aytganda, Chavandozning mardligiga “mardchiliq qig‘an” edi.
 Chavandoz toyga qop-qora tusliligi uchun “Qaldirg‘och” deb laqab qo‘ydi. Qaldirg‘och Chavandozning hayotiga yangi mazmun bag‘ishladi. Uning ham hamma tirik, orzu-havaslarga to‘la odamlardek bolalarga ayricha mehri bor edi, u qo‘lidan kelgunicha go‘dak jiyanlarini erkalab-suyar, lekin Bozorgul ena mayda nevaralarini unikida ko‘p yurgani qo‘ymas, shu sabab uning hayoti nursiz, ko‘ngli kam bo‘lib yurar, endi esa kecha-kunduz uning kunlarini yoritguvchi bir nur paydo bo‘lgan edi. Chavandoz ko‘pgina befarzand oilalalarda it, mushuk boqishlarini ko‘rgan edi, ammo u it va mushukni yoqtirmasdi, toy unga go‘yoki farzand qatori bo‘lib qoldi, unga bor mehrini berdi. Chavandoz do‘sti Sodiqning o‘g‘li Abdullani yoniga olib, Qaldirg‘ochni uloqchi ot qilib tarbiyalay boshladi. Chavandoz katta ko‘pkarilarda Qaldirg‘ochni ko‘pincha bu paytga kelib yaxshigina uloqchi bo‘lib qolgan Abdullaga berib, ham Abdullani, ham Qaldirg‘ochni tomosha qilib, zavqlanib to‘ymas edi. Chavandozning parvarishi, e’tibori bilan asl zotli otlar naslidan bo‘lgan, fahmu farosatli, aqlli Qaldirg‘och – uch-to‘rt yilda yaxshi ayg‘ir, haqiqiy uloqchi ot bo‘lib yetishdi va sohibining o‘zidek uzoq-uzoqlarga dovruq taratdi. Qaldirg‘ochni tomosha qilgani nafaqat ko‘pkarilarga, balki Chavandozning uyiga ham kelishardi. Undan avlod olish uchun biyalarini qochirishni so‘rab keluvchilar ham kam emasdi, lekin Chavandoz har qanday biyaga ham Qaldirg‘ochni qo‘shmas, yaxshilab otni ko‘zdan kechirgachgina didiga o‘tirgan biyaga qochirishga ruxsat berardi. Chavandoz biror marta sotaman degan bo‘lmasa ham, Qaldirg‘ochni uzoq-yaqinlardan otning ashaddiy ishqibozlari, ayniqsa puldor boyvachcha, tadbirkorlardan so‘rovchi xaridor ko‘paygandan ko‘paydi. Shunday xaridorlardan biri qirq yoshlardagi eski tanishi – tadbirkor Abdurashid edi. U bir necha marta kelib Chavandozni hol-joniga qo‘ymasdan avval aytgan narxining ustiga yana qo‘shib, so‘nggi kelishida otga “Mersedes” mashinasini almashtirishni taklif qilib ketgan edi.
 Chavandoz ertalab turib Qaldirg‘ochni egarladi va Abdurashidni izlab ketdi, uni yangi ishga tushirgan g‘isht zavodidan topdi.
– Abdurashid, otni olish fikridan qaytganing yo‘qmi? – deb so‘radi Chavandoz so‘rashishgach. Abdurashid avvaliga o‘z quloqlariga ishonmadi, u bundan ikki oycha avval Chavandozga “og‘zingizga siqqan pulingizni ayting, qancha desangiz shuncha beraman" deb, hatto ellik ming dollarga olgan yangi “Mersedes” mashinasini taklif qilgan chog‘ida ham Chavandozni otini sotishga ko‘ndira olmagandi, endi esa uning bu ishidan hayron qoldi.
– Nima uchun o‘shanda gapimni hatto tinglamagandingiz-u, endi o‘z oyog‘ingiz bilan kelib turganingizni tushunmadim, lekin otingizning bahosini ayting, Chavandoz, – dedi Abdurashid.
– O‘n besh ming, – bir pas turib yana dedi, – o‘n besh ming dollar berasan. 
Abdurashid yana hayron qoldi.
– Men o‘shanda sizga deyarli uch baravar narx aytgan edim, siz esa o‘n besh ming deyapsiz?
