OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Muhammad Uzoqov. Xonning xatosi (hikoya)

Buxorodan chiqqan Shohbaxt sulton Sayxunning quyi oqimidagi bobokalonidan qolgan qishlovga yetib keldi. Sulton otdan tushib o‘tov tomon yurdi. Udumga ko‘ra ulug‘ momosi ovoz chiqardi:

Do‘stlarini kuldirgan xon bobongiz yo‘q endi,
Dushmanlarin o‘ldirgan xon bobongiz yo‘q endi,
Kemtik bag‘rim to‘ldirgan xon bobongiz yo‘q endi,
Bo‘lmas ishni bo‘ldirgan xon bobongiz yo‘q endi.

Qarindosh-urug‘lar, Abulxayrxon xonadoniga u yoki bu sabab bilan bog‘langan elning ulug‘lari yig‘ildilar. Yoqalarini yirtgancha yaqinlaridan judo bo‘lgan ayollar ham kela boshladilar.
Shohbaxt sulton amakisi Shoh Haydarxon yosh bahodirining onasi tomon yurdi. Ayol aytib-aytib yig‘lardi:

Keng dalada kas yog‘iy qaytmas qildi ulimni,
Sabolardan so‘rayman keltir deya bo‘yini,
Na cholim bor, na kelin, qo‘msaydirman ulimni,
Kuymas edim bunchalik, ko‘rsam edim to‘yini.

Sulton qulog‘iga alamzada ayollarning aytgan gaplari kirdi:
– Abulxayrxon xonadonining umid yulduzi, ishongan tog‘imiz qaytdi. Endi g‘animlarimiz ko‘zla-ridan yosh emas, qon oqadi, qon...
– Qiz-kelinlarimizni olib ketgan Yomg‘urchi, No‘g‘ay mirzalarni keltirib o‘tovimiz oldiga ko‘ppak qatori bog‘lamasang xumordan chiqmaymiz...
Qator kelinchaklar izilladilar:
– Sultonimizni qo‘ydek bo‘g‘izlaganlari yetmagandek, norasida go‘daklarimizni-da chavaqladilar...
Marhum qozikalon Qulmuhammad sayyidning o‘g‘li Nurmuhammad sayyid Qur’on suralaridan tilovat qila boshladi. Qorachin bahodir hamon dardlarini aytib-aytib yig‘layotgan ayollar tomonga qarab baland ovozda:
– Bas qilinglar! Axir Qur’on o‘qilyapti, – dedi.
Shohbaxt sultondan taskin kutganlar tinchlanmadilar. Axir ularga taskin beruvchi so‘z aytilmadi-da. O’tov oldidagi maydonchaga qilingan joyda davra olganlar fotihaga qo‘shilgan bo‘lsalar-da, o‘tov ichida ham, sirtida ham yig‘i-sig‘i tinmadi. Sultondan so‘z chiqmagach, davradagilarning ko‘pchiligi turib u-bu yumushga unnadi. Shohbaxt ham o‘rnidan turdi. Qipchoq biylaridan birining boybichasi u tomon yurdi.

Cho‘zsam qo‘lim salkam oyga yetardi,
Uzun-uzun qo‘llarimdan ayrildim,
ayrildimo-ayrildim.
Shafqat bilmas yog‘iy bosdi ovulim,
Ham qizimdan, ham ulimdan ayrildim,
ayrildimo-ayrildim

