OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mamlakat Normurodova. Musofir (hikoya)

Shahlo katta shaharda onasini yo‘qotib qo‘ydi.
Onasining esi kirdi-chiqdi edi. Qish oxirlab, eshik ortidagi g‘ala-g‘ovur dunyo o‘ziga chorlayverganidan, xasta ayol payt poylab ko‘chaga otildi. Bir paytlar Denov tomonlarda u ishlagan bog‘cha devori sap-sariq rangda edi. Sariq bino ko‘ziga issiq ko‘rinib, o‘sha tomonga yuraverdi. Katta yo‘lning muyulishidan o‘tayotib, bahaybat mashinaning signalidan cho‘chib tushdi. Qadamini tezlatmoqchi edi, bir poy kalishi oyog‘idan tushib qolganini sezdi. Orqasiga qaytib kalishini qo‘liga olgach, sariq bino tomonga alangladi. Mashina yana pishqirdi. Ayol qo‘lidagi bir poy kalishini mashinaga o‘qtalib, g‘o‘ldiragancha yo‘ldan chopib o‘tdi. Qo‘lidagi kalish yo‘l chetidagi beton ariqqa tushib ketdi. Hansirab uni olmoqchi bo‘lganda, peshonasi betonga urildi. Jarohatidan sizgan qon ayolning yuzidagi ter tomchilari bilan qorishib, tilim-tilim ajinlar orasida turib qoldi. U ariq labida birpas nafas rostladi. Nogahon yo‘ldan o‘tayotgan yoshgina qoramag‘iz ayolni o‘zining qizi fahmlab chaqirdi:
— Shahlo, enangni tanimadingmi? Hey, Shahlo...
Shahlo bu paytda bozorda ismaloq sotardi. U uch oydan buyon bozorda aylanadi: sabzavot rastalarida piyoz saraladi, non sotdi, oshxonalarda idish-tovoq yuvdi. Harchand chiranmasin, bir kunlik daromadi besh-olti ming so‘mdan oshmasdi. Topgan pulining yarmini bir kunlik ijara haqiga to‘laydi. Qolganiga ul-bul yegulik sotib oladi. Ba’zan onasiga dori-darmon olish uchun yo‘lkirani tejashga to‘g‘ri keladi. Ijara uyi bilan bozor oralig‘idagi uch-to‘rt bekat masofani piyoda bosgan kunlari tinka-madori qurirdi. Yaratgan har bandasiga dardga yarasha kuch ham berar ekan. Qoracha yuzli, jussasi nozikkina bu qizning irodasi baquvvatligini aytmaysizmi?
Bir kuni oshxona ofitsianti kasal bo‘lib qolib, boshlig‘i uning ishini Shahloga yukladi.
— O‘zingga qara... pardoz-andoz deganday-a? Keyin shu... xafa bo‘lmaginu, ayol kishi og‘zini katta ochib kulmaydi-da! Sekin jilmayadi, tishlari yo‘q bo‘lsa, mundog‘ bekitadi. Ayniqsa, mijoz oldida, — nasihat qilgan bo‘ldi oshxona boshlig‘i. Shahlo miriqib kuldi. O‘ng tomondagi ikki-uch tishi yo‘qligini aytmasa, uning husni yomon emasdi. Kulgiga moyil ko‘zlari katta-katta, qoshlari qaldirg‘ochdek bu ayolning yoshi o‘ttizlarda.
— Endi men qishloqning to‘pori bir qiziman. Savil qolgur noz-karashmalarim tishlarim bilan birga yo‘lda tushib qolgan. Yo‘q narsa yo‘q-da, nima qilay, — dedi kulgisini yig‘ishtirib.
Ertasiga yo‘lxaltasi tagidan upa-eliklarini topib, o‘ziga biroz pardoz berdi. Kalta sochlarini hafsala bilan turmaklab, kuydirmajon qizga aylandi-qoldi. Oshxonadagilar hayron. Xizmat paytida unga bir mijoz tikilib: “Siz hind aktrisasi Madhuriga o‘xsharkansiz”, degan edi, “Yo‘q! O‘sha Madhuri aslida denovlik Shadhuriga o‘xshaydi!”, deya patnisni boshiga qo‘yib, hindcha muqom qilgancha xandon otib kuldi. Shu-shu oshxonadagilar uni Shadhuri deb chaqiradigan bo‘lishdi. U esa tishlari yo‘qligini unutib, og‘zini baralla ochib kulardi. Aslini olganda, u tishlarini yaqinda o‘z ixtiyori bilan sug‘urtirgandi.