– Abdurashid, sen meni asp jallob deb o‘ylayapsan chog‘i, uka. Asli-ku bu otning bahosi yo‘q, lekin menga o‘n besh ming dollar kerak, ellik ming kerak bo‘lganda ellik ming ber deb aytgan bo‘lardim. Men senga, – Chavandoz xomush tortib, ovozi titrab chiqdi, – buyum, mol sotayotganim yo‘q, eng aziz narsamni, orimni berayapman, uka. 
Abdurashid Chavandozga otini sotish oson bo‘lmayotganligini tushundi, shuning uchun ortiqcha gap qo‘shmadi, unga nima uchun pul kerak bo‘lib qolganligini ham tushunmadi. Qo‘l telefonini oldi-da, kimlargadir bir-ikkita qo‘ng‘iroq qildi, keyin xursand bo‘lib ikki qo‘lini bir-biriga ishqalaganicha ukasini chaqirdi:
– Abdunazar, Chavandoz buvangga u-bu olib kel, bir bitimni yuvaylik.
– Yo‘q uka, boshqa safar, hozir emas. – Abdurashid uncha-muncha bo‘z bola yigitlar hali Chavandozning oldida aroq ichishda ip esholmasligini bilar edi, astoydil qistadi, lekin Chavandoz ko‘nmadi. Bu orada mashinada ikki yigit Abdurashidga bir paketda pulni keltirib tashlab ketishdi, u pulni avval o‘zi sanab, keyin Chavandozga “sanab oling” dedi. Chavandoz pulni sanab o‘tirmasdan paketga joyladi, qo‘l tashlab “bor baraka” qilishdi, keyin esa oti bilan xayrlashish uchun sim yog‘ochga bog‘langan Qaldirg‘ochning oldiga keldi, otning bo‘ynidan quchoqlab, bag‘riga bosdi, ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi, yelkalari qaltirab bir necha daqiqa unsiz yig‘ladi.
– Eh, Ikrom aka, odamning yuragini ezib yubordingiz-ku, – dedi buni ko‘rib Abdurashid, keyin Chavandozning oldiga kelib otning tizginini yechib uning qo‘liga tutqazdi. – Mang otingiz, pulni olib ketavering, topganingizda olib kelib berarsiz, tilxatingiz ham kerak emas. Yurtda hurmatingiz bor, sizning dangal, mard odamligingizni hamma biladi-ku, axir shunday kelib, “Uka, zaril bo‘p qoldi” desangiz shundoq ham berib turardim-ku, aka.Tushunaman, mening ham yuragim toshdan emas-ku. 
 Chavandoz otning bo‘ynini qo‘yib yubordi, keyin ko‘z yoshlarini artdi-da, yana o‘sha qaltiragan ovoz bilan dedi:
– Men shu yoshga kirib birovdan qarz olmaganman, Abdurashid uka. Endiyam olmayman. Lafz halol, qo‘l tashlashdik, ot seniki.
– Ikrom aka, to‘xtang, Abdunazar sizni uyingizga mashinada eltib qo‘yadi. 
 Chavandoz ortiga qayrilib ham qaramasdan, ”kerak emas” ma’nosida qo‘l silkib, og‘ir-og‘ir qadamlar bilan zavod darvozasidan chiqdi.
Kechqurun pulni qo‘yniga solib,Jabborqul o‘g‘li Zarif bilan ishlayotgan mahallaning yangi qurilayotgan maktabiga bordi. Ishi tugagach, undan gaplashib olish uchun biroz to‘xtab turishini so‘radi, ikkalasi yolg‘iz qolishdi.
– Jabborqul, yangi imoratingni sotmoqchi emishsan deb eshitdim.
– Agar xaridor bo‘lsangiz kech qoldingiz, Chavandoz, men kelishib, va’da qilib qo‘ydim, – dedi Jabborqul va ichida “befarzand Chavandoz imoratga nima uchun qiziqdi ekan, birorta jiyaniga olib berib, himmat qilmoqchi bo‘lsa kerak-da” deb o‘yladi.
– Agar sotmagan bo‘lsang, shuni sotma deb aytgani keluvdim. 
Jabborqul yana ajablandi:
– Nega endi, Chavandoz, tushunmadim? 