Sulton boybichani suyadi. Cho‘l shamoli qoraytirgan yuzi yanada qoraydi, ammo og‘zidan so‘z chiqmadi. Birgalikda qayg‘u olovida yonish, birgalikda o‘chish, so‘ngra birgalikda qasos olovida yonish umidida kelganlarning umidlari puchga chiqdi. Sulton bag‘ri kuyganlarga taskin berib, ularning dardlariga malham bo‘lmadi. Biroz taskin topganlarga qasos haqida so‘z aytib yuraklariga qayta olov yoqmadi. Sultondan hafsalalari pir bo‘lganlar orasidan ilgari o‘ta go‘zal bo‘lgan, hozir esa sochlari to‘zg‘ib, bir ahvolga tushgan kelinchak chiqdi. Sulton Oltoyning targ‘abatay elidan bo‘lgan bu kelinchakni tanidi. Sultonning onasi Oq qo‘zining ham shu urug‘dan bo‘lgani bois, kelinchakni “kichik egachim” deb erkalab, hayit, bayramlarda sovg‘a-salom yo‘llaguvchi edi. Sultonning yonidagi yo‘ldoshi sekin: “Bechoraning erini o‘ldirdilar, o‘zini zo‘rladilar. Yosh qizchasi borligi uchun o‘zini o‘ldirmay yurib edi, yaqinda qizi o‘lib qoldi. Hushi o‘ziga kelsa tuzuk, hushi boshidan uchsa dalli-devona, qabristonda eri va qizi qabrlari poyida o‘tirib, birov ko‘rib, bilmasa o‘sha yerda qolib ketadi”, dedi. 
Kelinchak so‘nik nigohini sultonga tikdi. Sulton so‘z demadi. Kelinchak burildi, u ayollar orasidan o‘tib qabristonga yo‘l oldi. Ayollardan kimdir: “Uning dardini o‘liklar eshitib, taskin beradilar”, dedi. Yuzini sultondan o‘girgan ayollardan biri: “Sulton Samarqand va Buxoroda yashab o‘zgaribdi. “Ilm kishini qo‘ymijoz qilib qo‘yadi” deb eshitar edim, to‘g‘ri ekan”, dedi. Boshqa biri: “Unda intiqom tuyg‘usidan nishon ham yo‘q”, dedi. Yana biri esa kuch-quvvatlari, salohiyatlari tufayli do‘stu dushmanning sulton va inisini “Abulxayrxonning yo‘lbarslari” deb atashiga ishora qilib: “Sadqai yo‘lbars ket!” dedi. Ayollar tarqaldilar. Butun vujudi quloqqa aylangan sulton barcha aytilgan gaplarni eshitdi. Uning cho‘l shamolida qoraygan yuzi yanada qoraysa-da, so‘z demadi.

* * *

Shohbaxt sultonning Buxorodan qaytib kelgan xabari Sayxunning quyi va o‘rta oqimiga tarqadi.
Bu xabarni eshitgan Burka sulton yaqinlari va a’yonlarini yig‘ib so‘radi:
– Endi nima qilamiz?
Burka sultonning otasi Yodgorxon davrida ulug‘ biy bo‘lgan Musabiy mang‘itning o‘g‘li Esonbiy:
– Ne qilsak ham bugun-erta qilamiz. Sulton daragini eshitib el yig‘ilib xun talab qilsa ish yiriklashadi, – dedi.
Kengashib bir necha oqsoqolni Shohbaxt sulton huzuriga yuboradigan bo‘ldilar. Oqsoqollar ko‘ngil so‘rash bahonasida gap olishlari lozim edi. Agar sultonning avzoi buzuq bo‘lsa uni tundan tonggacha qoldirmay bosishga, agar murosaga yuradigan bo‘lsa shunga qarab ish tutadigan bo‘ldilar. Oqsoqollar Shohbaxt qo‘ngan ovulga yetmasdanoq zo‘rlikning ilojsizligini tushundilar. Shohbaxt ovuli va Burka sulton qishlovi orasidagi keng hududga Abulxayrxonga sodiq biy va botirlarning ovullari joylashib ulguribdilar. Ovulning o‘ngu so‘liga Qorachin bahodir va Oqso‘fi botirlarning ovullari tushibdilar.
Burka sulton yo‘llaganlarni qayg‘u bilan kutib olgan Shohbaxt sulton qahrlanganlarni shashtlaridan tushirib:
– O’tganlar o‘tib ketdilar. O’tmishni titkilashdan ne naf? – dedi.
– To‘g‘ri aytasiz, sulton, – dedi Esonbiy. – Xonadoningizga, elingizga qilingan bosqinga bosh qo‘shganidan Burka sulton ko‘p pushaymon bo‘lmoqda. U ham, siz ham shayboniysiz. Qondosh birodaringizning uzrini qabul qiling. Yetkazilgan zararni to‘laymiz.
Sulton so‘z demagan bo‘lsa-da, Shohbaxt kelganidan buyon o‘zini go‘yo shavkatli Abulxayrxon huzuridagi bosh maslahatchi kabi tutayotgan Qorachin bahodir:
– Sizlar xon xonadoniga shunchalik zarar yetkazdilaringizki, olam molini berib ham bu zarar o‘rnini to‘ldira olmaysizlar, – dedi.
Kelganlarning boshlari egildi.
– Haqiqatan ham sulton qilmishidan pushaymon bo‘lib yetkazilgan zararni to‘laydigan bo‘lsa, shariat hukmi bo‘yicha uni kechirishingiz lozim, – dedi Nurmuhammad sayyid.
– Sultoningiz o‘lganlarni tiriltirib bera oladimi? – dedi Shohbaxtning ma’noli boqishiga qarab ham qo‘ymagan Qorachin bahodir. – Orada to‘kilgan qon bor.
– Shariatda o‘ldirilgan odamga-da xun belgilangan, – dedi Esonbiy.
– Bu yerda xun borasidagi gaplarni bas qilaylik, – dedi sulton. – U gapni Nurmuhammad sayyid va Oqso‘fixoja bilan bu ovuldan tashqarida so‘zlashingizlar.
Tortilgan taomdan so‘ng marhumlar haqiga duo qilgan oqsoqollar qaytdilar. Sultonning so‘nggi gapidan keyin oqsoqollarning ko‘ngillarida yarash borasida paydo bo‘lgan umid uchqunlarini ovul sirtida ko‘ringan qipchoqlarning chang‘araqlaridan osmonga tutun o‘rlayotgan o‘tovlari so‘ndirdi.

