OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Rajab. Zumrad poshsho (hikoya)

— Yer yutgur Asqad, yergina yutgur Asqad! — Ulusliklar bu tong odatdagiday xo‘rozlarning qichqirig‘idan emas, Zumrad kampirning yurakni larzaga soluvchi chinqirig‘idan uyg‘onib ketishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, yer yutgur Asqad onasyning oxiratini kuydirib, ukalarining rizqini qiyib, yetmish so‘mning hammasini o‘g‘irlab, shaharga ketib qolibdi. Endi Zumrad kampir nima qiladi? Bo-shida eri bo‘lmasa, bolalarini qanday boqadi? Ha yer yutgur Asqad, yergina yutgur Nortoev. Zumrad kampir necha marta xudoning zorini qildi:
— Asqadjonga ish topib bering, akajonisi. Shaharga ish izlab ketsammi, deb yuribdi. Mabodo ketib qolsa, men sho‘rlik nima qilaman?
Uyidagi olti birday gul yetimni qanday boqaman? — dedi sho‘rlik zorlanib.
— Ish yo‘q,— dedi yer yutgur gum-gursday bo‘lib,— mening o‘rnimdan boshqa ish yo‘q. Chiqing, kampir, xonani bo‘shatib qo‘ying!
Zumrad kampir xonadan lom-mim demay chiqdi, albatta. Xonadan chiqdi-yu, yo‘lakda ovozini vang qo‘yib shang‘illadi:
— Ha yer yutgur, gov kalla! Boy-boyga boqar, suv soyga oqar zamon ekan-da. Sening og‘aynilaringga ish bor, mening Asqadjonimga ish yo‘q ekan-da? Qarab tur, senginaning bir ko‘zingni o‘ymasam yurgan ekanman Zumrad poshsho bo‘lib.
Zumrad kampir yo‘l-yo‘lakay Nortoevning «ko‘zini o‘yib», uchraganga dardini doston qilib ketdi.
— Kechagina malimlikni bitirib kegan kuyovingni rabochkom qilib qo‘yding, maktab ko‘rmagan qaysinglingni qishloq Sovetiga rais qilib qo‘yding, singlingni bog‘chaga mudira, xotiningni singlingning bog‘chasiga oshpaz qilib olding, tog‘dagi jiyanlaringni bitta qoldirmay bug‘altir, do‘xtir qilib olib kelding, sen zolimning dastingdan sho‘ring qurg‘ur ulusliklar kun ko‘radimi, yo‘qmi?! Sening jilovingni tortib qo‘yadigan erkak Ulusda qolmagan bo‘lsa, mana, men — Zumrad poshsho endi enangni yetti qo‘rg‘ondan ko‘rsataman!
Zumrad kampir vaysay-vaysay to‘g‘ri kuyovi Xaliljonnikiga yo‘l oldi. Ulus qanchalik katta qishloq bo‘lmasin, Nortoev to‘g‘risida aytilgan ignaday gap shu daqiqada uning qulog‘iga yetib borardi.
Zumrad kampir Xaliljonnikiga yetar-etmasdan, Nortoevning kotibasi bog‘chaga ketdi.
U yoqda Zumrad kampir kuyovi bilan tortishayotgan bir paytda, Nortoev o‘z ishxonasida Zumrad kampirning xolavachchasi Xolida bilan bir qarorga kelishib olishdi.
Xolida xolasini izlab Xaliljonlarnikiga kelganda, Zumrad kampir kuyoviga hamon zug‘um qilayotgandi:
— Yoz, nima, sening qo‘lingni ke-sib olisharmidi?.. Ko‘ksingdagi yurakmi, po‘stak?.. Ikkita gapni eplab yozolmaysanmi? Unda nimaga olti yil shaharda o‘qiding?.. Yuraging yorilsa mening nomimdan yoz, yer yutgur! Olsa, farroshligini oladi... Qasam ichib kelyapman, yoz!
