OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ro‘ziboy Qulmat. Xat (hikoya)

Olim ishdan kech qaytdi. Dahliz to‘ridagi xontaxta atrofida bolalari – o‘g‘li bilan qizi burchakdagi televizorga tikilib o‘tirishardi. Olim xontaxta yoniga o‘tirdi, etigini yechdi. 
– Bolam, etikni naryoqqa olib borib qo‘y, – dedi Olim o‘g‘li Shohruhga. 
Shohruh singlisini turtib:
– Senga aytyapti, – dedi.
– Menga emas, o‘zingga, tur.
– Menga emas.
– Tortishmasdan obqo‘yaqolsalaring-chi, hozir oshni suzaman, – dedi idishlarni chayayotgan xotini.
Olim poygakka borib qo‘lini yuvdi, kelib ko‘rpachaga o‘tirdi. Bolalar birin-ketin borib qo‘llarini yuvib kelishdi. Ayol osh to‘la laganni olib keldi.
– Go‘shtni to‘g‘ralaring, – dedi.
Shohruh otasining gapi unga tegishlimasday indamay o‘tiraverdi.
– Bolangni qaysarligini ko‘r, –dedi Olim.
– Siz hali buning holini so‘rang. O‘qituvchisi urishibdi.
– Nega urishadi?
Xotini bir nimalar deb javob berdi, lekin Olimning qulog‘iga kirmadi. 
Olim o‘g‘lini imlab chaqirib yoniga o‘tqazdi. 
– X-o‘-sh, nega urishadi, sabab nima, nima gunoh qiluvding?
– Hech nima qilmadim. O‘zidan-o‘zi kelib urishadi.
Qizi gapga aralashdi:
– Shovqin solgan emishsan-ku.
– Kim aytdi senga?
– Sinfingdagilar.
– Shovqin solganim yo‘q, o‘zidan-o‘zi.
Olim jahl bilan so‘radi:
– Shovqin soldi deb urishaveradimi? Boshqa bolalarni xam urishdimi?
O‘g‘lining o‘rniga xotini javob berdi:
– Nuqul buni urisharmish. Biri hisobchining o‘g‘li, biri raisning arzandasi. Ularga tegarmidi, tegib ko‘rsin-chi. Buni bechora ko‘radi. Fermangizdan nari o‘tmaysiz. Borib gaplashing siz ham, bechoraga kun yo‘qmi, deng.
Olimga xotinining gapi qattiq ta’sir qildi. Faqat uning o‘g‘lini urishadigan o‘sha o‘qituvchini yomon ko‘rib ketdi. Boshlang‘ich sinfda o‘qiydigan Shohruhning o‘qituvchisini yaxshi tanimasdi. Xotinidan u haqda surishtirdi. Xotini maktabga bir-ikki borgan, o‘sha o‘qituvchi bilan gaplashgandi.
– Siz uni ko‘cha-ko‘yda ko‘rgan bo‘lishingiz kerak. U qorachadan kelgan, uzun bo‘yli, gavdali yigit.
– Ha, ha, esimga tushdi, anavimi? Shoshma-chi, u narigi ko‘chadagi Mirza oqqoshlarga qarindosh bo‘ladi-a?.
– Ha-da, hozir aytmoqchi bo‘lib turuvdim, Mirza oqqosh uning tog‘asi bo‘ladi.
– Tushunarli, – dedi Olim ma’nodor bosh chayqab. – Mana gap qaerda ekan. O‘g‘rining jiyani, degin. Esingdami, Mirza ombor mudiri bo‘lib ishlagani?
– Nega eslamay, yaqin-yaqingacha ishlardi-ku. Bo‘shaganiga ko‘p bo‘lsa uch-to‘rt yil bo‘lgandir.
– Xo‘jalikni yedi. Kishining haqidan qo‘rqmaydi, xaromxo‘r, – dedi Olim nafrat bilan. – Shuning jiyani nima bo‘lardi. 
Bolalarning shovqini Olimning nutqini bo‘ldi.
