OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Marat Sharipov. Faqat ehtiyot bo‘linglar! (hajviya)

— Sizlarni bu yerga yig‘ishimdan maqsad, muhim bir masalani hal etish, — dedi Mingboyev oromkursiga yanada yaxshiroq yastanib olar ekan. — Bilasizlar, anchadan buyon birgalikda suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib kelyapmiz. Ammo so‘nggi kunlarda bir o‘y menga sira tinchlik bermay qo‘ydi. Otam rahmatli: «O‘g‘lim, halol ishla» der edilar. Keyingi paytlarda shu gapni ko‘p o‘ylaydigan bo‘ldim. Sovg‘a-salom niqobida olayotgan jaraq-jaraq pora pullarimiz to‘g‘risida o‘ylab ko‘rish fursati yetmadimikan? Necha yillardan buyon tinimsiz olamiz. O‘zi bermasa, majburlab ham cho‘zdiramiz. Menimcha, bunga chek qo‘yishimiz kerak-ov. Nima dedinglar?
To‘planganlar orasiga og‘ir jimlik cho‘kdi. Anchadan so‘ng Toshyutarov horg‘in xo‘rsinib so‘z boshladi. 
— Gapingiz balki to‘g‘ridir. Lekin, to‘xtatishga sal erta emasmikan? Yana hech bo‘lmasa bir yil olaylik, keyin nima desangiz rozimiz.
— Mirza akaning gaplarida jon bor, — deb uni quvvatladi Jo‘rayev. — Menimcha, birdan to‘xtatsak bo‘lmas, yana ozgina vaqt kerak. Bu yoqda kenja xotin mengayam mashina olib berasiz, deb ming‘irlab turibdi.
— Dala hovlilarimizni bitkazib olsak ham mayli edi, — xo‘rsiniq bilan dedi Boybuvayev.
— Tushunayapman, tushunayapman, — dedi piyoladagi sovub qolgan choyni ho‘plarkan Mingboyev. — Lekin odam yoshi o‘tgan sayin qo‘rqar ekan-da. Axir, «Yemoqning qusmog‘i bor» deb bejiz aytishmagan. Qolaversa, biz bir-birimizga bog‘liq bo‘lgan «zanjirmiz». Bittamizga shikast yetsa, qolganlarimiz ham sharaq-shuruq «uzilib» ketamiz. Xudo ko‘rsatmasin, qopqonga tushib qolsak bormi, bor-budimizdan ajrab qolamizmi deyman-da. Ko‘ryapsizlar har kuni «menman» deganlar gumburlab qulayapti, «ko‘ki» ham, «sarig‘i» ham ularni qutqarib qololmayapti. Shuning uchun vaqt g‘animatida etagimizni yig‘ishtirib olaylik. Nima, shu qarorga kelish menga oson deb o‘ylaysizlarmi? Uzatilmagan ikkita qizim bor hali...
— To‘g‘ri gapni aytdingiz, — deya uni quvvatladi Tog‘ayev. —Tumshug‘imizdan ilinmasimizdan yig‘ishtirishimiz kerak. Hamma narsaning ham chegarasi bor. Ana, kecha televizorda ko‘rsatishdi. Qayerdadir pora bilan qo‘lga tushgan bir guruh poraxo‘rlarni umr bo‘yi qamoq jazosiga hukm etishdi. 
Yig‘ilganlar orasida birdan jonlanish sezildi. 
— Yo‘g‘-e, o‘sha yoqlarda ham pora bor ekanmi?
— Bo‘lganda qandoq, — iljaydi Toshyutarov. — Gazetada o‘qidim, biz eng rivojlangan mamlakat deb yurgan joylarda ham pora bor ekan. 
Xonaga bir necha daqiqalik sukunat cho‘kdi. 
— Qurg‘ur o‘zi yaxshi narsada, — xo‘rsindi kimdir. 
— Demak, boshqa davlatlarda ham pora olish bor ekan, denglar, — o‘smoqchiladi Mingboyev. — Nachora, xorij tajribasini o‘rganishga to‘g‘ri keladi. Faqat, ehtiyot bo‘linglar!

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.