Xaliljon zo‘r berib o‘zini olib qochardi:
— Qo‘ying, opa, shu g‘ovg‘alarni boshlamay turing. O’zi zo‘rg‘a ikki yilda qo‘y berib, echki berib, kasbim adabiyotchi bo‘lsa-da, mehnatdan dars berishga rozi bo‘lib maktabga ilindim. Bir-ikki yil tinchgina ishlai.
— Sen bu yoqda tinchingni o‘ylab, yelkangni qisib yur, Asqading u yoqda tinchini o‘ylab, qochib yursin, Nortoev Ulusda oshna-og‘aynilari bilan davrini sursin. Biz bechoralarning dardini so‘rovchi mardu mardum bormi o‘zi bu dunyoda, yer yutgurlar! — Zumrad kampir hamon kuyoviga zahrini sochardi. Shu payt eshik ochilib, Zumrad kampirning qizi Saltanat boshini suqdi.
— Opa, sizni Xolida xola izlab keldi,— dedi shivirlab. Zumrad kampirning yuragi hapriqib ketdi. «Shipiyon», degan o‘y o‘tdi ko‘nglidan. Birdan yuzi yorishib kuyoviga gap qotdi:
— Yoz, aylanay Xaliljon, hech bo‘lmasa manavi konvert o‘lgurning ustiga O’zbekistonning eng kattasiga deb yozib ber!
Xaliljon shuni yozsam qutula-manmi deganday, katta-katta harflar bilan shosha-pisha «Toshkent shahri, O’zbekiston KP MK bosh sekretariga», deb yozdi. Zumrad kampir kuyovining qo‘lidan konvertni olarkan, qiziga qarab sirli shivirladi: «Chaqir yer yutgur-ni!».
Xolida xonaga kirganda Zumrad kampir so‘lakayini oqizgancha konvertni yelimlayotgandi. Ishini tugatgach, xatni dasturxonning ko‘rinarli joyiga tashlab o‘rnidan turdi. Xolavachchasi bilan quyuq ko‘rishdi. Xolidani konvertning naq ro‘parasiga, undagi yozuvlar aniq-tiniq ko‘rinadigan joyga o‘tqazdi. O’zaro mulozamatdan so‘ng Xolida xolasidan hol so‘ragan kishi bo‘ldi:
— Tinchlikmi, xolajon, xotinlardan eshitdim, Asqad shaharga ketib qolibdi. Zumrad xolang kimnidir qarg‘ay-qarg‘ay kuyovinikiga o‘tib ketdi deyishdi, ishqilib tinchlikmi, xolajon? — deya kuyunib so‘radi Xolida. Zumrad kampirning yuzi birdan ma’yus tus oldi, mungli ovozda hasrat qila ketdi:
— Go‘rdami, aylanay, Asqad bo‘lang men sho‘rlikni qon qaqshatib ketib qolgani rost. Men anavu yer yutgur gov kallaga necha marta xudoning zorini qildim, bolamga tayinli ish topib bering, deb. Yo‘q, deydi yer yutgur. Mana oqibati, bo‘lang xolangni qon qaqshatib ketib qoldi. Men sho‘rlik nima qilay? Qariganda gunohga botib, shikoyat yozib o‘tiribman. Baxtimga Xaliljon bor ekan, men aytib turdim, u bitta-bittalab yozib berdi. Menday mushtipar onaizorning holini tushunadigan birorta halol boshliq bordir bu sho‘ro hukumatida!
Zumrad kampir quyilib kelgan ko‘z yoshlarini artish uchun gapdan to‘xtadi. Xolida xolasining dardiga sherik bo‘layotgandek, hasratli ohangda pishang bera ketdi:
— Yozing, xola, sizday yetti yetimning onasi, oddiy farrosh xotinning gapiga quloq solmasa kimning kuniga yaraydi bu ho‘kimat. Yozing haromini, suruv-suruv mollari davlatning tekin xashagini yeb semirayotganini ham, ulusliklarning haqidan urib, ikki o‘g‘liga shahardan ikkita dang‘illama uy olib berganini ham qo‘shib yozing! Ular yana anchagacha hasratlashib o‘tirishdi. Ketishida Xolida xolasiga yana bir bor mehribonlik ko‘rsatdi.
