OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tilavoldi Jo‘rayev. Deraza ortida (hikoya)

“Xayriyat, akang bor, bolam...”
 Onaning vidolashuv so‘ngso‘zidan.


U o‘z joyida, choqqina xonasining derazasi oldida tashqariga boqqancha o‘tiribdi. Miq etmaydi. Miq etish qayoqda, tishsizlikdan qapishgan lablarini qimirlatishga majoli yo‘q. Tishlar ketgach, cho‘zinchoq jag‘i burniga yaqinlashib qolgan. Bujmaygan yuzini na to‘rtburchak, na dumaloq deyish qiyin. Saksondan oshib, to‘qsonga to‘qnashib qolganiga qaramay, tilla boshini sochlar tark etmadi. Birgina shu jigarrang, to‘lqinsimon, umr bo‘yi ortga taralgan qalin, baquvvat sochlar unga bevafolik qilmadi. Qizig‘i shundaki, ular mutloq rangini o‘zgartirmadi ham. Tilla bosh yelkalar orasiga cho‘kdi, iyak tepaga yopishdi, ko‘zlar qisildi, yuz chiziqlari taram-taram, chuqur ariqchalarga aylandi. Soqol oqardi, ammo soch o‘sha-o‘sha. Qoshi siyraklashdi, qaboqlaridan kipriklar to‘kilib ketdi.
Turtib chiqqan yelkalarini hamon o‘sha mundiri tark etgani yo‘q. Zarhal, salobatli pogonlar o‘rnini hozir qalin gard qoplagan. Yelkaga biron narsa tegsa yoxud urilsa, chang to‘zg‘ishi hech gap emas. Endi u ko‘chaga ham chiqa olmay qoldi. Ko‘chaga chiqish u yoqda tursin, o‘rnidan ham turolmaydi, boyaqish. Yonboshi tillasimon chiziqli, ko‘m-ko‘k shim, zarhal pogon, tilla suvli tugmalari yarqiragan mundir kiyib, keng va mahobatli prokuratura xonasida tarsillab yurishlar, to‘rdagi ming o‘y, ming xayolda yurak yutib kirib kelib o‘tirgan kimsa yuqoriga — osmonga qarasin uchun atay yuqoriltilgan, yuraklarga yanada g‘ulg‘ula tushishga mo‘ljallangan kengqanot qora stol ortida sudlarnikiday suyanchig‘i novcha stulga viqor bilan yastanib o‘tirishlar qayoqda, deysiz. Hozirgi, deraza ortidagi joyi — birgina azoi badani g‘iyqillab turadigan keksa stul. Xizmatini jon dildan o‘tab bo‘lgan bu stul keyingi paytlarda orom topgandek kam ovoz chiqarib qoldi. Kun sayin uning yuki yengillashib borayotganga o‘xshar, asov harakatlar endi bezovta qilmasdi. Biroq yomoni, ilgari u kechalari yukdan forig‘ bo‘lib, talay fursat orom topardi. Keyingi paytlarda, negadir, shundan mosuvo bo‘lgan. Ham stullik, ham karavotlik vazifasini ado etayotgan bu mo‘ysafid jihozning sheriklari ham bor, albatta. Chap tomonida, deraza raxi ostida, o‘ziga deyarli tutash jurnal xonchasi unga jondosh. Xoncha Xudo degan ekan, yuki yengil. Uning ustida bu yerga bog‘langanmi yoxud sobiq prokuror Mingbolaevning kafilini olganmi, tez-tez qadam ranjida qilib turuvchi ayol keltiradigan yeguliklar turadi, xolos. Ko‘p emas, nari borsa bir stakan sut yoki qatiq, kesilgan buxanka non bo‘laklari, bir dona almashib turuvchi meva. Va doim shu yerda turavergich choynak hamda piyola. Ayol ba’zan ovqat ham keltiradi. Mingbolaev so‘nggi paytlarda ovqatdan umuman yuz o‘girgan. Yesa yegudek jahdi bor, ammo... Chap qo‘l harakati chaqqon. Xon bilan iyagi o‘rtasida ba’zan vositachilik qilib turadi. O‘ng qo‘l esa, sholmi, nima balo, birda deraza tokchasida, birda stulning suyanchig‘iga xorg‘in osilib yotadi.
