OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘ljaboy Qarshiboy. Dunyoning cheti (hikoya)

Mashina Toshkent — Termiz yo‘lidan ildam odimlaydi. Rulda Qutbullo, yonida Madiyor, orqa o‘rindiqda esa kamina. Shahardan chiqmaganimizga ham ancha bo‘lgan ekan. Yo‘l manzaralari, keng dalalar, uzoqdan ko‘rinib turgan tog‘lar, bekatdagi turfa odamlarni ko‘rib, ajab, qachonlardir dilda sobit bo‘lgan xayollar ko‘ngilga kelib, ancha yengil tortasiz. Yo‘lning o‘ziga xos kayfiyati bor: qandaydir tazarruga ehtiyoj tug‘iladi. Oqibat haqida o‘ylay boshlaysiz. Bilganiga amal qilmaydigan biz “chalamulla”lar hayot yo‘limizni ham “ilmiylashtirib”, imkon qadar murakkab qilib yuborganmizki, bu to‘rdan o‘zimiz-da qaytib chiqolmay qolamiz. Har narsani “o‘ylaymiz”, eh-he dunyoning kengligini qarang, birodarlar.
Etnografiya ilmiy tadqiqot markazida ishlayotganimga sakkiz yil bo‘ldi-yov. Ikki yil aspiranturada, keyin imtihondagi achchiq-tiziq gaplardan so‘ng kelib qolgan joyimiz shu yer — ilmiy markaz...
Ishxonamizda boshliq men bilan Madiyorga ko‘proq ishonadi. Sababi, uning o‘zi sobiq tarixchi. Talab esa boshqacha. Xodimlar ham aralash. Sarvi — sotsiolog, Mahdi — tilshunos, Venera — logoped vrach, Yashin aka — ekolog. Maqsadimiz etnografik jamlanmalarni nashrga tayyorlash. Nashriyot va noshirlar esa kutib yotishibdi. Marketingchilarni-ku so‘ramang. Ammo hafsala bo‘lmasa — bari, bir.
Shu... Tursunoy bilan gapimiz qochib, u ketib qolgach, o‘zimni-o‘zim yaxshi bilmasligimni sezib qoldim. Madiyor ham shundaymi dersiz? Yo‘q, u bo‘lak dunyo. U — aksincha, daqiqa sayin, uzluksiz o‘zini kashf qilishga intiladi.
 Agar u Qo‘yliq bozoridan tarvuz olmaganida shuncha voqea bo‘lmasmidi, shu savollar ham dilga qalqib chiqmasmidi? Bu ham mayli, u sotuvchi yigitdan “Siz quramamisiz, oltibekli?”, deb so‘ramaganida edi, shu voqealar ro‘y bermasmidi? Indamay tarvuzini pullash o‘rniga gap sotib qoldi ul kishi ham.
“Bobom Pirimqul, otam Narzulla avariyadan o‘lgan, bobom ham yosh ketgan, lekin ikkinchi ayoli oltibeklardan degich edi, huv ochlik zamonlarda, urushdan avval bobomga tegib qishlog‘idan ketgan, momosi tushgur hali-hali armon qiladi, tomir-da... — tarvuz sotuvchi tag‘in qo‘shib qo‘yadi – Otim Begali, Oy... qishlog‘idan...” Ziq bo‘lib o‘tirgan ekan-da, deyman ichimda.
Madiyorning aytishicha, sotuvchining ba’zi gap-so‘zlari, shevasi o‘xshab ketarkan. Kimga o‘xshab ketarkan? Ammasiga! Yo, piray! Odamzod o‘xshashini istasa o‘xshataverarkan-da. Uzun qorin qo‘ygan sariq odam. Momosining ismi Sadira emish. Madiyorning ammasi ham Safurami, Sayronami bo‘lgan...