 Chavandoz ustaning oldiga pulni qo‘ydi.
– Mana uka, o‘n besh ming dollar.
– Bunday tushuntiribroq gapiring, Chavandoz, bu nima o‘zi?
– Pul, jiyaningni chet elga o‘qishga ketishi uchun.
– Men sizdan pul-mul so‘raganim yo‘q edi-ku?
– Endi uka, hammaning xabari bor, imoratni qancha qiyinchilik bilan, ming orzu-havas bilan qilgansan. Bu yoqda bolalaring ham katta bo‘lib qolishdi. Rahmatli G‘afforqulning bolalarini ham otalarini yo‘qligini bildirmasdan o‘qitib to‘ylarini qilayapsan, baraka top. Shunga shu pulni olib qo‘ysang devdim, hovlingni sotma, mendan qarzi hasana, meniyam hech bo‘lmasa ozgina bo‘lsayam savobdan benasib qilma, uka.
– Imoratni sotayotgan bo‘lsam bu meni ishim: imorat meniki, bola meniki.Bosh omon bo‘lsa, bolalar pul topib o‘z kunini o‘zi ko‘radidigan bo‘lsa, yana imorat, hovli-joy qilarmiz. Pulingiz ko‘p bo‘lsa o‘zingizga, bunaqa qilib odamning hamiyatiga tegmang, Ikrom aka. Men hech kimdan sadaqa olmaganman, olmayman ham. 
Jabborqul pulga qaramay ketmoqchi bo‘ldi.
– Agar sen olmasang, unda bu pulning mengayam keragi yo‘q. 
 Chavandoz bu gaplarni o‘pkasi to‘lib, qaltiragan ovozda aytdi, Jabborqul unga o‘girilib, Chavandozning ko‘zlari jiqqa yosh ekanligini ko‘rdi.
– Qiziq odam ekansiz-ku, Ikrom aka, muddaongiz nima o‘zi? 
 Chavandoz birpas to‘xtab turib dedi: 
– Jabborqul, men Gavharning oldida ko‘p gunohkorman, unga qancha ozor berdim, uni zor-zor yig‘latib, ketishga majbur qildim. Xudo-ku uni yorlaqadi, qo‘sha-qo‘sha farzand berdi. Lekin bir paytlar qilgan gunohimdan vijdon azobini men endi tortayapman.
 Chavandoz ko‘z yoshini to‘xtatolmas edi. 
Jabborqul nima qilishini bilolmay qoldi. Yo‘q, u baribir bu pulni ololmaydi, xotiniga nima deydi: “Chavandoz berdi, yordam qilmoqchi ekan” deydimi? Gavhar bunga hatto “Chavandozdan qarz oldim”, desa ham aslo rozi bo‘lmaydi. U bir muddat o‘ylanib qoldi.
– Yo‘q, Ikrom aka, pulingizni sira ololmayman.
– Jabborqul, ko‘ngling qabul qilmasa keyinchalik qaytararsan. Men bu pul uchun Qaldirg‘ochni sotdim, tushunayapsanmi, otimni sotdim. Butunlay sotdim, endi qaytib olmayman, ololmayman.
– Nima dedingiz, otimni sotdim?! 
Jabborqul joyida o‘tirib qoldi. Bugun Chavandoz uni hayratga solishdan to‘xtamayotgan edi. Nahotki u shuncha paytdan beri birovlarning tushiga ham kirmagan pullarga sotmagan otini sotgan bo‘lsa? Ikrom Chavandozday odamning shuncha dovrug‘i ketgan, yeru-ko‘kka ishonmaydigan otini shuning uchungina sotganiga aql bovar qilmas edi. Jabborqul agar u hozir pulni olmasa, shunchalikka borgan Chavandoz achchiq ichida, iztirobda o‘zini biror nima qilib qo‘yishdan ham qaytmasligini xayoliga keltirdi, o‘ylovda qoldi.
– Bo‘lmasa bunday qilamiz, Ikrom aka. Pulingizdan besh mingini olaman, uni ham qarz deb, hali Gavhar rozi bo‘lsa. Imkonim bo‘lishi bilan qaytaraman. 
 Chavandoz buni eshitib sal chiroyi ochildi, lekin u pulning bir qismini qaytarib olib ketishga ham ko‘nmadi.