* * *

Bir kuni Shahlo tog‘asinikiga keldi. Onamni davolatgani Toshkentga olib bormoqchiman, dedi.
— Bu ishing to‘g‘ri emas, jiyan, — ming‘irladi tog‘asi. — Onangni shu yerdagi kasalxonaga topshir.
— O‘zimizning kasalxonagami? Onam o‘sha yerda uch oy yotdi! Eshitgandingiz-ku! Do‘xtirlar uni davolamadi! Og‘ir ukollarni uraverib, yotqizib qo‘yishdi! Onaginamni yana o‘shalarning qo‘liga topshiramanmi?
— Unda uyda olib o‘tir, — dedi tog‘a televizordan ko‘z olmay.
— Uyda ukam janjal qilayapti-da, tog‘a. Onam kechalari yurib chiqadi, kasal-da, bo‘lar-bo‘lmas qiliqlar qiladi. Ukam chiday olmay baqiradi... Bilasiz, uniyam dardi alami ichida. Onasi jinni deb yaxshi ko‘rganini berishmadi... Tog‘a! Toshkentdagi do‘xtirlar yotqizib qo‘yadigan ukol qilishmaydi, yaxshi davolaydi, deyishdi. Shunga to‘rt-besh so‘m qarashasizmi, devdim. Bilasiz, kambag‘alchilik... Lekin, ukam bilan ishlab qaytaramiz.
— Voy, anavini qara, — dedi tog‘a ko‘zlari chaqnab, — og‘zi to‘la tilla tish-ku, kambag‘alman emish. — U nosini dastsho‘yga tufladi. — Menga qara... opamning uch-to‘rt kunlik umri qolganmi-yo‘qmi... Yotqizib qo‘yadimi, bog‘lab-uxlatib qo‘yadimi, uni shu do‘xtirxonaga topshir.
Shahlo bir zum o‘ylanib qoldi. Og‘zi to‘la tilla tish... Keyin shartta o‘rnidan turib, chiqib ketdi. Birdan bir suyangani — tog‘asining yordam bermaganidan og‘rinmadi. U miyasiga kelgan fikrdan o‘zida yo‘q xursand edi. Hozir tish do‘xtiriga boradi-da, tilla tishlarini sug‘urtiradi. Ularni pullab, onasi bilan Toshkentga jo‘naydi. Onasi sog‘ayib ketsa, ishlab yana tish qo‘ydiraveradi, nima qipti!?