Shu voqeani har eslaganda Madiyor menga najotkorga boqqandek termulib yoriladi. Otasining vasiyatini ham eslaydi. “Izlab topinglar, ammalaring tirik, o‘shanda majburlab erga berdik”, — degan ekan otasi. Amma sho‘rlik farzand ko‘rmay erdan qaytib kelganda Madiyorning rahmatli otasi opasini quvib-soladi: “Tug‘mas bo‘lib turib qolguncha, er ko‘rib ergashib ketgan yaxshi”. Bu gap uchun chol keyin ko‘p afsus qiladi. Shuytib, otasining armoni — Madiyorda davom eta boshladi. Kattalar xatosini tuzatish kerak, ammasini tirikligida topish kerak. Balki turmushdan yolchib, balqib-chalqib yashab yotgandir. Bechora amma ham aka-ukalarini izlaganmikan? Bor-yo‘g‘i bir og‘iz gapga kekmi? Yo‘q, unday emas! Madiyor menga yorila-yorila fikrimiz qat’iylashdi. Ammani izlaymiz, taxminimiz bor, buyog‘i Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo tomonlarda shunday qishloqlar ko‘p. Oyg‘omqon, Oytamg‘ash, Oshuv, Oshbuloq, Oyimtog‘, Oytosh...
Mashina ildam odimlaydi. Har kim o‘z o‘yi bilan. Qutbillo Yangierdan olib kelgan garajiga xaridor izlaydi. Madiyor o‘qib-uqmaganiga, oqibatli bo‘lolmaganiga pushaymon bo‘ladi. Yo‘qsa, shu paytgacha dom-daraksiz ketgan ammasini izlab topmaydimi? Shaharning tashvishi barimizni ham gangitib qo‘ygan-da. Bu ikkisidan ham ko‘ra men xudbinman. Tursunoy bechorani o‘zimdan sovutib qo‘ydim. Oilam buzildi. “Endi men o‘zimni-o‘zim aldab yashayapman! Tursunoy, Tursunoy bormisan, meni hech bo‘lmasa zarracha kechira olasanmi?” Ko‘zimga yosh kelganini sezmay qolaman. Qarasam, Madiyor ham yig‘layapti. Faqat unsiz. Xayollarimizni Qutbilloning gapi bo‘ladi.
— Shu Madiyor aka, ammangiz Oybuloqdan emas, Oyirma qishlog‘idan bo‘lsa kerak. Oybuloq hozirgi Panjakentda, Poyariqda, G‘allaoroldayam Oybuloq bor. Oyirmali odamlari tarvuz sotadi. Chiroqchida shunday qishloq bor. Agar shu tarvuzpurush sabab bo‘lsa... Yanayam qaydam...
Yo‘lda bahavo joyda tushlik qildik. Qutbillo u dedi, bu dedi, ikki “yig‘loqi”ga haligi “qultimissin”dan ichirdi. Bu qurg‘ur biroz gapni-gapga qo‘shadi-da. Gurung boshlanadi. Bu dunyoda hech bir narsa besamar, javobsiz emas. Aytilgan so‘z – otilgan o‘q. “Assalomu alaykum — vaalaykum assalom”. “Borish — kelish”... yana shunga o‘xshash. Bor narsa yo‘qolishi mumkin, yo‘qolgan esa bir kuni albatta topiladi. Birdan yuksak tog‘lar e’tiborimni tortadi. Negadir o‘tkinchi dunyo haqida o‘ylayman. Hammamiz birin-ketin o‘tib ketaveramiz, ammo bu tog‘lar sobit turaveradi.
