OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nasiba Rizayeva. Kim zo‘r (hajviya)

Kichikroq bir yig‘inda o‘tirgan uch-to‘rtta ulfat bahslashib qolishdi. 
— Xo‘sh, bu zamonda kim zo‘r? — dedi mo‘ylovini silab Shoqosim qassob.
— Siz gerdaymay qo‘ya qoling, mo‘ylov, — dedi ovoziga g‘olibona tus berib Abdumannop shifokor. — Go‘shtning yarmini suyak qilib, o‘rab-chirmab beradigan davringiz o‘tdi. Hozir xaridor zo‘r. Xoxlasa yog‘li, xohlasa laxm go‘sht oladi, xohlasa joyida qiyma qildiradi. Sotuvchi esa tabassum bilan, qo‘li ko‘ksida, xaridorning bir og‘iz so‘ziga mahtal bo‘lib turadi. 
— Siz tomog‘ingizni qirmay qo‘ya qoling, do‘xtir, — kulib dedi Haydar taksichi. — Anu kuni avtovokzalda bir kishi eng yaxshi xususiy shifoxonaga olib boring, deb qoldi. Siznikini shunday maqtadim-ki, yana uchta mijoz mindi mashinaga. Ularga ham zo‘r do‘xtir kerak ekan-da. Shundoq ishxonangizning tagiga keluvdik, eshigingizning tepasidagi yozuvni ko‘rishdi-yu, bittasining rangi sal o‘zgardi. «Nomi qandaydir sovuq, xosiyatsiz ekan, bo‘lmaydi», dedi labini burib. Qolganlari uni ma’qullashdi. Boshqasiga bordik. Ana ko‘rdingizmi? Ilgarilari bosh vrach xohlasa ko‘rardi, xohlamasa ertaga keling, der edi. Endi qaysi gazetani qaramang, eng ko‘p reklama kimniki — do‘xtirniki. «Hamma muammolaringizni bir zumda hal qilib tashlaymiz», deyishadi.
— Bundan chiqdi, siz zo‘r ekansiz-da, — e’tiroz bildirdi Jalilbek.
— Bo‘lmasam-chi, — bo‘sh kelmadi taksichi. — Shaharning, hatto mamlakatning to‘rt tomoniga qushday ucha olamiz. Hech qanday to‘siq yo‘q, yo‘llar zo‘r. Topganimiz o‘zimizniki.
— To‘g‘ri, ofarin, — tasdiqladi Jalilbek. — Ammo... ilgarilari odamlar taksiga navbatga turishardi. Endi esa taksilar odamga navbatga turishadi...
Shu payt Jalilbekning ko‘zi narigi stolga tushdi-yu rangi o‘zgarib, tipirchilab qoldi. «Hozir, mana borayapman», dediyu o‘rnidan turdi. 
— Ana, kim zo‘r, xotin zo‘r. Bir imosiga chopishini ko‘rdingizmi? — dedi uning orqasidan Akbar polvon. — Bu zamonda xotinni qo‘lga ololgan zo‘r. Demak, hammangdan akang qarag‘ay — o‘zim zo‘rman.
— Ko‘p kerilmang. Haqiqiy zo‘rni ko‘rsataymi? Uning ashulasiga xotiningiz tugul, o‘zingiz ham yo‘rg‘alab qolasiz, — yayrab kuldi Abduvahob qiziqchi.
— Ko‘rsat, senga qoyil qolganim bo‘lsin. Ammo mendan zo‘rroq chiqmasa o‘sha zo‘ring, akang qarag‘ayga uch marta ta’zim qilasan. 
— Xo‘p, — dedi Abduvahob sirli jilmayib. — Kelinglar, avval raqsga tushib bir xumordan chiqaylik, keyin aytaman davomini.
Qiziqchi o‘rnidan turib qo‘lini ko‘tardi.
— Qani, hov san’atkorlar, sho‘xidan bo‘lsin! 
Sho‘x qo‘shiq yangragach, hamma beixtiyor raqsga tushib ketdi. Polvon ham el qatori tebrana boshladi.
— Yo tavba, yo qudratingdan, — ajablandi u, — arabcha, hindcha, tojikcha, afg‘oncha, gruzincha, qozoqcha... dunyo xalqlarning ohangini bitta qo‘shiqqa joylaganini qarang-a! Ofarin! Hammani dikonglatib o‘ynatganiga qoyil-e!
Qornini lo‘killatib, arabchaga muqom qilayotgan Akbar:
— Astag‘firullo, e vey, arabchani qachon o‘rgana qolibman-a? — devordi.
Polvon tilini tishladi. Abduvahob uning qulog‘iga asta shivirladi:
— Qalaysiz endi? Kim zo‘r ekan?!

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.