OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qilichbek Mustafo. Xaloskor qog‘ozlar (hikoya)

Marg‘uba ostona hatladiyu, mehmonxonadan kelayotgan tanish ovozlarga sergak tortib quloq soldi.
— Yetti ming so‘m kammi?
— Yettitangiz kissangizda tursin, Mavlonbek! — bu to‘ng‘ich aka bo‘lmish To‘lqinning  tovushi. — Bu hovli aslida to‘ng‘ich o‘g‘ilniki bo‘lishi kerak, bir vaqtlar sal ahmoqlik qilib chiqib ketganman, hozir shu xatoni to‘g‘rilash payti, nega undan foydalanmasligim kerak? Hovli evaziga o‘zim  o‘n ming beraman.
— Ahmoqlik qilgansizmi, boshqami, bir martaga bu hovlidan voz kechgansiz, — dedi dag‘allik bilan Mavlonbek, — endi sizning da’vogarlikka haqqingiz yo‘q. Tuflagan tupukni qaytib og‘izga olsa sharmandalik-ku?!
Kenja uka Shokir  gapga aralashdi: 
— Bu turishda kelisholmaymiz... Kelinglar, yaxshisi, qur’a tashlaylik, yutuq kimga chiqsa, hovli o‘shaniki, narxini keyin kelishamiz.
— Cho‘pchagingni o‘zingga ayt, ukaginam, — dedi To‘lqin ovozini balandlatib, — qonun ham, boshqasi ham men tarafda.  
Marg‘uba aka-ukalar nima ustida gaplashayotganini sezgach, bir zum karaxt turib qoldi. So‘ng behol yotoqxonaga kirib ketdi. Yuragi bemehr aka-ukalar bahsidan ezilib, tobora iztirobga to‘lib-toshardi. 
Eshik g‘iyq etib ochildi. Marg‘uba u yer-bu yerini to‘g‘riladi. Yotoqxonaga kirgan qaynonasi ekan. 
— Qaynag‘alaringiz kelgandi, — dedi Hamrobuvi bo‘sag‘ada turib, — Asqarimning qirqida qabriga tosh qo‘yishmoqchi ekanlar, qandayini qo‘yaylik   deb sizning oldingizdan o‘tishmoqchi. 
Marg‘ubaning yuragi  ezgin xayoldan sirqirab ketdi: "Hozirgina hovlini savdolashib turishgandi-ku, aka-ukalar?! Bu yuzsizlikni ko‘rgan ko‘zlar ko‘r, eshitgan quloqlar kar bo‘lib qolmaydimi?..”
— Akalarimga rahmat ayting, — dedi Marg‘uba dilidagini tiliga ko‘chirmay, — ukamizning qabriga qanaqa tosh qo‘yaylik deya boshlari og‘rimasin, topganda bolalarim bilan o‘zimiz qo‘yamiz...
— Niyatingiz ko‘p yaxshi, — dedi Hamrobuvi, — faqat akalaringizga bunaqa deya o‘tirmang, har holda urf-odatni ham o‘ylang.  Akalaringizning ko‘zi tirik turib uch bola bilan sizning yugurib yurganingizni ko‘rgan qishloq nima deydi? Bordiyu bolalaringizdan orttirib, uch-to‘rt so‘m bersangiz, uning yo‘rig‘i boshqa...
Marg‘uba qaynonasining gapini eshitgisi kelmay:
— Yaxshi... Boravering, hozir chiqaman, — deya  ming‘irladi.
Marg‘uba maktabda  muallima. Boshlang‘ich sinflar bilan shug‘ullanadi. Mana, ko‘rgilik ekan, — o‘ttizdan o‘tar-o‘tmas eridan ayrilib, tul qoldi. Eri Asqarjon tuman gaz idorasining boshlig‘i edi. Topish-tutishi tuzukkina,  qarindosh-urug‘ tugul, yetti yot begonalarga ham mehribon, imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zar edi. Ammo yaxshining umri qisqa deganlari chin ekan. Bundan bir oy avval u avtohalokatga  uchradi. Og‘ir ahvolda, kasalxonaga keltirishdi. Qishloq tuman markazidan xiyla uzoq bo‘lgani uchunmi, harqalay bu shumxabar oilasiga ancha kech yetib keldi. Halokatdan so‘ng roppa-rosa bir kecha-kunduz o‘tgandan so‘ng, Marg‘uba choshgohga yaqin kasalxona yo‘lagida paydo bo‘ldi. Yuragi qo‘rquv va tahlikadan gurs-gurs urmoqda. Ko‘zlarida g‘ilt-g‘ilt yosh.
— Kechirasiz, kirish mumkin emas, — deya oppoq libosdagi vrach ayolni to‘xtatdi.
— Men...  Ismatip Asqarning oilasiman... — arang g‘o‘ldiradi Marg‘uba.
— Bilaman... lekin u kishining oldiga  kirish mumkin emas. Ahvollari og‘ir...
— Qachon kirsam bo‘ladi esa? — so‘radi ayol yuragi  taka-puka bo‘lib.