Peshindan so‘ng kunning tafti hali qaytmay turib, Qutbilloning G‘allaoroldagi cho‘pon jo‘rasinikiga burildik. Mezbon harbiyda birga bo‘lgan jo‘rasi bo‘lib, cho‘pon emas — go‘rkov ekan. Nima deysiz – kasbda, rizqi shunga sochilgan-da. O‘zi toliqib qolgan ekanmiz, mezbonning hurmati, irimiga o‘tiribmiz. Uyoq-buyoqqa yonbosh tashlashga mahtal bo‘lamiz. Shaharda odam xomib ketgan-da. Dil xira, ichganimiz dardimizni battar qildimi, bilmadim. Aksiga olib, uy egasi ham odamoviroq chiqdi. Borganimizda xushlaganday bo‘ldi-yu, keyin so‘rrayib qoldi. Ichimni bir ezg‘in his chulg‘adi. Shu... yo‘lda ichmaganimizda. Keyin lanjlanib qolmaganimizda balki... yanayam ildamroq yuraverarmidik. Bugun yetib borarmidik. Uy egasi ham nimanidir sezib, bilib turganday. Hovliga joy qildi. Kelgan payt e’tibor bermagan ekanmiz, hovlidan bir qadam naridagi qabriston shunday sovuq ko‘rinib turardi. Bola paytimizda qorong‘ida qabriston oldidan o‘tishga qo‘rqqanimizni beixtiyor esladim. Ko‘hna dunyoning oldida haliyam bola ekanimizni ko‘ngildan kechirdim. Negadir birdan bo‘shashib, shalvirab qoldim. Dasturxon yozildi, meva-cheva, qovurilgan u-bu narsa qo‘yildi, aroq ham. Uy egasi, Madiyor va men ichdik. Yumshadik, biroq gap yana uncha qovushmadi. Qutbullo ham ma’yus tortib qoldi. Aniqrog‘i, u rulda charchagan, ikki injiqqa hamrohlik qilgan. U yana bizning taxminimizni aytib gapira boshladi. Ya’ni, Madiyorning ammasi Oybuloqda emas, Oyirmada — Chiroqchida, deb gap uqtirdi. Balkim. Uy egasi qiziq odam ekan, ochilmaydi, lekin jim ham turmaydi. Oti Mansur ekan. Unga gap qotaman:
— Mana yoz havosini qarang, Mansurjon. Keng joylar, toza havo... — Gap tag‘in mavzumizga qaytadi. – Bu qo‘shnilarning hech bir kayvonisi bormikin, eshitganmikin ko‘chish zamonlarini? Balki, bilar?
Uy sohibining tund javobi ensamni qotirdi. Yo o‘zi bo‘lgan-turgani shudir... Joy solib yotgach, hamma o‘z xayoli bilan uyquga ketdi.
Tong otmay uyg‘onib ketdik. Uy egasiga minnatdorlik bildirgan bo‘ldik. Negadir sovuqroq xo‘shlashdik.
Ancha yo‘l yurdik. Yo‘l ham odamning ko‘ngli-da: tugamasayu manzilga ham yetsang – odam bolasi ko‘pincha nima istayotganini o‘ziyam tushunmaydi. Nazarimda, Chiroqchi dalalariga yetib kelganmiz, shekilli. Manzaralar, bozorga ketayotgan odamlar, mol haydab yurgan bolalar, manavi qishloqni Huvla deyishadi. Kursimizda bu qishloqdan bir yigit o‘qigandi. Birov to‘xtatib qo‘yadiganday tez-tez, shoshib gapirardi.
Qaygadir yaqinlashayapmiz. Nimagadir yurak tez urayapti. Qutbillo chamalagan qishloq shu yerda bo‘lsa kerak. Teleekranda ko‘rsatgan Chiroqchi kengliklari shu yerdan boshlansa ajabmas. Olis tog‘ etaklarida katta-kichik qishloqlar joylashgan. Choponining o‘ngirini qayirib olgan bir odam yo‘l chetidan uch-to‘rt ushoq mol haydab ketayapti. Mashinani sekinlatib, cholga salom berdik. Mehmon ekanimizni sezdi, shekilli: “Sizlar bu deyman, anavi... kechagi joygami?” deb qoldi. Va... negadir yerga qaradi.
