OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Murodulla G‘afurov. 22-xona (hajviya)

– Bu – mening ishim! – dedi u 22-xonaning eshigini qattiq yopib ichkariga kirarkan.
Ayolning ikki yuzi qizarib ketganidan bir kor-hol bo‘lganga o‘xshaydi.
– Yana xafa qilishdimi? – so‘radim unga achingan bo‘lib.
– Mening ishimni hech kim eplolmaydi! O‘n ikki yil deganda mutaxassis bo‘lganman-a! Kechagina kelib... aqling yetmagan narsaga qanday qilib fikr bildirasan? He, o‘rgildim, yana bu kishim boshliq emish!.. – deb kursiga zarda bilan o‘tirdi.
Papkasini jahl ustida stolga otib yubordi. Yozuv qog‘ozlari sochilib ketdi. Uzun kipriklarida yosh qalqdi.
– Olsa, ishini olar, jonimni emas! – dedi u sumkasidan dastro‘molchasini avaylab olarkan. – Bor-e, qo‘lingdan kelganini qil!
Ko‘z yoshlari ham tayyor ekan, irmoq bo‘lib ikki yuzidan oqa boshladi. U ho‘ngrab yubordi. Demak, boshliq yo bema’ni harakat qilgan ko‘rinadi yoki nojoiz so‘z aytgan.
– Shuncha mehnatimni chippakka chiqardi-ya! Koshki, o‘zi shu ishlarni uddalasa! Qora mehnatdan hamma qochadi. Men bo‘lsam...
– Qo‘ying, xafa bo‘lmang. Hammadayam kamchilik bo‘ladi, opovsi! – dedim vaziyatni yumshatmoqchi bo‘lib.
– Odamga rosa alam qilarkan-da... Ishxona sirini nega boshqalarga oshkor qiladi? Bunga uning haqqi bormi?
– O‘zgalar oldida o‘zini ko‘rsatmoqchi bo‘lgandir-da?!
– He, o‘zini ko‘rsatmay o‘lsin!..
O‘n bir oyki, shu ayol bilan bir xonada ishlaymiz. Uni ko‘rishim bilanoq etim jimirlab ketadi, qandaydir noxushlikni sezib turaman. Hamma xush kayfiyatda ish boshlasa, men ertalabdan asabiylashaman. Ehtimol, uning fe’lini yaxshi bilmaganimdan shundaydir. Ammo ish oldidan g‘alva ko‘tarish teran fikrlashga xalaqit berishi aniq-ku, to‘g‘rimi? Bu amaliy fanda ham isbotlangan.
Xullas, uni zimdan o‘rgana boshladim.
Ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxassisning huzuriga bordim.
– Xo‘sh, qalay? – dedi u. – Opovsi bilan chiqishib ketdingizmi?..
– Nega unday deysiz? U bilan janjallashganim yo‘q-ku! Bunga hojat yo‘q, deb o‘ylayman.
– To‘g‘ri qilasiz. Mayda gap erkakka yarashmaydi.
– Shunday.
– Ammo uni tushunishga harakat qiling. U – o‘z sohasining bilimdoni. Aytib qo‘yay, biroz injiqligi ham bor...
– Shu... ertalabdan telefonga yopishib olgani yomon-da. Hali u, hali bu tashkilotga tinmay qo‘ng‘iroq qiladi. Sekin gapirsa ham mayli edi-ya. Baqir-chaqiri ko‘p, deng. Quloqlar shang‘illaydi. Gangib qolayapman...
– Agar sezgan bo‘lsangiz, qulog‘i sal og‘irroq. Shuning uchun baland ovozda gapiradi. Yolg‘iz ayol boshi bilan bolalarini o‘zi katta qildi! Farzandlarining barchasi oliy ma’lumotli.
– Unga havas qilsa arziydi! Biroq ish jarayonida...
– Nima bo‘lgandayam sabrli bo‘ling. Undan ko‘p narsani o‘rgansa bo‘ladi!
Kunlarning birida xonamga keksaroq bir odam keldi. Hamkasbim o‘sha kuni ishdan javob so‘rab ketgan edi.
– Xo‘sh, qalay? – dedi u. – Opovsi bilan chiqishib ketdingizmi?..
– Nega hamma nuqul shu gapni takrorlaydi? – so‘radim.
– Men ilgari shu idorada boshliq bo‘lib ishlaganman. Har bir xodimning fe’l-atvorini yaxshi bilaman, – dedi u.
– Sal injiqroq, biroq chidasa bo‘ladi!
– Borakallo! Sabrli odam ekansiz...
– Rahmat. Lekin unga bo‘lgan qiziqishim tobora ortyapti. U haqda biror narsa gapirib berolmaysizmi?
Suhbatdoshim yuzida tabassum zohir bo‘ldi.