— To‘g‘risi, — deb chaynaldi vrach, — hozir oldida odam bor. Qani, o‘sha... chiqsin-chi, keyin, ko‘ramiz.
Marg‘uba kasalxona yo‘lagidagi charm qoplamali kursilardan biriga omonat cho‘kdi. Ikki ko‘zi eri yotgan palatada. "Yo, Xudo, o‘zing asra. Bolalarimga rahming kelsin, erimni bag‘rimizga qaytar”.
Oradan yarim soatcha vaqt o‘tdi. Nihoyat, palata eshigi qiya ochildiyu, u yerdan chiqqan kalta sochli, kalta ko‘ylak kiygan ayolni ko‘rib  Marg‘ubaning butun vujudiga g‘azabmi, alammi shunga o‘xshash shilimshiq tuyg‘u o‘rmaladi: "Nahotki..." 
Shu xira tuyg‘u Marg‘ubani butkul qamrab oldi. Biroq erining oldiga kirib vidolashishga ulgurmadi. Vrachlar uning joni uzilganini aytishdi. Marg‘uba uv tortib yig‘lab yubordi.
Dafn marosimi, yettilik xudoyi el qatori o‘tkazildi. Asqarjonning aka-ukalari bel bog‘lab xizmat qilishgan bo‘ldi. O‘shanda Marg‘uba qaynag‘alaridan xursand bo‘lgan edi.  Ammo bugungi xufyona suhbat... Shusiz ham tilka-pora bo‘lib yurgan ayol yuragini battar nimtaladi. Ustiga-ustak, Marg‘uba o‘sha choshgoh kasalxonada ko‘rgan manzara-chi?! Kim o‘sha ayol?! Asqar akaga qanday yaqinligi bo‘lgan? U o‘z o‘limi oldidan nega o‘sha juvon bilan uchrashdi. Nahotki, u Asqar akaga Marg‘ubadan ham aziz bo‘lsa?!.
Bu xil savol-jumboqlar Marg‘ubani o‘sha choshgohdan beri qiynaydi. Hatto dafn marosimi, mangu ayriliq ham uni yupatolmadi. O‘sha kalta sochli, kalta ko‘ylakli juvon har gal ko‘z o‘ngida jonlanarkan, beixtiyor ich-ichida yana o‘sha tuyg‘u — g‘azab va alam, shilimshiq rashk g‘imirlab qoladi.
"Bu xonadonda meni ushlab turadigan hech narsa yo‘q, — shu o‘y Marg‘ubaning tez-tez xayolidan o‘tardi, — to‘g‘rirog‘i hech qachon bo‘lmagan ekan..."
Shu sabab qaynog‘alarining xufyona maslahati faqatgina uning nafratini qo‘zg‘adi. Bor achchiq haqiqatni, aka-ukalarning yuzsizligini ochiq-oshkor etib bu xonadondan bosh olib ketishga o‘zicha qaror qildi.

*  *  *

Marg‘uba kirishi bilan To‘lqin qo‘lini fotihaga yozdi. Uydagilar uning ortidan  qo‘llarini yuzlariga surishdi...
To‘lqin oldidagi piyolani qo‘liga olib:
— Endi, kelin, — deya uzoqdan gap boshladi.— Inson yaralibdiki — o‘lim haq! Biz istaymizmi-yo‘qmi, hammamiz  bu dunyoni tark etamiz. Shunday ekan, ha deb o‘zingizni qiynamang, siz hali bolalaringiz uchun ham keraksiz. To‘g‘ri, erta kelgan, erta ketmak kerak, nima deysiz, endi qiynalish emas, urib boshimizni yorganimizdayam Asqarjon tirilib kelmaydi. O‘sha uchun taqdirga tan berishimizdan, tiriklarning ertasini o‘ylashimizdan boshqa choramiz yo‘q. Sizni chaqirishimizdan maqsadimiz Asqarjonning ertadan keyin qirqini o‘tkazishni o‘ylab turibmiz. Qirqiga uch yuz kilo guruch olmoqchimiz.  Oshning tagiga Jomning bozoridan to‘rt-besh pudlik qora qo‘chqor olmoqchimiz.  Abdurashid moychiga yuz kilo zig‘ir yog‘ tayinladik. Aka-ukalar el-ulusga aralashib yuribmiz, keyin Asqarjon ham egarning ustida edi, odamlar gapirmasin deymiz-da... Galatepalik Xoliq sangtaroshga tosh buyurib qo‘yganmiz, agar og‘ir botmasa, Sobirjon bilan shu toshni borib ko‘rib kelsangiz. Xudoyi kuni toshniyam ukajonimning qabriga qo‘ysak. Hozir tilga olganlarimni cho‘tga solsa, besh-olti so‘mga borib qoladi. Buyoqda birimizda beshta, boshqamizda oltita qorako‘z bersang yeyman, ursang o‘laman deb qarab turibdi...
Marg‘uba uning gapini bo‘ldi.
— Besh-olti so‘mingiz qancha bo‘ladi?
Uydagilar "yalt" bir-biriga qarab olishdi.