* * *

Igna ustida o‘tirgandek besaranjom, bezovtalik bilan oqsoqollarning Shohbaxt sulton ovulidan qaytishlarini kutgan Burka sulton ular kirishlari bilan so‘radi: 
– Nima gap?
– Nazarimda hozircha xavotirga o‘rin yo‘q, – dedi Esonbiy, – ammo sulton ovulining girdini yaqinda ko‘chib kelgan ovullar qurshab olibdi.
– Shunday bo‘lishi ham kerak-da, – dedi xotirjamlik bilan Esonbiyga hamrohlik qilganlardan biri bo‘lmish Soribiy. – Axir xon xonadoni bosqin ko‘rgan xonadon. Sulton kelgandan keyin ehtiyot choralarini ko‘rgan-da.
– Yo‘q, – dedi yuzini tashvish bosgan uyg‘ur Yaxshilikbiy, – Shohbaxt sulton azaldan tadbirkor, har jihatdan to‘kis yigit. Uning jangdan o‘zga mashg‘ulotni o‘zlariga ep ko‘rmaydigan qipchoqlarni atrofiga to‘plashi bejiz emas.
– Axir Abulxayrxon xonadoni ustiga bosqin yasagan bir biz emasmiz-ku, – dedi Soribiy. 
Burka sulton savol nazari bilan Yaxshilikbiyga boqdi.
– Abulxayrxon xonadoni ustiga bosqin yasaganlar ichida ikkita shayboniy sulton bo‘lgan, – dedi Yaxshilikbiy. – Birinchisi siz hazrati oliylari bo‘lsangiz, ikkinchisi Iboqxon ibn Mahmudxondir. Xon bizni mustaqillikdan mahrum etgan bo‘lsa-da, o‘z qanoti ostiga olib asrab-avaylab edi. Iboqxonning yo‘rig‘i boshqa. Otasi Mahmudxon yurtini Abulxayrxonga berishga majbur bo‘ldi. Og‘asi Murtazoxon ota yurti uchun jang qilib o‘z yurtidan ham ayrildi. Iboqxon ko‘p sarson-sargardonliklardan so‘ng Itilning o‘ng sohilida davlat tuzishga muvaffaq bo‘ldi. Hozir u Rus yerlarini bosib, Qozonga tahdid solarlik darajada qudratga ega. Qolganlar bu yerdan uzoqda. Ahvol shunday bo‘lgach Shohbaxt sulton qasos olishni kimdan boshlaydi? Albatta sizdan-da, hazrati oliylari.
– Tomirida Abulxayrxon qoni oqayotgan sultonning qasoskor bo‘lmasligi mumkin emas, – dedi Abulxayrxon bilan ko‘p bor safarlarda birga bo‘lib, uning topshiriqlarini bajargan Burka sulton Yaxshilikbiyga qarab. – Mulohozangiz o‘rinli va gapingizda jon bor.
Ulug‘ biy lavozimiga talabgor raqibining sulton maqtoviga sazovor bo‘lganidan Esonbiyning jahli chiqdi.
– Yetkazilgan zarar va o‘ldirilganlarning xuni borasida ham gaplashdik, – dedi sulton fikrini o‘z-gartirishga urinib Esonbiy. – Shohbaxt sulton bu boradagi muzokaralar uchun Nurmuhammad sayyid va Oqso‘fixojalarni o‘zi tomondan vakil qilib tayinladi.
Aytilgan gaplarni diqqat bilan tinglagan bo‘lsa-da, bir qarorga kela olmagan Burka sulton tavakkal qilishga qaror etdi:
– Ertaga Shohbaxt huzuriga o‘zim borib bu masalaga oydinlik kiritib kelaman, – dedi.
– Bu noo‘rin tantilik, – dedi Yaxshilikbiy. – Sulton o‘zini tutib sipo so‘zlashgan bo‘lsa-da, Qorachin bahodir sizni tiriklayin yeydigan vajohatda.
– It hurar, karvon o‘tar, – dedi Burka sulton. – Elning ko‘z o‘ngida Shohbaxt menga ziyon yetkazishga botina olmaydi. Men esa uning dilidagilarni uqish imkoniga ega bo‘laman. Sizlar hozir maslahatlashib mening uyur, poda, suruvimdan sulton uchun mol ajratinglar.

