OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Rahmatilla Yunusov. Chavandoz (hikoya)

-Yo pirim, o‘zing madad ber!
Davlat shunday deb uloqqa engashdi. ?o‘li uloqqa tegay-tegay deganda ot joyidan qimirlab ketdi, otni kimdir turtib yubordi, kimligini bilolmadi, bunday ur-surda polvonlardan har narsa kutish mumkin. U ot jilovini qaytarib keldida, yana uloqqa engashdi. Otiga yana kimdir achchiq qamchi urdi, biroq ot bu gal joyidan ko‘zg‘almadi. Davlat butun gav-dasini uloq tomon tashladi, qo‘-liga takaning juni ilinib, bor kuchi bilan torta boshladi. Yonida kelayotgan Bosim polvon uni qo‘riqlab turdi.
Davlat uloqni egarga o‘ngarib oldi, taqimiga bosib, otiga ustma-ust qamchi bosdi. Ot to‘dani yorib olg‘a intildi. Bir nechta otliq uni quvishga tushdi, biroq yetolmadi. Polvonlardan kimdir uning asabiga tegish uchun "G’irromlik qilding, Davlat" dedi. Ammo Davlat bunga e’tibor bermadi, chunki u halolligiga ishonardi. Ot esa manzil tomon yeldek uchib bo-rardi. Mo‘ljalga besh-olti metrlar qolganida u uloqni taqimidan bo‘shatdi, belgiga kirishi bilan uloqni tashlab yubordi. Uloq besh-olti marta umbaloq oshib, pakkaning o‘rtasiga borib tushdi. Uning orqasidan kelayotgan jarchi "Xalol bo‘ldi, halol..." deb baqirdi. Uning ovozi bir zumda tomoshabinlarga yetib bordi va Davlatni olqishlagan ovozlar eshitildi. Davlat quvonib ketdi.
-Mana, polvon, solimingiz!-To‘y bakovuli uning qo‘liga tana arqonini tutqazdi.
(Ko‘pkarida solim olish polvon uchun sharaf, uning qandayligining ahamiyati yo‘q, u tuya bo‘lsa ham, bir so‘m bo‘lsa ham baribir).
Davlat tana arqonini o‘rtoqlariga tutqazib o‘zi to‘daga kirishga tayyorlana boshladi. Beixtiyor yodiga ilk marta solim olgan payti keldi.
...O’shanda Yangiboy akaning cho‘bir oti bilan ko‘pkariga kirgandi. Yomg‘ir maydalab yog‘ib turardi. Cho‘bir Davlatga yoqib qoldi. Jonivor avvallari ham to‘daga kirib yurganmi, harqalay o‘zini yo‘qotib qo‘y-madi. Uloq oldiga borganda bir joyda turib berdi, ayrim otlarga o‘xshab cho‘ltonglamadi. ?o‘liga takaning juni tekkanida yuragi o‘ynoqlab ketdi. Kuchim yetarmikan degan fikr xayolidan chaqmoqdek o‘tdi. Uloqni bor kuchi bilan tortib egarga o‘ng‘ardi. Taqimiga bosib otga ustma-ust qamchi urdi. Orqasidan polvonlar quvishga tushdi. Cho‘bir baribir cho‘birligiga bordi. Unga Kuntuv degan qozoq polvoni yetib oldida uloqqa tarmashdi. Kuntuv har tortganda ot qimirlab ketar, Davlat esa ot bilan qo‘shilib Kuntuv oldiga borib qolardi. Biroq bor kuchi bilan tortganligidan uloqni bermas, Kuntuv esa unga sari kuchini ko‘rsatardi. Yo‘q, Davlat uloqni bermadi, mo‘ljalga borib tashladi. Ot ham, Davlat ham qora terga tushib ketgandi. Davlat uloqni pakka tashlaganidan xursand bo‘lsa, Kuntuv uloqni ololmaganidan alam qilar, otini tinmay so‘kardi.
