OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Siddiq. Tuxumning foydasi (hajviyalar)

Muhammad Siddiq (Mamasoli Sarimsoqov) Farg‘onaning so‘lim Mirzaobod qishlog‘ida tug‘ilgan. Farg‘ona Davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan. ”Gulxan” jurnalida, “Ma’rifat”, “O‘zbekiston ovozi” gazetalarida ishlagan. Avvallari “Shum bola” choyxonasida tez-tez ko‘rinib turardi, keyinchalik daragi bo‘lmay ketdi. Bu choyxo‘r do‘stimiz ham tujjor bo‘lib ketibdilar-da, deb yurgan edik, yaqinda bir quchoq hangomalarini qo‘ltiqlab kirib keldi. Ulardan ba’zilarini silab-siypab, e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

BALIQ BO‘LIB KO‘R-CHI...

— Baliq nima uchun tovush chiqarmaydi?
— O‘zing boshingni suvga tiqib, bironta so‘zni aytib ko‘r-chi, o‘shanda bilasan.

MUHLAT

— Siz bilan ortiq ishlay olmaymiz, — dedi bog‘cha mudirasi Tamanno To‘xtaevna haydovchi yigitga o‘qrayib qarar ekan. — Bitta sizni deb gap eshitganimiz eshitgan. Necha marta aytdim, Sharifjon, kech qolishingizni bas qiling, bu yer bolalar bog‘chasi, ovqat vaqtida berilishi kerak, deb. Bilganingizni qilib yuribsiz. Mana, bugun ham tushlik yarim soatga kech qoldi. Tamom, arizangizni yozing.
Mudiraning gapidan keyin jiddiy muhokama boshlandi:
— Kelib-kelib komissiya kelgan kuni kechikib o‘tirsa-ya...
— Yozda uxlab qolib, sutni achitib kelganida haydashimiz kerak edi...
— Ayb o‘zimizda, o‘tgan yili bir korobka saryog‘ni sotib yuborganida bahridan o‘tmadik...
— Bas, o‘rtoqlar, hammasi ma’lum. Haydamasak bo‘lmaydi. Qani, kimda-kim bog‘cha haydovchisi Sharif Shokirovni intizomsizligi uchun...
Mudira muhokamaga yakun yasab, masalani ovozga qo‘ymoqchi bo‘lgan edi, kutilmaganda... ko‘zi majlisga biroz kechikib kelib, orqaroqqa o‘tirayotgan Salimaxonning yangi koftasiga tushib qoldi-yu, beixtiyor “Voy”, deb yubordi. Keyin o‘zini o‘nglab dedi:
— Salima Sultonovna, marhamat, oldinroqqa o‘ting!
Salima Sultonovna xuddi shuni kutib turganday, koftasini ko‘z-ko‘z qilib, oldinga o‘tdi.
— Buyursin, zo‘r ekan, — dedi Shahnoza suqlanib qarar ekan.
— Rangi juda bogatiy ekan, — chimirildi Hafizaxon.
Mudira past ovozda so‘radi:
— Qaerdan oldingiz?
— Sharifjon akamning bazada tanishlari bor ekan, — dedi Salima Sultonovna. — Bugun-erta tugab qolishi mumkin...
Mudira biroz taraddudlanib qoldi va qat’iy ohangda dedi:
— Sharif Shokirovning ishda qolish-qolmasligini jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Bu masalani birdaniga hal qilib bo‘lmaydi. Qani, yana bir oy muhlat berib ko‘raylik-chi...

TELETOMOSHABIN

Bog‘cha opa bolalardan so‘radi:
— Katta bo‘lganingizda kim bo‘lasiz?
— Teletomoshabin, — deb chuvillashdi bolalar.

“OBRO‘”

Xurramoy qishloqqa kelin bo‘lib tushganidan keyin, yangi tug‘ilgan chaqaloqqa hech kim shu ismni qo‘ymaydigan bo‘ldi. Hatto yoshi bir joyga borib qolgan Xurramoylar ham ismlarini o‘zgartirishib olishdi.

MOSLAShUV

Bir hamkasbimiz kim bizga boshliq bo‘lib kelsa, o‘shanga moslashadi. Avvalgi boshlig‘imiz itni yaxshi ko‘rardi, u ham oltinchi qavatdagi uyida it boqa boshladi. Keyingi boshlig‘imiz qizil rangga o‘ch ekan, u qizil ko‘ylak kiyib, itini haydab yubordi. Navbatdagi boshlig‘imiz mo‘ylovli. U qizil ko‘ylagini qiziga berib, mo‘ylov qo‘ydi.
Yaqinda bizga ayol kishi boshliq bo‘lib keldi. E, attang, tuppa-tuzuk erkak edi-ya!

YASHASIN, KOMISSIYA!

Komissiya kelgani yaxshi-da. Ishlar o‘z-o‘zidan yo‘lga tushib ketadi. Komissiya deb supuramiz-sidiramiz. Komissiya deb ishlaymiz, komissiya deb kiyinamiz, komissiya deb... Xullas, yashasin, komissiya!

ISHLAMAY BO‘LADIMI!

— Sevara, kecha ishga kelmayman deganding, kelibsan-u?
— Voy, bugun ishga kelmay bo‘ladimi? Nevaram chaqirtirgan. Sartaroshim faqat bugun ishlaydi. Qizimning bog‘chasida utrennik.., shuncha ishni uyda bajarib bo‘ladimi?

TADBIRKORLIK

— Xotin, bilasanmi, gazetada yozishicha, bir marta yurakdan kulish kulgan kishiga to‘rtta tuxumning kuchini berar ekan. Har kuni qozon osavermay, bolalarni kuldirib ham tur, — dedi xasis er.

SOVUN

Kelin qaynonasiga shikoyat qilib qoldi:
— Oyi, o‘g‘lingizning qiliqlariga ortiq chidolmayman. Nima qilib bo‘lsa ham ichishni tashlattirmasak bo‘lmaydi. Maoshining hammasini ichib bitiryapti.
— Qo‘y, qizim, unaqa dema, bo‘shagan shishalariga sovun olib turibmiz-ku, — dedi qaynona.

KUTUBXONA ESHIGIDAGI YOZUVLAR

Yakshanba “Sanden”.
Dushanba “Dam olish kuni”.
Seshanba “Hurmatli kitobxonlar! Dala shiyponlariga ketdim. Bugun kutmanglar”.
Chorshanba “Hurmatli beblatkaga keganlar! Men tumanga beblatkachilar maylisiga ketdim”.
Payshanba “Bugun pilyalda semnar bo‘ladi. O‘shattaman”.
Juma “Kichkinamdi do‘xtirga ko‘rsatib tezda kelaman”.
Shanba “Hurmatli kitobxonlar! Beblatka bugun ishlamaydi. Hamma hasharga”.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.