Yo, tavba, deyman, o‘zimga-o‘zim. Qandaydir ichki tuyg‘u qaysarlikka unday boshladi.
— Shu atrofda, Oytamg‘ali, Oyqochdi degan qishloqlar bormi?
— Bor, bor, Oytamg‘ali tovning ortida, Oyirma hov anovi, Oyqochdisini bilmappan?, — dedi chol.
— Ha, ha, — deydi Qutbullo shoshilinch. — Odamlari Toshkentga bozorga qatnaydi?
— Ha, endi shahar qatnab tirikchilik qilishadi-da, — qo‘shib qo‘yadi chol — Mamatga qarindoshmasmisizlar?
Hech kim indamadi. Mashina besh-olti chaqirim olis tog‘ qa’riga yo‘rg‘alaydi. Oyirmada uylar ancha tarqoq, odamlar adir bo‘ylab qatorasiga uy solishgan. Burilishdan ikkinchi uy oldida to‘xtadik. Xuddi kelishimizni kutishayotgandek bir kishi mashinaga joy ko‘rsatdi. Ichkaridan yana bir kishi chiqdi. Chopon-do‘ppili bir yigit ayvon oldiga ko‘rpacha to‘shadi. Uch-to‘rt kishi uyning oldida tizilib turibdi.
Kecha bu yerda aza bo‘lgan ekan. Essiz...
Hammamiz nimanidir sezgandek, xomush tortib qoldik. Kim o‘tgan, biz kimnikiga keldik? Ammo buning o‘rni emas. O‘tirib omin qildik. To‘rdagi kishi “qur’on” tilovat qildi. Birozdan keyin to‘ladan kelgan bir sariq kishi paydo bo‘ldi-yu, Madiyor ikkisi... kutilmaganda quchoqlashib ketishdi. Tuyqus men tanib qoldim: bu bozordagi tarvuz sotuvchi edi.
— Momomizni berib qo‘ydik, birodar, — dedi u. — Bechora armon bilan ketdi. Ota urug‘idan hech kim kelmaydi, deb armonladi. Esladim, siz Toshkentdansiz-a? Yozuvchisiz? Televizorda ko‘rgandik. Aytmoqchi, qarindoshingizni topdingizmi, hech izlamadingizmi?
Shu payt bir kishi ichkariga taklif qildi.
— Qani, tortingizlar.
Ichkariladik. Uy to‘la, mo‘ysafid, besh-olti chollar. Yana fotiha. Dasturxonga sho‘rva tortildi. Madiyor ikkalamiz bir-birimizga ma’noli qarab qo‘ydik: kechagi ichkilikning hidi bilinib turar edi. Sho‘rvadan so‘ng bir-bir piyola choy ichdik.
— Mehmonlar, sizlar asli qaerdan, kimlardansizlar? — so‘rab qoldi chollardan biri menga birrov qarab, keyin nigohini Madiyorda to‘xtatdi.
— Oltibekli avlodidan.
— Iya, bu momomiz ham o‘zini oltibeklimiz degich edi. Otalari Bo‘kaga ko‘chib borgan, o‘sha yerda bobomizning nazariga ilingan. Bobomizning birinchi ayoli o‘tgandan so‘ng, shu momomizga uylangan. Lekin kampir bolalarni o‘gay demadi, oq yuvib oq taradi. Xudo bermadi — bola tug‘madi. Mehrini shu o‘gaylariga berdi. Safura bechora yaxshi ayol edi...
Hamma narsa oydinlashgandi. Marhuma Madiyorning ammasi ekan. Madiyor o‘pkasi to‘lib yig‘lab o‘tiribdi. Bir payt tarvuzfurush ovoz chiqardi. Keyin u ham, Madiyor ham, o‘rnidan turib bir-birini bag‘riga tortdi. Biri momomladi, biri ammam deb bo‘zlayverdi. Ko‘ngil buzildi. Biz ham ovoz berdik. Ovozni eshitib, uyni odam bosdi. O‘pkasi to‘lgan, qirqdan oshgan bir yigit enamlab kirdi. Chollar, hammasi qarab qoldi.
