OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Murodulla G‘afurov. Ko‘ngilchanovning ko‘rganlari (hajviya)

— Hecham yolg‘on gapirma! Birovning diliga ozor yetkazishdan tiyilib yur.
— Astoydil mehnat qilib, halol pul top! Qunt bilan hunar o‘rgan. Imkoni boricha odamlarga yaxshilik qilishga intil.
— Do‘st orttir.
Ota-onam bolalikdan shunday tarbiya berishdi. Men ham ularning maslahatiga to‘liq rioya qilib o‘sdim. Xatti-harakatimni kuzatgan ustozlarim, “Og‘ir va bosiq bola, hech kimni ranjitmaydi!” deyishar, o‘rtoqlarim esa “Uning tantiligiga tasanno — o‘zi yemasa ham mudom bizga bir nimalarni ilinib yuradi — qo‘li ochiq!” der, sinfdosh qizlarimiz ham ich-ichida: “Kimki unga turmushga chiqsa, chin baxtga erishgan bo‘ladi!”, deb meni alqaganday tuyulaverardi. Albatta, bunday yoqimli maqtovlardan so‘ng yana-da sermulozamat va bag‘rikeng bo‘lib yayrab ketardim.
— Kuchi bor birni yiqar, bilimi bor — mingni!
— Qizlarning ko‘ngli judayam nozik bo‘ladi, ukajonim. Ularga gulga qaraganday qaragin!
Akam va opam o‘smirligimda meni shunday deb ogohlantirishdi. Men doim ularning yo‘l-yo‘riqlariga amal qildim. Endi vaqt deganiyam o‘sha sinfdosh qizlar sochpopugidagi kapalak misol “lip” etib o‘tib ketibdi-ki, qarabsizki kamina oliy o‘quv yurti tolibi. U yerda, aytishim kerakki, jismoniy mashg‘ulotdan saboq beradigan o‘qituvchidan boshqa hamma domlalarning e’tiborini tortdim. Asta-sekin, kunba-kun obro‘li shaxsga aylanib bordim. “Ha, Abdujabborovmi, u yaxshi bola, boqsa odam bo‘ladi”, deyishardi ustozlar orqavarotdan. Alal-oqibat (eng muhimi ham shu bo‘lsa kerak) talaba qizlarning nazariga tusha boshladim. Tug‘ilgan kun munosabati bilan ularning ba’zilariga qo‘lsoat, ba’zilariga esa yana bir nimalarni hadya etishni hunar qildim. Bu hunar o‘zimga xush yoqardi.
Bundan g‘oyat baxtiyorligimni tushunib turgandirsiz! Ammo bunday martabani qo‘lga kiritish o‘z-o‘zidan bo‘lgani yo‘q. Hammasi uchun pul kerak. Dam olish kunlari yoxud darslar kam bo‘lgan kunlari mardikorlikka yollandim. Turli xil ishlarni ham lom-mim demay bajaraverdim. Goho ba’zi bir xudodan qaytgan nokas bandalar va’dasida turmadi — haqimni yarim qilib, kurakda turmaydigan so‘zlarni aytib, oldiga solib quvdilar hamki, kaminangiz o‘ng yuzingga ursa, chap yuzingni tut, degan mashoyixlar so‘zidan rag‘bat olib yuraverdim. Illo-billo birortasini qarg‘amadim: tarbiyamiz shunday! Negaki, birovning diliga ozor yetkazishdan cho‘chiyman. Axir, ustozlar ham bejiz, kuchi bor birni yiqadi, bilimi bor – mingni, deb aytmaganlar-da!
Shu bilan barobari bilim egallash payidan bo‘lib, butun zehnimni jadal o‘qishga qaratdim. O‘qishni tugatgach tag‘in qaytadan o‘qishga hujjat topshirdim, deng.
— Olim bo‘lsang, olam seniki! — deyishdi oliygohni tugallayotgan chog‘da ustozlarim.
Men shu aqidaga mahkam yopishib oldim. Ikkita universitetni shu taxlit tugatdim. Lekin... haliyam ko‘p narsaga aqlim yetmaydi — aqlim shunga yetadi.
O‘qishni yana davom etttirmoqchi edim-u, ammo yosh ham o‘ttizdan o‘tib qolgani xalaqit berdi. Uydagilar qachon uylanasan, deb dashnom bera boshlashdi. Juda alam qilarkan, tengqurlaringdan kammisan, shu yoshda ular uvali-juvali bo‘lishgan, qachongacha so‘ppayib yurasan, — degan ta’nalarni eshitish.