To‘y bakovuli Davlatni chaqirib solimini berdi. Yosh polvon solimning nimaligiga qiziqmadi, eng muhimi, o‘zini sinab ko‘rdi. Demak, polvonlik qo‘lidan kelar ekan. O’shanda solimni olib iziga qaytar ekan, bolaligini eslab ko‘zlariga yosh keldi. Otasi tashlab ketgandan keyin ukasi Ochil bilan qishloqning podasini boqardi. Har kuni eshagiga minib, mol orqasidan ketar ekan, onasi Mayram xola belboqqa non tugib berardida:
-Mollarga ehtiyot bo‘lgin, tag‘in birortasi Urqo‘lsoyga tushib ketmasin,-deya qayta-qayta tayinlardi.
Davlat esa mollarni yaylovga haydardida, o‘rtoqlarini yig‘ib uloq-uloq o‘ynardi. Bu hol har kuni takrorlanardi. Ayrim kunlarigina Mirzaqul, Musurmon, Zokir kelmay qolardi, chunki ular maktabga borishardi. Dav-lat esa maktabga bormay qo‘ygandi. Maktabga borish uchun oyoqqa biron narsa kiyish kerak, dalada esa yalangoyoq yurganingni hech kim ko‘rmaydi. Ayniqsa, qish kunlari qiynalardi. Oyog‘iga latta bog‘lardida, mol boqishga ketardi. ?atqaloq paytlari esa bundan ham qiyin bo‘lardi. Oyog‘iga chaqirtikanak kirib ketardi. Shunday paytlari ko‘zlaridan yosh chiqib ketar, "albatta ot olaman" deb o‘zi-o‘ziga so‘z berardi.
Solimni olib uyga borganida onasi Mayram xola shunchalik quvongandiki, o‘g‘lining peshonasidan qayta-qayta o‘pgandi. U o‘g‘lining solim olib kelganidan emas, yigit bo‘lib qolganidan quvongandi. Davlat asta-sekin tilga tusha boshladi, katta-kichik davralarda nomi tilga olinadigan bo‘ldi.
Polvonlikda birgina kuchga ishonib bo‘lmaydi, bu yerda tajriba ham kerak. Aksariyat polvonlar chalg‘itma usul ishlatib, uloqni tortib olib qo‘yadi. Bunday paytlari ehtiyot bo‘lmasang og‘zingdagi luqmani olib qo‘yishi hech gapmas. Bu borada unga Bosim polvon o‘zining tajribasini o‘rgatdi. Polvonlikning sir-asrorlaridan saboq berdi.
"Yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dong‘i chiqmas", degan maqol aynan povlonlar uchun aytilganligini Davlat keyinchalik tushunib yetdi. Bu borada Bosim polvon unga tez-tez eslatib turardi, uni halol bo‘lishga, polvonlar bilan yaxshi muomala qilishga undardi. Polvon bo‘laman degan kishi o‘z kuchiga ishonibgina qolmasdan, o‘rtoqlariga ham suyanishi kerak ekan. Shu bilan birga uni tushunadigan ot ham zarur ekan. Ot bilan polvon bir-birini tushunsagina maqsadga erishish mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Buning uchun esa otni tarbiyalash lozim. Davlat o‘z otini ko‘pkariga kirish oldidan yaxshilab sovutadigan, uni yetaklab sayr qiladigan bo‘ldi.
"Ot yigitning qanoti" degan so‘z haqiqatdan ham to‘g‘ri aytilgan ekan. Davlat to‘daga kiraverib, polvonlar bilan tortishaverib, buni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Yana bir bor ishonch hosil qildi. Ot uni har qanday manzilga yetkazadigan va ko‘pkaridan solimsiz qaytmaydigan bo‘ldi.
Viloyatning "Hosil bayrami" bo‘ladigan kun belgilangach, bu to‘g‘rida barcha polvonlarga xabar berildi. Davlat ham bu to‘yga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Bu ko‘pkari boshqalaridan keskin farq qilishini u juda yaxshi bilardi. Ustaga tiktirish uchun bergan maxsus etigini olib keldi, ataylab tikilgan paxtalik shi-mini sandiqdan oldirdi, yangi egar-afzal ham sotib oldi.
Ko‘pkariga rostdan ham ko‘p polvonlar yig‘ilishdi. Katta-katta solimlar qo‘yildi, bu yerda tuyadan tortib mototsiklgacha qo‘yilgan edi, demak kurash jiddiy bo‘ladi.