* * *

Shadhuri namozshomgacha bir etak ismaloq sotdi. Yo‘ldan ikki buxanka non olib, birining chekkasidan kavshangancha uyiga kelganida, uy bekasi uni hovliqib qarshi oldi:
— Voy, ikki-uch soatdan buyon onangiz yo‘g‘-a!
— Nima? Nimaga yo‘q?! — Shahloning ko‘zlari qinidan chiqib ketdi.
— Men tikish qilayotuvdim. Akangiz namozga kirgandilar. Bir payt chiqib, oynadan mo‘ralasam, xonada hech kim yo‘q!
Qiz ko‘chaga otildi. Katta ko‘chaning u boshidan bu boshigacha kezib chiqdi. Yo‘lovchilar, do‘konchilardan surishtirdi. Bosh chayqashdan nariga o‘tishmadi. Xayoliga bir-biridan xavotirli o‘ylar kela boshladi: “Yo, Xudo! Uni o‘zing asra! Yiqildimi, birov ozor berdimi, turtkiladimi?”. Uyga yaqin bekatdan o‘tayotgan avtobus haydovchilaridan ham qiliqlari yosh bolanikidek kampirga ko‘zlari tushgan-tushmaganini so‘radi. Ular ham yelka qisishdi. Muyulishdan chiqib kelgan avtobusning old tomonida turgan bola nogahon: — Men ko‘rdim, besh-olti bekat narida anaqaroq bir kampirga ko‘zim tushdi, — dedi.
“Bu — enam! Boshi og‘ib o‘sha tomonlarga ketib qolgan”. Shahlo suyunganidan katta yo‘l bo‘ylab muyulish tomonga chopib o‘tayotgandi, naq qarshisida “g‘iyq” etib to‘xtagan mashinaning tormoz ovozidan sakrab tushdi. Oq sochli haydovchi o‘shqirdi:
— Esing joyidami? O‘lging kelgan bo‘lsa, menda nima ayb?!
— Bilmasdan, amaki... Meni kechiring! Musofirman, onamni yo‘qotib qo‘ydim, — qiz haydovchiga iltijoli qaradi.
Haydovchi mashinani chetga olib, to‘xtatdi. “Obbo, endi bu odam vaqtimni oladi”, deb o‘yladi Shahlo.
— O‘tir mashinaga!
— Kechirim so‘radim-ku, amaki!
— Ie, uni qaranglar... Kechirim so‘rash bilan qutilmoqchi, — dedi haydovchi qovoq uyub. Keyin kulimsiradi. — Chiq mashinaga. Yo butun shaharni piyoda kezib chiqmoqchimisan?
Shahlo qiz boladek quvonib ketdi-da, “Rahmat, amaki”, deya old o‘rindiqqa o‘tirib oldi.
— Shu tomonda... onamni uch-to‘rt bekat narida ko‘rishibdi, — dedi-da, birdan tashvishlanib haydovchiga o‘girildi, — amaki, yonimda pulim yo‘q, edi-ku!..
— Ishlagani keldinglarmi? — so‘radi haydovchi uning gapiga e’tibor qilmay. Keyin mashinasini jildirdi.
— Yo‘q, onam ruhiy kasal, davolatgani olib keldim, — deya ikki tomondagi yo‘laklarni diqqat bilan kuzata boshladi Shahlo.
— Chuqursoyda yaxshi shifoxona bor. Onangni o‘shanga yotqizish kerak, — dedi haydovchi.
— O‘sha yerda ikki oy yotib chiqdi. Sal-pal o‘ziga kelgach, javob berishdi. Oxirgi kunlarda yana qaytalandi, kechalari uxlamaydi, narsalarni titadi. Meni uyg‘otvolib, uxlama, men bilan gurunglash, deydi. Menda kechasi gurunglashishga hol bo‘ladimi... Ie, to‘xtang, to‘xtang! Anovi yerda bir kampir o‘tiribdi... — Haydovchi mashinani sekinlatdi. — Yo‘q, boshqa ekan... Shu kecha bilasizmi, amaki, taraqa-turuq shovqindan uyg‘onib ketdim. Tur qara, mushuk nonimni yemoqchi, deydi onam. Shartta chiroqni yoqdim. Qarasam, kattakon kalamush menga qarab turibdi, ikki ko‘zi yonadi.
— Kalamushga qopqon qo‘y.
— Ie, qopqon qo‘yib bo‘lmaydi. Tunov kuni uy egasiga yalinib, polning teshigini tsementlatuvdim. Shuvog‘i qurimay onam qoshiq bilan uni ko‘chirib tashlabdi. Siz qopqon deysiz...
— Kasal odam bilan musofirlik qiyin. Yaxshisi, onangni olib, uyingga qayt! U yoqda qarindosh-urug‘ deganday...
— Yo‘lkiraga pul ishlasam bo‘ldi, xudo xohlasa... — Shahlo chor atrofga olazarak termilarkan, aytgan gapiga o‘zi ham ishonqiramay xo‘rsindi.