– O‘ziyam nihoyatda go‘zal ayol, shunday emasmi! – dedi u labini cho‘chchaytirib. – Shunga yarasha iltifot talab qiladi-da. G‘ururi bor! Oriyatli.
– Buni bilaman. Ammo nima uchun g‘alva ko‘tarishni yoqtiradi?
– Bilasizmi, bu sohada ishlash odamdan katta kuch talab qiladi. Topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish oson ish emas. Mas’uliyatni his qilish kerak!
– Tushunib turibman, biroq uning o‘ta injiqligini anglolmayapman.
– U mukofot yoki mansab uchun ishlamaydi. Hammaga o‘zining ishchanligini ko‘rsatib qo‘yishni istaydi, xolos. Avangard.
– Hammadan oldinda yurish ishtiyoqi injiqlikka sabab bo‘lolmaydi-ku?
– Ko‘nglini ko‘taring, maqtab qo‘ying – sizdan yaxshi odam yo‘q. Bu qiyin ish emas-ku. Hattoki, hech kim yo‘qligida, unga bag‘ishlab ikki misra she’r o‘qib bering. Tog‘ manzaralarini sog‘inadi. Jildirab oqayotgan suvlarni eslating, qaynar buloqlarning jo‘shqinligi haqida lutf qiling. Ammo hecham tanqid qila ko‘rmang...
Bir kuni rahbar o‘rinbosari chaqirib qoldi.
– Xo‘sh, qalay? – dedi u. – Opovsi bilan chiqishib ketdingizmi?..
– Nega unday deysiz?! U bilan hali biror martayam janjallashganim yo‘q-ku?
– Sizni zimdan kuzatib, sabr-toqatingizga qoyil qolib o‘tiribmiz. Lekin, baribir, kunlarning birida u ayol bilan janjallashib qolishga to‘g‘ri keladi.
– Sabab?
– Sababini tushuntirishga urinmayman, biroq buni ish jarayonida hali o‘zingiz bilib olasiz.
Qo‘shni xonadan o‘z xonamga o‘tayotgandim, yo‘lakda bir odam ro‘paramdan chiqib:
– Mabodo, 22-xonadan emasmisiz? – deb so‘rab qoldi. “Xuddi shunday!” degandek bosh irg‘adim. U menga yillik hisobotni ko‘rsatib:
– Shuni opaga berib qo‘ysangiz! – dedi. Hujjatlarni oldim. Unga xonaga kirishni taklif etdim.
– Xo‘sh, qalay? – dedi u. – Opovsi bilan chiqishib ketdingizmi?..
– Nolishga asosim yo‘q, – dedim unga sinchkov boqib. – Nima, opani yaxshi taniysizmi?
– Bo‘lmasam-chi! Sakkiz oy bir xonada ishlaganmiz, axir!
– Xo‘sh?!
– Bir marta hushdan ketdim. Keyin ishimdan ketdim!..
– Tushuntiribroq gapiring, u rahbarlarga gap yetkazuvchimi?
– Yo‘q. Hech kimni hech kimga sotmaydi. G‘iybatni yomon ko‘radi. Faqat asab tolalarini qitiqlaydi, xolos...
– Bunday harakatni sezmayapman...
– Balki boshliq bilan “olishib”, vaqti bo‘lmayotgandir? Hechqisi yo‘q, sizga ham navbat keladi... U hammani yengib o‘rgangan. Chakagi – bamisoli to‘p, ishga tushgach, uning nishonidan hech kim omon chiqmaydi.
Xayolimda uning boshliq qabulxonasidan xafa bo‘lib chiqqan qiyofasi jonlandi.
– Shu ayolning shunaqa qilig‘i ham bormi? – so‘radim vaqtni boy bermay undan.
– Avvalgi rahbar o‘ta muloyim odam edi. Shirin so‘z bilan ishlatardi. O‘rni kelsa, erkalab qo‘yardi. Idorada tanho ayol bo‘lgani uchun unga hurmat ko‘rsatishni hammadan talab qilardi. Yangi rahbar kelib, munosabat tubdan o‘zgardi. Har kimning o‘z ishlash uslubi bor. Menimcha, opovsi shuni hazm qilolmayapti. Buning ustiga, xonadagi jihozlarning ko‘pligi ham uni muvozanatdan chiqaradi. Aytaylik, g‘ashini qo‘zg‘aydigan bir qarichgina qog‘ozga ko‘zi tushsa bo‘ldi, bir-ikki soat quloq tinchimaydi, xunobingni oshirguncha javrayveradi-javrayveradi! Shundayam hushingdan ketmay ko‘r-chi, undan qutilib bo‘psan! Katta xonada yolg‘iz o‘zi yayrab ishlashni yoqtiradi. Uning jig‘ibiyron bo‘lib, asabiylashib turishi ana shundan!
– Demak, unga ro‘para o‘tirishim ham yoqmayotgan ekan-da?
