OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

To‘lqin Hayit. Odamning yaxshisi (hikoya)

Tut shoxlari chirsillab yonib, quyuq qora tutun tun qo‘yniga singiydi, uzoq-uzoqlardan goho otning pishqirib kishnagani, goho qo‘y-qo‘zilarning ma’rashi quloqqa chalinadi, yonginangizda chirildoqlar chirillab, yoshlik pallalarini, ajib tuyg‘ularni, issiq yoz oqshomlarini yodga soladi. Bunday paytlarda odam degani hardamxayol bo‘lib, o‘tgan zavqli damlarini qumsaydi..
Adabiyot o‘qituvchisi Pardaev tamaki tutatayotgan sherigi Sodiq attorning cho‘tir yuzida lop-lop o‘ynayotgan olov shu’lasiga boqarkan, shu damda hamisha qalampirnusxa do‘ppi kiyib yuradigan g‘o‘ndalak Kamtar Kamolovni esladi. O‘shanda ham, ya’ni o‘sha yoz oqshomida ham xuddi shunday tutun yonida, faqat unda choyxonada, kabobpazdan o‘n qadamcha berida mana shu Sodiq attor bilan suhbatlashib o‘tirgandi: o‘shanda ham ot kishnashi eshitilgan, chirildoqlar quloqni qomatga keltirib, yoshligidagi yoz pallasini yodga solgandi. Dili tabiatga yaqin kishi emasmi, o‘tgan yili qo‘shnisi daryo bo‘yidagi hovlisini sotamanga tushganda, darhol xaridor bo‘lib, qarz-havola qilib, mo‘lgina joyni qo‘lga kiritdi. O‘n besh sotixli quling o‘rgilsin yer: olmazor-u shaftolizor, ikki xonali uycha, bir ayvon, yana nima kerak?! Darsdan chiqib, tug‘ri shu yoqqa keladi. Zamon ekan, havo telefoni ham bor, o‘ylab topganning otasiga rahmat, uyga qo‘ng‘iroq qilib, hovliga o‘tyapman desa, bas, xotini yo qizi biror yegulik tayyorlab keladi. Do‘st-yorlari ham kelib-ketib turishadi. “Hormang” deyishib. Shu bahona o‘zi ham ko‘ngil yozadi, dam oladi. Bugun Sodiq attor keldi. Yaxshi odam. Do‘konda gazeta sotadi. Chekishini hisobga olmaganda, boshqa zararli odati yo‘q. Suhbatni ham qiyivoradi, tag‘in kayfiyatingga karab gapiradi, mabodo suhbat joningga tekkani ko‘rsa, xayrni nasiya qilgancha jo‘nab qoladi.
Gurros shamol esdi. Sodiq attor qo‘lidagi tamakisini olovga tashladi:
— Shu qurg‘urdan qutulaman deb sira uddasidan chiqolmayapman!
Pardaev yo‘liga gapirgandek dedi:
— Sizda iroda kuchli, albatta tashlab yuborasiz! — dedi.
— Boltaev ham shunaqa dedi.
— Boltaev bilan ko‘rishdingizmi?
— Nimaydi?
— Haliyam meni yomon odam deb yuribdimi?!
Sodiq attorning qoramag‘iz yuzini olov qizil tillari bilan yolqinlantirdi.
— Tavbasiga tayanibdi! Uyi kuygandan so‘ng... dediki, men shu odamning dilini og‘rishiga sababchi bo‘ldim. Xonavayron bo‘lganim ham shundan, dedi.
— Shunaqa dedimi?
— Shunaqa dedi! — Sodiq attor sherigining g‘amgin tortgan nigohiga qaradi. — Aslida nima bo‘lgan edi?
Boltaev ham ona tili muallimi edi. Sal pulga o‘chrok emasmi, hidini oldimi, darsni ham tashlab ketar, “Pardaev, bizning darsni ham eplab turing!” deb iltimos qilar va bu iltimoslarning sira keti uzilmasdi. Boltaev maktabni tashlab, o‘zini bozorga urdi. “Zamon o‘zgardi, odam ham o‘zgarishi kerak, udda qiling, topib yeng” deydigan bo‘lib qoldi. Xotinini ham bog‘chadan olib, bozorga qo‘ydi. O‘g‘liga bir do‘kon ochib berdi. Sal o‘tmay dang‘illama uy qurdi, oradan bir yil o‘tib, mashina oldi.
