OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobirjon Jumayev. So‘zboshi (hajviya)

Mashhur olim, yozuvchi, dramaturg, san’atshunos Shonli Nomdor oppoq qoshlari va oppoq mo‘ylablarini silab, ko‘z o‘ngida derazaning ochiq darichasi sari urilayotgan tamaki dudiga termulib, qanday yengil suzarkin-a, deb xayol bilan o‘tirgan edi. U nelarni xayolidan o‘tkazayotgan edi, bir o‘ziga va Yaratganga ayon.
Shu vaqt telefon jiringlab qoldi. Xuddi eshikka qisilib qolgan sichqonday bexos va noxush jiringladi stol ustidagi bu matoh.
— Allo, — dedi Shonli Nomdor butun ahli qalam taniydigan ovoz bilan o‘ziga xos ohangda.
— Domillajon! — jo‘shqin sas keldi u tomondan, — Assalomu alaykum.
— Salom, — dedi “domillajon” bir qadar jiddiylik bilan.
— Men O‘ljaman, shoir. Sizga telefon qilishimni aytgan edim.
— Ie-ie, Olg‘ir O‘lja, inim, bormisiz, qo‘ng‘irog‘ingizni ming yildan beri kutaman-a, — domlaning chehrasi yorishib, tamaki tutgan qo‘llari-da titrabgina ketdi. Hayajondan shunday bo‘ldi, desak ham bo‘ladi, lekin odam bolasini hayajondan boshqa titratadigan gaplar ham ko‘p-da, birodar.
— Rahmat, domlajon, endi ishlar ko‘p deng. Hali qurilishimiz tugagani yo‘q edi. E, bore dedim-da ijodni ko‘r O‘lja, deb sizga qo‘ng‘iroq qilaverdim. Ha-ha.
— Yashang, ko‘p yashang, shoirim.
— Endi domlajon, siz ustozsiz, butun bir avlodning ustozisiz. Men va mening avlodim ham sizning etagingizdan tushganmiz.
— Qo‘ying-e, siz asl talantsiz. Donolar demishlarki, niyatning tashrifi o‘zi — ijod, deb.
— Domlajon, rahmat. Men bir kitob chiqarmoqchiydim, shu kitobga to‘rt yo‘lgina oq yo‘l — so‘zboshi bitib bersangiz. Shu ko‘nglim hur-hur ketadi-da sizning dono so‘zlaringizga. Siz bilan tirikmiz-ku, ustoz.
— Be, shoirim! Azizim. Bu gaplarni qo‘ysangiz-chi, — dedi ustoz o‘zigagina ma’lum va yolg‘iz o‘zi kamtarlik deb hisoblaydigan quvlik bilan, — siz Olg‘ir O‘ljasiz. Nomingizni yarim dunyo biladi, Yevroosiyoda faqat sizni o‘qishyapti hozir. Mana “Ko‘ngillar tortishishi” mukofotini ham siz oldingiz. Sizga so‘zboshi yozishga bizga yo‘l bo‘lsin.
Shonli Nomdor shunday derkan, shogirddan ginaxonlik ohangidagi maqtovlarni kutib lunjiga suv keldi. Ustoz telefon go‘shagini erkalab tutib tutarkan, o‘z tili bilan aytganda bir poetik sururga to‘lib turardi.
— Ustozim, ulug‘im!, — dedi Olg‘ir O‘lja, — siz Shonli Nomdorga shak keltirmang aslo. Aslo shak keltirmang-ki, biz kabi ahli qalam shu zotning siymosi yorug‘ida o‘tmas qalamlarimizni yo‘nib, ijod bog‘iga yo‘l olganmiz.
Telefonning ikkala tomonidan ham baravar qah-qaha yangradi, go‘shaklar kar bo‘layozdi. Bu gaplar aytuvchiga ham, tinglovchiga ham birdek yoqqandi.
— Ustoz, — davom etdi Olg‘ir O‘lja, — sizning matn ustida, matn ichida va matn tagida ishlash uslubingiz bizni hamisha hayron etgan. Ayniqsa, so‘z o‘yinlarini o‘ynatib yuborish mumkin, degan topildiq so‘zlaringiz hamon qulog‘imiz tagida.