– Sen jiyaningni qaerga yuborayapsan? Angliyaga.Toshkentga yoki hatto Moskvaga emas. U yerga orqasidan so‘rab borolmaysan, menga buncha pul yuboring desa yana kimga borasan? O‘shaning uchun qolganini ham olib qo‘y, hidini chiqarma. Bolani shunday uzoq joyga yuborayotganingdan keyin qo‘lingda ehtiyot shart kattaroq pul tursin. 
Jabborqul bu haqda o‘ylab ko‘rmagan ekan, Chavandozning sermulohaza odam ekanligiga tan berdi. 
– Gavharga ham tushuntirib ayt. Faqat o‘rtamizda bo‘lgan oldi-berdini Gavhar, senu mendan boshqa hech kim bilmasin...
 Chavandoz Qaldirg‘ochni Abdurashidga berib yuborgandan keyin sevimli otiga nisbatan shafqatsizlik, ehtimolki, hatto xiyonat qilganligidan bag‘rini o‘rtagan iztirobdan bir necha kun gangib yurdi. 
“Kechir meni, Qaldirg‘och, kechir. Seni sotib men juda katta gunoh qildim. Lekin bu ishni juda ko‘p yil oldin qilgan, bundan-da kattaroq boshqa bir gunohimni salgina bo‘lsa-da yengillatish niyatida qildim” degan o‘ylar bilan bir necha kun o‘ziga taskin berishga urindi. Ko‘nglini yana Chavandoz huv Oliya va Egamberdi bilan orani ochiq qilib olgandan keyingi kabi tushkunlik egalladi. Lekin bu holat bir necha kundan keyin o‘tib ketdi. Har qalay, usta Jabbor yangi imoratini sotib yubormasdan jiyanini chet elga o‘qishga yuborganidan keyin ancha tinchlandi. U buni Gavharning shuncha yildan keyin bo‘lsa ham, uning gunohini loaqal ozgina bo‘lsa ham kechirganining belgisi deb tushundi. Shunday kayfiyat bilan bir kuni onasining oldiga bordi.
– Ena, yo‘q demasangiz men Nasimni o‘z uyimga olib kelib, uylantirmoqchi edim, – dedi. Nasim – Bozorgul momoning to‘rt qizidan eng kichigi, Chavandozning singlisi, bir etak bolalari birdan katta bo‘lib qolib, ularning tashvishlari bilan tirikchilikdan andak qiynalib qolgan Oysuluvning ikki-uch yil burun harbiydan qaytib kelgan traktorchi o‘g‘li edi. Keyinchalik hamma, “ Chavandozning qo‘lida tuf deb tugib qo‘ygan puli yo‘q ekan, otini jiyanining to‘yiga xarj qilish uchun sotgan ekan-da” degan xayolga borgan edi. Lekin kampir o‘g‘liga otini nima uchun sotganligini, bu ish unga oson bo‘lmaganligini va u bu pulni nima qilganligini sezib turardi. Bozorgul momo shuningdek, Jabborqul va Gavhar Chavandozdan bu pulni osonlikcha olmaganliklarini ham fahmlab turar edi. Buni Chavandoz qanday qilib uddasidan chiqqanligini u bilolmadi, undan so‘rab ham o‘tirmadi. Shunday bo‘lsa ham, Chavandoz Gavharning oldida ozgina bo‘lsa ham o‘z gunohini yengillashtirganligi, shu bilan kampirning ham ko‘nglidagi xijillikni bir qadar aritganligi sababli, ko‘ngli yumshadi. O‘ttiz yildan beri o‘zi unga nisbatan qattiqqo‘l va bemuruvvat bo‘lib kelgan, hozir esa oldida yosh boladay ko‘zlari iltijoli mo‘ltirab turgan o‘g‘liga mehri iydi.
– Beriroq kel, Ikrom, – dedi. 
 Chavandoz onasiga yaqinroq surildi, uncha-muncha nevara-evaralarini ham hadeganda erkalavermaydigan kampir uning boshini qo‘li bilan ko‘ksiga bosdi. To‘lib turgan Chavandoz onasining tizzasiga boshini qo‘yib, yelkalari titrab-silkinib, ko‘z yoshlarini yashirmay baralla yig‘lab yubordi. 

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.