— Kelarkansizlar-ku, yigit. Bechora enam armonda ketdi. Dunyosining ham cheti bor ekan-ku.
Biron o‘n besh daqiqadan so‘ng yo‘qlovchilar tinchib qolishdi. Tag‘in tilovat qilindi, uy egalari chopon topib kelishdi. Do‘ppi, to‘n kiyib, tashqariladik. Tushga yaqin yana mol so‘yildi. Bir uyga joy qilishdi. Madiyorning ham, uy egalarining ham hovuri bosildi. Mozor boshiga ham borib keldik.
Eh, dunyosi qursin. Kim yetibdiki, oxiriga endi yetishsa. Ehtimol Madiyorning otasi o‘sha kesatiq gapni gapirmaganda, rostdanam qaytgan qiz, ukalariga ergashib yuraverarmidi. Unda, o‘zbekcha g‘urur-chi, boshi ochiq ayolning sha’ni-chi? Ehtimol aytib yaxshi qilgandir. Ro‘zg‘or ko‘rdi, kundoshining bolalariga mehr berdi, mehr topdi. Enamlab yig‘lagan manov yigitlar... Bu ham baxt emasmi? Bir umrda bir banda shunga erishadi-da. Shu tomirlar uni bor qilib turadi-da, axir. Ayniqsa, bugungiday bir osoyish kunlarda. Kechasi bilan xotiralar junbushga keldi. Mirob usta degan kishining gap-so‘zlari yanayam odamning ichini yoritdi.
— Bu dunyoda izlaganini topgan odamning ham armoni yo‘q-da, birodarlar, — deydi usta, — men bir gurung berayin sizlarga. Non tanqis edi. Qipchoq qishlog‘ida yashagich edik. Ochlikdan odamlar shishib o‘layapti. Birov kalamush inidan bug‘doy topadi. Bug‘doy-a! Bir siqim bug‘doy hayotga teng. Odamlar qir bag‘irlaridan haftalab kalamush inini kovlashadi. Topganini pishirib yeyishadi. Ammo, bug‘doyni kalamush tishidagi zahar zaharlagan edi. Zahar qo‘lga, qo‘ldan og‘izga o‘tib, qishloq qirila boshlaydi. Omi odamlar buni bilishmaydi. Shunda chalajon bir mo‘ysafid aytadiki: “Bizlar endi o‘lib ketamiz. Tiriklar, sog‘lar bu yerdan qochsin!” Ikki tog‘ o‘rtasini to‘ldirgan qishloq tarqalib, ko‘chib ketadi. Sizlar-ku shu yerda ekansizlar. Qo‘yinglar endi, bu kunlarni ko‘rmanglar. Mayli, kech bo‘lsa-da, topibsizlar, shunga shukr...
Ertasiga rozilashib yo‘lga tushdik. Ha, ko‘hna dunyoning haqiqatlari, bizdan so‘ramasdan ro‘y beraveradi, ro‘y beraverar ekan!
Yo‘lda, G‘allaorolda to‘xtamadik. Qutbillo o‘z o‘ylari bilan band, Madiyor, kech bo‘lsa-da, ammasini topganidan xursand. Men esa Qutbilloga qarab-qarab qo‘yaman. Labimni qimirlatib ko‘raman. Xuddi keyin gapirolmay qoladigandek. Ya’ni: “Daryodan o‘tgach, Tursunoyning qishlog‘iga burilasan!” Ha, shunday demoqchiman. Odam izlaganini topishi kerak! Eh! Tiriklik yaxshi-da, sirli, o‘ziga tortuvchi.
Mashina esa ildam odimlar edi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 28-son

Eʼlon

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.