-Polvonlar-ov, eshitmadim demanglar, borishi ming so‘m, kelishi ming so‘m!
To‘y bakovulining ovozidan so‘ng polvonlar harakatga tushib qolishdi. Ko‘pkari boshlandi.
Davlat shoshmadi. Har safargiday avval ko‘pkarining sur’atini kuzatmoqchi bo‘ldi. Bu o‘ziga xos kuzatish o‘yini bo‘lib, undan polvonning hatti-harakati qanday bo‘lishini bilib olsa bo‘ladi.
Davlat uchinchi solimda otini to‘daga soldi. Bu gal tuya qo‘yildi. Uloq o‘rtaga tashlanganidan keyin polvonlar shovqin ko‘tarib qurshab olishdi. Kimningdir qo‘li qo‘liga tekkanida, yana kimningdir tortib olayotganida taka qo‘lidan tushib ketardi. Davlat ham uloq oldiga borib, bir-ikki marta qo‘l uzatib ko‘rdi. Dimog‘iga otlarning tanish ter hidi urilganiga ham ahamiyat berma-di. Urina-urina takaning oldingi oyog‘iga qo‘l uzatdi. Taka nihoyatda katta va og‘ir edi.
-Bosim aka, siz meni narigi tomondan qo‘rib turing!
Davlat sherigiga shunday dedi-da, "Yo pirim, o‘zing madad ber!" deb takaga qo‘l uzatdi, uni torta boshladi. Takani bir amallab egarga o‘ng‘ardi. Bosim oraga ot tushirmay turdi.
Takani taqimiga bosdida, oti-ga qamchi urdi. Bosim polvon uning uloqni o‘ng‘arib olganini ko‘rdi-da, oldinga tushib to‘dani yorganicha yo‘l boshladi. Ot uning orqa-sidan yelib ketdi. Takaning og‘irligidan bo‘lsa kerak, Davlat ham, ot ham yarimyo‘lga yetmasdan qora terga tushib ketdi. Bosim polvon endi uning o‘ng tomoniga o‘tib ol-gan, quvib kelayotganlarni Davlatga yaqinlashtirmas edi. Bunday paytlari ayrim polvonlar salgina kuch bilan sendan uloqni tortib olib qo‘yishi ma’lum, chunki ot ham, polvon ham charchab qolgan bo‘ladi. Davlat bir amallab mo‘ljalga yetib oldida, taqimidagi takani pakka tashladi. Yukdan bo‘shagan ot yengil nafas olib dam qaytardi.
-Uloqni Davlat polvon tashladi!-To‘y raisining ovozi polvonni to‘lqinlantirib yubordi. Garchi u bunday yoqimli so‘zlarni eshitaverib o‘rganib qolgan bo‘lsa ham negadir birinchi mar-ta solim olayotgan yosh polvondek entikib ketdi. ?uloqlari tagi-da "Tashladi, tashladi..." degan so‘zlar qayta-qayta jaranglab turdi.
-Soliming qutlug‘ bo‘lsin, polvon! Yuvish kerak!
Davlat o‘zini qutlagan kishiga qaradi-yu, hangu-mang bo‘lganicha turib qoldi. Uning yonida Kuntuv polvon kulimsiraganicha turardi.
Gapning rosti, Kuntuv polvon shuhratni ko‘tarolmadi, u har uloqdan keyin ulfatlari bilan "yuzta-yuzta" qiladigan odat chiqardi. Bora-bora bu "yuz"talar shishalarga aylanib ketdi. Aroq o‘z kuchini ko‘rsatdi. Kuntuv polvon uloqqa yaramay qoldi. Endi u solim oladigan polvonlarga tilamchilik qiladigan bo‘ldi. Dastlab uni avvalgi shuhrati boqib yurdi, keyinchalik esa polvonlar ham undan o‘zini olib qochadigan bo‘lishdi.
