OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sabohat Rahmon. Yashil xilqatlar mamlakatida (hikoya)

— Toshkent — chiroyli qiz...
— Nima-a? — aftini burishtirdi O‘sha. 
Qiz o‘zini eshitmaganga oldi va yonginasidagi butkul xazon rangiga burkangan qirga oyoq qo‘ydi... U ko‘kka o‘rladi. Yana va yana. Qiz esa sukut saqlardi. Qalbi quvonchdan yorilib ketgisi kelar, biroq u ham qizdan hadiksirardi. Qalb Qizni jon-dilidan sevar, shuningdek, nafratlanardi — vujudini yomon ko‘rardi. Qizning...
Qiz qirni baxtsiz etishi mumkinligini o‘ylab, bildirmaygina sirg‘alib tushdi qirning bag‘ridan va birdan o‘zining butkul, but-kul yolg‘iz ekanligi yodiga tushdi. "Men yolg‘izman, demak, yolg‘iz emasman. Yonginamda Yolg‘iz bor". Qiz yo‘lakdan ketib borarkan, charchoq ko‘zlarini o‘zi juda yomon ko‘rguvchi odamlarga tikishdan cho‘chiganday, nigohini yanada yerga berdi. Chetdan qaragan odamga xuddi yo‘qolgan ko‘zoynagini qidirayotgan kampir holatini eslatishini o‘yladiyu... kuldi. Bu safargi kulgi avvalgilaridan ham nochorroq edi. Qiz yo‘l chetiga chiqib, ishonchini allaqachonlar yo‘qotgan ishonchiga suyandi. Ishonchning qoq suyaklari yelkasiga botgach, umidsizgina ingradi. Ishonch cho‘chib tushdi va Qizning ko‘z o‘ngida kichraya-kichraya yerga singib ketdi.
— Toshkent — chiroyli qiz.
— Nega?
Bu  safar O‘shaning o‘qchigisi kelmadi. Faqat yutinib qo‘ydi.
— To‘g‘rirog‘i, qiz bo‘lganda ham lo‘li qiz. Meni sehrlab oldi o‘ziga. Ketay desam, ketkizmaydi uyimga...
— Sen o‘zing ahmoq. Nega kelding bu yerga. Tinchgina, qishlog‘ingda chorig‘ingni sudra-a-ab...
Qiz angraydi. Beixtiyor ko‘z oldida chang-tuproqqa belangan eski, yirtiq... choriq gavdalandi. "Bechora".
— Kim? Menmi bechora? O‘zing bilasanmi, kimsan?! Hamma seni... Ha...
— Senda yo‘q-da, alam qiladi. Bo‘lsa sen ham...
Qiz o‘shanga bunday gaplar aytib bo‘lmasligini eslab, tirnog‘ini tishladi. U a’zolari orasida shu tirnoqlarini yomon ko‘rardi. Uzun-uzun, qarovsizlikdan tarvaqaylab ketgan tirnoqlariga har gal ko‘zi tushsa ijirg‘anar, shularning o‘rniga boshqa, chiroyliroq narsa o‘ylab topishga intilardi. Bir kuni esa yo‘lda ketayotib qichqirib yuborishiga sal qoldi. Uyiga yetib kelguncha tirnoqlarini  g‘ajib tugatdi. Faqat eng so‘nggisini tishlari ro‘parasiga olib kelganda, negadir o‘ksindi. Agar oradan yana bir muddat vaqt o‘tganda edi, Qiz ortiga qaytib, yo‘l-yo‘lakay sochilgan tirnoqlari qoldiqlarini topib kelgan va hammasini o‘rni-o‘rniga qo‘yib, tinchgina yo‘lida davom etgan bo‘lardi. Afsus. Qiz o‘zini yenga olish qobiliyatiga ega edi. Va shu tufayli uyiga kira solib, shusiz ham ostin-ustun bo‘lib yotgan xonasining tit-pitini chiqarib yelim qidirdi. Negadir uni yemakxonadagi ulkan xitoy ko‘zasining ichiga solgan ekan. "Qiziq", va bu so‘z bir soniyadan so‘ng Qizning  yodidan chiqib ketdi.