Shunday qilib, opam ko‘rsatgan bir onasi o‘pmagan qiz bilan tanishdimu halovatimni butkul yo‘qotdim. Ul kishimning oydek yuzidan quyosh ham xijolat, oy ham. Ko‘zyosh yuvgan ko‘zgudek tiniq ko‘zlaridagi mehri bo‘g‘zimga tiqilgan yurakkinamni bejo qildi-qo‘ydi.
Xullas, uylandim. Akamning qistovi bilan bir e’tiborli idoraga ishga ham joylashdim. Boshqa yerda qanday bilmadim, ammo bu ishxonaning ahil jamoasi yangi kelgan har bir xodimni zimdan kuzatishar, mavridi topilsa, hazilu chin sinab ko‘risharkan. Nafsi o‘lmagurlar men bilan ham “jiddiy” shug‘ullanishdi.
Ish boshlaganimning to‘rtinchi kuni boshlig‘imdan javob so‘radim: yon qo‘shnimiznikida to‘y, ertaroq bormasak bo‘lmas?
Javobni olgach talabalikdan esdalik papkani qo‘ltiqqa urib endi ketaman deb turuvdim, kadrlar bo‘limi boshlig‘i yonimga kelib:
— Og‘ayni, uch-to‘rt kishi kelishib qo‘ygandik. Birga tushlik qilsak, yaqinroq tanishsak, degandik. Shunga nima deysiz? Hammasi o‘zimiznikilar, — dedi u yana qo‘shimcha qilib.
Ko‘ngilchanligim tutib ketib, “mayli” dedim. Xilvatroq oshxonaga bordik. Oshxo‘rlik, kabobxo‘rlik... Albatta, ikki shisha aroq ham olindi! Ichdik-edik, yedik-ichdik... Bir mahal yer qimirlaganday bo‘ldi. Boshim aylanayotganday bexosdan silkindim. Yoki o‘tirgan stulim qiyshiqmidi — bilmadim, o‘ng yelkamdan yuk bosganday ko‘loblatib sepilgan suvga yiqilib tushdim. Ust-boshimga loy chaplandi. Hiqichoq tutayotgan bo‘lsa-da:
— Endi men... ketma-sam... bo‘lmaydi. Bora-digan jo-oyim bor ed-i. Hech kimdan xafa emasma-an! — dedim-da, papkamni qo‘ltiqlab, amallab o‘rnimdan turdim. Ular ortimdan kulib qolishdi, biroq bunga parvo qilmay, o‘zimcha iljayib, yo‘limga ketdim.
Uyga kelasolib, darhol ust-boshimni almashtirdim. Keyin qo‘shnining uyiga o‘tdim...
Davraga endigina qo‘shilgandim, qo‘shnining kichik o‘g‘li eshikdan meni imlab chaqirdi. Oldiga bordim.
— Nima deysan, polvon?
— Kennoyim chaqiryaptilar...
Ko‘chaning narigi betidagi daraxt panasida pariruxsorimiz kutib turgan ekan. Hovliqib, uning istiqboliga shoshildim.
— Bu nima? — dedi bo‘zrayib qo‘lidagi bir parcha qog‘ozni ko‘rsatib.
— Men qaydan bilay? Nima bo‘ldi?!
— Uyda xotingiz bo‘laturib, kechqurun kim bilan uchrashmoqchisiz?
— Nima?
— Kimni aldayman deyapsiz?
— Bilib qo‘y, men hech qachon senga xiyonat qilmaganman, qilmayman ham!
— Uchrashuvga yarim soatcha vaqt qolibdi. Yuring, o‘sha joyga boramiz! Gapingizning rost-yolg‘onligi kinosaroyning ortida ma’lum bo‘ladi.
Nima qilarimni bilolmay qoldim. Birovning ko‘ngliga ozor yetkazib qo‘yishdek azob yo‘q dunyoda.
— Yur, o‘sha joyga boramiz! — dedim qat’iy.
Bordik. Uchrashuvga hech kim kelmadi.
— Bizni ko‘rib, biror yerda bekinib turgandir o‘sha sevgilingiz? — dedi xotinim bo‘zarib-bo‘zarib.
— Qanaqa sevgilim? — dedim tutaqib.
— Mana xatni o‘qib ko‘ring...
Unda quyidagilar bo‘yalib-chatilib bitilgan ekan: “Ey, o‘zimning qo‘rqmas arslonim! Bunchalik sog‘intirmasangiz... Har kuni diydorlashib turadigan o‘sha — kinosaroy ortiga soat oltida keling. Kutaman. Sizning adoi-tamomingiz... ”.