* * *

Shohbaxt sulton huzuriga borgan Burka sulton uning rejalaridan voqif bo‘la olmadi. Barcha ko‘rguliklarni Yaratganning irodasiga yo‘ygan Shohbaxt sulton kelganlarning barchasiga birdek muomalada bo‘ldi. Zarar va xun borasidagi muzokara ham nihoyasiga yetmadi. Burka sulton qaytargan molga e’tiroz bildirmagan Shohbaxt sulton vakillari orqali xun borasidagi masalaning barcha bosqin ishtirokchilarisiz hal bo‘lmasligini bildirdi.
Yoz o‘tib, kuz keldi. Ko‘ngli xavotirga to‘la Burka sulton Shohbaxt sulton bosqinini kuta-kuta charchadi. Elining bir qismini inilari Abulak, Amnak, Abak, o‘g‘illari Elbars va Bilbarslar  bilan ko‘chirib yuborgan sulton qolganlar bilan qishlovida yota berdi.

* * *

Shohbaxt sulton ovuli. Ovul o‘rtasidagi eshigiga tug‘ qadalgan oq o‘tovning oldigacha ot yo‘rttirib kelgan kishi otini tik ustunlarning biriga bog‘lab o‘tovga kirdi. Nayza, qilich, qalqonini eshik oldida qoldirib o‘tov o‘rtasiga yoqilgan gulxan ustiga osilgan qozondagi sutni shopirayotgan ayol tomon yurdi.
Marhum Abulxayrxonning ayollaridan biri inisiga ko‘zi tushib:
– Kel, Tuyoqbiy, – dedi.
Tuyoqbiy gulxan yoniga yozilgan dasturxonga yaqin turgan echki terisiga o‘tirar ekan:
– Opa, yegulik bering, o‘lgudek ochman, – dedi.
– Tomoqqa arzigulik ish qilib keldingmi o‘zi? – dedi kampir.
– Bo‘lmasam-chi, – dedi Tuyoqbiy, – tunda Shohbaxt boshliq yigitlar bilan Burka sultonni bosdik ...
To‘rdagi o‘rindan avval po‘stin, keyin qalin ko‘rpa uchdi. Abulxayrxonning aqli kamligi uchun bosqindan omon qolgan o‘g‘li Xoja Muhammad tog‘asiga dag‘dag‘a kila ketdi:
– Bu yana nimasi? “Burka sultonni bosdik” deysizmi? Mensiz-a? Abulxayrxon o‘lgan bo‘lsa o‘rnini bosadigan o‘g‘li Xoja Muhammad sulton tirik-ku, nega menga bir og‘iz esa-da aytmadilaringiz? Burka hammangizni qirib yuborsa elga ne deb javob berar edim?
 Tog‘asi berilgan qator savollarning qay biriga javob berishni bilmay turgan edi, sulton oyog‘iga etikni, egniga po‘stinni ilgancha o‘tovdan yugurib chiqib ketdi.
 Jiyanining dag‘dag‘asidan “shu turishda ot minib Burka sulton ovuliga jo‘nab yuboradimi?” degan o‘y o‘tgan Tuyoqbiy baqirdi:
– Hoy, qayoqqa?
– Xavotirlanma. Jiyaning yupun holicha Shohbaxt va uning yigitlariga jon tortib so‘g‘ish maydoniga ot qo‘yadigan darajada ahmoq emas, – degan kampir so‘radi: – Shohbaxt ko‘p talofat ko‘rmadimi?
– Yo‘q, Burka sulton g‘aflatda qoldi. – dedi Tuyoqbiy. – Yigitlarimiz ovulning Burka sulton o‘tovlari joylashgan qismiga yetganlaridagina bosqindan xabar topib egniga po‘stinini ilib yalang oyoqligicha o‘tovidan yugurib chiqqan. Ahvolni ko‘rgach esa shu holicha o‘zini qamishzorga urgan.
– Tutdilaringizmi?
– Qalin qorda yalang oyoq qochib qaerga ham borardi.
– Mening Xo‘jagumim qolib bobosidagi ko‘p xislatlar Shohbaxtga o‘tgan. Sut to‘kkan mushukday shumshayibgina yurib edi bolam bechora. Yo‘lbars-da, yo‘lbarsligini ko‘rsatdi.
