OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Siddiq. Tuzsiz ziyofat (hajviya)

Allo, Ismoiljon, bormisan? Bu yorug‘ olamda ikkita yaxshi bo‘lsa, biri — sensan, biri — menman. Bu olamda.., xo‘p, xo‘p. Yaxshi, qadrdonlarni chaqirib, Yangi yilda bir otamlashsak qanday bo‘larkin. Biznikida-da... Siz avvalroq kelavering. Hamma narsa taxt. Faqat... aytaveraymi? Siz o‘zimiznikisiz-ku. Shu... endi... bizda qassob haligindayroq. Uch kilo qo‘y go‘shti bo‘lsa. Yo‘-o‘q.., boshqa hamma narsa bor...
— Allo, Ikromboy, qalaysan? Bola-chaqa tinchmi? Yo‘g‘-e... Hech qanaqa ish-pish qolmadi. Ziyofat tayyor. Dushmanlar aslo aralashmaydi. Qiyomatda ham o‘shalar bilan o‘tirgulik qilmasin... Bir erimoqchiman. Shovla ketsa ketsin-u, obro‘ ketmasin. Xullas, hammasi joyida... Sen o‘zimiznikisan, aytsam bo‘laveradi. Oylik cho‘zilib ketib anunaqasiga qiynalib qoldim... Ha, ikkita oqidan, bitta qizilidan bo‘lsa yetadi-yov...
— O‘ktamjon, o‘zingizmi? Ie, yashang-e, ming yildan beri ko‘rinmaysiz-a... Mirzaobodda oshnam bor deb eslab ham qo‘ymaysiz. Sizlar yo‘qlamasalaring o‘zim yo‘qlay deb turibman. Uyda! Yo‘g‘-e, mehmon kutishda bizning xotinga teng keladigani yo‘q. Hamma narsa tayyoru... Endi Ikrom bilan Ismoilga yuragimni ochgim kelmadi. Siz o‘zimiznikidaysiz. Ozroq meva-cheva bo‘lsa yaxshi bo‘lardi-da. O‘zingiz bilasiz-ku. Rahmat, kutaman. Juda ko‘p olmang, qop ketadi.
— Nusratillo! Sen o‘zing tillosan. Tilloga almashtirmayman. Qaerdan bilding. Ha, men erimasam bo‘lmaydi shekilli. Xizr bo‘p qopsan. Yana bir karomat qil-chi. E, o‘lma oshna! Og‘aynim ko‘p, do‘stlar ko‘p. Ammo tillosi bitta. Endi gapning indallosini aytsam, sabzi, piyoz, paxta yog‘iga kelganda hamyon qurg‘ur nomardlik qildi-da. E, yashavor, shunday deyishingni bilardim.
Shunday qilib, Yangi yil oqshomida Ibrohimnikida quyuq ziyofat bo‘ldi. Hamma narsa joyida bo‘ldi-yu, tuz masalasiga kelganda...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.