— Gap xarajatda emas, kelin..., — biroz o‘ylanib qolgan To‘lqin maqsadga ko‘chdi. — Rostini aytganda, sizga "berdi"sini aytish uchun gapni uzoqdan boshlagandim. Bundan bu yog‘iga, sizning topganingiz uch qora ko‘zga yetib tursa, shuning o‘zi bizga katta davlat. Bu yoqda, yoshi bir joyga borib qolgan enamam bor...  har narsani tanovul qilavermaydi: siz qaraysiz, qaramaysiz emas, kunduz kuni ishdasiz, enamning issiq-sovug‘idan xabar olishga vaqtingiz yetadimi-yo‘qmi, mana gap qaerda. O‘sha uchun enam endi menikida...
— Yo‘q, menikida... — Mavlonbek shart akasining gapini kesdi.
— Bir pasgina sabr qil! — To‘lqin ukasiga yalingannamo qarab olib, davom etdi. — Bolalaringiz, bu yoqda enam, uning ustiga hovli, sizga og‘irlik qilmasmikan deymizda, a?..
— Gapni maydalamay, dangalini aytavering? — dedi Marg‘uba shartta. — Guldaygina erini tuproqqa berib chidagan inson, boshqa ko‘rguliklargayam chidaydi.
— Biz sizning tashvishingizni o‘ylayapmiz...
— Mening tashvishimni?.. — Marg‘uba To‘lqinning gapini og‘zidan oldi. — Mening tashvishimni o‘ylaydigan odamlar, erimning tuprog‘i sovumay, bola-chaqasi bilan hovlidan quvib chiqarish tashvishida bo‘lmasdi. Meni o‘ylamasligingiz mumkin, o‘ylaydiganim endi yo‘q. Ammo ukangizdan qolgan uch qora ko‘zni o‘ylamaslik,  boya siz tilga olgan na shariatga, na sharoitga to‘g‘ri keladi. Bilasizlarmi, hozir sizlarni ko‘rib, eshitib turib, nima alam qilayapti. — Marg‘uba uydagilarga bir-bir qarab chiqdi. — Mabodo biz,  sizlarni biror muddat so‘rab bormasak, silar o‘qimishli, mansablaring bor, deya xafa bo‘lardinglar. O‘sha payti men, akalaringiz xafa bo‘lmasin, ularni tez-tez yo‘qlab turaylik, desam, ukangiz, sen akamlarning  u gaplariga unchalik ham ishonaverma, hozir bizdan olayotgan yordami tufayli, bizni so‘rab turibdi, erta bir kuni bizdan boradigan yordam to‘xtagan kuni, akamlar salomini nasiya qiladi, desalar ularni koyirdim. Koyib noto‘g‘ri qilar ekanman, mana  nimasi alam qiladi.
— Tugadimi? — Mavlonbek Marg‘ubaga o‘qrayib qaradi.
— Yo‘q! — Marg‘uba boshini keskin chayqadi. — Qo‘rqmang,  savdolaringga xalal bermayman, gapim tugashi bilan bu uydan chiqib ketaman. 
Shu payt darvoza qattiq taqilladi. Mehmonxonada o‘tirganlar bir-biriga xavotirli ko‘z tashlashdi.
— Kim ekan-a? — deb to‘ng‘illadi Mavlonbek, mashvarat buzilayotganidan norizo.
Kenja Shokir bo‘sag‘ada bir burdagina bo‘lib o‘tirgan onasiga im qoqdi.
— Ena, chiqib qarang-chi, kim ekan?
Hamrobuvi sharpadek sidrilib tashqari chiqdi. Mehmonxonaga o‘lik sukunat cho‘kdi. Deraza oynasidan kulrang, gezargan osmon parchasi g‘ira-shira ko‘zga tashlanadi.
Bir payt Hamrobuvi kalta sochli, qizg‘ish, yeng-yoqasiz, kalta ko‘ylak kiygan, qosh-ko‘zlari obdon bo‘yalgan juvonni boshlab keldi.
Marg‘uba ayolni tanib beixtiyor qalqib tushdi:
"Shu yetmay turuvdi. Bu ham hozir boshlaydi, sharmanda bo‘ldim."
— Kechirasizlar, — dedi notanish ayol, — men Xolto‘raeva Sanobarman, tuman notarial idorasida ishlayman. Ismatov Asqar o‘limi oldidan ba’zi narsalarni rasmiylashtirgan edi. Shuni sizlarga ma’lum qilmoqchiman.
— Nimani rasmiylashtirgan? — beixtiyor og‘zidan chiqib ketdi To‘lqinning.
Sanobar indamay sumkasidan bir dasta qog‘oz chiqardi.
— Avvalo, marhum Asqar Ismatov o‘z hovlisini xotini Marg‘uba Ismatova nomiga o‘tkazdi.
— A?..
— Nima?!
Aka-ukalar chayon chaqqanday sapchib o‘rinlaridan turib ketishdi.
Marg‘ubaning ko‘zlaridan esa milt-milt yosh oqardi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.