OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shokir Abdulaziz. Hojatbaror (hajviya)

— Qizi bor uyning darvozasini shoh ham, gado ham taqillatarkan, o‘rgilay ovsin, yaxshi niyat bilan qulchilikka keldik.
— Xush kelibsizlar, qadamlaringizga hasanot, qani, ichkariga marhamat...
Semiz badanlarini yanada bo‘rttirib turgan tor atlas ko‘ylakli ayollar cho‘g‘day gilamlar to‘shalib, yangi ko‘rpachalar solingan, ularning kelishi oldindan ma’lumday, dasturxon turli noz-ne’matlar bilan tuzab qo‘yilgan salqin xonaga qadam qo‘yishdi-yu, bir-birlariga sirli qosh qoqishdi. Uy egasi opa-singildek bir-biriga juda o‘xshash bu sovchilarni qo‘li ko‘ksida tavoze bilan xushnud qarshiladi. Quda bo‘lmishning iliq munosabatini ko‘rgan sovchilar biri qo‘yib biri olib jiyanlarini maqtay ketishdi.
— Zamonning kajraftorligini qarang, ovsin, nufuzli odamlar qizimni beraman, deb bizga sovchi qo‘ydirishyapti. Biz ham anoyilardan emasmiz, ularni qo‘yib siznikiga keldik. Jiyanimiz qizingizni televizorda ko‘rgan ekan, aylanay, olsam shu qizni olaman, olmasam ham olaman deb ko‘kragini zaxga berib yotipti. Shaharda man-man deganlarning bittasi, o‘rgilay, o‘zining xususiy firmasi bor.
— Topish-tutishini aytmay qo‘ya qolay, - gapni ilib ketdi ikkinchi sovchi. — Pul uning orqasidan quvib yuradi. Shahardagi hamma odamlarning ishi unga tushsa ham o‘zi nihoyatda kamtar yigit.
— Ismi jismiga monand-da, firmasining nomi ham “Xojatbaror”.
— Kechirasizlar, kelganlaring uchun rahmat. Qiz bor uyga sovchi keladi. Biroq qizimizning ko‘ngil qo‘ygan yigiti bor ekan, shunga...
— E, parvo qilmang, ovsin, qizlar o‘zi shunaqa bo‘ladi. Mana, mening o‘zim ham bittasini kuydirib, jizg‘anagini chiqarib, boshqasiga tegib ketdim. Binoyidek yashayapman, yeganim oldimda, yemaganim orqamda. 
— Siz shunday deysiz-u, hozirgi yoshlar sevib, sevilib turmush qurishyapti. Ularning ham ko‘ngliga qarash kerak-da. Ko‘ngil qo‘ygani maktab o‘qituvchisi ekan, muhabbatlari juda samimiy. Qolaversa, dadasi ham eng yaxshi shogirdim, deb juda hurmat qiladilar. 
— Be, o‘qituvchingiz nimasi, bo‘yniga galstuk taqib, shlyapa kiyib yurgani bilan topgani u oydan bu oyga yetmaydi. Jiyanim, uning bir oyda ishlab topganini tushga qadar topadi. 
— Ha endi, gap topish-tutishda emas-da, o‘rgilaylar. Kechirasizlar, kuyov bola o‘zi nima ish bilan shug‘ullanadi, savdogarmi?!
— E, savdogar ham gapmi, aytdim-ku, unga ishi tushmagan odamning o‘zi yo‘q. Qorni og‘riganki odam o‘shanga yuguradi.
— Shifokorlarmi? 
— Shifokor bo‘lmasayam, uning oldidan hamma o‘zini yengil tortib chiqib ketadi, o‘rgilay. 
— Oldiga kirish uchun hatto navbatga turishadi, — gapni ilib ketdi ikkinchi sovchi. — Bir o‘zining to‘rtta mashinasi bor. 
— Tushunmadim, ustaxonasi bor demoqchimisiz?
— E, ustaxonani boshiga uradimi, jiyanim qo‘lini sovuq suvga urmay, o‘tirgan yerida pul topadi. Chiqimi yo‘q, turgan-bitgani kirim. Do‘ppisi tushib ketsa, yuz ming so‘m berib oldiradigan kazo-kazolar ham jiyanimning oldiga bo‘ynini qisib kelishadi. 
— Voy tavba, nima ish qiladi o‘zi?
— Pullik hojatxonaning xo‘jayini.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.