O‘shanda Qiz ko‘chirib tashlangan tirnoqlari o‘rniga bozordan sotib olgani — sariq moychechaklarni yopishtirib chiqqandi... Gullar hadeb tushib ketaverar, bunga sari Qizning toqati toq bo‘laverardi. Nihoyat, oyoqlari ostida sochilib yotgan, toptalgan moychechaklarni olib derazadan uloqtirib yuborgach, Qiz yig‘lagandi, manglayini sovuq devorga bosib yig‘lagandi...
Bularning bari tushda ro‘y berganga o‘xshaydi. Sababi undagi voqealar tush kabi go‘zal va oydin edi. Faqat... hanuzki qiz o‘shanda nima uchun yig‘laganini eslolmasdi. Gullar uchunmi va yoki...
— Toshkent — chiroyli qiz, axir...
O‘sha, oyog‘idagi tuflining chiroyli yuzini oyoqlari ostida turgan beso‘naqay va kelgindi toshga urdi. Yo tosh, yoki tufli "Oh" tortdi, Qizning nazarida tufli. Chunki toshdayin qo‘pol narsaning bunchalar go‘zal "oh" tortishi aqlga sig‘masdi...
— E, bunaqa safsatangni bilasanmi, anovi sen kabi so‘ppayib turgan daraxtlarga ayt. Zora tushunishsa...
Shunday deya O‘sha ortiga burildi. Hozirgina yonidan o‘tgan ayolning qomatiga nazar solgach, cho‘zib hushtak chaldi va uning ortidan yo‘lga tushdi. Sal narida, ayolga yetib olgan O‘shaning birmuncha dag‘al ovozi eshitildi:
— Siz mabodo Guli emasmisiz? Qarang-a, naqadar o‘xsharkansizlar...
Ismingiz... Qiz O‘shaning izidan boqdi. Qarg‘amadiyam. Nega shundayligi haqida o‘yladi... Umuman keyingi vaqtlarda u ko‘p narsalar haqida ko‘p o‘ylaydigan bo‘lib qolgandi. Ko‘zlaridan duvillab yosh to‘kilgunga qadar o‘ylayveradi, o‘ylayver...
— Siz naqadar g‘amginsiz, xonim...
Qiz shabbodadek mayin bu ovozdan hayratga tushdi. O‘girilib qarashdan,  gapiruvchining boshqa odamlardan farqi yo‘q ekanini bilib qolishdan cho‘chigandek, joyida turaverdi. Qizning o‘zi ham, xayoli ham uning bir farishta yoxud ma’bud bo‘lib chiqishini juda-juda istardi.
— Men sizni tushimda ko‘rganman...Tushda ham xuddi hozirgidek pok edingiz.
Qiz javob bermadi. Avvaliga gapiruvchining qiyofasini xayolida tikladi, bir oz tomosha qildi, so‘ngra u tomon sekin burildi...
— Bu — sizmisiz?
— O‘, xonim. Ovozingiz ham chehrangiz kabi naqadar siniq, — mayingina so‘ylardi u.
— Bu — sizmisiz?
Qiz qarshisida turgan Uning oq oralagan sochlariga ko‘z tashladi. Oh, ko‘rgulik.
Uning judayam mayin ovozi...
"O‘, men sizni qanchalar kutdim,
Mana — oq soch, bu — ajin..."
Xayoli vayron bo‘ldi. Ko‘zlari "yarq" etib ochildiyu, qarshisida O‘sha paydo bo‘ldi.
— Qani... U?
— Kim? "Toshkent — chiroyli qiz"mi?
O‘shaning ovozi kuzda nozik gul  yaproqlarini uchirib olib ketishga shaylangan dovulni eslatardi. Buning ustiga Odam edi. U Qiz buni tushundi. O‘shanga xo‘rsiniq ila javob berdiyu, uzoqdan ko‘rinib turgan, xazon rangli daraxtzor tomon ketdi...
