OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Solih Yoqubov. “Eng zo‘r” latifa (hajviya)

Boshliq qo‘ng‘iroq qilganda jiringlaydigan, xodimlar unga «soqov» deb nom qo‘ygan telefon «sayraganda» xonadagilar bir-biriga xavotirlanib qarashdi. Rangi quv o‘chgan Nusratbek telefon go‘shagini asta ko‘tardi. Qabulxona kotibasining ovozi eshitildi:
— Sizni Toir Tursunovich so‘rayaptilar. Zudlik bilan huzurlariga kirar ekansiz.
Qo‘rquvdan qo‘llari qaltiragan Nusratbek hamxonalariga yuzlanib so‘radi:
— Kechagi ziyofat payti, kayf ustida biror nojo‘ya gap aytmadimmi? Ey Xudo, o‘zing asragin.
Odatdagidek pardoz-andozini joyiga qo‘ygan Nazokatxon boshliqning kayfiyati a’lo zkanini aytgandan keyin Nusratbekning yuziga qizillik yugurdi.
— Assalomu alaykum, mumkinmi xo‘jayin, yo‘qlagan zkansiz.
Xo‘jayinning odati shunday: kayfiyati yaxshi bo‘lganda hammani «xon»lab qoladi, kayfiyati xufton bo‘lib turganda esa familiyasinigina aytadi. Yo‘q, haytovur kotiba aytganidek, bugun kayfiyati yaxshi ekan. Shu bois reja bo‘limi xodimidan:
— Kayfiyatlar yaxshimi, Nusratxon? Sizni yo‘qlaganim sababi, qachon dam olishga chiqmoqchi edingiz? — deb so‘radi.
— Endi siz qachon desangiz shu kundan-da, xo‘jayin.
— Yana bir gap. Kechagi ziyofat qanday bo‘ldi, hamma xursandmi?
— Xursand bo‘lganda qandoq, o‘zingiz bosh bo‘lgan har qanday ish a’lo bo‘ladi-da. Xodimlarga topshirgan sovg‘alaringizga esa gap yo‘q. Keliningiz ham sovg‘ani uyning ko‘zga yarq etib ko‘rinadigan yeriga joylab qo‘ydi.
— Unda yaxshi, Nusratxon, — dedi Toir Tursunovich. So‘ng o‘rnidan turib, xonaning ko‘cha tomonga qaragan derazasi oldiga keldi-da:
— Yangisidan bor, eshitasizmi? — deya uzundan uzoq latifani boshladi.
Nusratbek xo‘jayinning har bir so‘zini butun a’zosi quloq bo‘lib eshitar, ikki tizzasiga qo‘lini shapatilab tinimsiz kulardi. Nihoyat Toir Tursunovich latifasini tugatdi. Nusratbek kulgidan o‘zini to‘xtatolmay boshliqqa asta yuzlandi:
— Qoyil, qoyil. Umrim bino bo‘lib bunaqa ohori to‘kilmagan latifa eshitmagan, maza qilib kulmagan edim, — deya, xushomad ila xonadan chiqib ketdi.
Xonasiga kirganda hamxonalari unga xavotirli boqishdi:
— Ha, Nusratbek, tinchlikmi? Dakki bazm bo‘ldimi?
— Nima bo‘lardi, tinchlik, — dedi xotirjam. — Yangisidan aytib berdilar. Yangi bo‘lganda ham qanaqa deng, o‘zim aytgan latifani obdon buzib aytdi: na boshi, na keti yo‘q. Buni boshqadan eshitganda o‘lay agar, yig‘lardim. Lekin, nachora, buyog‘i xo‘jayinchilik, bor mahoratimni ishga solib kulishdan boshqa choram qolmadi.
Qodirjonning qitmirligi tutib:
— Aka, gap kelganda otangni ham ayama, degan naql bor. Mabodo xushomadgo‘ylik bo‘yicha tanlov o‘tkazilsa, siz albatta g‘olib bo‘lardingiz.
— Nima demoqchisiz? Xo‘sh, siz mening o‘rnimda bo‘lganingizda nima qilardingiz? O‘zingizni qitiqlab bo‘lsayam kulishga majbur bo‘lardingiz-da.
Xullas, hamxonalar Nusratbekning uddaburonligiga qoyil qolishdi. U esa:
— Nima bo‘lsa bo‘ldi. Yangisidan eshitasizlarmi? — deb, boshqa bir latifani boshlab yubordi.
Bu payt Nazokatxon Toir Tursunovichning topshirig‘i bilan kulgining qadriga yetadigan Nusratbekka yo‘llanma so‘rab kurortlar boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qilardi...

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 46-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.