— Shoirim, siz beshubha katta shoirsiz. Siz shunchaki, xayolkash emas, balki, jiddiy matnchi hamsiz. Sizni biz asrashimiz kerak. Men sizning 29 ta kitobingizga so‘zboshi, taqriz yozganman. Buncha qo‘ymadingiz, mayli, o‘ttizinchi durdonangizga ham so‘z bita qolay. Bu yubiley so‘zboshi bo‘ladi.
Yana ikki tomondan qattiq kulgu ko‘tarildi va bundan go‘shaklar endi rostdan ham kar bo‘lib qoldilar va bu ikki mashhuri zamonning so‘zlarini boshqa eshitmay qo‘ydilar. Qolgan gaplarni faqat o‘zlari aytdi, o‘zlari eshitdi.
— Rahmat! Ustozim, rahmat! Ulug‘imsiz mening! — Nurli O‘ljaning salobatli so‘zlaridan undovlarning oyog‘i tolib ketdi.
— Bo‘lmasa, qo‘lyozmani berib yuborasizmi yoki avvalgi kitobdagiday...
— Endi, bilasizmi ustoz, — dedi Olg‘ir O‘lja, ustozi uning boshini qashlayotganini taxmin qildi, — kitobning nomi “Dostonda osmon” bo‘ladi, kamida besh yuz bet bo‘lishi kerak.
— Bir lahza shoshmang, shoirim, kitob dostondan iboratmi?
— Yo‘q. She’rlar, she’r-ki yarqiragan satrlar. Bu asr lirikasi mezonlarini belgilab beradi.
— Shubhasiz, shoirim, shubhasiz. Unda bir taklif: kitobning nomini undagi asarlardan kelib chiqib, “Dostonda osmon” emas, “Osmonda doston” desak qanday bo‘larkin?
— E, o‘lmang, ustoz! Siz bilan tirikmiz, deyman-ku men.
— Rahmat, shoirim! Siz demak menga qo‘lyozmani yetkazasiz?
— Qo‘lyozma? Ha, qo‘lyozmami? She’rlarni hozir korrektura uchun So‘fiy Rizoga bergandim, deng, ustoz. U o‘zi hech bir dovrug‘i yo‘g‘-u, lekin barakali bola-da, qurg‘ur. Unga yuz bet asar bersangiz bas, uch yuz bet qilib qaytaradi. Siz bemalol so‘zboshini boshlayversangiz bo‘ladi.
— Yaxshi, tushunarli. Demak, kitob qachon chiqishi kerak.
— Kelgusi haftaning oxiriga. Taqdimoti undan keyingi haftada. Sizga yangi ijod namunalaridan to‘rtgina qator aytib bersam.
— Balli, barakalla. Butun vujudim quloqqa aylanib, siyohi qurimagan shoh satrlarni tinglashdan baxtiyorman.
— Hmm, ihm, — go‘shak qitirladi, —
Men! Meni qidirayapman, hey sen,
Sen kimni qidirding, hey men.
Yo‘llarning chorrahasida daraxtday
Turibman, qaramading sen...
— Oh! — deb yubordi Shonli Nomdor, bu sirayam “dod” degandagi achchiq “oh” emas, balki bir luqum totli “oh” edi, — bo‘ldi, keldi, kelayapti. Men siz bilan uzilaman, shoirim, ma’zur tutasiz meni. Qani qalam...
— Ustoz, — dedi go‘shakdan Olg‘ir O‘lja uning so‘zini bo‘lib, qachon olaman yo borayinmi?
— Yo‘q, yo‘q aslo! Men sizning elektroningizni (u elektron manzil demoqchi edi) bilaman. O‘sha-mi?
— O‘sha: O“lja @(sherbachcha) nuqta...
— To‘xta! Bo‘ldi ertalab so‘zboshi o‘sha manzilda bo‘ladi. Xayr.
— Xayr.
Aloqa uzildi. Shonli Nomdor yangi tamaki tutatdi va rostdan ham oq qog‘ozga shirillatib yoza ketdi. So‘zboshi shunday boshlangan edi:
Biz hamisha yonimizdagi (yonginamizdagi!) daholarni ko‘rmay, bilmay g‘aflatda yuramiz...
So‘zboshining davomini endi Olg‘ir O‘ljaning kitobidan o‘qiysiz, aziz o‘quvchi. Kitob kelgusi hafta nashrdan chiqadi. Muharrir So‘fiy Rizo! Adadi — sonmingta.

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.