Pardaev undan qutulganiga shukr qildi, ammo uning kundan-kunga kuchayib borayotganini ko‘rib, “tavba, xudo beraman” desa, hech gap emas ekan-da, deya goho hasad ham qildi. Odamning ichida hasad yashaydi, sal erk bersang yuragingni chaynab tashlaydi. Nazarida, u hammadan orqada qolayotgandek edi. Haqiqatan ham u “ortda qolmoqda” edi.
Pardaevga o‘xshaganlar oylik bilan qo‘l uchida tirikchilik qilishar, Boltaevning tili bilan aytganda, “o‘zi bilan o‘zi ” bo‘lib qolgandek edi. Ana shunday paytlarda Pardaev tutaqib ketar, ammo g‘azabini ichiga yutardi. Bir gal Boltaev uni uyiga chaqirdi. Eski qadrdon bir yo‘qlabdi, deb qosh qoqmay bordi. Unikiga bu yaqin orada kelmagan edi. Baland qo‘ng‘ir darvoza, marmar devor, ostonaga qora marmar terilgan. Shunisi o‘tirmabdi, hech zamonda ostonaga ham qora marmar yotqizadilarmi? Ostona — pok joy, unga faqat oqlik yarashadi. U ichkari kirdi. Qo‘g‘irchoqdek hovli. Marmar yo‘lak to‘rdagi ikki qavatli dang‘illama uyga olib boradi. Boltaev zinada ekan, uni ko‘rib, shoshilmay shippagini kiydi va xuddi o‘shanday shoshilmay pastga tushib, Pardaevning yetib kelishini kutib turdi. Biror amaldor bo‘lganda chopib kelardi. U kim bo‘libdi, nari borsa, bir muallim-da. Pardaev ichidan zil ketib, o‘sal bo‘lgan bo‘lsa-da, siniq holatini sezdirmaslikka harakat qilib, oshnasi bilan iliq so‘rashgan bo‘ldi. So‘ngra unga boshdan-oyoq razm soldi va mensimay qo‘l uzatdi:
— Oshna, yaxshimisiz? Qani, oyoqni yeching, kiring! Mana, bu yerda umivalnik, qo‘l yuvib olishingiz mumkin.
Eski oshnasi bu gapni to‘g‘ri ma’noda aytgandir, ammo “umivalnik”ni ko‘rsatgani unga chinakamiga alam qildi. Nima, u biror marta qo‘l yuvmagan edimi?
Pardaev qo‘lini iliqqina suvda emas, kerosinda yuvgandek, g‘ijinib chaydi va behudaga kelibman, deb yana o‘kindi. Ichkari kirdilar: uzun koridor, yerga qizgish gilam solingan. Tillorang derazali to‘q jigarrang yaltiroq eshikdan keng zalga o‘tdilar. To‘rda katta ekranli televizor, shisha tagkursida bir emas, ikkita radiokarnay. Shiftda tillorang qandil. O‘rtada jigarrang stol va stullar. Pardaevga bir nima yetishmaganday ko‘rindi. Oliftalik bor, lekin fayz yo‘q. Yetishmagan narsa — shu! U zarhoshiyali stullarda o‘tirgan ikki mehmonga salom berdi. Mehmonlardan biri, tepakal, semiz yuz notanish kishi, egniga so‘nggi moddadagi yo‘l-yo‘l ko‘ylak kiygan. Ikkinchisi, qorni semiz rais, sobiq xujalikning sobiq raisi, laqabi ham rais. Pardaev ular bilan qo‘l olib ko‘rishgach, tillo hoshiyali yumshoq o‘rindiqqa og‘ir cho‘kdi, go‘yo tikonning ustiga o‘tirgandek ich-ichidan og‘rindi. Boltaev behudaga chaqirmaganini sezib, kelmasam bo‘larkan, deya pushaymon qildi. Alam qilgan joyi, ularning ikkisi xam uni mensimay sovuq qarshi oldi, semiz yuzning ko‘z qarashi yoqmadi, rais esa miyig‘ida tirjaygancha qo‘l uzatdi. «Pardaev siz ham bormisiz?» degandek edi nazarida. Raisning o‘g‘li yengil mashinada keladi, daryo ko‘ziga yomon ko‘rinadi. Qaysi kuni yaxshilab tergagan edi, ertasi daryoga kelmadi. O‘shandan buyon qorasini ko‘rsatmaydi. Balki hozir shuni muhokama qilgani chaqirgandir.