– Ber buyoqqa, ber, – baqirardi Shohruh singlisiga yopishib.
– Nimani talashyapsanlar, bas qillaring! – baqirib berdi Olim.
– Manavi mening narsamni oldi, bersin.
Qizcha akasining gapga chalg‘iganidan foydalanib uning changalidan qutulib oldi, qiqirlab kulgancha yugurib to‘rdagi xonaga kirib ketdi. Shohruh sapchib o‘rnidan turdi, chopib uning ortidan yo‘l oldi.
– Shohhi, to‘xta! – dedi Olim.
Bola otasining gapini eshitmaganday ichkari xonaga kirib ketdi. U yerdan baqir-chaqir ovozlar eshitildi.
Olim xonaga otildi. Shohruh singlisining qo‘lidagi narsaga yopishgandi, qizaloq chirillab yig‘lardi.
Olim Shohruhni dast ko‘tarib turg‘azdi. Uni yelkasidan silkitib:
– Kallang bormi sen bolaning?! – deya baqirib yubordi.
Qo‘rqib ketgan Shohruh jim bo‘lib qoldi. U goh otasiga, goh onasiga javdirab qarardi.
– Shunchalik ham urishasizmi? – dedi ayol eriga ta’nali boqib.
– O‘zi nimaga qirpichoq bo‘ldilaring? – so‘radi Olim.
Ma’lum bo‘lishicha, bolalar bir yaltiroq tugmani talashishgan ekan. 
Buni eshitgan Olim tutaqib ketdi:
– Shunga shunchami? 
Oraga xotin qo‘shildi:
– O‘zingiz bergan tarbiya.
Jahl zo‘ridan er qizarib ketdi:
– Nega endi mening tarbiyam bo‘larkan. O‘zingniki! 
Xotin ham bo‘sh kelmadi:
– Sizniki! Sizniki! 
Xona shovqinga to‘ldi. Er-xotin bir-birlarini ayblab qichqirishardi: 
– O‘zingizniki... 
– Seniki... 
Mojaro televizorda serial boshlangandan keyingina bosildi. 
Film tugagach, o‘zini bosib olgan ayol yotish uchun joy solarkan, dedi:
– O‘qituvchiman deb urishaveradimi?
Chordona qurib bosh eggancha o‘tirgan Olim ham shu haqda o‘ylayotgandi: “Nega faqat mening bolamni urishadi”. 
– Bilaman, baribir maktabga bormaysiz. Siz uyda shersiz. Ikki kishining yonida gapingizni yo‘qotib qo‘yasiz.
– Bas qil! – o‘shqirib beri Olim. 
– Nima, yolg‘onmi?
– Javrama, undan ko‘ra qog‘oz-qalam keltir.
– Qog‘oz-qalamni nima qilasiz?
– Keltir, dedim.
– Ha-a, – dedi xotini tushunib, so‘ng sirli ohangda davom etdi: – O‘qituvchisiga yozmoqchimisiz?
Olim indamadi. Yuzidan gapi xotiniga yoqqanidan mamnunligi sezilib turardi. Ayol “hozir” deb chiqib ketdi, ko‘p o‘tmay qizidan qog‘oz va ruchka olib keldi. Olim tizzalari ustiga faner bo‘lagini qo‘yib ushbu xatni bitdi:
“O‘qituvchiga xat.
Siz mening bolamni nima uchun urishasiz? O‘qituvchi bolani urishmasligi kerak, gap bilan tushuntirishi kerak. Maktabda bolani urishish mumkin emas, bildingizmi? Shohruh o‘zi yaxshi bola, yaxshi gap bilan tushuntirsangiz, tushunadi. Bolani urishmaslik kerak. Mana men bolalarimni hech urishmayman, yaxshi gap bilan tushuntiraman. O‘qituvchi bolani urishmasligi kerak, gap bilan tushuntirishi kerak, tushundingizmi?..”

Xorazm
“Yoshlik” jurnalining 2011-yil, 5-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.