OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhabbat Hamidova. O‘rganib ketadi (hajviya)

Angrendan, to‘ydan qaytyapman. Biroq, kayfiyatim to‘ycha emas. Negaki, kutilmaganda havo aynib, chelaklab yomg‘ir qo‘ydi. Mashinamning suvsidirgichi yaxshi ishlamaydi. Buyog‘i o‘zingizga ma’lum. Shuncha kundan buyon tuzatib olaman yoki almashtiraman, deb yuraveribman. Oldingi g‘ildiraklar ham chananing oyog‘idek sip-silliq. Yo‘l esa uzoq. Noiloj u yer — bu yerda to‘xtab mashinaning peshonasini silab-siypayman. 
Osmon borgan sari qovoq uyadi. Ko‘ngil ham shunga qarab. Andishani chiqargandan o‘rgildim-da. Nima zaril edi, yerning kindigiga to‘yga borib. Na 50 gramm anavidan ololdim, na kechqurungi bazmga qololdim! Ha mayli, ishqilib uyga, bola-chaqam oldiga eson-omon yetib olsam bo‘lgani. Bu fikr mashina g‘ildiragiga qo‘shilib xayolimda pildiraydi.
Ming xavotir, hadik ichida “Rohat”dan o‘tib shaharga kirdim.
To‘satdan yangragan “qadrdon” xushtak ovozi xayolimga ham tormoz berdi. “Shuni kutayotgandim”, — to‘ng‘illaganimcha “egov”imni chetga oldim. Hali eshikni ochib ulgurmasimdan qarshimda “xushtak egasi” ko‘ndalang bo‘ldi.
— Kichik leytenant Komilov shahrimizga kirib kelganingiz bilan qutlaydi. Xush kelibsiz birodar, — dedi u ming yillik qadrdonini kutib olganday quvonch bilan. — Suvsidirgichingizni almashtirishingiz kerak ekan. Sizni toza qiynagan ko‘rinadi.
— Ha, nimasini aytasiz, xunob bo‘lib ketdim, — dedim xo‘rsinib.
— Mabodo, otvertkangiz yo‘qmi, — dedi u menga hamdard ohangda. Shundoq oyog‘im ostidagi sumkachani ochib otvertkani oldim. 
— Menga bering-chi, siz mashinadan tushib ovora bo‘lmang. Yomg‘ir qattiq yog‘yapti, shamollab qolasiz. Men o‘zim bir zumda, — u qo‘limdan otvertkani oldi. Keyin yomg‘irpo‘shining beso‘naqay cho‘ntagidan ikkita vint chiqardi. — Mana hozir, — u chaqqonlik bilan mashina oldiga o‘tdi. Biroz kuymalangach, buyurdi, — qani murvatini burangchi...
Suvsidirgich yoqimli tovush chiqarib likillagancha oynani artishga tushdi.
— Ana bo‘ldi, bemalol uyga yetib olasiz. Yaponlarning vinti bu, uncha-bunchaga buzilmaydi. Endi oq yo‘l. O‘zingiz bilasiz, yo‘llarimiz serqatnov. Qattiq yog‘ingarchilikdan ancha sirpanchiq bo‘lib qolgan. Buning uchun uzr. Iltimos, shoshilmasdan, tezlikni oshirmasdan ehtiyot bo‘lib keting. Kelgusi safar, quyoshli kunlarda sog‘-omon ko‘rishaylik, — dedi Komilov hujjat ushlagan qo‘limni mahkam siqib. Keyin qo‘shib qo‘ydi, — kelin ayam palovxonto‘rani damlab kutib o‘tirgandirlar.
Men esa ko‘zoynakli echki ko‘rganday baqrayib qolgan, tilim kalimaga kelmasdi. Negaki, o‘n yillik haydovchilik tajribam haqqi qasam ichib aytamanki, DAN noziridan bunchalik muomala ko‘rish qahratonda polizda qovun pishganday gap! Ayniqsa, mana bunday “shalag‘ arava”da-ya! Mo‘‘jiza-ku, bu axir. Yo men tush ko‘rayapmanmi? Yo‘q tovushimni eshitib turibman. Demak o‘ngim! Agar o‘ngim bo‘lsa, buni shunday qoldirib bo‘lmaydi. Buni taqdirlash, ommalashtirish kerak. Tavba, “nogiron” mashina egasi bo‘la turib otangdan eshitmagan shirin gap, yana kimdan, yo‘l harakati nazoratchisidan birinchi marta bunaqangi “asal” DANchini uchratganimgami yoki DANchilarning barchasini bir xil qiyofa, bir xil holda ko‘raverganimdanmi bu mo‘‘jizadan ko‘nglim buzilib ketdi. Lobavoydan yomg‘ir tomchilari qanday quyilayotgan bo‘lsa, mening ko‘zlarimdan ham yosh tomchilari shunday duvillab to‘kilardi.
Birorta haydovchiga aytsam, o‘lay agar ishonmaydi. Ertagayoq... nega endi yaxshi ishni ertaga qoldirishim kerak. Yaxshisi, hoziroq shahar DAN boshqarmasiga kirib o‘taman. Yo‘limda-ku axir. Ham rahbariyatga, ham Komilov ukamizga rahmatnoma yozib qoldiraman. Bu qarordan yuragim motordek urib ketdi...