Stol usti noz-ne’matga to‘la: afrika bananidan tortib, eron xandon pista, olmasigacha bor. Pardaev burnini jiyirdi. Odamlar qalbakilikka ko‘nikib borishyapi: eron olmasining ham, xandon pistasining ham ta’mi yo‘q, baribir o‘zimiznikiga yetmaydi. U Samarqand nonlariga ko‘z tikdi, bunisiga gap yo‘q.
Boltaev uning oldiga paxta gulli taqsimcha, tillo sanchqi qo‘yarkan:
— Qani, oling, odamning yaxshisi! — dedi yarim hazil, muloyim ohangda va mehmonga ishora qilib, uni tanishtirdi. — Bu kishi tanishimiz Mannop aka, katta biznesmen, Malayziyada ham do‘konlari bor. Semiz yuz ma’nodor jilmayib, bosh irg‘adi. Boltaev Pardaevning oldidagi billur qadahni olib, «Podshoh» vinosidan to‘latdi-da, uning oldiga qo‘ydi:
— Oling, oshna! — U raisga yaltoqlanib qaradi. — Qani, rais aka, bir shirin qilib -bering!
Rais qadahni ko‘tarib, uzoq so‘z aytdi: avval mehmonni xo‘b o‘xshatib maqtadi, uning Toshkentda bir emas, ikkita dang‘illama hovlisi borligini, u bir hafta mehmon bo‘lib, frantsuz liftida chiqib-tushganini, uchinchi qavatda sauna qilib, bilyard o‘ynaganini ham zavq bilan gapirdi.
Pardaev o‘zining suvoqlari tushgan ko‘rimsiz uyini, tob tashlagan derazalarini ko‘z oldiga keltirdi-yu, uyalgandek bo‘ynini qisdi. Biznikini ko‘rsa, tovuq katak deb kuladi shekilli!
Rais gapini tugatgach, «Qani, sizdan bo‘lsin!» deya mehmonning og‘ziga tikildi. Mannop aka kuvacha lablarini cho‘chchaytirib, bir ho‘plam oldi:
— Jigarning mazasi yo‘q! — dedi keyin yuzini burishtirib, — do‘xtirlar ichmang, faqat suyuq ovqat ichib yuring, deyishgan. Hamma narsa bor-u, sog‘liq yo‘q, davleniya ham boshga urib turibdi.
Rais bir ko‘tarishda qadahni bo‘shatdi:
— Do‘xtirlar g‘irt vahimachi bo‘lishadi, — u tillo sanchqiga bir bo‘lak bananni ilib oldi, — Mana, bizdi buyrakda ham tosh bor. Bir tabibga uchrovdim, tushirib yuboraman deyapti, do‘xtirlar esa operatsiya qilmasa bo‘lmaydi, deydi.
Boltaev uning gapini ilib ketdi:
— Do‘xtirlar vahima qilib turmasa, mulla jiringni kim beradi ularga!
Qah-qah kulishdi.
Pardaev boshini, belini ushladi, xudoga shukr, soppa-sog‘, to‘rt muchasi joyida.
Mannop aka ko‘k choy so‘radi:
— Bizdi xotinning ham davleniyasi bor... Ko‘k choy yaxshi-da, odamni yozadi... Qaysi kuni ikki yuzga chiqib ketdi, deng. O‘lib qoladimi, deb qo‘rqqan edim, yo‘q, har tugul turib ketdi.
Pardaev bog‘chada oshpaz bo‘lib ishlaydigan oriq, lekin chaqqon, uddaburron xotinini, tikuvchilik qilayotgan suqsurday qizini ko‘z oldiga keltirdi: ikkisi ham sog‘lom, ko‘z tegmasin, hali biror marta biror joyim og‘riyapti, deb shikoyat qilishmagan, shikoyat qilishmasin ham.
Boltaev qadahlarni to‘ldirdi.
Mannop aka Pardaevga g‘alati boqdi:
— Olmayapsiz, ma’lim?