– Ha, – degan Tuyoqbiy opasi uzatgan sut to‘la gulli yog‘och kosani oldi. – Qon to‘kilgan joyda tomog‘imdan hech narsa o‘tmaydi. Buni biladigan sulton otdan yiqilib qo‘li singan navkarni ovulga olib qaytishimni buyurdi.
– Xizmatimdagi qiz-kelinlar bosqinda yo‘qolganlaridan buyon barcha yumush o‘zimga qoldi, – deb nolidi kampir.
– Hm-m, – dedi Tuyoqbiy va kosani qo‘yib korsondagi etga qo‘l uzatgan edi hamki, u olmoqchi bo‘lgan ustixonni o‘zga qo‘l ilib ketdi.
 – Yuz-qo‘lingni yuvmay dasturxonga yo‘lama deb edim-ku, – deb o‘g‘liga cho‘mich bilan hezlangan kampir inisiga shikoyat qildi: – Kelinim suygani bilan qochib ketgandan buyon bu tentak bo‘lganicha bo‘lib qoldi. Endi bilsam yuz-qo‘lini kelin bechora aldab-suldab yuvdirar ekan.
 – Yana xotin olib bering-da, opa, – dedi et chaynagancha Tuyoqbiy. – Ana, Burka sulton ovulini bosib, sulton va qator yigitlarni qatl etdik. Qanchadan-qancha juvon beva bo‘lib qoldi.
Onasidan uzoqroqda ustixon g‘ajiyotgan Xoja Muhammad og‘zini ochgancha bir necha lahza qotib turdi-da, qo‘lidagini qo‘yib, og‘zidagini yutgancha apil-tapil kiyinishga tutindi.
– Ha? – dedi onasi.
– Shohbaxt Burkani qatl ettirgan bo‘lsa borib bevasini olib kelaman.
 Onasi va tog‘asini hayratda qoldirgancha Xoja Muhammad sulton, ya’ni orqavorotdan Xo‘jagum tentak deb ataluvchi Abulxayrxonning o‘g‘li tog‘asining otini minib Burka sulton ovuliga yo‘l oldi. Shohbaxt sulton va Qorachin bahodir boshliq yigitlar Burka sulton elini bosib, qarshilik qilganlarni chopdilar. Burka sulton va Abulxayrxon xonadoniga uyushtirilgan bosqinda qatnashib qo‘llari qonga bo‘yalganlar tutib qatl etildilar. Buzuqlikda qatnashganlar jazolarini olganlaridan keyin el ulug‘lari sultondan rahm-shafqat tilab, qolgan elni panohiga olishini so‘radilar. Mol va jonlarini Shohbaxt ixtiyoriga topshirdilar. Muddaosi ham shu bo‘lgan sulton Burka sultonning inilari va o‘g‘illarini topib qatl etmoqchi bo‘lganlarga ruxsat bermay ulug‘lar bilan marhumlarni dafn etish maslahatini qilayotgan vaqtda qishlovga: “To‘xta hov, to‘xta” degancha Xoja Muhammad sulton ot choptirib kirib keldi. Navkarlardan biri ko‘pirib ketgan ot jilovini oldi.
Otdan tushgan Xoja Muhammad sulton “biron falokat yuz berdimi” deb o‘tovdan shoshilib chiqqan Shohbaxt sultonga qarab:
– Men marhum xonning o‘g‘li, sen nabirasisan. Shahid bo‘lganlar qasdini olish mening haqqim edi. Modomiki sen bu ishni uddalagan ekansan, mayli, men roziman, ammo o‘lja bobida birinchilikni menga qo‘yib berishing kerak, negaki g‘animlar bosqinida men xotinimdan ayrilganman, – dedi.
Og‘asining muddaosini kechikibroq tushungan sultonning yuziga Buxorodan chiqqanidan buyon birinchi bor kulgi yugurdi.
– Mayli og‘a, hohishingiz bosh ustiga. Hali hech kim hech narsa olgani yo‘q. Mana, yigitlarga buyuravering, og‘a, – degan sulton o‘tovga qaytib kirib ketdi.
