OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Malika Boyxon. Tekin dori (hajviya)

Voy, nimalar deyapsiz, ovsinjon. O‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim-ku. E-e-e, sizda nima tashvish, uyingiz boshqa, joyingiz boshqa. Keling, mundoq o‘tiring, hammasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz. Yaxshi ko‘rinsin, deb divanni shu yerga joylashtirganman. Ana, ana keldilar bizning qarib quyulmagan qaynotamiz. Naq Majnun deysiz. Hamisha qo‘llaridagi to‘rvaxalta to‘la. Qarang-qarang, o‘n yil ko‘rishmagandek, yelkalaridan quchib so‘rashadilar. Kampirshoyam shu kunlarda rosa ochildilar. Bunaqa parvarish kimga ham yoqmaydi, deysiz. Ora-chora guldasta ham olib keladilar. Hay ovsin, bular umuman otasiga tortmagan. Qarang-qarang, choy uzatishini ko‘ryapsizmi? Xuddi bir haftalik kelinchakday, yetti bukilganlariga o‘laymi, o‘zi shundog‘am belni zo‘rg‘a tutadilar. 
– E-e-e, ovsinjon nimasini aytay, ko‘rib kuyib ketaman, ana hayot, ana muhabbat... Xaltani ochyaptilar. Bu yog‘i endi ochil dasturxon: baliq deysizmi, tabaka deysizmi... Ana aytmadimmi. Endi tomoshaning zo‘ri boshlanadi: “Sen je, men je”. Nimasi yaxshi, voy tavba, “do‘stingdan top” degani shu bo‘lsa kerak-da. Voy-voy-voy, nimasi yaxshi, bu muhabbatga to‘la hayot sahnasining ishtirokchisi emas, quruq tomoshabini bo‘lishning nimasi yaxshi?! Ha, hozir, so‘ppayib kirib keladilar. Ana, ko‘zingiz uchib turuvdi, keldilar. Bu kishi ham to‘g‘ri “bog‘i safo”ga yo‘l oladilar. Shu-shu, ota-ona duosini olish kerak, savil. Nilu, choy qo‘y, dadang keldi. Non yo‘q bo‘lsa, tishingni tishingga bosib chidab tur, ana dadangga tutqazishyapti. Bu yoqdagilarga bo‘laveradi. Voy-voy, tarang qilganlariga o‘laymi, ichlarida jon-jon deb turibdilaru. Qaerdan kelardi, ovsin, jiyan-japo, kelin-kechak deganday. Bilasiz-ku bular o‘zi it urug‘. Rostiyam shu-da. Biri keladi, biri ketadi, hech kim quruq kelmaydi. Ha, endi bizga ham dengizdan tomchi deganday, yetib turibdi. Voy, ana kelyaptilar, endi bizning sahna boshlanadi. 
– Assalomu alaykum, dadajonisi, kelyapsizmi charchamay? Ishlaringiz yaxshimi, ha, juda yayrab o‘tiribmiz. Nimalar deyapsiz, kunda o‘n marta xabar olaman-ku, ko‘rdingizmi, hamma yoqni chinniday qilib tozalab berdim. Voy nimasi minnat, qanaqa minnat. Xo‘p, mana o‘chdim. Gapirmadim. Oshxonaga o‘tavering, bolalaringiz kutib o‘tirishibdi. – Nilu, dasturxon tayyorla. Boshim naq yorilay deyapti. Yuragimga qil sig‘maydi. Hamma narsa yetarli, oshib-toshib yotibdi, lekin bir chimdim mehrga zorman. Na otasi, na bolalari qadrimga yetadi. Kundan-kunga ahvolim og‘irlashib boryapti. Qaerim bo‘lardi, oshqozonim tinimsiz og‘riydi, yara bo‘lganmi deyman? Ustiga-ustak dorilar zahardan qimmat. Tekin dori deysizmi, qaerda bor ekan?! Nima-nima? Osoyishtalik... Bunaqa dorini endi eshitishim. 
– E-e-e, qo‘ysangiz-chi, oshqozonga asabning nima aloqasi bor. Yeganim yoqmaydiyam, yuqmaydiyam. "Ayb siz yegan narsada emas, sizni yeyayotgan narsada” deysizmi? Meni nima yeydi, o‘lay agar, tushunmadim. Hay to‘xtang, qayoqqa ketyapsiz, shoshmang, mundoq odamga o‘xshab ochiqroq gapirmaysizmi? He, odam bo‘lmay o‘l, kelib-kelib shunga hasrastimni ochdimmi? Nimaga kelganakan o‘zi? Vo-o-oy, “o‘g‘lim mashina oldi” dedimi, “qaerga desangiz olib borib-olib keladi, kelinoyisi” emish. Voy-voy-voy! Oshqozonim yomon sanchdi-ku! Nilu, dorim qaerda, hoy yashshamagur, dorini top deyapman...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.