— Man ichmayman, janoblar! — javob qildi u shartakilik bilan.
 — Yaxshi odam bir xo‘p, bir xo‘p olib turadi-da! Pardaev chayon chaqqandek, og‘ir to‘lg‘andi:
— Shuni ichib yaxshi bo‘lgandan ko‘ra, yomon odam bo‘lib yurganim yaxshi. Boltaev gapni hazilga burdi:
— Oshnam yomon odam, Mannop aka, ichmaydilar, chekmaydilar... yurmaydilar...He-he...
Rais piq kuldi, Mannop aka esa semiz qornini silkitib-silkitib hiringlagancha:
— Odamning yaxshisi deb behudaga aytishmas ekan! — dedi oppoq ro‘molcha bilan ko‘zlarini aritib. Uning bu gapida piching ham, g‘araz ham, istehzo ham qorishgan edi. Tirjaygancha raisga qararkan, davom etdi:
— Bitta tarixchi oshnam bor, juda bilimdon, o‘sha aytib bergandi. Qadim zamonda saroy xizmatkorlariga sizday kishilarni olisharkan! He-he...
Pardaev uning pichingini tushundi. Qadimda saroy xizmatkorlarini bichib qo‘yishganini o‘zi ham biladi. Kimsan Pardaevni-ya! Shu raisi ham uning qo‘lida o‘qigan.
Boltaev vaziyatni yumshatish uchun yana oraga suqildi.
— Oshnam, haqiqatan ham odamning yaxshisi, Mannop aka! — dedi beg‘araz ohangda, “odamning yaxshisi” deya qayta ta’kidlashi hech kimning ko‘ngliga botmadi, hatto Pardaevning o‘ziga ham. — Xullas, bizning bivshiy partner — janob Pardaev odamning shunday yaxshisiki, hatto yaxshi o‘qisin deb raisning o‘g‘lini ham qiynab turadilar.
Mannop akaning do‘rdoq lablari qiyshayib, tillo tishlari xira tortdi:
— Ko‘rpaga qarab oyoq uzating-da, o‘rtoq Pardaev! Bolani qiynashning keragi yo‘q: siz besh qo‘ydingiz nima-yu, ikki qo‘ydingiz nima, hozir buning ahamiyati bormi?.. Hecham-da, hozir hamma masalani “ko‘ki” hal qiladi. Mana, bizdi o‘g‘il institutni bitirdi, tagida mashina, bir korxona boshlig‘i, umrim bo‘yi kitob ushlaganini ko‘rgan emasman!
— Uning biror kasali yo‘qmi? — so‘radi Pardaev xiyol kulimsirab. Mannop aka bunday ochiq savolni kutmagan edi, yuzi qizarib, ko‘zi xotinlarnikidek beo‘xshov jilpingladi.
— Yo‘q, kasal emas, lekin erka o‘stirganim rost, uylanmayman, deb qiynab yuribdi! — dedi suvdan quruq chiqish uchun.
Rais unga qovogini uydi:
— Domla, hamma tan oladi, haqiqatan siz odamning yaxshisisiz! Keling, o‘zingizni ham qiynamang, bizni ham. Daryo bo‘yidagi hovlingizni Mannop akaga soting, xohlasangiz, bitta qora “mers” sizniki! Kecha joyingizni ko‘rgan edik, mehmon akamizga yoqib qolibdi. Dacha qilaman, deyaptilar!
Pardaevning ko‘z o‘ngida rais bilan Boltaevning niqobi yirtildi. Shuning uchun chaqirishgan ekan-da! Maqsadni qarang! Kelib-kelib, shu bir parcha yer ularning ko‘ziga tushibdimi?
Boltaev uning yelkasini siladi:
— Yo‘q, demang, oshna! Bu ham bir kelgan baxt! Shu bahona yangamga, qizingizga yangi ish topilib, qo‘yningiz mulla jiringga to‘lib qolsa...
Pardaevning qovoq-tumshug‘i osildi, o‘tirgan joyida o‘zini omonat sezdi.
— Otam hech qachon yer sotma, deganlar! — dedi u vazmin, ammo biroz titroqli ovozda, — Men omonatga xiyonat qilolmayman!
Mannop aka qornini silkitib xixiladi:
—  Malim, bilsayiz, biz shu bahona sizga yordam bermoqchimiz, qachongacha sudralib yurasiz, orqa tog‘ingiz bo‘lsak yomonmi?
