OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kozim Davron. Armon (hikoya)

«Nega shunday qildim? Endi nima bo‘ladi?..» Kechki ovqat tayyorlayotgan Rahima goh-goh xo‘rsinib, shu haqda o‘ylardi. Dili g‘ash, ko‘ngli vayron. Ko‘rgilik yomon. Ayniqsa, o‘zing tilab olsang. Na dardingni birovga ayta olasan, na bir maslahat so‘raysan. Yog‘ing-da qovrilaverasan, qovrilaverasan.
U oyoq ostida yotgan bir quchoq g‘o‘zapoyadan tutamlab olib, o‘rtasidan sindirdi-da, o‘choqqa tashladi. Tafti susayib qolgan olov xiyol vaqtdan so‘ng yana gurilladi.
Sal narida gaz plitasi turardi. «Gaz plitasi turganida o‘choqdan foydalanadimi?» deb ajablanmang. Gap shundaki, gazdan g‘o‘zapoya yaxshi. Ana, hovli etagida uyum-uyum bo‘lib yotibdi. Kuzda bir aravasini bostirma tomiga bosib qo‘ysangiz... O’choqda pishgan ovqat mazali bo‘ladi. Gaz esa choy qaynatishga tuzuk. Mehmon-pehmon kelib qolganida biron-bir suyuq ovqat hozirlasa ham bo‘laveradi.
Endigina yigirma bir bahorni qarshilagan Rahyma ham umrida biron marta o‘choqqa o‘t qalashidan afsuslanmagan. Ayol kishi. Qismat-da. Chekingga tushsa—chekchayma. Turmushga chiqayotgan chog‘idayam ba’zilarga o‘xshab shohona yashashni xayoliga keltirmagan. Endi o‘qituvchi bo‘lolmasligini o‘ylab, ko‘ngli xijil tortgan, xolos.
Saldan so‘ng hovliga ovsini — Mahfuza kirib keldi.
— Buvim qani?— dabdurustdan so‘radi u, qoshlarini chimirganicha.
— Uyda,— dedi Rahima.
Qaynonasining uyiga kirib ketayotgan Mahfuzani ortidan kuzat.ganicha qolgan Rahima yana o‘yladi: «Boshlandi shekilli. Nega buvimning oldiga kirib ketdi? Nimaga hech nima demadi? Qaerdanam kirdim uyiga?..»
Boya, qaynonasining gapi bilan rvsininikidan sut olib kelishga borgandi (o‘zlarining sigiri sut bermay qo‘ydi), Mahfuza ichkariga manzirat qildi. Suhbatlashib o‘tirishdi. Elakka chiqqan ayolning ellik og‘iz gapi bor-da. Bir vaqt qarasaki, qo‘l cho‘zsa yetar-etmas narida bir taxlam ro‘mol turibdi. Qiziqishi ustun kelib, bittasini oldi-da, yoyib ko‘rdi. Kelinchaklarga nasib etadigan yangi xilidan ekan. Maqtadi. Bunday matohni hozir hech qaerdan topib bo‘lmasligini aytdi. Ukasini uylantirishayotganiyu onasi xuddi shunday ro‘mol qidirib zir yugurib yurganini esladi. Ovsinining aytishicha, ro‘mollarni eri do‘kondan berib yuboribdi. Aqalli bir donasiyam ortiqcha emas, hammasining «egalari» bor ekan. Boz ustiga, mijozlar oldida yolg‘onchi bo‘laverib «beti» qolmabdi. Attang, avvalroq bilganida... Nima bo‘ldiyu suhbat so‘ngida Mahfuza tashqari chiqib ketib, hayallab qoldi. Shunda uni shayton yo‘ldan urdi! Ro‘mollardan birini qo‘ltig‘iga qistirdi...
Vaqt o‘tgan sari Rahimaning diqqati ortib borardi. Oshni damlab bo‘lgach, o‘choq ichidagi cho‘g‘larni chiqarib tashladi.
Shuni kutib turgandek, qaynonasi ichkaridan turib chaqirib qoldi. Rahima ayvonga ko‘tarildi.
— Ha, buvi, chaqirdingizmi?
— Ovqatni pishirib bo‘ldingizmi?
— Ha.
— Unda lip etib ovsiningiznikiga kirib, eshigini qulflab chiqing. Bu menga to‘shak qavishyapti. Bugun tugatib qo‘yaqolaylik. Ovqatingizdan bir chinni berib yuborasiz, yotar-qo‘noqqa shuyam yetadi.
— Kalit eshikning o‘zida,— qo‘shilishdi ovsini.
Rahima qaynonasining maqsadini uqdi. «O’zini-o‘zi fosh etsinmi? Shivir-shivir, gap-so‘zlarga qolib-a! Keyin qanday bosh ko‘tarib yuradi?»
