background
logotype

Zoir Ziyo. «Sizga bo‘lmaydi» (hajviya)

Tasodifan kiyimlar do‘koniga kirib qolib, ko‘zim sinfdosh do‘ctim G‘aybullaga tushib qoldi. «Obbo, – dedim o‘z-o‘zimga. — Qani, avval bir chekkadan kuzatay-chi, bu tushmagur savdoni qanday qoyillatayotgankin?». Uning xaridor bilan gap-so‘zi eshitiladigan darajada yurib borib, quloq tutdim.
– Endi ustoz, bu kamzul o‘zi juda zo‘r, chetniki. Koreyaniki, ammo, – bir xaridorga, bir kamzulga qarab, gapida davom etdi. – Terisi yaxshi, risoladagidek ishlangan. Hozir hamma domlalar shunaqasini kiyadi.
Yoshi oltmishlarni qoralagan, do‘ppisini biroz qiyshaytirib kiygan xaridor:
– Xo‘sh, – dedi do‘stimning ko‘zlaridan ko‘zini uzmay. – Yana...
Do‘stim qo‘lidagi kamzulga qayta-qayta qarab:
– Tugmalari ham chakkimas. Uning ustiga “zamogi” ham baquvvat. Tikilishiga gap yo‘q, fabrichniy. Xo‘sh, kompaniyasining nomi ham taniqli. Biz bu kompaniyaning molini ikki-uch yildan beri sotamiz, hali biron mijozimiz nolib kelmagan.
– Xullas, kiysa bo‘ladi, – dedi,— lekin...
– Yana nima? – hayron bo‘ldi mijoz.
– To‘g‘risini aytsam, sizga to‘g‘ri kelmaydi.
– Iya, – deya qulochini yoyib yubordi mijoz. – Nega bo‘lmaydi?
– Sizga tushmadi, aka, sizga bundan ham durustrog‘i kerak. Siz anavi g‘o‘dayib yurgan domlalardan yuqoriroqsiz, ustoz, – deya bir sirni fosh qilayotgandek deyarli qu-log‘iga shivirlab gapirdi. – Sizbopi kelganda bir chekkaga olib qo‘yaman, xotiringiz jam bo‘lsin.
– Shuyam bo‘laverardi, – dedi «ustozi».
– Aytyapman-ku, bundan ham yaxshi tikilganlari bor. O‘shanisidan olib beraman. Bu, sizga bo‘lmaydi.
Xaridor yelim qog‘ozda changallab turgan bir bog‘lam pulini noiloj kostyumining ichki cho‘ntagiga soldi va do‘stimdan nari ketarkan:
– Qachon xabar olay, – dedi.
– Bo‘sh vaqtingizdami yo ishdan keyinmi? – dedi chaynalgannamo. – Yaxshisi, telefon qilib qo‘yarman. Menda telefoningiz bor...
Endigina unga yaqin bormoqchi edim, boshqa bir mendan chaqqonroq yoshgina yi-git harakat qilib, do‘stimni gapga tutdi:
– Aka, menga kurtka kerak. Tanlab berolmaysizmi? Iloji bo‘lsa yaxshisi, tozasidan bo‘lsin.
Yoqamni ushlab qoldim, odatda xaridorlar, yaxshisi, ammo arzonrog‘idan, deguvchi edi. Bunisi esa,..
– Bugun uchrashuvmi? – dedi do‘stim unga boshdan-oyoq razm solib. – Dodasidan bor-da ukam. Qaynonasi ko‘rsin, qaynotasi kuysini bizda. Buni ko‘rgan quda tomonlar ham to‘yni tezlatib yuborishadi. Faqat, bir shartimiz bor...
– Ie, qanaqa shart, – «kuyovbola»ning kapalagi uchdi. – Tushunmadim.
– Kompaniyaning sharti bu, kiyim bir kiyilsa, undan keyin boshqa odam kiya ol-maydigan bo‘lib qoladi.
– Shunaqasi ham bo‘larkanmi?
– He, zamondan ja orqada qolgansizlar-da, – dedi do‘stim bo‘sh kelmay. – Bu kiyim boshqa odamga keyin hech yarashmaydi. Nima desamikin, birinchi kiygan odamiga, egasiga o‘rganib qolib, boshqa odamda yomon bo‘lib turadi. Tushundingizmi? Birov uni keyin itiga ham kiydirmaydi. Shuning uchun...