— Mani orqa tog‘im sizlardan yuz barobar odil va yuz barobar zo‘r!
Rais bu gapga kulimsirab beixtiyor kekirib yubordi.
— Bilmagan ekanman! O‘shaning uchun bizdi toychoqni qiynar ekansiz-da!
Pardaev alanga oldi:
— Sizning toychog‘ingiz masalasiga kelsak, unga biz to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishimiz kerak, sizga o‘xshaganlar, janob rais, yosh bolalarni buzayapsizlar. Kim qo‘yibdi o‘quvchiga mashina minishni. Avval u oq-qorani tanisin, pul topishning qadriga yetsin!
Rais zarda bilan qo‘lidagi qadahni to‘ntardi:
—O‘g‘limning sizga og‘irligi tushayotgani yo‘q.
— To‘g‘ri, og‘irligi tushayotgani yo‘q! — dedi Pardaev samimiy ohangda qizishmasdan. — Lekin bolalar uchun biz mas’ulmiz. Ertamiz shularga bog‘liq ekan, men hech qachon o‘z yo‘limdan chekinmayman. Shu kasb egasiman, shu kasbni ardoqlayman, vazifamni halol ado etaman. Xudoga shukr, topganim yetib turibdi, kamchil joyim yo‘q!
— Bu odam qip-qizil devona ekan-ku! — dedi Mannop aka jig‘ibiyron bo‘lib. — E, namuncha osmondan kelmasang!
Davraga go‘yo bir sovuq oqim yopirilib kirdi. Mannop akaning o‘zi ham, rais ham, hatto Pardaev ham allaqanday junjikkandek, bo‘yinlarini ichiga tortib, so‘roqdek bukchayishdi.
Pardaev qo‘lini fotihaga ochdi:
— Omin, bergan tuzlaringga rozi bo‘linglar! Yaxshi kunlarda uchrashaylik!
Boltaev hay-haylagancha o‘rnidan qo‘zgaldi:
— Yaxshi ish qilmadingiz, oshna!
Pardaev unga qo‘lini uzatdi:
— Biz boshqa-boshqa odamlarmiz, janob Boltaev, siz o‘zga yo‘lni tanlabsiz, omadingizni bersin!

* * *
Pardaev hikoyasini tugatib, bilinar-bilinmas xo‘rsindi.
— Ko‘ngil — xudoning uyi, odam judayam og‘rinmasligi kerak ekan, deb o‘ylayman. Mannop aka yo‘lda avariyaga uchrab olamdan o‘tdi, rais kasalxonada yotibdi. Boltaev undan ellik ming ko‘kidan qarz olgan ekan, uyi bilan yonib ketdi. Yuragi yomon bo‘lib, u ham kasalxonada.
Sodiq attor:
— Beraridan qo‘ymasin! —dedi.
Darvoza ochilib, Pardaevning xotini bilan qizi kirdi. Xotinining qo‘lida termos, katta oq tugun, qizining qo‘lida ola tarvuz.
Xotini chuvak yuz, istarasi issiq ayol salom berib, tugunni taxta karavot ustiga qo‘ydi:
— Dadasi, ovqat sal kech qoldi.
Pardaev jilmaydi va:
— Ovqatning kech qolgani yaxshi bo‘ldi, — dedi o‘smoqchilab, — yomon odam edik, endi bitimiz to‘kilib, yaxshiga aylanamiz!
Sodiq attor pixillab kuldi.
Pardaev hech nima tushunmagan xotini va qiziga ma’nodor qaradi. Qizining qo‘lidan tarvuzni olarkan, iyib ketib:
— Yasha-a, ona qizim, asal qizim, dadangga ovqatdan so‘ng tarvuz xush yoqishini bilasan-a! — dedi shod va ko‘tarinki ohangda. Shu asnoda Sodiq attorga qarab kinoya qildi. — Men yomon odamman!
— Siz dunyodagi eng yaxshi otasiz! — dedi qizi va yuzidan cho‘lp o‘pdi..
Sodiq attor yana pixillab kuldi. O‘tin chirsilladi, uzoqdan otning kishnashi eshitildi, daryo esa mayin shovullamoqda edi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 31-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.