OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Qodir. Men mashhurman endi! (hajviya)

Meni televizorda ko‘rsatishdi. “Bo‘sh kelma, ijodkor!” teletanlovida. Otning qashqasiday tanilib ketdim. Ko‘chada odamlar bir-birlariga meni ko‘rsatishib tirjayishadi, deng! Ishonasiz-mi, baribir xotinimga yoqmadim. Bolalarim hurmat ko‘rsatishdi. Quchoq ochib peshvoz chiqishdi, yuzlarimdan cho‘lp-cho‘lp o‘pishdi.

— O‘zimizning qiziqchi otamiz! — deyishardi tillaridan bol tomib. Og‘izlari quloqqacha tortilgan.
— Xotinim esa... Nahotki televizorda chiqqanligimni ko‘rmagan bo‘lsa? Axir bu ish men uchun dahshat! Uning kulaverib ko‘zlaridan yosh chiqishini orzu qilaman. Buning uddasidan chiqolmasam, men bu olamda nima qilib yuribman?! Yo‘q, haytovur televizorda chiqayotgan erini jijja tomosha qilganga o‘xshaydi. Negaki, menga labini burib ko‘rsatdi:
— Shuyam tomosha bo‘ldi-yu? Masxaraboz!..
Shunisigayam shukur. Eh, sen shoshmay tur hali, ko‘zlaringdan yosh chiqazvoraman!
— Ota, bizniyam bir kuldiring? — deb qoldi dabdurustdan kichkinam.
— Ha, ha, ota, “Yaponcha ism” degan askiyangizni aytib bering?  — iltimos qildi kattam.
— Yo‘q, sizlarning talabingizga binoan, yap-yangisi bor! — dedim ilhomim jo‘shib.
Axir bu xotinimga o‘zimning mashhurligimni tan oldirishda ayni muddao-ku? Bo‘sh kelma, ijodkor!
— Vuy, yashasin, ayting! — dedi kattam qo‘limga qahva to‘lg‘izilgan idishni tutqazarkan. Xanda aytishni boshlab yubordim. Ijro qilyapmanu ko‘zim xotinda.
“Bir kuni do‘xtirga borib arz qildim, dedim obrazga kirib, — do‘xtir, qachon qahva ichsam bas, nuqul qulog‘im og‘rigani-og‘rigan. Davosi bormikin?
— Uning davosi juda oson, — dedi do‘xtir.
— Nahotki? Nima qilsam tuzaladi? — so‘radim.
— Qahvani og‘zingizga olib borishdan avval idish ichidagi qoshiqni olib qo‘ying, vassalom!”.
Bolalarim miriqib kulishdi. Xotinim qosh chimirib qaradi:
— Otangiz to‘qib chiqardi.
— To‘qimadim, bo‘lgan voqea, — e’tiroz qildim.
— To‘qidingiz!
— Yoqmadimi? Boshqa yangisidan bor...
U labini burdi:
— Yana to‘qiysiz-da, biram bachkanasiz-ey!..
Yomo-on alam qildi-da! To‘xtab tur, hali ko‘zlaringdan yosh oqizvoraman!..
“Yo‘lda ketayotsam, bir og‘aynim uchrab qoldi, — deya yangi qiziqchilik hikoyamni boshladim.
— Ha, ja-a shoshib ketyapsan? Yo‘l bo‘lsin? — so‘radim.
— Uyga shoshyapman, — deydi.
— Yo‘g‘-e, uygayam shoshiladimi odam? — dedim. -Tinchlikmi?
— Xizmatkor ketib qolgan. Xotinim uyda yolg‘iz. O‘zing-chi, o‘zing qayoqqa shoshyapsan? — deb so‘radi mendan.
— Men ham uyga, — dedim bamaylixotir, — xotin bola-chaqalarni olib onasinikiga ketuvdi. Xizmatkor qiz uyda yolg‘iz...”.
Xotinim birdan ko‘zlarini moshday ochib, menga tikilib qoldi. Sovuq uchqun chaqnadi. Momaqaldiroq guldirab, chaqmoq chaqish onlari yaqinlashayotganini sezgan bolalarim biri olib, biri qo‘yib sakrasha va chapak chala boshlashdi:
— Otam to‘qidi, otam to‘qidi!!! — derdi jon-jahdi bilan kichkinam.
— Ha, ha, to‘qidi!!! — derdi o‘lib-tirilib kattam.
Xotinim esa qo‘liga otashkurakmi, o‘qloqmi ilashtirib olish ilinjida paypaslanardi.
— Yo‘q, bu — bo‘lgan voqea! — derdi lablari shivirlab. Mijjasidan esa ko‘z yoshlari oqib tusha boshladi. Ana endi xotinim uchun ham hech unutilmas, mashhur kishiga aylandim.
Bo‘sh kelma,  ijodkor!..

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.