"O‘, Xudoyim, bu dunyoda qachon farishtalar tug‘iladi?“ Qizning oyoqlari ham o‘zi kabi odamlardan bezor bo‘lgandi va har safar Qizni yashil xilqat — daraxtlar tomon sudrardi. Dunyoda Qizning yakkayu yagona o‘rtog‘i bor bo‘lsa, u ham oyoqlari edi. Qiz oyoqlarini yaxshi ko‘rardi, ishonardi ularga. Oyoqlari o‘ziga hech-hech xiyonat qilmasligini bilar, har safar yotishdan oldin va ertalab ularni bir-bir o‘pib qo‘yishni kanda qilmasdi.
Qiz daraxtlarning ostiga keldi. Nimjonligi uchun sevgani — daraxtni quchoqlab ko‘kka tikildi. Havorang bulutlar tilini chiqarib masxaralaganday bo‘ldi.  Quchog‘idagi daraxtni siladi. "Naqadar nimjon va chiroyli. Xuddi Toshkentga o‘xshaydi". Qiz rahmdil edi. Ketsa, daraxtlar yolg‘iz qolishini, Toshkent o‘ksib-o‘ksib yig‘lashini bilardi... Faqat bu haqda hech kimga gapirmasdi Qiz. Nimjon daraxtni qo‘yib yuborgach, boshqalarining oldiga bordi. Har bir daraxtni quchib-erkalab, xazin shoxlariga bir oz quvonch hadya etmoqchiday hazillashardi. "Ular ham mening kabi sho‘rlik, daraxtlarga kimdir o‘zini baxsh etishi kerak". Qiz shunday o‘ylardi...
— Xonim, afv etasiz, yolg‘iz ekaningizni ko‘rib oldingizga keldim. Ruxsat etsangiz, sizga hamroh bo‘lsam...
Qizning vujudini yengil titroq qamradi. "Ma’bud, mening ma’budim".
Unga qaradi.
— Yaxshi, — ohista sirg‘aldi Qizning lablaridan bu so‘z. U Qizga qo‘llarini uzatdi. Ammo yana tezda tortib oldi. Qizning guldek pok vujudiga xayoldagina qo‘l tekkizmoq mumkin edi...
Ular yo‘lda davom etishdi. Endi yashil xilqatlar ikki kishining taftida isinishar, erkalanishar, ularning qiqir-qiqir kulgilari daraxtzorda jaranglab eshitilardi. Qiz quchgan daraxtlarni u ham quchar, daraxt tanasining qiz o‘pgan joylariga u ham lablarini olib borardi. Ular yaqinlashgan so‘nggi daraxt judayam ulkan edi. Qiz doim shu yerga kelgach, yon-veridagi barcha kichkina xilqatchalarni shu ulkan daraxtga ishonib topshirar, uni o‘zidan katta hisoblabmi, negadir o‘pmasdi... Hozir esa uning oldida yolg‘iz shu daraxtni o‘pmaslikdan uyalgandek bo‘ldi. Har ikkisi ulkan daraxtni ikki tomonda turib quchdilar. Qiz har kungidek yashil xilqatning qulog‘iga pichirladi: "Ularni asra. Ular judayam nimjon". U tomon ko‘z tashladi. Yo‘q. Quchog‘idagi daraxtni bo‘shatmoqchi bo‘ldi. Xuddi bog‘lab tashlanganday. Qaradi. Quchog‘ida daraxt emas, U...
Qizning ko‘zlaridan o‘pdi. So‘ngra uzr so‘ragan kabi uning qarshisida tiz cho‘kdi.
— Men sizning qulingiz...
 Qiz cho‘chib tushdi. Boshini sekin-sekin chayqadi.
— Xonim, men sizdan ketolmayman. Shuni bilasizmi?