Onasi shifoxonadaligida u picha pul jamg‘argandi. Bir hafta boyvachcha ayolning hovlisini qirtishlab, tozalab topgan pulini ko‘p o‘tmasdan oshxona egasi qurtday sanab oldi. O‘sha kuni Shahlo xizmat qilayotgan stolda uch barzangi ovqatlanayotib, janjallashib qolishdi-da, pulini to‘lamay ketvorishdi. Zarari qizning yelkasiga tushdi. Shundan keyin oshxonada boshqa ishlamadi. Lekin bir haftalardan keyin boshlig‘i uni bozordan qidirib topdi. ”Shadhuri! San ketib ishlarim to‘xtaganday, mana bu yerimda bir narsa borday... — barmog‘ini ko‘kragiga nuqdi. — Yur, men bilan ishla, haqini yaxshi to‘layman”, deya obdon avradi. Shahlo endi ko‘nmadi.
— Qarab ketayapsanmi? — so‘radi haydovchi sigaret tutatib.
— Ishqilib yiqilib-netib yurmagan bo‘lsin-da!
Baribir u qo‘rqqan hodisa sodir bo‘lgandi. Shahlo bekat skameykasida mung‘ayib o‘tirgan onasiga ko‘zi tushishi hamon buni angladi. Onasining aftoda ust-boshi, shishgan yuzi, tirnalib qonagan jarohatlari shundan dalolat berardi. Beo‘xshov o‘ralgan oq ro‘moliga saqich va qog‘oz parchalari ilashgan, peshonasidagi to‘zg‘igan sochlari qiyofasini yanada abgor tusga solgan edi. Bekatdagilar unga qarab-qarab qo‘yishar, o‘zlarini uzoqroq tutishardi.
Qiz yugurib kelib, onasini quchoqladi. Ko‘zlariga yosh qalqdi.
— Sizga nima bo‘ldi, enajon? Yiqildingizmi? Yuz-ko‘zlaringiz shishib ketibdi!.. Birov urmadimi, enajon? Nega uydan chiqib ketasiz, xudoyim-ey?! — Shahlo savollar bera turib, onasining sochlarini tuzatar, ro‘molini qayta o‘rar, usti-boshlarining changini qoqardi.
Onasi yosh boladay jilmayib-jilmayib gap qotardi:
— Men senga pichak pishirib beraman, Shahlo! Ismaloqdan... Zig‘ir moyda pishirib beraman, bolam!... Ha-a, yaxshiyam kelding, bozordan ismaloq olamiz! Izlay-izlay topolmadim, bolam... Yoningga ketayotuvdim, sog‘indim-da... yo‘lda yiqildim.
Shu payt haydovchi paydo bo‘ldi-da, onani o‘tirgan joyidan dast ko‘tarib, mashinasi tomon yurdi. Odamlar bir Shahloga, bir haydovchiga tikilar, kampir nima bo‘layotganiga aqli yetmay atrofga alanglardi. Shahlo yugura solib eshikni ochdi. Haydovchi onani orqa o‘rindiqqa avaylab qo‘yib, mashinani yurgizdi. Begona kishidan bunday muruvvatni kutmagan Shahlo unga qanday minnatdorlik bildirishni bilolmay o‘tirardi.
— Siz kim bo‘lasiz, uka? — so‘radi ona yo‘lda kutilmaganda.
— Xizr buva, enajon, — javob berdi Shahlo. — Sizni shu odam topdi-da. Men qaytib topardim? Rahmat, amaki, bizdan qaytmasa, xudodan qaytsin! Olloh qo‘llasin sizni.
— Bunaqa yurmang, onani qiynab nima keragi bor? Ahvoli battar og‘irlashsa nima qilasiz! Qishloqqa qaytish kerak.
— Xizrvoy ukamgayam pichak qip beraman, xamir qorishga uning bormi, qizim?
— Ha, enajon! Denovda o‘zim sizga pichak pishirib beraman. Bu yer Toshkent! Siz uydan chiqib ketaversangiz, men qanday ishlab pul topaman, enajon! Qanday uyga ketamiz?
— Bu yoqlar Toshkanmi? Ha... — onani uyqu elita boshladi.
Shahlo uch-to‘rt kun onasi bilan bo‘lib, ishga chiqolmadi. Bozordagi tanish-bilishlaridan ul-bul yegulik olib kelib turdi. Ammo uy egalarining xonani bo‘shatishni talab qilishlari Shahloni yana o‘ylatib qo‘ydi. U so‘rab-surishtirib, bir-ikki yerdan joy topdi, ammo onasining kasalligi ma’lum bo‘lishi hamon ijara egalari rozi bo‘lishmadi.
— Bizgayam o‘z uyimizda doim xavotirda yashash to‘g‘ri kelmaydi, — derdi hozirgi bekasi, — ishonsangiz, bir ko‘zim doim shu oynada, kampir nima qilyapti, qanaqa o‘tiribdi, sal narida gaz yonayapti, bir narsa bo‘p qolmadimi, deb tikish ustidayam tinch o‘tirolmayman.
— Joy toplaring tezda! Boshqa gap yo‘q! — shartta kesdi eri. — Besh kunlik qarzing bor. Onangning kiyimi, hujjatini olasan, bo‘ldi. Qolgan matohlaring, kiyimlaring, sening hujjating garovda turadi. Pulni opkep berganingdan keyin olasan! Odamgarchilik ham shu-da! Haliyam shukr qil, onang shiptirga aylantirgan ko‘rpacha-yu palosni yuv, pulini to‘la demayapman...