– Balki! Ha, xuddi shundoq! Ish uslubiga xalaqit berayotgan nimaiki bor, uning g‘ashini keltiradi. Ammo buni sezdirmaydi.
– Fikringiz inobatga olindi. Hushyorlik qo‘ldan boy berilmaydi! – dedim suhbatni yakunlab.
Bu yilgi qishning qahri qattiq keldi. Isitish tizimlari yaxshi ishlasa-da, xonada harorat past edi. Eshik-derazalarni yopib ishlayotgandim. Hamkasbim xonaga qovog‘ini uyib kirdi.
– Buncha tutatmasangiz? – dedi u derazani ochayotib. – Erkaklarning sharofatidan xonada o‘tirib ham bo‘lmaydi. Hammayoqqa sigaret hidi o‘rnashgan! Yoz kunimidiki, xonani shamollatsak?.. O‘zi tumov bo‘lib yuribman. Kasringizga men tovon to‘layinmi?
– Nega jig‘ibiyron bo‘lyapsiz? Sigaret chekkanim yo‘q-ku? Xona sovuqligidan ustimdagi kurtkani ham yechmagan bo‘lsam... Siz tumov bo‘ling, aybdor menmi? – dedim daf’atan.
– Tushuning, sigaret chekish sog‘liq uchun o‘ta zararli. Shularni o‘ylang, deyapman! O‘ling, demadim-ku! Bor-e, yaxshilik yoqmaganga nima qilasan gapirib!?
Qarasam, ish chatoq. Uning afti-angori tajovuzkorlik kasb etyapti. Darhol ko‘chaga chiqib ketdim. Birozdan so‘ng qaytib keldim.
– Nos chekdingizmi? – dedi u menga o‘qraygancha.
– Yo‘g‘-e! Nimalar deyapsiz?..
– Bo‘lmasa, tamaki hidi qayoqdan kelyapti?
– Qayoqdan bilay?
– Hammayoq irib ketibdi-ku? Xonada sizdan boshqa hech kim yo‘q-ku, havoni bulg‘atadigan?
– Gapga e’tiborli bo‘ling! Nimalar deyapsiz?
– Men bilmasdan gapirmayman! Tushundingizmi? Uyingizga borib, xohlagan ishni qilishingiz mumkin. Bu yer – ishxona!
– Biror nojo‘ya harakat qildimmi? Nega baqirasiz?
– Bitta sizga baqirmaganim qoluvdi o‘ziyam?! Ko‘zim uchib turibdi...
– Ko‘zingizni uchirmang, ko‘rmay qolasiz.
– Erkaklarning bari – ovsarmijoz. Qo‘pol! Molfahm! Ey xudoyim-e, shunaqa zotlarni ham yaratasanmi? O‘zing ham pushaymon bo‘layotgandirsan-a?..
Janjal gazak olmasdan yana ko‘chaga chiqib ketdim. Yaxshiyamki, qo‘shni xonadagilar bu voqeadan bexabar qolishdi.
Ertasi kun ishga yangi ko‘ylagimga bog‘ guli hidini beruvchi atir sepib keldim. Barmoqlarim oralariga, bo‘ynimning orqasiga Arabistondan keltirilgan mushkdan ham surdim. Ammo...
– Ff-u! Xona buncha sasib-burqsib ketibdi! Erkak degan shunchalik atir sepadimi? Eshik va derazalarni ochib tashlang... – dedi yetakchi mutaxassis g‘alati ovozda.
– Ishqilib, yaxshilikka bo‘lsin! – dedim nima deyayotganimni o‘zim ham bilmay.
– Necha marta aytish mumkin, hatto kursiga to‘g‘ri o‘tirishni ham bilmaysiz-a? Farosat bormi? Yo...
Yana ko‘chaga chiqib ketdim. To‘g‘risi, ishim o‘zimga yoqadi, lekin bu ayol bilan bir xonada ishlash azob-ku! Nima qilsam ekan-a?..
– Hamkasb, hamdardlik bildiramiz! Sabr va toqat – tilagimiz shu! – dedi menga ishxona hovlisida aylanib yurganlardan biri miyig‘ida kulib.
Men esa yetakchi mutaxassis bilan bir xonada qachongacha ishlash mumkinligini o‘ylay boshladim. Va yo‘lini topdim. Opa biror g‘alvani boshlashi bilan sekin sirg‘alib, ochiq darichadan kirayotgan yelvizakday chiqib ketaman va endi rostdan ham nimadir chekib kelaman. Opa esa ro‘parasidagi mening bo‘sh o‘rnimga qarab javray-javray o‘pkasi bosiladi. Keyingi vaqtlarda men kirgach esa tashqari sovuq emasmi Eminjon, shu yerda chekavering, deraza bor-ku, deydi ochiq derazaday ochiq yuz bilan. Shu zayl ishlayapmiz, deng. Hamkasblarim esa hayron, bechoralar menga fokuschiga qaraganday qaraydi.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.