OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Po'lat Hamdam. Yashavor, xotin! (hajviya)

Qishloq maktabida hurmatga sazovor va e’tiborli o‘qituvchi edim. Olimpiadami-ey, “Quvnoq startlar”mi, ilm anjumanlarimi, xullas hammasiga taklif qilishardi, unutishmasdi. Mendan zo‘rroq qishloqdan chiqqan adabiyotchi yo‘q emish. Oshig‘im olchi. Yaxshiyamki kallam durust ishlarkan. Oddiy qishloq o‘qituvchisi bo‘la turib, shoir Tarsakiy haqida ilmiy ish ham yoqlab qo‘yganman. Ishdan horib uyimga qaytsam ilmiy ishim tepasida telegramma turgan ekan. “Unda siz shahardagi maktablarning biriga direktor qilib tayinlandingiz”, – deyilgan. Imzo ta’lim boshqarmasi rahbarlaridan biri Sokinbekovniki edi. Uch-to‘rt kun ichida kattakon hovlimizni, bog‘imizni voyaga yetgan farzandlarimizga hadya qilib qoldirdik. Bir olam quvonch bilan xotinim Iltijoxon bilan orziqib kutilgan shaharga yetib keldik.
– Dollarmisiz, topib bo‘lmaydi, direktorlikka buyruq chiqqaniga bir oy bo‘ldi, – dedi meni kutib olgan boshliq muovini Sokinbekov. – Uy ham tayyor. Mana order Intizor ko‘chasining 7-uyidan sizga bir xonali kvartira ajratdik. Maza qilasizlar. Gaz, suv, bozor hammasi biqinda.
Ko‘p o‘tmay bir xonalik uyga joylashdik. Maktab direktoriman, muhr cho‘ntakda. Hayotimda galstuk taqmaganman. Endi majburman. Galstuk taqmagan direktorni ko‘rmaganman. Men nima qilay axir, ilojsizman-da. Taqaman-u, bog‘lab qo‘yilgan buzoqqa o‘xshab bo‘ynimni qayirolmay qolaman. Ha, bu sharoitga ham ko‘nikib ketdik. Lekin oldinda hali kutilmagan muammolar bor edi. Sababi bir xonalik uyda yashash uchun ikki oliygohning diplomi ham, bilimi ham yetishmas ekan.
– Men hamir qorishim kerak, kir yuvaman, oshxona va vannaxonaga sig‘may qolyapman, – dedi naqd 80 kilogrammli xotinim. – Siz dars konspektlaringizni oshxonada yozasiz. Sho‘rvaga ham qarab qo‘yasiz, tag‘in suvi toshib ketmasin.
– Bu taklifingiz yoqmaydi, – dedim men. – Siz sakson kilo bo‘lsangiz, men 95 kilo tosh bosaman. U aylanib bo‘lmaydigan oshxonangizdagi gaz hidiga, ovqat isiga chidolmayman.
Xullas, o‘rtamizda bir xonalik uy «taqsimoti» avj olib ketdi. Bu yog‘i yangi uy bilan tabriklagani qarindosh-urug‘lar, yoru-do‘stlar tinmay kelib turishibdi. Ularga dasturxon yozib, bir balo qilib sig‘ib turibmiz. Televizorni bir burchakka qo‘ydik, orqasiga bir qop kartoshka joylashtirdik. Telefonni osma soatning oldiga avaylab o‘rnatdik. Kitob javoni ortiqcha narsalarimiz saqlanayotgan balkonga chiqdi.
Yaxshiyamki, ana shu balkon bor ekan, besh yuz kilodan ortiq anjom o‘sha yerda dimiqib yotibdi. Er-u xotin birga aslo balkonga chiqmaymiz, chunki bizning vaznimizga balkon narsa-parsasi bilan uzilib ketishi hech gapmas.
Bugun dam olish kuni. Yostiqdoshim bilan miriqib ko‘k choy ichib o‘tiribmiz.
– Uf, siqilib ketyapman, tars yorilaman-ov, – deya menga o‘qrayib qaradi u. – Shu ham hayotmi?
– Nega yorilasiz, tarvuz emassiz shekilli, – dedim maqsadni hazilga yo‘yib.
– Qishloqdan olib kelgan oziq-ovqat mahsulotlarini qaerga joylayman bu o‘ymoqday joyda. Guruchni qopi bilan eshik orqasiga qo‘ydim, sabzi vannaxonada, piyoz balkonda, mahalla qo‘mitasi ajratgan o‘simlik yog‘i siz ishlayotgan stol tagida. Endi yuvilgan kir-chirlarni qaerga ilamiz? Siz ham bunday kallani ishlating-da.
– Kalla molda bo‘ladi, menda xudoga shukr bosh, – dedim fig‘onim chiqib.