* * *

Ertasiga tushdan keyin onasining kiyimlari tugilgan bo‘g‘chani darvozaxonada ko‘rdi. U onasini yetaklab ko‘chaga chiqqanida havo ochiq, bahorning yoqimli shabadasi esardi. Onasi yosh boladek xursand, o‘tgan-ketganlarga iljayib qaraydi.
“Qiziq, eshikdan ko‘chaga chiqsang-u, qayoqqa borishingni, qaerda to‘xtashingni, qaerda seni kutishlarini bilmasang”, deb o‘ylardi Shahlo. “Xo‘sh, nima qipti, derdi unga javoban yana bir ichki nido. Sen qalb ko‘zi bilan qara, zehn sol, tafakkur qil!” Ha, ayni paytda yashnayotgan butun borliq men va shu xasta onamnikidek go‘yo... Hamma-hamma narsa faqat bizga tegishlidek. Borliq bilan, hayot bilan birga yashash lozim! Mayda-chuydalar bilan emas. Mayli, oshxona boshlig‘i, ijara uy sohibi buni tushunmasin! Lekin men his etayapman-ku! Axir bu beqiyos mo‘‘jiza, noyob baxt-ku!
Shahloning xayolini allaqanday yuksak va g‘aroyib tuyg‘ular chulg‘ar, ular goh-gohida bosh ko‘tarmoqchi bo‘layotgan yolg‘izlik, boshpanasizlik, och-yupunlik iztiroblarini yashirardi.
— Shahlo, menga osh obber...
— Enajon, meni duo qili-ing... — ko‘nglida og‘riq turdi qizning.
— Osh obbersang, duo qilaman.
— Siz mug‘ombir enasiz! — koyindi yana.
U beixtiyor onasini nariroqdagi oshxonaga yetaklay boshladi. I-e, puli yo‘g‘-u! Bu yog‘ini qandoq qiladi? Yuraversin-chi, o‘sha oshxonaga yetgunlaricha qanday mo‘‘jizalar ro‘y berarkin?
— Bo‘ldi, endi... — deb qoldi bir pas yurgach onasi, — sen qiz yig‘lama, o‘zim qo‘shiq aytib beraman, — deya baland ovozda kuylay boshladi:

Daryodan oqib kel-o-odi shoda-shoda marvarid,
Ro‘paramda o‘ltiro-odi qoshi qaro barno yigit...

* * *

Birdan Shahloning ko‘z oldi qorong‘ulashib, quloqlari shang‘illay boshladi.
Onasining shirali ovozi olis-olislarga chekinib, yo‘qoldi. O‘zi allaqanday ko‘lanka va sharpalar qarshisida qoldi. Ular orasida norg‘ul kelbatli, oq-sariqdan kelgan yigit — Azimjonni aniq tanidi.
— Shahlo! O‘-o‘v Shahlo — deb chaqirarmish u.

* * *

Shahlo Azimjon bilan bir-birini yoqtirib turmush qurishdi. Uch yil yaxshi yashashdi. Ammo orada farzand bo‘lmagani ikki yoshdan ko‘ra qaynona-qaynotani ko‘proq tashvishga soldi. Bunaqa paytlarda ko‘pincha qaynona bor kuch-g‘ayratini ishga soladi. Azimjonning onasi ham u qildi-bu qildi, axiyri Shahloni onasinikiga jo‘nattirib, o‘g‘lini boshqasiga uylantirib tinchidi. Yigit boshqa turmushga ko‘nikkuncha ko‘p qiynaldi. Shahloni unutolmasdi. Ha, deganda uning oldiga yugurib kelaverardi. Xotini o‘g‘il tuqqanida ham eng avval Shahlodan suyunchi olgandi. Axiyri Azimjon uzoqlarga ishlagani ketdi-yu, qaynonaning “domla”ga boradigan qadami, Shahloning esa qulog‘i tinchidi. Ammo safardan qaytganidan keyin xotini haqida bo‘lar-bo‘lmas gap-so‘zlar eshitib, yashamayman, deb turib olibdi.
Bu gaplarni Denovdagi dugonasi qo‘ng‘iroq qilib aytgandi. Azimjon uni bir oydan buyon izlayotganini, Toshkent bozorlarini kezib yurganini hovliqib gapirib beruvdi.

* * *

U yana xayolida Azimjon bilan gaplasha boshladi: “Bekor qilibsiz, ikki go‘dakning uvoli tutmasin...”. “Nima qilay? O‘zi shubham bor edi... Qanday yashayman?!” “Bolalar qaerda?” “Ular men bilan. Sen ularga onalik qilasan, Shahlo”, “Qaydam, enangiz...” “Enam o‘zi shuni istaydi...”.

* * *

Uni kimdir silkita boshladi.
— Shahlo! Tur endi, gapirsang-chi! Yetar yotganing!
Odatda, Azimjon unga shunaqa kesib-kesib gapirardi. Shahlo yana tush ko‘ryapman, deb o‘yladi. Ko‘zlarini istamaygina ochdi.
— Ha? Tuzukmisan? Katta yo‘lda uzala tushib yotaveradimi, odam degan?!
Shahloning shuuri tiniqlashib, atrofga alanglay boshladi. Keyin birdan irg‘ib turib, boshidagi ro‘molini qidirdi. Xiyol qizarindi.
— Siz?! Enam qani?! Voy!
Katta-katta ko‘zlarini pirpiratib serrayib turgan Azimjon ro‘molni uzatarkan, sal nariroqda so‘riga ishora qildi.
— Enam osh yeyapti...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.