– Nima qilishim kerak. Mana, pulini beraman-ku.
– Italyanskiy ximchistka pulini ham qo‘shib olishim kerak.
– Nima ximchistkaga?
– Mabodo qaytarib olib kelsangiz, uni boshqadan yuvib, quritib, o‘zidek qilib, joyiga ilib qo‘yish uchun.
– Men uni...
– Bilaman, sizga yoqqani bilan biror dono chiqib, hafsalangizni pir qilib, undoq ekan, bundoq ekan, desa, yo qimmatga olib qo‘yibsan, desa, yo sal katta ekan, sal kichik ekan, senga yopishib turmayapti, desa, burningizni tortib kelasiz, to‘g‘rimi? Shuning uchun ximchistkaning ham pulini olib qolsak, birov uni yangiday xarid qilaveradi sizga o‘xshab.
– Bu hali ximchistkaga tushganmi?
– Bunisi hali tushmagan, ammo sizdan qaytib kelsa, tushmay qayoqqa boradi. Ana, ko‘pi shunaqa, ximchistkani obod qilishgan.
Bo‘lg‘usi kuyovbolaning tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib, nari ketdi. Yoshgina, qilpillama juvon meni turtib o‘tib, peshtaxtaga deyarli yotib oldi. G‘aybulla esa go‘yo ko‘r-magandek, sezmagandek unga yaqin borib:
– Singlim, molingiz odamni sharmanda qildi, – dedi boshini chayqab. – Meni yer qilib yubordi-ya, yer! Do‘konimizga ikkinchi bunaqa mol ko‘tarib kelmang...
– Voy, nima bo‘ldi? – dedi taltayib turgan juvon darrov sergak tortib. – Qanaqa qip sizni sharmanda qiladi?
– Upakovkadagi, yap-yangi kostyum-shimning cho‘ntagidan zajigalka chiqdi. Uyam ichi bo‘shagan ekan, yangi bo‘lganida kompaniyaning sovg‘asi deb bo‘sh aravani quruq olib qochardim. Bu nima degani, bilasizmi? Ko‘rilgan zararni kim endi qoplab beradi?
– Qanaqa zarar?
– Odamlar endi kiyimlarning cho‘ntagini kavlab, u yoq-bu yog‘ini ag‘darib, keyin kiyib ko‘rishayapti. Upakovkadagi yap-yangi kiyimlarni ham hurmati bir pul bo‘ldi. Shuning uchun xo‘jayin, mol olib kelgan o‘sha odamning bu yerdan qadamini uzdir, deyaptilar. Molini berib yubor, deyaptilar.
– Erim chekmaydi. Qaerdan, qanday zajigalka?
– Men solib qo‘ymagandirman har holda, – bo‘sh kelmadi G‘aybulla. – Xullas...
– Biror o‘rtog‘iniki qolib ketgandir-da.
– Menga tushuntirib o‘tirmang, vaqtim yo‘q. Xo‘sh?
– Menda pul yo‘q, mayli hech bo‘lmasa yarim puliga o‘tkazib bering! Iltimos, akajon. Yana uch-to‘rtta mana shunaqa importniy, toza kiyimlar bor edi...
– Hozir bizda ham ortiqcha pul yo‘q.
– Voy, pulini sotib bo‘lgandan keyin bersangiz ham mayli... Mana...
Juvon ko‘chaga otilib chiqdi-da, tashqarida turgan mashinasidan bir bo‘xcha olib, peshtaxtaga qo‘ydi va qisqagina xayr-xo‘sh qilarkan:
– Narxini o‘zingiz belgilarsiz, men sizga ishonaman, – degancha ortiga qaramay, chiqib ketdi.
Shundan keyingina do‘stimning oldiga borib:
– Horma, – dedim. – Mijozlar charchatib qo‘ymayaptimi?
– O‘zlarining laqillaganini bilmay, meni laqillatmoqchi bo‘lishadi, – dedi ham kulib, ham ko‘zlarini ayyorona qisib men bilan quchoq ochib ko‘risharkan. – Kelganing zap yaxshi bo‘ldi-da, yur, sal narida shinamgina oshxona bor, o‘sha yerda ozgina oshqozonni aldab olamiz. Men hozir do‘konni qulflayman.