Qaddini g‘oz tutgan Xoja Muhammad sulton yigitlarga buyurdi:
– Burka sultonning ahli ayolini keltiring.
Burka sultonning xotini Maloyni keltirdilar.
– Sultonning egachilari, qizlari, boshqa xotinlari yo‘qmi? – deb dag‘dag‘a qildi sulton.
– Sultonning egachilari, qizlari yo‘q, – dedi Burka sultonning mahrami Munakabiy. – Katta ko‘chlari, o‘g‘illari elning bir qismi bilan Xorazm tomonlarga ketganlar.
Burka sulton qishning mana shunday tevarak-atrofni qalin qor qoplagan kunlarining birida g‘aflatda yotgan Qo‘jash mirza ovulini bosib, mirzani qatl ettirib, qizi xonzoda Maloyni nikohiga olib edi.
– Bay-bay, – dedi Maloyning yuzidagi yopinchiqni ko‘targan Xoja Muhammad sulton. – Bu ayol buncha go‘zal bo‘lmasa. O’tov hozirlab mulla toping, shu bugunoq nikohimga olaman.
O’zini ko‘rmagan bo‘lsa-da, Xo‘jagum tentakning ta’rifini eshitib yurgan Munakabiy qo‘lini ko‘ksiga bosib:
– Xo‘p bo‘ladi, hazrati oliylari, – dedi.
Maloyni o‘tovidagi ayollar yonida qoldirgan Munakabiy Shohbaxt sultonni bundan ogoh etdi:
– Hazratim, og‘angiz Burka sultonning bevasi xonzoda Maloyni nikohiga olmoqchi.
– Xo‘sh, nima bo‘libdi? – dedi sulton.
– Axir shariatda iddasi o‘tgan bevani erkak kishiga nikohlash joiz deyilmaganmi?
– Shundaylikka shundayku-ya, – dedi Shohbaxt sulton, chora izlagan kabi Qorachin bahodirga tikildi.
Yo‘qolgan shon-shavkatni tiklash yo‘lida tashlangan ilk qadamning muvaffaqiyatidan mast Qorachin bahodir sultonning marhamati tufayli o‘limdan qolgan Munakabiyga iddao qildi:
– Nima, o‘lging kelyaptimi? G’olibning amri vojib. Bor, sultonning amrini ado et!
Ovulga bostirib kirganlarining ilk damlarida qurolli, qurolsiz bir necha kishini qo‘lga tushirgan sulton yigitlarining boshlig‘i ulardan so‘rab edi:
– Orangizda Burka sulton bormi?
O’shanda vaqtni cho‘zib xojasining uzoqroqqa qochib yashirinishiga imkon berish maqsadida Munakabiy:
– Bor, men Burka sultonman, – deb oldinga chiqdi.
Ko‘p o‘tmay yolg‘oni fosh bo‘lgan mulozimni Shohbaxt sulton oldiga olib bordilar.
– Nega yolg‘on so‘zlading? – dedi sulton.
Bir muddat sukut saqlab turgan Munakabiy nihoyat o‘limni bo‘yniga olib:
– Xojamning tuzini oqlamoqchi edim, – dedi.
Mulozimning sadoqatidan zavqlangan sulton uning gunohidan o‘tdi.
Taqdirning qayta marhamatiga umid qilgan Munakabiy tixirlik qilgan mullani shashtidan tushirib nikohga hozirlik ko‘rilgan o‘tovga kiritib yuborgach, g‘udrandi:
– Ovulini bosib, otasini o‘ldirib Burka sulton xonzoda Maloyni nikohiga olib edi. Oradan yillar o‘tib o‘zi ham bosqinga uchrab, qizning otasi kabi qatl etildi. Endi eri qatl etilib, iddasi o‘tmagan ayolni Xo‘jagum tentak nikohiga olayotir. Bu nikoh Abulxayrxon xonadoni a’zolarining tirik qolganlari boshiga qanday kulfatlar keltirar ekan?
Oradan yetti oy o‘tib Xoja Muhammad sulton o‘tovida chaqaloqning “inga-inga”si yangradi. Tug‘ilgan bolaning ismini Jonibek qo‘ydilar...