Darhaqiqat, keksa stul ilgari ko‘p dam olardi. Anchadan buyon u Mingbolaev bilan bir jismu jonga aylanib ketdi. Avvallari saharmardon ikki-uch soat g‘iyqillab, Mingbolaevni ko‘tarib turardi. Toqati toq bo‘lib, so‘nggi nafasini yutganda, u yo‘qolib qolardi. Biroz yengil nafas olgan xizmatqul stul bo‘y cho‘zib deraza orqali qarasa, ko‘kish plashini sudragan, boshiga o‘shanday tusli shlyapa qo‘ndirgan Mingbolaev ro‘parasidagi keng asfalt yo‘l bo‘yiga chiqqan, uning qirg‘oqlangan beton to‘sqichlari yoqalab, mayda odimlagancha, to‘kilib ketib borayotgan bo‘lardi. Qo‘lida eskirib, yag‘iri chiqib ketgan qalin matodan tikilgan xalta. Oldinga sal munkayib bukchaygan chol shu alfoz ko‘zdan faromush bo‘lardi. Ana shu o‘zi ixtiro qilgan chizig‘i bo‘ylab bozor qatnaydi u. Ul-bul, yemish keltiradi. Qitir-qitir yura-yura, timirskilana-timirskilana oshxonada allambalolar qiladi. Aksariyat tovush chiqarmaydi. Goho-goho o‘ziga xos, biroq tushunarsiz saslar uchadi og‘zidan. Kuch-quvvati joyida chog‘larda kuniga osh damlardi. Hamyoni ham durust bo‘lsa kerak-da, yemishi osh edi. Kechga osh damlar, ertalab, tushda uni isitib yeyaverardi. Shomga tomon yana oshga unnardi. Shunaqa edi u. O‘sha paytlar xotini, bolalari tirik edi. Xotini boshqa joyda tursa ham tez-tez kelib ketardi. O‘g‘il-qizlari, nevaralari xabar olishardi. Ularga o‘lat tegdi. Kasal tovuqlarday birin-ketin yiqilaverishdi. Dastlab o‘rtancha o‘g‘li o‘ldi. Oq qon degan baloga duchor bo‘ldi. Keyin kichigi, undan so‘ng kattasi. Endi, qizi hozirlik ko‘ra boshladi. Shunda Mingbolaevning yodiga ilgari, qachonlardir domda yonma-yon yashagan dotsent qo‘shnisi tushdi. O‘sha qo‘shnisi kech tunda va erta sahar duo o‘qib dam solaverardi. Domda “tirq” etgan tovush ham eshitilib turadi-da. Mingbolaev qo‘shnisi tabibsifat, ohangdor “kuf-suf”larini yaqqol eshitar, u esa erinmay, qiroat bilan tuya lukullaganday tovush chiqarib o‘qiyveradi. Chamasi, dotsent bolalari ustida shunday qilar, ularga dam solardi. U zamonlar “qizil davr”lar, yomon paytlar edi. Negadir, dotsent ovozini baralla qo‘yib dam solaverardi. Keyin, Mingbolaev tashqari chiqib, xizmat mashinasiga o‘tirayotganda, dotsentning ulkan sumka ko‘tarib, galstuklarni obdon taqib, tavoze bilan institutga ketayotganining guvohi bo‘lardi. Bir tomondan unga g‘ashi kelardi-yu, ammo qo‘ni-qo‘shnichilik, indamas edi. Kommunist bo‘la turib, ustiga-ustak viloyat prokurori axir, jilla qursa, g‘ashi kelardi-da. 
Bolalariga o‘lat tegib, birin-ketin bevaqt nobud bo‘lavergach, shu qo‘shni va o‘sha voqealarni esladi. Esladi-yu, ammo ahdidan qaytdi. Hayotida duoning kimsaga naf keltirganini ko‘rgan emas. Hech narsaga ishonmaydi. Ammo, oilaga yomon qiron keldi. Uchala o‘g‘ildan tashqari, qizi ham o‘tdi. Qizining birgina qizi ham o‘n sakkiz yoshida bandalikni bajo keltirdi. Kim biladi, xotini Raisa Mixaylovnaga bu ayriliqlar og‘ir keldimi yoki vaqti qazosi yetdimi, tez orada u ham ko‘z yumib ketdi. Mingbolaevu ikkita o‘g‘lidan ikki nevara qoldi. Beva kelinlaridan biri, kichik o‘g‘liniki, turmush qurib ketdi. Katta o‘g‘linikiga ham o‘lat tegdi, tobut mindi.
Mingbolaev dard yormadi. Har qanday tog‘bel odamni ham bukib qo‘yadigan, bir oila tegrasidagi bu ketma-ket falokatlar uning qaddini egdi, shekilli, bukchayib qoldi, dard bor shudu budini yeb, ichi to‘kildi qoldi. Ko‘pincha, bu g‘ayritabiiy yo‘qotishlar go‘yo qarg‘ish yanglig‘ ich-etini o‘rtasa-da, xayol arqoqlari chuvalanib, ko‘rgan-bilgan, kechgan-kechirgan, tekkan-tegmagan taqdirlaru hodisotlarga mengzalib, bu xayolot chizig‘i ayrim jo‘ngina falsafaga, hayot saboqlari natijasi o‘laroq anglashiladigan xulosalarga taqalgisi kelar, biroq Mingbolaev ularni pashsha qo‘rigandek haydab solardi. Shunda u mustabid ikki tushunchaga tayanar, billohki, hozirgilardek ikki, uch qavat uy qurgani yo‘q, qolaversa, pora olgani yo‘q. Mazkur ikki tushunchadan boshqasini o‘ylagisi kelmas, mantiq yo‘rg‘asini minvolib, to‘g‘ri o‘ylashga, rosti, yuragi betlamas, o‘rgimchak to‘riga ilinib qolishdan qo‘rqardi. Boz ustiga, aslida, bunday kezda, umr sarhisobida aytilajak so‘nggi taskin: “O‘zi kechirsin”, degan jumlaga sira tili aylanmasdi.