“Voy, mug‘ombirlar-ey! – nogahon ishxonamdagilar xayolimga keldi. – Bekorga ortimdan kulib qolmagan ekansizlar-da. Papkamga bildirmasdan qog‘ozni solib, qitmirlik qilmoqchi bo‘libsizlar-da. Hali mendan ko‘rasizlar!..” Baribir, men ularga hech narsa qilolmasdim. Chunki ko‘ngilchanman-da.
Yillar o‘tib, to‘rt farzandning otasi bo‘ldim. Ish jarayonida katta tajriba to‘pladim. Bu — muvaffaqiyatlarim garovi edi. Ammo ko‘ngilchanligim gohida pand bera boshladi. Bir kuni ishdan juda kech qaytdim. Uyim ancha uzoq bo‘lsa-da, ochiq havoda yurishni afzal bilib sekin-sekin odimlab borayapman. Yomg‘ir maydalab yog‘ib turibdi. Ikki bekat yurgach, ivib qolmay deb navbatdagi bekatda to‘xtadim. Osmon quyuq bulut bilan qoplangani uchun atrof qorong‘i edi. Yoritgichlar xira nur sochmoqda. Qayoqdandir kelishgan bir ayol paydo bo‘ldi:
— Endi nima qilaman? Qayoqqa boraman? Meni aldashdi-ya! Bunday katta shaharga birinchi bor kelishim. Ay, nomardlar-a! — deb ho‘ng-ho‘ng yig‘lay ketdi.
— Kechirasiz, singlim, sizni kim xafa qildi? — so‘radim yuragim achishib.
— Bilmayman, akajonim, bilmayman. Boradigan joyim yo‘q. Endi nima qilaman? Bunchalik shafqatsiz bo‘lmasa bu odamlar?
— Boradigan joyingiz yo‘qmi?
— Begona shaharda kimim bo‘lishi mumkin, axir? Menday mushtiparni aldash kimga zaril ekan.
— O‘ksinmang. Dunyoda yaxshilar ko‘p. E’tiroz bildirmasangiz, uyga olib ketayin.
— Mayli. Faqat bittagina sharti bor: menga teginmaysiz; saharlab ketaman!
— Xotirjam bo‘ling. Yovqarash xotinimu balog‘atga yetgan o‘g‘il-qizlarim bor. Niyat xolis.
Ayolni musofir bilib, uyga olib bordim. Uni oilam bilan tanishtirdim. Bo‘lgan voqeani bolalarimga tushuntirdim. Odamlarga yaxshilik qilishim, ko‘ngilchanligimga xotin ham ko‘nib qoldi bechora.
Ertalab to‘ng‘ich qizimiz ayyuhannos soldi.
— Kechagi xotin kim edi, dada? Taqinchoqlaru ziraklarimni o‘marib ketibdi-ku?
— Yo‘g‘-e, bo‘lishi mumkin emas!
Qarang-a, yana ko‘ngilchanligim pand berdi. Uning aft-basharasigayam tuzukroq qaramabman. Voy, xomkalla!
Hafsalam pir bo‘lib, ishxonaga bordim. Suvga tushgan mushukday kabinetda shumshayib o‘tiribman. Eshik g‘iyqilladi. Boshimni ko‘tarib qaradim.
— Sizni boshliq chaqirayapti! — dedi kotiba.
— Kecha nima ish qilib qo‘ydingiz? — dedi boshliq jiddiy alfozda huzuriga kirishim bilan.
— Nima qilibman? Tushuntiring...
— Qidiruvda yurgan o‘g‘ri bilan hamkorlik qilibsiz-ku. Tag‘in unga uyingizning to‘ridan joy beribsiz. Buni qanday tushunsa bo‘ladi, Ko‘ngilchanov?
Boshliqqa bo‘lgan voqeani batafsil gapirib berdim. U tugmachani bosdi. Xonaga militsiya mayori va o‘sha ayol kirib kelishdi. “Mushtipar” ayol zirak va taqinchoqlarni stolning ustiga qo‘ydi. Ammo u xijolat chekish o‘rniga jilmayib turardi.
— Bular qizingiznikimi? — dabdurustdan so‘radi militsiya xodimi.
— Ha. Lekin bularni qanday qilib qo‘lga kiritdingiz?
— Ko‘ngilchanlik oqibatida... — dedi mayor va u ham, boshliq ham kulib yuborishdi.
Men esa hech baloga tushunmay anqayib turaverdim, faqat “rahmat” deyman.
Shu voqeadan keyin o‘ylanib qoldim. Ota-ona, yaqinlaring va ustozlaringning tarbiyasi boshqacha-yu, hayot tarbiyasi boshqa ekan. Ammo har kim o‘z yo‘lini tanlagani ma’qul, shunday emasmi?

 “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 6-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.