Qiz tushundi. Ayol zotining ko‘zlaridan bo‘sa olgan kimsa undan hech ajralolmasligini esladi.  O‘sha ko‘zlarga kimsaning surati muhrlanib qolarkan... Qiz o‘zini ayol emas, daraxt, hech bo‘lmasa, yaproq deb hisoblashlarini istardi. Hozir ham ro‘parasida bosh egib o‘tirgan — U va tik turgan o‘zining holati esayotgan shamolning tortqilab ketishidan  qo‘rqqan yaproqning qalt-qalt titrashiga o‘xshardi. Bu o‘xshashlik bir muddat Qizning hushini o‘g‘irladi...
Ular daraxtzordan chiqqanlaridan so‘ng xayrlashishdi. Qiz birinchi bor uning ko‘zlariga tik qaradi, uzoq tikildi unga, so‘ng lablari so‘z aytishga chog‘lanib juftlashdi...
— Toshkent — chiroyli qiz...
— Ha, chiroyli...
Qizning kipriklariga yosh qo‘ndi. Ko‘zlari chaqnab ketdi. O, u ko‘zlarga g‘amdan ko‘ra quvonch yarashardi...
— Ayting, "Men Toshkentni yaxshi ko‘raman".
U  labida bi-ir ajoyib tabassum bilan qaytardi: "Men Toshkentni yaxshi ko‘raman".
— Ayting, "Men Toshkentni judayam yaxshi ko‘raman. Men usiz yasholmayman".
U qaytardi...
— Faqat ayting, Toshkent jodugarmi? — Negadir qizning ko‘zlariga yana g‘am cho‘kdi.
U yana tabassum qildi...
— Yo‘q, Toshkent — judayam go‘zal qiz...
Qiz bir muddat titradi. Sekingina "minnatdorman" dediyu, odamlar bilan to‘lib-toshgan ko‘cha tomon yugurib ketdi. U qizni boshqa ko‘rmadi. Uzoq qidirdi. Qiz o‘z yurtiga — bulutlar mamlakatiga singib ketdi. Nega o‘shanda uni  o‘g‘irlab ketmaganiga achindi. U faqat bir narsani bilardi: Qiz yerniki emasdi. O‘zi yashayotgan mamlakatda tug‘ilishi kerak bo‘lgan  Qiz manavi shovqin-suronli shahar, mehrlari toshdan-da qattiq odamlar orasida yurganidan hayratda edi u. Qizning yolg‘iz  daraxtlardangina panoh topgani uni ajablantirmadi. Axir Qiz odam emas. Agar odam bo‘lganda Uning tiliga tushunmasdi...
So‘ng U ketdi. Quyosh  nurida oltinday tovlangan qanotlarini yozib, uchib ketdi. Qiz uning ortidan kuzatdi. Faqat ko‘zlariga bir qatra bo‘lsin yosh kelmadi: "Toshkent — chiroyli qiz. Sen mendan, men undan ketolmaymiz. Sening ko‘zlaringdan o‘pib qolaman..."
Daraxtzorda qor hidini olgan qarg‘alar xunuk qag‘illashdi. Qizning badanida chumoli o‘rmalaganday bo‘ldi. Qo‘rqib yon-veriga qaradi. Atrofida son-sanoqsiz qarg‘alar... Ulardan biri safni yorib, oldinga o‘tdi. Ko‘zlarini qisib, kulgandek bo‘ldi. So‘ng uchib borib Qizning yonginasidagi daraxt shoxiga qo‘ndi. Qiz hamon titrar, ko‘zlari dahshatdan yanada kattalashgan edi. Qarg‘a kuch bilan Qiz tomonga otildi. Negadir bir soniya uning qarshisida to‘xtadi va odam singari ingroqqa o‘xshash ovoz chiqardi-yu, yerga quladi. Qizning ko‘zlarida uning surati bor edi. Och qarg‘alar unga tashlanishdi... Qiz ne bo‘lganini tushunolmay qoldi. Es-hushini yig‘ib olguncha bo‘lmay, tumshuqlari qonga bulangan qarg‘alar Qiz tomon otilishdi. Qiz esa bor kuchi bilan yashil xilqatlar tomon chopib ketdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.