OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mahbuba Xolova. O‘zim aylanay (hajviya

Shu ayrim xotinlarga hayronman-da... Bitta erkakning ko‘nglini topisholmaydi. Eri ko‘rindi deguncha dag‘-dag‘ titrashadi. Erkak degani, asli yosh boladay gap-da. O‘zim aylanay, deb, ikki og‘iz shirin gapirsangiz, choyga solingan qandday erib ketadi.
Toleimdan aylanay, o‘zimning erginam ajoyib-da. Qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan... Birovning tiyinidan hazar qiladi. Ayrimlar kulib turib cho‘ntagingizni qoqlaydigan zamonda bir chaqa topsa ham «bu kimniki» deb, ming kishidan so‘raydi. Egasini topmasa, e’lon yozib, sim yog‘ochga osib ketadi. To‘qqiz qizdan keyin tug‘ilgani uchunmi hazil-hazim. Shunday tortinchoqki, hatto u menga turmushga chiqishni emas, men unga uylanishni taklif etganman.
Xayriyat onasi erimga qaraganda dadilroq ekan. Bir-ikki sovchi bo‘lib kelib, to‘yni boshlagan. To‘ydan oldin shart qo‘ydim: «Men sizlarnikida emas, siz bizlarnikida turasiz», «E, axir qiz yigitnikiga tushmaydimi, men yolg‘iz o‘g‘il bo‘lsam» — dedi u. «Siz yolg‘iz o‘g‘il bo‘lsangiz, men yolg‘iz qizman», dedim qat’iy. «Mayli, siz nima desangiz shu», dedi u yerga qarab...
Mana shundan buyon umrguzaronlik qilib kelyapmiz. Xudoga shukr, zamonlar o‘zgarib, dunyoga yo‘limiz ochilgandan buyon to‘rt tomonimiz qibla bo‘lib qoldi. Eronu Turkiya, Hindistonu Suriya qilib yuribmiz. Rossiyaning yo‘lini-ku chuqur qilib tashladik. Ham sayohat, ham tijorat deganday, yangi yurt ko‘rib, oshna-og‘ayni orttirib, orzu-havas qilib yurganga nima yetsin. G‘ing deydigan odam yo‘q. G‘ing deydiganlarning ham tomog‘i bor...
To‘g‘ri, ba’zan erimiz xarxasha qilib qoladilar. Bir kun tijoratdan qaytsam qovoq-tumshuqlari soliq, uylar yig‘ishtirilmagan, ovqat yo‘q. «Ha! Nima jin urdi, ro‘zg‘or deb yugurib yurgan xotinni shunday kutib oladimi?» deb baqirdim. Erimning ko‘zlarida yosh aylandi: «Endi men uyda o‘tirmayman, ishlayman». «Ishlayman?! Hali ko‘ngillari ish istab qoldimi? O‘n yil tashkilotda ishlab biringiz ikki bo‘ldimi? Topganimni yeb, shukr qilib o‘tiring. Nima yetishmayapti o‘zi? Hammomga ham mashinada eltib qo‘ysam, qo‘llariga tilla uzuklarni taqib qo‘ygan bo‘lsam... Xolodilnikdan go‘shtu sariyog‘ arimasa, yana ishlayman emish...»
Erim hiqqillab yig‘lab yubordi. — Nima qilay, odamlar gapiraverib bezor qildi-da... Kecha hovli supura tursam, hamsoyalar devordan qarab, «boshingga ro‘mol o‘rab ol», deb piching qilishdi.
— Ha og‘zidan qoni kelsin ularni, ko‘rolmay aytgan-da. Quloq solmang, bo‘ldi, bas qiling diydiyoni. Ha, o‘zim aylanay, dadajonisidan. Turing, choy-poy qo‘ying.
— Xo‘p, siz cho‘zilib dam olib turing. Ha, aytganday menga nima olib keldingiz, onajonisi?
— Sizga yaponskiy jemper olib keldim. Boring jiz-biz qilib keling. Keyin kiyib ko‘rasiz, — deb chiqarib yubordim.
Eh, bu odamlar, yerni suv buzadi, odamni gap, deganlari shu-da. Shunday mo‘min-qobil erimni yo‘ldan urmoqchi bo‘lishadi-ya. Xayriyat, arazlab ketib qolmadi uyiga.
Mana shundan buyon g‘ing degan mash-masha yo‘q. Yuribman dunyoni kezib... Shu Yaponiya bilan Amerikaga borolmay turibman-da. Buning uchun ko‘proq dollar yig‘ishim kerak. Dollar o‘lgurdan ancha to‘playmanu, narsaga o‘chligim qursin, yana xarjlab qo‘yaman-da. 
Siz «Oylab shaharma-shahar kezsangiz, uy, bola-chaqa nima bo‘ladi», deysizmi? Parvo qilmang, erginamga bir kulib «o‘zim aylanay dadajonisidan» desam bo‘ldi.
Uydan-ku ko‘nglim to‘q. Ammo uyquni yo‘qotganman-da. Hamma narsa bor, halovat yo‘q. «Essiz, shuncha mol-dunyo, bir kuni hammasi qolib ketadi-da», deb yurakkinam achishadi. E, mayli, halovat bo‘lmasa bo‘lmasin, pul bo‘lsin, pul.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.