Manzilga yetib kelganimda havo ochilib, quyosh charaqlagan, osmonda kamalak jilva qilardi. Barmog‘imda kalitni aylantirib xirgoyi qilganimcha uchinchi qavatga yugurib chiqdim. Peshonasiga kompyuterda qop-qora harflar bilan “Yosh mutaxassislar bilan ishlash bo‘limi”, deb yozilgan eshikni shartta ochib ichkariga kirdim. To‘rda to‘ladan kelgan, qo‘ng‘iroq sochli bir mayor savlat to‘kib o‘tiribdi. U chap qulog‘iga qalam qistirib olgan, yana bitta qalamni qo‘lida tutgancha “AIF”dan boshqotirma yechyapti, shekilli, nihoyatda jiddiy.
—O‘rtoq mayor, mumkinmi, — dedim hayajondan ovozim qaltirab.
— Nima balo, ichganmisiz, namuncha qizarib ketibsiz, — dedi u boshini ko‘tarib, bezovta qilganim malol kelganini sezdiruvchi ohangda.
— Yo‘g‘-e, o‘rtoq mayor, axir ichgan bo‘lsam jonimdan to‘yibmanmi, sizga ro‘para kelib, — dedim.
— Darvoqe, — kulib yubordi, mayor. —Unda...
— Ikki og‘iz gapirishga ruxsat bering o‘rtoq mayor, — dedim dadillanib.
— Ruxsat beraman, faqat bir shart bilan, manavi skanvordni yechishga ko‘maklashib yuborsangiz.
— Gap bo‘lishi mumkin emas, albatta, yechishaman. Skanvord yechish mening ham jonu dilim. Lekin o‘rtoq mayor, men sizga, yo‘q Komilovga, yo‘g‘-e sizga va Komilovga minnatdorchilik bildirish uchun keldim. Iltimos, menga “Taklif va mulohazalar” daftarini bersangiz. Bilsangiz, men jurnalistman. Ertagayoq bu voqeani ya’ni tashabbusni ommalashtiraman. Yaxshilik qanot yoyishi kerak.
— E-ha, hali jurnalistman deng. Tushunarli, nechog‘li boshqotirma yechishingizni bilmadimu ammo boshni qotirishga ustaligingiz bor gap. Biroq, sizdaqa hovliqma jurnalistni birinchi marta ko‘rishim. Tushuntiribroq gapiring. O‘zi nima gap? Bu yer restoran yoki gastronom emaski “Taklif-mulohaza” daftari tutilsa, qulog‘idagi qalamni ham qo‘liga oldi mayor.
— Nega endi boshingizni qotirarkanman, qotirmayman. Ha, aytgancha bu yerga nega kelganligim haqida. — O‘zimni bosib olib yo‘ldagi hodisani va maqsadimni bayon qildim. — Qaniydi, uzukkun rulga yopishib, serqatnov ko‘chalarda asabi buzilgan haydovchilarni ko‘nglini ko‘taradigan Komilovga o‘xshaganlar ya’ni Komilovchi inspektorlar safi kengaysa. Ana unda har qanday qoidabuzar haydovchi ham hushyor tortgan, o‘ziga nisbatan bo‘lgan hurmat va e’tibordan to‘g‘ri xulosa chiqargan bo‘lardi. Yo‘l qoidalariga hamma rioya qilardi.
— Obbo jurnalistlar-ey ja gapga gaz berasizlar-a! Bir muddat tormozni bosay demaysiz-a. Sizni tushundim. Biroq, gap hammaga ham to‘g‘ri kelavermaydi, yaxshi gap, yaxshi muomala yosh bolalarga yarashadi. Haydovchiga emas. Ularni erkalatsang, ishonamanki, taltayib, o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. Qanot chiqarib mashina-pashinasi bilan uchib ketishdan ham toymaydi. DAN xodimi esa davlatning odami. Davlat maynavozchilikni yoqtirmaydi. Nazoratchi qancha jiddiy bo‘lsa, shuncha salobatli ko‘rinadi. Sizlarga qolsa balki nazoratchi bilan askiya ham aytisharsizlar. Marhamat, faqat ish paytidamas. Bo‘sh paytlarda, — jilmaydi mayor. — Mana men hozir siz bilan hazillashishim, turli mavzuda suhbatlashishim mumkin. Chunki ish payti tugadi.
— Aytmoqchi, inspektorning familiyasini kim dedingiz Qodirovmi?
— Yo‘q, Komilov yoshgina, kelishgan yigit, ismi Qobiljon Mo‘minovich...
— Tak, tak, Komilov, Komilov... esladim. “Xuroson” ko‘chasida emasmi, — Xuroson, Xuroson, — u qo‘lidagi qalamlardan birini stolga tashlab, ikkinchisi bilan qog‘ozga allanimalar chizdi.
— Xuroson, xuddi o‘sha, — sevinib ketdim.
— Tushunarli o‘rtoq jurnalist-haydovchi. Hayajoningiz sababini endi angladim. Komilov yaqinda kursni tugatgan. Hali “obxodka”dan chiqmagan. Yaqinda unga murabbiy biriktiramiz. Ana unda Komilov ham o‘z kasbining sirlarini puxta o‘zlashtirib oladi. Demoqchimanki, chinakam DANchiga aylanadi. Juda qobiliyatli bola, mana ko‘rasiz, — u joyiga borib o‘tirdi-da, skanvord yechishga tushdi. 
Men esa mix kirib, yorilgan ballondek damim chiqib, eshikni yopdim.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.