Noiloj, ikkalamiz balkondan to oshxonagacha o‘rilgan arqonni tortib chiqdik. Shuni topganimizga ham shukr. Endi osig‘lik shim, ko‘ylak va hokazo kiyim-kechaklar orasidan boshimizni xam qilib yuribmiz. O‘tgan kuni bizni yangi uy bilan qutlab qishloqdan hamkasblar kelishdi. Yaxshiyamki oralarida xotin kishi yo‘q ekan. Farosat ham yo‘qda ularda, bo‘lmasa tor joyni yanada tor qilib shu yerda tunab qolishadimi. O‘zimiz yotadigan yagona xonamizni ularga berdik. O‘zimiz esa oshxonada idish-tovoqlar orasida mijja qoqmay chiqdik. Bundan tashqari sobiq o‘rinbosarim Makomboev shunday xurrakni gumburlatdiki, hatto qo‘shnilarimiz ham bezovtalanganligini sezdim. Qarang-a, yigirma yil birga yonma-yon ishlab, bu azamatning xurrak otishini bilmagan ekanman. To‘g‘ri-da qaerdan bilay, men uning bilan biron marta birga yotmagan bo‘lsam.
Xayriyat, mehmonlarni zo‘raki tabassum bilan kuzatdik.
– Xudoga shukr, endi bir o‘zimiz ham dam olamiz, – dedi xotinim kechagi qolgan lag‘monni gaz plitaga qo‘yar ekan. Shu payt birdan eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi.
– Obbo, yana kim bo‘ldi, – deya erinibgina eshikni ochdim. Ro‘paramda qishloqdan kelgan singlim Tozagul mayin kulib turardi. Yonida xonaga shu zaxoti otilaman, deb olti nafar bolalari ham qator turishardi.
– Akajon, omonmisizlar, sog‘inib ketdik, – deya u loyga botgan kovushini ham yechmasdan o‘zini ichkariga urdi. Bolalari ham qiy-chuv qilib yugurib kirishdi.
– Singlim bugun tunab qolasizlar-a? – so‘radim ilojsizlikdan. Xotinim menga bir xo‘mrayib qaradi.
– Ie, aka, qiziqsiz-a, tunamay bo‘ladimi? Kelinimiz bilan gaplashadigan bir qop gapimiz bor. Keyin jiyanlaringiz ham sizni juda-juda sog‘inishgan.
– Tozagul, singlim, bolalarning yarmini uyda qoldirsangiz bo‘lardi-da, – sukunatni buzdi xotinim. – Ko‘rib turibsiz joyimiz tor.
–    Yurak keng bo‘lsin, kelinposhsho, sig‘amiz. Bolalarni tashlab bo‘ladimi? Ertaga opam ham sakkizta farzandini yetaklab kelyapti. Hurmat qilganimizdan so‘ng shunaqa bo‘ladi-da, kelinposhsho! 
Ularga yotoqxonamizni berib, yana mo‘’jazgina oshxonamizda eru-xotin «miriqib» tongni orttirdik. Konspektlarim gaz plita ustida. Kurtka kapgir ilingan mixda osig‘lik. Shlyapam mantiqozon qopqog‘ida. Botinkam tikuv mashinasi tagida. Erta tongdanoq singlimizni bolalari bilan shaharga chiqarib qo‘ydik. Bozorni tomosha qilarmishlar. Vaqt ziq, ishga kech qolyapman. Ko‘zoynagimni topolmayman.
– Xotin, ko‘zoynak qani?
– Uf, yana o‘sha gap. Kecha shimingizni qidirgandingiz. Yo‘qotgan buyumingizni doim mendan so‘raysiz. Bunday qo‘ygan joyingizni eslab qoling-da, xo‘jayinjon. Ana, ko‘zoynagingiz telefoning yonida turibdi.
– Voy, igna bilan uymoqni qaerga qo‘ydim-a, – dedi xotinim menga umid bilan qararkan. – Kostyumingiz tugmasini yangilamoqchi edim.
– Men ishga shoshyapman, – dedim tutoqib. – Siz shu paytda uymoq surishtiryapsiz. Shu bir xonalik uyda ham narsa yo‘qotib bo‘ladimi, a? Ana, igna bilan uymoq atlas ko‘ylagingiz ustida turibdi.
Maktabga yetib keldim-u, hamon xayolim o‘sha bir xonalik uydagi mojarolarda. Odamni jazolash kerak bo‘lsa, bir xonalik uyga joylash kerak ekan. Bir pudlik xotinim navnihol bo‘lib qolyapti-ya.
Men esa mayin shabodada entikib turibman. «Qadringga yetdim, dov-daraxtlarga ko‘milgan, bobomdan qolgan, oyog‘imni bemalol uzatadigan mehmondo‘st hovlim!»
Birodar, qishloqdan shaharga kelib bir xonalik uyda yashaganmisiz? Mabodo ko‘chib kelmoqchi bo‘lsangiz, bizga zudlik bilan uchrang, tajriba almashamiz.
Xotin senga balli, yaxshi tabiating borda, xonamizni baxtli makonga aylantirvording. Yashavor, yostiqdoshim, boringga shukr...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.