* * *

Darhaqiqat, Shayboniylar sulolasining tanazzuliga Shohbaxt sulton beixtiyor yo‘l qo‘ygan xatolik sabab bo‘ldi.
Voyaga yetib Shohbaxt sultonning safdoshiga aylangan Jonibek sulton aslida Xoja Muhammad sultonning emas, Burka sultonning zurriyoti bo‘lgan. Shohbaxt sultonning shariat ahkomining poymol etilishiga loqayd qarashi alal-oqibat sulolasining tanazzuliga sabab bo‘ldi. Bu tanazzul Jonibek sulton avlodlari tomonidan amalga oshirildi. 
Qirg‘inlardan Abulxayrxonning nabiralari Shohbaxt va Mahmud sultonlardan tashqari o‘g‘illari Xoja Muhammad, Suyunchxoja va Ko‘chkinchxoja sultonlar omon qolib edilar. Shayboniyxon vafotidan keyin taxtga Ko‘chkinchxojaxon  o‘tirdi. Ko‘chkinchxojaxon zamonida xon hazrati oliylarining ajdodlari Hoji Tarxondan Movaraunnahrga kelib edilar. Xon hazrati oliylarining otdoshlari Ubaydullaxon  vafotidan keyin Abdulxayrxon va Jonibek sulton avlodlari taxt uchun kurashdilar. Bu kurashda jo‘ybor shayxlari  tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Jonibek sultonning nabirasi Abdulla sulton g‘olib bo‘ldi. Avval otasi Iskandar sultonni  taxtga o‘tirg‘izdi. Otasi vafotidan keyin o‘zi xonlik qildi . Buxoro xonligini Shayboniyxon davridagi holatiga yetkazishga muvaffaq bo‘layozgan Abdullaxonni o‘g‘li Abdulmo‘min sulton  zaharlab o‘ldirdi. Ilgari o‘tgan padarkush shahzodalar kabi Abdulmo‘minxonning xonligi ham olti oydan ortmadi. Abdulmo‘minxon otasining amirlari tomonidan o‘ldirilgach, Miyonqolda uch o‘g‘li bilan jon saqlab qolgan Pirmuhammad sulton  xon qilib ko‘tarildi. Pirmuhammadxon va o‘g‘illarining joniylar bilan bo‘lgan jangda o‘ldirilishlari bilan shayboniyxonlar sulolasining Movaraunnahrdagi hukmronligi intihosiga yetdi. Buxoro taxti joniylar qo‘liga o‘tdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.