Davlat unga achindi. ?anday polvon ediya, uloqqa tashlanganida tortib olmasa qo‘ymasdi. Shuhrat shunday narsa ekanki, u odamni tepaga chiqarib qo‘yarkan, tushish qiyin ekan. Pastdagi odamlar nazaringda kichkinadek, bachkanadek ko‘rinar ekan. Davlat buni o‘z boshidan o‘tkazdi, shuhratning quli bo‘lib qolganidan afsuslandi. Yaxshiyamki, dunyoda halol insonlar ko‘p ekan. Uni Bosim polvon bu yo‘ldan qaytardi.
Davlat ham katta-katta to‘ylarda solim olaverib, nomi tilga tushadigan bo‘lib qoldi. Davralarda u bilan urishtirib ichishni orzu qiladiganlar ham ko‘payib qolishdi. Rad etadigan bo‘lsa xafa bo‘lishlarini bildirishdi ham. Uloqqa borishini aytishganida ham zo‘rlashni qo‘yishmasdi. Insonning yuzi issiq bo‘lar ekan, ularning so‘zlarini ikki qilolmadi. Ichib olib to‘daga kiradigan odat chiqardi. Bir gal ham shunday qildi. Uloqqa engashayotganida yiqilib tushdi. Polvonlardan kimdir achinib, kimdir esa mazax qilib bosh chayqadi.
Polvonlar qanchalik shafqatsiz bo‘lishmasin, ularda odamgarchilik ham bor. Chavandozlarning biri uning yiqilganini ko‘rib, o‘rnidan turishga yordamlashdi. ?o‘lidan yetaklab chetroqqa chiqarib qo‘ydi.
Jonivor otlar ham shunchalik aqlli bo‘lishadiki, odam yotganligini ko‘rib bosmaslikka harakat qilishadi.
Hushiga kelganidan keyin Davlat bo‘lgan voqealarni eslab rosa hijolat tortdi. Bo‘lari bo‘lib o‘tirganida Bosim polvon oldiga keldi. Gap-so‘zsiz qamchi bilan yuz-ko‘zi aralash solib yubordi. Shu-shu bo‘ldi-yu, ikkinchi marta aroq ichib ko‘pkariga kirmaydigan bo‘ldi. Yiqilgani ham mayli-ya, bir gal ham bir yosh polvon bilan tortishib qolib, uloqni oldirib qo‘ydi. Bir alam qildi, bir alam qildi...
Davlat Kuntuv polvondan uzoqlashgach yana o‘zini to‘daga urdi. Ko‘pkari qizigan payt. Otlar yanada ko‘payib ketgan, to‘daga kirish ham qiyin edi. U bir amallab to‘dani yorib kirdi-da, o‘zini uloqqa tashladi. Uloq qo‘ldan qo‘lga o‘tib turar, polvonlarning asabiylashib so‘kingani, otlarning achchiq-achchiq kishnagani uzoq-uzoqlarga eshitilib turardi. Terning badbo‘y hidi ko‘ngilni behuzur qilar, ammo polvonlar bunga e’tibor ham bermas, jon-jahdlari bilan uloqqa tashlanishardi.
Davlat ham uloqqa qo‘l uzatib, bir polvon bilan tortishib qoldi. Bunday paytlari polvonlar takaning duch kelgan joyidan ushlab tortishadi. U bilan tortishayotgan polvon tanish edi. Baxtiyor Allayorov degan yosh polvon uning e’tiborini ancha vaqtdan buyon tortib yurardi. Harakatchan, uncha-muncha polvonlarga haq bermaydigan, kelbatli yigit. Demak, yosh polvonga yordam berish, vaqti kelganida qo‘llab yuborish lozim.
-Davlat aka, charchaganingiz yo‘qmi?-so‘z qotdi Baxtiyor.
-Rahmat, uka.
Davlat taqimidagi uloqni salgina bo‘shatdida, Baxtiyorga moyillik berdi. Uni hara-katlaridanoq tushungan Baxtiyor yonboshidan yaqinlashib keldida, uloqqa qo‘l uzatdi. Ko‘p o‘tmasdan Davlat polvon takani Baxtiyorga berdida, o‘zi uning orqasidan jo‘nadi.
-Ust tomonidan o‘ra, takaning orqasini sal ko‘tarib qo‘y!
Davlat Baxtiyorga shunday deb tayinladi. Bir vaqtlari ustozi Bosim polvon ham unga shunday deb o‘rgatardi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.