G‘aybulla oshxonaga doimiy mijoz ekan, shekilli, Anorasi choy olib keldi, Gulbahori «zakaznoy» sho‘rva, Shodivoy kabob degandek...
– Esimdan chiqib qolmasdan so‘ray, – dedim uni savolga tutib. – Boyagi amakiga molni maqtab-maqtab, ammo nega sotmading?
– E, u amaki bir narsa olsa, to‘rt marta qaytib keladi. Tanib qolganman.
– Bo‘lmasa nega maqtading?
– Ie, kasbim bu. Mol yaxshi bo‘lganidan keyin maqtab maza qilasan.
– Kuyovbolani xafa qilib yuborganingchi?
– O‘z tili bilan aytib turibdi-ku, eng qimmatini, tozasini deb...
– Nima qipti, shunday desa?
– Bu degani, u meni sotuvchidan ijarachiga aylantirmoqchi bo‘layapti.
– Bu nima deganing?
– Uchrashuvga bugun unisini, ertaga bunisini kiyib chiqmoqchi. Garantiya beraman, ertaga «Aka, shuni sal kichikrog‘i yoki kattarog‘idan yo‘qmi?» deb kirardi. Kelinbolaga ming ohangda ko‘rinmoqchilar-da, tannozlardan battar. Chunki o‘ziga yaxshi mol sotib olmoqchi bo‘lgan odam og‘ir, bosiq bo‘ladi. Bunga o‘xshab, tomga chiqib olib gapirmaydiyam.
– Yaxshi, yana bir narsa...
– Hm, anavi shippakmi?
– Bergan kiyimingizdan zajigalka chiqdi, dedingmi?
– O‘zi hech narsa chiqqani yo‘q, molining narxini tushirish uchun jo‘rttaga shunaqa dedim. Indamasam, narxini juda osmonga olib chiqib qo‘yyapti, shunga bir boplay, de-dim.
– Erining kiyimlari, yo‘q ekanmi eri?
– Nega gapga tushunmaysan, bularning eri bir kechalik. Basharalariga tuzukroq qaramabsan-da, yuzlari qora kesak bo‘lib ketgan-ku. Figuralarini aytmasa, hech narsalari qolmagan bisotlarida. Bu tulkilar bir kechada necha sho‘rlik «kuyovbola»larni mast qilib qo‘yib, uxlab qolganlarida kiyimlari tuzukroq bo‘lsa, yangi bo‘lsa, yechinti-rib ham oladilar. Avvallari bozorga berib yuborardilar, yaqin-yaqindan do‘konga ham olib keladigan bo‘lishgan.
– Egasi qidirib kelmaydimi bu juvonnikiga?
– Qiziqmisan, oilali, bola-chaqali qaysi erkak militsiyaga murojaat qiladi? Nima deydi, o‘ynashimnikida tunab qoluvdim, deydimi? Bilasan-u, baliqlar o‘z nafslaridan ilinadilar, deb.
– Baribir mol o‘g‘irlik-da.
– O‘g‘irlikmas, to‘g‘rilik bu. O‘sha boshqaga yanglishib o‘tib qolgan molni haqiqiy egasiga topshiramiz. Tushunding? Molda nima ayb, axir tirikchiligimiz shuning ustidan bo‘lgandan keyin. Harakat qilasan-da. Bo‘pti, boshqa gaplardan gaplashaylik...
Men G‘aybullajon sohasi bo‘yicha katta tajriba orttirganini ko‘rib, qoyil qoldim. Psixolog bo‘lib ketibdi-ya, dilimdagini bexos tilimga chiqarib yuboribman.
– Bu ishda hayotning o‘zi psixolog qilib qo‘yadi, do‘stim. Atrofga teranroq razm sol, pulning ketidan quvma, ishning ketidan quv, pul o‘zi seni dovdirab-sovdirab qidirib yuradi.
– Anoyi mijozlaringga o‘xshab-a...
Do‘stimga bu kinoyam yoqmadi, shekilli:
– Ovqatga qara, sovub qoladi, – deya menga bir boqib, iljayib qo‘ydi.

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.