— Voy o‘lmasam, men ishga boray, ancha o‘tirib qopman,— dedi o‘rnidan turayotib.— Siz ko‘pam kuyinavermang, bo‘lam baribir qaytib keladi, kindik qoni tomgan joydan bezib qaerga ham borardi,— dedi taskin berib. Xayrlashishda: — Xatingizni bering, yo‘lda pochtaga tashlab ketaman,— dedi xolasiga mehribon ovozda.
— Yo‘q aylanay,— dedi Zumrad kampir ostonada konvertini mahkam ushlab.—: Agar menga chindan yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang, yuz so‘m qarz ber. Ertaga Asqadni izlab Toshkan boraman. Ana shunda shaxsan o‘zim topshiraman bu xatni. Bu yerlarda Nortoevning aginti ko‘p, pochtada ushlab qolishadi. Bu xat — juda muhim xat!
— Mayli, xola, agar kuyovingiz bugun oylik olib kelsa, ertaga picha pul olib chiqarman,— deb omonlashib chiqib ketdi Xolida.
Ertasiga ertalab, ulusliklar odatdagiday xo‘rozlarning qichqirig‘idan emas, Zumrad kampirning darvozasi oldida cho‘zib-cho‘zib signal berayotgan Nortoevning mashinasi ovozidan uyg‘onib ketishdi. Zumrad kampir uydan chiqqanda, Nortoevning shofyori uning qo‘liga bir parcha qog‘oz tutdi:
— Bu Hoshimjonga yo‘llanma,— dedi yonidan yana bir parcha qog‘oz chiqarib uzatarkan,— bunisi esa boqcha uchun buyurilgan muhrning ishonch qog‘ozi. Muhrni olib kelarkan. Bir yo‘la Asqadbekni ham olib kelsin. Kelgach, qog‘ozlarni rasmiylashtirib sovxoz kassasidan yo‘l kirasini oladi,— dedi hissiz ovozda. Qog‘ozlarni bergach, Zumrad kampirga biroz gina qildi: —Yanga, Asqadbek shaharga ish izlab ketibdi, kecha borganda xo‘jayinga munday tushuntirib aytmabsiz. Uluslik yoshlarning har joyda ish izlab daydib yurishi Nurxon Nortoevdek direktor uchun
minus bo‘ladi. Eshitgan quloqqa uyat. Asqadbek uchun xo‘jayin rayondagilar bilan talashib-tortishib boqchaga eliktiriklik undirdi.
— Rahmat,— dedi Zumrad kampir yuzi yorishib astoydil.— Iloyim o‘rtoq Nortoevning marta-basini bersin.
— Bugun Nurxon aka rayonga majlisga boradi, mabodo Asqadbekka xat-pat yozgan bo‘lsangiz berar ekansiz, xo‘jayin o‘zi shu yoqdan tashlab yuborar ekan,— dedi ma-yin ovozda shofyor. Zumrad kampir shosha-pisha uyiga yo‘l oldi. Bir payt qo‘lida konvert bilan chiqdi. Lekin uni Nortoevning shofyoriga bermay, undan ham ko‘ra muloyimroq ovozda shunday de-di:— Nurxonjonga aytsangiz, ovora bo‘lib yurmasin, Asqadjon kelib ishga kirgach, o‘qib ko‘rar.
Shofyor lom-mim demay mashinasiga qarab yurdi. Kechikkan xo‘rozlar cho‘zib-cho‘zib qichqirishdi. Mashriqda qip-qizil quyosh bosh ko‘tardi. Ulusda yana bir tong otdi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.