Shuncha yaqini qazo qilib, u boshqalardan o‘zgacharoq xulosaga keldi — hech kimga tayanish kerak emas ekan. Insonga birdan-bir tayanch oyoq ekan, xolos. Oyoqdan qolmasang bo‘lgani, qolgani bir gap bo‘lar. Ha, u oyoqdan qolmaydi, bu qarori qat’iy. Ammo... Butun hayoti shubha qilish mashqi bo‘lgan va bundan juda katta tajriba orttirgan odam — Mingbolaev uchun bu ham, albatta, shubhadan holi emas edi. Bor haqiqat haqqi-hurmati shuni ta’kidlash lozimki, shubha uning ishi edi. Shu bois uning qonida boshqa tanachalar ham hamnishin, ya’inki, u komil ishonchga ega, har qanday narsaning porloq tomonini ko‘rishga moyil edi. Balki shundan-da, shuncha jondoshi jon uzib, uning qaddi egilgan esa-da, qolgan ikki nabirasiga tayanmadi, ikki oyog‘ini o‘yladi, xolos. Xuddi shunday ham bo‘ldi. Yana nabirasining kichigi o‘ldi, o‘n uch yoshligi qoldi. Vaqtiki yetib, u ham o‘n sakkizga to‘lganda oq qon tanachadan qazo qildi. Shuning uchun ham Mingbolaev ikki oyog‘iga tayangan ekan. Oyoqlarga nisbatan o‘sha shubhasi porloq kelajakka bo‘lgan komil ishonchiga putur yetkazsa-da, u baribar, ikkilanmadi. Mana, oyoqlar uni bus-butun shu uvadasi chiqqan keksa stulga abadiy topshirdi. Stulning oyoqlari oltitaga o‘xshab qoldi, xolos. Uch yildirki, u shundoq, shu ko‘yi o‘tiribdi. Deraza ortidan kimdir, ha, haligi xotin kelib-ketib turibdi. 
Mingbolaev hozir belini ham unutgan. Bo‘yin degani-da bevafo bo‘larkan. Insonga eng fidoyisi qo‘l ekan, xolos. Qaltirasa-da, harakatini yo‘qotgani yo‘q. Unga bo‘ysunadigan birdan-bir shular qoldi. E, Xudo ko‘tarsin, yana ikkitasi bor. Ulardan biri biroz xiralashdi. Bu miya. Ikkinchisi esa, ko‘z, hali nurini yo‘qotgani yo‘q. Deraza ortini shundoqqina ko‘rib, his etib turibdi. Hayot barhayot.
Ilkis, o‘ng qo‘li yotgan deraza taxtasi titrab ketdi. Mingbolaevning ko‘zi deraza ortidagi tomoshani topdi.
Yo‘lakda cho‘zilib, uzala yotgan qizmi, ayolmi, bolami, turib o‘tirdi. Qo‘llarini olg‘a cho‘zdi. O‘tirgan ko‘yi kimgadir iltijo qilardi, chog‘i. Darhaqiqat, shunday ekan. Uch qadamcha oldinroqda yana birov turardi. Yo‘q, u ketayotgandi. Iltijo kuchaydi shekilli, u to‘xtadi. Ortiga o‘girildi. Bu payt o‘tirgan astagina oyog‘iga turib olgandi. Yigitmi, kishimi, haligi ortiga bir qadam qo‘ygan edi, oyog‘iga turgan qochganday tisarildi. Yigit burilib olg‘a yurdi. Qiz ergashdi. Yetay deb qolgan ham edi, yigit ters burilib shunaqangi musht soldiki, sho‘rlik qiz yo‘lakka uzalasiga ag‘darilib tushdi. Mingbolaevning qo‘li yana tokcha taxtasining titraganini sezdi. Tom bitgan quloqlari naq “shiliq” etgan go‘shtning tovushini eshitdi. Uzala qulamish qizning egasiz qo‘llari o‘zi istagancha ohista yiqildi. Yigit yo‘lakka ko‘ndalang cho‘zilgan tanani o‘xshatib tepdi. So‘ng yo‘lida davom etdi. Qiz yana turib, behol o‘tirdi, iltijolandi. Og‘ir qo‘zg‘olib, turishga chog‘landi. Qiynalib turdi. Gandiraklab, yigitning ortidan yurdi. Ular ko‘rinmay qolishdi. Mingbolaev stulga qattiqroq tayanib oldi.

Farg‘ona
© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.