— Egasiz uyga kirmayman!—dedi u. Qaynonasi jim bo‘lib qoldi-da, so‘ngra dedi:
— Unday demang-da, bolam. Begonanikimidi? Egasi siz bilan biz.
— Baribir bormayman.
U iziga keskin burilib, yana o‘choq oldiga bordi. Qo‘liga cho‘p olib, ustini kul qoplagan cho‘g‘ uyumini titkilay boshladi.
Kul titkilash unga «yo‘rgakda tekkan dard». Qizlik chog‘larida, ota-onasining bag‘rida yurgan kezlari ham dadasi daladan qaytib, «ovqating tayyor bo‘ldimi, qizim», deya darvozadan kirib kelmagunicha shu ko‘yi o‘tiraverardi. Ukalarining «qornim ochib ketdi», deb to‘ng‘illashlarigayam parvo qilmasdi. Manglayiga oq durra bog‘lab, egnidagi shoyi ko‘ylagi terlagan badaniga yopishib qolganiga bee’tibor yuraveradigan dadasini yaxshi ko‘rardi u.
Ovsini uydan qaytib chiqdi. Xomush. Qaynonasi kuzatib qo‘ymoqchi yoki oyoq-qo‘lini yozmoqchi bo‘ldimi, harqalay unga ergashib chiqib keldi. Mahfuza shunchaki xayrlashib, uch-to‘rt qadam tashlagach, to‘xtadi. O’yga cho‘mgan holda bunday dedi:
— O’g‘lingiz kelgach, deydiganini deydi-da.
— Men sizga aytdim-ku!— dedi qaynona.
Rahima boshini quyi eggan ko‘yi qimir etmay o‘tiraverdi. Mahfuzaning sabri tugadi chog‘i, «dardini to‘kolmay tura olmadi»:
— He, olmay o‘lgur. Qo‘lingga kuydirgi chiqqur-a!
— Hay-hay, bu nima deganingiz!?— dedi qaynonasi rangi o‘zgarib, unga yaqinlasharkan.
Ovsinining so‘zlari Rahimani yuragini zirillatdi. Sapchib o‘rnidan turib ketdi.
— Nega bu yerda qarg‘anasiz?! Qarg‘anadigan joymi sizga?!
— Bo‘ldi qilinglar, bo‘ldi,— oraga tushdi qaynona.
— Sizga tegib ketdimi? Ajab bo‘pti. Dadam bilan buvimning topgan-tutganiga eringizni topgan-tutganini qo‘shib, katta-katta yeb yotguncha, to‘plasangiz bo‘lmaydimi?
— Hm... kuyib ketayapsizmi?! Erim peshonasini terlatib topib kelyapti.
— Biz haromxo‘r bo‘lib qoldikmi hali!
— Bo‘ldi qilinglar!—Nochor edi sho‘rlik qaynona. Kelinlarining og‘ziga paxta tiqib qo‘yolmasa.— Yetti mahallani boshlaringga ko‘taryapsizlar-a!?
Shu mahal Rahimaning eri — qurilishda ishchi bo‘lib ishlaydigan Qobil ko‘chadan kirib keldi. Baqiriq-chaqiriqni eshitgan shekilli, hayron bo‘lganicha onasiga yuzlandi:
— Nima gap o‘zi? Tinchlikmi?
— Tinchlik, tinchlik,— dedi onasi shoshib va uyingga kirib ketaver degandek ishora qildi. Keyin Mahfuzaga dedi:
— Uyat emasmi? Siz kattasiz, o‘zingizni bosing endi.
Chiqib ketayotgan Mahfuza baribir o‘zini batamom qo‘lga ololmadi:
— Bizdan so‘rab nima qilasiz! Halol, pokiza oyimtillangizdan so‘rang. Kampir boshini sarak-sarak qilib, uyiga qaytdi. Qobil xotiniga qarab qo‘yib, onasining izidan yurdi.
Rahima yana joyiga o‘tirdi. Tag‘in kul titkilashga kirishdi. Nihoyat, qat’iy qarorga keldi: «ketaman, hoziroq ketaman».
Uyiga kirib, mehrobdagi ko‘rpa qatidan ro‘molni oldi. Ayvonga qaytib chiqdi-da, ustunga ilib qo‘ydi. So‘ngra bir-bir bosib, ko‘chaga chiqib ketdi...
Rahima ishlamas edi. Dalaga chiqay desa, tengquri yo‘q edi. Qishloq markazidagi fabrikaga ishga joylashmoqchi bo‘lib, ro‘yxatga yozilganiga bir yil to‘lgandi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.